OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSherzod Komil Xalil
Asar nomiTalvasa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sherzod Komil Xalil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/15
ManbaMuallif ruxsati bilan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Talvasa (hikoya)
Sherzod Komil Xalil

Oʻsha yilgi bahor nihoyatda seryogʻin va sertashvish kelgandiki, buni biz keyinchalik ham koʻp yillar davomida eslab yurdik. Onda-sonda quyoshli kunlarni aytmasa, ertayu kech mayda shivat yogʻar, osmon va yerni allaqanday quyuq rutubat qoplar, ba’zida esa toʻsatdan yomgʻir shunaqangi sharros quyardiki, qochib yashirinishga joy topolmasdi, kishi. Oʻrmon etagidagi qishlogʻimiz ustidan biz ba’zan yirik-yirik doʻl sevalab oʻtayotganligini, tomlarning takillashi guyo birov nogʻora chalayotgandek taassurot qoldirib, koʻcha-koʻydagi ariq va koʻlmakchalarning ichi xuddi qor yoqqandek oppoq jala qumaloqlari bilan toʻlib-toshganligini, chorchoʻp derazalarning surunkali yomgʻirdan mogʻor bosib ketgan uniqqan romlari ichidan jimgina kuzatib oʻtirardik. Kulrang sur bulutlar ortidan gohida quyosh moʻralab qolganda biz iskanalik boʻz yigitlar endilikda botqoqqa aylana boshlagan loyshang koʻchalardan kirza etiklarda kechib oʻtib, qishloq choyxonasiga yigʻilardikda, hammamizning umrimiz oʻzanlariga balo-qazodek bostirib kelayotgan allanechuk noma’lum va gʻayritabiiy ofat xususida soatlab muhokama yuritardik. Yoʻq, gap faqat toʻxtovsiz yogʻayotgan yomgʻirda emasdi, yon-atrofi baland togʻlar bilan oʻralgan bu oʻlkalarda koʻklamning goho shunday kelishi, qadimgi sinoptiklarning bizning davrimizgacha yetib kelgan memuarlarida bot-bot takrorlangan, biz bunga deyarli koʻnikib ham ketgan edik. Hamma gap oʻrmon sharqidagi yalanglikda joylashgan qishloq qabristonidan yangi koʻmilgan mayitlarning yoʻqolayotganligida edi. Biz buni qishloqdagi qari tegirmonchining vafotidan keyinoq bilib qolgan boʻlsak-da, rahmatli tegirmonchidan keyin ham vafot etganlarning taqdiri shunday intiho topgaligini ilgʻab tursakda, jabrdiyda va mushfiqa qariyalarning yuvib-taralgan kafandiyda mayyitlari qabriston tuprogʻidan yer yutgandek gʻoyib boʻlayotganligi sirini hali-hanuz tagiga yetib ulgurmagan edik. Ilgarilari biz choyxonalarda yigʻilganimizda narda oʻyinlaridan qoʻllarimiz boʻshamasdi, samovardan chiqqan otalarimiz uzzukun qarta tashlashdan nariga oʻtmasdi, qishlogʻimizning gʻiybatchi xotinlarini tillari gʻiybadan charchamasdi, endi esa, hamma-hammamiz, xuddi avvaldan gipnos qilingandek, qabristondan mayyitlar yoʻqolishi mavzusi tevaragida fikr yuritardik, umr gʻaladonimizning qum soatlari shu vahima charxpalagida aylanardi bundan bu yogʻiga hayotimiz qanday kechishi haqida oʻylarkanmiz, bamisoli arvoh ta’qib qilayotgandek, biz hatto oqshomlari bu toʻgʻrisida gapirishga ham choʻchirdik. Bu qoʻrquv va vahima suroni, bizning qalbimiz va mintalitetimizga shunchalik kirib borgan ediki, bu hol, qachonlardir kolxoz davridan qolib ketgan eski shiyponda, katak kamzul kiygan poytaxtlik kishilar olib kelib koʻrsatadigan vampirlar haqidagi kinolardan ham koʻra, bizning ongimiz va oʻzligimizga battaroq ta’sir koʻrsatib, yuragimizga vahima va gʻulu solardi.

