OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shavkat Yodgorov. Unutish (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShavkat Yodgorov
Asar nomiUnutish (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shavkat Yodgorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Unutish (hikoya)
Shavkat Yodgorov

Sunnat muallim kenja qizini uzatayapti. Kim nima desa desin, toʻy qilishni kambagʻalga chiqargan. Boy odam toʻyida bir yilda, kambagʻal besh-oʻn yilda topganini toʻkib-sochadi. Shungami, kambagʻalning toʻyi toʻyday boʻladi.

Ayri zardoli ostidagi chorpoyaga joylangan chollarning hangomasini oʻrtacharoq shaftoliday keladigan oʻriklarning yerga parsillab tushishi uzib-uzib qoʻyadi. Bir nafas gapdan toʻxtagan ezma chollar yerga tushib, danagi bir boʻlak, eti bir boʻlak boʻlib qolayotgan mevalarga qarab tamshanib qoʻyishadi. Taralgan shirgʻimtil is ishtahasini qoʻzgʻaydi shekilli, dasturxondagi hozirgina yuvib keltirilgan mevalarga birvarakayiga qoʻl uzatishadi.

Poygaroqda oʻtirib olib hech kimga gap bermayotgan Suxrob bobo yelkasini qisib hiringlaydi:
—Bu mallimning oʻchi bor bizda! Bir qoʻrqitay deb atay shu yerga joy qigan!

Gapga qoʻshilmaygina oʻtirgan Izzat bugʻaltir bir gʻimirlab olib ogʻiz juftlaydi:
— Kuyov bola nima ish qilar ekan?

Koʻcha boshidan choʻzib-choʻzib signal berib kelayotgan mashinalarning shovurida uning savoli javobsiz qoladi.

Osoyishta toʻyxona birdan jonlanadi. Besaranjom xotin-xalaj, tomoshatalab bola-chaqa darvoza tomon shoshadi.

Qator-qator mashinalar toʻgʻri kelgan joyga qantarilib, ulardan uzun-qisqa boʻlib oliftanamo kuyov joʻralar tushib kelishadi. Atrofga bepisand koʻz tashlab sigaret tutatayotgan yigitchalar kuyov yigit oʻtirgan mashina oldiga toʻplanib olishadi.

Oppoq «Neksiya»dan tushgan uch-toʻrt ayol biroz sollanib turishgach, qudagʻaylarning qistovi bilan ichkari kirib ketishadi.

Darvoza tomondan Otabek mullaning qorasi koʻrinadi. U chorpoyada oʻtirgan chollar tomonga yoʻl soladi. Qisqa duoi fotihadan soʻng uzilib qolgan suhbat yangidan boshlanadi.

Gap jilovini yana qoʻlga olgan Suxrob bobo odatiga koʻra mulla Otabekni savolga tutib boshlaydi.

— Bir nimani soʻrayman deb yuruvdim, hozir eslayalmayapman-da. Xoʻ-oʻsh, bu, niko qiyish oʻzi kimlarga buyurilgan?
— Har safar shuni soʻraysiz-a, Suxrob bova,— deydi mulla Otabek kulib.
— Benamozdan boshqa luboy odam niko qiysa boʻladi, faqat ma’nisini bilsa boʻldi, — gapga aralashadi chollardan biri.
— Sen gapga aralashma, — tengqurining gapini kesadi Suxrob bobo, — niko bir qasamday gap, har kimam oʻqiyversa durust boʻmaydi. Ha-a, bir nimaga tushunmayman. Otam rahmatli Fargʻona kanalida «batalon» boʻlib keganidi, bir gapi esimdan chiqmaydi...

Chollar «yana eski gapni boshladi» deganday bir-birovlariga qarab iljayishadi. Dadilroqlari hatto tomoq qirib ham qoʻyishadi. Suxrob bobo e’tibor qilmay davom etadi:
— Oʻsha mahali, kanal qurilishida bir jigit bir ayalni xotin qilib olasi boʻganda niko qiyadigan odam topilmaganakan.
— Fargʻona tomonlarda-ya? — luqma tashlaydi boya gapi boʻlinib izza boʻlgan chol.
— Sen gapni eshit, — Suhrob bobo uni yana jerkiydi.— Ilmi borlar boʻsa boʻgandir, lekin qoʻrqqan-da! Bilsang, u zamonda mullaman degan odam qulogʻini ushlab ketgan. Otam rahmatli qarasa, boyagi jigitminan ayal nikosiz qolib ketadigan. Shartta oʻrtadan chiqib oʻzi nikosini qiyib tashlabdi.
— Bilgan boʻsa oʻqigan-da...— atayin yana uning jigʻiga tegadi tengquri.
— Men nima deyapman, otam niko qiyib yurgan boʻmagʻanakan. Oʻzining aytishicha, oldin ikkovining roziligini soʻrapti. Soʻgʻin bir kosa suv qoʻyib, «qulhu vallohu ahad«ni yetti qaytarib, »endi halol» deb yuboribdi. Rahmatli to oʻlgancha shuni oʻylab ketdi. Oʻziniyammas, boyagʻi jigit minan ayalni oʻylab ketdi, beniko qomadimikan deb.

