OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shahlo Hoshimova. Kutish (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShahlo Hoshimova
Asar nomiKutish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shahlo Hoshimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kutish (hikoya)
Shahlo Hoshimova

Oʻttiz yillik qadrdoni bilan uchrashish maqsadida Komil N. shahriga bir kun oldin uchib keldi. Aeroportdan taksi tutib doʻsti ta’kidlagan mehmonxona nomini aytganida, taksi tezgina olib kelib qoʻydi.

Mehmonxona koʻp qavatli boʻlib, shaharning qoq markazida joylashgan ekan. Komil yuqori qavatning xonalaridan biriga joylashib, chiroyli va koʻrkam shaharni uzoq tomosha qildi.

Iyun oyi emasmi, havo ertalabdan issiq va dim.

Komil shaharni aylanish maqsadida mehmonxonadan chiqdi. Tirband tor yoʻlaklardan oʻtib, keng, serqatnov yoʻlda uzoq yurdi. Yana qaysidir yoʻllarga oʻtib, kelgan yoʻlini unutdi. Ammo taksiga oʻtirib mehmonxonaga qaytish imkoniyati borligi uni hech narsadan choʻchitmasdi. Bir mahal xuddi oʻzining mahallasiga oʻxshagan mahallaga kirib qoldi. Tartib bilan qurilgan uylar, keng, ravon, toza va ozoda koʻchalar, uning bu shaharda musofir ekanligini ham biroz boʻlsa-da xotirasidan koʻtardi.

«Odamzod hamma joyda garchi tili, irqi, zamoni boshqa boʻlsa-da, bir xil tirikchilik qiladi. Quyosh nuridan bahra olib, tabiat manzaralaridan zavqlanadi. Sevadi, seviladi, xiyonat qiladi, alda-nadi... kichkinagina yuragiga hamma his-tuygʻuni joylashtirib, qisqagina umrida barchasini boshidan kechiradi. Ammo hayotni anglagan vaqtda oʻlim unga yuzma-yuz kelgan boʻladi...» Komil shunday oʻylar girdobida borar ekan, ortidagi qaysidir temir eshik qattiq sharaqlab ochildi. Undan ayol kishining yurakka ogʻir botadigan nolaga oʻxshash alamli qichqirigʻi eshitildi. Nima boʻldi ekan-a, deb Komil ortiga qayrilganida, unga tomon shu eshikdan chiqib kelayotgan baland boʻyli, qora shim, kul rang koʻylak, kul rang shlyapa kiyib boshini xam qilib kelayotgan kishini koʻrib, yoʻlini davom ettirishga majbur boʻldi.

«Tanimagan, bilmagan odamni eshigi oldida toʻxtatish noqulay... ammo nimadir boʻldi shu xona-donda», deya qoshlarini chimirgancha oʻylanib boraverdi Komil.

Hali soat ertalabki oʻndan oshmagan boʻlsa-da, kun juda isib ketgan. Saraton quyoshi atrof-muhitni oʻz hukmiga buysundirib olgandi. Oftob tigʻidan hech kim qarshisiga tik qaray olmasdi. Komil ichkari koʻchalarni ancha aylanib chiqdi. Endi katta koʻchaga amallab chiqib olsa, taksi toʻxtatib toʻgʻri mehmonxonaga boradi. Shu alfozda uni bir narsa oʻylantirib turardi. Haligi eshikdan chiqqan notanish kimsa uning ortidan soyadek ergashib kelardi. Vaziyatni aniqlash maqsadida Komil mehmonxonaga qaytish fikrini oʻzgartib, yana ixtiyorini yoʻlning yoʻnalishiga topshirdi. U katta yoʻlni kesib oʻtib, ikki qavatli imoratlar orasidagi kichkina yoʻlakchaga kirib oldi. Haligi notanish hamroh ham uning harakatini takrorlab, boshini xam qilgancha ortidan ergashib kela boshladi. «Bu yogʻi qiziq boʻldi-yu, begona yurtda tanimagan odam hamroh boʻlib olsa. Yoʻq, buni hamroh deb ham boʻlmaydi... U meni ortimdan kuzatib kelmoqda. Ammo nima uchun bu tarzda oshkora... axir koʻr ham sezadi-ku uning bu tarzdagi ergashishini. Hozir toʻxtab, mendan nima istashini soʻrayman», deya Komil turgan joyida toʻxtab ortiga qayrildi. Kutilmaganda haligi kimsa ham beorlarcha toʻxtab ortiga qayrildi. Komil unga tomon bir-ikki qadam tashlagan edi, u ham oldinga intildi. Qiziq, juda ham qiziq.

