OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSharap Usnatdinov
Asar nomiAna, kelyapti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Sharap Usnatdinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMuzaffar Ahmad (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Ana, kelyapti (hikoya)
Sharap Usnatdinov

1

Bu telegramma Oʻrozbekning hayotida soʻnggi yillardagi eng kutilmagan voqealardan biri boʻldi, deyish mumkin. Ajabo, boʻlmasa, bunaqa tomoshalardan koʻngil uzib ketgani allaqachonlar... Ayniqsa, soʻnggi bir-ikki yildan beri ziyofatlarda «odamlarni ogʻzimga qaratib oʻtirmasam uyat boʻlar, nima qilsayam, falonchi degan otim bor» deb, avvalgiday halloslamoqni qoʻyib, navbat tegsa soʻz aytib, tegmasa jim oʻtirib, jamoat orasidayam avvalgi laqabi unutilib, faqat «Oʻrozbek ogʻa» boʻlibgina yurgan edi. Manov telegramma kutilmaganda yana dardlarini qoʻzgʻatib yubordi.

Uyiga ham kechagi yoki oldingi kungi Oʻrozbek emas, boshqacharoq boʻlib keldi. Koʻzlarida qahr, shu bilan birga, quvonch izlarini koʻrsatuvchi allanimalar bor, qaddi-boʻylarini tiklab yurishlarida qandaydir bir rasmiylik sezilardi. Biroq uning shu magʻrur kelishida ham yuragining bir chetida yotgan, oʻzga birovga oshkor qilib boʻlmaydigan, armon deb armon emas, oʻkinch deb oʻkinch emas, jimjiloqdaygina afsuslantiradigan yana bir narsa bor edi.

Attang, attanggina-ya, boya pochtachi yigit yoʻlda uchrab, «Sizni izlab maktabingizga borayotgan edim, Oʻrozbek ogʻa, sizga shoshilinch telegramma bor», dedi. Oʻrozbek yigitning qoʻlidagi buklogʻlik koʻk qogʻozni oldi, ochib oʻqiy boshladi, oʻqiy boshladi-yu, «Yo pirim-ay, yanglish tushunmadimmikan?» deganday, yana qaytadan oʻqidi. Soʻng esa yigitga bir, telegrammaga bir qarab turdi-da: «Inim, sen haliyam boʻlsa buni maktabimizga olib borib direktorga bersang. Bir oʻqib koʻrsin. Men, mayli ertaga olarman», demoqchi boʻldi. Ammo tortindi. Koʻngliga yuk boʻlib kelayotgani faqat mana shu armon edi.

Uyiga yetib kelgandan soʻng ham ahvoli yaxshi kechmadi. Kechgi choy uchun yoyilgan dasturxon yigʻilguncha xayol surdi. Nukusdagi eski doʻst-yoronlar, uyiga kelib tuz-tomoq boʻlib ketgan mehmonlarni bir-bir xayoldan oʻtkazdi. Shundaylardan biri, chala amaldor: «Oʻrozbek, sen mana shu harakatingni boʻshashtirib yuborma, ilhom qanotida joʻshib-joʻshib uchaver! Qachon boʻlmasin, seni bir vaqt Nukusga olamiz», degan edi.

«Telegrammani qaysi biri yuborgan ekan-a? Toʻgʻri, rahbarning imzosi bor, lekin imzo turgani bilan, hamma telegrammani rahbarning oʻzi yuborgan deb boʻlmaydi-ku. Uydan tuz ichib ketgan yigitlarning birontasi roʻyxatga tirkab qoʻygan boʻlsa kerak... Yoddan chiqarishmabdimi, shuning oʻziga rahmat, yigitlar!».

U choyga oʻtirgandan keyin ham xotiniga «Ertaga Nukusga ketayapman», deb aytishning qulay fursatini topmadi. «Sababdan sabab chiqarib aytmasam, xuddi yosh bolaning gapiga oʻxshab qolar», deb oʻyladi. Kirib-chiqib yurgan xotini ham Oʻrozbekning kayfiyatini tezda anglab olavermadi. Xotin degani bir narsani sezaqolsa ekan, buning yuki yengillashardi, yoʻq, xotini sezadigan emas. «Har kuni oʻtirgan-turganingni tergab surishtiradigan odam, endi bugun jim oʻtirganiga qara...», deb qoʻydi ichida Oʻrozbek.

