OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShimada Masahiko
Asar nomiBir moʻmiyo kundaligi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Yapon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shimada Masahiko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonA’zam Obidov
Hajm38KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir moʻmiyo kundaligi (hikoya)
Shimada Masahiko

«
Ushbu asarni ochlik e’lon qilgan, roʻza tutadigan va ishtahasizlikdan azob chekadigan barcha odamlarga bagʻishlayman.
»

1961 yilda tavallud topgan yapon yozuvchisi Shimada Masahiko bugungi kunda Yaponiyadagi koʻzga koʻringan yozuvchi va sharhlovchilardan biri. Tokio chet tillar Universitetida rus va sharqiy Ovroʻpa tillaridan saboq olgan paytlardayoq uning asarlari adabiyot sohasidagi mukofototlarga loyiq koʻrilgan. Masahikoning bir necha romanlari va hikoyalar toʻplami nashr etilgan. Asarlari koʻplab xorijiy tillarga, jumladan, inglizchaga koʻp bor tarjima qilingan. U 90-yillarda moʻ'jazgina teatr tashkil etib, unda rejisserlik qilgan. Ayni paytda Shimada Masahiko Hosey Universitetida dars beradi.

1999 yilning 30 yanvar kuni kunduz soat 2 larda Hokkaydoning Kushiro nomli qor bosgan namchil oʻlkalariga quyon oviga chiqqan goʻsht sanoati ishchisi nogoh plastik materialdan qurilgan kulbaga duch kelib qoldi. Ayni tushlik qilvolish uchun joy topilganidan xursand holda «Kim bor?» deya ovoz berdi u. Boshini ichkariga suqarkan, undagi vaziyatni koʻrib, yuragi chiqib ketayozdi. Poxol ustida uzala tushib yotgan narsa oʻlik tana edi. Sovuqdan berkinish uchun oʻranib olgan moʻmiyoni yengil chang qoplagan va jasad tarashaday qotib qolgandi. Tars-tars yorilib ketgan terisining ochiq qolgan qismlari xuddi toʻq rangdagi charm etikka oʻxshar, koʻzlari esa soqqasi ichiga choʻkib ketganday qotib qolgan va qoq suyak edi. Yuzining pastki qismida quyuq soqol osilib turar, pastki labida yupqa oq quyqa qotib qolgan va qorni butunlay ichiga kirib ketgandi. Tana parchalanib ketishdan saqlangan va yaxshigina qurib qolgan edi. Chamasi, hali tirik ekan, atayin tanani moʻmiyolangan kabi qotib qolishini osonlashtirish uchun u asta-sekin ogʻirligini kamaytirib borgan.

Poxol ustida boltacha, tirnoq olgich, bir necha ishlatilgan sham, plastmassa idish, ichida yondirilgan qogʻoz parchalari qolgan togʻora betartib sochilib yotar, bir chetdagi chemodan ichida kiyim-kechak bor edi. Shox-shabbalardan yasalgan javonda allaqanday radio va oʻnlab kitoblar koʻzga tashlanardi. Kulbada na bir idish yoki ovqat qoldigʻi va na yegulik bilan bogʻliq biror faoliyatdan asar koʻrinardi. Duch kelgan odamning «Nima qilib yuribdi ekan bu joyda?» deya oʻylashi tabiiy edi. Murda oyoqlari orasida bitta kundalik daftar yotardi. Mayyit bunday oʻlimning sababini tushuntirib berish uchun oʻzida kuch topgan – kundalik daftar voqealar silsilasini oqizmay-tomizmay oʻzida ja’m etgandi.

Jasadni oʻsha kuniyoq olib ketishdi. Ovchi quyon oʻrniga allakimning oʻlik tanasini kashf etib, uyiga quruq qoʻl bilan qaytdi.

Kundalik daftardagi yozuvlarga asoslanib, mashhur tibbiyot kollejining sud-ekspertiza mutaxassislari hamda tanani diqqat bilan koʻzdan kechirgan qiziqqon izquvarlar bunday oʻlimning sababini ochlik natijasida oʻz joniga qasd qilish holati deya baholashdi. Albatta, buning uchun nechogʻlik katta qaror va sabr-bardosh kerakligini tushunish qiyin emas, biroq bunday qilishga sabab boʻlgan asosiy narsa noaniqligicha qolaverdi. Jasad 40 yoshlar atrofidagi erkak kishiga tegishli boʻlib, uning boʻyi 173 sm, ogʻirligi 35 kilogramm chiqdi. Uning oʻlganiga taxminan 100 kunlar boʻlgandi. Qizigʻi, oʻlikning ism-sharifi, kasb-kori yoki tirikligidagi holati ma’lum emas, buni aniqlash ham juda mushkullik tugʻdirardi. Skelet tuzilishidagi turli-tuman belgilar, qon guruhi, barmoq izlari va yozuvlariga qaramay, militsiya idorasidagi mavjud jinoyatchilar yoxud bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida unga oʻxshash birorta kishi topilmadi. U hech kimga oʻxshamaydigan, gʻaroyib kishi edi goʻyo. Buning ustiga hech kim uni axtarmas va vafot etgani uchun birov aza ham tutmayotgan, bir soʻz bilan aytganda, misoli butun dunyo uni unutib yuborgandi. Binobarin, uning oʻzi bundan juda yaxshi xabardor ekanini tasdiqlovchi belgilar mavjud edi. Mana u kundalik daftariga kunba-kun bitib ketgan batafsil yozuvlar.

Birinchi kun, 7 avgust 1998 yil

Men ovqat yeyishdan voz kechdim. Shahardagi kichik qahvaxonada soʻnggi bor yegulik yedim. Garchand bu oxirgi marta ovqatlanishim boʻlsa-da, avval qancha ovqat yegan boʻlsam, bu gal ham shuncha yeyoldim xolos. Tanovul qilganim narsa arzon boʻlib, choʻngatimda allaqancha pulim qolib ketdi. Oʻz jonimga qasd qilishim uchun barcha zarur ash'yo chemodanimda mavjud edi, shunga qaramay, har ehtimolga qarshi, yana ba’zi narsalarni olish uchun supermarketga kirib oʻtdim. Sham, shlang, voronka, yelimli lenta, odekolon, tirnoq olgich, paxta, nam lattalar, oshqozon dorisi, qalay togʻora va polietilen qopchalar xarid qilgan boʻldim. Pul kutilmaganda kerak boʻlib qolishi mumkin, biroq hozirgi lahzalar ayni favqulodda holat, shu bois qolgan pulimni pinbol oʻynab tugatib qoʻyaqoldim.

