OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShahodat Isaxonova
Asar nomiSovchilar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shahodat Isaxonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sovchilar (hikoya)
Shahodat Isaxonova

...Bahorda muchal toʻyi boʻlgan oʻn ikki yoshli Xonzoda — Saroy Mulk xonim hovlidagi qari argʻuvon shoxlariga ilingan halinchakda uchmoqda edi. U koʻzlarini yumgan kuyi havoning zabtiga monand tebranardi.

Otlarning tuyogʻidan koʻtarilgan ola-tasirli shovurdan xayoli boʻlingan va koʻnglida allanechuk xavotir uygʻongan Saroy Mulk xonim saxtiyon kovushlarini maysalarga tiraganicha halinchakni toʻxtatdi va shoshib deraza tomon boʻyladi, darvozadan ot yetaklab kirayotgan yigitlarni oldin tanimadi. Boʻyniga sirgʻalib tushgan roʻmolini boshiga solganicha, koʻrinmaslik uchun oʻzini darrov argʻuvon panasiga oldi. Eshikbon tulporlarning jilovini otboqarga tutqazganicha, yigitlarni ichkariga chorladi.

Yigitlar ikki kishi edi. Yoʻl boshlagan yigitning ovozidan Saroy Mulk xonim uni tanidi va vujudida sovuq bir his uygʻondi.

U yigitni oʻtgan hafta akasi Musabekning nikoh toʻyida, kuyov joʻralar qatorida koʻrgan edi. Koʻrinishi koʻrkam boʻlgan bu yigit kuyov joʻralar ichida ajralib turardi.

Kelin-kuyov uchun yoqilgan gulxan atrofida aylanayotgan kuyov joʻraning nigohi qizlar qurshovida olovga isiriq sochayotgan Saroy Mulk xonimga tushib, gʻalati chaqnadi, yuzlarida sirli bir ifoda zohir boʻldi va ikkinchi bora uning yonidan oʻtayotganlarida koʻrganidan mamnunligini sezdirish uchun qizga oshkora jilmaydi. Uchinchi bora yaqinlashganlarida esa hech tap tortmay «Sizni bogʻda beklarmen» deb shivirladi va javob ham kutmasdan davradan chiqib ketdi.

Kuyov joʻraning Saroy Mulk xonimga e’tibori xotin-xalajning shivir-shiviriga, imo-ishorasiga sabab boʻldi. Qizarib-boʻzargan Saroy Mulk xonim dugonalari bilan kelin-kuyovlar ortidan toʻyxona tomon yoʻnalarkan, kimningdir «Amir Qazagʻonning nabirasi Husaynbek shul yigitdir» deganini eshitdi va boshidan sovuq suv quyilgan kabi vujudi birdan seskandi. Koʻz oldidan otasining qonga belangan chehrasi gavdalanib, yuragi uvushdi. Toʻrt yoshida nigohiga muhrlangan bu fojia oradan sakkiz yil oʻtsa-da oʻchmagan, aksincha, ayni lahzalarda yanada alamli va ogʻriqli bir manzara kasb etib, qaytadan uygʻongan edi. U oʻsha kuni oqsoch qizning «Amir Husaynbek Sizni bogʻda chorlamoqda», degan soʻzlarini e’tiborsiz qoldirgan boʻlsa-da, uni bu qadar betakalluflik bilan kirib kelishini kutmagan edi.

Eshikbon yigitlardan oldinroq ichkariga kirgan edi va hayal oʻtmay, ularni chorladi.
—Hazrati Oliyalari peshvoz chiqmoqdalar!

Yigitlar marhum Qozonxonning bevasi Xonlar begimga bosh egishib, hurmatlarini izhor qilishgach, uzun, ganchkor yoʻlaklardan yurishib, mehmonxonaga kirishdi.

Mehmonxona moʻgʻil xonlarining oʻtovlari kabi aylana shaklida qurilgan, shifti baland, devorlari ipak gilamlar bilan bezatilgan edi. Yerda ham bir-biridan goʻzal, naqshlari oʻtkir ranglar bilan jilo berilgan julqurs holilar toʻshalgan edi.