Bu orada dasturxon yigʻildi-yu, Oʻrozbek toʻppa-toʻgʻri toʻrdagi xonaga oʻtib ketdi. Necha yillardan beri ehtiyotlab qoʻygan «dunyolari» mana shu xonadagi shkafda! Shkafni ochib, u yerdagi semiz-semiz papkalarni oldi. Ochib, gazeta qiyqimlarini, birinchi nusxa — ikkinchi nusxa qogʻozlarni, «Amudaryo» jurnalining ikkita sonini olib, koʻra boshladi. Shu payt nimadir esiga tushib ketdi-yu, quvonganidan kulib yubordi.
— Shinar! — deb xotiniga ovoz berdi. Ichkaridan «hov» degan tovushni eshitgach, buyruq berdi:
— Kiyimlarimni tozalab, dazmollab qoʻy! Ertaga Nukusga ketayapman. Anovi galstuklar ichida chiroylirogʻini tanlab, Erjonning bolasiga bogʻlatib kel! Yoki tayyor bogʻlangani bormi?
— Qaydam, izlab koʻray, — dedi xotini bemalol oʻtirgan yerida.

Oʻrozbek Shinardan bunaqa muomalani kutmagan edi. «Hov, Oʻrozbek, yoʻl boʻlsin, birdaniga qizishib ketding, tinchlikmi?» deyishi kerak edi. Xotini esa bunday demadi. Agar shu gapni aytganidami, Oʻrozbek unga bor gapni toʻkib solar, telegrammani ham koʻrsatardi. Yoʻq, unday boʻlmadi. Qaytanga oʻtirgan oʻrnida:
— Aytmoqchi, necha kunga ketyapsan? — deb tovushladi.
— Erkakning yoʻlini oldindan bunaqa qilib kesmaydilar, Shinar, — dedi Oʻrozbek yumsharib. — Yigʻilish choʻzilishi mumkin, u yerdagi doʻst-yorlar muruvvat qilib qolishi bor. Kim biladi, uchrashuvdan keyin ulkan zavod-fabrikalarga uchrashuvga olib ketishadimi?..

Xotini shundan keyin ham «qanaqa yigʻilish, qanaqa uchrashuv» deb bir ogʻiz soʻramadi. Aksincha, «Aytmoqchi, Qoraboylidagi jiyaning bir oydan beri kasalxonada yotibdi. Bir kilo qoq oʻrik ol-u, shuni koʻrib kelish yodingdan chiqmasin. Manov oʻrtancha bolang ariqdan itbaliq suzib tutaman, deb choʻmichning dastasini sindirib qoʻydi. Nukusda koʻzing tushsa, shundan bittasini olib kelarsan...», deya battar ensasini qotirdi.

Bu soʻzlardan keyin Oʻrozbekning portlab ketishiga sal qoldi. Nimalar deyapti bu xotin oʻzi, osmonda uchib, qayta tugʻilganday boʻlib turgan odamga shunaqa gaplarni aytishning nima keragi bor? U Shinardan durust gap eshitishdan umidini uzib yana qogʻozlarga tikildi. Shu payt telefon jiringlab, xayoli boʻlindi. Simning narigi tomonidagi odam ikki marta «allo, Oʻrakamisan?» deb soʻradi.
— Shu uy bizniki boʻlgach, albatta oʻziman-da! — dedi u biroz vazmin, biroz quvnoq ohangda.
— Hov, ovozing oʻzgarib ketibdimi, joʻra. Xuddi qutirgan tuyaning ovozidek xirillab turibdi-ku, — dedi narigi tomondagi odam. — Qani, ertaga Jumakaning uyiga borib, ziyofatni undiramizmi? Boradigan boʻlsak, hozir komanda beraman!

