OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifSherzod Komil Xalil
Asar nomiTuman ajinasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Sherzod Komil Xalil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Tuman ajinasi (hikoya)
Sherzod Komil Xalil

I

Hisor togʻlari adogʻida yoqqan olachalpoq qorning zahri vodiyga ham urgan. Izgʻirin sovuq. Dov-daraxtlar yap-yalangʻoch, oʻt-oʻlanlar sargʻayib bitgan. Kunlar sokin va bir tekis. Ertalablari tushgan quyuq tuman quyoshning nursiz yogʻdulari ostida tushga borib arang yoyiladi. Tuman qorishgan sohillar boʻylab choʻzilgan tegirmonga eltguvchi yoʻl: oʻsha-oʻsha – mum choʻkkan muhitdek, jimjitlik va osudalik qoʻynida gʻarq boʻlgancha – to bu yerlardan bitta-yarimta yoʻlovchi oʻtib qolmaguncha izsiz yotaveradi.Tegirmon bu yerdan xiyla olis, Oqsuvdaryo ayri tushgan oʻrmon etagida joylashgan.Odatda bu yoʻldan tegirmonchining nabirasi – Oʻsar qatnaydi. U har kuni: ertalab, tushga yaqin va kun botar oldi, qoʻlida dasturxonnamo tugun tutgancha, tegirmonchi bobosiga yegulik olib kelar, shu oʻrtada bir pas ivirsib yurar, soʻng qishloqqa qaytib ketardi. Oʻtgan-qaytgan bolaning Toʻlqin cholning nabirasi ekanligini bilsa, hazilkashnamolar ermaklar, boshqalar esa xuddi bechoraga qaragandek, xiyol achinibroq qarab qoʻyardi. Ular koʻpincha koʻrsatkich barmoqlarini chakkalariga tirab aylantirgancha, bechora bobong, halikidaroq, jinni boʻlib qolibdi-ya degandek, ajablanishar, masxaralashar, hatto, tavba qilishib, odatiy an’analariga koʻra, quloqlarini orqasini tupuklari bilan hoʻllab qoʻyishardi. Bolaning bundan gʻashi kelar, bobosini kalaka qilayotgan odamlardan nafrati qoʻzir, lekin azbaroyi katta kishilarni hurmat qilish lozimligi uchun, ularga biror achchiqroq soʻz aytishga-da botinolmas, bunday qilishdan hatto picha choʻchirdi ham, u bobosining telba emasligini ham, hech qachon bunday koʻyga tushmaganligini ham bilar, faqatgina odamlar uni, qachonlardir, haqiqatan ham ajina tutib olganligiga ishonishmagani Oʻsarning hafsalasini pir qilardi. U tuman qurshagan soʻqmoq boʻylab shu haqda oʻylab kelarkan, bobosi tegirmonxonadagi sandiqdan olib koʻrsatgan, otning yoliga oʻxshab ketadigan uzun – bir quloch, qirqib olingan ajinaning sochi yodiga tushdi. Oʻshanda, tegirmonga un torttirgani kelgan qishloqdagilar bu gʻalati, paxmoq, dagʻal  sochni koʻrib, rosa ajabsinish, bir qiziqish va ichki qurquv bilan qarashgandi bir-birlariga. Oʻshandan beri, eh-he, qancha vaqt oʻtdi. Oʻsarning tegirmonxonadagi eski sandiqda yotadigan ajina sochni eslasa, hali ham eti junjikib ketadi. Oʻzining qoʻrquvini oʻylasa, bobosining jasoratiga har gal ich-ichida tahsin aytardi. Aytishlaricha, Oʻsarning bobosi, tegirmonchi Toʻlqin chol bir kuni saharlab tashqariga chiqsa, tegirmon toshi aylanishdan toʻxtab qolgan. Novdan suv kelishi toʻxtadimikan desa, sepoya novidan suv gʻarqirab oqib turgan. Bobosi yugurib tegirmonxonaga kirsa, toʻsatdan tegirmon ishlab ketgan. Tashqariga chiqqan hamonoq, zum oʻtmay tosh aylanishdan toʻxtab qolgan. Bu gʻaroyibotdan bobosi judayam hadik va hayratsirab, sekin ichkariga qarasa, tegirmon oldida sochlari uzun, paxmaygan ajinaga koʻzi tushgan. Bobosi birdan borib, ajinaning sochidan mahkam ushlagan. Ajina bobosidan qoʻyib yuborishni soʻrab yalina boshlagan, lekin bobosi eski odat boʻyicha, uning sochini bugʻdoy qopining iplarini kesadigan qaychisi bilan shartta kesib olgan. Chunki, ajina, sochini kesib olgan odamning istagini hamma vaqt bajo keltirarkan. Bobosining aytishicha, agar kimdir ajina koʻrsa, uning sochidan qirqib olmasa, ajina uning oʻzini chalib ketarkan. Keyin oʻsha odam bir umr jinni boʻlib qolarkan. Mana, shuncha yil oʻtibdiki, bobosi oʻsha ajinaning sochini tegirmonxonadagi sandiqda avaylab-asraydi.

