OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShahodat Isaxonova
Asar nomiKatta «A», kichkina «a» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Shahodat Isaxonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Katta «A», kichkina «a» (hikoya)
Shahodat Isaxonova

U mushtchalari bilan koʻzlarini ishqarkan, choʻzib xomuza tortdi, ogʻzidan beixtiyor «a-a-a» degan mudroq aralash ovoz chiqib ketdi. Yonida oʻtirgan sariq sochli puchuq qizaloq kaftlarini labiga bosganicha, piq etib kuldi. Orqaroqdan kimdir unga oʻxshatib «a-a-a» deya atay takrorladi. Doskaga nimadir yozayotgan oriqqina, koʻzoynakli opa orqasiga oʻgirildi, xoʻmrayib qoʻydi. U qoʻrqib ketdi va xuddi koʻzoynakli opa hozir uning ovozidan tanib yoniga keladigandek, oldingi partada oʻtirgan bolaning panasiga yashirindi. Lekin opa joyidan qimirlamadi. Oʻtirganlarga birma-bir razm soldi-da, yana ishini davom ettirdi. Yozib boʻlgach, bolalarga qarab, tushuntira boshladi:
— Bu katta «A», bu kichkina «a»...

«Bogʻcha opa boʻlganda albatta tanirdi, — deb oʻyladi u ichida, — keyin kelardi-da, qulogʻimdan choʻzib burchakka turgʻazib qoʻyardi. Koʻzoynakli opa esa tanimadi. Yoʻq, koʻzoynakli opa emas, otini qiziq qilib aytgan edi. Mu... mula... E-e, «bogʻcha opa» deyish oson edi, bogʻchaga — bogʻcha, opaga — opa. Nega ularning otini «maktab opa» qoʻyishmagan? Maktabga — maktab, apaga — opa boʻlardi. Aytishga ham oson edi».

Koʻzoynakli opa qoʻlidagi boʻrni doskadagi harflarga taq-taq urganicha hamon bir gapni takrorlardi:
— Bu katta «A», bu kichkina «a»...

«Unisi katta «A», bunisi kichkina «a»... Shuni yuz marta qaytarish shartmi?» Koʻzimni yumib ham aytishim mumkin: Unisi katta «A», bunisi kichkina «a»... E e...»

Xayollari chuvalasha boshladi. Yana bogʻchasi, oppoq toʻshakli karavotchasi va har narsaga tanbeh beraveradigan dum-dumaloq bogʻcha opasi koʻz oldida gavdalandi. Bogʻcha opasini «Boʻgʻirsoq» deyishardi. Lekin bu nomni unga bolalar qoʻyishmagan. Birinchi boʻlib Nigoraning ayasi aytgan. Nimaningdir ustida aytishib qolishganda: «Tekin ovqatni yeganing uchun boʻgʻirsokday semirgansan-da, ichi poʻk boʻgʻirsoq», degan. Gapi toʻgʻri. Rostdan ham bogʻchada ovqat tekin edi. Bu yerda esa pulga berisharkan. Koʻzoynakli opa ham shuning uchun oriq boʻlsa kerak-da!..
— Qani, takrorlanglar-chi: bunisi katta «A», bunisi kichkina «a». Chiyildoq, badand-past ovozlardan quloklari bitib qolayozdi. Yonidagi puchuq qiz «Sen takrorlamaysanmi?», degandek, turtib qoʻydi. Uning takrorlagisi kelmadi. Kaftlari bilan quloqlarini bekitgancha koʻzoynakli opa va bolalarni kuzata boshladi. «Vuy, rosa qiziq! Xuddi ovozsiz kinodagiga oʻxsharkan. Qoʻllari, lablari, koʻzlari qimirlaydi-yu, lekin nima deyishayotganini bilib boʻlmaydi». Kaftlarini sal ochgan edi, undan ham qiziq boʻldi. Quloqlari xuddi ari uyasiga oʻxshab gʻuvillab ketdi.
— Ey, Qodirov! Sen nega takrorlamayapsan?

