OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSherzod Komil Xalil
Asar nomiQora musiqa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sherzod Komil Xalil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm44KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/15
ManbaMuallif ruxsati bilan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Qora musiqa (hikoya)
Sherzod Komil Xalil

I

Shaharning gʻarbga qaragan qumtepalari ortidan Marvga qad-qomati mayishgan, yuz-koʻzlari soʻlgʻin, barmoqlari choʻltoq boʻlgan ozgʻin chol kirib kelganida, bozorda,  boʻzchilar va bir-ikkita daydib yurgan tilanchi bolalardan boʻlak hech kim qolmagandi. U endilikda berkitilgan moʻyna va charm buyumlari rastalari orasidan oʻtib musiqa asboblari va javonlari sotadigan rastalar oldida bir oz garangsib turdi-da, bu yerda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qildi chogʻi, bozorga kiraverishdagi boʻzchilar rastasi tomon qaytdi.
– Sizga biron narsa kerakmi otaxon? – soʻradi boʻzchilardan biri turli-tuman oʻlchamdagi boʻzlarini yigʻishtirish bilan andarmon boʻlar ekan.
– Ha, kerak, – dedi chol boʻzchi yigitning rastasi oldida toʻxtarkan. – Men bir vaqtlar eski musiqa asboblarimni huv anovi rastada savdo qiladigan bir tanishimga omonatga berib ketgandim.
– Asboblaringizni allaqachon sotib yuborishgandir?! – cholga bepisandlik bilan qaradi boʻzchi yigit.
– Ehtimol, – dedi chol horgʻinlik bilan. – Men hech boʻlmasa bitta sozimni olsam ham mayli edi.
– Otaxon, siz oʻzi kim boʻlasiz? – boʻzchi yigit cholga termuldi.
– Men Borbadman, – dedi chol.
– Borbad?! – kutilmaganda hayqirib yubordi boʻzchi yigit. – Siz Borbadmisiz, siz-a?!

U astoydil xoxoladi. Yon-atrofdagi boshqa boʻzchilar ham cholga bejo qaragancha kulimsirashdi. Chol ham ularga qarab turardi.
– Bu kishi Borbad emish, – hamon xoxolardi yigit. – Agar siz Borbad boʻlsangiz, men turk hoqoni Istaminman.

Bu gapdan boshqa boʻzchilar ham xandon otib kulishdi. Ammo boʻzchi yigit endi oʻzini tutib olgandi.
– Qani, otaxon, bu yerdan tez joʻnab qoling-chi?  – uning koʻzi cholning choʻltoq barmoqlariga tushdi. – Borbad emish. Balki shu choʻltoq barmoqlaringiz bilan musiqa ham chalarsiz?! Tavba, odamlarga ham hayronsan. Tilanchi boʻlsang, tilanchiman deya qolgin-da. Borbadman deydi-ya.
– Sen aytgandek tilanchimasdir?! – unga tanbeh berdi boshqa boʻzchi. – Egnidagi ust-boshiga qara! Darveshlarning xirqasini kiyib olganku?!
– Xirqami, jandami, nima farqi bor?! Men uchun u bir gadoy, – sherigini jerkib berdi boʻzchi yigit. – Ӯzimiz peshona teri bilan kun kechirayotgan boʻlsak, bunaqalar bilan adi-badi aytib oʻtiramizmi?! Bu juldurvoqi kiyinganlarning hammasi bir goʻr. Avval yoʻlini qilib ichingga kiradi, soʻng pul soʻraydi. Hozir indamaganimda bu qariya ham shunday qilardi. Kimsan Borbadman degani-chi?!

Hamrohi bunga javoban nimadir dedi. Ammo endi boʻzchilarning oldidan ancha uzoqlashib ketgan chol ularning gap-soʻzlarini eshitmasdi. Ha, u haqiqatan ham kimsan Borbad edi. Biroq endi uning Borbadligiga hech kim ishonmaydi. Hatto oʻzi ham.U bozor rastalaridan tashqariga chiqqach, endi qayga boraman deb oʻyladi. Shunda bolaligi va oʻsmirligi oʻtgan qadrdon uyi esiga tushdi. Ha, u damlar boshqacha, bamisoli oppoq musiqa edi. Otang, onang hayot boʻlgan bolaliging va oʻsmirligingga nima yetsin. Otasi, ilk bora oʻshanda, unga soz chalishni oʻrgatgandi. Ularning uyida har xil musiqa asboblari boʻlardi. Otasi ularni bejirimgina qilib ishlangan tokchalarda ilib qoʻyardi. Borbad goh oshkora, goh yashirincha bu asboblarni chalishga urinardi. Otasi Marv hokimi saroyida musiqachi edi. U goh-gohida Borbadni ham u yerga olib borardi. Hokim saroyida ham ba’zi-ba’zida Buxoro, Samarqand, Xorazm va hatto olis Binkatdan ham sozchilar kelib turishardi. Ana oʻshanda Marv hokimining saroyi oppoq musiqaga toʻlardi. Hokimning sarvdek goʻzal qizi bor edi. U Borbadni yuragidan urgandi. Borbad oqshomlari yulduzlarga qarab musiqa chalganida har ga luni oʻylardi. Yulduzlar miltillardi. Shunda Borbad hokimning goʻzal qiziga atab yozgan she’rlariga musiqa bastalardi. Notalar sadosi yulduzlarni sehrlardi. Oppoq musiqa kechalarni tongga ulardi. Oʻsha ajib lahzalara u gulzor haqida qoʻshiq kuylardi. Uning najib xonishi gul bargida qoʻngan kapalaklarni uygʻotardi. Oppoq musiqa gullar rohini elab, oppoq tong qoʻyniga singib ketardi. U yana polizbonu ravshan charogʻlar toʻgʻrisida kuylardi. Bahor va gullar haqida eshilib toʻlgʻonardi. Ona mushtipar shunday lahzalarda oʻgʻlidan xavotir olardi. Oqshomlari bilan she’r yozib, kuy bastalagan oʻgʻlini tongni qoʻshiqlar bilan kutib olishi onasini hiyla choʻchitardi. Onasining azayimxon dugonalarining aytishicha, musiqaga bu qadar fikru-yodi bilan berilib ketish inson ruhini telbalik chohiga qulatar ekan. Zeroki musiqa, inson ruhiga eng tez misli ohangrabodek ta’sir qiluvchi qudratga ega boʻlib, uning domiga tushgan odam, hech qachon undan chiqib ketolmas ekan. Ammo u paytlar Borbad bunday oʻylamasdi. Uni musiqadan ham koʻproq muhabbat asir etganini azayimxonlar qayerdan ham bilardi?! Toʻgʻri, u musiqani ham sevardi. Biroq tan olish kerakki, u paytlar musiqa Borbad uchun oʻzini namoyon qilish vositasi edi. Borbadning musiqani oʻrganish ishtiyoqini muhabbat badtar alangalatib yubordi. Buni azayimxonlar gapiga ishonib yurgan onasi qayoqdan ham tushunardi?! Biroq otasi tushunardi. Axir u ham musiqachi-ku?! Musiqachining dilini musiqachi yaxshi tushunadi.
– Borbad, – dedi bir kuni otasi. – Seni yaxshi tushunaman oʻgʻlim. Musiqaga boʻlgan muhabbatingni namoyon qiladigan paytlaring keldi. Men seni hokim saroyiga olib boraman. Hokim qizining tavallud ayyomiga chiroyli musiqa chalib berasan.
– Kechirasiz, otajon, – dedi Borbad. – Hokim qizining ismi nima ekan?..
– Gulnoʻsh, – dedi otasi avvaliga, soʻng nimadandir xavotir oldimi Borbadni soʻroqqa tutdi. – Menga qara bola, hokim qizining ismi senga nega kerak boʻlib qoldi. Yana bir narsani boshlab yurmagin.
– Aslo, otajon, – dedi Borbad. – Xotiringiz jam boʻlsin. Koʻnglingizni toʻq qiling. Men Gulnoʻshni ismini shunchaki soʻradim.