Qozonxonning bevasi Xonlar begim oʻrta boʻy, chehrasi ochiq, lekin nigohlari qattiq, harakatlari va oʻzini tutishidan farosatli va ziyrakligi sezilib turar, oppoq kulcha yuzlaridagi kiborli ifodadan zodagon oilaga mansubligini uqish qiyin emas edi.
— Xush koʻrdik, Bek hazratlari, marhamat qilsinlar!

Xonlar begim toʻrdagi xontaxta yonida toʻxtab, ularni oʻtirishga taklif etdi, — tashrifingizdan behad shodmen...

Husaynbek toʻrga joʻrasini undadi, joʻrasi esa xijolat qildimi yoki hurmatini bilibmi, harqalay undan pastroqqa, devorlariga parqu bolishlar suyatilgan joyga odob bilan oʻtirdi.

Oʻrtaga bir lahzalik sukunat choʻkdi. Qozonxonning bevasi ularning tashrifidagi ma’noni anglash uchun oldin Husaynbekka, soʻngra yonidagi yigitga sinchkovlik bilan tikildi.

Xizmatkorlar ulardan sal nariroqdagi xontaxtaga baxmal dasturxonlar solishib, turli xil noz-ne’matlar bilan bezata boshlashdi.
— Bezovta boʻlmoqqa hojat yoʻqdur, — Husaynbek xontaxta tomon ishora qildi, — keyinroq bafurja kelurmiz! Joʻramiz Musabekni — kelin-kuyovlarni bir yoʻqlamoq va Siz Hazrati Oliyalarining duosini olmoq niyatida birrov kirdik...

Husaynbek soʻzlarini tugatar ekan, joʻrasiga ma’noli qaradi va «Qolganini siz davom etarsiz» degan ishorani bildirdi.
— Sizni Xudo yoʻqlasin, Bek! — Xonlar begim toʻydan oldin hech qachon qadam bosmagan Husaynbekning soʻzlariga ensasi qotgan boʻlsa-da, yuzidan sezdirmadi. Hurmati uchun minnatdorchilik bildirdi.

Bir urugʻ boʻla turib, eri Qozonxon bilan yovlashgan va oxiri boshiga yetib tinchigan hovliqma va guppi Amir Qazagʻonni Xonlar begim azaldan yoqtirmasdi. Boʻlmasa, Qozonxon Amirga qancha yaxshiliklar qildi. Baribir bilmadi, payt poylab chaldi. Oʻtgan yili Musabekdan Amir Qazagʻonning nabirasi, mana shu Husaynbek bilan doʻstlashganini eshitgach, unga e’tiroz bildirgan edi.

Xonlar begim Husaynbekni bundan oʻn yilga ilgari, oʻspirinlik chogʻida koʻrgan edi. Kuyov navkar boʻlib kelgan kuni esa tanimadi. Koʻrinishi koʻrkam boʻlsada, harakatlari, qarashlari, hatto gap-soʻzlari ham bobosiga tortibdi.

Husaynbek tomoq qirdi, bu joʻrasiga qarata «Suhbatni davom ettiring» degani edi. Lekin esiga nimadir tushib, endi gapirmoqqa chogʻlangan joʻrasini toʻxtatdi.
— Uzr tilarmen, Temurbek, sizni Hazrati Oliyalariga tanishtirmoqni unutibmen, bul yigit Chigʻatoy Amiri Taragʻay Bahodurning oʻgʻloni qobillari Temurbekdir va mening uchun jon-joʻra maqomidadurlar.

Xonlar begim nigohini Temurbekka qaratdi.