Hech tinchlik bermayotgan rejamni amalga oshirish uchun Kushirodagi namchil yerlarni tanladim. Bu Kushiro yo Xokkaydo bilan alohida bir bogʻliq joyim borligi sababidan emas, yoʻq, talabalik yillarim bir gal shu yerga kelganim va oʻlish uchun juda yaxshi makon ekan, deya oʻylaganim uchun shu joyni afzal bildim xolos. Velodromdan oʻtib bir soatcha chamasi yurgach, shu yerda kulba tikishga qaror berdim. Menga kerak boʻlgani ixchamgina boshpana va men uni yon atrofdagi dov-daraxtdan bemalol yasay olaman. Shunday qilib, bir necha shoxlarni kesib oldim va ularni toʻrtta daraxt tanasi bilan yonma-yon terib chiqdim, soʻng ustiga uch qavat vinil qoplama yopdim. Asosiy shaklni qorongʻu tushguncha qurib bitkazdim. Keyin tezdan atrofdagi poxol va qamishlarni yigʻib kelib, yerga yoyib tashladim. Bu yerda katta-katta pashsha-chivinlar koʻpligi bois olov tutatdim. Kiyimlarimga tutunning yoqimsiz hidi oʻtirib qoldi.

Ikkinchi kun, 8 avgust

Hech qanday gʻayritabiiy alomat koʻrinmadi. Yerga yupqagina qilib poxol yozilgan va men ularni yigʻib, soddagina oʻrindiq tayyorladim. Bundan tashqari, kitoblarim va boshqa ashqol-dashqollarim uchun javon ham yasab oldim. Kulbamga yaqinroq joyda uncha katta boʻlmagan chuqurcha qazidim. Terga botib ketdim. Tunda rosa chanqadim va juda koʻp suv ichib yubordim. Biror shirin taom boʻlsa ham yoʻq demasdim.

Uchinchi kun, 9 avgust

Radioda Baxning «musiqiy salom»ini tingladim. Xayolga gʻarq boʻlarkanman, ochligim ham qayoqqadir gʻoyib boʻldi-qoldi. Balki musiqa yegulik oʻrnini bosar. Kechqurun hojatga chiqdim. Yoʻgʻon ichakning tozalanishi deganlari shumi?

Toʻrtinchi kun, 10 avgust

Ochlikni umuman sezmayapman. Aytishlaricha, inson suvsiz bir hafta, suv bilan esa bir oy yashashi mumkin ekan. Bir haftada tugay qolsa qaniydi, biroq suvsiz ancha qiyin boʻlgan boʻlardi, shu bois oʻzim bilan bir yarim litr suv olvolgandim. Shu suvning uchdan biri kolgan edi, lekin sal oldin bexosdan uni toʻkib yubordim. Nima, bu endi tez kunda oʻlaman, deganimi?

Beshinchi kun, 11 avgust

Ertalabdan beri yomgʻir tinmadi. Samodan hali oʻlmay tur, degan sado kelganday boʻldi. Qayrilgan shoxlardan plastik sumkalarning ogʻzini ochib turishda foydalandim va ularni tepaga koʻtargancha tomdan tushayotgan yoki kulbam ichiga oqib kirayotgan yomgʻirni yigʻa boshladim. Yomgʻir yoqqanda xuddi oʻzimni doʻmbira ichida turganday his qilaman. Radio ham tinglay olmayman. Yomgʻir tinsa, tomga yana ozroq poxol tashlayman. Kun boʻyi kitob oʻqib yotdim.

Oltinchi kun, 12 avgust

Yana ichim keldi. Oshqozonimda hech vaqo qolmadi deb oʻylayman. Kechga tomon boshim va oshqozonim qattiq ogʻridi. Motsartni eshitarkanman, oʻzimni birmuncha yaxshi his etdim.

Tush koʻribman, unda barcha eski ma’shuqalarim qip yalangʻoch holda milliy raqs ijro etishayotganmish. Ularning oʻrtasiga tushvolib, bir nayzani yerga suqayotgan emishman. Uygʻongach, sun'iy miriqish hosil qildim. Garchi bir haftadan beri hech narsa tanovul qilmasam ham bu matohim qoʻzgʻolganiga hayronman. Biroq, sun'iy qoniqishdan soʻng tanam birdaniga ogʻirlashib qoldi.

Sakkizinchi kun, 14 avgust

Vaqt xuddi bukilib qolganday, joyidan qimirlamay turibdi. Soatimga qararkanman, soniyalar daqiqaday tuyuldi. Qaniydi vaqtni gʻizillatib oʻtkazadigan soatim boʻlganda, deya orzu qildim. Qachon radio tinglashimni belgilab oldim: kunduz soat 2 dan 4 gacha. FM toʻlqinida mumtoz kuylar beriladigan dastur bor. Boshlovchisining ovozi qoʻngʻiroqday. Shu holatimda nimadir qilishim boʻlgan yagona inson oʻsha ayol edi. Hech narsa yemasang-da, sevib qolishing mumkin ekan.

Koʻp uxlaydigan boʻlib qoldim. Uygʻonsam, boshimning gʻuvillashi tinchlik bermaydi. Issiqxonam ajinalar tashrif buyuradigan uyga oʻxshaydi. Kimdir kelib, meni qutqarishini istayapman. Tez-tez zahar tang qiladigan boʻlib qoldi. Tashqariga chiqish ham bir yumush. 6-kundan beri ahlat tashlaganim yoʻq.

Oʻninchi kun, 16 avgust

Yomgʻir quyyapti. Yana toza yomgʻir suvini ichishim mumkin. Yomgʻir tovushi yoqimsiz. Koʻzlarimni yumsam, kimningdir meni koʻrgani kelayotganday oyoq tovushlari eshitiladi. Oʻylashimcha, hali oʻlim farishtasi kelishiga vaqt erta, biroq, yaqinlashayotgan omad ilohasi boʻlishi mumkin degan umidim ham yoʻq emas. Men bilan gaplashmagunicha, u kim boʻlsa ham, e’tibor bergim kelmayapti.