Otasi unga ishonqiramay qarab qoʻydi. Ammo oʻsha kundan keyin, otasi uyda yoʻq vaqtlarida Borbad Gulnoʻsh haqida xirgoyi qila boshladi:

Mehritobon Gulnoʻsh, Gulnoʻsh,
Oromijon Gulnoʻsh, Gulnoʻsh.

Bu qoʻshiq oppoq musiqaga yoʻgʻrilgandi. Uning har bir satrida Gulnoʻshning tongdek begʻubor chehrasi, qora qoshlari-yu uzun sochlari, adl qomati-yu sarv boʻylari tarannum etilardi. Otasidan yashirincha bastalangan bu musiqa kuy iva qoʻshiqni Borbad hokim qizining tavallud ayyomida kuyladi. Saroyda shaharning kazo-kazo a’yonlaridan tortib, uzoq-yaqindan chaqirtirilgan sozandalaru mashshoqlar yigʻilgandi. Hamma xursand edi. Shodiyonalar avjida, dasturxonlar navroʻzdagi kabi turli tuman yeguliklar bilan toʻlib-toshgandi. Mashhur hofizlar qoʻshiq aytardi. Sozandalar tinimsiz sozlarni chalishardi. Borbad otasi yonida jimgina Gulnoʻshga qarab oʻtirardi. U qizga shu qadar mahliyo boʻlib qolgan ediki, tavallud ayyomini olib borayotgan suxandon navbatni saroy musiqachisining oʻgʻli Borbadga berganini ham sezmadi. Otasi uni turtdi:
– Borbad, nega xayol surasan?! Navbatni senga berishdi. Davraga chiqib biror chiroyli  qoʻshigʻingdan ijro etib ber.
– Xoʻp,  – Borbad shoshib, esankirabroq davraga chiqdi.

Shunda u Gulnoʻshning ham oʻziga qarab turganligini koʻrdi. Ikki yoshning koʻzlari-koʻzlariga tutashdi. Borbad qoʻlidagi sozini qaramasdan sekin-asta chala boshladi. Oppoq kiyingan, sozi ham oq rangga boʻyalgan bu yigitcha nima karomat koʻrsatarkan degandek, hamma jimgina qarab turardi. U nihoyatda mayin ohanglarga yoʻgʻrilgan ajabtovur va dilga xush yoquvchi musiqalardan birini chala boshladi. Saroy suv quygandek osudaxotir quloq tuta boshladi. Nota pardalari biroz koʻtarilgach, Borbadning musiqaga monand sehrli ovozi atrofdagilarni bamisoli afsungar kabi sehrlab qoʻydi. Hokim saroyi musiqa va qoʻshiqning oppoq rangiga toʻldi. Bu ovoz va musiqa sohibi Gulnoʻshni ham oʻziga rom etdi. Hamma lolu-hayratda sehrli ovoz sohibining domiga tushgandi. Avvaliga hech kim musiqaning savqi tabiiy afsuniga uchibmi, yo Borbadning misli koʻrilmagan shirali ovozi ta’siridanmi, daf’atan, qoʻshiqni ma’nosiga e’tibor qilishmadi. Qoʻshiq Gulnoʻsh toʻgʻrisida ketayotganligini Borbadning otasi, hamda, shahar hokimi birinchilardan boʻlib ilgʻashdi. Ungacha buni Borbad musiqa chalgan hamonoq Gulnoʻshning oʻzi ilgʻagandi. Yigʻilganlarning barchasi musiqa va qoʻshiqning oppoq afsuni bilan sehrlangandi. Borbadning otasi oʻgʻlini ehtiyotsizligidan unga zaxm yetib qolishini oʻylab unsizgiga titradi. Hokimning koʻzlarida gʻazab uchqunlari tosha boshladi. Gulnoʻshning koʻzlarida esa Borbadga nisbatan cheksiz mehr va muhabbat uygʻondi. Zero, bu oppoq rangli muhabbat musiqasi edi. Biroq bu muhabbat sarob yangligʻ oʻsha oqlik qoʻyniga erib ketdi. Hokim, oʻsha tavallud ayyomining ertasigayoq Borbadning otasini chaqirtirib oʻgʻlini shahardan chiqarib yuborishini tayinladi:
– Mening koʻp yillardan beri sodiq xizmatkorim ekanligingni inobatga olib, oʻgʻling Borbadga ziyon yetkazishni istamayman, – dedi hokim. – Ammo u shu bugunoq shahardan chiqib ketishi darkor.
– Hokim janoblari, oʻtinaman sizdan, men va xotinimga raxmingiz kelsin. Borbad yolgʻiz oʻgʻlimiz. Koʻzimizning oqu-qorasi. Uni bizdan ayirmang.
– Bas qil, – dedi hokim. – Sening diydiyongni ortiq eshitishni istamayman. Mening qizim kimu sening oʻgʻling kim?! Oʻzi oʻgʻlingni Gulnoʻsh ismini tilga olgani uchun tilini sugʻurib olishim lozim edi. Agar oʻgʻling ertagacha Marvdan chiqib ketmasa, joni uzildi deyaver.

Bu hokimning uzil-kesil qarori edi. Butun Marvda hech kim unga qarshi chiqolmasdi. Demak, Borbad ketishi kerak edi. Otasidan bu xabarni eshitgach, yosh musiqachi qattiq hayojonga tushdi. Axir qanday qilib tugʻilib oʻsgan shahrini tashlab ketadi?! Gulnoʻshni-chi?! Unga boʻlgan muhabbatini-chi?! Ularni qanday tashlab ketadi?! Yoʻq, Borbad bunday qilolmaydi. U shu yerda tugʻilgan, shu yerda oʻladi. Agar Marvni tashlab ketish mumkin boʻlganida edi, yo, Buxoro, yo, Samarqand, yo, Xorazmga ketardi. Balki, bu yerdan hiyla olis, oʻsha uzoq Binkatga ham ketardi. Marvga oʻsha yoqlardan kelgan sozandalaru mashshoqlar u yerlarning hokimlari ham san’atga boʻlakcha mehr bilan qarashlari haqida soʻzlab berardi. Borbad oʻshalar bilan ketmaganda, endi daf’atan, uyidan haydalgan it kabi Marvni tashlab ketadimi?!
– Agar ketmasang, ertaga dorga osilasan oʻgʻlim, – unga toʻgʻrisini aytdi otasi.
– Nega ham oʻsha Gulnoʻsh haqida qoʻshiq aytding?! – yigʻladi onasi.– Seni osishsa, qanday chidayman oʻgʻlim. Yoʻq, sendan oldin meni osishsin!
– Nimalar qilib qoʻyganingni koʻryapsanmi oʻgʻlim, – dedi otasi.– Endi boshqa ilojimiz yoʻq. Narsalaringni yigʻishtir. Hozir karvonsaroyga boramiz. Birinchi karvon qayoqqa ketsa, oʻsha yoqqa joʻnab ketasan. Xudodan boʻlak hech kim abadiy hokim boʻlolmaydi. Marvga bir kun qaytarsan.

