OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiqul Hamroyev
Asar nomiSuratdagi ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shodiqul Hamroyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Suratdagi ayol (hikoya)
Shodiqul Hamroyev

«
Yuzingda dogʻ koʻrdim, muborak boʻlsin...
Uyqudagi alahsirashdan.
»

Shaharning kun chiqish tarafida joylashgan moʻ‘jazgina hovlida ijarada yashay boshlaganimning ikkinchi yili yoz arafalarida uy bekasi — kamsuqum, odamovi beva kampir tuyqusdan qazo qilib qoldi. Kampir kechasi oʻzining hovli chetidagi hujrasida olamdan oʻtgan, ammo uning oʻlimidan ertasi choshgohga qadar biror tirik jon xabar topmagandi. Faqat choshgohga yaqin kampirni ertalabdan buyon hovlida koʻrmaganim, hujraning eshik-derazasi kecha oqshom qay tarzda bekitilgan boʻlsa, hamon shunday turganligi koʻnglimga xavotirlik soldi. Soʻng eshikka kelib sekin taqillata boshladim. Oradan bir necha daqiqa oʻtdi, lekin ichkaridan biror sas-sado eshitilmadi. Keyin eshikni sekin itardim, eshik qulflanmagan ekan, gʻiyqillab ochilib ketdi: deraza yuziga darparda tortib qoʻyilganidan uy ichi qop-qorongʻi edi, daf’atan koʻzim hech narsani ilgʻamadi va beixtiyor uch qadamcha nariga yurdimu uyning toʻridagi toʻshaqda qimir etmay yotgan kampirga koʻzim tushdi-da, rangim quv oqarib, qoʻl-oyogʻimni qaltiroq bosdi, qoʻrqqanimdan nafasim ichimga tushib ketdi. Kampir shiftga qarab yotar, uning shishinqiragan yuzi qorayib ketgan, engagi koʻksiga tushib turganidan ogʻzi vahimali alfozda ochilib qolgan edi. «Oʻlib qolibdi...» degan sovuq oʻy miyamga urildi va otilib tashqariga chiqib ketdim.

Keyinchalik kampirning sirli oʻlimi toʻgʻrisida oʻylar ekanman, nazarimda marhuma jon berayotganda boshida biror tirik zogʻ turmasligini, faqat yolgʻiz oʻzigina ajal bilan yuzma-yuz kelishini oldindan bilgan va bunga hozirlik ham koʻrib qoʻygan degan xayolga bordim. Chunki oʻsha kun men uyga kirib borganimda mayit qibla tomon bosh qoʻygan, qoʻl-oyoqlari, xuddi risoladagiday, oʻrni-oʻrnida, faqat engagi bogʻlanmagan edi. Shak-shubhasiz, bularning barini kampirning oʻzi, jon uzilayotgan daqiqalarda bajarishga ulgurgan, oʻsha tun ham, ertasi men hujraga kirgunimga qadar ham, hovliga biror kimsa qadam bosgani yoʻq edi.

Men shularni oʻylar ekanman, kampirning koʻz oldimda kechgan ikki yillik umri mobaynida mudom ovsarday xayoli parishon boʻlib yurishi, ba’zida esa chuqur-chuqur xoʻrsinib qoʻyishi sabablari ayon boʻlganday boʻldi.

Kampir bu ikki yil ichida shubhasiz koʻproq oʻz oʻlimi toʻgʻrisida oʻylagan dedim oʻzimcha.

Shu kun, men xabar berganimdan soʻng mahalla ahli hovliga birin-ketin kirib kela boshlashdi. Kampirning oʻlimi hech kimni ortiq qaygʻuga solmadi, nomigagina bir-ikkita ayol ovoz chiqarib yigʻlagan boʻlishdi, qolganlar shunchaki savob uchun kelishganday, allanarsalar toʻgʻrisida pichirlashib, gurunglashib oʻtirishar edi.

Marhumani asrga chiqardik.

Kechqurun men va kampirning hujrasida Qur’on tilovat qilib chiroq yoqishayotgan ikki kampir qoldi. Koʻp oʻtmay kampirlar ham ketishga tushdi. Ular qoqinib-turtinib hovlidan chiqishar ekan, marhumaning turfa xil hislatlari haqida toʻqib-bichib tinimsiz javrashar, ba’zan gap orasida menga yuzlanib, kampirning chirogʻini hech qursa, qirq kungacha oʻchirmay oʻtirishimni qayta-qayta tayinlashar edi.

Kampirlar hovlidan chiqishgandan soʻng men darvozani tamballab ijaraxonam tomon yurdim. Mayit chiqqan hovlining ruhi ogʻir va vahimali edi. Men xonamga kirib oʻrindiqqa choʻzilar ekanman hech narsa toʻgʻrisida oʻylamaslikka tirishar, lekin marhumaning boya toʻshakda yotgan holati hadeganda koʻz oʻngamdan nari ketmay yuragimdaga qoʻrquvni battar zoʻraytirar, buning ustiga, hovlida qandaydir sharpalar kezib yurganday tuyular, gohida esa kimdir koʻzlarini loʻq qilib derazadan menga tikilib turganday boʻlar edi. Men koʻrpaga burkanib koʻzlarimni yumib oldim va alahsirab uxlagancha tong ottirdim-da, bugunoq bu hovlidan koʻchib ketaman, deb oʻz-oʻzimga soʻz berdim. Biroq, kunduzi tunga qoʻrquv-vahimalar tongi tumandek tarqab ketdi va koʻchib ketishni ertaga, indinga deya paysalga solib yurdim.

