OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShavkat Yodgorov
Asar nomiKoʻchish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shavkat Yodgorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻchish (hikoya)
Shavkat Yodgorov

— Bularni nima qilsam ekan, olib ketaymi...

U kapron arqon bilan taxlam-taxlam qilib bogʻlab tashlangan kitoblarga qarab oʻylanib qoldi. Eskirib ado boʻlayozgan kursiga omonat choʻkar ekan, kitoblardan birini «toy» ichidan sugʻurib oldi: «Jamiyatshunoslik xrestomatiyasi». Yaqin orada qoʻl taftini koʻrmagan kitob muqovasidagi qotib qolgan ohak yuqini yengi bilan artib tashladi. Quyma mato qoplangan pishiq muqova haliyam tarovatini yoʻqotmabdi. Uni varaqlar ekan, oʻzini umrida birinchi marta kitob ushlayotgan odamday his qildi. Dimogʻiga urilgan judayam qadrdon, judayam totli, tanish isdan hushyor tortdi. Bu axir kitob isi-ku! Faqatgina kitobda boʻladigan, boshqa yerdan topib boʻlmaydigan qandaydir ajib, unutilayozgan xotirayu tuygʻularni esga soladigan is! Kitobni yuziga qoplab toʻyib-toʻyib hidladi. Negadir koʻngli toʻlib, yigʻlagisi keldi. Soʻng bir nima esiga tushganday shoshib muqovaning ichki tomoniga koʻz tashladi. Oʻziga tanish, qadrdon yozuv: «ToshDU — 1984. Aprel. Shaxsiy kutubxona...».

«Yigirma yildan oshibdi. U paytlar umrimning bahori edi. Oʻzim ham bahorni, ayniqsa aprelni sevardim... »
— Nazi, nima qilayapsan? Shu paytda kitob oʻqishga balo bormi? Tursang-chi, mashina kelguncha narsalarni taxlab ulgurish kerak.

Iddao bilan qarab turgan eri koʻziga dagʻalu notavon koʻrinib ketdi.

«Siz nimaniyam tushunardingiz, qirqqa kirib bitta kitob oʻqimagan odam! Men axir... Men axir mana shu kitoblarni oʻqir edim bir paytlar. Men bozorchimas, oʻqituvchi edim-ku! Meni kitoblarim bilan birpas xoli qoʻying», — degisi keldi. Lekin ogʻzidan umuman boshqa soʻzlar chiqdi:
— Kitoblarni... Kitoblarimniyam olib ketamizmi?
— Keragini ol. Yukni koʻpaytirib nima qilasan? — eri yana bir nimalarni mingʻirlab, narigi xonaga chiqib ketdi.

Uning nimalar deganini oʻzicha taxmin qildi: «Qorin toʻydirarmidi shu kitoblaring? Makulatupaga topshirib qutulaman shekilli?»

Bunga qolsa hammasini ikkita kirsovunga almashtirib yuboradi.

Kitobni ochib duch kelgan qatorni oʻqiy boshladi: «Marks va Engels taraqqiyot haqidagi juda har taraflama, mazmun jihatidan boy va chuqur ta’limot boʻlgan Gegel dialektikasini klassik nemis filosofiyasining eng buyuk yutugʻi deb hisoblardilar. Ular taraqqiyot va evolyutsiya...». Uf-f, shularni oʻqigan ekanman-da bir paytlar koʻzimning nurini toʻkib. Tushungan boʻlsam kerak-da, a!»
— Oyi, nima qilyapsiz? Chetroq turing, — qoʻlida oʻzidanam kattaroq qogʻoz quti koʻtargan koʻyi tepasida turgan qiziga xayoli chalgʻidi.
— Akangni chaqir, qizim, — dedi-yu, qizining chaqirishini kutib oʻtirmay, oʻzi chaqirdi: — Bobur, bu yoqqa qaravor.

Soʻng salqib qolgan «toy»dan yana bir kitobni sugʻurdi: «M. Bulgakov. Master i Margarita». Qiziq, ruscha kitoblarniyam oʻqirdim-a. Buni qachon oʻquvdim? Margarita, Margarita... Ha-a, qalbini shaytonga sotgan ayol Margo! Esladim seni»