Koʻrinishi viqorli, harakatlari bosiq, qarashlarida ulugʻvorlik bor, bu yigitni koʻrgan zahotiyoq kimgadir mengzagan va boyadan beri oʻsha siymoni xayolida tiklamoqqa urinmoqda edi.
— Taragʻaybek Bahodur biz uchun ota qadrdondur, — dedi Qozonxonning bevasi chiroyi ochilib, — ul amirga cheksiz hurmatlarimiz bor! Egachingiz Qutlugʻ Turkon Ogʻa birlan koʻp davradoshlik qilganmiz, gʻoyat fozila ayol, salomlarimizni yetkazursiz!

Temurbek bosh egib minnatdorchilik bildirdi.

Uning yuziga qalqqan samimiy ifodani, qarashlaridagi teran nigohni koʻrgan Xonlarbegim barcha onalar kabi koʻnglida shirin orzu tuydi va bu yigit hoziroq oʻziga kuyov boʻladigandek mehr bilan boshdan oyoq kuzatdi. Chunki Saroy Mulk Xonimni uzatmoq fursati yetgan, lekin, ogʻiz solayotgan sovchilar orasida koʻngli toʻlarlik kuyov topolmagani bois, bu yumushni orqaga surib kelmoqda edi.

Pahlavon kelbat, qoshlari chizilgan kabi qop-qora, qirraburun, lablari nim tabassum qilib turuvchi bu yigitga oʻgʻrincha tikilarkan, xayolan balki sovchilikka kelgandir degan oʻy ham oʻtdi.

Chigʻatoy turklarining odatiga koʻra, sovchilikka yoshi ulugʻroq kayvoni yoki mahalla koʻyning oqsoqoli, hurmatli kishilaridan birortasi borar va bunday sovchining mavqei, obroʻsiga qarab, qizning qiymati belgilanardi.

Turklasha boshlagan moʻgʻullarda esa haligacha oʻz odatlari, an’ana va rasm-rusmlar urf edi. Ularning qonun-qoidasiga koʻra sovchilikka nomzod yigitning oʻzi borar yoki joʻrasini hamroh qilardi. Qiz yigitga, yigit ham qizga ma’qul tushsa, kuyov boʻlmish nishonalik sovgʻasini belgi sifatida berib qaytardi.

Hech qachon sovchilikka borib koʻrmagan Temurbek, doʻsti Husaynbekning soʻzini qaytara olmay, kelishga rozilik bergan boʻlsa-da, ayni lahzalarda gapni qanday boshlashni bilmay oʻngʻaysizlanib turardi.

Husaynbek «chaynalmang, boshlang» degan kabi nigoh tashladi.
— Elchiga oʻlim yoʻqdur, Hazrati Oliyalari...

Kuyov boʻlmish joʻrasi bilan kelganda, oʻzi sukut saqlashini bilgani uchun Temurbekning gap boshlashi Xonlar begimning xayollarini birdan toʻzitdi.

«Demak, kuyov boʻlmish Husaynbek...»

U qizini ertaroq erga berib yubormaganidan pushaymon boʻldi.
— Qizlar xonadonning guli boʻlishi birlan ezgulik elchilari hamdirlar...

Temurbek Qozonxon Amir Qazagʻon tomonidan oʻldirilganligini bilar, shu bois, soʻzlarni Xonning bevasiga ogʻir botmaslik uchun terib-terib va muloyim ohangda ifodalashga harakat qilardi.

Xonlar begimning chehrasidan mamnunligini ham, xafaligini ham bilib boʻlmadi. U boshini Temurbek tomon xiyol egiltirgan kuyi soʻzlarini tinglar, lekin xayoli Saroy Mulk xonimda edi.

