OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSharif Yusupov
Asar nomiMash’um xato yoki gap kanizakda edimi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Sharif Yusupov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 24-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mash’um xato yoki gap kanizakda edimi?
Sharif Yusupov

XIX asr ikkinchi yarmida Turonzaminning Rossiya tomonidan nisbatan osongina bosib olinishi sabablari xususida gap borganda, koʻp hollarda, oʻlkadagi Qoʻqon, Xiva xonliklari Buxoro amirligi hukmfarmolari oʻzaro ahil boʻlmagani masalasi ta’kidlanadi. Bu fikr muayyan darajada toʻgʻri. Negaki, Rossiya bosqinidan oldingi davrlarda ham bu uch xonlik orasida turli nizolar chiqib, ular bir­birlarining yerlariga hujum qilgan, aholini talon­toroj etgan. Biroq Rossiya imperatorlari Markaziy Osiyoni bosib olish fikrini qat’iylashtirganlaridan keyin muttasil ravishda xonliklarni bir­biriga gij­gijlash, ular orasida oʻtib boʻlmas choh paydo qilish maqsadini amalga oshirishga intildilar. Arxiv materiallari ham buni tasdiqlaydi.

Gapni olis davrlardan boshlamay, XIX asrning birinchi va ikkinchi choragida yuz bergan voqealarga nazar tashlay qolaylik. Rossiya hukmron doiralari savdogar, sayyoh niqobida ketma­ket josuslar yoʻllab, xonliklardagi haqiqiy ahvoldan puxta xabardor boʻlgach, ularning bosqinchilik rejalarida aldam­qaldam «diplomatiya» tobora koʻproq oʻrin egallay boshlaydi. Jumladan, ular, bir tomondan, Rossiyaga yuborilgan Qoʻqon, Buxoro va Xiva elchilaridan oʻz yovuz maqsadlarini yashirib, xonliklarga yaqin hududlarda harbiy istehkomlar qurish, daryo portlarini kelajakdagi hujumlari uchun muvofiqlashtirish kabi nomatlub ishlarini goʻyo xonliklar manfaatini koʻzlab qilinayotgandek koʻrsatmoqchi boʻladilar. Ikkinchi tomondan, Turonzaminga bosqin onlari yaqinlashgani sari uch xon orasidagi nizoni ataylab kuchaytirishga qaratilgan manfur diplomatiyani imperator va uning eng yaqin a’yonlari ishtirokida amalga oshirishga erishadilar.

Bu siyosiy nayranglardan biri 1842 yil bahorida Qoʻqon xonligi amir Nasrullo tomonidan bosib olinib, talon­toroj qilinib, ommaviy qatl oʻtkazilib, bu ham yetmagandek, butun xonlik hududi Buxoro amirligining tarkibiy qismi, deya rasman e’lon etilishidan keyin Rossiya imperatori Nikolay Birinchi tomonidan amirga yoʻllangan maktub edi. Ikki xonlik oʻrtasidagi bu adolatsiz urushning bosh sababchisi amir Nasrullo ekanligini yaxshi bilgan imperator amirning Qoʻqondagi gʻalabasidan mamnun ekanini bildirgan va unga goʻyo iltifot koʻrsatayotgandek bunday deb yozgandi: «Qoʻqondagi taxt uchun kurashlarni bartaraf qilish zarur. Shundan keyin Turkiston va Toshkent bilan Sirdaryo boʻyigacha, Jizzaxdan boshlab Oʻratepa, Xoʻjand, Qoʻqon, Margʻilon va Koshgʻar chegarasigacha boʻlgan yerlar siz hazrati oliylarining qoʻllarida boʻlib, hukmronlik qilishingizni istaymiz».

Vaholanki, bu maktubdan atigi uch oy chamasi avval, 1842 yilning 25 fevralida xonlik elchisi Muhammad Xalil Sohibzoda orqali Muhammad Alixonga yoʻllagan maktubida ayni shu Nikolay birinchining oʻzi: «Sizning qudratli Rossiya davlati bilan muntazam ravishda doʻstona aloqalarda boʻlish istagingizni bilish biz uchun gʻoyat yoqimli boʻldi. Sizning bu yaxshi niyatlaringizni oʻz tomonimizdan kamoli ehtirom ila qabul etamiz. Ishonamizki, sizning oʻzaro doʻstona qoʻshnichilik aloqalarini yoʻlga qoʻyish haqidagi samimiy gʻamxoʻrligingiz kelgusida muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi. Sizga barcha ezguliklarni tilab qolamiz» (Oʻzbekiston Markaziy Davlat arxivi, 715­jamgʻarma, 1­qayd, 4­ish, 16­sahifa), deb yozgan edi.

Ana subutsizligu, ana surbetlik! Rossiyadek olamga tanilgan, qudratli davlatning imperatori uch oygina avval dunyoning barcha yaxshiliklarini tilab qolgan Qoʻqon xonligiga endi hech bir insof­adolatga toʻgʻri kelmaydigan yomonliklarni ravo koʻrib oʻtirsa­ya! Nikolay Birinchi Qoʻqon xonligining barcha hududlari amir Nasrullo tasarrufida boʻlishini aytib, goʻyo unga katta iltifot koʻrsatgandek taassurot qoldiradi. Lekin oradan birmuncha vaqt oʻtib, xuddi shu hududlar Rossiya askarlarining oyogʻi ostida toptaldi: Buxoro amirligi va Xiva xonligi imperatorlikning vassaliga aylantirilishidan tashqari, Qoʻqon xonligining nomi jahon xaritasidan butunlay oʻchirildi.