Baland boʻyli bu kimsa juda ham ozgʻin boʻlib, shlyapani bostirib kiyganidan uning yuzi koʻrinmasdi. Haligi kishi sekin oldinga yura boshladi. Komil biroz ergashgan kishi boʻldi-da, «Ortimdan ergashsa ergashibdi. Nima, men favqulodda bir odammidimki, yurgan yoʻlimni kimgadir bersam yoki bir millionermidimki, oʻzimning soyamdan oʻzim qoʻrqib yashasam», deb qoʻydi. Komil ortiga qayrilib yoʻlida davom etar ekan, «aslida hech narsasi yoʻq va hech narsaga qodir boʻlmagan kishi juda qoʻrqoq va hammaga hisobot berib yashaydi», deya miyigʻida kulib qoʻydi.

Komil chamasi bir soatcha yangi-yangi koʻchalardan yurib charchadi.

«Sen ham charchadingmi?» deya oʻzicha ichida «hamrohi»dan soʻrab qoʻydi. Notanish hamroh esa hamon boshi egilgancha uning ortidan ergashib kelardi. Komil binolar orasidan yurib bolalar maydonchasidan chiqib qoldi.

Vaqt tushga yaqinlashganligi sababli maydonchada hech kim koʻrinmaydi. Atrof jimjit. Quyosh yerni qizdirgandan qizdirmoqda.

Komil oʻzidagi charchoqni his qilib, maydoncha chetida, daraxt soyasida joylashgan oʻrindiqlardan biriga borib oʻtirdi. Notanish hamroh ham boshini oldingidan ham battarroq egib oʻrindiqning bir chekkasiga omonatgina oʻrnashib oldi.

«Qiziq, hech boʻlmasa qilayotgan ishidan ozgina noqulaylik ham sezmaydi-ya... Ha, bu hayotda odamzod ongi hazm qila olmaydigan jumboqlar juda koʻp», deya oʻyladi u baland chinorga tikilgancha.

– Chanqadim, ertalab nonushta qilmaganligim uchun qornim ham ochib ketdi. Sen ham qorning ochib, chanqadingmi? – deya yana odatdagidek ichida hamrohidan soʻradi Komil. – Yoki mening sabrim qay darajada ekanligini bilishni istaysanmi... Men juda sabrli odamman. Hayotda hech narsani birinchi boʻlib boshlamayman. Hamisha kutaman. Gohida yuragim toʻxtab qolishini ham kutaman. Toʻgʻrisini aytsam, menda bu holat juda koʻp boʻladi. Ba’zida hamma narsalardan toʻyib ketaman, odamlarni umuman koʻrgim kelmay qoladi. Chunki koʻpincha ularni koʻz qarashlaridan nimani oʻylashi, nima haqida gapirishlarini bilaman. Ammo ularni hamisha jimgina eshitishga majburman. Ayniqsa ahmoq boshliqni – siz aqllisiz, – deya u bilan birgalikda ishlash yoki uning bir chaqaga arzimaydigan hayot falsafasini ma’qullab oʻtirish qanchalik ogʻirligini bilsayding?.. Ba’zida hammasini basharasiga aytib, saviyasi past odam ekanligini isbotlab, kreslosidan irgʻitib, ishxonadan chiqib ketging keladi. Ammo nima oʻzgaradi? Ayanchlisi, hech kim, hatto doʻstlaring ham seni tu-shunmaydi. Balki tushunar... buning qanday ahamiyati bor. Biroq yomon tomoni – tirikchilik uchun undan ham battarroq boshliq bilan ishlashga majbur boʻlasan.