Eridan ayrilgach, Saroy Mulk Xonimning iqtidorli, uquvli ekanligini payqab, qizi tarbiyasini yolgʻiz oʻzi nazoratga oldi. Saroy Mulk Xonim malikalar bilishi kerak boʻlgan narsalardan tashqari ot chopish, qilichbozlik, oʻq otish, kurash tushishda yigitlardan qolishmas, oʻtgan yozdagi imtihonda esa usta chavandoz va kurashchi Mutal Bahodirning olqishiga sazovor boʻlgan edi. Oʻshanda Saroy Mulk Xonimning oʻgʻil boʻlib tugʻilmaganidan koʻnglida armon tuygan edi.
— Siz hayotni bizdan teranroq anglarsiz, Hazrati Oliyalari, — Temurbek Qozonxon bilan amir Qazagʻonning yovlashganiga ishora qilib gapirdi, — shul bois, izoh bermoq fikridan yiroqmen, kecha otalar yovlashgan boʻlsalar, bugun farzandlar doʻst maqomida tururlar. Doʻstimiz amir Husaynbek Xonzoda Saroy Mulk Xonimning qoʻllarini soʻrab tashrif buyurdilar va bu yumushga bosh-qosh boʻlmakni kaminaga yukladilar...

Qozonxonning bevasi Temurbekning soʻzlarini kiprik qoqmay tingladi. Temurbek ham yelkasidan togʻ agʻdarilganday oʻzini yengil sezdi va soʻzlaridan doʻsti mamnun yoki yoʻqligini bilish uchun Husaynbekka oʻgirildi. Husaynbek Xonlar begimni qay ahvolga tushishini avvaldan tasavvur qilgani uchun uning yuziga qarashga botinmadi. U Xonlar begimning oʻgʻli Musabek bilan singlisi uchungina yaqinlashgan, ayni paytda, Saroy Mulk Xonim uchun ham oʻzidan boshqa munosib nomzod yoʻqligini payqab turardi.
— Minnatdorchiligimni qabul eting, Bek, — Xonlar begim Husaynbekning yuziga qaramay gapirdi, lekin ovozidagi boyagi jarangdorlik va oʻktamlik oʻrnini gʻayritabiiy bir mahzunlik egallagan edi. Bir lahza sukut qilgach Temurbekka yuzlandi. — Koʻp savob ishga qoʻl uribsiz, mehmon. Zero, etni tirnogʻdan ajratib boʻlmas. Amir Qazagʻon urugʻboshimiz erdi. Xonzodamiz birlan Bekning yulduzlari bir-biriga toʻgʻri kelsa, boshimiz koʻkka yetur...

Husaynbek mamnunlik bilan Temurbekka yuzlanarkan, nimagadir ishora qildi. Temurbek ham oʻz navbatida «ma’qul» deganday bosh irgʻadi. Shundan soʻng, Husaynbek qoʻynidan zar bogʻichli charm xaltacha chiqarib, xontaxta ustiga qoʻydi.
— Arzimas nishonalik keltirib erdik, Hazrati Oliyalari, ma’qul topsalar Xonzoda begimga oʻzim topshirsam...

Uning bu taklifi Xonlar begimga yoqmaganligini Temurbek koʻrib turardi. Xonlar begim nima deyishini bilmay bir lahza kalovlandi. Bir Husaynbekka, bir Temurbekka koʻz tashlarkan, yonidagi xizmatkor qizga sekin shivirladi.
— Xonzoda begimga mehmonlar xabarini yetkazing va koʻrishmoq niyatlari borligini bildiring.

Saroy Mulk Xonim xizmatkor qizning chehrasidagi mugʻombirona tabassumdan yigitlarning tashrifi boisini anglab, vujudiga yana sovuq his oʻrladi.
— Ulugʻ amir Husaynbek... — Xizmatkor qizning gapi boʻgʻzida qoldi. Saroy Mulk Xonim «soʻzlama» ishorasi bilan ikki qulogʻini bekitdi.

Uning marmar kabi oqish yuzlari birdan qizardi, chaqnab turgan qop-qora quralay koʻzlari mahzun tortdi va uzun-uzun kipriklari orasidan tirqirab chiqqan yoshlarni xizmatkor qizga koʻrsatmaslik uchun, shitob bilan xonasi tomon yurdi. U xonasiga kirganda hayajondan titrar, nafas olishga qiynalib hansirar, butun vujudi iztirob va alamdan jiq terga tushgan edi. Amir Qazagʻon sulolasi uni tasavvuridagi padari buzrukvorining qotili edi.