Oʻn birinchi kun, 17 avgust

«Yangiliklar»dan eshitdim, Tokiodagi oʻrta maktabda oʻqiydigan uchta yaqin ogʻayni birgalikda oʻz-oʻzini choʻktirib yuboribdi. Sababi noma’lumga oʻxshaydi. Ularning sinfdoshlaridan intervyu olishdi.

Oʻn ikkinchi kun, 18 avgust

Siydigim qon tusiga kirdi. Es-hushim joyida, lekin butun tanam boʻshashib ketyapti. Koʻp vaqtni oʻrinda yotgancha oʻtkazmoqdaman. Kitob oʻqiyapman. Bektning «Malone Dies» asari. Men batamom unga bogʻliq boʻlishim mumkin. Roʻza tutmasdan turib, bu kitobning magʻzini chaqish qiyin. Bugun radio eshitganim yoʻq.

Oʻn uchinchi kun, 19 avgust

Ancha ozib qoldim. Yuzim ham xuddi murdaniki misol. Soqol olgandim, yuzim sal yorishganday boʻldi. Oʻz goʻshtimni yeb hayotimni saqlab turibman.

Oʻn toʻrtinchi kun, 20 avgust

Tayfunmi, nima balo? Dovul va jala plastik kulbamni uchirib yuboradi deb oʻyladim. Tushga tomon shamol jinday tinganday boʻldi, shuning uchun tashqariga chiqib, shox-shabbalar yordamida kulbamni mustahkaroq qilishga urindim. Tanam oʻzimga boʻysunmay qolyapti, yurishga ham toqat yoʻq.

Oʻn beshinchi kun, 21 avgust

Oʻn besh soatcha uxlabman. Radioning qulogʻini buraganimda, tungi beysbol oʻyini berilayotgandi. Ozroq toza yomgʻir suvi ichdim. Oʻrmon hidi kelardi undan. Butun vujudim ogʻriyapti. Xuddi ichimdan pichoq bilan goʻshtim asta qirib chiqilayotganday. Tushimda non gʻajiyotgan emishman.

Oʻn oltinchi kun, 22 avgust

Bugun yana dovul turdi. Bir necha bor shu yaqin atrofda chaqmoq chaqdi va nazarimda u boshimni teshib oʻtganday boʻldi. Nega chaqmoq kulbamni yondirib yubormaydi? Tunda radio eshitishga qaror qildim, chunki qorongʻida yotganimda qaerdaligimni unutib qoʻyaman. Radiodan kelayotgan har bitta ovozga javob bersam, oʻzimni yoʻqotmayman, shu tariqa ikki soat bir zumda oʻtib ketdi. Qoʻlimni atayin radioning oʻchirish tugmasiga qoʻyib olganman, mabodo koʻzim ilinsa, uni oʻchirib qoʻyarman degan umidda. Ba’zida eshittirishlar shunchalik bemaza tus oladiki, bu dunyoda radio tinglab yotarkanman, oʻzimni naq u dunyoda his qilaman.

Oʻn yettinchi kun, 23 avgust

Siydigimga qon aralashdi. Yuqori sinfda oʻqiyotganimda, gandbol klubimiz bilan mashgʻulot oʻtkazish uchun lagerga chiqqanmiz va oʻshanda haddan ortiq charchaganimdan boʻlsa kerak, qon siygandim, biroq undan keyin hech bunday hol uchramagan. Balki roʻza tutish sportning bir turidir. Oqshom tusharkan, oshqozonimda keskin ogʻriq turdi. Qornimni changallagancha u yoqdan-bu yoqqa agʻdarildim va radiodan taralayotgan qoʻshiqni tingladim, faqat bu ogʻriqni battar kuchaytirdi.

Oʻn sakkizinchi kun, 24 avgust

Orqa-oldimdagi bori yogʻ tugab bitdi. Yuzim parhez qilatyogan bokschinikiga oʻxshab qoldi. Lekin koʻzlarim hanuz chaqnab turardi. Agar biror kishi menga yoʻliqsa, dahshatdan qochib ketgan boʻlardi. Asta-asta tussiz suyakka oʻxshab qolyapman. Biror narsa yeyishga istak ham qolmadi. Xuddi och nervlarim batamam ishdan chiqqanga oʻxshaydi. Haddan tashqari ishtahasi yoʻq odamlar kabiman. Ochlik ma’lum bir nuqtadan oʻtgandan keyin ovqat haqida oʻylash oshqozonga juda ogʻirlik qilarkan. Mabodo lapsha yo guruch bilan goʻsht aralashmasini yeb olsam, shu zahoti tarasha qotgan boʻlardim balki. Endi oshqozonim har qanday yegulikni bakteriya kabi begona jism sifatida rad etadigan koʻrinadi.

Bu tun ajoyib oydin kecha boʻldi. Men xudi shunday tunda oʻlishni istardim. Biroq, kunduz kuni oʻlsam kerak, deb oʻylayman. Kimdir aytaniday, hayot borar asta chekinib… Tun yarmi yo kunduz. Yorugʻ-ochiqda oʻlsaydim qani.

Oʻn toʻqqizinchi kun, 25 avgust

Kun boʻyi oshqozonim ogʻrib, boshim loʻqillab ogʻridi. Tushdan keyin gʻayritabiiy mehmonni qabul qildim. Toʻshagimda qirqoyoq oʻrmalay boshladi. Uni yeyishga istak qayda. Qachonlardir ota-onasi moʻ'jazgina xonaga qamab qoʻygan va biron yegulik bermagan bolakay haqida eshitgandim. Oʻsha bola atrofida kuymalashgan hasharot va hatto sichqonni ham tutib yegan ekan. Begunoh goʻdaklarni xoʻrlagan kattalarni roʻza tutishga majbur qilish orqali jazolash lozim.

Yigirmanchi kun, 26 avgust

Qusgim keldi, biroq qayt qilgani ichimda hech vaqoyam yoʻq. Oʻygʻonganimda qora terga botib ketgandim. Tushga tomon oshqozonimdagi ogʻriq avvalgi holatiga qaytdi.

