OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShavkat Bulut
Asar nomiMaryamning koʻz yoshlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Romantizm
Mualliflar
   - Shavkat Bulut
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonPoshshajon Kenjaeva (Turk tilidan)
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maryamning koʻz yoshlari (hikoya)
Shavkat Bulut

Koʻnglim nimadandir gʻash. Shahar koʻchalarida beparvo aylanib yuribman. Odatim shunaqa, yuragimda gʻashlik paydo boʻldi deguncha, koʻchaga yuguraman. Ba’zan koʻcha hayoti odamga minglab sahifalik kitoblardan ham koʻproq saboq berishi mumkin. Koʻchalar, gʻaribona kulbalar soʻqir koʻzlarga bamisoli oftobdir. Hayotni oʻrganishni istagan kishi koʻchaga chiqsin...

Katta jome’ zinasida bir ayol oʻtirardi. Atrofida besh-oʻnta yosh-yalang toʻplanib, uni gapga solib kulishardi. Toʻgʻri ular tomonga yurdim. Ust-boshi bir ahvolda, yuzi oftobdan kuygan, sochlariga oq tushgan, nigohlari ma’yus bechorahol ayol tinmay yigʻlardi.

Bunchalar ich-ichidan, qandaydir umid bilan yigʻlagan odamni hayotimda uchratmagandim. Umr manzillarining anduhli soyasi ajin solgan yuzidan koʻz yoshlari duv-duv toʻkilardi. Bu koʻz yoshlarning adogʻi koʻrinmasdi. Xuddi bahor yomgʻiriga oʻxshardi. Ayolni zimdan kuzatayotgan yigitchadan:

«Bu ayol nega yigʻlayapti?» – deb soʻradim. U menga hayratomuz tikilib:

«Bu ayolni tanimaysizmi, akajon? Uni yoshli Maryam, deydilar. U oddiy bir tilanchi, xolos. Odamlarni atrofiga toʻplab olib, hoʻng-hoʻng yigʻlaydi. Keyin esa pul yigʻishga tushadi», – dedi.

Gapimizga quloq solayotgan bir bolakay:

«Bu ayolning kasbi – yigʻlash... Xuddi aktyorlardek oʻzini majburlamasdan yigʻlaydi. Bunchalik koʻzyosh qaerdan kelarkin-a? Nima boʻlganda ham istagan paytda yigʻlay oladi. Boshqasiga esa mening ham aqlim yetmaydi», – dedi.

Ayol ikki qoʻlini tizzalariga urar, mavludxonlardek goh egilib, goh boshini koʻtarib hoʻngrab yigʻlardi. Yigʻlar va toʻxtovsiz gapirinardi:

«Oh, mening qora qismatim! Oh, darddan chiqmagan boshginam! Voh, yoqamga yopishgan balo-qazolar-e!»

Uning diydiyosi yigʻisiga monand gʻamgin ohang berardi. Lablari titrar, kiprik­lari pirpirab, yuz mushaklari taranglashardi. Boshiga uvadasi chiqqan oq roʻmol yopingan, egnida rangi oʻchgan koʻylak. Koʻylagi ustidan askarlarning boʻz nimchasini kiyib olgan edi. Ayolning goʻzalligi, asl qiyofasi gʻam-gʻussa ortiga yashiringanini uqish mumkin edi.

Yigʻi fursati tugagach, qoʻynidan mis idishni chiqardi. Tomoshabinlar idishga pul tashlashdi. Ayol xursand boʻlib, pullarni roʻmolining uchiga tugdi; koʻz yoshlarini artib, koʻcha tomonga qarab yura boshladi. Uning ortidan ancha vaqtgacha kuzatib turdim: ayolning beli bukilib, tizzalari qaltirab, besoʻnaqay yurib borardi. Xuddi butun Onadoʻli xalqining dardini orqalab ketayotgandek...

Bir haftadan soʻng uni bozor tomonda uchratib qoldim. U bir burchakka tiqilib, uzuq-yuluq yigʻlab turardi. Atrofiga besh-oʻntacha odam toʻplangan, yigʻisi «qovushmayotganidan» «beshta odamga ham yigʻlaymanmi?» – degan iddao sezilib turardi. Ba’zida yoʻldan oʻtayotganlarga qoʻli bilan imo qilib:

«Keling, mana, yigʻini boshlayapman!» – deya baqirib qoʻyardi. Ovozi chuqur quduqdan kelayotgan sasga oʻxshardi. Uning qiliqlari tsirkdagi masxarabozni eslatar, negadir oʻsha kuni yigʻlashga oʻzida ragʻbat topolmasdi. Ayolning yoshga toʻla koʻzlarini yaqindan koʻrish ilinjida uning qarshisiga choʻkdim. Koʻzlarining oqi dudli edi. Oʻtirganimning ma’nisini tushunmay, yoqasini yopdi, u meni badmastlardan deb oʻyladi, shekilli.