U koʻzoynakli opaning nima deganini eshitmagan boʻlsa-da, oʻzi tomon kelayotganini koʻrib qoʻrqib ketdi va darhol qoʻllarini quloqlaridan olib, qotib qoldi.
— Nega sen takrorlamayapsan, a Qodirov! Yo buning senga dahli yoʻqmi? U oʻrnidan sakrab turib, shosha-pisha chiyilladi:
— Unisi katta «A», bunisi kichkina «a».
— Qaysi biri katta «A?» Unisimi, bunisi? — Koʻz oynakpi opa orqasi bilan yurgancha doska yoniga bordi-da, stoldan uzun koʻrsatkich tayoqni olib, shakllardan biriga tegizdi: — Qaysi biri kattasi?

«Qaysi biri edi? Unisi... yoʻq, bunisi... Yoʻq, kattasi katta boʻladi-da. Anavi boʻyi uzuni — kattasi!»
— Birinchisi kagta «A», ikkinchisi kichkina «a», — dedi koʻzoynakli opaga xavotirlik bilan moʻltirab.
— Yaxshi, Qodirov! Oʻtir joyingga. Diqqating bir joyda boʻlsin!

U atrofga magʻrur koʻz tashlab, joyiga oʻtirdi. Yonidagi puchuq qizga: «Koʻrdingmi?», degandek mamnun qarab qoʻydi. Qizcha unga havas bilan boqdi.

Lekin lahza oʻtmay, uni yana esnoq tutib, koʻz oldida gʻalati halqachalar paydo boʻla boshladi. «Bir, ikki, uch...», deya halqachadarni sanashga kirishganda ular shu qadar koʻpayib ketishdiki, oʻntaga yetganda adashib qoldi. Bolalar, sinf, doska va partalar ayqash-uyqash boʻlib, xira pardaga chulgʻandi. Koʻzoynakli opaning ingichka ovozi uzoqdan kelayotgan mayin bir kuydek vujudini allalay boshladi. Bogʻchada maza edi. Ovqat yeyishardi, oʻynashardi, uxlashardi — shu. Bu yerda esa nuqul qoʻngʻiroq chalishadi — Oʻqishadi, nuqul qoʻngʻiroq chalishadi — Oʻqishadi...

U qalqib ketdi. Bu safar sariq sochli qizning jahli chiqdi shekilli, koʻzoynakli opaga imlab, «Ey, uxlama, oʻlasan!», deb shivirladi. Uning lablari javobga shaylandi-yu, ammo gap topolmay kalovlandi. «Koʻzoynakli opa koʻrib qolmadimikan?», degan hadik bilan u tomonga qararkan, kallasiga bir fikr keldi.
— Bogʻcha opa! — deya sekin qoʻlini koʻtardi. — Yozilib kelsam maylimi? Koʻzoynakli opa orqasiga oʻgirilib, bolalarga birma-bir alanglarkan, unga koʻzi tushib, shu tomon yoʻnaldi.
— Avvalo, Qodirov, men senga «bogʻcha opa» emasman, muallima opaman! Ikkinchidan... — U koʻzoynagi ostidan sinchkovlik bilan tikilarkan, negadir bir lahza jim qoldi, soʻng muloyim, ayni paytda, qat’iy ovozda: — Mayli, chiqib kelaqol. Keyin gaplashamiz, — dedi.

«Bogʻcha opa boʻlganda hecham qoʻymasdi, — deb xayolidan kechirdi u oʻrnidan turarkan. — Birpas aftingga tikilib: «Ana, koʻzlaring aytib turibdi, nega yolgʻon gapirasan, tirrancha? Qani, joyingga oʻtir-chi» deb koyib berardi. Koʻzoynakli... yoʻq, muallima opa boshqacha... yaxshi ekan».

U koridorga chiqdi-yu, qayoqqa borishini bilmay, bir lahza agʻrayib turdi. Keyin orqasiga qaytdi. Eshikdan kirib hali oʻrniga oʻtirmasdan, birvarakayiga toʻrtta bola qoʻl koʻtardi:
— Yozilib kelsam maylimi?..
— Yozilib kelsam maylimi?..