Haliyam vaqt bor. Agar kelgan izimdan ortimga qaytsam, qaytadan hayotga qaytishim mumkin. Bir soatcha yurganimda ham biror kimni uchratib qolishim mumkin edi. Uyat-puyatim qolmadi. Meni politsiya qidirayotgani yoki ismimni yangiliklarda aytishayotgani xavotirga solmaydi. Axir roʻza tutish jinoyat emas-ku. Bir haftada avvalgiday 65 kg vaznga yetaman va shubhasiz yana 20-30 yil yashayman. Qoʻy-e, yana yashashga da’vatmi? Goʻyo oʻtmishdagiday, bu dunyoga aloqam yoʻq. Bu dunyo unda yashashni davom ettirishim uchun mos emas ekan, u holda narigi dunyoga koʻchib oʻtayotganim haqida unga xabar berdim. Fikrimni oʻzgartirishga endi juda kech.

Na bu dunyoga biror xususiy bogʻliqlik sezaman. Miyamda oʻz joniga qasd qilish fikri bilan shunday roʻza tutishga tayyorgarlik qildim. Shunday oʻlim orqali oʻz umrimning ahamiyatsizligini aksi tomonga oʻzgartira olaman deb ishonardim. Bu samuraylar dunyosidagi seppukularning marosimiga oʻxshaydiki, unga koʻra, boshqalarning muvaffaqiyati uchun yerdagi toshday qadr-qimmatga ega boʻlmaganlar oxirgi lahzalarda bir kishini yuqori pogʻonaga koʻtarib qoʻyadi. Keling, oʻsha his-tuygʻudan boʻlak oʻz yoʻliga ega boʻlmagan va oʻz fikrini ochiq-oydin ifodalashga biror marta boʻlsin imkon berilmagan soddafe’llarning hayotlarida aqalli bir bora boshqalar tomonidan hurmat qilinishiga izn beraylik. Seppuku deganlari shu emasmi? Bu ish dunyodagi barcha xoʻrliklarni batamom oʻchirib yuboradi.

Mabodo oʻzim seppukuni amalga oshiradigan boʻlsam, naq kulgiga qolgan boʻlardim. Romannavis Mishima Yukio bu marosimga yarim taqlid va yapon jamiyatini yarim tanqid qilgan koʻyi oʻz-oʻzini ichak-chavaqdan tozaladi va buning natijasida ogohlikka yoʻl ochilib, shundan beri hech kimga bunday qilishga ruxsat berilmadi. Men ham Mushima boshidan kechirgan qiynoqqa tushyapman. Faqat men oʻlimning boshqacha yoʻlini, ya’ni roʻza tutib ochlik orqali oʻlishni tanladim.

Oʻlishimdan xabar keldi, lekin hali menga navbat yetishiga ozroq bor. 7 avgustda ovqat yeyishni toʻxtatgan boʻlsam, demak, oʻylashimcha, hayot va oʻlimning naq oʻrtasida turibman. Nega shubhalana boshladim? Bugun yigirmanchi kun, balki ular qirqinchi kunda kelishar. Chala oʻlikman. Shubha yoʻq, shu sabab boshim bilan oshqozonim ogʻriyapti. Yaxshisi ertadan boshlab ogʻriq pasayishiga umid qilay. Tunda yomgʻir shivaladi.

Yigirma birinchi kun, 27 avgust

Kecha vasiyatimni yozib qoldirganim uchun endi yozadigan hech narsa qolmadi. Oshqozonimdagi ogʻriq battar yomonlashdi. Poxol toʻshagim namiqib ketdi va men uni quritish uchun quyoshga tutdim. Salgina qimirlashim nafas olishni qiyinlashtiryapti va yurak urishim yomonlashib bormoqda. Nam sochiq bilan badanimni artdim. Terlamay qoʻydim, badanimdan ortiq yogʻ ajralmayotir. Tanamdagi moddalar almashinuvi toʻxtagan koʻrinadi.

Oʻlishimdan avval biror kishi topib olsa nima qilaman? Roʻzamni buzamanmi yo ularga oʻz qarorimni tushuntirib, meni tinch qoʻyishlarini soʻraymanmi? Bu yerda inson zotining mutlaqo qorasi koʻrinmaydi. Mabodo biror kishi turgan joyimni topib olsa, buni Xudoning irodasi deb bilgan boʻlardim, demak tangri mening yashashimni istayapti.

Kechqurun hasharotlarning ovozini eshitdim, demak bunda yolgʻiz emasman.

Yigirma ikkinchi kun, 28 avgust

Oshqozonim bir gal televizorda koʻrganim habashistonlik qochoq bolalarnikiga oʻxshab kengayib ketdi. Axir nega hech qanday ovqat yemasam ham, u menga ozor beryapti? Yegulik haqida xayol surishdan ham qoʻrqib qoldim. Tushimda spagetti yeb oʻtirgan kishining yelkasi osha ovqatini tortib qochayotganmishman, shundan beri qornim kuchliroq bezovta qilishni boshladi. Shubha yoʻqki, ovqat haqidagi zarracha oʻy ham oshqozonimni refleks sifatida harakatga keltiradi, natija esa kuchli ogʻriq bilan tugaydi.

Yigirma uchinchi kun, 29 avgust

Ogʻriqqa ortiq chidolmay, bir-ikki dori ichib oldim. Oʻlishga harakat qilayotganim bir paytda dori qabul qilishim bema’nilikdir balki. Kechqurun quloqlarim ichini tozaladim.

Yigirma toʻrtinchi kun, 30 avgust

Suvning ta’mi buzilibdi. Suv oshqozonimning zaharlanishiga asos boʻladimi? Yoz boʻlishiga qarmay, qaltirab ketyapman. Egnimga jemper kiyib oldim, baribir sovuq qotyapman. Birgina miyam aniq-tiniq ishlayapti. «Ilohiy komediya»ning «Doʻzax» qismini oʻqidim bugun. Dindor boʻlmasam-da, lekin dunyodagi koʻplab xudolarga hurmatim baland, axir birorta xudo qaerdadir menga shafqat koʻrguzishi mumkin. «Doʻzax»ni oʻqirkanman, narigi dunyoda birinchi boʻlib kimni uchratarkinman, deya oʻylab qoldim. Oʻqish jonimga tekkanda, ayol kishining muloyim ovozda «Bugungi kuningiz maroqli oʻtdimi?» deb salomlashishini eshitish uchun radio qulogʻini buradim. Qaniydi oʻliklar diyoridagi qabulxonada ham anna shunday yoqimli ovozli ayol oʻtirsa.