Oʻrozbek shundan soʻnggina ovozini biroz pasaytirib gapira boshladi:
— Men ertaga ovulda boʻlmayman...
— Qayoqlarga sandiroqlab ketmoqchisan?
— Nukusga.
— Hov, shunaqami? Yoʻl boʻlsin, tinchlikmi ishqilib? Bu deyman, vazirlikka kirib, maktab direktorining oʻrniga mixday tasdiqlanib qaytmoqchimisan deyman?
— Hazilingni qoʻysang-chi! Nima, maktab direktori boʻlish shunchalik sharaf ishmidi? Bersa — ishlayveramiz, senga borsa — sen ham ishlaysan. Men Nukusga yozuvchilar yigʻilishida qatnashish uchun ketayapman, — dedi Oʻrozbek yana ovoziga vazmin tus berib.
— Yozuvchilar yigʻilishiga deysanmi? Sen ularning qaysi yarasiga em boʻlarkansan? — doʻsti dastakni yorib yuborguday qah-qahlab kuldi. Biroq Oʻrozbek shoshmadi, sir bermadi.
— Qishloqlarda yashayotgan yosh iste’dodlarga yordam berish masalasi koʻrilayotgan ekan. Yigitlar yodga olib bizniyam chaqirishibdi.
— Joʻrajonim-ov, oʻn yildan beri bironta she’ring yorugʻ koʻrmay, «chala shoir» degan laqabdan qutilish uchun ziyofat berganing oʻtgan yili emasmidi? Nukusdagilar seni tirik shoirlar roʻyxatidan qanday qilib topib olishgan ekan-a?

2

Ota-bobolarning bir soʻzi bor: «Odamning koʻngli bir otim nosdan qoladi». Doʻstining soʻzlari unga zahar purkaganday ta’sir qildi. Kuni boʻyi surgan shirin xayollari koʻkka uchib, kimdir uni ajoyibotlar dunyosidan qaytarib olib kelib, yana shu uyiga itqitib tashlaganday boʻldi. «Shu Shomurod juda farosatsiz-da, — deb ozorlandi u. — Yaratgan egam qanday gunohim uchun ikkovimizni bir ovulga tiqib, maktabda ishlashga majbur qildi-ya! Ishdayam, oʻtirish-ziyofatdayam kun bermaydi...

Nukusga qatnab, shoir boʻlish uchun astoydil harakat qilib yurganida tengqator joʻralari: «Sen hali shoir boʻlmoqchi boʻlib yuribsan. Manov Shomurod aytgan gaplarning birontasini ham topib gapira olmaysan. Nukusga borib-kelish uchun sarflagan yoʻlkira pullaringni toʻplab Shomurodga berganingda, allaqachon laureat boʻlib ketar edingga», deb tanglay qoqib, zaharli kulishar edi. Tilingga otashkurak bosilgur Shomurodning topgan gapiga qarang: «She’r yozmaydiganlarga gʻamxoʻrlik qilishayotgan boʻlsa, bizlar ham borsak boʻlarkan...» emish.

Xullas, Shinarning «chovli-choʻmich olib kel», degan gapiga ranjib oʻtirgan Oʻrozbekka Shomurodning bu gaplari ogʻir tegdi. Telefon dastagini oʻrniga qoʻyganidan keyin qaysi xonaga qarab yoʻnalishni bilmay turib qoldi. Gʻazabi toshdi. Shomurodning achitib-achitib aytgan soʻzlariga javob izladi. Biroz ikkilanib turdi. «Shularning aytgan gaplarida jon bor-ov», deganday oʻylarga ham bordi. Baribir, ruhi tushmadi, oʻzini tikladi. Shahd bilan toʻgʻri xonaga kirib bordi-da, Nukusda kerak boʻlib qolar degan qogʻozlarini yana taxlay boshladi...

Ertalabdan maktab rahbarlariga, kasbdoshlariga, yoʻl boʻyi uchragan tanish-bilishlarga telegrammani koʻrsatib yurib, sal boʻlmasa Nukusdagi yigʻilishga kechikib qolay dedi. Baxtiga, yoʻlda uchragan birinchi mashina Oʻrozbekning tanishi ekan, Nukusga vaqtida yetib keldi...

3

Yigʻilish boʻladigan joy Oʻrozbekka avvaldan ma’lum edi. Xuddi mana shu zalda, bundan yetti yil burun Sodiq shoirning yubiley kechasi boʻlib oʻtgani xuddi kechagiday esida. Binoning sirti marmar bilan qoplanibdi, ta’mirlanibdi, zinapoyalarga ham marmardan ishlov berishibdi. Oʻrozbek yigʻilishga kelgan olomonga qoʻshilib ichkariga kirdi. Yurib borayotib, tanish-bilishlar uchrab qoladimi, deb koʻz yugurtirdi. Koʻpchiligining yuzi tanishga oʻxshaydi-yu, ammo avvaldan koʻrishib, salomlashib borgan odamlar emas. U esa eski tanishlarini izlardi. Zalga kirmay, uzun dahliz boʻylab toʻp-toʻp boʻlib, bosh qoʻshib, suhbatlashib turgan odamlarni oralab yurdi. Bir payt «Moʻynogʻim», «Orolim» deb she’r yozaveradigan Turumtoy shoirga duch kelib qoldi. Uning oʻsib ketgan soqol-moʻylovini koʻrgan Oʻrozbek beixtiyor oʻzining iyagini ushlab, boʻyinbogʻini toʻgʻrilab qoʻydi.