Qabristondan mayyitlarning yoʻqolishi siri xususida uzoq mulohazalar yuritaverganimizdan, aniq mantiqiy mulohaza layoqatiga asoslangan fikr va taxminlar shunchalik koʻpayib ketdiki, biz ularning qaysi birlariga ishonishni ham bilolmay hayron edik. Bu bamisoli qadimgi yunon faylasuflari davrida yuzaga kelgan plyuralizm va koʻp fikrlikning oʻzginasi edi-ki, ularga koʻra, hamma gap yilning siryogʻin kelishi tufayli, mayyitlar tanasi yomgʻirda ivib, uch unsur – olov, suv va havoning ta’sirida toʻrtinchi unsur boʻlgan tuproqqa ilgarilarga qaraganda tezroq qoʻshilib ketayotganligida emish; sogʻlom fikrli yana boshqalarning aytishlaricha, bu yumronqoziqlar va dala kalamushlarining surunkali yomgʻir tufayli yer ostidagi ozuqalari tamom boʻlganidan va yer ustiga chiqib ozuqa gʻamlashning imkoni yoʻqligidan, chor-nochor, qurt-qumursqalarning doimiy ozuqasi boʻlmish mayyitlar tanasini iste’mol qilishga majbur boʻlayoganligida emish; ba’zi qariyalarning eskilik sarqitlariga yoʻgʻrilgan dudmal mulohazalariga qaraganda, qishloq Xudoning qahriga uchragan emish; ular yana komil ishonch bilan ta’kidlardilar-ki, agar buning sabablari aniqlanib, shoshilinch choralar koʻrilmasa, hali bu kunlarimiz ham holva boʻlib qolarmish… Lekin tez orada biz aslida nima boʻlayotganligini miridan sirigacha bilib oldik. Bu haqiqatdan ham azaldan qishloq qariyalari ishonib keladigan qora jinlar toʻdasi ekan. Ana shu kezlarda qishloqdan chiqib qolgan folbin xotin, koʻlmak va loyshanggarchilikning sirgʻanchiq goʻshalari itbaliqlar va chuvalchanglar bilan toʻlib toshgan chorshanba kunlarning birida, bu haqiqatni hammaga baralla oshkor qildi:
– Quyosh girdini zulmat qopladi, oʻrmon va qabristonda qora jinlar izgʻib yuribdi, – dedi u paxmaygan sochlari orasidan mahzub koʻzlarini xaloyiqqa tikarkan.

Shundan soʻng uning oʻzi birinchilardan boʻlib tashabbus koʻrsatib , qishloqni gir aylangancha shamchiroqlar yoqish bilan birgalikda, qoʻliga oq va qora kaltak tutgancha jinlarni haydash amaliyotini bajardi. Biz bu mash’um haqiqatni anglab yetganimizdan soʻng qishloqda gʻalati hodisalar sodir boʻla boshladi. Ana oʻshanda eski hikmat sirini biladiganlar koʻpayib ketdi, ana oʻshanda, qizil xoʻrozlar va qora qoʻchqorlar haqidagi gaplar chiqdi. Folbin xotin suvaraklar izgʻib yuradigan va oʻrgimchaklar uya qurib olgan goʻshanishin uyida sopol kosadagi azal suviga qarab fol ocharkan, undan najot soʻrab kelayotgan xotinlarga yaqin oʻrtada qora jinlar yetkazishi kutilayotgan olamshumul zarardan asrashi uchun qalampirmunchoqlar va sumbil hidi kelib turadigan tumorlarga duo oʻqib berardi. Biz ezgin yomgʻirdan shalabbosi chiqqan folbin xotinning koʻchasidan oʻtib ketayotganimizda qizil xoʻrozlar quchoqlab va qora qoʻchqorlar yetaklab olgan odamlarning uzun qatorlarini koʻrardik, folbin xotin esa oʻzining muroqabaga berilgan oʻyida, jinlar tajovuzidan asrovchi qora qoʻchqorlar va qizil xoʻrozlarning son-sanoqsiz adadlari xususida gʻaroyib follar ochardi.