Yigirma beshinchi kun, 31 avgust

Kun kechagi bilan solishtirganda osonroq kechmoqda. Tishimni tozalab, soqolimni oldim. Kunduzi meni xursand qilib yomgʻir quyib berdi, bundan foylanaib, barcha kiyimlarimni tashqariga olib chiqdim va sochimni, badanimni yomgʻirda yuvib oldim. Ishonchim komilki, odamlar oʻlik tananing toza boʻlishini afzal bilishadi.

Yigirma oltinchi kun, 1 sentyabr

Qoʻl-oyogʻim normal holatidan ikki baravar ichiga kirib ketdi. Yuzim shunchalik ozgʻinlashdiki, kaftimga jo boʻlgudek. Suyaklarimni qoplab turgan yupqa qatlam qoldi xolos. Agar bir oy avval shu holatimni koʻrganimda, aniqki, oʻzimni tanimagan boʻlardim. Ogʻirligimning ham uchdan ikki qismi yoʻq, ammo hali tanam ogʻirligini his etyapman. Qorin va bosh ogʻrigʻi yetmaganday, qoʻl-oyogʻim karaxt boʻlishni boshladi. Koʻzlarim xira tortib, oʻqish qiyinlashdi. Qoʻlimga tikilib, kaftlarimdagi «hayot yoʻli»da gorizontal chuqur chiziqlar hosil boʻlganini koʻrdim. Oʻlim elchilarimi? Oʻlish haqidagi istagimga ahamiyat bermay, jismim yashash uchun kurashmoqda. Bu oʻzini ogʻriqlarda koʻrsatmoqda.

Yigirma yettinchi kun, 2 sentyabr

Allaqanday pashsha boʻynimni chaqib oldi. Menday qoni qochgan odamni soʻrishga shaylangan pashsha haddan ortiq ochiqqan boʻlishi tabiiy. Hatto unga nisbatan gʻayritabiiy ravishda mehrim joʻshib ketdi. Boʻynim qichishyapgan boʻlsa ham, «Xudo seni asrasin» deb pichirladim qonimni soʻrayotgan jonivorga. Koʻngilchan odamga aylandim chamasi.

Yigirma sakkizinchi kun, 3 sentyabr

Kecha bilmasdan radio qoʻyilgan holatda uxlab qoldim. Balki shuning uchun algʻov-dalgʻov tushlar koʻrib chiqdimmi? Professional beysbol oʻyinida allaqanday hind sharhlovichisi allambalo gaplarni valaqlayotgan trener Nagashima bilan oʻtirganmish. «Xudoyim-ey, Soyalar mamlakatida uzundan-uzun navbat, unda xot-dog va kola sotilayotibdi, agar borib undan olsang, keyinroq qiynalasan. Shuning uchun u dunyoda kerak boʻladigan narsa och ruhdir. Men ham oʻz jonimga qasd qilganimdan keyin ancha kutishimga toʻgʻri keldi, mana endi bu yoqda sharhlovchilik qilib yuribman, biroq… qandoq qilay… oʻlish ichak-chavoqlarni ham olib ketadi, shunday emasmi?» Uning soʻzlarini qizgʻin olqishladim.

Keyin manna bunday tush koʻrdim. Toʻq qizil rangli poezd bogʻ oralab uchib borarmish, uning ichida gullayotgan sabzavotlarga aylanib qolayotgan liliputlar ketib borarmish, poezd derazalaridan bananlar uchib kirarmish. Boshqa bir tushda tanamni choʻzib, buklab, uzaytirib, lapsha holiga keltirilayotgan ekan.

Miyam – ishlab turgan yagona boʻlagimdir.

Yigirma toʻqqizinchi kun, 4 sentyabr

Sovqotyapman. Kun boʻyi adyolga oʻralib yotdim. Qon oyoq va qoʻllarimning uchigacha yetib kelmayotgan koʻrinadi. Agar bir kilometrcha yursam, velodromga yetib olgan boʻlardim. Bu narsa oʻzim uchun yordam olishim mumkin boʻlgan eng oxirgi imkoniyat esa-da, yoʻq, fikrimdan qaytmadim. Yoʻlda koʻz yumishni hecham xohlamayman. Oʻlmoq men uchun yagona yoʻl ekanini oʻylab ancha yengil tortdim. Shu yerda ham yota olaman. Tanamning yuqori qismini oson qimirlatyapman, pastki qism ancha zaif. Yetarli mashq qilmayotganimning jazosi, degan kulgili oʻy oʻtdi miyamdan.

Oʻttizinchi kun, 5 sentyabr

Qornim hali bunchalik ezib ogʻrimagandi. Dori ichdim. Erta-indin oʻlsam kerak. Bugun roppa-rosa bir oy boʻldi.

Oʻttiz birinchi kun, 6 sentyabr

Ogʻriqni sezyapman, hali tirikman.

Oʻttiz ikinchi kun, 7 sentyabr

Radio soʻlib bormoqda – hamxonam ham kuchini yoʻqotyapti. Ovozimga oʻxshab qurillayapti. Bir oydan beri ovqat yemasam ham tirikman, lekin bartareyasining kuchi tugasa radio churq etmay qoladi.

Ikki juft paypoq, jemper va qishki palto kiyganimga qaramay, qaltirashim toʻxtamayapti. Bu yerlarga qish kelganga oʻxshaydi. Bu ahvolda ochlikdan oʻlishimdan avval muzlab qolsam kerak. Tashqariga chiqib olov yoqishni istasam-da, oʻtin yigʻishga hech majolim yoʻq – garchand bir piyola choy ichib olganimda jannatda boʻlgan boʻlardim.

Oʻttiz uchinchi kun, 8 sentyabr

Qornim burab-burab ogʻriyapti. U xuddi issiq suv purkayotgan geyzerga oʻxshab har daqiqa hujum qilmoqda. Balki jismim yer aylanishiga muvofiq harakat qilayotibdi. Ogʻriq turganda oʻylay ham olmay qolaman, u pasaysa, shu kabi qaydlarni yozish imkoni tugʻiladi. Buddalikka yetishgan ruhoniylar ham ma’lum vaqt bosh va qorin ogʻrigʻi hamda sovuq qotishdan azob chekkan boʻlishi kerak. Ularga-ku e’tiqodlari tirgak boʻlgan, menday bir e’tiqodsiz odamga chidashni kim qoʻyibdi. Qoyadan jarga oʻzimni tashlasam yo oʻzimni oʻzim ossam, shu zahoti til tortmay oʻlishim mumkin edi, biroq, buning oʻrniga atayin oʻlishdan avval bir oydan ortiq muddat ichida azobga giriftor boʻlishdagi har bir holatni oʻz boshimdan oʻtkazishga urinmoqdaman. Buni bema’nilik deya toʻxtata olmayman. Hatto jarga qulashni istaganimda ham uni amalga oshirishga oʻzimda kuch topa olmagan boʻlardi. Oʻzimni osishga arqon qidirish ham qoʻlimdan kelmas balki.