Kunlar shu alfozda asta-sekin oʻta boshladi. Men hovlida yolgʻiz yashashga hech koʻnikolmas, hamon tunlari uzoq yillar yolgʻiz kampirgina tiriklik ruhini bagʻishlab kelgan, uning oʻlimidan soʻng esa allaqanday sirli qiyofaga kirgan bu hovlida, xuddi naqd baloning domida yotganday sovuq terga botgancha alahsirab uxlar, kunduzlari esa, oʻzim sezmagan holda kundalik mashgʻulotimga aylanayotgan muhim yumushim — darvoza oldida turib onda-sonda fotihaga kelib ketadigan kishilarni qarshi olar edim.

Shunday kunlardan birida marhumaning uyida saqlanayotgan va meni koʻpdan buyon qiziqtirib kelgan eski quti va undagi suratlar esimga tushdi.

Oʻtgan yili qishning oxirlari edi. Men qandaydir yumush bilan eshikni taqillatmasdan kampirning hujrasiga kirdim. Kampir uy oʻrtasida muk tushib oʻtirgancha qarshisida sochilib yotgan bir gala suratlarga berilib tikilar edi. U eshik ochilganini va mening uyga kirganimni bir muddat payqamay turdi, soʻng nimadandir xayoli boʻlinib menga yuzi tushdi-yu sarosima aralash avzoyi buzildi, goʻyo men olib qoʻyadigandek, qarshisidagi suratlarni oʻng yonboshida ochiq turgan qutiga shosha-pisha sola boshladi. Kampir suratlarni yigʻishtirib boʻlgach, miq etmay, menga teskari qarab oʻtirib oldi. Aftidan, mening ruxsatsiz uyga kirib suratlarni koʻrishim uni qattiq ranjitgan edi, bir haftacha qovogʻini solib gaplashmay yurdi. Shu voqeadan soʻng men qutidagi suratlarga qiziqib qolgan edim. Kampir hujrasiga qamalib olib suratlarga uzoq-uzoq tikilishini bilar, soʻng uni hovli yuzasida allaqanday ma’yus qiyofada koʻrardim, shundan keyin suratlarni koʻrishga boʻlgan qiziqishim battar oshar edi. Lekin kampir hayot chogʻida suratlarni koʻrish uchun biron marta qulay imkon tugʻilmagan edi.

Hovlida yolgʻiz yashay boshlaganimning oltinchi kuni ertalab hujraga kirdim. Uy ichidan eski qutini osongina topdim, u toʻrdagi tokchada yotgan ekan. Qutini xonamga olib keldim-da, rangi uniqib ketgan qopqogʻini sekin ochdim: rostdan, qutining ichi suratlar bilan liq toʻla edi. Endi kampirning butun sir-asrorini bilib olishim aniqday tuyulganidan yuragim zarb bilan ura boshladi va shoshib suratlarni bir-bir koʻzdan kechirishga tushdim. Nihoyat qutining tagiga chetlari buklanib yuza qismi qorayib ketgan eski surat qolganda oʻz-oʻzidan hafsalam pir boʻldi. Men oʻsha qishki voqeadan keyin, qutida albatta qandaydir sirli surat boʻlishi kerak deb oʻylar va bunga qattiq ishonar edim. Ayniqsa, oʻshanda kampirning ranjishi va suratlarni yashirishi bu qiziqishimni battar alanga oldirgan edi. Ayni chogʻda esa, men qutida hech qanday sirli surat topa olmadim. Quti, odatdagi, suratkashning: «Jilmaying, suratga olyapman!» degan ovozi yangragan lahzada qiyofasi aks etgan kishilarning surati bilan toʻla edi. Suratlarning birortasida ham marhumaning tanish chehrasi uchramadi, suratlar menga mutlaqo notanish kishilarniki edi. Yuzga yaqin suratlar xuddi bitta nuxsadan andoza olgandek bir-biriga aynan oʻxshar, har bir suratda erkak bilan ayolning ma’nosiz jilmayib turgan qiyofasi aks etgan edi.

Men qarshimda sochilib yotgan suratlarga befarq tikilib, nega oʻshanda kampir bularni mendan yashirganiga tushunolmay hayron boʻlar, lekin qanchalik oʻylamay biror joʻyali sabab topolmas edim. Gohida esa, oʻsha men oʻylagan sirli surat qaerdadir, suratlarning orasida yotibdi-yu, faqat men uni koʻrmayotganday tuyular va butun diqqatimni jamlab yana suratlarni titkilashga tushar edim, ammo koʻz ochib yumguncha navbat oʻsha eski suratga yetganda, yana hafsalam pir boʻlib boʻshashib qolar edim.

Axiyri qutida hech qanday sirli surat yoʻqligiga aniq ishondim, kampirning oʻshandagi xatti-harakatini uning oʻzini ovsarligiga yoʻyib koʻnglim tinchidi.

Quti suratlari bilan mening xonamda qoldi. Men qachonki zerikkan chogʻimda, shunchaki ermak uchun suratlarga koʻz qirimni tashlar, qolgan paytlarda esa, ular keraksiz buyumdek xonamda sochilib yotar edi.