Shunday qilib otasi uni karvonsaroy tomonga olib bordi. Mushtipar onasi ortidan yum-yum yigʻlab qoldi. Oʻshanda musiqaning oppoq rangi onasining koʻz yoshlariga singib Marv tuproqlariga yogʻildi. Musiqa javonlarini koʻtarib olgan Borbad uyidan ketib borarkan, bu Marv osmonidan yogʻayotgan yomgʻirmidi, yo, onasining koʻz yoshlarimidi, daf’atan ilgʻayolmadi. Borbad yomgʻir ostida negadir mustar boʻlib qolgandi. Oʻshanda u oppoq musiqaning oʻzidan uzoqlashib ketganligini koʻrdi. Karvonsaroyga yaqinlashib qolganlarida u tuyqusdan otasiga musiqa asboblarini tashlab ketmoqchi ekanligini aytib qoldi.
– Koʻnglim gʻash, – dedi u otasiga. – Gulnoʻshdan ayrilar ekanman, endi ular menga kerak emas.
– Unday dema oʻgʻlim, – dedi otasi.– Musiqa bizning qonimizda yashaydi. Bilaman, sen hozir xafasan. Musiqa xursandchilik vaqtlarimizda senga qanday huzur bagʻishlagan boʻlsa, xafa va mustar vaqtlaringda ham qalbingda shunday taskin bera oladi. Musiqa shunday qudratli kuchga ega.
– Mayli, nima demang, baribir musiqa asboblarimni olib ketmayman. Hozirgi holatimda mening qarorim qat’iy. Agar kerak boʻlsa, hamma katta shaharlardan musiqa asboblarini topish mumkin. Ammo bularni olib ketmayman. Siz ularni uyga qaytarib olib boring.
– Yoʻq, – dedi otasi. – Sen ularni uydan olib chiqqan ekansan, men ularni uyga qaytarib olib bormayman. Onangni bu asboblarni koʻrsa, yuragi eziladi. U har gal bularni koʻrsa, seni eslab yigʻlaydi. Shuning uchun uyga olib bormaganim ma’qul.
– Ota, unda nima qilamiz?..
– Yur, musiqa asboblari sotadigan rastaga kiraylik. U yerda mening bir doʻstim bor. Oʻsha yerga bularni omonat qoldiramiz. Qachondir oʻzing Marvga qaytsang, ularni qaytarib olasan. Doʻstimga omonatni kelguningcha saqlashi uchun maoshimdan ulush berib turaman.

Borbad otasining ortidan yurdi. Ular musiqa asboblari sotadigan rastaga kirishdi. Otasi vaziyatni tushuntirdi.
– Yaxshi, tushundim doʻstim, – dedi musiqa asboblarini sotadigan rastaning egasi. – Oʻgʻling kelgunicha, bu asboblarni koʻz qorachigʻiday asrayman. Mana, qoʻlni oling.

U Borbad bilan qoʻl siqib koʻrishdi. Shu bilan ular karvonsaroyga joʻnab ketishdi. Ne taqdirki, bugunoq, Marvdan Eronga joʻnab ketadigan karvon bor ekan. Otasi, Borbadni ham Eronga olib ketishga karvonboshini bir amallab koʻndirdi.
– Oʻgʻlingiz Borbadni hokim qahriga uchraganini eshitdim. Hozir hammaning ogʻzida shu gap, – dedi karvonboshi yoʻl xarajatiga Borbadning otasi bergan pulni sanab olarkan. – Xotirjam boʻling, oʻgʻlingizni Eronga eson-omon eltib qoʻyaman.
– Xavotir olmang ota, – dedi Borbad.– Joylashib olganim hamonoq men sizga xat yozaman. Marvga keladigan karvonlardan berib yuboraman. Karvonsaroy bilan bogʻlanib turing.
– Xoʻp oʻgʻlim, – dedi otasi. – Biz onang bilan senga albatta javob yozamiz. Xayr, oy borib omon kel.

Ota-oʻgʻil quchoqlashib xayrlashishdi. Karvonboshi Eronga minib borish uchun Borbadga bir xachirni roʻbaru qildi:
– Oʻzi yaxshi xachir. Uzun yoʻlda charchoq nimaligini bilmaydi. Tuyadan kam joyi yoʻq.
– Mayli, shunisiga ham raxmat!

Yoʻl Borbad uchun ana shunday boshlandi. Yomgʻir yoʻl-yoʻlakay bir zumga ham tinmadi. Karvondagilar yomgʻirpoʻshtlariga oʻralib olishdi. Karvonboshi baquvvat otlar qoʻshilgan aravaga chiqib oldi. Borbad toʻgʻrisida esa hech kim qaygʻurmadi. U oʻsha-oʻsha, yomgʻir ostida ivib, tuyadan hech ham kam joyi yoʻq boʻlgan xachirda bir me’yorda karvon ortidan borardi.
– Ortda qolmanglar. Karvonga yetishib yuringlar, – har zamonda karvonboshining shunday hayqirigʻi eshitilib turardi.

Karvon Marvning gʻarbidagi qumtepalar osha ildamlab borardi…

II

Yomgʻir borliqqa bahor kelganligidan darak berdi. Maysalar nish urdi. Bepoyon adirlar tim yashillik bilan qoplandi. Borbad Eronga karvon bilan kelgandan beri musofirxonalardan birida yashab yurardi. U hamon Gulnoʻsh haqida oʻylardi. Ammo bu pokiza xayol endi borgan sari unga bir roʻyoday tuyulardi. Agar muhabbat faqat taxayulda yashasa, alal-oqibat sarobga aylanadi. Borbad buni juda yaxshi bilardi. Demak, nimadir qilmoq lozim. Borbad oʻylab-oʻylab axiyri Eron shohi Xusrav saroyiga borishga ahd qildi. Oxir-oqibat bu ahd qat’iy qarorga aylandi. U musofirxonani tark etib shoh saroyiga bordi. Ammo uni u yerga shunchaki kiritishmasdi. Xusrav saroyiga uni faqatgina musiqa olib kirardi. Shunda u yuragining tub-tublarida hali-hamon musiqa yashayotganligini ilgʻadi. Biroq endi bu musiqaGulnoʻshni koʻrgan davridagi oppoq musiqa emas, bil’aks, u onasining koʻz yoshlari bilan qadrdon uyining ostonasidagi Marv tuproqlariga singib ketgan edi. Bu musiqa, oʻsha koʻz yoshlar va karvonda ketayotganida, Marv yomgʻirlari ostida ulgʻayib qolgan yigitning bahorini musiqasi edi. Uning rangi oq emas, bil’aks, adirlar osha kirib kelgan bahor kabi yam-yashil edi. U ana shu yashil musiqani kuylamoq uchun Xusrav saroyiga bot-bot kelaverdi. Izlagan imkon topadi deganlaridek, axiyri u saroy san’atkorlarining boshligʻi Sarkash bilan uchrashishga muvaffaq boʻldi. Orasta kiyingan qirgʻiyburun Sarkash uni xushlamaygina, bepisandlik bilan kutib oldi:
– Marvdan shuncha yoʻl bosib kelgan ekansan, mayli, seni guruhga olaman, ammo musiqa asboblarini yaxshi chalolmaydigan boʻlsang, oʻsha kuniyoq   ishingdan ayrilasan.
– Ishonchingizni oqlashga harakat qilaman taqsir, – dedi Borbad.