Amir Nasrullo tomonidan 1842 yili Qoʻqon xonligida amalga oshirilgan xunrezlikni mutlaqo oqlab boʻlmaydi. Nega? Shuning uchunki, oʻsha vaqtdagi Qoʻqon hukmdori oʻz yurtining amirlik tomonidan shafqatsizlarcha bosib olinishi, oʻzi, ukasi, volidasi, xotini, farzandlari va boshqa yaqinlari bilan olomon oldida vahshiylarcha qatl etishga arziydigan biror ish qilmagan edi.

Oʻsha davrning haqgoʻy muarrixlari bu xususda bizga aniq ma’lumotlar qoldirishgan. Ular bu mudhish bosqinni tuzatib boʻlmas xato sifatida baholashgan. Tarixiy manbalardan ma’lumki, amir Nasrullo oʻz bosqinchilik yurishini oqlash uchun goʻyo Muhammad Alixon otasi uylanmoqchi boʻlgan kanizakni nikohiga olib, shariatga xilof ish tutdi, degan da’vo bilan chiqqan. Oʻsha davrning zukko muarrixi Ishoqxon toʻra Ibrat «Tarixi Fargʻona» asarida amir Nasrulloning bu ishiga aslida nimalar sabab boʻlgani xususida quyidagicha yozadi: «Muhammad Alixon anosini oldi degan soʻz rost boʻlmay, buxoriylar qatllarini aybini satri uchun qilgʻan qabihalarini tavjigʻa chiqarilmish soʻzlari ekan. Asl muddao boʻlak ekan. Chunonchi, Umarxon «olaman» degan Poshshoxon oyimni husnini eshitub, gʻoyibona maftuni jamol boʻlub, muni ancha sabab qilib kelgan ekan... Muhammad Alixonni xalqni koʻziga osiyu gunohkor koʻrsatib, shariatni poymol qildi, tanbeh darkor, deb kelib, qancha xonzodau mazluma oyimlarni qatli bagʻayri haq qilib, oxirulamr murod oʻshal oyim ekan, olub, muddaosigʻa yetib, Buxorogʻa olib ketdi».

Mirzoolim Mushrifning «Ansob us­salotin va tavorix ul­xavoqin»ida esa, amir Nasrullo bosqinining boshqa bir sababiga urgʻu beriladi: «1252 sanada (milodiy 1836-1837 yil) Fargʻona xoni Muhammad Alixon birla amir Nasrullo oralarida Bashogʻir nom qal’a ta’miri xususida munozaat (nizo) boʻldi... Bashogʻir qal’asi munoze’i va ham boshqa sabablar ila amir Nasrullo Bahodirxon qoʻshin jamlab, Fargʻona oʻlkasiga yurush qilib, nizomiy askarlari birla osonlik ilan Bashogʻirgʻa istilo qilib, andin Oʻratepa va Hoʻjand shaharlarigʻa doxil boʻlub, andin dorulmulki Fargʻona boʻlub turgan Hoʻqand ustiga kelib, qatl aylab Buxoroga joʻnadi».

Oʻsha davr muarrixlarining barchasi amir Nasrulloning Qoʻqonga qilgan bu bosqini sababini, avvalo, Muhammad Alixon Qoʻqon xonligi sarhadlari daxlsizligi uchun amirlikka chegaradosh Bashogʻir qal’asini mustahkamlaganida, qolaversa, Muhammad Alixon nikohiga olgan kanizak — Poshshoxonning husn­jamoli ta’rifini eshitgan amir unga gʻoyibona «oshiq» boʻlib qolganida koʻradilar.