Yigʻilishga kelganlarni roʻyxatga olayotganlar ham notanish, sochlari oʻsib ketgan yigitchalar. Oʻzuvchi yoki shoirga emas, koʻproq zavod ishchilariga oʻxshab ketishadi.
— Inim, meni ham roʻyxatingga olib, belgi qilib qoʻy, — dedi u yigitlardan biriga. — Familiyam Soyibjamolov, ismim Oʻrozbek.

Ma’mur yigit uning ism-familiyasini yozib olayotgan paytda, stolning narigi tomonida qator turganlarning biri, oriqdan kelgan yigit yalt etib qaraganday boʻldi, Oʻrozbek ham unga tikildi-yu, darrov tanidi — yozuvchi Rahmon Imomatdinov. Oʻrozbek darhol qoʻl uzatdi:
— Assalomu alaykum!
— Siz ham keldingizmi? — kulimsiradi Imomaddinov. Oʻrozbek «ha» deb bosh irgʻadi-yu, zalga kirib ketdi. Uchinchi qatorning oʻrtalariga borib oʻtirib oldi. Hay’at stoliga ham, minbarga ham mikrofon qoʻyilgan. Huv tepaga haqiqiy talant — xalqning milliy boyligi ekanligi haqida chaqiriq-shior ilib qoʻyilibdi. Oldingi ikki qatorga hech kim kelib oʻtiravermadi, Oʻrozbekning oʻtirgan qatori bir pastda toʻldi-qoldi. U tanish-bilishlar uchrab qoladimi, deb bir-ikki marta atrof-tevarakka alanglab qaradi. Ammo oʻzi taniydigan odamlar koʻrinavermadi, aksiga olib odamlar orasida boyagi Imomaddinov qayta-qayta koʻzga chalindi, xayoli oʻshanga ogʻdi. «Zangʻarning bolasi, «Siz ham keldingizmi?» deganiga oʻlaymi. Haliyam oʻsha zaharxandaligini tashlamabdi.

Yigʻilish boshlandi. U hay’at stolidagi barcha harakatlarni ziyraklik bilan kuzatib, aytilayotgan soʻzlarni shoyon diqqat ila tinglab oʻtirdi. Ayniqsa, uyushma raisining axborotini ixlos bilan eshitdi. Yonida oʻtirgan notanish odamlarga oʻxshab, qoʻliga qalam-qogʻoz olib, allanimalarnidir yozib oʻtirmoqchi boʻldi. Biroq, nimani yozish kerakligi, boshqa oʻtirganlar nimalarni yozayotganligini bilolmadi. Shunga qaramay, oʻzini yozib oʻtirgan odamday tutdi.

Axborotda Nukusda yashab ijod qilayotgan, matbuotdagi chiqishlari bilan xalqqa tanilib qolgan yosh iste’dodlarning, havaskor qalamkashlarning nomlari oʻqildi. Bular orasida «Soyibjamolov» degan familiya yoʻq edi. Uning familiyasi tanqid qilinganlar orasida ham tilga olinmadi. Shu payt miyasiga bir fikr keldi: «Oʻzishni boshlashim kerak!» Yigʻilishda tilga olinadiganlar qatorida boʻlishim kerak. Anovi la’nat yogʻgur Shomurodning soʻzlariga chidamay, qoʻlimni qalamdan sovutib olganim yomon boʻlgan ekan-da. Hammasini qaytadan boshlashim kerak!..

Yozish kerak, yozish kerak...