Muallima opa koʻrsatgich tayoqni stolga qarsillatib bir urdi. Qoʻllar qanday tez koʻtarilgan boʻlsa, xuddi shu yoʻsinda pastga tushirildi.
— Bolalar, eslaringda boʻlsin, biz birinchi darsimizda kelishib olganmiz. Dars, bu — Oʻyinchoq emas. Yozilish, ovqatlanish, dam olish va hokazolar uchun tanaffus beriladi. Men Qodirovning ahvolini tushunganim holda ruhsat berdim. Lekin bu birinchi va oxirgi marta. Sening ham qulogʻingda boʻlsin, Qodirov! — Muallima opa koʻrsatkich tayoqni stolga qoʻyib, kalta qirqilgan jingalak sochlarini silkitgancha bolalarga yakin keldi. — Endi sizlar bogʻcha bolasi emassizlar. Mustaqil odamsizlar! «Mustaqil» degap gapni tushunasizlarmi oʻzi?

Bolalar shoshib bir-birlariga qarashdi. Yoʻq, deyishsa, muallima opa koyib berishini oʻylabmi, hech kim miq etmadi.
— «Mustaqil» degani — bu endi oʻzlaring aql farosat bilan ish tutasizlar, degani. Chunki, yana qaytarib aytaman, endi bogʻcha bolasi emas, katta odamsizlar! — Muallima opa qoʻllarini koʻksida chalishtirib deraza yoniga bordi va koʻzoynagi ostidan yana ham katta va choʻkik koʻrinadigan oʻychan koʻzlarini bolalarga tikdi. Xayolidan nimalarnidir oʻtkazdi. Soʻng oldingi partada oʻtirgan doʻmboq bolaga murojaat qildi: — Choʻliev, mana, senga bir savol: deylik, darsdan qaytayotganingda, yoʻlda, oʻzingdan kichkina bolani birov doʻpposlayotganini koʻrib qolding, shunda sen nima qilgan boʻlarding? Choʻlievning qisiq koʻzlari birdan chaqnab ketdi.
— Kaltaklagan bolani urardim!

Bolalar uning javobini toʻgʻri deb oʻylashdi shekilli, hech kim indamadi. Muallima opaning kulgisi qistadi-yu, lekin oʻzini vazminlikka oldi. Choʻlievning orqasidagi partada oʻtirgan, yuzlari qizlarnikiga oʻxshash, oriq-ozgʻin bolaga yuzlandi:
— Qani, Mahmudov, eshitaylik-chi, bunday vaziyatda sen nima qilarding? Bolaning bugʻdoyrang chehrasiga sarosima ifodasi qalqidi. U oʻrnidan turib dam muallimaga, dam bolalarga alanglagancha nimadir dedi.
— Uning oʻzi qoʻrqogʻ-u!.. — degan ovoz keldi orqa partadan.

Hamma birdan kulib yubordi. Mahmudovning choʻzinchoq yuzi duv qizardi. Muallima opa gapirgan bolani topmoqchidek sinf toʻriga tahdidli nazar tashlarkan, Mahmudovning sochlarini siladi:
— Bunday paytda, Mahmudov, darhol janjalni toʻxtatib, oʻsha zoʻravon bolaga tanbeh berish kerak. «Odobli bolalar hech qachon bir-biri bilan urishmaydi», deya uyaltirish lozim. Bu gap faqat Mahmudovga emas, hammamizga tegishli, bolalar!

Muallima opa oʻsha kuni katta «A» bilan kichkina «a» haqida boshqa gapirmadi. Qoʻngʻiroq chalinguncha rosa qiziq gaplarni aytib berdi. Hayratdan hammaning ogʻzi karnayguldek ochilib qoldi. Qiziq, uch kundan beri nuqul roʻyxat oʻqishu tanishishdan boshqasiga oʻtmagan oriqqina muallima opa shuncha gapni bilarkan-a! Yana, ular bilan katta odamlardek gaplashishi-chi!
— Bolalar, — dedi, — bilib qoʻyinglar, bu yerda oddiy bolalar emas, kelajak oʻtiribdi!