Unga boshqacha sifat ham, yorliq ham yopishtirib boʻlmasdi. Shu bois, Husaynbekning hozirgi mazmundagi tashrifi ham, nazarida, kaltabinlik va haqoratdan boshqa narsa emasday tuyulmoqda edi.

Jahli chiqqanda «astagʻfurulloh» kalimasini oʻngacha sanaydigan Saroy Mulk Xonim hayajoni susaya boshlagach, Husaynbekning yonida begona yigit borligini, shu bois, amirga munosib javob qilmoq joizligini his etib kiyinmoqqa tutindi.

Saroy Mulk Xonim ostonada koʻrinishi bilan Husaynbek ham, Temurbek ham oʻrinlaridan dast turishdi.

Saroy Mulk Xonim egnida etaklari toʻpigʻigacha uzun va burmasi sariq rang xitoyi shohi koʻylak, oyogʻiga kumush tasmali shippak kiyib olgan edi. Boshiga tashlangan roʻmoli yupqaligidan oltin poʻpakli uzun sochlari shundoq koʻrinib turardi. Bir qarashdayoq koʻngilga xush yoquvchi oppoq kulcha yuzlari, bodom qovoqlari, jiddiylashganda ham kulib turuvchi quralay koʻzlari, pasti qalinroq gʻuncha lablari ikkala yigitni ham hayratga solgan edi.
— Xush koʻrdik, Xonzodam. — Tavoze bilan egildi Husaynbek.
— Xush vaqt boʻlingiz...

Saroy Mulk Xonim koʻzlarini yerga qadaganicha bosh egib, yigitlar bilan soʻrasharkan, Temurbekka oʻgʻrincha nazar tashladi.

Temurbekning ham nigohi bir zum u bilan toʻqnashdi. Saroy Mulk Xonim uning nigohida allaqanday bir tuygʻuni ilgʻarkan, qizarib, darrov koʻzini oldi.

Oʻrtaga bir lahzalik sukunat choʻkdi.

Shu orada xizmatkor Xonlar begimning shahar kutvolining xabarchisi yoʻqlayotganini bildirdi. Yigitlarga ham bu xabar yoqib tushdi. Xonlar begimsiz emin-erkin suhbat boshlandi.

Husaynbek imtihon qilayotgandek, gap mavzusini har sohaga burib, fikr soʻrar, yoshiga nisbatan sokin va muloyim soʻzlayotgan Saroy Mulk Xonimning javoblaridan hayratlanib, Temurbekka qarab-qarab qoʻyardi.

Temurbek Saroy Mulk Xonim haqida opasi Qutlugʻ Turkon Ogʻodan koʻp yaxshi fikrlar eshitgan boʻlsa-da, uning bu qadar tarbiyali va zukkoligini tasavvuriga keltirmagan edi.

Lekin Saroy Mulk Xonim hozir soʻzamolligini koʻz-koʻz qilmoq yoki bilimli, ma’rifatli, iste’dodli ekanligini Husaynbekka koʻrsatib qoʻymoq uchun emas, balki bir qarashdayoq iliq nigohi bilan koʻnglini oʻqiy olgan Temurbekning quloqlariga soʻzlari xush kelayotganini his etgani uchun, beixtiyor, ochilib soʻzlamoqda edi.

Temurbek yuragining tub-tubidan tugʻyon ura boshlagan hislarini sirtiga chiqarmaslik, yuz ifodasida zohir etmaslik uchun, koʻzlarini yerga tikkanicha, boshini egib olgan edi.

Xonlar begimning kirishi ularning gapini boʻldi. Tanishuv va suhbatdan koʻngli toʻlgan Husaynbek xontaxta ustidagi charm xaltani ochib, ichidan olmos koʻzli uzuk va zirak oldi.
— Bul hadya tanishuvimizdan xotira boʻlsin, — Husaynbek taqinchoqlarni Saroy Mulk Xonimga uzatdi.