4

Kelajak sari talpinib, joʻshqin taassurotlar orasida toshib turgan bir paytda yana Imomaddinovni esladi-yu, kayfiyati buzildi, manglayini ter bosdi. «Omadsizligimni Shomuroddan koʻrib yuribman-a, axir meni ezib tashlagan, shashtimni susaytirib, ilhomimni yerga kiritib yuborgan odam — mana shu uying kuygur boʻladi-ku! — alam bilan esladi u. — Bundan yetti yil avvalgi azoblarini yoddan chiqarib boʻladimi? Shu la’natining gapiga chidamay tashlab ketdim-a barini. Nimalar degan edi oʻshanda? «Sen she’r yozib ovora boʻlib yurma, sendan baribir yaxshi shoir chiqmaydi. Shikoyat yozish, arz qilish bilan shoir boʻlgan odamni shu paytgacha koʻrdingmi?» — deb soʻragan edi-ya.

Shunday degan edi-ya! Imomaddinovning aytgan gaplari xuddi kechagina aytilganday, naq ipidan-ignasigacha yodida qolibdi. Bu fikrdan Oʻrozbekning yuragi shuv etib orqaga tortib ketdi. Xayolida Imomaddinov butun zal osha unga tikilib oʻtirganday tuyuldi. Ortiga qarash nari tursin, yonida oʻtirganlarning yuziga qaray olmay, choʻkib ketdi. Oʻrindiqqa singib ketganday boʻldi. Zalda ora-tura boshlanib qoladigan chapaklargina Oʻrozbekning xayolini joyiga keltirib qoʻyardi...

5

Imomaddinov ham yigʻilishda bemalol oʻtira olmadi.
— Sen anovi uchinchi qatorda oʻtirgan Soyibjamolov degan koʻzaboʻyinli kishini taniysanmi? — soʻradi u yonida oʻtirgan nashriyot direktoridan.
— Qaysi koʻzaboʻyin?
— Ana, oʻtiribdi-ku yelka sochlari chiyratilgan soʻtak.
— Yoʻq, tanimas ekanman.
— Unda buning senga qizigʻi yoʻq, — dedi-da, yana oʻz xayollariga berildi. «Soyibjamolovni bu yigʻilishga kim chaqirgan boʻlishi mumkin? Yoki, oʻzi eshitib kelaverdimikan? Tuppa-tuzuk ishiga singib, berilib ishlayotgan odamni yana issiq oʻrnidan qoʻzgʻatib nima qilishar ekan-a? Shoir-yozuvchilikni pichoq bilan kesganday tashlab, shikoyatbozlikdan ham voz kechib ketuvdi-ku bu...» — deb ich-ichidan afsus chekdi Imomaddinov. U yigʻilish tugaganidan soʻng yozuvchilar uyushmasiga kirib oʻtishga ahd qildi. «Boraman, chaqiruv roʻyxatini kim tuzganini aniqlayman, qani, bilaylik-chi, kim chaqirgan ekan oʻzi? «Zalni toʻlgʻazish uchungina chaqirdik», deyishsa ham, baribir, aytadiganimni aytib chiqaman. Bunaqa beparvolik davom etaversa, iste’dodsiz odamlar qoʻltigʻiga suv purkab, oʻchib qolgan «oʻt»ni qayta yondirish davom etaveradigan boʻlsa, adabiyot oldidagi mas’uliyat qayerda qoladi axir?! Undan koʻra, haqiqiy iste’dodlarni aniqlab, ana shularga yordam qoʻlini choʻzish savobli ish-ku. Shularning barini aytib solaman...».

Oʻrozbek ishlaydigan maktab direktorining aytgan soʻzlari Imomaddinovning yodiga tushib, beixtiyor kulib yubordi. Gazeta ishlari bilan oʻsha ovulga borganida uni maktab direktori uyiga chaqirib, choy berdi. Gapdan gap chiqib, direktordan Oʻrozbekni soʻraganda, «Hozir Oʻrozbek yoʻlga tushib oldi, — dedi direktor. — Avvallari edi, yigʻilish boʻlsa, hammani tanqid ostiga olib, savodsizga chiqarib, adabiyotni tushunmaydigan, ortda qolib ketganlar deb ayb taqib chiqardi. Yigʻilishlarda, bayram kechalarida «she’r oʻqiyman» deb, minbarga chiqib olardi. Ta’lim rahbarlari ham «shu oʻqisin, mayli, boʻlmasa qutulmaymiz», deb ruxsat berishardi. Yoru birodarlar ziyofatida, toʻylarda-ku buni sira toʻxtatib boʻlmasdi, bemaza, qofiyasi kelishmagan tizmalarini she’r deb oʻqiyverardi, oʻqiyverardi... Odamlarni juda jonidan toʻydirib yubordi. Oxiri, bir-biriga zarda qilishib, «shu Soyibjamolovga kim soʻz berdi oʻzi? Barakat top, obket, bor, uyingga oborib oʻqit!» deydigan boʻlishdi. Endi, bu «shoiri zamon»ning uyidagilar ham xuddi choʻgʻ ustida yurganday, yurak hovuchlab oʻtirarkan. Qovogʻini uyub uyiga kelarkan-da, ovqatini yeb, choyini ichib, belbogʻini bogʻlab, «jim oʻtiringlar, men she’r yozishga ketayapman!» deb, toʻrdagi xonaga kirib ketarkan. Shundan to tong otguncha hech kim bilan xabarlashmay, she’r yozib chiqarkan...».