Amir Nasrulloning bu vahshiyligi va boshqa koʻpdan­koʻp nomatlub ishlari borasida gap borganda, oʻsha davr tarixchilari xalq undan qattiq norozi boʻlib, amirni oʻz ismi bilan emas, balki «Botir qassob» laqabi bilan atay boshlaganini qayd etadi. Aksar muarrixlar fikricha, amir Nasrullo a’yonlari ichida unga maslahat koʻrsatishga, haqiqiy ahvolni yuziga aytishga jur’at eta oladigan biror kishi boʻlmagan. Biroq oʻsha davrda yaratilgan ayrim tarixiy asarlarda boshqacha ma’lumotlar ham uchraydi: amir Nasrullo qanchalar oʻjar, kaltafahm va jallodtabiat boʻlmasin, uning atrofida amirni dahshatli ishlardan qaytarishga intilgan, hatto uning yuziga tik boqib, bu ishlar qanday mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ayta olgan jasorat egalari ham boʻlgan. Masalan, Ishoqxon Ibrat «Tarixi Fargʻona»da, Mulla Olim Maxdum «Tarixi Turkiston»da bunday ulkan jasorat, insof va aql egalaridan ikkitasi xususida alohida toʻxtaladi. Ularning birinchisi — sarkarda Abdusamad noib, ikkinchisi esa, shoir Junaydullo Hoziqdir. Amir Nasrullo bosqiniga tob berolmay, ukasi Mahmudxon bilan birga qochgan Muhammad Alixonni uning huzuriga tutib keltirganlarida roʻy bergan voqeani Ibrat quyidagicha tasvirlaydi: «Amir darhol qatlgʻa hukm qilgʻanda oʻz vazirlaridan Abdusamad noib degan hushmand kishi amirga «Janobi oliylariga maloli xotir boʻlmasa, bir kalima soʻz aytsam» deganda, amir «Nima soʻzdur?» degan ekan. Aytibdurki, «Holo Hoʻqand zabt oʻldi, Fargʻona katta mamlakatdur, qancha askaru, sipohu xazina sarf oʻlub olindi, alholda Rusiyani kelmagi mahali xavfdur. Agarda xonni onti akid berib, tavba qildurub, Hoʻqandgʻa qoʻyub, Buxorogʻa tobe’ qilinsa, bir mulk boʻlub, bizlarga kelgan dushmanlarga bir qalqon boʻlur erdi», deganda soʻzi amirga ma’qul boʻlmay, ogʻzigʻa kafsh bilan urdurgʻon ekan».

Abdusamad noibning chinakam jasorat va tengsiz donolik namunasi boʻlgan bu soʻzidagi ikki jihatga alohida e’tibor berish lozim boʻladi. Avvalo, Rossiya Oqmasjidni bosib olishidan oʻn bir yil ilgari Abdusamad bu «mahali xavf»ni yaqqol idrok etib, daf’ etish mushkul boʻlgan ana shu xavfdan amirni ogohlantirishga jur’at etgan. Ikkinchidan esa, bu gapni oddiy noib emas, balki harbiy sohada katta mutaxassis boʻlgan, oʻzi inglizcha ta’lim berib, inglizcha qurollar bilan ta’minlangan 200 chamasi askari kuchi bilan xonlikni yengishda alohida ish koʻrsatgan shaxs aytmoqda. Ammo johil va nodon amir oʻylamay­netmay aql­idrokda, bilimdonlikda, insof­adolatda koʻpchilikka namuna boʻladigan Abdusamad noibni xaloyiq oldida qattiq beobroʻ qiladi va jazolaydi. Kekchi amirning bu jazosi hali xamir uchidan patir edi...

Amir bilan Abdusamad noib oʻrtasidagi munosabatlar ana shu jazolash voqeasidan soʻng qanday tus olgani va noibning keyingi fojeali taqdiri borasida Mulla Olim Maxdum oʻz kitobida keng ma’lumot beradi:

«1250 (milodiy 1834 yil) sanada Eroniston tarafidin Abdusamad Tabriziy nom zot Buxorogʻa keldi. Ul odam dono va fozil va gʻoyatda hunarmand va zakiy va sohibroy edi.

Oning sa’yi va dalolati ila Buxoro mamlakatida boʻlgan Eron asirlarini sotib olib va boshqa vajhlar ilan olib, ikki yuzga yaqin jamlab, inglis tartibida nizomlik askar tartib qilib va boshqa urush asboblarini hozirlab, otlargʻa ta’lim berib, adadi oz boʻlsa ham, yaxshi muntazam askar ahdos qildi... Abdusamadgʻa noiblik rutbasi berilib, amir Nasrullo nazdida maqbul, gʻoyatda e’tiborlik boʻldi. Bir necha zamonlardan keyin hassod va dushmanlari koʻpayib, har xil makruh tadbirlik soʻzlar ilan amir Nasrulloni oning xususidagi ixlos va muhabbatini qaytarib (noibning asosiy aybi Qoʻqonda amirga maslahat koʻrsatishga jur’at etgani ekanligidan muallifning xabari yoʻq chamasi — Sh.Yu.), oxir toʻpxona rayosatini bir nodon, johil sarkardagʻa topshurub, Abdusamadni oning farmonigʻa qoʻydi. Abdusamad bu ishdin gʻoyatda oru nomus qilib, nihoyatda koʻngli ranjib, oralarida kudurat paydo boʻlub, amirning yamon niyatidin xavfu taloshgʻa tushub, Buxorodan qochmoq fikri ilan Shahrisabz hokimi ilan ahdu paymon qilib, amir Nasrulloning Shahrisabz urushida Abdusamad oʻz tabaasi va toʻplari ila amirdin koʻb ilgari ketganlikdin amir vahima qilib, toʻxtamoqqa amr berib, kishi yuborsa ham quloq solmay ketib turgʻonda, amir ketidin askar yuborub, Shahrisabzgʻa yaqin kelganda muhoraba qilib, olib qaytib, oni zindongʻa solib, oxiri muni ham qatl qildi».

Amirga bir martagina toʻgʻri maslahat berishga jur’at etgan, amirlik uchun suv va havodek zarur boʻlgan dono va zukko sarkardani qatl etish bilan amir Nasrullo aslo kechirilmas gunoh qilgani, uning bu azim gunohi amirlikka qanchalar qimmatga tushgani haqida keyinroq fikr yuritamiz.