– Birda, unda hali endi oliygohni tugallab kelgan edim. Kutilmaganda yaxshi ish taklif qilib qolishdi. Xursand boʻlib ish boshladim. Adashmasam bir oylar ishlaganimdan soʻng boshliq xonasiga chaqirib qoʻlingdagi hujjatlaringni shunday qilginki, toʻrtni toʻrtga qoʻshsa besh boʻlsin, deb qoldi, men unga hayron boʻlib qaragan edim: «Men senga mana shu qalam osmonda uchadi desam sen ham uni uchadi, deb aytasan, tushunarlimi?» dedi menga qisiq koʻzlarini battarroq qisib. Oldiniga ancha vaqt oʻylanib yurdim, hisob-kitob aniqlik talab qiladi. Axir bu siyosat emas-ku bir narsani oʻn xil yoʻl bilan yechimini topsang.

Shu voqeadan bir oz vaqt oʻtgach boshliq oʻrinbosari bilan suhbatlashib turganimizda men unga «mana shu qalam osmonda uchadi», dedim. U esa koʻzlarini katta-katta qilib «issigʻing yoʻqmi?»– deya savol berdi. Men ham boʻsh kelmasdan buni menga boshliq aytdi, dedim. U boʻlsa hech ikkilanmasdan boshliq aytgan boʻlsa uchadi, faqat pastroq uchadi dedi jiddiy ohangda.

Ana shunaqa, doʻstim. Bu hayotda har toifa boshliqlarga hisobchi boʻlib, kutishni oʻrgandim. Chunki oʻzim uchun bundan oʻzga chorani qidirib topolmadim.

Bu safar kutishni istamadim. Doʻstim bilan uchrashishni oʻzim taklif qildim. Sababi birinchidan u ayol kishi, ikkinchidan esa bu ayol meni necha yillardan beri oʻziga ohanrabodek tortib kelmoqda. Ammo men bu ayolni ayolligi uchun emas, uni ich-ichimga yashiringan, hatto oʻzimga ham sirli ravishda koʻrinadigan noma’lum bir qiyofamga oʻxshataman. Ertaga uchrashganimdan soʻng, balkim, uning tashqi koʻrinishi shu kungacha boʻlgan xayollarimni tarqatib yuborar... Toʻgʻrirogʻi, ana shun-dan qoʻrqib shu vaqtgacha uchrashishni ortga tashlab keldim. Ammo shu vaqt davomida uning oʻzi ham men bilan uchrashishga intilgani yoʻq.

– Mana endi yoningda nima uchun oʻtirganligimni tushungandirsan. Sen boʻlsang bemaqsad ortimdan ergashib yuribsan.

Men oddiy bir idora hisobchisiman, umrim birovlarning pulini sanash bilan oʻtdi. Gohida oʻyla-nib qolaman, arzimagan mana shu qogʻozlar odamzodni turli qiyofaga kiritib, hayotining asosiy mazmuniga aylanib qoladi.

Sening kasbing nima? – Komil odatdagidek hamrohiga ovoz chiqarmasdan savol berdi-da, uni oshkora kuzata boshladi. Ozgʻindan kelgan bu kishi, qirra burun, kipriklari qalin va qop-qora boʻlib, qirq beshlarda edi. U boshini bir oz koʻtarib, roʻparasida nimagadir burgut qarash qilib, nimanidir oʻylab oʻtirardi. – Axir men bir oddiy musofir boʻlsam, bu yerda hech kimni tanimasam, hatto hozir qaysi manzilda oʻtirganligimni ham bilmasam, nega menga bunchalik yopishib olding? Mendan nima istaysan? Ochiq aytsang, oʻzing ham biroz yengillashasan... – deya Komil ichida oʻziga oʻzi gapirib, xoʻrsinib qoʻydi. Atrof jimjit, quyosh tikka koʻtarilgan, kun qizigandan qizib borardi.