Oʻsar shu haqda oʻylab kelarkan, tegirmonxonaga yaqinlashib qolganini ham sezmay qoldi. Uning nazarini tortgan narsa, nafaqat, tegirmonning suvni shopirib aylantirayotgan oʻziga xos ovozi edi, balki, tegirmonxonadan chiqib, soʻqmoq boʻylab unga qarshi kelayotgan notanish kishi ham edi. Egnida unniqqan chopon, boshida quloqchin telpak kiygan bu odam, Oʻsarga koʻzi tusharkan, yuziga gʻayritabiiy kulgi yugurdi: 

– Bobongga tushlik olib kelayapsanmi? – dedi haligi kishi qandaydir istehzoli ovoz bilan.

Oʻsar uning biroz mayishgan qaddiga hamda tashqi kiyinishiga xos boʻlmagan ayyorona yuz tuzilishiga boqarkan yoqinqiramaygina:

– Ha, – deya bosh irgʻab qoʻya qoldi.

– Bobongning holidan tez-tez xabar olib tur, ajinasi chalib ketmasin tagʻin, – qoʻpol hazil qildi haligi kishi. 

Oʻsar ogʻrinib bir nimalar demoqchi boʻldi, lekin indamadi. 

– Nimaga qovogʻingni solasan, bobongning ajinasi sochini olib ketganidan xabaring yoʻqmi? – battar bolaning jigʻiga tega boshladi u kishi. 

– Bobongning tomi ketib qolgan, – chakkasiga koʻrsatkich barmogʻini tekkizib gʻalati hushtak chalib qoʻydi u.

Oʻsar jahli chiqqanidan, qizarib, talmovsirab, haligi kishiga bir nimalar demoqchi boʻldi-yu, lekin tili kalimaga kelmay, yugurgancha uning oldidan oʻtib, tegirmonxona tomonga chopib ketdi. Haligi kishi, orqasiga bir qarab qoʻydi-da, gʻudrangancha, soʻqmoq boʻylab kelgan yoʻliga keta boshladi.

Tegirmonxonada Oʻsarning bobosi un tortardi. Chol bolani eshikdan kirib kelganini koʻrib, salomiga alik oldida:

– Dasturxonni uychaga kiritib qoʻy, – deb uning qoʻlidagi tugunchaga ishora qildi. – Oʻtirib tursang, hozir men ham kiraman.

Oʻsar bobosi aytgan uychaga, ya’ni, tegirmonxonaning bobosi yashaydigan xonasiga kirdi. Bu yerda uni hayron qoldirgan narsa, hamma narsaning yon-atrofda sochilib yotgani boʻldi. Ajinaning sochi turadigan sandiq uychaga kiritilgani, devorga osilgan miltiqning yerda yotishi, har ehtimolga qarshi tayyorlab qoʻyilgan oʻq-dorilar va boshqa xonadagi lash-lushlar Oʻsarning hayratini battar oshirdi. Bunday tartibsizlikni u bobosining uychasida birinchi koʻrishi edi. Chol bolani miltiq va oʻq-dorilar sochilib yotgan uychaga kiritib yuborgani esiga tushdi shekilli, zum oʻtmay uychaga kirib keldi. Bola bobosiga koʻzi tushgan zahoti soʻradi:

– Bobo, nimaga hamma narsangiz toʻzib yotibdi?..

– Ey, nimasini aytasan, bolam, – Toʻlqin cholning yuragi uvishdi. – Tegirmonxonadagi sandiqdan ajinaning sochi yoʻqolibdi. Izlayman, izlayman, topolmayapman. Endi nima boʻladi, bilmayman. 