Boʻlar­boʻlmasga hadiksirayveradigan, nodon, johil, kekchi amirning Qoʻqon yurishidagi qilmishlari tarix oldida uning yuzini qaro qilajagini bashorat qilgan va bu haqdagi fikrini amir yuziga qaqshatgʻich bir bayt bilan aytgan mislsiz jasorat sohibi Hoziqning hayoti ham fojiali tugamasligi mumkin emas edi. Bu xususda «Ansob us-salotin va tavorix ul-xavoqin»da Mirzo Olim Mushrif quyidagicha ma’lumot beradi: «(Xoʻqanddin) necha manzilu marohil tay aylab Buxorogʻa yaqin borgʻanda... amir Bahodirxon xursandlik qilib, Mirzo Junaydullo Maxdum Hoziq mulaqqabkim, shayxulislom Hirotiyning oʻgʻullari erdi, amiri Buxorogʻa kecha-kunduz hamnishin erdilar, ziyoda gustoh ekanlar, amir farmoyish qildikim: «Bizni bu safardin bozafar kelganimizgʻa bir fard bayt mashq qilib, bir nimarsa ayting», dedilar. Darhol bu baytni oʻqudilarkim, nazmi Hoziq:

Buridi bar qadi xud az malomat,
Libose to ba domoni qiyomat.

(Tarjimasi: Oʻz qaddingga yomonliklardan shunday bir libos bichtirib kiydingki, u ustingda qiyomatgacha qoladi.)

Amirning jahli kelib, rangida qatra qon qolmadi, to oʻrdasigʻa doxil boʻlgʻuncha soʻzlamadi. Maxdum Hoziq tavahhumgʻa qoldilar va oʻshal kecha otlanib, Shahrisabzgʻa oʻtib kettilar... Amiri Buxoro dargʻazab boʻlub, necha muddatdin beri Dushaboy degan bir oʻgʻrini zindon qilib qoʻyub erdi, ani chaqirib bir farmoyish qildikim: «Sen agar Maxdum Junaydni va eshon Shofe’ni boshlarini olib kelsang, banddin ozod qilaman», dedi. U ham qabul qilib, Shahrisabzga keldi...

Qazoro bir kun Dushaboyni bir odam kasal suratida olib kelib, «Taqsir, bunga doru bering, kasal boʻlubdur», deb. Shul kecha yotib boshlarini olib, kechalab amiri Buxorogʻa manzur qildi ersa, in’om-ehsoni bilonihoyalar sarafroz ayladi».

Xullas, amir Nasrulloni koʻpdan­koʻp nojoʻya ishlarining mudhish oqibatlari borasida ogohlantirishga jur’at etgan saroy a’yonlari oz boʻlsa ham uchraydi. Ular oʻz boshlarini qotil qilichi ostiga qoʻyib boʻlsa-da, shunday fidoyilik koʻrsatganlar. Ammo johil amir oʻzining mash’um gunohlari, ularning fojeiy oqibatlari haqida oʻylab koʻrishni xayoliga ham keltirmagan.

Yuqorida biz Abdusamad noib amirni mudhish qotillikdan qaytarishga jur’at etgani xususida soʻz yuritgan edik. Dono noib oʻz mulohazasini Rossiya hujumi xavfi muqarrar boʻlib qolgani, bu xavf nihoyatda jiddiyligi bilan izohlab, uni bartaraf etish tadbirini ham koʻrsatgan edi. Biroq amirlikning harbiy kuch­qudratiga haddan tashqari yuqori baho bergan amir, bu maslahatni nazar­pisand qilmaganidan tashqari, noibni oshkora jazolab, aqli noqisligini yana bir marta namoyish etadi.

Boz ustiga, xuddi oʻsha kezlari imperator Nikolay Birinchi amirning Qoʻqon xonligida qilgan barcha yaramas ishlarini ma’qullab, hatto xonlik hududida amir hukmfarmolik qilishini istashini bildirib, elchi orqali rasmiy maktub yoʻllagani amir Nasrulloning beboshligini yanada oshirib yuborgan va u endilikda Rossiya bosqinidan xavf­harosni yigʻishtirib, butkul beparvolikka, aysh­ishratga berilib ketgan edi.

Rossiya Turonzaminni bosib olishga qat’iy qaror qilganidan voqif boʻlgan Angliya hukumati oʻz manfaatlaridan kelib chiqib, bunga yoʻl qoʻymaslik rejalarini tuzgan edi. Bu rejaga koʻra, Qoʻqonda amir amalga oshirgan qonli voqealardan ilgariroq Oʻrta Osiyodagi uch xonlikka oʻzining ikki zobitini — polkovnik Stoddart bilan kapitan Konollini yuborgan edi. Stoddartga Buxoro amirligida, Konolliga esa Xiva xonligida hamda Qoʻqon xonligida yurt hukmdorlari bilan uchrashib, ularni Rossiya bosqiniga qarshi birgalikda kurashishga tayyorlash, bu ishda ularga ingliz hukumatining amaliy yordami qanday boʻlishini tushuntirish vazifasi yuklangan edi.