Saroy Mulk Xonimning yuzlariga qon urilganday duvva qizardi. U yalt etib Temurbekka qararkan, ohistagina «tashakkur» dedi, lekin olmadi. Qoʻli havoda qolgan Husaynbek izza boʻlganidan tomoq qirganicha, Xonlar begimga savol nazari bilan oʻgirildi.
— Esdalikka shoshilmang Bek, eshiklarimiz siz uchun hamisha ochiq, — Xonlar begim Husaynbekka ham, Temurbekka ham alohida-alohida ta’kidladi.
— Xotira va sovgʻa mavridi qochmas. Siz, Xonzoda bilan yana suhbatlashing, chunki siz uchun-da, Saroy Mulk Xonim uchunda yoʻldosh tanlamoq koʻp mas’uliyatli. Sizlar elning ustidagi ulugʻsizlar!..
— Inshoolloh, men adashmasmen, Hazrati Oliyalari, — Husaynbek joʻrasi oldida rad javobi eshitishidan qoʻrqib, taqinchoqlarni shosha-pisha Xonlarbegim tomon surdi. — Saroy Mulk Xonim ulugʻ saroylarning malikasi boʻlmogʻiga iymonim komil!

Xonlar begim oʻtkir koʻzlarini Husaynbekka tikkanicha, jim qoldi. Keyin qizining koʻnglini bilmoq maqsadida unga qaradi. Saroy Mulk Xonimning nigohlarida iztirobdan oʻzga narsani koʻrmadi.

Xonlar begim oʻrtada paydo boʻlgan sovuqlikni chuqurlashtirmaslik uchun, mehmonlarni dasturxonga taklif qildi.

Avzoyi buzilgan Husaynbek koʻnglida kechayotgan fikrlarni bildirmaslikka tirishib, tushlikka rozi boʻldi.
— Malikam, joʻramiz Musabekning ta’riflashicha, Siz, ulugʻ chavandoz Mutal Bahodirning olqishiga sazovor boʻlib emishsiz. —Oʻrtadagi sukunatni buzib, gap boshladi Husaynbek, dasturxon atrofiga oʻtirishgach.

Saroy Mulk Xonim qizarib, yerga qaradi.
— Mutal Bahodir katta ragʻbat bilan soʻzlamishlar...
— Bul ta’rifni sinab koʻrmoq fursatimiz bor. Boz ustiga doʻstimiz Temurbek Taragʻayning chavandozlik iste’dodi koʻp mukammaldur, — Husaynbek shunday deya, Temurbekka yuzlandi, — hakamlik qila bilur...
—Men havasmand bir shogirdmen... — qizarib e’tiroz bildirdi Saroy Mulk Xonim va hazil aralash qoʻshib qoʻydi:
— Sizlar-la chopishmoqqa koʻp qovun pishigʻi bor...

Temurbek yalt etib Saroy Mulk Xonimga qaradi. Saroy Mulk Xonim uning nigohida yana boyagi issiq ifodani koʻrdi. Koʻngli bir qalqib tushdi.

Xonlar begimning xayoli esa tamoman boshqa yoqda edi. Erining vafotidan keyin huvillab qolgan xonadonning qachonlardir yana gavjumlashishini, talon-taroj boʻlgan davlatning yana oshib-toshishini xudodan soʻragan esa-da, bu baxtga erining qotillari marhamati bilan erishishini xayoliga keltirmagan edi. Shu bois, yigitlarning bugungi tashrifidan quvonishini ham, xafa boʻlishini ham bilmay dam qoʻnajak baxt qushi ilinjida entikar, dam kalxat changal solayotgan qizining taqdiridan xavotirga tushmoqda edi.

Husaynbekning tomoq qirishi Xonlar begimning xayolini boʻldi.
— Endi bizlarga, javob, Hazrati Oliyalari.

U Xonlar begimning javobini ham kutmasdan oʻrnidan turarkan Saroy Mulk Xonimga mulozamat qildi.

— Inshoolloh, bundan buyon bir oyogʻimiz shu yerda boʻlur!..