Oʻsha kezlarda odamlar shunchalik vahimaga berilgan ediki, choʻqqisoqol qishloq imomi juma namozidan keyin xalqqa murojat qilmaguncha, biz bu vahima talvasasining qanday qilib oldini olish mumkinligi xususida deyarli boshimiz qotib qolgan edi. Imomning komil ishonch va notiqlik ruhi ufurib turgan ma’ruzasidan tushinganimiz shu boʻldiki, muqaddas kitoblarda garchi jinlar borligi e’tirof etilgan boʻlsada, folbinlarga ishonish qat’iyan man etilgan ekan. Shuning uchun jinlar haqidagi asosiy gaplarga u qadar ishonmasligimiz zarur emish. Lekin ishonmay boʻlarkanmi?! Qishloqda hech bir zamonda boʻlmagan gʻalati voqealar roʻy berayotgandi. Kaltakesaklar xurmo daraxtlarining tanasiga yopishib olgan oʻsha yomgʻirli kunlarda qishloqda navbatdagi tahlikali xabar yangradiki, biz folbin xotinning soʻzlari haqiqatdan yiroq emasligiga batamom amin boʻldik. Oqsuvdaryo boʻyiga kechga yaqin suv olib kelishga tushgan yoshgina kelinchak toʻsatdan yoʻqolib qoldi. Shundan keyin uni qishloqning tizza boʻyi keladigan loyshang koʻchalaridan ham, ufqqa tasmadek tutashib ketgan Oqsuvdaryoning sohillaridan ham, moychechaklar oʻsib yotgan oʻrmondan ham – hech qayerdan topa olmadik. Folbin xotin chorshanba kunlari e’lon qiladigan follarida uni qora jinlar olib ketganligini yana bir karra tasdiqlagach, biz qora jinlarning qabristondagi bazmi jamshidlari endi qishloqqa koʻchib oʻtishi mumkinligini anglab yetdek. Ana shundan keyin qishloqdagi odamlar bitta-bitta bildirmasdan koʻchib keta boshladi. Qishloq qariyalari esa ommaviy ravishda, yalanglikdagi qabristonda oʻz hoklarini qoʻyilishiga qarshi chiqa boshladilar. Oʻshanda endi vafot etish arafasida turganlar oʻz vasiyatnomalarida oʻlgandan keyin patmurda mayyitlarini qishloq qabristoniga qoʻymaslikni vasiyat qilishar, hatto bundan koʻngillari toʻq boʻlishlari uchun shahar notariuslarida qonunan tasdiqlatib kelishni odat tusiga kiritishdi. Oʻsha paytlarda shunaqangi vahimali gaplar tarqagandiki, biz, sogʻom fikrli insonlar, maydalab yogʻayotgan yomgʻirdan qochib, choyxona ayvonida toʻplanib olgan kuni, kelajak toʻgʻrisida hal qiluvchi qaror qabul qilish uchun uzundan-uzoq muhokamalar yuritardik. Albatta hamma gaplarga ham ishonib boʻlmasdi. Garchi qishloqdagi koʻpchilik oilalar bu ommaviy vahimaning talvasaga soluvchi qudratidan esankirab, allaqachon boʻ yerlardan koʻchib ketish taraddudini koʻrayotgan boʻlsada va allaqachon hammaning koʻzini shamgʻalat qilib imi-jimida koʻchib ketganlar ham uchrayotgan esa-da, biz bu – Xudo qargʻagan goʻshada oxirgacha qolishga qaror qilgandik.