U butun oʻng qoʻli bilan dasturxonni ocharkan, bolaning xavotirini aritmoq uchun: 

– Ha, mayli, biron gap boʻlar, – deb qoʻydi. – Ana, miltiqni oʻqlasam, soch oʻgʻrisini jahannamga kunpayakun qilaman.

Bola kalovlanib, bobosiga tikilib turdi. Chol idishdagi dimlamani tokchadan kosa olib, suzib olarkan, bolaga bir qarab qoʻydi. Oʻsarning yuzida qandaydir anglamaslik va tushunmovchilik hukm surardi. Chol buni darhol payqadi. Bola:

– Ajinani sochi qanday qilib yoʻqoldi? – deb soʻradi. – Kecha bu haqda hech narsa demagandingiz-ku?

– Kecha kechqurun Ziyodilla daqqi kelganda ham bor edi. Hozir yoʻlda koʻrdingmi uni?..

Bola bobosiga tushlik olib kelayotganda tegirmondan chiqib, unga qoʻpol hazil qilgan haligi amakini esladi-da:

– Ha, koʻrdim, – dedi.

– Oʻsha kecha un soʻrab kelgan ekan. Men unga, senga unni qaerdan topib beraman, dedim. Bu yer doʻkon emas, bor ishingni qil, deb haydab yuborgandim.

Oʻzi hech joyda ishlamaydi-da, qarzga un soʻrab kelishga tagʻin uyalmaydi ham. Un chiqarayotganimda, shu Ziyodilla daqqi sandiqni ochib koʻrganday boʻluvdi. Sochni olib koʻrdimi-yoʻqmi, yaxshi e’tibor qilmovdim.

– Soch yoʻqolganini qachon sezdingiz?.. – deb soʻradi bola.

– Un tortib boʻlganimdan keyin, qarasam sandiq ochiq qolgan ekan, ichida hech narsa yoʻq. Ziyodilla daqqi olib ketdimikan, deb uni ertalab bugʻdoy olib kelgan bir boladan chaqirtirib yuborgandim. Keldi, u sochni koʻrgach, sandiqni ochiq qoldirib ketgan ekan. U ajinangizning sochini boshimga uramanmi deb hatto qasam ham ichdi.

Toʻlqin chol dasturxondagi ovqatini yeyar ekan, nabirasining nima deyishiga qarab turardi. Aksiga olib Oʻsar hech narsa demasdi. U bobosining betoqatlanib borayotgan yuziga, birorta qorasi qolmagan soqollariga boqarkan, uning judayam qarib borayotganligiga amin boʻldi. Bola: 

– Bobo, endi nima boʻladi? – dedi.

Toʻlqin chol ovqat tanovul qilgan kuyi:

– Bu sochni kim olganligiga bogʻliq, – dedi. – Agar Ziyodilla daqqi olib ketgan boʻlsa, bu yaxshi, aks holda, mening beparvoligim tufayli sochni ajina olib ketgan boʻlib chiqadi.

– Bobo, siz ajinaning kelganini koʻrmagansiz-ku? – savolga tutdi cholni bola.

– Koʻrmaganligim rost, lekin ajinalar goho koʻrinmasdan ham kelib ochiq qoldirilgan narsani olib ketishi mumkin.

– Bobo, ajinaga sochning nima keragi bor? – Oʻsar undan soʻrashni qoʻymasdi.

Chol ovqat hoʻplab, non ushatarkan:

– Agar u oʻz sochini qoʻlga kiritsa, ozodlikka chiqadi. Bundan menga zarar yetishi mumkin, – dedi.

Oʻsar bobosining ogʻzidan titrabroq chiqqan bu soʻzlarni eshitarkan, halizamon yoʻlda koʻrgan Ziyodilla daqqining, bobongning holidan tez-tez xabar olib tur, ajinasi chalib ketmasin tagʻin, degan gapini esladi. Xayoliga toʻsatdan bunday oʻy kelganidan bolaning hatto eti junjikib ketdi. U bobosi aytib bergan oʻsha ajinani judayam yaxshi tasavvur qilardi.

– Miltiqni shuning uchun oʻqlayapsizmi?.. – bolaning boshiga toʻsatdan shu fikr keldi.

– Ha, shuning uchun, – tan oldi chol.

– Ajinani oʻzim otib tashlayman, – dedi bola miltiqni qoʻliga olgancha ruhlanib.

Chol nabirasining dadilligini koʻrib, biroz koʻngli joyiga tushgandek boʻldi.

