OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shirin Soburova. Surayyo (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShirin Soburova
Asar nomiSurayyo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shirin Soburova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2010-yil, 3-sonidan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Surayyo (hikoya)
Shirin Soburova

Sodiq bugun dimogʻi chogʻ kirib keldi. «Tinchlikmi?» deya Surayyoning soʻzsiz bergan savolini nigohidan uqib:

– E, soʻrama, naq omadim chopdi. Anovi ikkalamizni birga xizmat safariga joʻnatadigan boʻlishdi. Yoʻl-yoʻlakay u yoq-bu yoqdan gaplashib ketdik. Toʻgʻrisi, menga biroz roʻyxushlik berganday boʻldi, – dedi toʻlqinlanib.

Sodiq Surayyoning otasining qishlogʻidan, oʻrtogʻining oʻgʻli. Shaharga ishlashga kelgan. Vaqtinchalik ularnikida yashab turibdi. Tez kunda apoq-chapoq boʻlib ketishdi. Yigit kechqurunlari kun davomidagi qiziqarli voqealarni Surayyoga kulib gapirib berar, Surayyo esa oʻqishidagi hangomalardan soʻzlardi. Bu yaxshimi yo yomonmi hali oʻzi ham bilmasdi-ku, qiz yigitga tobora bogʻlanib qolayotganga oʻxshardi.

Bir kuni ular ayvonda film tomosha qilishayotgandi. Mazmunan bir-biriga monand fimlardan biri edi. Yigit tuyqus qiz tomonga oʻgirilib:

– Sen-chi, qaqildoq, yoqtirganing bormi? – deya soʻrab qoldi.

Qiz buni mendan atay soʻrayapti, degan oʻyga borib, xiyol karashma bilan koʻz uchida yerga boqdi. Oʻziga qolsa, «ha, bor, bu oʻzingiz» degisi keldi-yu, biroq koʻp qatori andisha unga ham begona emasdi. Sodiq esa boshini sarak-sarak qilganicha kulimsirab qoʻya qoldi.

– Shu desang ishxonada bir ajoyib qiz bor. Oʻzi juda alomat qizgʻu, faqat biroz dimogʻi bor-da, – deb oʻzicha maslahat soʻragan boʻldi Sodiq bir kuni..

Shu fursatdan boshlab Surayyoning ichiga it tushib olib tirnayotganday boʻldi. Endi u Sodiqning ishxonasini ham, oʻzi tanimaydigan oʻsha qizni ham yomon koʻrib qoldi. Bu haqda unutay ham degandi, Sodiq qiz haqida yana gapirib qoldi. Dardi jiddiyga oʻxshaydi.

«Oʻzi shu Sodiq deganlari qayoqdan ham paydo boʻldi, – oʻylardi qiz, – tinchgina yuruvdi, uning xayollarini toʻzitib qoʻyib, oʻzi ne orzularda yuribdi».

Surayyoga birgina tasalli beradigan narsa oʻsha dimogʻdor qizning Sodiqqa beparvoligi edi. Mana endi bugunga kelib «roʻyxushlik berdi» deb oʻtiribdi. Qachon bunday ahvolga tushib qolganini Surayyoning oʻzi ham sezmay qoldi. Ba’zan ishxonasidagi qiz haqida soʻz ochib qolsa Surayyo Sodiqning oʻzi ham bu yerdan daf boʻlishini istab qolar, ammo usiz kunlari qanday kechishini endi tasavvur ham qilolmasdi.

Bilsa, qizning nomi Oyxon ekan. Sodiq uni «Oy» deb atashi Surayyoning qanchalik gʻashiga tegishini yigit qayoqdan bilsin. «Ha, endi u kishi «oy» boʻlsalar, biz bor-yoʻgʻi «yulduz» ekanmiz-da, nima men shunchalik koʻz ilgʻamas ahvoldamanmi?» – derdi qiz xunobi oshib. Unday desa oʻziga soʻz qotib yurgan yigitlar ham talaygina. E, bu koʻngil sinoatlarini anglash ham mushkul ish ekan-da.

Sodiq ertalablari ishga Surayyodan sal oldinroq joʻnardi. Bir kuni u ketaturib qizdan «menga omad tila» deb qoldi. Oʻzi shu kunlarda Surayyoning undan jahli chiqib yuruvdi.

«Nima, biron tanlovda qatnashmoqchimisiz?», deya soʻradi achitib.

«Yoʻq. Oy bilan gaplashmoqchiman», dedi yigit jiddiy tortib.

Bu Oy deganlari hadeganda u bilan gaplasha qolmadi, bunisi ham undan tona qolmadi. Hammasi rosa choʻzilib ketdi oʻziyam.

Sodiq har kuni ertalab ishiga ketaturib eshik oldida jilmayganicha Surayyo bilan «kechqurungacha» deya xayrlashar, har ikkisining ham dardi bir xil esa-da, bir-birlariga qarama-qarshi edi. Surayyo endi yigitning ogʻzini poylamay qoʻydi, shuning barobarida undan butkul koʻngil ham uzolmadi. Kunlar esa shu zaylda bir-birlarini quvlab oʻtaverdilar.

Sodiq tuyqus koʻchadan yuragi hapqirib kirib keldi.

– Nima gap? – soʻradi qiz ham taajjub, ham xavotir aralash.

– U rozi, rozi boʻldi, – dedi Sodiq ogʻzining tanobi qochib shoshganicha, goʻyo tez aytib ulgurmasa hammasi sarobga doʻnadiganday.

Surayyoning ustidan birov bir chelak sovuq suv quyganday boʻldi. Ahvolini yashirish uchun orqa oʻgirib bir yumushga unnamoqchiday keta boshladi. Anovi esa ortidan ergashib tinmay javrardi, quvonchini baham koʻrishga topgan odamini-chi.

– Eshityapsanmi? – betoqat boʻlib soʻradi oxiri Sodiq.

– Xursandman, – dedi qiz zoʻrgʻa tili kalimaga kelib.

– Kayfiyating yoʻqrogʻmi?.. Hechqisi yoʻq, bu yogʻi toʻy, bir yayraysan-da, a...

Yana allanimalar dediki, qizning qulogʻiga kirmadi. Namuncha goʻl boʻlmasa bu yigit. Ahvolini nahotki koʻrmayotgan boʻlsa. Hali toʻyda ham qatnashishi kerakmi? Qiz yerga kiribmi, osmonga uchibmi, xullas, yoʻq boʻlib qolgisi keldi.

Shu mahal joniga oro kirib, koʻcha betiga koʻlob¬latib suv sepayotgan ukasining darvoza oldida turib:

– Opa, – deb chaqirgani eshitildi.

– Ha, mana, ketyapman, – dedi qiz unga javoban.

Sodiq yana gapga tutindi:

– Shanba kuniga onamlarni aytib qoʻydim, bu yogʻini oʻzing toʻgʻrilab yuborasan-da, xoʻp, Surayyo.

Qiz ilkis toʻxtadi. Butkul a’zoi badani boʻylab allaqanday yoqimli bir iliqlik yugurib oʻtganday boʻldi. Soʻng Sodiq tomonga yengil tabassum bilan koʻz tashladi.

– A?