Mashhur Ismoilbek Gʻaspirali «Tarjumon» gazetasining 1906 yilgi sonlarida e’lon qilingan «Tarixi jadidai Turkiston», Mulla Olim Maxdum esa, keyinroq, «Turkiston viloyatining gazeti»da chop etilgan «Tarixi Turkiston» asarlarida bu missiyaning bosh maqsadi nimalardan iborat boʻlgani xususida fikr bildiradilar.

«Stoddartning maslagi, — deb yozadi I.Gʻaspirali, — inglizlar tomonidan Buxoroga biror qasd yoki zarar keltirilmasligiga janobi amirni ishontirib, boshqa bir davlatning qasd va tajovuzidan mudofaa etish istaklari bayonidan iborat edi. Shuningdek, agar amir munosib koʻrsa, Buxoro askarini yangi va tezotar toʻplar ila aslahalantirmoq, askariy muallimlar bermoq va Rusiyaning yashirin harakat hamda maqsadidan Buxoro hukumatini xabardor qilmoq edi».

Missiyaning asosiy maqsadi borasida Mulla Olim Maxdum kitobida ham shunga oʻxshash fikrlar bayon etiladi.

Muarrixlarning shohidlik berishlaricha, xuddi shu maqsadda Xiva hamda Qoʻqonga borgan kapitan Konolli yurt hukmdorlari Olloqulixon va Muhammad Alixon bilan muzokaralar oʻtkazib, Angliya qirollik hukumati takliflariga ularni koʻndiradi. Ammo Buxoroga navbat kelganda, amirning tadbirsizligi va johilligi tufayli Rossiya bosqinidan omon qolishning tarix bergan birdan­bir imkoniyati butunlay barbod etiladi, har ikki elchi insof va adolatga zid ravishda qatl etiladi.

Voqea bunday boʻlgan edi:

Rossiyaning Turonzaminni bosib olish rejasini amalga oshirish muddati tobora yaqinlashib kelayotganidan razvedka ma’lumotlari orqali xabardor boʻlgan Angliya hukumati oʻz manfaatlariga zid keladigan bu bosqinning oldini olish payiga tushadi. Bu niyatini amalga oshirish uchun 1838 yili dastlab Buxoroga polkovnik Miralay Stoddart degan kishini maxsus topshiriq bilan yuboradi. Stoddartni ikki marta qabul qilib, u orqali ingliz hukumati niyatidan voqif boʻlgan amir elchi taklifiga hech qanday javob bermaydi. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, elchi ot ustida Registondan oʻtganini eshitgan haddidan oshgan amir Nasrullo oʻylamay­netmay Stoddartni zindonga tashlatadi. Elchidan dom­darak yoʻqligidan tashvishga tushgan ingliz hukumati turli kanallar orqali Stoddartning ahvolidan xabar topib, Rossiya hukumatidan vositachilik koʻrsatishini, elchini Buxorodan chiqarib, oʻsha vaqtlarda Angliya hukmronlik qilayotgan Afgʻoniston hududiga oʻtkazib yuborilishiga erishishni soʻraydi. Rossiya hukumati esa, xuddi oʻsha davrda boshqa bir yumush bilan Buxoroga yuborilgan oʻz elchisi Butakovga ikki yil chamasi zindonda azob berilib, soʻng boʻshatilgan, ammo Buxorodan ketishiga yoʻl bermay ushlab turilgan Stoddart xususida amir bilan soʻzlashib, Angliya hukumati iltimosini ado etishga koʻmaklashish xususida koʻrsatma beradi. Biroq kibru havosi olamga sigʻmagan amir bu vaqtda Qoʻqon xonligini bosib olish uchun joʻnayotgan boʻlib, Rossiya elchisi Butakovni ham Registonda ot ustida kekkayib oʻtirgan holida «qabul» qiladi. Shunday bir vaziyatda Butakovning Stoddart borasidagi iltimosi amalga oshmagani oʻz­oʻzidan ma’lum.

Xullas, Stoddart masalasini hal etishni xohlamagan amir Qoʻqon yurishiga otlanadi. Amir Nasrullo Qoʻqonda, toʻgʻrirogʻi, Mahramdagi oʻz qarorgohida turgan chogʻida uning huzuriga Angliya tomonidan Xiva hamda Qoʻqon xonliklariga xuddi Stoddartniki singari missiya bilan yuborilgan kapitan Konolli ilgariroq Xivaga borib, Olloqulixonni ingliz hukumati takliflariga koʻndirgan, keyin aylanma yoʻllar bilan Qoʻqonga kelib, Qoʻqon xoni Muhammad Alixonni bu takliflarga asosan unatgan edi. Biroq Konolli hali Qoʻqondagi ishlarini saranjomlab ulgurmay, amir Nasrullo moʻri malaxday qoʻshini bilan xonlik hududlarini egallab olgan va oʻzi Mahramda qaror topib, Konollini huzuriga chaqirtirgan edi. Endi Konolli oldida ikki yoʻl turar, birinchi yoʻl — Qoʻqondan yashirincha qochib ketish, ikkinchisi esa, oʻlim xavfidan qoʻrqmay, amir Nasrullo qarorgohiga borib, unga oʻz maqsadini tushuntirishdan iborat edi. Konolliga xayrixoh boʻlgan Qoʻqon a’yonlari unga xonlik hududidan xufiya ravishda joʻnab ketishni maslahat beradilar. Biroq Konolli nima boʻlsa ham, amir Nasrullo huzuriga borib, u bilan gaplashishga qaror qiladi. Amir bilan birinchi uchrashuvdayoq uning ishi chappasidan ketadi. Elchining niyatidan voqif boʻlgan amir Nasrullo darhol uni sarbozlar qoʻriqchiligida Buxoroga, hamyurti va hamkasbi Stoddart tashlangan zindonga joʻnatadi.