– Oʻzim ham otib tashlardim, agarda oʻsha ajina menga hamla qilsa. Lekin Ziyodilla daqqi boya kelganda aytdiki, ajina ruhiy mavjudot ekan. Urushda dushmanni otasiz, ajinaga oʻq ta’sir qilmaydi, – dedi u. – U toʻgʻri gapirdi, haqiqatan ham shunday. Ajinalarni hech otishganini eshitmaganman. Ularga oʻq ta’sir qilmasligi chin. Shuning uchun, ana, miltiqdan oʻqlarni chiqarib tashladim.

Oʻsar yerda sochilib yotgan oʻq-dorilarga gʻayritabiiy bir alfozda qiziqsinib qaradi. U oʻqlarni miltiqqa bir paytlar bobosi oʻrgatganidek qilib oʻqlamoqchi ham boʻldi. Lekin bobosi roʻyxush bermasligi bilib bunday qilmadi.

– Oʻqlarni yigʻishtirib qoʻyaymi?.. – deb soʻradi u. 

Bobosi ovqatlanib dasturxonga omin oʻqirkan:

– Mayli, yigʻishtirgin-da, tokchaga qoʻya qol. Meni hali chiqaradigan bugʻdoylarim bor, – dedi-yu oʻrnidan turdi.

Bola oʻq-dorilarni yigʻishtirib tokchaga taxlab qoʻyarkan, Toʻlqin chol uni bir pas kuzatib turgach:

– Endi olib uyga boraqol, hali kechki ovqatni ham olib kelishing kerak, – dedi. 

Bola bobosining ortidan tashqariga chiqdi. Ertalabki tuman deyarli tarqab boʻlgandi. Quyosh izgʻirinli havoda bulutlar ostidan xira nur sochadi. Chol bolani kuzatarkan:

– Agar kechda yotadigan boʻlib kelsang, uyga aytib qoʻy, xavotir olib yurishmasin tagʻin, – dedi. 

Bola bosh irgʻab qoʻydi. Bu gap unga moydek yoqqandi. Negaki, bobosi unga koʻpincha tegirmonxonada yotishga ruxsat bermasdi. Lekin hozir bobosining oʻzidan bunday taklif chiqishi Oʻsar uchun yoqimli edi. U chol bilan xayrlashib, qishloqqa eltadigan soʻqmoq boʻylab, qandaydir qoʻshiqni xirgoyi qilgancha ketdi...

Chol bir pasga uning ortidan qarab turdi-da, soʻng tegirmonxonaga bugʻdoy chiqargani kirib ketdi.

II

Oʻsar tegirmonxonaga bobosiga kechki ovqat uchun dasturxonda non va betonchada shirguruch olib kelganda, atrofda shom qorongʻusi deyarli tushib boʻlgandi. Chol bolaning kechikib, qorongʻuda yurgani uchun koyigan boʻldi. Oʻsar:

– Bolalar bilan gurung qilib, qolib ketibman. Oyim uydan ancha vaqtli chiqarib yuborgandi, – dedi.

Chol bolani uychaga kiritar ekan, shisha chiroqni yoqib qoʻydi. Tashqarida shamol esar, daryo shovullardi. Atrofga yoyilayotgan shom tumani bir pasda butun vodiyni tutdi. Bu yerga elektr toki keltirilmagan edi. Negaki, bu yerda tegirmonxonani aytmasa, elektr olib kelishning kimga ham zarurati bor. Tuman qurshagan sohillar ortidan ham, Oʻsarlar yashaydigan qishloq tarafdan ham elektr chiroqlarining milt-milt yonishi, daryo boʻyidagi tegirmonxonada oʻtirgan bolaning qalbida ajib bir surur uygʻotardi. U bobosining mana shunday alfozda qancha yillardan buyon umrguzaronlik qilishini, tegirmonxonadagi uychaga har gal kelganda, jasoratga yoʻyib oʻtirar, bobosini qandaydir afsonaviy qahramon sifatida tasavvur qilardi. Lekin hozir u bobosining ajinaning kelishi haqidagi xavotirlarini tinglarkan, bobosi oʻzi oʻylaganchalik koʻp ham jasur emas, deb oʻylay boshlaydi. Oʻsar buni bobosining qariganligiga yoʻyib qoʻydi. Chol Ziyodilla daqqining gapini bolaga aytardi:

– Ajina, Ziyodilla daqqining aytishicha, odatda, tunda ziyon yetkazarkan. Koʻp jin chalgan kishilarni suv boʻyida tunda ajina chalib ketgan. Oʻzim ham bu haqda koʻp eshitganman.