Aslida, men bu yilgi yozgi ta’tilni shahardan tashqarida — kindik qonim toʻkilgan qishloqda oʻtkazish niyatida edim. Shu tufayli kursimizning jami talabalari oʻz tashabbuslari bilan uzoq yurtdagi qandaydir qurilishga yordamga otlanishganda, yolgʻiz men, sogʻligim toʻgʻrisida turli xil bahonalarni roʻkach qilib ulardan ajralib qolgan edim. Va allaqachon qishloqqa joʻnab ketishni moʻljallab qoʻygan edim, biroq kampirning bevaqt oʻlimi bu niyatimni orqaga surib yubordi. Buning ustiga mahallaning keksa kampirlari har safar hovliga kirishganda mening hech qayoqqa ketib kolmasligimni, kimdir albatta, marhumaning arvohi hurmati uchun uyning chirogʻini yoqib, hovliga koʻz-quloq boʻlib turish kerakligini qayta-qayta tayinlashar va gaplarining oxirida «bir kun tuz totgan joyga, qirq kun salom», degan hikmat bor, oʻgʻlim», deyishib, meni bu hovlida yashaganimni va yashayotganimni pisanda qilib oʻtishar edi. Kampirlar, goʻyo men hovlini tashlab ketib qolayotgandek astoydil kuyinib nasihat kilishar edi. Men ipsiz bogʻlanib hovlida qimir etmay oʻtirar edim.

Kampirning yigirmasida ertalabdan hovlida kampirlar yigʻilishib bir muddat yigʻi chiqarishdi, keyin uyga kirib ancha vaqt marhumani xotirlab oʻtirishdi. Osh-suvdan keyin hamma tarqab, hovlida yana yolgʻiz qoldim. Men darvoza oldiga qoʻyilgan oʻrindiqka behol oʻtirib hovlining aft-angoriga ruhsiz tikila boshladim: kampirning egasiz huvillab yotgan hujrasi, bir chetdagi oʻzimning ijaraxonam, atrofni qurshab turgan paxsa devor, xullas, tegramdagi barcha-barcha narsalar koʻzimga jahannamday xunuk koʻrinib ketdi. Men kimsasiz hovlida yolgʻiz yashayotganimni, tunlari alahsirab sovuq terga botib uxlashlarimni, ayniqsa, biror tirik jonga sezdirmasdan qorongʻi hujrasida tiriklikdan umid uzib jimgina oʻlishga qurbi yetgan kampirni xayolimdan oʻtkazar ekanman xoʻrligim kelib ketdi. Goʻyo mening taqdirim ham qachondir shunday kechadi, degan oʻy miyamga mahkam oʻrnashib oldi, yuragim muzlab, vujudimda yashashga zarracha istak qolmagan edi. Men oʻzimni ojiz va hech kimga keraksizday his etdim. Keyin ruhsiz qiyofada xonamga kirdim va oʻrindiqqa choʻzilib hech narsa toʻgʻrisida oʻylamay shiftga termulib yotdim. Ancha paytdan soʻng xayolan qoʻlimni yonboshimda ochiq turgan qutiga suqdim.

Qoʻlim paypaslay-paypaslay axiyri qutining qaysidir burchagidan oʻsha eski suratni topdi, soʻng uni koʻzlarimga yakin keltirdim. Suratga nigohim tushdi-yu, qoʻllarim titragancha oʻrnimdan sapchib turib ketdim, eski suratning yuzasini qoplab turgan qora dogʻlar ortidan kimdir tirik nigoh bilan — ha, aynan tirik nigoh bilan tikilib turgandek boʻldi. Men deraza qarshisiga kelib yana suratga qaradim: ha, kishining yuragini allanechuk seskantiradigan oʻtkir nigoh bilan tikilib turgan uzunchoq yuzli ayolning chehrasi koʻrindi, surat yuzasini qoplab turgan quyuq qora dogʻlar xuddi toʻrli chachvondek uning yuzini berkitib turar edi. Men suratga kiprik qoqmay tikilar ekanman, ayol, daf’atan koʻzimga, moviy osmon bagʻrida koʻkragini shamolga toblab charx urib uchayotgan qushlar galasiga cheksiz havas hamda ichki iztirob bilan mungayib termulib turgan qafasdagi qushchaga oʻxshab koʻrindi. Toʻgʻri, ayol suratga tushayotgan lahzada oʻzi istamay jilmayishga uringan va qurishqoq, qonsiz lablarida kulgi yuz koʻrsatib ma’yus chehrasi ravshan tortgandek edi. Ammo uning yirik-yirik tim qora koʻzlarida butunlay oʻzga holat zuhur etardi. Mening nazarimda, ayolning vujudini kizdirgan, oʻlimday qaysar qandaydir istaklar jamlangan xilqat bor edi uning botiq koʻzlarida. Meningcha, ayol suratga tushayotgan fursatda bu xilqatning yashirishga uringan shekilli, koʻzlarini katta-katta ochgancha tik qarab turar edi. Lekin uning bu holati xuddi quyosh yuzini toʻsmoqchi boʻlgan bir uyum qora bulutga oʻxshar, hademay bu oʻtkir nigoh toliqib, yana oʻsha xilqat kalqib yuzaga chiqishi va koʻzlarning sahniga oʻz saltanatini yoyishi aniq edi. Ayolning oʻzi ham buni sezgan chogʻi, siri fosh boʻlishidan choʻchibmi, koʻzlarining chekka-chekkasida bezovtalik alomati aks etgan edi.