Qishloqdan shuncha kishilar koʻchib ketayotganligi yetmagandek, biz iyunning boshlarida qishloq oqsoqolining ham hech kimga bildirmay, bizni taqdiri ilohiyning adadsiz yozugʻiga tashlagancha, yarim tunda butun lash-lushlarini olib koʻchib ketganligini sezib qoldik. Ana oʻshanda biz qishloqdagi tartibni oʻz zimamizga olishga, ming yillardan buyon yashab kelayogan qavmlarimizni ommaviy migratsiyadan saqlab qolish uchun amaliy choralar koʻrishga majburiyat sezdik. Eng dastlabki qilgan ishimiz qishloqda tartibni saqlash uchun favqulodda holat e’lon qilib, maxsus komissiya tuzib, mauzerlar bilan qurollangan guruh joʻnatishini soʻrab, hukumatga xat bilan murojaat qildik, ungacha ov qurollari bilan qurollangan qishloq mudofaa armiyasini tuzishga qaror qildik. Bu chora-tadbirlarimiz bizga ish bermasdan qolmadi. Avvalo biz zoʻrlik ishlatib boʻlsa-da, qishloqdan koʻchib ketishni ta’qiqlab qoʻydik. Bu ishimiz uchun bizning talabimizga koʻra, tuman markazidan kelgan maxsus ekspertlar guruhi bizga yana bir bor chuqur tashakkur bildirib, Ommaviy gallyutsinatsiyaga berilmaganimiz uchun har birimizning nomimizga rahmatnomalar e’lon qilishdi. Ekspertlar – ikkita harbiy kishi, bir detiktiv, bir psixalog, ijtimoiy antropologiya mutaxasisi hamda «Kitob tongi» gazetasi muhbiri va fotografidan iborat ediki, biz ularning mauzerlar bilan qurollanmasdan kelganligiga hayratu nadomat bilan boqib, garchi ulardan biron ish chiqishiga koʻzimiz yetmasa-da, noiloj ularni hafta mobaynida kuzatib yurishga majbur boʻldik. Ular qabristondagi yoʻlaklarni tekshirishar, jinlar ochib tashlagan mozorlarni soʻratga olishar, qishloq ahlini qandaydir almisoqdan qolgan anketalarni toʻldirishga majbur qilishar, asr namozlarida imomdan soʻng nutq soʻzlab, kundalik axborotlarni biz bilan boʻlishishar, xullas jinlarni inkor etishga urinishib, bizning ensamizni qotirishardi. Haftaning oxirlarida oʻz ishlarini yakunlagan ekspertlarning alal-oqibat xulosasi shu boʻldi-ki, buni eshitib koʻpchilik hayratdan yoqa ushladi. Ekspertlarning aniqlashicha, qabristondagi holat, qishloqning daydi itlarining ishi boʻlib chiqdi. Ekspertlar ochilgan qabrlar atrofidan bir necha sayoq itlarning izlarini topishib, ularni video va fotokadrlarda muhrlashdi. Ayrim itboqarlar bu oʻrmon boʻrilarining ishi deb chuvvos solishgan edi, ekspertlar izlarni qayta oʻrganishib, bu hatto qishloqdagi qaysi itning ishi ekanligigacha aniqlashdi. Shundan soʻng itboqarlarning holiga maymunlar yigʻladi. Ertasigayoq tuman markazidan kelgan qurollangan guruh uyma-uy yurib, itlarni otishdi. Zotdor itlarni yashirishga uringan ayrim itboqarlarga eng kam ish haqi barobarida jarima ham solindi. Oʻsha kunlari biz koʻcha-koʻyda itlari oʻligini koʻmishga olib ketayogan jabrdiyda it egalarining mahzun qiyofalarini tomosha qilib yurdik. Oʻshanda oʻrmonning shimoliy-sharqiy tomonida itlar qabristoni ochilganini eshitdik. Ba’zi it ishqibozlari oʻzlarining itlari sharafiga qabr toshlariham yozdirib kelishgandi. Oʻsha qabr toshlarida, “bu yerda janob Tuzik yotibdi”, yoyinki, “janob Sharikning mangu oromgohi” kabi ohangtamali soʻzlar bitilgandi-ki, beixtiyor it egasining holiga qarab, koʻzingizga yosh qalqirdi. Haqiqatan ham iyunning uchinchi chorshanbasiga qadar qishloqda bironta ham it qolmadi. Oʻsha it qirgʻinidan keyin biz kechalari qishloqda bironta ham it hurishini eshitmadik. Qorongʻu yulduzli osmon ostida, uzoq-uzoqlardan shamol daraxtlar shoxini siypalar, qaragʻay novdalari gʻiychillab ovoz chiqarardi. Ilgari itlarning hurishiga oʻrganib qolgan qishloq endi tunlari Oqsuvdaryoning