– Ajina kelsa, nima qilamiz? – bolani titroq bosdi.

– Sen koʻp ham qoʻrqma, u kelsa ham, menga ziyon yetkazadi, – bolani tinchlantirishga urindi chol. – Har ehtimolga qarshi miltiqni oʻqlab qoʻyaman. Menga ziyon yetkazish niyatida boʻlsa, ruhiy mavjudot-pavjudotligiga qarab oʻtirmayman. Shartta otaman-qoʻyaman.

Bola chiroq yorugʻida bobosi haqiqatan ham miltiqni oʻqlab, tokchaga qoʻyib qoʻyayotganligiga e’tibor qaratdi. Bundan uning koʻngli ancha xotirjam tortdi. 

Chol shirguruchni dasturxonga qoʻyarkan, bola bobosining koʻzi ancha oʻtkirligidan zavqlanib qoʻydi. Oʻrtoqlarining bobolari allaqachon koʻzoynak taqib, hassaga suyanib qolgan, uning bobosi esa, ularning oldida ancha tetik va bardam koʻrinadi. Bolalar uning bobosini bir qoʻli yoʻqligini aytishadi. Oʻsar esa, oʻzingni bobong hassasiz yurolmaydi-ku, bobongni koʻzi koʻzoynaksiz koʻrmaydi-ku, derdi. Hozir bobosi bilan jimgina tamaddi qilib oʻtirarkan, u oʻsha bolalarning gaplarini eslar, oʻzi ham ularning bobolarini kamsitgani uchun ich-ichidan xijolat chekib oʻtirardi. 

Cholni bot-bot ovqatdan ol deyishi uning xayolini boʻlardi. U xoʻp derdi-yu, yana xayolga berilardi. 

Dasturxonga fotiha oʻqisharkan, bobosi undagi holatni sezdi shekilli:

– Nimaga buncha xayol surasan? – deb qoldi.

Bola:

– Oʻzim, – dedi.

Chol chiroqni olib tashqariga chiqib keldi-da:

– Hamma yoq tinch, dam olsak ham boʻlar, – dedi. 

Uychaning bir qismida taxmonda yigʻib qoʻyilgan koʻrpa-toʻshakni olib, chol oʻziga va Oʻsarga joy toʻshab berarkan:

– Sandalga choʻgʻ solib qoʻyganman, issiqqina yotasan, – dedi. – Ehtiyot boʻl, choʻgʻga yana oyogʻingni bosib olmagin.

– Yosh bolamidim, bobo, – Oʻsarning gʻururi qoʻzgʻalib ketdi. 

Har doimgidek tegirmonxonada qolgan tunlari chol bolaga ertak aytib berdi. U ertakda oq dev, sariq dev va qora devni yengan pahlavon Rustam hamda uning oti Raxsh haqida soʻz ketardi. Oʻsar bobosi aytib bergan ertakni eshitib yotarkan, oʻzini oʻsha pahlavon Rustam deb tasavvur qilardi. Ertak tugagandan keyin ham bola ancha vaqt oʻsha pahlavon toʻgʻrisida oʻylab yotdi. Uni xayoli qayoqlarga olib ketmadi deysiz... Bir mahal koʻzi ketgan ekanmi yoki uxlab qolib nimadandir choʻchib uygʻondimi, tashqaridan qandaydir yorugʻlik koʻzini qamashtirgandek boʻldi. Goʻyo kimdir derazadan ichkariga fonar tutib oʻchirib yoqqandek edi. Oʻsar bu xayolida boʻldimi yo oʻngidami, har holda yaxshi anglayolmadi. Tegirmon tarafdan judayam sekin shitirlagan ovoz eshitilganday boʻldi. Oʻsar bobosini uygʻotmoqchi boʻlib, sekin u tomonga qaradi. Bolaning baxtiga Toʻlqin chol hali uxlamagan edi. Chol qoʻlida miltiqni tutgancha dagʻ-dagʻ titrab turardi. Oʻsar bobosi tomonga engasharkan, uning qorongʻuda chaqnab turgan koʻzlariga gʻayrishuuriy bir idrok-la boqarkan, buni aniq sezdi. Chol bola uygʻonganligini bilib unga sekin, past ovozda:

– Jim yot, – dedi.

Oʻsar nima boʻlayotganligini anglolmay hayron edi. 