6

Oradan ancha kun oʻtdi. Oʻsha yigʻilishda aytilgan ijobiy tavsiyalarni amalga oshirish uchun ijodiy tashkilotlarda ish qizib turgan bir palla edi. Imomaddinov ham gazetaning yaqin sonlaridan birida «Yoshlar ijodidan» degan maxsus sahifa tayyorlashga kirishib, hali koʻpchilikka tanilib ulgurmagan yosh iste’dodlarning asarlarini toʻplab, tahrir qilib oʻtirgan edi. U mana shu mavzuda yozayotgan maqolasiga eng soʻnggi nuqtani qoʻyib, eski odati boʻyicha deraza oldida tamaki tutatmoqchi boʻldi-da, oʻrnidan turdi. Derazadan tashqariga nazar tashlab, markaziy koʻchada oʻtib-ketib turgan odamlarni kuzata boshladi. Koʻchaning narigi betidagi univermagning oldi odatdagidek odam bilan toʻla. Undan yuz metrlar nariroqda — «Qirq qiz» restoranining eshigidan kirib-chiqib turgan xoʻrandalar bugun negadir kamday. Xuddi shu payt deraza oldida turgan Imomaddinov Matbuot uyi oldidagi yoʻlakdan bu tomon kelayotgan odamga koʻzi tushdi-yu, uni kimgadir oʻxshatdi. U qayta-qayta tikilib qaradi, ha, xuddi oʻzi — Soyibjamolov! «Shu, oʻzi! — gʻudrandi Imomaddinov — Ana, kelayotir! Bu yoqqa, gazetalar binosi tomon kelayotir!» Oʻrozbekning haqiqatan ham bu tomonga kelayotganiga ishonch hosil qilish uchun yana biroz vaqt hayallab, derazadan qarab turdi. (Aytganday, Imomaddinov hu boyagi yigʻilishdan keyin yozuvchilar uyushmasiga borib, Soyibjamolovga kim telegramma yuborganligini aniqlashtirgan edi. Ma’lum boʻlishicha, uyushmaga yangi ishga kelgan qiz yosh yozuvchilarning bundan oʻn yil burungi eski roʻyxatini koʻzdan kechirib oʻtirib, yangi roʻyxatga buning nomini ham oʻtkazib yuborgan ekan).

Imomaddinov gʻoʻldiraganicha stoliga keldi-da, sochilib yotgan qogʻozlarini apil-tapil terib oldi va gʻaladonga tashladi. Kuldonning bir chekkasida turgan gugurt choʻpini, osigʻlik turgan telpagini shosha-pisha olib kiyindi-da, tezroq chiqib ketish uchun taraddud koʻra boshladi.
— Sen, inim, tushgacha jilmay shu yerda oʻtir, — dedi boʻlimda adabiy xodim boʻlib ish boshlagan yigitga. — Mening hozir borib keladigan zarur ishim chiqib qoldi. Kim meni soʻrab kelsa, tushdan keyin kelsa kerak, deb aytaqol...

U shunday deb shoshilinch tarzda xodimlarga topshiriqlar berdi-da, oʻzi Matbuot uyining chorbogʻi tomondagi orqa eshikka qarab tez-tez yurib ketdi.

Bu paytda Matbuot uyining zinapoyalaridan Oʻrozbek Soyibjamolov tahririyat tomon shaxdam chiqib kelmoqda edi.