Agar men mana shu nigoh ortidagi sirli xilqatni koʻrmaganimda, albatta suratni tashlab yuborar va uni qayta qoʻlimga olishim gumon edi. Shu tobda suratdan koʻz uzishga qurbim yetmas, asta-sekin ayolning koʻzlaridagi xilqatga gʻarq boʻlib borar edim.

Men suratga oshufta boʻlib qoldim. Endi hovlida yolgʻiz yashayotganim, kindik qonim toʻkilgan qishloqqa ketolmay boʻgʻilib yurishim, uyqumdaga bosinqirab alahsirashlarim, kampirning oʻlimi, mahalladagi kampirlarning pand-nasihatlari, hamma-hammasi, qachondir koʻrgan xira tushimday xotiramdan butkul unut boʻlib ketdi. Men xonamga qamalib olib suratdagi ayol haqida oʻylar, uning jodu koʻzlariga soatlab termular va bundan koʻnglim hech qachon bezish sezmas edi.

Ba’zan men ayolning nigohi toliqib qolishdan choʻchibmi, uning koʻzlarini yumib qoʻyish maqsadida qoboqlari ustida barmoqlarimni ohista yurgizar va tabiiyki, buning uddasidan chiqolmas edim. Shunda suratdagi ayol mening ustimdan alam bilan qah-qah otib kulayotganday tuyular, soʻng men uyatdan qizarganimcha xonadan tashqariga chiqib ketar edim. Tun allamahal boʻlganda koʻchada bemaqsad tentirab yurar, keyin xonamga kelib suratga qarashga botinolmay, chiroqni oʻchirib oʻrindiqqa choʻzilar edim.

Bu tun ham xuddi shunday holat takrorlandi. Faqat men xonadan chiqa turib — azbaroyi, jahlim chiqqan boʻlsa kerak — suratni yuztuban yotqizib qoʻydim. Endi ostonaga yetganimda ortimdan kimningdir entikib nafas olgani va qadam tovushi eshitilganday boʻldi. Men qattiq seskanib tushdim va boshimni ilkis oʻgirib ortimga qaradim-da, koʻzlarim kosasidan chiqqudek kattarib, haykalday qotib qoldim: ikki qadamcha narida suratdagi ayol siniq jilmayib turar edi... Yoʻq, men tush koʻrayotganim yoʻq, qarshimda aynan suratdagi ayol turar edi. Men uni boshidagi yashilrang roʻmoldan, egnidagi oq gulli koʻylakdan va pir-pir uchayotgan kipriklari ostidagi oʻsha xilqatdan tanidim. Ayol uzoq yoʻl bosib kelgandek entikib-entikib nafas olar, uning yuz, boʻyinlari qizarib ketgan va u nimadandir qattiq bezovtalanib, atrofga olazarak qaragancha, tezroq xonadan tashqariga chiqishga oshiqar edi.

Ayol, goʻyo koʻrmayotganday menga e’tibor ham bermadi va sharpaday sas-sadosiz xonadan chiqa boshladi. Men ham beixtiyor uning izidan yurdim.

Biz quyuq tuman bagʻriga kirdik. Ayolning bezovtaligi bir oz bosilgan, lekin soʻz qotmasdan, xuddi biror yumush bilan qayoqqadir ketayotgan kishiday, bosiq qadam tashlab jimgina ketib borar edi. Men esa hamon ayolni suratdan chiqib kelishi va koʻz oʻngimda qimtinib nafas olgancha yurib borishini tasavvurimga sigʻdirolmay, koʻr-karaxt boʻlib, unga ergashib borar edim. Men har qadam tashlaganimda, nimadir soʻramoqchiday ayolga qarab olar, lekin u oldingta tikkan nigohini zarra chalgʻitmas va uning sukut saqlashi oʻrtamizda chuqur boʻshliq yasab turar edi.

Kimsasiz jinkoʻchalar boʻylab uzoq yurdik. Agar qaysidir muyulishdan bahaybat qora it akillab chiqib, yoʻlimizni toʻsmaganda hali izimizga qaytmagan boʻlar edik. It, kutilmaganda, roʻparamizda paydo boʻldi va jon-jahdi bilan hura boshladi. Ayol haddan ziyod qoʻrqib ketdi, u mening qoʻlimdan mahkam ushlab tezroq bu yerdan ketishga qistar edi. Uning a’zoyi badani dir-dir qaltirar edi. Shoshib ortimizga qaytdik. It bizni ta’qib etmadi, u xavf-xatarni bartaraf etganday, tumshugʻini osmonga choʻzib bir-ikki hurib qoʻydi.

Ayol butkul tinchini yoʻqotgan, u tinimsiz «uf» tortgancha shoshilib qadam tashlar edi.
— Loʻli xotinning soʻzlari toʻgʻri chiqdi, — dedi toʻsatdan ayol alamli ovozda xuddi oʻz-oʻziga gapirayotganday shivirlab.
— Qanaqa loʻli xotin? — deb yubordim hech narsa tushunmay.