– Bobo, nima boʻlayapti oʻzi? 

– Ajina kelganga oʻxshaydi, – dedi.

U negadir titrardi. Bola esa hangu mang. Eng qizigʻi, uning dilida hozir ajinaning sochini koʻrganda uygʻonadigan gʻayritabiiy qoʻrquvning oʻzi yoʻq edi. Bu uning yarim uyqu holatda boʻlganidanmi yo bobosining qoʻlida oʻqlangan miltiq turganidanmi, bir narsa deyish qiyin. Har holda uning yuragi hozir, xuddi sarguzasht ishqibozlariniki kabi gurs-gurs urib turardi xolos. Tegirmonxonaning narigi xonasida shitirlayotgan, kimningdir judayam ohista qadam olishi bolaga aniq eshitilib turardi.

– Bobo, eshitayapsizmi?.. – shivirladi bola. – U chindan ham ajinami?..

– Jim, jim, – derdi bobosi. 

Chol miltiqni eshikka qaratib oʻqlab turardi. Agar eshik ochilsa, tamom, u aniq otadi. Bola, hozir shu narsa roʻy beradigandek, eshik tarafga ichki bir hayajon va hayrat bilan qarab turardi.

 Shitirlagan ovoz bolaning xayolida tegirmonxonadan tashqariga yoʻnalgandek boʻldi. U sekin deraza tomonga oʻrmalab bordi. Oʻsar adashmagan edi. Tegirmonxonadan oq ridoga oʻrangan, orqasiga nimadir ortmoqlab olgan kimsa soʻqmoq boʻylab tez-tez yurib keta boshladi. Oʻsar:

– Bobo, ana ajina, u ketayapti, – dedi.

Toʻlqin chol miltigʻini tushirib, yillar toʻzonida xiralashgan oʻtkir koʻzlarini soʻqmoq boʻylab ketayotgan kishiga tikarkan:

– Ha, u ketayapti, – dedi. – Lekin u negadir, mening ajinamga oʻxshamayapti.

Chol bolaga yostigʻi tagidan gugurtni olib berarkan:

– Oʻsarjon bolam, chiroqni yoq, – dedi. 

Bola chol aytganidek qildi. Toʻlqin chol:

– Yo, Xudoyim-ey, Oʻzingga shukr, Oʻzingga shukr, – derdi. 

Bola hamon derazadan tikilib turar, ajina esa, tuman bosgan soʻqmoq boʻylab gʻoyib boʻlgandi. Oʻsarni ayniqsa, uning odamga oʻxshab oyoqda yurib ketayotganligi hayron qoldirdi. Bobosi aytishicha, ajina shunday mavjudotki, u xohlagan tusga kira oladi. Xohlasa, koʻkka uchib ketadi, xohlasa, odamlarning koʻz oʻngida mumga aylanib gʻoyib boʻladi. Lekin hozir Oʻsar koʻrgan ajina, u har kuni qatnaydigan soʻqmogʻidan ketib borayotgandek edi. Chol chiroqni olib, tashqariga chiqdi. U narigi xonani koʻzdan kechirmoqchi boʻldi. Oʻsar negadir, qoʻliga miltiqni olgancha uning ortidan chiqdi. Chol chiroq bilan paypaslab yurgancha tegirmon joylashgan xonaga kirdi. U yerda miskin bir jimlik va ufunat hukm surardi. Toʻlqin chol tegirmonxonani koʻzdan kechirarkan, birdan hayqirib yubordi:

– Un yoʻq, qopda chiqarib qoʻyilgan un yoʻq, – dedi u. – Ajina nahotki unni olib ketgan boʻlsa?!

– U orqasiga nimadir koʻtarib olgandek edi, – Oʻsar ajinaning tegirmondan chiqib tez-tez yurib ketayotgandagi holatini bobosiga aytib berdi.

– Yaxshi koʻrolmadimu, lekin rostdanam, shunday edi, – xulosa qildi chol.

– Nahotki u meni shunday jazolasa?!

Bolaning xayoliga toʻsatdan boshqa narsa urildi. U miltiqni mahkam siqib ushlagancha, qorongʻu soʻqmoq boʻylab yugurib ketdi. Bolaning bunday qarorga kelishini kutmagan chol uning ortidan chopdi:

– Oʻsarjon, toʻxta, toʻxta... – der edi u nuqul.

Bola esa taygʻanib-surinib chopib borardi. 