shovillashi-yu, hali-hamon yogʻayotgan yomgʻirdan mogʻor bosib ketgan oʻrmon daraxtlarining shamolda gʻiyshillashini aytmaganda, deyarli shovqinlardan xalos boʻlgandi. Darvoqe, endi biz kechalari allaqayerdagi devor kovaklariga berkinib olgan qora chigirtkalarning chirillashi-yu, qishloq atrofidagi koʻlmaklarda tanda qoʻyib olgan qurbaqalarning qurillashinigina eshitardik. Itlarning ovozi butunlay oʻchgandan soʻng, biz hammamiz endi erkin nafas olib, ekspertlarning xulosasiga deyarli ishongan ham edik-ki, toʻsatdan ishonchlarimizga yana putur yetdi. Hisor oʻrmon xoʻjaligining togʻ bilan tutashib ketgan chekka hududlariga bundan bir oy muqaddam ovga joʻnab ketgan Qurbon ovchi qaytishda itlar qabristonining ochib tashlanganligiga guvoh boʻlibdi. Shundan soʻng biz ekspertlarning xulosasi koʻp ham toʻgʻri boʻlmaganligi haqida muhokama yurita boshladik. Folbin xotin oxirgi koʻrgan follarining birida qora jinlarning itlar qabristoniga koʻchib oʻtganligini bashorat qildi. Allaqachon yoz kirib kelayoganiga qaramay, yomgʻir hamon tez-tez yogʻar, dafn marosimlarida goʻrkovlar qabr qazishga qiynalishayotganligidan shikoyat qilardi. Oʻsha kunlari taqdiri ilohiyning yozugʻiga binoan qishloqda bir ayol kishining ta’ziyasini oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Ochigʻi, bu ayol mening boʻlajak umr yoʻldoshimning onasi edi. Goʻrkovlarga qabr qazishga yordam bergani borganimizda biz oʻrmon etagidagi itlar qabristoni haqiqatan ochib tashlanganligini, hatto yangi ochilgan yalpi uy hayvonlari qabristonidagi yakkayu yagona eshak mayyitining ham yoʻqolganligini koʻrdik. Biz yana, mogʻor bosgan oʻrmon daraxtlari ostida oʻsib yotgan moychechaklarning payxon qilib tashlanganligini qandaydir jinlarning izlari toʻgʻri Oqsuvdaryoga tutashib, izsiz yoʻqolganligini koʻrdik. Oʻrmon janubidagi yalanglikda yetib borarkanmiz, qishloq qabristonining ufunat hukm surgan huvillab yotgan manzaralarini, qatorasiga ochilib yotgan qorongʻi goʻrlarning ogʻzini koʻrdik. Ana shunda biz oʻzimizni faqatgina oʻzimiz himoya qilishimiz zarurligini tushinib yetdik. Qurbon ovchining chaqirigʻiga binoan qishloq choyxonasida Iskanadagi manaman degan barcha erkaklar, xotin-xalajlar, cholu-kapmirlaru mishqi bolalargacha – barcha-barchasi yigʻilishdi. Ancha zamonlardan buyon, toʻgʻrirogʻi, bir paytlar xotini tashlab ketgandan beri odamovi boʻlib qolgan Qurbon ovchining daf’atan bunday faollashib qolishi hammamizni hayratga soldi. U ilgaritdan uzoq-uzoq hududlarga oylab ovga chiqib ketar, qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻyga qoʻshilmas, biroz jizzaki va aytgani aytgan odam edi. Uning aynan shunday fe’li uchun ham xotini bitta bolasi bilan ketib qolgan, Qurbon ovchi esa, oʻshandan buyon boshqa uylanmagan, odamlardan butunlayga uzilib ovda yurgani yurgan edi. Shuning uchun ham biz uning toʻsatdan hammamizni choyxonada chorlab chaqirganini eshitib, bu yerga toʻplandik. Choyxona maydonida yelkasiga uzun ov miltigʻini qoʻndirgan, qora yaktak kiygan shopmoʻylov Qurbon ovchi qavmlarimizga xudi masjid imomi kabi nutq irod qilardi:
– Biz hammamiz bir joy kishilarimiz, tirigimiz va oʻligimiz bir zamin ustida hamda bir zamin ostida boʻlajak! Men har doim oʻzimizni faqat oʻzimiz himoya qilishimiz kerak deb hisoblayman. Hech qachon tashqaridan madad kutishimiz kerak emas. Qanday kuch boʻlsa, faqat oʻz ichimizdan olishimiz zarur. Men oʻylaymanki, Iskanada hali mard yigitlar koʻplab topiladi. Men yana shunga ishonamanki, qabristondagi mayyitlarning yoʻqolishi folbin xotin aytganidek, qandaydir jinlarning ishi emas. Buning ruhiy narsa emasligiga mening ishonchim komil. Qadrli iskanaliklar, bugun qishlogʻimizda bir mushfiqa ayol vafot etdi. Uning hokini tunlari qabristonga borib navbatma-navbat borib qoʻriqlaylik. Toki mayyitlar nima uchun gʻoyib boʻlayotganligini tagiga yetaylik, bolalarimiz oqshomlari tinch uxlasin! Birinchi navbatchilikka men bilan kimlar borsa, marhamat oldinga chiqsin…