Ayol soʻrovimni eshitmaganday, yana pichirlab gapira boshladi. Endi uni ovozi bir oz boʻlsa-da, ravon, ammo nimadandir alamzada boʻlsa kerak, zaharli chiqar edi.
— Men bir paytlar otning tuyogʻidan tushib qolgan eski taqaday odamlarning yodidan butkul unut boʻlib ketgan edim. Hovlimizga ancha paytdan buyon biror xotin-xalaj yoʻlamay qoʻyganidan tentakday oʻzim bilan oʻzim gaplashardim. Xotin-xalajlar kelishganda ham nima oʻzgarardi, shunchaki koʻngil uchun aytyapman-da. Shunday dilgir kunlarning birida hovlimizga yelkasiga boʻz toʻrva osgan qop-qora yuzli bir loʻli xotin kirib keldi. Men yuragim siqilib oʻtirgan edim. Uni koʻrib suyunib ketdim. Loʻli xotin, «uyga kiring», deya qilgan mulozamatlarimga koʻnmadi, shundoqqina ostonaga yaqin yerda yastanib oʻtirib oldi. Soʻng shishadek yaltirab turgan koʻzlarini menga muloyim tikdi-da: — Kel, aylanay, fol ochib qoʻyaman, — dedi.

Men umrim bino boʻlib hech qachon fol toʻgʻrisida oʻylamagan, olamda shunday narsa borligini xayolimga ham keltirmagan ekanman. Shuning uchun boʻlsa kerak, loʻli xotinning kutilmaganda aytgan soʻzlariga nima deb javob berishni bilmay hayron turib qoldim. Loʻli xotin iljayib, mening ogʻzimga bir oz qarab qoldi, soʻng yuzimdagi hayronlik alomatini koʻrib, xohlamayapti, deb oʻyladi shekilli, «fol ochay» deya ortik qistamadi. Keyin uning yuzi jiddiy tortdi va mendan nigohini uzib hovli yuzasiga, eshik derazasi ochiq turgan uy sahniga gʻalati qaray boshladi. Koʻp oʻtmay, u nigohini yana menga qadadi, bu gal uning yuzida boyagi muloyimlik yoʻqolgan, kiprik qoqmay tikilishida yurakni seskantiradigan vahm bor edi. U nimadir izlayotganday, mening aft-angorimga ancha payt tikilib turdi. Bizning nigohlarimiz toʻqnashganda, men sekin boshimni kuyi soldim. Shundan soʻng, loʻli xotin nimadandir koʻngli toʻlmaganday, yengil xoʻrsinib oldi va bosiq ovozda qiroat bilan gapira boshladi: — Shu narsa har doim yodingda boʻlsin, sen oʻzing nikohida boʻlmagan nomahram erkak bilan birga boʻlish toʻgʻrisida, tilingda gapirma, dilingda oʻylama, oʻzini koʻzing bilan koʻrishga va soʻzlarini kulogʻing bilan eshitishga hech qachon orzumand boʻlma! Bilsang agar, bularning bari Muqaddas kitobda zino, deb yozilgan, gunohi ogʻir kechadi...

Loʻli xotin mening sadaqa berishimni ham kutmay hovlidan chiqib ketdi. Men uning ketganini payqamay qolgan edim, aniqrogʻi, hushim oʻzimda emas edi... Loʻli xotin yuzimga bir shapaloq urib ketganday edi. U, mening yuragimdagi bor sir-asrorni oldindan bilgan va atay shu tufayli hovliga kelganday edi. Nazarimda, u loʻliga ham, aniqrogʻi, odamzod bolasiga ham oʻxshamas edi... Lekin oʻshanda kim bilgan boʻlsa qamki, bari bir meni tushuna olmadi. U ketgandan soʻng, oh, qanday boʻgʻilib yigʻlagan edim-a...

Biz hovliga yaqinlashib qolgan edik. Ayol hozirgina oʻzi aytib bergan voqeadan ta’sirlanibmi, battar qoʻrquvga tushgan, mendan bir qadamcha oldinda, xuddi qatl maydoniga ketayotgan gunohkordek zir titrab-qaqshab borar edi. Men unga taskin berish, hech kursa koʻngli uchun biror soʻz topolmas, tilim xuddi kesib tashlanganday kalimaga kelmas edi.

Ayol hovliga endi qadam koʻygandi, tuyqus qayoqkadir gʻoyib boʻldi. Men bu daqiqada, negadir orqamga oʻgirilib qaragan edim. Oldimga qaraganimda ayol yoʻqligini bilib, aqldan ozayozdim va telbalarcha hovlida u yoqdan-bu yoqqa yugurib uni izlay boshladim: zim-ziyo tun qoʻynida koʻzim biror sharpani ilgʻamas, hayratim va xunobim battar oshar edi. Ayol hech qaerda yoʻq edi. Boshim buzilgan ari iniday tinimsiz gʻuvillar va qayoqqa yurishimni bilmay, hovli oʻrtasida qotib qoldim, bu roʻy berayotgan voqealar oʻta gʻayritabiiy tuyulayotganidan boʻlsa kerak, balki men tush koʻrayotgandirman, deb oʻylay boshladim: mana ayol, tun kabi sezdirmasdan gʻoyib boʻldi, endi men xomush tortib uygʻonib ketishim kerak... O, yoʻq, buni hech qanday tushga yoʻyib boʻlmaydi. Axir, oy, yil burun emas, atigi bir necha soniya muqaddam — bir necha soniya muqaddam-a — ayol men bilan koʻchada yonma-yon yurgan, qarshimizdan la’nati it hurib chiqqanida qoʻllarimdan mahkam tutib olgan va menga loʻli xotin voqeasini aytib bergan edi-ku?! Uning, tuzoqqa ilingan qushday yuragi potirlab urishi hamon qulogʻim ostida eshitilib turibdi-ku?! Yoʻq, bu tush emas, tush boʻlganida yuragim bunchalik ogʻrinmas edi...