Chol chiroqni tegirmonxonada qoldirganidanmi, bolani orqasidan yuguraman deb yiqilib tushdi. U turib yana yugurdi, bolani chaqirdi, qandaydir koʻlmakka yana yiqilib tushdi. Toʻlqin chol oʻrnidan turarkan, yoʻlini yoʻqotib, qayoqqa yugurishini ham, qayoqqa yurishini ham bilmay qoldi. U ovozini boricha bir necha bor Oʻsarni chaqirdi. Lekin hech kim javob qilmadi. Oʻsar bobosining orqasidan chaqirganini, uning ortidan kelayotganini ham bilardi. Shuning uchun qoʻlida bobosi oʻqlab qoʻygan miltiqni tutgancha, soʻqmoq boʻylab yugurib borar, bobosining orqada yiqilib, koʻlmak loyiga belanib, yoʻlni yoʻqotib qolib ketganini hozir umuman xayoliga keltirmasdi. Uning fikri-zikri, hozir tezroq ajinaga yetib olishda edi. Dalada tuman shunchalik quyuq tushgan ediki, Oʻsar deyarli yoʻlini yoʻqotayozgandek oldinda nimanidir koʻrishga umid qilib, halloslab borardi. U yugurayotib qorongʻuda bir necha bor yiqilib tushdi. Bir gal hatto qoʻlidan miltiq chiqib ketdi. U miltiqni paypaslab yerdan olarkan, bu ajinaning makri boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Uni qorongʻuda ajina yiqitayotgandek edi. Yoʻqsa, u kunduzlari bu soʻqmoqlardan necha bor chopadi, yiqilmasdi-ku, ha, uni ajina yiqitayotgan boʻlsa kerak. Oʻsar uzoqdan bobosini yana bir necha bor chaqirganini eshitdi. U bobosi orqasidan kelmayotganligini, u judayam orqada qolib ketganligini bildi. Bildi-yu, qoʻrquvdan yuragi shuv etib ketdi. Yaxshiyam, qoʻlida miltiq bor edi. Bu odamga yoʻldosh boʻladi, derdi bobosi miltiq haqida. Bobosi bu miltiqni tunlari doim boshiga qoʻyib yotardi. Oʻsar yiqilib tushmaslik uchun endi yugurmasdan, lekin tez-tez qadam tashlab, soʻqmoq boʻylab borarkan, tunda bu yerlar unga judayam dahshatli boʻlib koʻrinardi. Tuman qalinligidan hech narsani koʻrib boʻlmas, Oqsuvdaryo qorongʻuda vahshatli shovullar, kishi yuragiga gʻulu solardi. Bola oldinga qarab boraverarkan, toʻsatdan uning omadi chopdi. Undan yuz qadamcha oldinda kimdir fonarni bir yoqib, oʻchirdi. Oʻsar bir muddat toʻxtab qoldi. U fonar bir yonib-oʻchganda, oq rido kiygan ajinani orqasidan aniq koʻrdi. U yelkasida qandaydir qopni koʻtarib olgandi. Bu bobosining tegirmonxonasidan oʻgʻirlangan un ekanligiga Oʻsarning zarracha shubhasi qolmadi. U tegirmonxonadan yugurib chiqqanda aynan shunday deb oʻylagandi. Ha, uning sezgilari aldamagan ekan. Ajina tegirmonxonadagi bir qop unni olib ketayotgan edi. Oʻsar uning orqasidan yugurib yeta olishi mumkin boʻlsa-da, uni qandaydir bir ichki qoʻrquv oldinga yurishdan qaytarar, yurishi borgan sari sekinlab borardi. Oʻsar oʻzini ajina koʻrib qolishidan qoʻrqayotgan edi. Bola bobosining ajina haqida aytib bergan gaplarini esladi. Ajinani tobe qilish uchun, uni mahkam borib sochidan ushlash kerak-da, shartta sochidan qirqib olish kerak. Shunda u bir umr senga xizmat qiladi. Bobosida uning sochi bor edi-yu, lekin bobosi, biron marta ham ajinaning xizmatidan foydalanmagan. Yoʻqsa, uning bir dona sochini olib, olov yoqib tutatsang, u sening xizmatingga yetib kelarkan. Oʻsar bildirmasdan uning ortidan borib ajinaning sochini qirqib olmoqchi boʻldi. Lekin tezda bu fikridan qaytdi. Negaki, unda na qaychi bor, na bobosidek