Sarkash uni saroyning musiqa xonasiga yetaklab kirdi. Bu yerda qadimiy torlardan tortib, doira-yu sozlar, tanburu dutorlargacha bor edi. Borbad ularga avvalgidek ishtiyoq bilan termuldi. Xayolida yomgʻir ostida iqadirlar osha kelayotganida koʻrgan yashil musiqa jonlandi. Sarkash musiqa asboblarini koʻrib hayratda qolgan Borbadga dedi:
– Ularni qaysi birini chala olasan?
– Qaysini chal desangiz oʻshani, – ortiqcha kamtarliksiz javob qildi Borbad.

Sarkash eshitgan quloqlariga ishonmadi. Borbad bu musiqa asboblarini har birini alohida shunday goʻzal uslubda chalib koʻrsatdiki, endi Sarkash hayratdan dong qotdi. Shunday boʻlsa-da, u sir boy bermaslik uchun dedi:
– Borbad, sen yanada yaxshiroq mashq qil. Ammo harakatlaring chakki emas. Hozircha, menikida yashab turasan. Bu yerga ham kelib oʻz ustingda ishlaysan. Maoshingni saroy hisobidan olasan.
– Bu yaxshiligingizni oʻla-oʻlguncha unutmayman, – dedi Borbad.

U  shunday qilib saroyda oʻrnashib oldi. Endi u Sarkashning uyida yashar va saroydan maosh olardi. Sarkash unga koʻp navozishlar va mehribonliklar koʻrsatar, ammo saroydagi san’at kechalariga uni musiqachi sifatida olib borishga shoshilmasdi. Borbad musiqa kechalariga qatnashishni intiqlik bilan kutar, astoydil mashq qilar, ammo Sarkash oʻz nomiga monand uni katta sahnaga olib chiqishga sarkashlik qilardi. Borbad bir kuni Sarkash musiqachilari guruhidagilardan, Navroʻz arafasida Xusrav mamlakatda katta tantanalar oʻtkazishini, xususan, saroy bogʻida shohona musiqa sayli tashkil etilishini eshitib, yuragi qattiq hapriqdi. U bu kechaga ishtirok etishni juda ham istardi. Bu haqda Sarkashga aytgandi, ammo u buni xushlamaygina dedi:
– Borbad, men seni shohimiz Xusravga ulugʻ musiqachi sifatida tayyorlab bermoqchiman. Ammo sen haddan tashqari shoshilyapsan. Men seni oʻzim istagan darajaga olib chiqmasdan barbod qilmoqchimasman.

Borbad unga ortiq soʻz demadi. Tushundiki, buning bari foydasiz. Chunki u Sarkash biladigan narsalarni allaqachonlardan beri bilardi. Ammo u biladiganlarini Sarkash hali koʻplarini bilmasdi. U Sarkash va Xusravga  kutilmagan yangilik tayyorlashni xayoliga tugib qoʻydi. Musiqachilar guruhidan Xusrav bogʻidagi sayl qachon boʻlishini avvaldan bilib olarkan, koʻnglida yetuk bir reja yetila boshladi…

Buni Xusrav saroyidagilar va Sarkashning musiqa dastasi saroy bogʻida musiqa sayli boʻlayotgan vaqtda ilgʻashdi. Shoh Xusrav va uning a’yonlari saroy bogʻida musiqachilarning navbatma-navbat kuylayotgan oromijon qoʻshiqlarini tinglayotgan bir mahalda bogʻning boshqa tarafidan ulugʻ bir musiqa yangradi. Sarkashning musiqa dastasi va saroydagilar bu sehrli ohangraboning ta’sirida bir muddatga oʻsha tomonga quloq osishdi. Bu musiqa shunday qudratli kuchga ega ediki, uning ohanglari oldida oʻzga kuy va musiqaning jarangi quloqlarga kirmas, boshqa kuy va sadolar u joydan taralayotgan navoning oldida nogʻora chalishdek arzimas bir yumushga aylanib qolayotgandek edi. Shoh Xusrav hayratini yashira olmay oʻrnidan turarkan, a’yonlarga dedi:
– Men oʻsha yoqqa bormoqchiman!

Boshqalar ham shoh Xusrav ortidan ergashdi. Bogʻning shimolga qaragan xilvat goʻshasida, yam-yashil maysazorlar ichida, oʻzi ham yashil kiyigan, qoʻlidagi musiqa asboblari ham yashil rangga burkangan bir yigit oʻsha diltortar va qalblarni sehrlovchi musiqani chalib, navroʻzga atalgan qoʻshigʻini kuylardi. Uning ovozi atrof-javonibni butunlay sehrlab qoʻygan, nafaqat odamlarning, balki, qushlar va daraxtlarning ham qalbini ana shu kuy, ana shu musiqa, ana shu sehrli ovoz afsun kabi elitib qoʻygandi. U qoʻshiq va kuyni nihoyalamaguncha, hech kim joyidan qoʻzgʻalmadi, hamma tik turgancha, ulugʻ musiqachining kuy va qoʻshigʻi yakun boʻlishini kutdi. Nihoyat u Navroʻzga bagʻishlangan kuy va qoʻshigʻini yakunladi va Xusravga ta’zim qildi. Hayratu shavqdan hamon oʻziga kelolmagan Xusrav huzuridagi yigitni zoʻrgʻa kimligini soʻray oldi.
– Men Borbadman, shahonshoh, – unga yana bir bor ta’zim qildi musiqachi. – Saroy musiqachilarining boshligʻi Sarkashning shogirdi boʻlaman.
– Sarkashning shogirdi?! – hayron boʻlib bir Borbadga, bir Sarkashga qaradi shahonshoh.
– Ha, shunday shahonshoh hazratlari, – Borbadning soʻzlarini tasdiqladi Sarkash.
– Nega shu paytga qadar uni bizning musiqa anjumanlarimizga olib kelmadingiz?.. – soʻradi shahonshoh.
– Meni avfu etsinlar shohim. Men Marvdan kelgan bu yigitni ulugʻroq bir kunda sizga taqdim etmoqchi edim.
– Navroʻzdan ulugʻroq kun bormikan?! – dedi Xusrav. Soʻng Borbaddan soʻradi: – Sen yigitcha marvlikmisan?
– Ha, shahanshoh. Men Marv hokimi musiqachisining oʻgʻliman.
– Demak, Marvda yaxshi musiqachilar bor ekan-da. Shunday katta Eron shohi Sarkash degan musiqachini kuylarini tinglab yursa-yu, Marv degan bir shaharning hokimi ulugʻ musiqachilarga ega boʻlsa.
– Marv hokimiga bosim oʻtkazib, yaxshi musiqachilarni bizga yuborishini soʻrab qat’iy talab yuborishimiz mumkin shahonshoh, – dedi saroy amaldorlaridan biri.
– Bu haqda boshqa gapirmang, – uning soʻzini kesdi Xusrav. – Marv hokimi bilan bizning qalin aloqalarimiz bor. Buni yaqin vaqtlarda oʻzlaringiz bilib olasizlar. Men hozir boshqa bir qarorga keldim.
– Qaroringiz bosh ustiga, shahonshoh, – uni qoʻllab-quvvatladi a’yonlar.
– Qarorim shunday, – dedi Xusrav. – Bugundan e’tiboran saroy musiqachilariga Sarkash emas, balki Borbad rahnamolik qiladi. Sarkash esa, undan oʻrganadi va unga yordam beradi.
– Sarkash mening rahnamoyim, shahonshoh, – dedi Borbad.
– Jim boʻling Borbad, – unga birinchi bor sizlab murojat qildi Sarkash. – Shahonshohning amri vojib. Siz haqiqatan ham saroy musiqachilariga rahnamo boʻlishga haqlisiz.