Bu gapni eshitib hamma agʻrayib qoldi. «Rost-da, qanaqa kelajak oʻtirishi mumkin? Kim oʻzi, opalari aytayotgan kelajak?» Muallima opa ularning yuzidagi ajablanishni sezdimi, stolda yotgan koʻrsatgich tayoqni oldi-da, baland koʻtarib: «Kelajak bu — sizlar», — dedi. Lekin ular bari bir tushunishmadi. Shundan soʻng u Qodirovning yonidagi puchuq qizni oʻrnidan turgʻazdi-da: «Hozir men sizlarga sinfimizda qanday kelajak oʻtirganini isbot qilaman», dedi. Bolalar puchuq qizga gʻalati bir ajoyibotni koʻrgandek qiziqsinib tikilishdi.
— Qani, Toʻychieva, — dedi muallima opa uning yelkasiga kaftini qoʻyib, — Oʻrtoqlaringga ayt-chi, maktabni a’lo baholar bilan bitirgach, kim boʻlmoqchisan?

Toʻychieva bu savolni eshitib, birdan xayoliga «Masxaralamayaptimikanlar?», degan oʻy keldi shekilli, hadik bilan opaga tikildi. Opaning koʻzlari oynak ostidan muloyim va jiddiy boqib turardi.
— Uyalma, aytaver, — dedi muallima uning xijolat boʻlayotganini koʻrib. - Hozir boshqalardan ham soʻraymiz.

Toʻychieva qizarindi, keyin «aytsammikan-aytmasammikan?», degandek shoshib bolalarga koʻz yugurtirdi-da, past ovoz bilan pichirladi:
— Raqqosa...

Yon tomondan kimdir choʻzib hushtak chaldi. Uch-toʻrtta bola muallima opa turganini ham unutib, bor ovozda «Oʻ-oʻ-oʻ!», deb yubordi. Orqada oʻtirganlar Toʻychievaning nima deganini eshitishmadimi, oldingi partadagalarni turtib soʻray boshlashdi. Muallima opa ingichka qoshlarini chimirib, hushtak kelgan tarafga oʻqrayib qaradi. Soʻng Toʻychievaga yuzlanib:
— Juda yaxshi oʻylabsan, Toʻychieva! — dedi. — Orzuingga yetishishing uchun yaxshi oʻqishing, intizomli boʻlishing kerak. Oʻtir. — Keyin bir lahza indamay turdi-da: — Qalay, Qodirov, uxlamayapsanmi? — dedi unga qarab.

U: «Sen kim boʻlmoqchisan?», deb soʻrab qolsa, nima javob beraman?», deb oʻylab oʻtirgan edi, choʻchib tushdi. Bolalar kulib yuborishdi. Hozirgina qizarib-boʻzarib oʻtirgan puchuq Toʻychieva ham xuddi bugunoq raqqosa boʻlib ketadigandek magʻrur jilmaydi. Birinchi kuni Toʻychievani uning yoniga oʻtqazishganida jahli chiqqan, koʻziga u juda bijildoqdek koʻringan edi. Qurmagʻur, allaqachon orzu qilishga ham ulguribdi. U esa... Aytganday, dadasi uylariga kelgan mehmonga maqtanib: «Mening oʻgʻlim katta boʻlsa professor boʻladi», dedi-ku, orzu degani balki shudir?
— Qani, eshitaylik-chi, kelajakda Qodirov kim boʻlmoqchi ekan? — deya muallima opa koʻzoynagini toʻgʻrilab jilmaygancha unga tikildi.
— Menmi? — u shosha-pisha oʻrnidan turdi va bolalarga bir-bir qarab chiqdi. Hammaning nigohi unda edi. Hatto Toʻychieva ham: «Qani, nima deb javob berarkan?», degandek ogʻzini ochib turibdi. — Men... haligi, professor boʻlmoqchiman...
— Va-a-a! — deb yubordi yonidagi partada oʻtirgan Atoev. — Dadasi traktorchi-yu, bu professor boʻlarmish! Professorlikka pulni qayoqdan olarkan?