Maydonchada hech kim koʻrinmaydi. Hamma issiqdan uyiga berkinib olgandi.

Ulardan bir oz narida bolalar oʻynab-oʻynab tashlab ketgan teshik charm toʻp issiqning zoʻridan hid chiqarmoqda edi. Komil oʻrnidan turib toʻpni bir tepdi. Toʻp dumalab suvsiz ariqchaga tushib ketdi. Uning bu harakatini kuzatib oʻtirgan hamrohining yuzi qilt etmadi. Ularning nigohlari bir-biriga toʻqnash kelgan boʻlsa-da, notanish kishi koʻzlarini hattoki pirpiratmasdan oʻsha-oʻsha Komilga burgut qarash qilib oʻtiraverdi.

– Tavba, odam ham shunchalik surbet boʻladimi? – deya Komil undan koʻzini olib qochdi. – Juda gʻalati odam ekan. Agar hozir ketsam ortimdan ergasharmikin? ... aniq ortimdan ergashadi. Qarashidagi surbetligidan mendan ayrilgisi yoʻq.

Komil joyiga oʻtirar ekan, uni suhbatga tortmoqchi boʻldi. Nima deb gap boshlasam ekan, deya oʻylanib turganida, notanish hamrohi goʻyo sen bilan gaplashadigan gapim yoʻq degandek, yuziga shlyapasini bostirgancha boshini oʻrindiqning orqa suyanchigʻiga tashladi. Bu holatdan Komilning jahli chiqqan boʻlsa-da, soʻng oʻzini qoʻlga olib, mehmonxonada nima ham qilaman, uchrashuvim ertaga boʻlsa, u yerda oʻtirdim nimayu bu yerda oʻtirdim nima. Toʻgʻri, u yer salqin, suv ichish, biron narsa yeb olish ham mumkin. Umuman olganda bu yer ham unchalik yomon joy emas. Nima, sahroning oʻrtasimidiki, issiqdan, suvsizlikdan nolisam. Qolaversa yolgʻiz emasman. Hamrohim ham chanqagan, yana issiqdan yuzini ham berkitib oldi.

Bu hayotni sabr bilan yengish kerak, mayliga sabr yurakni, umrni egovlasin. Baribir nima boʻlganda ham eng toʻgʻri yoʻl – kutish, – deya Komil ogʻir xoʻrsindi. Soʻngra hamrohiga qarab shu yerdan birinchi boʻlib ketishingni kutaman, deya pichirladi. Bu vaqtda quyosh gʻarbga oldingidan biroz yonboshlagan boʻlsa-da, ammo uning tafti hali qaytmagan, ayniqsa shaharda hamma joy beton emasmi, kun qizigandan qizirdi.

Komilni issiq ilitib koʻzi ilindi. Tushida katta bir shaharga mehmonga borgan emish. U yerda uni bir qadrdoni kutib olibdi. Ular uzoq suhbatlashganlaridan soʻng, uning qandaydir bir bedavo dardi xususida maslahat qila boshlabdi. Qadrdoni uni shahardagi eng zoʻr ruhiy kasallarni davolaydigan tabibga olib borishini aytibdi. Ular yoʻlga tushishibdi. Yoʻl balchiq emish. Yoʻlning ikki chetida har xil mashinalar loyga botib yotgan emish. Komil dunyodagi eng katta shaharning yoʻllari shunaqangi balchiqligidan hayron boʻlib borayotsa: – Nima boʻlsa ham bu yerda adashib qolma, – deya, oʻrtogʻi uning qoʻlidan mahkam ushlab olibdi. – Agar adashib qolsam nima boʻladi? – deb soʻrabdi Komil oʻrtogʻidan. Oʻrtogʻi unga shunaqangi sovuq nigoh tashlabdiki, bundan Komilning eti uvishib ketibdi. – Bu yerda adashsang toʻgʻri qabristonga kirib qolasan. Soʻngra men senga hech qachon yordam bera olmayman. Shuning uchun atrofga e’tibor bermasdan meni mahkam ushlab ol, – debdi. Shu vaqt qattiq shamol koʻtarilib atrofdagi yalangʻoch chinorlarni ildizi bilan qoʻporib tashlabdi.