«Bunchalik koʻz yoshlarni qaerdan topasan, Maryam?» – dedim uning koʻzlariga tikilib.

Ayol oʻyga tolib:

«Soylar, irmoqlar shuncha suvni qaerdan topishini hech oʻylab koʻrganmisan?» – dedi.

«Soylarning ortida dengizlar bor, bulutlar esa uning xizmatida», – dedim men. U mengamas allaqayoqlarga koʻz tikib:

«Insonning koʻngli ham bamisoli dengiz, koʻzlarimning bulogʻi suvni shu dengizdan oladi,» – dedi va qoʻshib qoʻydi: «Men yigirma yildan beri yigʻlayman. Na dengiz quridi, na buloq suvi toʻxtadi...»

Yigirma yil yigʻlash. Koʻzyosh toʻkish... Bu ayolning qalbida kitoblarda yozilmagan boylik borga oʻxshaydi. U hali ham gapida davom etardi:

«Yigirma yil yigʻladim. Kulguni, tabassumni unutdim... Oʻn yil oʻzim, qora qismatim uchun yigʻladim... Soʻng xalq dardi va bir burda non topish ilinjida yigʻladim...,» – dedi. Yigʻlashda davom etdi. U yigʻlab pul toʻplardi. Toʻgʻridan-toʻgʻri odamlarga qoʻl choʻzib tilanishni oʻziga ep koʻrmasdi. Ha, qarshimda yigʻini kasb qilib olgan mohir san’atkor turardi.

Tomoshabin yoshlardan biri:

«Maryam, sening biror hunaring yoʻqmi?» – dedi. Ayol yigitchaning yuziga qahrlanib qaradi. Yutinib:

«Yana qanday hunarim boʻlishini xohlaysan? – dedi. – Raqsga tushishim kerakmi? Mastlarga mazax boʻlaymi? Hayotda hamma ishni qildim, biroq nomusimni sotmadim... Keyin, seningcha, yigʻlash shunchalik osonmi?».

«Maryam, – dedim, – kel, ozgina kulgin!.. Agar kulsang, senga besh lira beraman...»

Ayol menga gʻalati qarab qoʻydi. Qoʻli bilan «ket» deya ishora qildi. «Qani, bir kul-chi!» – deb takrorladim. Jahli chiqdi. Soʻlgʻin yuzini panjalari bilan berkitdi. Telbalarcha tipirchilab:

«Men bilan hazillashma! Shu paytgacha, bu shaharda mendan kulishni talab qilgan odamni hech uchratmagan edim...» – dedi.

«Kulsang, besh lira beraman», – dedim. Unga pulni koʻrsatdim. U jahl bilan:

«Sen oʻylaganchalik pul gadosi emasman, menga pulingni koʻrsatma! Kulolmayman! Yigirma yildan buyon yigʻlayman, qanday kulayin?» – dedi. Yonimdagi yoshlar ham uni qistovga olishdi. U bunday taklifni sira qabul qilolmadi.

«Shu bugungacha odamlar mening yigʻlashimni istadi. Yigʻlaganimga pul berishdi. Kulguga pul berilmaydi... Yana shuni ham bilingki, kulgan odamning pulga ehtiyoji boʻlmaydi. Meni oʻz holimga qoʻying! Men masxaraboz emasman; xohlaganda kulib, xohlaganda yigʻlovchi...,» – dedi. Uni qayta qistovga oldik:

«Bugun bir martagina kulgin! Oʻzgarish qilaylik. Juda koʻp pul beramiz», – dedik.