Qodirov oʻzini yoʻqotgudek boʻlib, muallima opaga qaradi. Muallima opaning koʻzlari katta-katta ochilgan edi.
— Bu... bu gapni senga kim aytdi, Atoev?
— Oʻzim bilaman? — Atoevning dumaloq yuzida qat’iy bir ifoda paydo boʻldi.
— Dadasi sovxozning direktori-yu, hamma narsani biladi! — deb chiyilladi birov orqa tomondan.

Muallima opa isib ketdi shekilli, peshonasida yaltirab ter paydo boʻldi. Atoevga yaqinlasharkan, uzun, ingichka barmoqlari bilan koʻzoynagini olib, atir hidi anqib turadigan roʻmolchasida obdan artdi. Soʻng, muloyim ohangda soʻradi:
— Qani ayt-chi, Atoev, yana nimani bilasan?

Atoev muallimaning gʻalati boʻlib ketganini sezib, bir lahza ikkilanib qoldi. Soʻng, yelkasini qisgancha sekin oʻrnidan turdi-da:
— Hammasini bilaman, — dedi.

Muallima opa koʻzoynagini taqarkan, Atoevning qarshisidaga partaga ohista choʻqdi.
— Masalan, nimani? — Atoev uning nima haqda soʻrayotganini tushunmagandek koʻzlarini pirpiratdi. Muallima opa endi boshqacharoq qilib soʻradi: — Masalan, «professor boʻlish uchun koʻp pul kerak», degan gapni qayoqdan eshitding?

Atoevning koʻzlari: «Shuniyam bilmaymanmi!», degandek mamnun chaqnadi.
— Dadam aytganlar. Chunki yozda akamni doʻxtirlikka pul bilan qoʻyishdi. Dadamning oʻzlari aytdilar. «Doʻxtir boʻlishing uchun necha mingim ketdi, professor qilaman deguncha, bilmadim, yana qancha pulning boshini yeysan», deb. Uning dadasi traktorchi-ku! Ana, traktorchi Qobil akaning oʻgʻliyam puli yoʻqligi uchun qaytib keldi...

Muallima opaning birdan jimib qolganini koʻrib, Qodirov oʻyga toldi. Demak, rostdan ham, professor boʻlolmas ekan-da!?. Dadasi esa oʻrtoqlariga maqtanib yuribdi: «Oʻgʻlim profesor boʻladi?» deb.
— Gap bunday, bolalar, — muallima opa hammaning xayolini boʻlib, partadan turdi-da, qoʻllarini koʻksida chalishtirgancha doska yoniga bordi. — Bularning hammasi bekorchi gaplar. Sizlar bunaqa gaplarga quloq solmanglar. Chunki endi sizlar mustaqil odamsizlar. Boya aytganimdek, mustaqil odam har bir ishni oʻz aqli, oʻz kuchi bilan bajaradi. Faqat ota-onasining kuchiga ishongan bolani men haqiqiy inson hisoblamayman. Unaqalar oʻzlariga ham, ota-onalariga ham, jamiyatga ham biron foyda keltirishmaydi. Ulardan hamma hazar qiladi. Sen esa, Qodirov, xafa boʻlma. Mana koʻrasan, ulgʻaysang, albatta professor boʻlasan, uning uchun esa oʻqishing, yaxshi oʻqishing kerak, xolos!

Qizarib ketgan Atoev oʻtirishini ham, turishini ham bilmay qotib qolgan edi.