Qurbon ovchi shunday deya gird-atrofini oʻrab olgan olomonga qaradi. Odamlar orasida “qiy-chuv” boshlandi. Qariyalar yuragida oʻti boʻlgan yosh yigitlar chiqsin oʻrtaga, deb chuvvos solishardi:
– Biz sizlarday paytimizda oʻlimga ham tikka ketaverardik. Sizlarni qaranglaru, –  dedi ular. Bir barzangi erkak:
– Men hoziroq Qurbon ovchiga qoʻshilib ketardimu, kechqurun “gorchishnik” olayapman-da, ozroq shamollab qolibman, – dedi.

Yana bir domongir erkak aytdiki, uning koʻzlari kechqurun yaxshi oʻtmas ekan, yoʻqsa, birinchilikdan boʻlib oʻzi yoʻl boshlab borar ekan. Yana kimningdir oyogʻi simillab ogʻrirkan, hoziroq uyga qaytib, vazelin surtmasa, yurolmay qolishi mumkin emish. Yana bir kishi endi boraman, deb turganida, koʻngli aynib, bir chekkaga oʻtib qayt qila boshladi. Tushlikda eskirgan ovqat yeb qoʻyganini, xotini tezda uyga olib ketmasa, boʻlmasligini aytdi. Ana shunday talatoʻplar ichida bugun onasi vafot etgan boʻlajak rafiqamning menga umidvor nigoxlar bilan qarab turganligiga koʻzim tushib qoldi. Yoʻqsa men ham toʻsatdan nafasi qisib qolgan qoʻshnimizga yordam koʻrsatish bahonasida bu yerdan tezroq ketishni koʻzlab turgandim. Lekin u menga nigoron qarab turardi. Shunda men qanday qilib Qurbon ovchining oldiga chiqib borganimni bilmay qoldim. Ovchining parrixta koʻzlari yashnab ketdi. Baquvvat kaftlari bilan mening yelkamga shapatilab urib qoʻyarkan, atrofdagilar shov-shuvni tugatishib, meni olqishlab qarsak chalishardi. Davrada paydo boʻlganligimni koʻrgan hammaslak ogʻaynilarim birin-ketin davraga chiqib kelishdilar-ki, birpasga bugun qabristonda navbatchilikka boradigan yetti kishilik guruh yigʻildik. Tez orada bu guruhga Qurbon ovchining oʻzi boshchilik qilishi oydinlashib qoldi. Hammamizning yelkalarimizda oʻn olti kalibrli ov miltiqlarimiz bor edi. Biz joʻnab ketarkanmiz, butun qishloq ortimizdan kuzatib qoldi. Odamlar suronidan uzoqlashib muyulishga qadar yetib borarkanmiz, men ortimdan boʻlajak rafiqamning ham kuzatib turganligini his qilardim. Men yana shuni his qilardim-ki, biz hammamiz Qurbon ovchi boshchiligida buyuk qahramon boʻlib qaytamiz, qishloq ahli bizni ustimizga moychechaklar sochib qarshi oladi. Shunday hayollar ogʻushida yurib borarkanman, atrofga tun quyulib kelayotganligiyu, masjid imomining xufton namozida bizniham duo qilayoganligini xotirdan oʻtkazardim. Qurbon ovchi imillamasdan tezroq yurishimiz kerakligin aytdi. Zero qorongʻulik tobora quyulib kelardi. Iskanadan chiqib Oqsuvdaryo yoqalab oʻrmon yoʻlagiga chiqish uchun oldinma-ketin qadam tashlab borarkanmiz. Qurbon ovchidan tashqari, hammamizning yuragimiz tez-tez urar, qoʻrquv va vahima talvasasida otishga tayyorlab qoʻyilgan miltiqlarimizni mahkam siqib ushlab olgandik. Qurbon ovchi oldinda yoʻl boshlab borar, yoʻlakdagi oʻrmon butalari yuzlarimizni tilib oʻtar, bir-birimizdan ortda qolmaslik uchun ovchining ortidan shoshilinch yurib borardik. Itlar qabristoniga yetganimizda, Qurbon ovchi fonarlarni yoqishga ruxsat berdi, shundagina koʻnglimiz sal joyiga tushdi. Uning oʻzi esa itlar yotgan qabrlarni birma-bir tekshirib chiqarkan, nihoyat, oldimizga qaytib kelib, ogʻzi ochilmagan bironta ham itning qolmaganligini aytdi.
