OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShavkat Yodgorov
Asar nomiTirik odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shavkat Yodgorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tirik odam (hikoya)
Shavkat Yodgorov

– San baribiram tushunmaysan, oʻrtoq, buni tushunishing qiyin, – u shunday deb sigaret tutatdi.

– Nimani tushunishim kerak? Ahvolingga bir qara, Sanjar, tirik murdaga oʻxshab qolgansan, – dedim dimiqib ketgan xona derazasini ochishga chogʻlanib.

– Zato, hali tirikman, – Sanjar hiringlab kulgancha karovati gunchida osilib yotgan odeyalni yelkasiga tashlab oldi.

– Tirikman deysanmi?! Itday oʻlib ketasan-ku, bu ketishingda!

Nam tortgan romlar ham ochila qolmadi. Qattiqroq itarib yubordim chogʻi, taraqlab birvarakayiga ikki tabaqasiyam ochilib ketdi.

Ilgarigi qil oʻtmas doʻstligimizga orqa qilibmi, ayamay gapirishga haddim sigʻayotgan edi.

Sanjar bilan kollejda, u paytlarda texnikum deyilardi, bir guruhda oʻqiganmiz. Institutga kirolmagach, oʻzini tijoratga urib ketdi. Ishi avj boʻlib, sekin-sekin bizning doiradan uzoqlashdi.

Raqamimni kimdan olgan, bilmadim, oʻtgan hafta telefon qilib «bir kelib ket, gap bor» deb qoldi. Koʻrishmaganimizgayam uch-toʻrt yil oʻtib ketibdi.

Eski shahardagi tugʻilib oʻsgan hovlisiga qaytgan ekan, topib bordim. Oxirgi marta bu hovliga otasining janozasida kelgan ekanman. Hech narsa oʻzgarmaganday goʻyo.

Tasavvurimga sigʻdirolmaganimdan boʻlsa kerak, Laziz «Sanjar ninaga oʻtirib qolgan» deganida ishonmagan edim. Iljayib qarshilagan doʻstimning ahvolini koʻrib, oʻpkam toʻlib ketdi.

Oldin onasidan hol soʻray deb, darvozaxona ustidagi bolaxonaga koʻtarildim. Xushlamaygina soʻrashganidan oʻngʻaysiz bir ahvolda qoldim. Shunday boʻlsa-da oʻzimni tanitib, ilgari, Sanjar bilan bu hovliga kelib yurganlarimni eslatgan boʻldim. Negadir eslayolmadi. Soʻng, «asr qazo boʻlmasin» deya xontaxta ustidagi tasbehni olib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Hayron boʻldim, hali peshin vaqtiyam kirmagan edi.

Koʻnglim xijil tortib tushdim. Ahvolimni tushungan Sanjar «Mamashkaning toblari yoʻq», degancha hovli etagidagi oʻzining xonasiga boshladi.

Izidan borarkanman, oyogʻidagi orqasi bosilgan jigarrang tuflisiga koʻzim tushdi. Huv birda, bitta «kattakon»ning mashinasini turtib olganimda qarz soʻrab kelganimni eslatdi u menga. Oʻsha tufli.

«Uch oy katta srok. Bir oy de, berib turay», degan edi oʻshanda doʻstim negadir koʻzimga yo yuzimga emas, oyogʻidagi mana shu tufliga qarab.

– Qolganlar koʻrinmaydi? – dedim xayolimni chalgʻitish uchun. Hayhotdek hovlidagi jimjitlikka koʻnikolmayotgan ham edim.

Ichkari kirdik.

– Xotin ishda, bolalar bogʻchada, – dedi Sanjar devordagi soatga qarab qoʻyarkan.

– Sen uyda yotibsan, loʻlining erkagiday, – dedim karovatdagi oʻringa ishora qilib.

Javob bergisi kelmadimi, indamadi. Xonadagi yakkayu yagona kursini men tomon surib qoʻyib, oʻzi karovatiga chordona qurib oʻtirib oldi.

Oilamni, ishimni soʻragan boʻldi.

Doʻstingdan «ishlaring yaxshimi» deb soʻrolmasang, gʻalati boʻlarkan.

Kursiga choʻkib, doʻstimga tikildim. Jussasi maydaroq boʻlsayam, chayir, mushaklari poʻlatday yigit edi. Yanayam kichrayib ketganday koʻrindi koʻzimga. Bardoshim yetmadi.

Hovli sahni koʻrinib turgan derazaga qarab oldim.

Nimadir yetishmayotganday tuyuldi. Topdim.

– Gilos qani? – soʻradim bir paytlar daraxtning uchigacha chiqib terganimiz «buqakoʻz» giloslar esimga tushib.

– Kesib tashladim, – dedi Sanjar quruqqina qilib.

– Esing joyidami, gilosni-ya?

– Qurib boshladi, oʻrtoq. Keyin kesib tashladim. – u uyqudan endi uygʻongan odamday xomuza tortdi-da, qoʻshib qoʻydi: – Uyam manga oʻxshab quriy boshlovdi...

Tomogʻimga bir nima tiqildi. Beixtiyor stol ustidagi oxirlab qolgan sigaret qutisiga qoʻl choʻzdim. Anchadan beri chekishni tashlash uchun oʻzim bilan olishib yuruvdim, shu tobda bosib-bosib chekkim keldi. Qutini bir muddat ushlab turib, uyoq-buyogʻini aylantirib koʻrganday boʻldim-da qaytarib joyiga qoʻydim. «Shuning oldida chekmay...»

– Eshitgan gaplarim rost ekan-da? – soʻradim uning koʻzlariga tikilib.