Men yana shaxd bilan hovlining har bir burchagiga, oshxona, marhuma kampirning hujrasiga va ijaraxonamga bosh suqib chiqdim, ammo hech qaerda ayolni topa olmadim, u oʻzidan na biror iz, na nishon qoldirgan edi. Men sarhadsiz sahroda yoʻlini yoʻqotgan sayyohday ayolni qaerdan izlashni bilmasdan hovli oʻrtasida yana hushsiz qotib qoldim. Shu holatda qancha turganimni bilmayman, keyin kutilmaganda ijaraxonamda, boya oʻzim yuztuban yotqizib qoʻygan surat yodimga tushdi va otilib ichkariga kirdim-da, suratga tashlandim: xayriyat, ayol suratda ekan... U oʻsha ilk marta koʻzim tushgan qiyofada turar, yuzida, koʻzida hozirgina tashqaridan kelganligining va boyagi qoʻrquv-vahimaning hech qanday asorati sezilmas, faqat uning yonoqlari xiyol qizarinqiraganday edi.

Men ayolni — suratda jonsiz qiyofada boʻlsa hamki, topganimdan koʻnglim xotirjam tortgan edi.

Men oʻtayotgan kunlarning hisobidan adashib ketdim, zero, buning men uchun hech qanday qizigʻi ham yoʻq edi. Kunduz kunlari xonamda qamalib oʻtirishim tufayli, har kun shomga yaqin marhumaning ruhiga atab chiroq yoqish va Qur’on tilovat qilish uchun hovliga kelib-ketadigan kampirlarga onda-sonda koʻzim tushib qolar va ular bilan deyarli gaplashmas edim.

Bu kun — kampirning qazo qilganiga qirq kun toʻlgan boʻlsa kerak hovliga yana xotin-xalaj yigʻildi. Ular, odatdagidek, hovlida birpas yigʻi-sigʻi qilishdi-da, soʻng uyga kirib choshgohga qadar oʻtirishdi. Ular ketishgandan keyin hovlida ikki kampir qoldi. Kampirlar, hovli yuzasini va kampirning uyini supurib-sidirib tozalashdi. Shom mahal esa, marhumaning ruhiga atalgan soʻnggi - qirqinchi chiroqni yoqishib, duoyi fotiha qilishgach, hovlidan chiqa boshlashdi. Xovlidan chiqa turib, kampirlarning biri, meni koʻrib yurishdan toʻxtadi va aft-angorimga bir mudtsat tikilib turdi-da, keyin yumshoq ovozda:
— Rangingiz siniqib ketibdi, tobingiz yoʻqmi, oʻgʻlim? — dedi.
— Yoʻgʻ-ey! — deb yubordim men kizargancha, jilmayishga urinib.
— Agar yolgʻiz oʻzingiz tunlari bosinqirab chiqayotgan boʻlsangiz, nabiramga aytaman, sizga hamroh boʻladi. Harqalay ikki kishi ikki kishi-da, — dedi kampir.
— Yoʻq, rahmat! — dedim uning soʻzini rad etib.
— Mayli, oʻzingiz bilasiz, oʻgʻlim, — dedi kampir va ortiq soʻz qotmay tashqariga chiqdi.

Men darvozani tamballab keldim.

Ayol suratdan chiqib ketgan tundan keyin, men suratga yanada qattiqroq bogʻlanib qolgan edim. Ammo har doim oʻzimni surat ichida kezib yurganday his etsam hamki, bari bir, ayolning sir-sinoatlariga — uning gʻoyibdan paydo boʻlgandek suratdan chiqib kelishi va yana izsiz gʻoyib boʻlishi, nega loʻli xotin voqeasini aytib berganiga tushinib yetmagan edim. Suratdagi ayol men uchun hamon zabt etilmagan, lekin zabt etilishi kerak boʻlgan toshdevorli qoʻrgʻonday sirli edi.

Ba’zan men suratdagi ayolni iztirob changalida azoblanayotgan yuziga tikilib, u haqida turli xil faraz va taxminlar toʻqir edim.

Ehtimol, deb oʻylardim, ayolning oʻzi ham quyoshning eng yugurik nurlari boʻylay olmaydigan, choh tubiday qorongʻi va zax bu eski suratda yashashdan allaqachon bezgan, lekin inon-ixtiyori qoʻlida emasligidan hech qayoqqa bosh olib ketolmayotgandir.

Balki, ancha yil burun — ehtimol, u paytda ayol oʻn sakkiz yoshli durkun qiz boʻlgan — ayolning oʻzi baxt izlab bu surat ichiga kirgan, biroq oʻylagan, kutgan quvonch-shodliklarini topa olmagan va buning ustiga u ortga qaytish yoʻlini yoʻqotib, hamon surat ichida adashib yurgandir.

Balki, ayol ilk marta qadam qoʻygan chogʻda, surat ham qordek oppoq va tiniq boʻlgan, keyin ayolning gʻam yoʻgʻrilgan nafasi tegib-tegib, olov tushgan daraxtning tanasidek qorayib ketgandir.