Borbad rad etmoqchi boʻldi. Ammo shahonshoh oʻz fikrida qat’iy qoldi. Sarkash ham birdan oʻzgarib unga mehribon boʻlib, oʻz rahnamosidek qaray boshladi. Shoh Xusrav Borbadni Sarkashning uyida yashab yurganligini eshitib unga alohida uy in’om ayladi. Shu kundan e’tiboran uning hayoti tamomila boshqa oʻzanga oʻzgarib ketdi. U Marvga ketayotgan karvonlar orqali ota-onasiga xat bitib, oʻzining salomatligini hamda ishlari qanday rivoj topganligini yozib yubordi.Koʻp oʻtmay Marvdan kelgan karvon orqali xatiga ota-onasidan javob oldi. Bu uning koʻnglini koʻtardi. U musiqaning endilikda haqiqatan ham tim yashillikka aylanganligini, agar hayot shunday davom etsa, bir kun Marvga qaytishiga imkon tugʻilajagini his qilardi. U Xusravning adolatpeshaligiga ishonar, shuning uchun oʻzini unga yaqin tutar, illo bu hol yana bir vaj bilan bogʻliq ediki, Borbad buni inkor etolmasdi. U qandaydir bir ulugʻ qudrat bilan Gulnoʻsh visoliga yetishni istardi. Ana shu ulugʻ qudrat Borbad uchun Xusrav qiyofasida gavdalanardi. Zero, butun dunyoni hozirda ostin-ustin qilayotgan ulugʻ turk hoqoni Istamin ham shahonshoh Xusrav bilan doʻstona aloqalarni ushlab turardi. Demak, shunday qudratli shahonshoh Marv hokimiga yetarlicha ta’sir oʻtkaza oladi. Shu boisdan ham Borbad uning etagini mahkam ushlashga qaror qildi. Toza muhabbat uchun kurashayotgan inson ba’zan shunday su’istemolliklarga ham yoʻl qoʻysa, uni kechirsa boʻladi. Zero Borbadga Gulnoʻshning visoliga yetishmoqlikdan ham ulugʻroq bir maqsad yoʻq edi. Musiqaning yashillanishi ham ana shu orzuga boʻlgan umidning roʻyobga chiqishiga inja bir intilishning hosilasi edi. Ammo voqealar u oʻylaganchalik juda tez roʻyobga chiqolmasdi. Bunga yaqin yillar ichida boʻlib oʻtgan bir qator voqealar sabab boʻldi. Avvaliga shahonshoh Xusravning Shirin degan bir goʻzal malakka oshiq boʻlishi saroydagilarni ancha sarosimaga soldi. Axir Xusravdek ulugʻ hukmdor, bir kanizakka yetishish uchun davlat ishlariga befarq boʻlib qolsa, buni qanday tushunish mumkin?! Zero, oʻsha kanizak uning qoʻl ostidagi me’mor Farhodga unashtirilgan edi. Zavjalaridan tashqari haramida shuncha goʻzal va bir-biridan maftunkor kanizaklari va choʻrilari boʻlishiga qaramay, oʻzga bir yigitga unashtirilgan qizga shohning koʻngil qoʻyishi saroy doiralarini ancha tashvishga soldi. Axiyri Shirinni Xusrav haramiga keltirishdi. Shoh uning vaslidan mastu-mustagʻriq boʻldi. Visolning shirin onlarini u bilan birga kechirdi. Farhod esa bu koʻrguliklardan kuyib ado boʻldi. Ammo u bir me’mor boʻlgani holda shunday ulugʻ shohga qarshi nima ham qila olardi. Keyingi vaqtlarda ayshu-ishrat bilan mashgʻul boʻlib qolgan shoh huzuriga Borbad shu boisdan ham kirolmadi. Unga Gulnoʻsh haqida qalbining toʻrida saqlagan pokiza niyatlarini aytolmadi. Bu orada roʻy bergan siyosiy voqealargina Xusravning xayolini oʻziga keltirdi. Turk hoqoni Istamin Eronning yon qoʻshnilaridan biri Eftalitlar davlatiga davlatga katta kuch bilan yoprilgan hamda Xusrav Anushervonga bu ulkan mamlakatni boʻlib olish haqidagi eski taklifni eslatgan edi. Otasi Qabod davrida eftalitlarga bir muddat boj toʻlash zoʻrida qolgan Eron bunday vaziyatdani foydalanib qolishi lozim edi. Shuning uchun Xusrav Istamin taklifini bajonidil qabul qilgan holda oʻzi boshchiligida katta qoʻshin bilan eftalitlar yurti tomon yurdi. Istamin va Xusravning biratoʻla ikki tarafdan kirib kelishi eftalitlarni ikki tarafda jang olib borishga majbur qildi va bu jang alal-oqibat ularning magʻlubiyati bilan tugadi. Xusrav Anushervonga Chagʻoniyongacha boʻlgan ulkan yerlar tegdi. U shundan soʻng Eronga qaytdi. Bu orada Borbad oʻz shogirdlariga musiqaning yangi kuylarini oʻrgatish bilan mashgʻul boʻldi. Ayniqsa Nekiso degan shogirdi Borbadning yoʻlini davom ettiradigan iste’dodli yigit chiqib qoldi. Xusrav Anushervon kelguncha Borbad shu shogirdlarining iqboli bilan ovvora boʻlib yurdi.  Xusrav mamlakatga qaytgach, yana Shirin ogʻushiga gʻarq boʻlib, atrof-olamni tamoman unutdi. Bundan Borbad biroz gʻamgin ham boʻldi. Ammo bir kuni uni Xusrav huzuriga chorlayotganini eshitdi-yu, koʻnglidagi niyatini aytish imkoniyati yuzaga kelganligidan nihoyat suyundi. Shoh oʻz haramida Shirin bilan birga edi. Borbad har ehtimolga qarshi oʻzi bilan birga cholgʻularini olib bordi. Shunda oppoq chehrali, qosh-koʻzlari qop-qora, uzun sochlari taqimini oʻpadigan, qad-qomati koʻrgan koʻzga afsun kabi ta’sir etadigan malak siymo Shirinni ilk bora koʻrdi-yu Xusravning aql-hushdan nechuk ajralganligini sababini tushundi. Qudratli shoh boʻlganingdan keyin shunday goʻzal malak uchun bitta Farhod nima boʻlibdi, mingtasidan ham uni tortib olsang arziydi. Xusrav Shiringa nigoh tashlagan Borbadga xiyol kulib qararkan dedi:
– Shunday jononing boʻlishini sen ham istarmiding Borbad?..
– Men buni xayol ham qilmagan boʻlardim shahonshoh. Mening musiqadan ham boʻlak oromi dilim yoʻq, – bosh egib javob qildi Borbad.