Qoʻqonda oʻn kuncha turib shaharni qonga botirgan, yuzlab begunoh erkagu ayolni, yoshu qarini qatl etgan, xazinani ham, xususiy kishilar boyliklarini ham egallab olgan, uch yuzga yaqin goʻzal ayolni choʻri sifatida oʻz yurtiga joʻnatgan amir Nasrulloga xuddi oʻsha kunlari Rossiya elchisi imperator Nikolay Birinchining maxsus tabrik xatini olib kelib topshirgan edi. Rossiya imperatori tomonidan shishirilgan, aslida esa laqillatilgan amir Nasrullo Qoʻqon xonligini Sheralixon egallab olguncha oʻtgan ikki yarim oy chamasi vaqt ichida yana ham pishqirib, bosar­tusarini bilmay qoladi, zulm­istibdodi har qachongidan oshib ketadi. Xuddi shunday bir sharoitda haq­nohaqni, yaxshi­yomonni, gunoh­savobni ajratishga sira ham qodir boʻlmay qolgan amir Nasrullo Angliyadek buyuk davlat tomonidan amirlikka hayot­mamot masalasida koʻmak berish taklifi bilan kelgan ikki elchi­zobitni oʻz huzuriga chaqirtiradi.

Bu chaqirtirish voqeasi qanday fojia bilan tugagani xususida Mulla Olim Maxdum bunday xabar beradi: «Nasrulloxon Hoʻqandni tor­mor qilib, ezib, Buxoroga qaytganda inglis elchilariga dini islomni qabul qilmoqqa taklif qildi. Inglislar javobida: «Hukumatimiz tarafidan Movarounnahrga ma’muriyat ila kelduk, din tark qilmoqgʻa yoki dinni qabul qilmoqgʻa kelmaduk, umid qilamiz, shunga qarab muomala qilinsun», debdurlar. Bu rajolarigʻa qarshi jallodgʻa buyurub, elchilarni boshin kesmoq ila muomala qilindi. Inglisning xayrixohona muomalasigʻa bu tariqa javob berildi».

Ismoilbek Gʻaspirali ham bu xususda alohida iztirob bilan yozadi: «Xiva, Buxoro va Xoʻqand xonlarini ittifoq etdirib, zamonaviy askar va qurol tayyorlatib Rusiya tajovuziga bas keladigan holni keltirishni istagan Angliya hukumatining elchilariga shu tariqa muomala qilindi».

Chindan ham, uch xonlikni Rossiya bosqiniga munosib zarba bera oladigan darajaga koʻtarishning, yurt mustaqilligini saqlab qolishning tarix bergan bir imkoniyati nodon hukmdorning johilligi va ahmoqona siyosati tufayli barbod etilgan edi.

Amir Nasrullo shaxsi masalasida kishini oʻylantiradigan yana bir jihat bor. Bu oʻrinda gap Rossiyaning oʻsha davrdagi eng yirik amaldorlari amirning takabburona va nodonlarcha siyosatidan mamnun boʻlganliklari, uning shaxsiga oʻta baland baho berganliklari haqida bormoqda. Orenburg korpusi qoʻmondoni general­ad’yutant Bezak 1861 yil 10 yanvarda Rossiya harbiy vaziri Chernishevga yoʻllagan ma’lumotnomasida amir Nasrullo haqida quyidagi soʻzlarni yozadi:

«Ajoyib aql egasi, eng uddaburon va mohir siyosatchilardan boʻlmish Nasrullo Buxoroda hukmronlik qilgan 34 yil davomida Turkistondagi barcha xalqlar ustidan alohida bir jozibali qudratga ega boʻldi» (RMD arxivi, 715-jamgʻarma, 1-qayd, 23-ish, 175-sahifa).

Chor amaldorlari amir Nasrulloga bunday baho berishi oqni qoradan, yaxshini yomondan, savobni gunohdan ajrata olmagan bu nodon hukmdor yurgizgan siyosat Rossiya hukumatining mustamlakachilik maqsadlariga muvofiq kelganligidan edi, deb hisoblash mumkin. Amirning bu siyosati qanday dahshatlarga olib kelishi muqarrarligini tez orada yuz bergan voqealar yaqqol koʻrsatdi.