jur’at bor edi. Oldinda tezlashib ketayotgan ajinaning boʻyi Oʻsarnikidan ancha kattaligi ham uni choʻchitdi. Bildirmasdan orqasidan bordim ham deylik, baribir sochidan tutishga qoʻlim yetmaydi-ku, oʻyladi u. Shunday boʻlsa ham, Oʻsar ajinaning izini yoʻqotmasdan, uning ortidan bildirmasdan boraverdi. Agar orqasiga qaragudek boʻlsa, yo toʻxtab, u yoq-bu yoqqa alanglasa, Oʻsar ham bir yerda jimgina qotib turardi. Ajina nimadandir choʻchiyotganligini, Oʻsar koʻp oʻtmay sezib qoldi. U orqasidagi yuk bilan charchagandi. Lekin uning nimaga uchib ketmayotganligi, boshqa mavjudotga aylanib, mumdek erib gʻoyib boʻlmayotganligi Oʻsarni hayron qoldirayotgandi. U bobosi aytganchalik, koʻp ham qudratga ega boʻlmasa kerak, deb oʻyladi Oʻsar. Yoʻqsa, ajina ham charchaydimi?! Ajina yukni yerga qoʻyib, orqasiga alanglab qarab turardi. Oʻsar meni ajina koʻrdi, deb oʻyladi. U qoʻrquvdan vujudi titrab, otishga shaylanib, miltiq uchini ajinaga qaratib turardi. Agar u Oʻsar tarafga qarab yursa bormi, bola aniq miltiq tepkisini bosardi. Lekin ajina tuman ichida oq tusi bilan koʻrinib, Oʻsar tarafga qarab turgan boʻlsa-da, uni koʻrmayotgan edi. U faqat uning ortidan kimdir kelayotganidan xavotirlanayotgandi. U oʻrnida bir-ikki bor aylanib turdi-da, yana qopni yelkasiga olgancha oldinga yurib ketdi. Oʻsar unga bildirmasdan borgan sari yaqinlashib-yaqinlashib borardi. Ajinaning uni koʻrib qolishiga tunning qorongʻuligi va tumanning qalinligi yoʻl bermasdi. Voajab, ajina yoʻlini qishloq tarafga qarab burgandi. U tez-tez yurib, muyulishdagi birinchi koʻchaga burdi. Oʻsar miltigʻini mahkam tutgancha, har lahzada otishga tayyor boʻlib, uni ta’qib qilib kelardi. Qishloqda itlar hurar, kecha izgʻirini yoʻl betidagi teraklarning ship-shiydam tanasini yalardi. Ajina koʻchadagi uylardan biriga tezgina kirib koʻzdan yoʻqoldi. Oʻsar soʻnggi jangga hozirlangandek, oʻsha darvoza tarafga qarab yugurdi. U butun nafrati, kuchi, ajinaga qarab aytmoqchi boʻlgan barcha soʻzlarini zumda xayolidan kechirib, ajina kirib ketgan oʻsha darvoza tarafga talpindi. Bu uy kimniki, ajina bu yerga nimaga kirib ketdi, hozir bu narsalar u uchun qiziq emasdi. Uning butun fikri-zikri ajinaga soʻnggi olishuv oldidan aytiladigan soʻzlarida edi. Bu soʻzlarda bobosining dunyodagi yaxshi odamlardan biri ekanligini, odamlar yaxshi yashashi uchun urushga borganligini, hatto jangda bir qoʻlidan ayrilganligini, undan ajinaning oʻch olishga hech qanday haqqi yoʻqligini, kerak boʻlsa bobosi uchun oʻz jonini ajinaga berishi mumkinligini unga aytadi. Agar ajina koʻnmaydigan boʻlsa, unda Oʻsar ham qarab oʻtirmaydi, unga qarata tepkini bosadi. Oʻsar shunday tezlik bilan miyasiga kelgan fikr ichra darvozani shart ochib ichkariga kirarkan, ajina yelkasidagi qopni yerga qoʻyib, ustidagi oq ridoni olib tashlagancha, u tomonga qaradi. Oʻsar qoʻrquv va hayajondan emas, balki unga judayam tanish turqli kishini toʻsatdan uchratganidan hayratga tushgandek, gʻalati holga tushib qoldi. Yoʻlakdagi elektr chirogʻi nurida unga bugun tegirmon yoʻlida koʻrgan, bobosi aytgan, oʻsha – Ziyodilla daqqi qarab turardi...

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 1-sonidan olindi.