Zero, u shoh kanizaklariga qarashdek gunohi azimga yoʻl qoʻyganligidan endi xijolat tortayotgandi. Bunday gunoh uchun Xusravning gʻazabiga uchrash hech gap emas edi. Ammo Gulnoʻsh vasliga erishish orzusida yurgan Borbad uchun bu hayotini barbod qilish bilan barobar edi.  Axir u Gulnoʻsh vaslini Shirinning jamolini bir bor koʻrishga qurbon qilib yuborolmasdi. Zero, Shirin Xusrav bogʻida qulf urib ochilgan binafsha boʻlsa, Borbad uchun Gulnoʻsh Marv qumloqlarida erta bahor koʻkargan bir boychechak misoli edi. U oʻzining qoʻli yetmaydigan olis binafshani bir bor koʻrish uchun qalbining toʻrida asragan boychechakni bosib oʻtib ketolmasdi. Shoh Shirin uchun bir oromijon kuy chalib berishni Borbaddan soʻradi. Ulugʻ musiqachi Gulnoʻshni sogʻinish hajrida yaratgan kuylaridan birini zoʻr mahorat bilan chala boshladi. Shunda Borbad Shirinning mijjalarida yosh tomchilari quyilganligini ichki bir sezim bilan koʻra oldi. Ammo Xusrav bunga e’tibor bermadi. Bu Farhod uchun toʻkilgan yoshlarmidi, yo, shunchaki Borbad musiqasining qudratimidi, ulugʻ musiqachi buni daf’atan anglolmadi. Har holda Shirin Xusrav saroyida shohning eng suyukli kanizagi maqomiga erishgan, bunday istiqbol dunyoning qanchadan-qancha goʻzal malaklarining hushini uchirardi. Borbad kuyni chalib tugatarkan, momiq bolishlarga suyanib olgan Xusrav  malaksiymo Shirinning oʻziga yaqinroq oʻtirishini soʻragancha, musiqachiga dedi:
– Bu kuyni qachon yaratgansiz?..
– Hali Marvdalik paytimdayoq yaratgandim shahonshoh hazratlari, – iltifot bilan dedi Borbad. Soʻng koʻnglidagini toʻkib solish gali kelganligini sezib davom etdi: – Meni avfu etsangiz shahonshoh, sizga bir gapni aytsam. Koʻp yillardan beri buni aytolmay istihola qilib keldim.
– Xoʻsh, nechuk gap ekan? – soʻradi Xusrav.
– Bu sizga hozirgina chalib bergan kuyimning tarixi bilan bogʻliq. Men uni Gulnoʻsh degan bir qizga ataganman.
– O, musiqachimizning ham koʻngli bu yoqda ekan-da, – hayratlandi Xusrav.
– Uni sevarmidingiz? – nazokatli mayin ovoz bilan soʻradi Shirin.

Borbad bir shohga, bir Shiringa qarab oldi. Uning ovozi husniga monand benihoya muloyim va yurakka yaqin ovoz edi. Ammo bu hol unga har kimning ham javob qaytarish huquqini bermasdi. Borbadning istiholasi aynan mana shundan edi. Biroq Xusrav musiqachidan uni qizgʻonmasdan dedi:
– Mening goʻzal yorimning savoliga javob bering…
– Ha, uni juda ham sevardim, – xoʻrsindi Borbad.
– Uning ismi nima edi? – soʻradi Shirin.
– Gulnoʻsh!!!
– Marvda bu ism odatiy ismlardan boʻlsa kerak hoynahoy, – oraga qoʻshildi Xusrav.
– Nechuk bunday oʻylayapsiz shahonshoh? – soʻradi Borbad.
– Sizning xabaringiz yoʻq shekilli, – hayron boʻldi Xusrav. – Biz yaqinda oʻgʻlim Sheruyaga Marv hokimining qizini kelin qilyapmiz. Uning ham ismi adashmasam Gulnoʻsh edi.
– Shundaymi?.. – kalovlanib oʻzini yoʻqotib qoʻyayozdi Borbad.
– Sizga nima boʻldi? – soʻradi Shirin. – Yo, sizning koʻnglingizdagi qiz oʻsha Gulnoʻshmidi?!
– Men… Gulnoʻsh… Nimalar deyapsiz axir… Men kimu Marv hokimining qizi kim…
– Xayriyat-ey, men ham shundaymikan deya qoʻrqib ketgandim, – dedi Xusrav.
– Shahanshoh, menga endi ruxsat bersangiz, – bosh egib soʻradi Borbad.– Siz hazrati oliylarini Shirin xonim bilan yolgʻiz qoldirsam.
– Sizga ruxsat, – qoʻli bilan himo qildi Xusrav.

Shirin Borbadning ortidan qarab qoldi. U bu oʻsha Gulnoʻsh ekanligini Borbadga bir qarashdayoq bilgandi. Yaxshiyam Xusrav buni sezmadi. Shoh huzuridan chiqib saroy bogʻida qadam ranjida qilarkan, Borbad bogʻda daraxtlarning sargʻayganganligini koʻrdi. Shu ondayoq uning qalbida musiqaning sariq ranglari bostirib kelayotgandi. Gulnoʻshni Sheruyaga tegishini eshitgan hamonoq musiqaning yashil ranglari ulugʻ bastakorning tark etayotganligini u ichki sezim bilan angladi…

III

Xusravning soʻzlari haqiqatga aylandi. Marvhokimining qizi Gulnoʻshshoh Xusravning oʻgʻli shahzoda Sheruyaga katta toʻyu-tomoshalar bilan nikohlandi. Shoh Xusrav toʻyda musiqa chilarning chiqishlarini Borbadga topshirdi. Borbadni maham qila olardi. Axir dunyo shundayki, sen aslzoda boʻlib tugʻilmagan ekansan, sening orzuying orzuligi chaqolib ketaveradi. Bunday vaziyatda sen oʻz taqdiringni oʻzgartir olmaysan. Oddiy musiqachining oʻgʻli kimu shahonshohning oʻgʻli kim?! Musiqachining oʻgʻli nari borsa musiqachi boʻlar, shohning oʻgʻli esa, bir kuni shahonshoh boʻladi. Gulnoʻsho yoqyalang musiqachini tanlarmidi?! Musiqachining rafiqasi qayda-yu, butun mamlakatning malikasi boʻlish qayda?! O, xom sut emgan Borbad! Sen sevgi bor deb oʻylovmiding?! Chin muhabbat muzaffariyat qozonadi, deb xayol surganmiding?! Agar shunday boʻlganida, Shirin Farhod bilan togʻu-toshlarga qochib ketmasmidi?! U nima qildi?! Xusravning yumshoq par toʻshaklari-yu, ipak bolishlarga ega haramini tanladi. Ehtimol qachonlardir kelajak shoirlari Farhod Shirinlarning muhabbatini yozib, oshiqlar dili entiktirar?! Ammo u muhabbatlarning haqiqiy hayotda hech qachon roʻy bermasligini ham ular yozisharmikan?! Gulnoʻsh va Borbad sevgisini ham butun fojealari bilan qachonlardir yozisharmikan?! Borbad yuragida umid oʻlganligini sezdi. Buni shogirdi Nekiso bir qarashdayoq payqadi:
– Sizga nima boʻldi ustoz? – soʻradi u saroy musiqa xonasida ishlab turganlarida. – Valiahd shahzoda Sheruyaning toʻyidan beri juda ham xomush boʻlib qoldingiz?..
– Endi keksardim shekilli, – dedi Borbad. – Mening musiqam sargʻardi.
– Ustoz, nimalar deyapsiz? – oʻzini yoʻqotib qoʻydi Nekiso. – Hali juda yoshsiz. Qanaqasiga keksarasiz?..
– Keksarish yosh bilan bogʻliq boʻlganida edi, Nekiso, – dedi Borbad. – Men hali juda koʻp yashagan boʻlardim. Sen ishonasanmi, yoʻqmi, men endi, musiqaning faqat sariq ranglarini koʻrmoqdaman. U daraxtlarning toʻkilayotgan za’faron barglari yangligʻ sap-sariq. Men Gulnoʻshni Sheruyaning rafiqasiga aylanganidan buyon uygʻonganimdan uyquga ketganimga qadar musiqaning sap-sariq rangini koʻrmoqdaman…