– Tezroq yalanglikdagi qabristonga yetib borishimiz kerak, –  dedi u.

Biz esa uning oldida qoʻrquvdan dagʻillab turarkanmiz, hammamiz ich-ichimizdan bu yerga kelganimizdan afsus-nadomatlar qilardik. Yarim soatlar oʻtar-oʻtmas, oʻrmon sharqidagi yalanglikka chiqib, janubga qarab yura boshladik. Bu yer oʻrmon zimistonidan ham koʻra qoʻrquv va vahimaga toʻla edi, zero, biz qabristonga kirib borardek. Oy, bulutlar orasida gumdon boʻlgan, doimgidek mayda shivat sevalardi. Qurbon ovchi oʻzining qaysar odatiga koʻra:
– Hech kim fonar yoqmasin, oʻljamizni e’tiborini tortmaylik ! – dedi.

Biz garchi, doʻppaygan mozorlarga toʻqishib, surinib. Qurbon ovchining ortidan asta-sekinlik bilan yurib borayotgan boʻlsak-da, hali zamon yuragimiz yorilib, oʻlib qolsak kerak, deb oʻylardik. Nazarimizda Qurbon ovchiga hammasi baribirdek edi. U ufunat hukm surgan mozorlar oralab, oʻziga qulay joy qidirarkan, biz uning ortidan kelayapmizmi-yoʻqmi, ishi ham yoʻqdek edi. Nihoyat, u bir joyda toʻxtab miltigʻini yerga qoʻydi-da, oʻzi ham emaklagandek yerga choʻkkalab oldi. Biz ham unga taqlid oʻlaroq, uning yon atrofida choʻkka tushdik. Lekin biz nimaga bunday qilayotganligimizning mohiyatiga hali-hanuz tushunib yetmagan edik. Biz hozir jinlar keladi-yu, Qurbon ovchini ham, unga ishonganimiz uchun bizning ham jonimizni oladi-yu, shu bilan biz ertangi kunlarni koʻrmasdan bevaqt hayotdan oʻtib ketamiz, deb oʻylardik. Hammamiz shunchalik titrardik-ki, yonimizdagi Qurbon ovchining parvo ham qilmasdan shivat yogʻayotgan maysalar uzra pusib oʻtirishini koʻrarkanmiz, etlarimiz muzlab, taqdiri ilohiyning peshonamizga yozgan yozugʻini kutib oʻtirardik. Yomgʻir erinmay maydalar, kiyimlarimizga nam siza boshlagandi. Lekin biz oʻrnimizdan turishga qoʻrqardik, zero bunday qilishimiz hamonoq, bizga jinlar koʻkdan uchib kelib, koʻtarib ketishi mumkindek, yuragimizni talvasa bosardi. Nihoyat qabriston tomonga qandaydir vahimali shovur kela boshladi.
– U kelayapti, – dedi Qurbon ovchi miltigʻini otishga tayyorlarkan.