Shundan keyin muallima opa boshqa bolalardan ham kelajaqda kim boʻlmoqchiligini birma-bir soʻrab chiqdi. Burchaqdagi partada oʻtirgan Sattorov «Uchuvchi boʻlaman», dedi. Doimo Toʻychieva bilan birga yuradigan qoracha qiz — Hakimova esa, oʻqishni bitirib doʻxtirlikka kirarmish. «Oʻzingdan kichkina bolani birov doʻpposlayotganini koʻrsang, nima qilarding?», degan savolga javob berolmagan Mahmudov «Ministr boʻlaman» degan edi, hamma kulib yubordi. Muallima opa ham qoʻshilib kuldi. Soʻng, uning yelkasiga koqib: «Yaxshi oʻqisang, odobli boʻlsang, albatta, ministr boʻlasan», dedi. Faqat Atoev: «Sovxozga direktor boʻlaman», deganida negadir indamadi, koʻzlarini yerga tikkancha doska yoniga bordi-da: «Ana bolalar, koʻrdinglarmi, bizning sinfimizda kimlar oʻtiribdi! Bizning sinfimizda Vatanimiz uchun, xalqimiz uchun, fan va madaniyatimiz uchun jonini ham ayamaydigan halol, pok, fidokor insonlar oʻtiribdi!», dedi.

Uyga qaytarkan, Qodirov sevinchdan terisiga sigʻmasdi. Muallima opalari juda ajoyib ekan! Bunaqangi yaxshi gaplarni qaerdan toparkan-a? Atoevni qizartirib qoʻygani-chi! Bogʻcha opa boʻlganida boshqalarni jerkib tashlab: «Sizniki — toʻgʻri, — Atoevjon!», der edi. Muallima opa esa: «Bekor aytibsan, Atoev, mana koʻrasan, Qodirov albatta professor boʻladi», dedi. Rostdan ham, professor boʻlsa-ya? Dadasi rosayam suyunardi-da. Innaykeyin, oʻziyam koʻzoynaklarni taqib, televizorda rosa gapirardi-da...
— Huv bola, baqqa qara, Qodirni oʻgʻlimisan? — uning xayoli boʻlinib, ovoz kelgan tarafga oʻgirildi. «Oyposh xolasi! Oyposh xolasi qiziq kampir-da! Darchasi oldidaga qari tut tagiga yogʻoch quti qoʻyib olib, kunboʻyi pista sotib oʻtiradi. Hech kim bilan gagshashmaydi ham, hech kimnikiga chiqmaydi ham. Faqat buvisi bilan oʻrtoq. Buvisining aytishicha, uning odamlardan koʻngli qolgan emish. Ayniqsa, yakkayu yolgʻiz oʻgʻli ham shahardan uylanib, oʻsha yerda uyli-joyli boʻlgandan keyin hamma narsadan qoʻlini yuvib qoʻltigʻiga uribdi. Buvisi: «Oyposhshajon, oʻgʻling shaharda palon joyda ishlaydi-ku, sening pista sotib oʻtirganing nimasi? Undan koʻra, xudoga shukur kilgin-da, oʻyna-kul, oʻgʻlingnikiga bor, toʻy-ma’rakaga chiq», deb koyisa, Oyposh xolasi: «Momoguljon, men buni ochimdan oʻlganim uchun qilayotganim yoʻq, oʻzimning pensiyam oʻzimga yetib ortadi, lekin nomusi oʻshanga tegsin, deb qilaman, yedirib-ichirib, bugungi kunda keragim boʻlmay qolgani uchun qilaman», degan emish. Buvisining aytishicha, Oyposh xolasi keliniga yoqmaganmish. Qiziq, shunday yaxshi kampir nega yoqmagan ekan-a?..
— Menga qara, ma! — Kampir bir siqim pista uzatdi-da, doka roʻmol tangʻilgan peshonasiga kaftini soyabon kilib, kipriksiz, botiq koʻzlarini unga tikdi. Keyin pastida ham, yuqorisida ham bir donadan qolgan sargʻish tishlarini koʻrsatib, hayratomuz jilmaydi:
— E-ha, kap-katta odam boʻlib qolibsan-ku, sen ham, a? Qani, beri kel-chi, — Oyposh xolasi salqi qovoqlari ostida yiltillabgina turgan dumaloq koʻzlarini pirpiratib unga boshdan-oyoq xavas bilan termildi. Orqasiga osib olgan sumkasini ushlab ham koʻrdi. Soʻng, boʻshashibgina «uf» tortdi.