Ogʻriq bosilganda, kunni bemalolgina oʻtkaza olaman, lekin tunlari zimistonlik yana azob beradi. Radiodan faqatgina chivinning gʻoʻngʻirlashiga oʻxshash tovush kelyapti. Hali uchta shamim bor. Ularni uyqum qochib ketadigan kechalar uchun asrab qoʻyganman.

Oʻttiz toʻrtinchi kun, 9 sentyabr

Oʻtgan kechasidagi sovuq xuddi ignalarni butun badanimga sanchib chiqayotganday achchiq boʻldi. Ogʻriq zabtiga oldi. Bitta shamni tugatdim. Pulsim juda tez uryapti. Yuragim haroratimni koʻtarish uchun jahd bilan butun tanamga qon puflayotganini sezyapman. Jismim yashab qolishga jon berib urinmoqda.

Kun boʻyi mayda yomgʻir yogʻdi. Yovvoyi qushlarning sayrashidan yengil tortaman. Xuddi birov kulbamga yaqin kelayotganini sezganday «Men bu yerdaman» deya ovoz chiqaraman. Oʻylashimcha, meni narigi dunyoga olib ketadigan taksi haydovchisi yoʻldan adashib, ortiq meni axtarishga tobi qolmagan. Stiks daryosigacha (oʻlganlar u orqali narigi dunyoga ravona boʻladigan daryo) piyoda borolmayman. Oyoqlarim oʻzimga boʻysunmay qoʻydi.

Garchi oʻz oʻlimimning jarayonini kuzatishni istaganim sababli och yurgan esam-da, kun uzzukun oʻlim haqida oʻylash juda zerikarli. Biroq erinibgina qushlarning sayrashiga quloq tutarkanman, miyamga roʻza tutishni boshlagan kunimdan boshlab men oʻlganman, degan fikr keldi va oʻzimni ancha yengil his qildim. Oʻlim qolib ketgan ozgina foiz xolos.

Oʻttiz beshinchi kun, 10 sentyabr

Radio mendan oldin ishlashdan toʻxtadi, shu sabab kechalari dahshatga tusha boshladim. Zimistonda yoʻqolib ketmoqdaman. Agar qoʻlimni yozolsam yoki tilimni chiqarolsam va yo kiprik qoqolsam, demak u yerda emasman hali. Balki oʻrnimdagi boshqa kishidir. Tunlari uygʻonib ketsam, bu yer narigi dunyo boʻlsa kerak deb xayol qilaman. Qorongʻilikda na ot, na fe’l va na sifat bor. Na hozirgi, oʻtgan va yo kelasi zamon. Boshimda gʻujgʻon aylanayotgan xayollar mavjud. Hamisha yarim shaklda va muqaddima ham xotimasiz. Oʻzimni bu yerda emasligimni yengillashtirish uchun nimadir oʻylashim kerak. Uygʻonsam, qaytib quyosh chiqqungacha uxlay olmayman. Oʻylashdan toʻxtasam, miyam borligini unutaman va qoʻrquvdan ovoz chiqara boshlayman. Ovozim boʻgʻiq va xunuk. Zimiston oyogʻimdan boshlab asta koʻtarilar ekan, oʻlimni unuta olaman. Nur – shifobaxsh dori, qorongʻilik esa zahardir. Biroq, tongni kutishdagi xursandchiligim juda qisqa vaqtda tugaydi va haliyam tirikligim haqidagi azob, chidab boʻlmas ogʻriq oʻlmaganim yuzasidan ustimga yopirilib kelaveradi. Albata, tunlari ham qornim va boshim ogʻriydi. Kunduzgidan-da battar. Balki tundagi azob oʻlim azobi va kunduzgi azob hayot azobidir. Nima boʻlganda ham, azob bir pulga qimmat. Ichak-chavoqni tozalab tashlash undan osonroq. Ochlikdan oʻlish bilan solishtirganda, seppuku yo osilish, otilish yo baland binodan tashlash, zahar ichish yo gazdan zaharlanish goʻyo bogʻda sayr qilganday gap. Qaerdadir oʻqigandim, josuslar doim oʻzlari bilan kaliy tsianid olib yurisharkan. Favqulodda hollarda ular shu moddani ichib javobgarlikdan qutulisharmish. Bu kimningdir foydasi uchun oʻlishni bildiradi. Aqali oʻlim vaqtida biz oʻz oʻzimiz uchun oʻla bilamiz. Oʻz joniga suiqasd qilishning turlari koʻp, lekin roʻza tutish oʻlimning alohida bir yoʻliki, bunda kishi oʻziga-oʻzi qarshi chiqadi va uzoq vaqt davomida oʻzi bilan kurashib chiqadi. Ochigʻini aytganda, bunday oʻlimdan biror natija kutib boʻlmaydi. Ammo men 35 kun davomida bunday azobga dosh berib kelayotganimdan faxrlanaman. Men boshqa hech kim taqlid qila olmaydigan nimadir qilmoqdaman.

Oʻttiz oltinchi kun, 11 sentyabr

Nimadir qilmoqchi boʻlib, radioni silikitgan edim, avval eshitganim opera qoʻyilayotgan ekan. Qoldiq batareya bir oz turib berdi, chamasi bir soatcha radio eshitgan boʻldim. Butun jismim qayta jonlantirilmoqda. Oʻlish uchun oʻzimda jur'at topdim.

Oʻttiz yettinchi kun, 12 sentyabr

Vaqti-vaqti bilan yomgʻir quyadi. Kabutarlar dunyoni ikki oʻlchamda tushunadi shekil. Suvli va suvsiz dunyo. Insonlar esa miyalarida turfa dunyolarni yarata olishadi. Hali tirik ekanmiz, oʻlimdan keyingi hayotni ham xayol qila olamiz. Ammo ba’zida bunday qilish shunaqangi zerikarli. Ayni damda shunchaki oʻlmoqnigina istayapman, ha-ha, hech narsani oʻylamasdan oʻlmoqni. Mana endi saratonga chalingan mijozlar nega sun'iy oʻlishni xohlashganini toʻliq tushuna olaman.