Komilning koʻziga nimadir kirdi. Bir qoʻli bilan olib tashlayman, deya harakatlangan vaqtda nimagadir borib urilib, yiqilib, oʻrtogʻining qoʻli qoʻlidan chiqib ketibdi. Uning ortidan qaray desa, koʻzlariga nimadir kirgan, qoʻllari esa balchiqqa botgan holda uzoq oʻtiribdi.

– Baribir oʻlar edim-ku, nima qilardim oʻzimga shunchalik azob berib. Kim bu dunyo bilan xayrlashgisi kelardi, qolaversa hali yosh boʻlsam. Koʻzguga bir koʻz tashlagin, yoshligingni bilasan. Vaqt qushdek uchadi. Hech narsaga ulgura olmay qolasan. Ulgurgan vaqtingda ham hammasi tamom boʻlgani alam qiladi kishiga.

Koʻngil esa qarimaydi. Hayotdan nimanidir izlashni bas qilmaydi. Tinchingni, halovatingni oʻgʻirlaydi. Unga quloq solmaslik lozim, ammo hidoyat yoʻlini ham ugina biladi, xolos, deya oʻziga oʻzi qarama-qarshi fikr bildirib tursa, koʻzlari yoshlanib, yoshlanib, soʻngra koʻra boshladi. Bu ham Xudoning karomati, agar har tomonlama Komilga nur yetishmaganda u tushkun kayfiyatda boʻlishi mumkin edi. Mana, uning koʻzlari koʻrmoqda, unga yana nima kerak? Agar shu vaziyatda ham pessimist boʻlsa bu uning yengiltabiat ekanligini bildiradi. Nima boʻlganda ham yashash kerak... faqatgina oldinga intilish lozim. Shu soʻzlarini oʻziga-oʻzi ta’kidlab Komil oʻrnidan dast turdiyu yonida, ogʻzi-quloqlarigacha balchiqqa botgan, ikki-uch yoshlar chamasidagi yigʻlayotgan bolakayni koʻrib eti junjikib ketdi. U bolani balchiqdan koʻtarib olib, iflos qoʻllari bilan uning koʻzlari atrofini tozaladi. Bolachaning katta-katta, qop-qora koʻzlaridan tinimsiz yosh oqardi.

Komil uni bagʻriga mahkam bosgancha onasini axtara boshladi.

Shovqin-suron avjida, atrofda tashlandiq bolalar juda koʻp boʻlib, ba’zilar ogʻziga balchiq qoplanib qachonlardir jon taslim qilgan, qolganlari esa jon talvasasida edi. Kattalar esa bir-birlarini turtkilab bolalarni bosib-yanchib oldinga qarab yugurishardi. Bolalarning ayanchli, qoʻrquvdan yigʻ-layotgan ovozi, erkaklarning soʻkinishi, ayollarning shangʻillashi, atrofning balchiqligi, yana qaerdadir suvning shildirashi, bagʻridagi bolaning yigʻlab undan non soʻrashi Komilning yuragini ich-ichidan ezib yubordi. U bolachani yana ham mahkamroq bagʻriga bosib balchiqqa bulanib oldinga intilar ekan, Komil bu shaharga nimaga kelganini ham unutib, atrofidagi goʻdaklarning birini yelkasiga, birini boʻyniga, birini bagʻriga bosganicha bir joyda choʻkkalagancha, qop-qora balchiqqa bulanib, ovozi boricha ularga qoʻshilib yigʻladi. Bu uning erkak boʻlib birinchi uvvos tortib yigʻlashi edi.