Yoʻq, ehtimol, ayol qachonlardir johil kimsalar tomonidan bu suratda yashashga mahkum etilgan va bir umrga tilsimlab tashlangandir. Bu tilsimotning sir-asrorini yechib ayolni xalos etish uchun buyuk saltanatning yovuz qoʻshinini kuchi yetmas, balki qandaydir notavon kimsaning boʻgʻzidan alam yoki insof bilan otilib chikqan bir ogʻizgina soʻz kifoyadir.

Bu oʻylarimning adogʻi yoʻq edi. Men bu oʻylarni avvalo oʻzimni ovutish uchun ichimdan toʻqib-bichib chiqarar va bunga ishonib-ishonmay yurar edim. Ammo yuragimda, har vaqt ayolni sogʻinish, uni qarshimda yana jonli qiyofada koʻrish istagi ustun turar edi.

Oradan besh tun oʻtdi. Ayol qayga suratdan chiqib kelmadi. Men har tun xonadan chiqa turib, suratga uzoq, iltijoli tikilib turar, ammo surat qilt etmas, soʻng yolgʻiz oʻzim tashqariga chiqib ketar edim. Bu holat har kun takrorlanar va men asta-sekin, endi ayol hech qachon suratdan chiqib kelmasa kerak, degan oʻyga borar edim.

Bu tun ham ayolni suratdan chiqib kelishini juda-juda istab, lekin kelmasligiga koʻproq ishonib xonamdan chiqa boshladim. Men endi eshik tutqichiga qoʻl uzatgan edim, ortimda xotiramda muhrlanib qolgan ayolning entikib nafas olishi eshitilgandek boʻldi, seskanib boshimni oʻgirdim va yuragim quvonchdan xapriqib ketdi: qarshimda ayol turar edi. Ayol oʻtgan galgidek, nimadandir qattiq sarosimaga tushgan, olazarak boqayotgan koʻzlarida qoʻrkuv toʻla edi.

U bu safar menga nigoh tashlamay, yonimdan sirgʻalib oʻtdi-da, shoshib tashqariga chiqtsi. Men uning ortidan yurdim.

Tun lashkarlari moʻru malaxday borliqni ishgʻol etgan, tevarak-atrof quduq tubidek qop-qorongʻi va ogʻir sukunatga koʻmilib yotar edi. Tun qoʻyniga kirgandan soʻng ayolning qoʻrkuvi bosildi, shekilli, u bir oz xotirjam qadam tashlar, nafas olishi ham sokin tortgan edi. Biz tor, egri-bugri jinkoʻcha boʻylab yurib borar edik, toʻgʻrirogi, ayol yoʻl boshlar, u aniq manzilga ketayotganday bosiq va ikkilanmasdan qadam tashlar edi. Tungi qiyofasi menga yod boʻlib ketgan bu jinkoʻchalar, aftidan, ayolga ham yaxshi tanish edi, u qarshimizda uchraydigan muyulish yoki koʻchani kesib oʻtgan ariqchalarni oldindan sezar va qadamini shunga moslab olar edi.

Men qayoqqa ketayotganimizni va yana kancha yoʻl bosish kerakligini bilmas, butun inon-ixtiyorimni ayolning izmiga topshirib, u boshlagan yoʻldan miq etmay ketib borar edim.

Ayol bu safar ham biror ogʻiz soʻz qotmas, faqat onda-sonda menga orqada qolib ketmadimikin, deganday koʻz qirini tashlab qoʻyar edi.

Uzoq yurdik. Nihoyat, ayol qandaydir hovli qarshisida toʻxtadi. Men ham yurishdan toʻxtab, ayolga savolomuz qaradim. Ayol esa, hovlining darvozasiga, soʻng menga qaradi-da, sirli jilmaydi. Men uning bu sirli jilmayishiga tushunmay, ichimda, nima gap ekan, deya bir tabaqali darvozaga qaradim va shu zahotiyoq hushyor tortib, qizarib ketdim: biz, marhuma kampirning darvozasi qarshisida turar edik...

Men, imillab darvozani ochar ekanman, dam-badam ayolga qarab olar va hayratimni yashirolmay beoʻxshov iljayar edim. Hayratga tushishimga sabab, ayol kampirning hovlisini adashmay topib kelishi edi. Buning ustiga u meni mutlaqo teskari yoʻldan — Oʻng tomondagi, katta yoʻlga yaqin koʻchadan boshlab kelgan edi. Biz boya hovlidan chiqqanimizda esa chap tomondagi koʻcha boʻylab ketgan edik...

Men darvoza tabaqasini lang ochib, hovliga kirish uchun ayolga yoʻl berdim. Lekin ayol oʻrnidan qimir etmay, mening yuzimga tikilib qoldi. Uning yuzi, ayniqsa, koʻzlari shunchalik jiddiy va oʻychan ediki, menga kiprik qoqmay tikilar ekan, albatta, koʻnglida qandaydir noxush oʻy kechayotgani aniq edi. Men uning bu qarashiga dosh berolmay, boshimni quyi soldim. Ayol yana bir necha daqiqa shu alfozda qotib turdi, keyin boʻshashgan qiyofada sudralib qadam tashlagancha hovliga kira boshladi. Men hali qadam tashlashga ulgurmagan edim, shu chogʻ...