Oyposh xolasining «Katta boʻlib qolibsan», degan gapi unga xush yoqdi va kampirga sezdirmay yelkalarini kergancha oyoq uchida qaddini balandroq koʻtardi. Kampirning hozirgina kulib turgan chehrasi negadir birdan oʻychan tortdi.

U xolasining yuzida roʻy bergan oʻzgarishni kuzatarkan, buvisining gaplarini esladi: «Tavba qildim, Xudoyim. Toʻq yashaganimiz sayin bir-birimizdan uzoqlashib ketyapmiz. Qishloqda biron-bir mard yoʻqki, Oyposhsha bechoraning oʻgʻliga ikki enlik xat yozib, uni insofga chaqirib qoʻysa. Hamma oʻz tinchini oʻylaydi. Xudo haqqi, savodim boʻlganda oʻzim boplab bir yozardim».

Daf’atan uning xayoliga bir fikr kelib, quvonib ketdi. Rost-da, mana bugun katta «A» bilan kichkina «a»ni yodlashdi, ertaga esa boshqa harflarni oʻrganishadi. Innaykeyin, Oyposh xolasiga bemalol xat yozib bersa boʻladi. Eh, oʻshanda xolasi rosa quvonsa kerak!
— Oyposh xola, — dedi u dumaloq koʻzlari qisilinqirab, afti jiddiylashib, — men... men xat yozib beraymi, sizga?

Kampirning serajin yuzi battar tirishdi:
— Qanaqa xat, chirogʻim?
— Haligi... Oʻgʻlingizga! Buvim aytganlar, «Savodim boʻlganda yaxshilab bir xat yozardim», deb. Mening esa savodim bor. Mana... — u shosha-pisha yelkasidan sumkasini oldi-da, ichini titkilab, koʻk daftar chiqardi. — Mana, qarang, bu katta «A», bu kichkina «a»! — Sevinish oʻrniga Oyposh xolasining koʻzlari birdan gʻamginlashib, kirtayib qolganini koʻrib, hayron boʻldi. Yo ishonmayaptimikin?» — Oyposh xola, rost aytyapman, mana koʻrasiz, bir oydan keyin hamma harflarni bilib olaman, — dedi shoshib, azbaroyi kuyib pishgandan yuzi qizarib, boʻgʻriqib ketdi. — Keyin siz aytib turasiz, men yozaman. Hammasini yozaman. Keyin oʻgʻlingiz qaytib keladi. Shunaqa! Men oʻzimni oʻylamayman, men endi mustaqil odamman. Muallima opamiz aytdilar. «Endi sizlar mustaqil odamsizlar, oʻzlaringizdan kattalarga yordam berishlaringiz kerak», dedilar, bildingizmi?

Oyposh xolasining tund chehrasi asta-sekin yorisha boshladi. Peshonasidagi tirishlar yozildi. Ikki qoshi oʻrtasidagi tuguncha ham yoʻqoldi. Etlari shalvirab qolgan chap qoʻlini peshonasiga soyabon qilgancha, oʻng qoʻli bilan uning yelkalariga qoqdi:
— Ishonaman, bolam, ishonaman...

U Oyposh xolasini ishontira olganidan xursand edi. Rost-da, bir oydan keyin albatta xat yozib beradi. U, buvisi aytganidek, oʻzining huzurini oʻylaydiganlardan emas. U endi mustaqil odam. Ana, Oyposh xolasining oʻzi ham aytdi. «Ishonaman, bolam, ishonaman», dedi.

U ketib borarkan, orqasiga oʻgirilib, Oyposh xolasiga yana bir bor qaradi. Kampir qari tutga suyanganicha uning ortidan termilib oʻtirardi...