* * *

Komil oʻziga kelganida, quyosh tafti oldingidan ancha qaytgan, maydonchada bolalar shovqin solib oʻynashmoqda edi. Ularning yonidagi oʻrindiqlarda esa, shu atrofdagi koʻp qavatli uylarda yashovchi ayollar oʻrnashib olib kimnidir gʻiybat qilishmoqda. Qaerdadir unga noma’lum boʻlgan bir qush choʻzib-choʻzib sayrab, qotib qolgan boʻgʻiq havoni toʻzgʻitmoqda edi.

Komil koʻzini ochishi bilan roʻparasida sochi uzun yelim qoʻgʻirchoqni oʻynab oʻtirgan chamasi uch yoshlar bolaga koʻzi tushdi. U shunday hayrat bilan Komilga termulib oʻtirardiki, bundan u tushida yigʻlaganligini bola ham sezganligini bildi. Bola biroz Komilga qarab oʻylanib turgach, qoʻlidagi qoʻgʻirchoqni uning oldiga kelib, qovogʻini uygancha Komilga uzatdi. U hayron boʻlib, qoʻgʻirchoqni qoʻliga oldi. Bola esa shunday qilishi kerakdek ayollar oldiga yugurib ketdi. Komil nima qilarini bilmasdan malla soch yelim qoʻgʻirchoqqa termulib oʻtirib, soʻng hamrohiga qaradi. U ham odatdagidek kiprigi pir-piramasdan surbetlarcha qarab turardi.

– Bu nima qiliq, nega u menga bunchalik yopishib oldi. Tavba, odam ham odamga shunaqangi yomon qaraydimi? – koʻrgan tushidan yuragi ezilib oʻtirgan Komil hamrohining sovuq nigohidan figʻoni falakka chiqib ketdi. – Mendan nima istaysan, gapir?

Notanish kishi esa hech narsani eshitmagandek yuzini Komilga teskari qildi. Komil shart oʻrnidan turdi. Hamrohi ham oʻrnidan turib Komilga goʻyo nima qilay degandek, baqrayib tikilib turdi. Komil nimanidir oʻylab yana joyiga oʻtirdi. Notanish kishi ham indamasdan oʻrindiqqa choʻkdi. U roʻparasidagi maydonchada ikki jamoa boʻlib olishib toʻp surayotgan turli yoshdagi bolalarning oʻyinini tomosha qila boshladi.

Bolalar turli yoshda boʻlib, gavdalari ham turlicha: biri ozgʻin, biri novcha, yana birlari baqaloq edi. Ikki jamoa darvozasini ham koʻrinishdan nimjon, yoshi ham jamoadoshlariga nisbatan ancha kichikroq bolalar qoʻriqlab turishardi. Toʻp darvozadan oʻtib ketsa jamoadagi bolalar ularga ovozlari boricha baqirishar, soʻkishar, ba’zida tepkilab ham olishardi. Darvozabon esa bu safar sezgirroq boʻlishga harakat kilar, ammo foydasiz edi. Ajablanarlisi shundaki, darvozabonlar shuncha haqoratga ham indamasdan bardosh berib, oʻyinni davom ettirar, ularga faqat futboldan chiqarib yuborishmasalar bas edi.

Komil bolalarning oʻyinini kuzatib oʻtirib, oʻzining ham bolaligi yodiga tushdi. Bir vaqtlar oʻzi ham katta bolalar bilan futbol oʻynashni yoqtirardi. Ammo ular Komilni faqat darvozaga qoʻyishardi. Komil ham xuddi shu bolalar singari qanchalik hushyor boʻlsa-da, toʻpni darvozadan oʻtkazib yuborar, jamoadoshlaridan soʻkish eshitar, ba’zida oʻyindan chiqarib ham yuborishardi. Shularni oʻylab miyigʻida kulib qoʻydi.