Javob oʻrniga sviteri yengini shimarib, koʻkarib yotgan bilaklarini koʻrsatdi-da, «Ahvol shunaqa» deb qoʻydi.

Tilimga kelganini qaytarmay soʻka boshladim.

Tutaqishimga parvo qilmay, tirjaygancha oʻtiraverdi. «Itday oʻlib ketasan» deganim ogʻir botdi, chogʻi, tusi oʻzgardi.

– Sani soʻkish eshitish uchun chaqirmadim, oʻrtoq, – dedi sigaretni kuldonga bosib ezgʻilarkan, – Birinchidan, bunaqa gapirma manga, keyin, oldingda jinoyatchimas, kasal odam oʻtiribdi.

Uning gap ohangi hovurimdan tushirib qoʻydi.

– Oʻzi nega bunaqa boʻldi? – soʻradim biroz oshirib yuborganimni tushunganday boʻlib.

– Aytdim-ku, buni tushunishing qiyin deb.

Indamadim. «Ilgari ibodatgoʻy eding-ku», demoqchi boʻldim-u, tilimni tiydim. Sadqai...

U fikrimni oʻqiganday gapirinib qoʻydi: «Taqvoimni ushlolganimda qatta edi bu kunlar...»

– Dispanserda... dispanserda roʻyxatdamisan? – soʻradim xuddi bu nimanidir bildiradiganday.

– Bir yildan oshdi.

– Foydasi boʻmadimi? Bir xillar tuzalarkan-ku.

– Kim aytdi narkoman tuzaladi deb?

– Narkolog tanishim «tuzalib, normalniy hayotga qaytganlar bor» deydi...

– Tuzalishi mumkin, lekin ja qiyin masala. Doʻxtirimni aldamasam manam tuzalardim.

– Endi...

– Oʻsha tanishing aytmadimi «»narkomanlar doʻxtirni aldaydi» deb? Koʻchaning boshida mandaqa bittasi bor. Geradan qutilaman deb araqqa yopishdi. Hozir naturalniy alkash-de.

Sanjarning jagʻi ochildi.

– Mana san, bir paytlar yeganing gilosni eslading. Man-chi? Eslomiyman, oʻrtoq. Eslaydiganim qachon, qatta zoʻridan urganim.

«Dom»da yashaganimda ikki pod’ezd narida qaynona-kelin geroinfurushlar boʻlardi. Qamalib ketdi. Qattan olgan, bilomiyman, zoʻri oʻshalarda edi.

Indamay oʻtiraversam, «oʻtlashni» boshlab yubormasin degan xavotirda gapini boʻldim:

– Xoʻsh, man bilan nimani maslahatlashmoqchiyding?

– Onamning ahvolini koʻrib turibsan, oʻrtoq. Xotinim-ku, mani koʻrishniyam xohlamaydi. «Bolalarim uchun chidab yuribman» deydi, yolgʻon. Hovli-joydan umidvor. Man oʻlsamu... Onam shoʻrlikka qiyin.

Qarindoshlar bu uydan oyoq uzishgan. Bilasan, hammasi «intelligentlar», or qilishadi shakilli. Yoʻqlaydigan uchastkovoy bilan narkolog doʻxtirim. Ular manga nima qibberadi? Biri «qamalasan» deydi, biri «oʻlasan» deydi sanga oʻxshab. Xullas, san oʻzing bollarga bosh boʻlib mani odam qillaring...

Oxirgi gapini ayta turib, Sanjarning boʻgʻziga yigʻi tiqildi.

Ikkovmizam derazaga qarab indamay qoldik.

– U kuni, – biroz oʻzini bosib olgan Sanjar yana gapira boshladi, – «lomka»da yotganimda oʻgʻlim Javohir shprits koʻtarib keldi oldimga... Dod devordim. Boʻlmasa oʻzim nima ahvoldaman. Koʻrganmisan oʻgʻlimni, koʻrganmisan? – u endi rostakamiga yigʻlab yubordi. – U endi uch yoshga toʻldi. Uch yosh! Mani qiynalvotganimni koʻrib chidolmagan-da bolam. Xumor tutganda ukol qilib tinchishimni koʻrgan, biladi. Geroinni dori deb oʻylagan Javohirim...

Sanjarning oʻgʻlini koʻrmaganman, lekin pildirab yurgan uch yoshli bola koʻz oʻngimdan oʻtdi. Xumori tutib jazavaga tushayotgan, azobdan baqirayotgan otasining ahvoliga achingan bolaga achindim.

Halitdan beri miyamda aylanib tinchlik bermayotgan «bekor keldim, kelmasligim kerak edi» degan oʻy qayoqqadir yoʻqoldi.

Men unga taqqoslaganda oʻzimni risoladagiday odam sanab, oxirigacha dadil turishga befoyda urinayotgan edim.

Nimadir deb doʻstimning koʻnglini koʻtargim, bir chora topgim keldi.

Nimalar deganim esimda yoʻq. Faqat «bahorda bitta gilos koʻchati olib kelaman, hovlingning oʻrtasiga oʻzing ekib qoʻyasan» deganim esimda.

Ketarimda darvozagacha kuzatib qoʻydi. Hali aytar gapi ichida qolganini tushundim…

Koʻcha boshiga yetganimda Lazizga telefon qilib «Xuddi sen aytganday boʻldi. Oldiniga «mani odam qillaring» deb yigʻladi. Keyin «oʻlmasam bir oyda qaytaraman» deb qarz soʻradi» demoqchi boʻldim.

Fikrimdan qaytdim. Qoʻl telefonimni butunlay oʻchirib tashladim.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.