Ehtimol, ayol bu soʻzlarni koʻnglida kechirayotgan payt, oʻzi sezmagan holda beixtiyor pichirlab yuborgan va shunda ham, biror tirik jon eshitadi, deb oʻylamagan boʻlsa kerak. Ammo uning pichirlab aytgan soʻzlari menga aniq-tiniq eshitildi: «Buning ham — meni nazarda tutdi shekilli — burni bor ekan. Mening erimni burni yoʻq...» Men tosh qotgancha darvoza toʻsiniga suyanib qoldim.

Ayol soʻzlarini tugatganda hovli ichiga kirgan va shu zahotiyoq, qayoqqadir izsiz gʻoyib boʻlgan edi. Men bu safar uning sirli gʻoyib boʻlganidan xavotirga tushmadim, zero, endi uning borar manzili menga ayon edi. Men uning pichirlab aytgan soʻzlari ta’sirida hushsiz qotib turar, bu soʻzlar meni ayolning, xuddi lahcha choʻgʻ ustida biqir-biqir qaynab turgan va suvi daqiqa sayin kamayib borayotgan qumgʻondek, yuragiga yetaklab kirgan, undagi bor sir-asrorning kalitini qoʻlimga tutkazgan edi....

Men xonamga kirmadim, tongga qadar koʻchada yurdim. Faqat ertalab xonamga kelib suratni qoʻlimga oldim: shu paytga qadar, men payqamagan ekanman, - toʻgʻrisi ham suratning bu qismi nihoyatda qorayib ketganidan biron narsani ilgʻash mushkul edi, — suratdagi ayolning oʻng tomonida qandaydir erkak kishining qiyofasi aks etgan edi. Uning boʻyi ayolnikiga qaraganda picha uzun, yuzi zahil boʻlsa kerak, suratda yana qorayib koʻrinar edi. Men erkakning yuziga qaradim: rostdan ham uning burni yoʻq, yuzi peshonasining ostiga qadar kaftdek tep-tekis edi... Suratga tushayotgan fursatda, u yuzidagi bu nuqsonni yashirishga uringan shekilli, boshini egibroq tutib, koʻz osti bilan qarab turar edi.

Suratdagi erkak bilan ayolga ancha vaqt oʻychan tikilib qoldim. Keyin boshimga kelgan fikrdan xira tortgan koʻnglim yorishganday boʻddi. Nazarimda, kanchalik ogʻir boʻlmasin, faqat shu yoʻl bilangina ayolni suratdan xalos etish mumkin edi.

Men suratning erkak kishi turgan tomonini yirtib tashlamoqchi boʻldim.

Shu niyatda suratni qoʻlimga oldim va uni endi yirtishga chogʻlanayotganimda, ayolning oʻng qoʻli xuddi erkakning kovurgʻalaridan oʻsib chiqqandek, jips yopishib turganiga koʻzim tushdi: agar men suratni erkak kishi turgan tomonini yirtsam, ayol koʻlsiz qolishi kerak edi... Men suratdagi ayolning yuziga qaradim va shu zahotiyoq, u xayolimda, qoʻlsiz qiyofada jonlandi-yu, yuragim uvishib ketdi, peshonamni sovuq ter bosdi. Qoʻllarimni suratdan tortib oldim.

Ammo meni boshqa bir oʻy qiynar edi: bundan buyon men suratdagi ayolga tikilib, uni suratdan chiqib kelishini kutib, jimgina yashab yurolmas edim, chunki, shu paytga qadar koʻzim tushmagan va borligini xayolimga ham keltirmagan, ana u suratdagi erkak kishini koʻrgan edim. Endi qarshimda men tanlashim shart boʻlgan ikki yoʻl turganini yurakdan his etdim: ayol qoʻlsiz qolsa hamki suratni erkak kishi turgan tomonini yirtib tashlashim kerak, yoki suratni xonada qoldirib, oʻzim hech qachon qaytmas boʻlib bosh olib ketishim lozim edi.

Yoʻq, bari bir suratni yirta olmadim. Har gal uni yirtish uchun qoʻlga olganimda, ayol qirqib tashlangan oʻng qoʻlining oʻrnidan favvoradek qip-qizil qon otilayotgan qiyofada koʻz oʻngimda jonlanaverar va barmoqlarim titrab, surat yerga tushib ketar edi. Buning ustiga suratdagi erkakning «yirtma» degandek yolvorib termulishi ham jur’atimni chilparchin etgan edi.

Men magʻlub qiyofada sudralib xonadan chiqa boshladim. Ortimda, kimningdir suyunib qichqirgani va yana kimningdir boʻgʻiq faryodi eshitilayotganday edi. Men esa, yelkamni zil-zambil yuk bosib turganday, boshimni oʻgira olmas edim. Mana, xona ostonasiga ham yetdim... Ehtimol shu ketgan koʻyim kaytib hech qachon bu ostonani hatlay olmasman...

Ehtimol, bir necha daqiqadan soʻng, tinib qolganday mudroq tortgan bu qonimda yana sovuq va yovuz jur’at uygʻonar...

Ehtimol, bundan buyon suratdagi ayol, yolgʻiz oʻzi, doʻzaxdan ham kuvilgan arvohday tunlari koʻchada izgʻib yurar va uning armonlari hech kachon toʻzim topmas... bilmayman... Boshim hech narsani idrok qilmay qoʻygan edi. Men uchun ushbu daqiqada eng muhimi tezroq surat qarshisidan nariroq ketish edi.