Qurbon ovchidan boʻlak, biz hammamiz oʻrnimizdan qanday qilib turib ketganimizni bilmay qoldik. Bir soniya ichida hammamizning vujudimizni quyuq ter bosdi. Qandaydir uzun qora narsa vashshillagan koʻyi, yangi koʻmilgan qabr tepasiga ulkan bir shasht bilan bostirib, yopirilib kela boshladi. Shunda ichimizdan kimdir oʻsha tomonga fonar yoqdi.
– Fonarni oʻchir, – dedi Qurbon ovchi unga. Fonar yonib – oʻchgan hamonoq, biz uni folbin xotin aytganidek, hech qanday jinlar toʻdasi emas, balki, bahaybat ilon ekanligini koʻrdik. Ulkan ilon fonarni yoqib-oʻchirganimizni sezgan hamonoq, biz tarafga burildi. Shunda Qurbon ovchi unga qarata birinchi oʻqni boʻshatdi . Oʻq varanglab, iloning naq koʻksiga tegdi shekilli, u gʻalati va gʻayritabiiy ovozda shunday chinqirdi-ki, uning ovozidan oʻtakamiz yorilib, orqaga – kelgan yoʻlimizga qarab qocha boshladik. Shunday chopib borardik-ki, ortimizdan Qurbon ovchining ulkan ilonga qarata oʻq uzayotganligini, pitonning yuraklarimizni sugʻurib olayotgandek oʻtkir chinqirigʻini eshitardik. Avval yalanglikda, soʻng oʻrmon yoʻlaklaridagi itlar qabristoni aro, undan keyin esa, Oqsuvdaryo va qishloq oralab yugurib borarkanmiz, biz adoi tamom boʻlgandek. Oʻqlangan oʻn olti kalibrli miltiqlarimiz ham allaqaysi goʻrga tushib qolgan, yarim oqshomgi shivat ostida uylarimizga halloslab-halloslab kirib kelarkanmiz, ota-onalarimiz bizga uchoq qozonlarning qora kuyasini ichirardi. Zero, dunyo-dunyo boʻlgandan beri, biz ham bunday katta va ulkan ilonni koʻrmagan edik. Hamma vahima va qoʻrquvlarimizning sababchisi, oʻliklarimizni xoʻrlayotgan manxus maxluqning sovuq aft-angorini bir bor koʻrdig-u, uning ayanchli chinqirishini yuragimiz qatlaridan oʻtgazdig-u, bu hol, uzoq yillar bizning xotiramizda muhrlanib qoldi…Ertasi kuni biz, qishloq ahliga ulkan piton haqidagi gaplarni aytib berdik. Shunda bizning oramizda faqat Qurbon ovchinig yoʻqligi e’tiborimizni tortdi. Tushga yaqin tuman markazidan oʻsha, itlarni otish kunlari kelgan qurollangan guruh yetib keldi. Ana oʻshanda biz, garchi uch-toʻrttamiz allaqachon ortiqcha vahimadan jonlantirish boʻlimlarida qattiq nazorat ostida davolanayotgan boʻlsa-da, oʻzimizni bosib olib, qurollangan guruhga ergashgancha, olomon orasida kechagi koʻrsatgan jasoratlarimizni asta-sekinlik bilan hikoya qilib borardik. Unga koʻra, ulkan ilon bizga qanday tashlangani, miltiqlarimizni yutib yuborgani, oʻzimiz uning changalidan qanday chiqib ketganimiz, uni yaralaganimiz va boshqa jasoratlarimizni birimiz qoʻyib, birimiz aytib berardik. Ammo oʻrmon sharqidagi yalanglikka chiqqanimizda, hammamizning qochayotganimizda tushib qolgan miltiqlarimizni topib olganimizda, bu haqda bizga savol nigoh bilan boqqan kishilarga lom-mim demay, gapni chalgʻitishga urindik. Qabriston hovlisiga kirib borayotganimizda, oʻrmon qargʻalarining bir galasi duv etib osmonga kutarilganligi e’tiborimizni jalb qildi. Qargʻalar koʻtarilgan yerda bahaybat piton va uning buralgan dumlari orasida Qurbon ovchi oʻlib yotardi…

Toshkent – Yakkasaroy. 2009– yil.