Notanish hamroh yuziga shlyapasini bostirib, boshini oʻrindiq suyanchigʻiga tashlagancha uxlamoqda edi. Komil yonidagi odam uxlayotganini sezib, oʻrnidan turib ketib qolgisi keldi, ammo, nimagadir hamrohining uxlab yotganidan foydalanib qochib ketgisi kelmadi. – Biron-bir maqsadi bordirki, ertalabdan buyon ortimdan ergashib yuribdi. Agar hozir ketib qolsam uning harakati jumboqligicha qolib ketadi, – deya Komil sabr qilib oʻtirdi.

Havo juda yoqimli, mayin shabada esmoqda. Kimlardir shoshilib ishdan qaytmoqda, yana kimlardir pardoz-andoz qilib, qaergadir ketmoqda. Maydoncha esa bolalar bilan band. Atrofdagi oʻrindiqlarga erkaklar-ayollar oʻrnashib olib, kimdir bahslashmoqda, kimdir shaxmat oʻynamoqda, yana kimlardir hammani kuzatib xayol surib oʻtiribdi. Komil odamlarning koʻpligidan vaqt allamahal boʻlib qolganligini ham sezmay qoldi. Yonidagi hamrohi esa yuziga shlyapasini tashlagancha hamon uxlamoqda edi. «Hoy doʻstim, kechasi kim uxlaydi? Koʻzingni och, odamlarga e’tibor ber, hamma oʻz tashvishi bilan band. Faqat sen nima qilayotganingni bilmasdan, bemaqsad, oʻzingni ham, meni ham qiynamoqdasan. Kel, undan koʻra mana shu huzurbaxsh havoda samimiy suhbatlashaylik, bir-birimizni yaqindan bilib olamiz. Sen ham oʻzingni qiynab yurgan dardlaringni ayt, men ham oʻylanib oʻtirgan javobsiz savollarimni aytay...» Shu vaqtgacha hamrohining yoniga kalta boʻyli, toʻlachadan kelgan koʻzlari besaranjom kishi kelib joyni torligiga qaramasdan tiqilib oʻtirdi. Komil u kishining bu harakatidan bir oz taajjublandi. Chunki bu paytda odamlar uy-uylariga tarqagan, oʻrindiqlar esa boʻshab qolgandi.

Komil bilan hamrohining orasida yana bir kishi oʻtirsa boʻladigan joy bor edi. U bu kishining maqsadi yomonligini sezgach, hech narsadan bexabar hamrohiga yaqinroq surilib, uni uygʻotmoqchi boʻldi-yu, nimagadir bu ishi oʻziga ma’qul kelmadi. Avvalambor, Komil hamrohining hatto ismini ham bilmaydi, qolaversa, ular orasidagi joy ularning bir-biriga mutlaqo begona ekanligini yaqqol koʻrsatib turardi. Notanish kishi Komilga shunday yerqarash qilib tikilardiki, u boshini koʻtarib hamrohiga qaray olmasdi. Komil oʻzini bu shaharda mutlaqo musofir ekanligini, musofirlik esa qanchalar nochorlik ekanligini ich-ichidan his qilib turardi. Begona kishi hech narsadan choʻchimasdan, xotirjam hamrohining choʻntaklarini kavlashtirib nimalarnidir oldi. Soʻngra unga oshkora mensimasdan tikilib, oʻrnidan turib maydonchani kesib oʻtgancha koʻpqavatli uylar orasiga kirib koʻzdan yoʻqoldi.

Komil qisqa vaqt oraligʻida boʻlib oʻtgan voqeadan karaxt boʻlib bir muddat oʻtirib, oʻziga kelib olgach hamrohiga nazar tashladi. U esa dunyo bexabar yuziga shlyapasini yopib, boshini oʻrindiq orqa suyanchigʻiga tashlagancha uxlab yotardi. Tavba, shunaqangi ham gʻalati odam boʻladimi, bor budini kimdir shilib ketsa-yu, hech narsani sezmasa. Yoki sezib tursa-da indamadimikan? Yoʻq, sezib indamasligi mumkin emas. Ammo kissavurning harakatini ham bilmasligi mumkin emas.