Chollar har doimgiday bir muddat jimib qolishadi.
— Oʻzbek boʻganakanmi? — soʻraydi nihoyat chollardan biri.
— Kim?
— Boyagʻi jigitni aytaman?
— Oʻzbekdir-tajikdir, bir musurmonning bolasi boʻgʻan-da, — deydi ensasi qotgan Suxrob bobo. Soʻng mulla Otabekka yuzlanib soʻraydi: — Shuning javobi nima boʻladi, mullo ulim?

U endi-endi qarilikni boʻyniga olib chollar davrasiga bugun qoʻshilgan Izzat bugʻaltirga «gapni eshit» deganday qarab oladi.

Mulla Otabek ham javobga shoshmaydi. Yonidagi qariyalardan najot kutadi, sado boʻlmagach, iljayib, oʻzini oʻylayotganga soladi. Shu paytda ichkaridan xabarchi keladi: nikoh qiyish marosimini boshlash kerak. Mulla Otabekni hovli etagidagi uy tomon boshlab ketishadi. Shu bilan Suhrob boboning odatdagi savoli odatdagiday javobsiz qoladi.

Gapdan gap chiqib, chollar bir paytlar oʻzlarining nikohini qiygan mullalar haqida eslab boshlashdi.Ular biri olib, biri qoʻyib koʻrgan-bilgan mullalariga ta’rif keltirayotgan paytda Izzat bugʻaltirning nafas olgani bilinmay qoldi.

Koʻzlarini yumib, goh ikki qoshi oʻrtasiga barmoq qoʻyib, goh kalta soqolini asabiy tutamlayotgani uning nimanidir eslashga befoyda urinib oʻtirganini koʻrsatardi. Hammasini eslayapti: «komsomol toʻyi«niyam, rahmatli Musa raisning soʻz olib gapirganiyu »gorka» deb baqirganigacha kechagiday esida. Lekin shu... nikohini oʻqigan mullani eslayolmasdi-da.

Oʻylanib oʻtirdi, oʻtirdi, boʻlmadi. Ilkis oʻrnidan turib chorpoyaning zinasigayam qaramay yerga oyoq tashladi. Poyabzalini qidirib biroz kalovlanib turdi. Bir qator terilgan kovushlar orasidan tuflisini topib oyogʻiga ildi. Soʻng chollarning «hay-hay, nima gap», deganigayam qaramay joʻnab qoldi.

Chollarning gurungidan fayz ketdi.
— Odam bola-chaqadan tinmasa qiyinakan,— salmoqlab gap boshladi Suxrob bobo.
— Katta uli haliyam bedarakma? — soʻradi toʻrda oʻtirgan jikkak chol.
— Bedaraklikka-ku bedarakmas, oʻrisning yurtida yurganmish. Oʻn yil boʻldi-yov, ota-onam boridi deb bir yoʻqlamaydi. Dardi ichida bugʻaltirning.
— Kenjasi yana qamaldi deb eshitdim?
— Mushtdayidan nashavand boʻgan boladan nima kutasan boshqa. Qizini ayt, bir roʻzgʻorni gullatadigan ayal. Yana erdan qaytib kepti.
— Shunday odamning bolalari bexosiyat chiqdi-a, Suxrob? Uch bolaning biroviyam odam boʻmadi.
— Bari harom yedirgandan.
— Xudodan qoʻrq, Suxrob. Bugʻaltir komunis boʻgan, koʻp harom yemagan...

Darvoza tomonda kampirini sudraganday olib kelayotgan Izzat bugʻaltir koʻrinib, chollarning gapi uzildi. Izzat bugʻaltir kampirini yetaklab toʻppa-toʻgʻri kelin-kuyovga nikoh oʻqilayotgan uyga tomon ketgani chollarni bezovtalab qoʻydi.

Chollar imillab yetib kelganda xona oʻrtasida Izzat bugʻaltir bir nuqtaga tikilgan koʻyi haykalday oʻtirar, kampiri esa yelkalari silkinib-silkinib yigʻlardi. Mulla Otabek qiroat bilan nikoh duosini oʻqir, oʻqigani sayin uning koʻzlaridan ham yosh quyilardi.