Yoshli Maryam nihoyat taklifimizga rozi boʻldi. Koʻz yoshlarini artdi. Roʻmolini dahani tagidan bogʻladi. Yuzini oftobga oʻgirdi. Oftob nurlari koʻzlarini qamashtirdi. Kipriklaridagi tomchilar tonggi shabnamdek yaltirardi. Dudoqlarini choʻzib, sargʻaygan tishlarini koʻrsatdi. Ogʻzini ochganida yuzida chuqur chiziqlar paydo boʻldi. Yutinib, chuqur-chuqur nafas oldi. Biroq negadir kula olmadi. Koʻzlaridagi ifodani oʻzgartirishning ilojini topolmayotgan edi. U qanchalik kulishga harakat qilmasin, koʻzidan faqat yosh dumalardi. Chamasi besh daqiqa oʻzini majburladi. Barmoqlari bilan yonoqlarini tortdi. Koʻzlarini harakatga keltirdi. Nihoyat, noiloj qoldi:

«Kulolmayman, Xudo haqi, kulolmayman! Kulishni unutib yuborganman», – dedi. Ayolning kulish uchun oʻzini zoʻrlashi, yigʻisidan ham fojialiroq edi. Yigʻlayotganida faqat yuz chizgilari, ovozi, koʻzlari ishtirok etsa, kulguga chogʻlanganda, butun vujudini majburlardi. Ichimdan: «Kulolmaysan, Maryam! Bu shaharda boylar yigʻini, gʻariblar kulguni unutganlar...» – deya koʻnglimdan oʻtkazdim. Tomoshabinlar:

«Qani, gʻayrat qil!» – deb baqirardi. U qaytadan oʻzgardi. Harakat qildi, lekin qoʻlidan kelmadi. Ayol yana yigʻlay boshladi. Bu gal u pul uchun emas, balki kula olmaganidan yigʻlardi. Mening ham koʻzlarimga yosh keldi. Dilim ogʻridi. Ayol qalbimda sevgi dengizlarini toshdirgan edi. Barcha dinlar, falsafiy qarashlar, buyuk shaxs­lar sevgini, inson sevgisini talqin qilishardi. Dunyoda samimiy sevgidan ham buyukroq va asl tuygʻu bormi?! Ayolning kulish uchun qilayotgan urinishlari, menda inson sevgisini uygʻotdi. Uni borligʻim bilan sevardim...

«Keting bu yerdan, Alloh rozi boʻlsin, keting!» – deya baqirdi Maryam. – Men kula olmayman... Yigirma yildan beri koʻzlari yoshga gʻarq boʻlgan Maryamga bugun kulish harom... Men Erzinjon zilzilasida kulguni yoʻqotdim. Unda umr yoʻldoshim halok boʻldi. Bolalarimdan ayrildim. Onam bu dunyoni tark etdi, qoʻshnilarim, qarindoshlarim oʻlib ketishdi. Insofsiz qora tuproq qanchadan-qancha yaqinlarimni yutdi. Goʻyo boʻri talagan suruvdan ortda qolgan yarador qoʻyga aylandim. Bir marotaba boʻlsa ham oʻsha la’nati tuproqqa qaytmadim. Qayrilib qaramadim ham. Bu dardlar yuragimda togʻday ulgʻaydi. Koʻz yoshlarim daryo boʻldi... Qarshimdan chiqqanlar mendan nimanidir istadi. Navnihol edim, goʻzal edim. Endi yuz ochayotgan gʻunchaga oʻxshardim... Ishlashni xohladim, ammo meni haydashdi. Choʻrilik qildim, uy sohiblari menga koʻz olaytirdi. Yolvordim, urdilar. Yigʻladim, ustimdan kulishdi. Qassob doʻkonlarida osilgan goʻshtga aylandim; kelgan ham, ketgan ham meni turtib ketardi. Onadoʻli – qozon, men esa choʻmich boʻldim... Yigʻladim, betinim yigʻladim. Oʻn yil, roppa-rosa oʻn yil koʻzlarim – irmoq, etagim – dengiz boʻldi... Menga «kul», demang! Yetim qoʻzi ma’ramas, azob chekkan yayramas... Kulguni unutdim. Yigʻla, desangiz, yigʻlayman. Ammo kulmayman. Kulmayman, yigirma yil ortda qoldi. Sakson, toʻqson, bir kun kelib yoʻq boʻlarman. Oʻlimimni kutyapman. Eng soʻnggi umidim oʻlim, oʻlim – xaloskorim... Zilzila barcha kulguyu quvonchimni Qof togʻining orqasiga olib ketdi. Mening hunarim – yigʻlash... Taqdirimni oʻzgartira olmayman... Bunga majolim yetmaydi... Aslo kuchim yetmas... yetmas... Kuchim yetmas... Yetmas... Yetmas...»

Marash, 1966.