Vaqt allamahal boʻlib odamlar uy-uylariga tarqalishgan, hammayoq jim-jit, ulardan ozroq nari-dagi oʻrindiqda ikki yosh bir-birlariga chirmashib oʻtirib olgan. Komil kutishni bas qilib oʻrnidan turdi. Uni uyiga kuzatib qoʻyaman-da, oʻzim mehmonxonaga qaytaman. Yoʻlda bir-birimiz bilan tanishib olarmiz, oʻshanda, kissavur haqida aytarman.

Komil hamrohini tashlab keta olmasligini sezib: – Hoy oʻrtoq, tur oʻrningdan, uyingga kuzatib qoʻymoqchiman, koʻzingni och, vaqt ham ancha kech boʻlib qoldi. Atrofingga bir qara, hech kim qolmadi. Hamma uyquga kirdi. Uyingdagilar ham kutib qolgandir, – dedi. Komil hamrohining qimirlamasdan oʻtirishini koʻrib: – Oʻzi ham oʻlikka oʻxshab uxlaydi shekilli, – deya, uning yoniga oʻtirib sekin bilagidan turtkilamoqchi boʻlganida, bilagining muzdekligidan sakrab oʻrnidan turdi. Turgan joyida yuzini berkitib turgan shlyapasiga qarab biroz oʻylanib turgach, shlyapasini koʻtardi. Notanish hamrohining koʻzlari yumuq, ogʻzi esa qiyshayib ochilib qolgandi. Kunduzi e’tibor berganida hamrohining qosh-koʻzlari tim qora edi, hozir esa sargʻaygan, hatto terisi ham sargʻayib ketgandek edi. Komil nima qilarini bilmasdan qoʻlida shlyapa bilan biroz unga termulib turdi. Soʻngra uning yuzini qaytadan yopib, «qachon ulgura qolding?» – deya sekingina pichirladi oʻziga-oʻzi.

Bir oz parishonlikdan soʻng narida bir-biriga chirmashib yotgan yoshlar oldiga borib tomoq qirib yoʻtaldi. Yigit boshini koʻtarib «nima istaysan» degandek baqraydi. Yigit negadir unga achinish bilan qaradi:

– Hoy boboy, oʻzing bir kelgindi boʻlsang, qolaversa uni mutlaqo tanimasang, nima qilasan boshingni achitib? Hozir militsiyaga borib boʻlgan voqeani aytib bersang, ular senga rahmat aytishmaydi. Birinchi boʻlib oʻzingni tergov qila boshlaydi. Nima, senga shu kerakmi? Qolaversa, hozir zamon oʻzgarmoqda, hamma senga oʻxshab koʻchadagi oʻliklarga hayratlanib oʻtirsa dunyoda rivojlanish boʻladimi? Nima qilibdi, oʻlsa oʻlibdi... Hov ana narigi oʻrindiqda ham bittasi oʻlib yotibdi, bilmadim, balki mastdir. Ammo bu yer senga katta shahar. Ular bilan shugʻullanadigan maxsus odamlar bor. Qoʻy, boshingni achitma, bor, yoʻlingdan qolma.

Yigit yuzini ters burib sochi toʻzib yotgan «qoʻgʻirchogʻ»ini quchoqlab hiringlay boshladi.

Komil nima qilarini bilmasdan negadir yana hamrohi yoniga borib uzoq oʻtirdi. Soʻngra yuragida nimadir ildiz-pildizi bilan gursillab qulaganini sezib oʻrnidan turdi. Mana, bemaqsad kutish nihoyat, tugadi, deya sekin oʻziga-oʻzi pichirladi. Vaqt esa allamahal boʻlsa-da, koʻp qavatli uylarning ortidagi katta yoʻldan bitta-bitta mashina qatnamoqda. Komil oʻsha tomonga qarab borar ekan, yoʻlida uchragan hayvon, qush, odam murdalariga qarab, bular bilan shugʻullanadigan maxsus odamlar bor, dunyo rivojlanmoqda, deya oʻyladi.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.