1842 yil bahorida Qoʻqon xonligini qonga botirib, uning barcha hududlarini Buxoro amirligi mulki deya e’lon qilib, oʻsha davr muarrixlari ta’biricha, «Ibrohim xayol degan taryokiy»ni xonlikka noib sifatida qoldirgan amir Nasrullo tez orada qattiq zarbaga uchraydi, Qoʻqonda taxtni Qoʻqon xonlari avlodidan boʻlgan Sheralixon egallab oladi. Bundan dargʻazab boʻlgan amir Nasrullo oʻzining katta qoʻshini bilan yana Qoʻqon sari yoʻl oladi. Lekin bu safar xonlikni qayta boʻysundirishning iloji boʻlmaydi. Amir Qoʻqon qal’asi devorlari yonida ikki oy chamasi shaharni qamal qilsa ham oʻz maqsadiga erisha olmay turgan bir vaziyatda Olloqulixonning oʻgʻli Rahimqulixon boshchiligidagi qoʻshinlar Buxoro amirligi hududlariga bostirib kirib, qal’a va istehkomlarni birin­ketin egallab olayotganlari haqida xabar keladi. Amir Nasrullo oʻz qoʻshinlari bilan orqaga qaytib, xivaliklarga qarshi urushishga majbur boʻladi. Shu munosabat bilan muarrix Poyon Ravshanov bunday yozadi: «Amir xivaliklarga qarshi tirik jonning hammasini, qariyb yuz ming qora cherikni jam’ qilgan boʻlsa­da, magʻlubiyat, minglab odamlarning asir qilib olib ketilishi uni aqlan majruh etib qoʻyadi. Buxoro qora cherigining Xivaga qarshi javob yurishi qilib, Hazorasp yonida butkul tor­mor qilinishi, amirning oʻzi qochib zoʻrgʻa jon saqlashi uning keyingi hayotida mash’um asoratlar qoldirdi... Amirning muttasil qahru gʻazabda boʻlishi, aytadilarki, Xiva xoni talonidan soʻng qariyb toʻrt yil davom etadi. Shu yillar ichida amir Nasrulloning biror marta kulganini, a’yonlari bilan ochilishib gaplashganini hech kim koʻrmagan va bilmagan» («Malika Kenagas oyim yoxud amir Nasrulloning oʻlimi qissasi»).

Zolimligi, aqli noqisligi va bema’ni kibru havosi uchun amir Nasrulloning boshiga tushgan balo­ofatlar bugina emas. Hatto uning oʻlimiga ham ana shu yaramas fe’l­atvori va qilmishlari sabab boʻladi. Amirning cheksiz zulmlaridan toʻyib ketgan xotini Kenagasbegim xalq qasosi amalga oshuviga erishadi. «Nasrullo Bahodirxon 5 oktabr (1860)da Samarqanddan qaytishi bilanoq vafot etdi, — deb yozadi Orenburg korpusi qoʻmondoni general Bezak 1861 yilning 10 yanvarida Rossiya harbiy vaziriga yoʻllagan ma’lumotnomasida. —Uning xotini, oʻz akasi maslahatiga koʻra, Nasrulloning dorisiga zahar aralashtirganini chindan ham boʻyniga olgan. Buning uchun amir oʻsha zahoti har ikki jinoyatchini hamda oʻz tabibini oʻlimga hukm etgan».

Mahalliy muarrixlar asarlarida esa amir Nasrullo mast holda uxlab yotgan chogʻida Kenagasbegim ismli xotini qulogʻiga simob quyib oʻldirgani aytiladi. P.Ravshanov amir qulogʻiga simob quyilganidan keyingi voqealarni oʻz kitobida quyidagicha bayon etadi: «Chalajon Kenagas oyimni ikki bolasi jasadi bilan qoʻshib, Ark yelkasidagi qadimiy Childuxtaron goʻrqudugʻiga tashlab yubordilar. Aytadilarki, bu quduq ichi pishiq gʻishtdan ishlab chiqilgan boʻlib, borho­boriga tigʻ qadab chiqilgan ekan. Chuqurligi yigirma quloch boʻlgan quduqqa tashlangan inson tanasi to pastga yetguncha nimta­nimta boʻlib kesilib tusharkan».

Dunyoga faqat yomonlik uchun kelgan amir general Bezak ma’lumotnomasida bitilganidek, oʻzi oʻlim talvasasida yotgani holda ham tavba­tazarru’ oʻrniga xotini, qaynogʻasi va shaxsiy tabibini oʻldirtirib, soʻngra jon berishi yoki P.Ravshanov kitobida yozilganidek, Kenagasbegimni ikki goʻdak farzandi bilan ajal qudugʻiga tashlatishi har qanday kishini yoqa ushlatmay qoʻymaydi. Katta yoshli muxoliflari chekkan azob­uqubatlari uchun amirdan oʻch olishgani balki toʻgʻridir. Lekin amir Nasrulloning oʻz pushti kamaridan boʻlgan ikki begunoh goʻdak uning farmoniga koʻra oʻlim qudugʻiga tashlanishiga qanday toqat qilish mumkin.

Amir Nasrulloning barcha qilmishlari uning oʻzi bilan qaro yerga koʻmilib ketsa koshki edi. Lekin unday boʻlmadi. Buxoro xonligini Rossiya asoratidan saqlab qolish maqsadida polkovnik Stoddart va kapitan Konollini bu oʻlkaga yoʻllagan, lekin oʻz elchilari amir tomonidan hech bir asossiz qatl etilganidan gʻazabga kelgan Angliya hukumati tez orada Buxoro xonligiga munosabatini keskin oʻzgartiradi. Bu haqda ilgariroq nomi aytilgan Bezakning 1861 yil 29 noyabrdagi qaydlarida quyidagicha yozilgan: «Angliya hukumati Buxoro xonligini butunlay kuchsizlantirishni moʻljallamoqda. Angliya Afgʻonistonni Oʻrta Osiyoning qudratli davlatiga aylantirishni koʻzda tutib, unga Buxoro, Xiva hamda Qoʻqondan ba’zi viloyatlarni qoʻshib olmoqchi.