Nekiso, ustozining mungli kechmishidan bir qadar xabardor boʻlgani holda valiahd shahzoda Sheruyaning rafiqasi Gulnoʻshga ustozi Borbadning allaqachonlardan beri koʻngli borligini bilarkan, qoʻrquvdan tizzalari dagʻ-dagʻ titradi. Zero, bu hol oshkor boʻlsa, ustozining holiga voy ekanligini u juda yaxshi bilardi. Bunday holatda saroy mahkamasidagilar Nekisoni ham ayab oʻtirishmasa kerak. Ammo Borbadning oʻz fikrini bu taxlit aytishi Nekisoni boshini qattiq qotirdi. Lekin buni ustoziga qanday tushuntiradi. Yoʻq, buni Borbadning oʻzi tushunishi kerak. Ha, sevib koʻrmagan odam shunday oʻylaydi. Nekiso buni qayoqdan ham bilsin. Axir yurak har doim ham aqlning tizginiga kiravermaydi-ku?! Borbad buni yaxshi biladi.  Ammo sevgiga uning munosabati endi oʻzgargandi. Xuddi musiqaning sariq ranglari kabi uning yuragi endi oʻzgargandi. Agar dunyoda qandaydir insoniy muhabbat chin boʻlsa, bu ota-onangga boʻlgan muhabbat boʻlsa kerak. Borbad shundan chuqur xoʻrsinardiki, koʻpdan beri ota-onasidan xabar yoʻq edi. U xuddi avvalgidek, Marvga ketayotgan karvonlardan tez-tez xat joʻnatardi. Ammo endi koʻp vaqtdan beriki, biron javob kelmasdi. Borbad musiqasining rangi balki shundan ham sariq rangga aylangandir. Yana kim bilsin. U Marvning suvsiz adirlarini eslardi. Sap-sariq rangga boʻyalgan adirlar. Gulnoʻsh Xusrav saroyiga oʻsha adirlarni oshib kelgan. Xusrav Shirin bilan qanday baxtiyor boʻlsa, Sheruya Gulnoʻsh bilan shunday baxtiyor. Borbad endi xuddi Farhoddek kuyib ado boʻladi. U sariq rangli musiqaga shunday kuyni koʻrardi. Bu Farhodga aylangan Borbad, yoyinki, Borbadga aylanayotgan Farhod edi. U Farhod teshasini koʻtarib togʻu-toshlardan suv chiqaraman deb yurar, jahannamday choʻllarda tamoqlari qaqrab axiyri jon berardi. Xusrav esa Shirinning oromijon ogʻushida muhabbat bolini simirardi. Shunda u yana Borbadga aylanardi-da, Gulnoʻshni deb oʻziga shunday noravo taqdirni tanlagandi. Uni har kuni tongdan shomgacha oʻylardi. Ammo u xuddi Shirin kabi oromijon haramni tanlagandi. Unda Sheruya baxtdan masrur edi. Borbad esa, xuddi Farhod kabi orzuning achchiq talxlarini ichib ado boʻladi…

Borbad shunday xayollar ichra umrguzaronlik qilarkan, saroyda voqealar boshqa oʻzanga qarab ketayotganligini deyarli sezmay ham qoldi. Sheruya otasi Xusravni Shirinning ogʻushidan beri kelmay qoʻyganligidan avvaliga qattiq ta’ajjublandi. Soʻng bu hol Sheruyaga Shirinning jamolini koʻrishga ishtiyoq uygʻotdi. Axiyri u bir amallab bu xohishiga erishdi. Shoh Xusrav ovga chiqqanida otasining haramiga yashrincha kirib Shirinning jamolini koʻrishga muyassar boʻldi. Bu Sheruyada otasiga nisbatan hasad va nafrat uygʻotdi. U xuddi Gulnoʻsh singari Shirin ham oʻziniki boʻlishini istadi. Sulaymon paygʻambar yuzlab goʻzal kanizaklari boʻlishiga qaramay davronning malaksiymo goʻzali Bilqisga yetishganidek, Sheruya ham Gulnoʻshdek dilbar malagi boʻlishiga qanoat qilmay Shirinni ham oʻz ogʻushiga boʻlishini xohladi.  Ammo bu niyatga yetish uchun avvalo otasidan taxtni tortib olish lozim. Axir otasi Xusrav ham oʻz davrida xuddi shunday qilgan-ku?! Sheruya shu niyatda atrofida oʻziga sodiq odamlarni toʻpladi. Axiyri u istagan niyatiga erishdi. Xusravni taxtdan chetlashtirib qatl ettirdi. Bularning hammasi qanday boʻlganini Borbad yaxshi bilmaydi. Bilganlarini ham shogirdi Nekisoning ogʻzidan eshitdi.
– Nahotki, shunday boʻlgan boʻlsa?! – deya oldi u.
– Ha, shunday boʻldi, ustoz, – dedi Nekiso. – Endi biz nima qilamiz?..
– Hammasini vaqt toʻgʻrilaydi, – dedi Borbad. – Sen uyingga boraver Nekiso. Men yolgʻiz qolmoqchiman.

Nekiso ketgach,  Borbad taqdirning bunday koʻrguliklariga ortiq chiday olmasligini ilgʻadi. U Xusrav in’om etgan uyidagi barcha musiqa asboblarini hovliga olib chiqdi-da, hammasiga oʻt qoʻyib yubordi. Yogʻochdan yasalgan musiqa javonlari olovda langʻillab yona boshladi. Shu paytga qadar uning qalbida toʻlgʻongan musiqaning sariq ranglari endi olov tillarining sariq tuslari bilan batamom aralashib ketgandi. U musiqa javonlar va asboblarini yoqarkan, bu bilan cheklanib qolmadi. Uning koʻz oʻngidan Sheruyaning badniyat ogʻushida toʻlgʻonayotgan Gulnoʻsh va Shirin oʻtdi. U qoʻllariga qanday qilib tesha tushib qolganligini ilgʻay olmadi. Gulnoʻsh va Shirinni ogʻushiga navbatma-navbat gʻarq boʻlayotgan Sheruya undan musiqa chalishni talab qilardi. Ammo Borbad bu qabohat oldida musiqa chalishni istamasdi.  U teshani qoʻliga olarkan, shunday musiqa chalgandan koʻra, barmoqlarini chopib tashlashni afzal bildi. Tesha shartillagancha uning barmoqlari ustiga yugurardi. Bu Farhodning suv chiqaraman deb kimsasiz choʻlda jon berayotganda qoʻlida qolgan oʻsha tesha edi. Ammo suv yoʻq, musiqa javonlarini yumlamay yutayotgan yuho olov yonardi. Tesha esa Borbadning barmoqlarini bitta qoldirmay chopib tashladi. Toki, u endi boshqa musiqa chala olmasin. Musiqaning sariq ranglari olovda shunday yonardi. Kesilgan barmoqlaridan qon oqayotgan Borbad olovga shunday tikilib turardi. Endi unga bu uyning ham, bu xotiralarning ham keragi yoʻq edi. U bularning hammasini sariq musiqaga qoʻshilib yonib ketishini istardi.