Oʻttiz sakkizinchi kun, 13 sentyabr

Batareyam hali tugamadi. Nafas olishim bir oz notekis. Oʻlimni shunchalik yaqinda his qilyapmanki, qoʻlimni uzatib unga yetgudekman. Ketim, tizzam va orqamdagi ogʻriq yomonlashdi. Ruh tanadan chiqishi uchun juda katta quvvat talab qilinishini anglayapman. Ruh quvvat yigʻish uchun goʻshtimni yeb bitirmoqda. Tanamni tark etishidan ancha avval boshlagan. Vaqtni pasayishga tomon sanash fasliga kirdik.

Oʻttiz toʻqqizinchi kun, 14 sentyabr

Husnixatim oʻzgardi. Qanday yozish esimdan chiqib bormoqda. Oʻlimdan keyingi hayot yoqimlimi-yoʻqmi deya qiziqa boshladim.

Qirqinchi kun, 15 sentyabr

Bugun oʻlishni rejalashtirgan kunim. Oʻrnimdan tura olmay qoldim. Roʻza orqali Budda qanday yashashni kashf etdi, Muso alayhissalom toʻliq 40 kun shunday qildi va Xudodan oʻn buyruqni oldi. Iso Masih Shaytoni la’inning kirdikorlariga qarshi turish uchun 40 kun roʻza tutdi. Raqamlarga qarasak, men bu muqaddas insonlardan ham oshib ketdim, biroq, menga hech qanday ma’rifat tushmadi. Mendan farqli oʻlaroq, aziz avliyolar haddan ortiq kuchli boʻlishgan, ya’ni 40 kunlik roʻzadan keyin ham qavmlari huzuriga bemalol oʻz oyoqlari bilan yurib borishgan. Men esam endi yura olmayman. Sovuq murdaga aylanguncha kutishdan ortiq narsa qila olmasman. Garchi avliyo boʻlish istagim yoʻq esa-da, oyoqlarim qayta yurishini xohlayman. Hozirgacha biron marta boʻlsin kasal boʻlmaganman. Faqat bir marta beysbol oʻynab oyogʻimni sindirib olganimda kasalxonada yotishga toʻgʻri kelgan.

Toʻshakka mixlanib qolishimni bilganim uchun, maxsus hojat joyi tayyorlagandim. Toʻshagim tagiga yetarli kattalikdagi qopqoqli voronka qoʻyib, uni shlang bilan shunday birlashtirdimki, suv yo boshqa narsa borib tashqarida kavlaganim chuqurga borib tushadi. Olatim qovjirab achinarli holga keldi. Bir necha tomchi siydikni silkitib chiqara olyapman xolos.

Qirq birinchi kun, 16 sentyabr

Oʻtgan kecha 40 kunlik roʻzaga chidab bergan avliyo sharafiga sham yoqdim. Jismonan azoblanar, lekin aqlan juda tetik edim. Muqaddas kishilarni oʻzimga yaqin tutdim, Iso Masih ham, Budda ham mening doʻstlarimday edi goʻyo.

Qirq ikkinchi kun, 17 sentyabr

Oyogʻim ishlashdan bosh tortganiga qaramay, miyam binoyiday ishlayapti. Balki unga koʻp kuch

kerakmasdir. Kun boʻyi juda koʻp tush koʻrib chiqdim.

Qirq uchinchi kun, 18 sentyabr

Bugun ajoyib kun boʻldi. Ertalabgacha biror marta boʻlsin uygʻonganim yoʻq. Yorugʻ kun edi. Hanuz qaltirayotgan va azoblanayotgan boʻlsam-da, bunday belgilarni his qilayotgan jismim kichrayib borayotganidan yupanch izlardim. Terim turshak tusiga kirib boʻlgandi. Undan yoqimsiz is taralardi. Bu oʻlim isi ekaniday taassurot qoldirdi. Ozroq odekolon sepib oldim. Xushboʻy hid taratib murdaga aylanishdan yaxshiroq narsa yoʻq boʻlsa kerak.

Erta tongda yomgʻir quyib berdi. Ertalab va tushdan keyin bavl qilish asosiy mashgʻulotga aylangan. Bir tomchi boʻlsa-da haliyam suv chiqib turibdi. Har na boʻlganda ham, hushim borligida mana shu muhim vazifa haqida qaygʻurishim lozim. Ba’zan hushimni yoʻqotib qoʻyganimda, siydik oʻz-oʻzidan chiqib ketadi. Asta-sekin yuragim ham toʻxtab, ruhim yuksaklarga qanot qoqadi.

Qirq toʻrtinchi kun, 19 sentyabr

Qornim va boshim shu qadar kuchli ogʻridiki, avval hech bunchalik azoblanmagandim. Ikki bor: tushda va soat 3 larda hushimdan ketibman. Yaxshisi oʻlayotganda aytadigan soʻzlar haqida oʻylayqolay.

Tunda 15-kundagidan qolgan shamni yoqdim. Shamning tilini kuzatib yotdim. Oʻqimagan 3 ta kitobim qoldi. Baribir narigi dunyoda endi kerak boʻlmaydi. «Ilohiy komediya»ning varaqlarini bittalab yirtib, togʻoraning ichida yoqdim.

Qirq beshinchi kun, 20 sentyabr

Yostigʻim oldida kuylagi yirtiq-yamoq, yubkalari loyga belangan bir yosh ayol turardi. Uni tanimasdim. Hayron boʻlmadim. Uni oʻliklar diyoridan meni olib ketishga kelgan deya xayol qilib, qoʻlimni keng yozib oʻtindim: «Qayoqqa xohlasang olib ketaver, ogʻriq va sovuqqa ortiq chidolmayman.»

«Ketadigan joyning oʻzi yoʻq» dedi u e’tiborsizlik bilan.

«Sen narigi dunyodan kelmadingmi?»

«Hali u yerda boʻlmaganman.»

«Demak tirik ekansan-da?»

«Bir narsa deyolmayman.»