Agar biz Toshkentda qaror topib, Qoʻqon orqali Xitoy Turkistoni bilan aloqani ta’minlagunimizgacha inglizlar bunga ulgurishsa, ular Oʻrta Osiyoda toʻla hukmron boʻlib oladilar, Oʻrta Osiyoning savdosi ham Xitoy Turkistoni savdosi bilan qaytmaydigan boʻlib ular qoʻliga oʻtadi».

Amir Nasrulloning qilmishlari, kasofati shular bilangina tugamadi. Amir vafotidan olti oycha keyinoq oʻsha Bezak Rossiya harbiy vaziriga bunday deb yozadi:

«Muzaffar bahorda yana Qoʻqonga qarshi harbiy harakatlar boshlashga tayyorlanmoqdaki, shunday qilsa biz uchun gʻoyat foydali boʻlardi, albatta«. Bu ma’lumotnoma chor mustamlakachilarining Oʻrta Osiyodagi xonliklar orasiga nizo solishdan iborat yovuz maqsadini yana bir bora koʻrsatadi. Amir Nasrullo siyosati esa, dushmanlarga qoʻl kelgan edi. Bu siyosat yillar davomida uning avlodlariga ham, butun Buxoro amirligiga ham katta falokatlar keltirishda davom etdi.

«Amir Nasrulloning bu xato siyosatining natijasi yigirma besh yildan keyin oʻgʻli amir Muzaffarxonning asrida ham davom etib, Toshkand va Samarqand Rusiya tarafiga oʻtgandan keyin jadal tamom boʻldi», deb yozadi Mullo Olim Maxdum «Tarixi Turkiston»da.

Samarqand va Toshkentdan tashqari, Xoʻjand, Oʻratepa, Jizzax kabi yirik viloyatlar Rossiya tomonidan bosib olinganidan cheksiz xavotirga tushgan amir Muzaffar bu kuchli dushmanga qarshi kurashishda oʻz qoʻshnilari — Qoʻqon va Xiva xonlaridan madad soʻrashga majbur boʻladi. Biroq amir Nasrulloning zamon­zamonlarga yetgulik yovuzliklarini unuta olmagan xonlar bu iltimosni rad etadilar.

Endi Muzaffarxonning bir vaqtlar yordam berishni astoydil istagan, lekin elchilari amir Nasrullo tomonidan xiyonatkorona qatl etilgan Angliya hukumatidan yordam soʻrashdan boʻlak chorasi qolmagan edi. Nihoyat, amir Muzaffar Buyuk Britaniyaning Hindistondagi oliy komissari lord Lourens huzuriga oʻzining Abbosxoja ismli elchisini maxsus maktub bilan joʻnatadi.

Amir tomonidan yoʻllangan fors tilidagi bu iltijo­maktubda, jumladan, quyidagi soʻzlar bitilgan edi: «...Bir guruh odamlar bu yerni (Buxoro amirligi hududlarini demoqchi — Sh.Yu.) oʻz tasarrufiga olishga kirishdi va ikki tomon oʻrtasida jang boshlandi. Islom ahli urush mahoratining yetishmasligi tufayli bosqinchilarga qarshi chiqa olmadi va natijada ayrim yerlarni ruslar bosib oldi. Taqdir taqozosi bilan u yerlar ruslar qoʻli ostiga oʻtib qoldi... Hozirgi vaqtda islom ahli ruslardan qutula oladi va xalq manfaati yoʻlida yordam soʻrab Sizga murojaat etadi. Hozirda har bir harakat qulay vaziyatga bogʻliq. Siz bizning istaklarimizni qabul etish bilan xalqimizning manfaatlarini inobatga olgan boʻlasiz».

Ammo lord Lourens tomonidan Angliya hukumatiga yetkazilgan bu maktubga Londondan biror javob ham, ikki mamlakat munosabatlarida biror ijobiy oʻzgarish ham boʻlmaydi. Oqibatda, vaziyat tobora keskinlashib, oradan uch yil chamasi vaqt oʻtgach, Rossiya Buxoro amirligi hududini butunlay bosib olib, uni oʻz vassaliga aylantiradi.

Amir Nasrullo oʻz hukmronligining atigi bir yilida — 1842 yili yoʻl qoʻygan ikki mudhish xato — avvalo, Qoʻqon xonligini bosib olib, qatliom oʻtkazishi; nihoyat, Angliya hukumati tomonidan olijanob taklif bilan yuborilgan elchilar Stoddart va Konollini qatl ettirishining kasofati Buxoro xonligigagina emas, balki Qoʻqon hamda Xiva xonliklariga ham urib, butun Turonzamin Rossiya tomonidan osongina bosib olinishiga yoʻl ochib berdi.