Borbad shunday alfozda bu uydan bosh olib chiqib ketdi. U Marvdan Eronga kelgan dastlabki paytda turgan oʻsha musofirxonaga qaytib keldi. Zero uning koʻngli sariq musiqa yonayotgan na oʻsha uyga, na Gulnoʻsh va Shirin azoblanayotgan Sheruyaning saroyiga borishni istardi?! Oʻziga qolsa, mana shu musofirxonada oʻlib ketsa ham mayli edi. Ammo bunday boʻlmadi. Shogirdi Nekiso, bir haftaga qolmay uni shu yerda ham topib keldi. U ustozining gʻarib va miskin ahvolini koʻrarkan, yigʻlab yubordi:
– Sizga nima boʻldi, ustoz?..Nega bunday ahvolga tushdingiz?.. Diltortar musiqa chaladigan barmoqlaringiz qani?..
– Nekiso, yigʻlama, musiqa chalishim uchun endi menga barmoqlarning hojati yoʻq. Ularning hammasini senga oʻrgatganman. Sen ularni boshqalarga oʻrgat. Shunda Borbad asrlar boʻyi yashayveradi…

Nekiso Borbadning yonida koʻp vaqt qoldi. Kechga yaqin Borbad uni yupatib, zoʻrgʻa uyiga joʻnatib yubordi. U ertaga yana kelishini aytib ustozi huzuridan bir ahvolda joʻnab ketdi. Musofirxonasidagi xonasida yolgʻiz qolgan Borbad Erondagi safari endi qariganligini ilgʻadi. Zero uni bu yerda yaydoqlik va hech kimsizlik qoʻynida sariq musiqa ta’qib qilardi. Garchand uning musiqa chaladigan barmoqlari yoʻq, ammo uning dilgir qalbida, oʻsha, sariq musiqa tanovar chalardi. Borbad yurakni ezgʻilovchi bu manfur kuyning istilosidan qalbini qutqazish uchun Marvga qaytishga qaror qildi. U shu niyatda toki shogirdi Nekiso bu yerga kelmasidan ketishga ahd qilib yoʻl tadorigini koʻrdi. Borbad oʻzini hech kim tanimasligi va bezovta qilmasligi uchun oʻzining bejirim uslubda tikilgan kiyim-boshlarini darveshlar xirqasiga almashtirdi. Soʻng yonida qolgan oxirgi pullarini oldida Marvga ketayotgan karvonga qoʻshilib oldi. Oxirgi marotaba uni koʻrgan eronliklar buyuk bastakor va musiqachini shunday alfozda eslab qolishdi. Buyuk Ipak yoʻlining chorrahalari osha yoʻlga tushgan karvon uning qatimday boʻlib qolgan loshini Marv tomonga olib borardi. Borbad yoʻl yurarkan, sariq musiqa yoʻl-yoʻlakay uni bir muddat ham tark etmaganligini koʻrdi. Garchand u bir paytlar uni umid sari boshlagan xotiralarini unutishga harakat qilar, Gulnoʻsh va Shirinning fojeasini eslamaslikka intilar(balki ular uchun bu hol, ehtimol umuman fojea emasdir), ammo sariq musiqaning qahrabodek ohangrabosi uning qalbida mungli va zalvorli kuyni chalardi. Borbad shunday alfozda Marvga qanday kirib kelganligini ham bilmadi. Marv buyuk bastakorni sariq rangga boʻyalgan qumtepalari osha jimjitlik va iltifotsizlik bilan kutib oldi. Holbuki, Marv, Marv boʻlgandan beri uning ulugʻ geniyni koʻrmagandi. Ammo hozir Borbad bularni oʻylamas, uning birdan-bir fikru-xayoli sariq musiqaning ta’qibidan qutilish edi. U karvonsaroydan chiqib, Marv bozori koʻrgach, oʻzining bu yerdan ketgan damlari xayolidan oʻtdi-da, bozorga kirib otasi bilan omonatga qoldirib ketgan musiqa javonlarini qaytarib olishga tutindi. Zero, bu asboblar uning bolalik va oʻsmirlik yodi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, hozirgi baxtsizligining umtilgan mungli kechmishini unutishga yordam bersa ne ajab. Ehtimol, sariq musiqaning bagʻrini parchin qilayotgan azobu-iztiroblaridan Borbad qutular, yana kim bilsin. Biroq Borbad kechikkandi. Kun ogʻayotgani uchun bozordagilar allaqachon ketib boʻlishgan, bozorda shu yerda ertadan-kechgacha sangʻib yuradigan uch-toʻrtta daydi-yu boʻzini sota olmay oʻtiradigan boʻzchilardan boʻlak hech kim yoʻq edi. Shunday boʻlsa-da, Borbad, ulardan musiqa javonlari sotadigan rasta egalarini soʻrab koʻrdi, ammo, ularning masxaromuz soʻzlarini tinglagach, bu yerda ortiq qolish befoydaligini anglab uyi tomonga shoshildi.Biroq neafsuski, uni bu yerda ham, hech kim yoʻliga koʻz tikib kutib oʻtirgani yoʻq edi. Borbad ketganidan soʻng, uning ota-onasi yolgʻiz farzandlarining dogʻida kuyib, orqama-oldin olamdan oʻtib ketishgandi. Ularning Borbad bilan xat-xabarlarining aloqasi uzilishining birdan-bir sababi shu edi. Borbad uyiga kelarkan, bu yerda hech kim yoʻqligini koʻrib qattiq sarosimaga tushdi.Allazamonlardan beri hech kim yashamaydigan uyda tuyqusdan darvesh xirqa kiygan mayishgan cholning paydo boʻlishi bu uyning qoʻshnilarini ham Borbaddan kam sarosimaga solgani yoʻq. Ular qanchalik harakat qilishmasin bu cholning mazkur uyga qanday aloqasi borligini eslasholmadi. Lekin uning qachonlardir yashab oʻtgan uy egalariga nimasi bilandir oʻxshashligi ulardan undan ortiq shubhalanishga asos qoldirmadi. Qoʻllarining barmoqlari choʻltoq boʻlgan, yuzlarini ajin bosgan chol uyga kirarkan, uning allazamonlardan beri ochilmagan zil-zambil havosi uning oʻpkasini toʻldirdi. Shunda u oʻzini sariq musiqa butunlay tark etganligini ammo undanda zalvorliroq, undanda mudhishroq qora musiqa choʻlgʻab olganligini his qildi. Borbad endilikda oʻzi ham tanimaydigan qoʻni-qoʻshnilaridan uyning egalarini qayoqqa ketganligini surishtirarkan, ulardan biri unga muloyimroq ohangda dedi:
– Yoʻqlikka ketishdi birodar…

Borbad shundagina ularning vafot etishganiga ishondi. Shunda uning shundoq ham kuchdan qolgan qoʻl-oyoqlari shalvirab qoldi. Marvga kelganidan beri oqara boshlagan soch-soqollari bir oqshomda oqarib ketdi. Qalbining tub-tublaridan esa ulkan oʻkirik kabi potragan qora musiqa sizib chiqdi. Borbad qalbidan bu musiqa shunday katta kuch bilan sizib chiqardiki, dunyoda hech qanday katta buni toʻxtata olmasdi. Bu musiqaning dovuri Borbad kirgan uyning butun zulumotini toʻldirdi. Goʻyoki, butun oqshom ana shu qora musiqaning zil-zambil zalvori bilan toʻldi. Borbad oʻzining qadrdon va begona uyida yoʻqlik yostigʻiga sekingina bosh qoʻydi va koʻzlarini yumdi. Shunda qora musiqa uning butun borligʻini qamrab oldi…

Kitob – Iskana.
2013 – yil.