Gʻamgin qiyofada men tomonga qayrilarkan, oʻzi haqida gapira ketdi u.

«Bundan ancha vaqt avval boshiga qalpoq kiygan va artistlarga oʻxshagan bir kishi meni oʻrmonda zoʻrlagan va oʻldirib ketgan. Endi narigi dunyoga olib ketishsa kerak deb oʻylab, rosa kutdim, biroq hech kim kelmadi va u yoqqa oʻzim borishga qaror qildim. Murdalarni oqizib olib ketadigan daryogacha borib, qayiqqa oʻtirdim, biroq...»

«Demak narigi dunyogacha bora olmabsan-da?»

«Men qayiqdagi yagona yoʻlovchi edim, shu sabab kapitan meni olib ketishni istamadi. Unga koʻra, oxirat degan narsa yoʻq emish.»

«Boʻlmagan gap!»

«Balki oxirat oʻlayotgan insonlar xotirjam jon taslim qilishlari uchun oʻylab topilgan xomxayoldir. Balki allaqachon vafot etganlarni tinchlantiradigan biror joy mutlaqo yoʻqdir.»

«Unaqa emasdir-ov. Unda oʻlganlar nima qiladi? Agar murdalar diyori boʻlmasa, u holda bu oʻliklar abadiyat aro kezib yuradilar degan ma’noni keltirib chiqarmaydimi?»

«Boshida men kapitan aldayapti deb oʻyladim. Undan necha bor narigi dunyoga olib oʻting meni deb oʻtinib soʻradim, ammo u bunday dunyo mavjud emas deb oʻzinikida mahkam turib oldi. Daryoda ketib borayotgan boshqa kapitan ham shu javobni berdi.»

«Xoʻsh, unda nima qilasan endi?»

«Kapitan meni boshqa joylarga olib ketadi. Yaxshi Umid va Antarktikaga, Oʻlik dengizga va Baykal koʻliga. Menga munosabati samimiy boʻlganidan u bilan ketyapman.»

«Bu yerga qanday kelding?»

«Amazonka daryosi orqali.»

«Hamrohing qani?»

«Hov anavi yerda turibdi.»

U kulbamdan sal naridagi kichik va loyga botgan yaxtaga ishora qildi.

Asta oʻzimga kelib, atrofimdagi narsa oydinlasha borgani sari yaxta deganim oddiy bir quyon ekanini angladim. Balki bu kecha oxirgisidir.

Qirq oltinchi kun, 21 sentyabr

Tirikman. Chindan ham oxirat boʻlmasa nima qilaman? Agar oʻlimdan keyin tungi azoblaru ogʻriqlar davom etadigan boʻlsa, hecham oʻlgim yoʻq. Oʻlim azobdan qutulish degani emasmi? Yoʻq, bunday deyish toʻgʻri emas. Miyam oʻylashdan charchab ketdi. Bunaqa xayollar miyamga faqat Xudoga ishonmaganim uchun kelyapti. Birdan jannatdan ortga qaytarilgan ichuvchi-alkash haqidagi she’r yodimga tushib ketdi. Koʻzim ilinibdi, mazali sharoblaru goʻzal ayollar huzurida yurgan emishman.

Qirq yettinch kun, 22 sentyabr

Sovqotyapman. Ayniqsa, bavl qilgach, ustimdan sovuq suv quyilganday boʻladi. Qoʻllarimda kuch qolmadi. Toʻshakda agʻdarilganimda, qoʻllarim robotnikiga oʻxshab ketyapti. Yuragim qinidan chiqib ketay-ketay demoqda.

Qirq sakkizinchi kun, 23 sentyabr

Daryoda menga yaxshi kapitan yoʻliqadi degan umidim bor.

Qirq toʻqqizinchi kun, 24 sentyabr

Ruhim zaifligidan jismimni tark etishni eplolmayapti. Jismoniy azoblardan qutqaraqolsang-chi! Koʻksim vayron boʻlmoqda. Kiyilaverib, oxiri uloqtirilgan paypoqqa oʻxshab qolgandayman. Ichimda ortiq hech birov qolmadi.

Elliginchi kun, 25 sentyabr

Tokiodagi «Lup Layn»ning oxirgi bekati qaerda? Oʻnlab marta aylanib chiqdim. Bu azobkash poezd har bekatda toʻxtab oʻtadi. Tezroq oxirgi bekatga yetaqolsaydim.

Ellik birinchi kun, 26 sentyabr

Tavba, qoq suyak va yurak bilan ham tirik qolish mumkin ekan-da. Oktyabrga yetib borishni niyat qilyapman.

Ellik ikkinchi kun, 27 sentyabr

Oxiratdagi immigratsiya idorasiga maktub yozishim kerak: ruhim ikki yo uch kunda yetib keladi. Iltimos, tegishli tarzda bu xabarni qabul eting.

Ellik uchinchi kun, 28 sentyabr

Toʻyib ketdim-ku. Alvido.

Ellik toʻrtinchi kun, 29 sentyabr

Oxirat boshqaruvchisi ortiq u yerda emas. U dunyo sahroga doʻndimi? Ruhlar ham sahroda zerikkan boʻlardi, shu sabab men qayiqqa oʻtirishni istayman. Ammo bir tiyin ham pulim yoʻq.

Ellik beshinchi kun, 30 sentyabr

Haliyam tirikligimni oʻylab, kulgidan oʻzimni arang toʻxtatib qoldim. Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga arziyman.

Ellik oltinchi kun, 1 oktyabr

Koʻnglim ayniyapti. Koʻksimda ogʻriq. Qusolsam ancha yengil tortgan boʻlardim. Shubhasiz, shunday qilsam, qalbimni ham tashqariga otib chiqarishim tayin.

Ellik yettinchi kun, 2 oktyabr

Azob ichra oʻlolmayapman.

Ellik sakkizinchi kun, 3 oktyabr

Koʻngil aynish. Tez orada qayiqqa chiqishni xohlayman.

Ellik toʻqqizinchi kun, 4 oktyabr

Radiodan kelayotgan kulgi tovushini eshityapman.

Oltmishinchi kun, 5 oktyabr

Kimdir oldimga keldi.

Oltmish birinchi kun, 6 oktyabr

Atrofimda odam gavjum. Daryo menga tomon oqmoqda.

Oltmish ikkinchi kun, 7 oktyabr

Assalom, yorugʻlik!