Yana bir nimalar esiga tushganday kulib qoʻydi. Goʻyo kitobni ochsa iblis Voland chiqib hammayoqni abgor qiladiganday uni ochmay, joyiga tiqib qoʻydi. Tepasiga kelgan oʻgʻlidan soʻradi:
— Bobur, kitoblarni nima qilamiz, olib ketamizmi? — gapi yalinish ohangida chiqqaniga oʻziyam hayron qoldi.
— Voy, oyi, bular hammasi e-eski kitoblar-ku. Yangi uyga oborib nima qilamiz bularni? — «Darakchi»da oʻquvdim, Yevropadagi bitta shaharda odamlar yangi uyga koʻchsa hamma eski narsalarini tashlab yuborar ekan? — deb qoʻydi qizi.
— Sen jim tur, qaerdagi gaplarni gapiravermay, — jerkib berdi oʻgʻli.
— Kitobning eskisi boʻlmaydi, qizim. Sen aytganday hamma eski narsalarni tashlab ketsak, nimamiz qoladi?
— Mayli, oyi, olib ketamiz. Lekin bu kitoblaringizni baribir hech kim oʻqimaydi, — shunday deb oʻgʻli nari ketdi.
— Hammasi kirillcha boʻlsa, — deb yana gap qoʻshgan qizi keta turib kitob bogʻlamini bepisand tepib oʻtganiga koʻzi tushib, oʻzini tutib turolmadi.
— Tepma kitobni, befarosat. Koʻzing oqib tushmasin yana. Senlar oʻqimasanglar, ana, Nafisa oʻqiydi. Hech boʻlmasa, nevaralarimdan birontasi kitob oʻqiydigan chiqib qolar.

Yana bir nimalar demoqchi boʻldi-yu, indamadi.

«Bular otasiga tortdi, — Oʻyladi u. — Qoʻliga kitob ushlamaydi. Toʻngʻichim Nafisa tuzuk. Yaxshi oʻqiyapti, she’r-per ham yozadiganday chogʻi bor. Asli ayb oʻzimda. Maktabdan ketib koʻp narsa yoʻqotayapman».

Beixtiyor qaykungi eri bilan kechgan suhbatni esladi.
— Maktabning oldidan oʻtayotganimda darsga koʻngʻiroq chalinganini eshitsam, oʻqituvchilik davrimni qoʻmsab, bir boshqacha boʻlib ketaman. Ruxsat boʻlsayu bir soat mazza qilib dars oʻtib olsam... — deb eriga dardini toʻkuvdi oʻshanda.
— Senga bozorga chiq menga qoʻshilib, demovdim shekilli, — Oʻyib oldi eri. — Haliyam kech emas, ana Saidning xotini yana binoyiday maktabga qatnab yuribdi.
— Rostdanmi, Malohat maktabga qaytibdimi? Biznesi zoʻr deb eshituvdim-ku yo singanmikin? — shunday deyishga dedi-yu, ichida qandaydir ilinj paydo boʻlgan edi oʻsha payt.

Oʻshanda erining: «Yana qaytsang eplab ketarmiding? Sen oliy toifali eding shekilli» — deganiga e’tibor bermagan edi.

Hozir oʻylanib qoldi. «Oradan oʻn yilcha oʻtib ketdi. Dasturlar, talablar oʻzgarib ketgan deyishadi. Qaytsam, yana avvalgiday dars bera olarmikinman?».

Oʻtgan yili kuzda bozorga uni bir yigit soʻrab keldi. Galstuk taqqan, ziyolinamo yigit. Avvaliga hayron boʻldi. Tekshiruvchilardan desa, qoʻlida bir dasta gul.
— Tanimadingiz-a, opa, oʻquvchingizman, — deydi kulimsirab.
— Taniyapman, — dedi yolgʻonlab,— faqat ismingizni eslayolmay turibman...
— Shuhratman, Jumaev. Maktabda oʻqitgansiz.
— Ha-a, Shuhratjon, yaxshi yuribsizmi?
— Yaqinda nomzodlikni himoya qiluvdim. Shunga rahmat aytib oʻtay devdim, — deb qoʻllari qovushmaygina guldasta uzatib turibdi.

Shoshib qoldi. «Rahmat, rahmat», — deydi nuqul.

Biroz oʻziga kelib soʻradi:

— Qaysi fandan? 

— Tarixdan, opa, maktabda qiziqtirib qoʻygan ekansiz... 

Bir boshqacha boʻlib ketdi oʻshanda. Koʻp kunlar gapirib yurdi: «Oldimga «kandidat nauk» shogirdlarim kelib turadi...»

Ancha oʻy surib qolgan ekan chogʻi, eri oldiga kelib turganini ham sezmabdi.
— Shunday qilib nima boʻldi? — dedi eri kulimsirab. Aftidan u narigi xonadan turib uning kitoblar ustida oʻy surib qolganini obdon kuzatgan va bir xulosaga kelib qoʻygan edi. — Olib ketamizmi kitobjonlaringni?

Boya notavon tuyulgan eri binoyiday koʻrindi. Kulib yubordi. Soʻng jiddiy turib dedi:
— Hammasini olib ketaman. Bittasiniyam tashlab ketmayman. Hammasi... Hammasi meniki.

Men hali muallimlikka qaytaman. Oʻzimning ustimda koʻp ishlayman.

Oʻtilmay, oʻta olmay qolgan darslarimning hammasini oʻtaman. Shunday darslar oʻtayki, oʻquvchilarim fan doktori, yoʻq, akademik boʻlib chiqishsin!

— Senga ishonaman, Nazi, — eri shunday degancha kitoblarni kattakon qogʻoz qutiga joylay boshladi. Unga oʻgʻli, soʻng qizi qoʻshildi.