OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Davron
Asar nomiSogʻliqni saqlash - Bugun va ertaga
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Shodiyor Davron
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sogʻliqni saqlash - Bugun va ertaga
Shodiyor Davron

Kishilar uchrashganlarida, eng avvalo, «assalomu alaykum» — «vaalaykum assalom» tarzida murojaat qilishib, bir-birlariga sihat-salomatlik tilashadi. Sihat-salomat boʻlgan kishigagina hayot, yashash huzur bagʻishlashi, uni yaratishga, dunyoning sir-sinoatlarini ochishga ilhomlantirishi mumkin. Tanining biror a’zosida ogʻriq bor kishi dunyoga ogʻriqli koʻz bilan qaraydi va bu uning dunyo haqidagi taassurotida ogʻriqli izlar qoldiradi; dunyoni toʻgʻri anglashga halaqit beradi.

Insonning sogʻligi masalasi sof shaxsiy masala emas, u ming yillardan buyon ijtimoiy, davlat ahamiyatiga molik masaladir; oʻz fuqarolarining sogʻligiga befarq boʻlgan birorta ham toʻlaqonli mamlakat boʻlmagan. Fuqarolarining salomatligiga befarq qarash, bu — mamlakatning buguni va kelajagiga befarq boʻlishdir.

Fuqarolarning sogʻligʻiga e’tibor bilan qaralgani, hali sogʻliqni saqlash boʻyicha ishlar mukammal tashkil etilganini anglatmaydi.

Sifatli Tibbiy Xizmat Istab...

Zarina Xisamova «Xitoylikdan uzoq yashash mumkinmi?» («Как пережить китайца?», «Ekspert» (www.­expert.ru), 2005 №10) deb nom­langan maqolasida Rossiyaning sogʻliqni saqlash sohasi muammolari haqida soʻz yuritadi.

Umuman, har qanday maqolani tahlil etganda ikki narsaga e’tibor bermoq kerak. Ulardan biri, muallifning qanday ishonchga tayanishi boʻlsa, ikkinchisi fikr yuritishda izchil­ligi masalasidir.

Xisamova yozadi: «Rossiyaning har bir fuqarosi har qanday ka­sallikka chalinganida ham tekin va sifatli tibbiy yordam olishga haqli, – Konstitutsiyamizda shunday yozilgan. Meditsinamiz esa tekin emasligini va doim ham sifatli boʻlmayotganini hayot koʻrsatib tu­ribdi». Maqolada, bundan boshqa, ishonch sifatida olish mumkin boʻlgan fikr uchramaydi. Demak, Xisamova, Rossiya konstitutsiyasiga tayanib, Rossiya sogʻliqni saqlash sistemasining funktsiyasi kasal boʻlgan har bir fuqaroni tekin va sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashdan iborat, deb xulosa chiqaradi.

Nafsilamrni aytganda, Xisamova «tekin» soʻzi toʻgʻri ishla­tilmaganiga asosiy e’tiborni qaratadi va uning butun e’tirozi ham, taklifi ham shu asosda qurilgan. Davlat byudjetining shakllanishiga e’tibor beradigan boʻlsak, «tekin» degani juda ham tekinlikni ang­latmaslikni tushunish qiyin emas. Bu borada, shubhasiz, Xisamova haq. Lekin sogʻliqni saqlashdagi barcha muammolarni, pul bilan ta’minlash tartibini oʻzgartirib, hal qilsa boʻladi degan fikr - Xi­samova mushohadasining eng zaif joyidir.

Shunday qilib, mamlakat sogʻliqni saqlash sistemasining funktsiyasidan «tekin» degan soʻzni olib tashlasak, har qanday kasal­likka chalingan fuqaroga sifatli tibbiy yordam berishni ta’min­lashdan iborat qismi qoladi. Ayni shu funktsiyani bajarishga qodir sogʻliqni saqlash sistemasini shakllantirish haqidagi Xisamova taklifini tahlil qilib koʻramiz.

Xisamova Amerikada tibbiy xizmat koʻrsatish narxi, davlat nazorat qilolmaydigan darajada oshib ketayotgani, barcha polikli­nika va shifoxonalar xususiy ekanligi hamda tushum faqat sugʻurta kompaniyalari orqali boʻlayotgani, boz ustiga sugʻurta kompaniyalari va tibbiy xizmat koʻrsatish korxonlari orasida nizolar koʻpligi, ni­zolar hal etilishiga har ikkala tomondan koʻplab advokatlar jalb etilishida deb hisoblaydi. U, ayrim ijtimoiy guruh kishilari sogʻligi AQSh hukumati tomonidan sugʻurtalanishiga qaramasdan, ayni paytda, mamlakatda 40 milliondan ortiq kishining sogʻligi sugʻurtalanmaganligiga tibbiy xizmat narxining keskin oshib keti­shini sabab qilib koʻrsatadi.

Nizolar koʻpligiga sabab tegishli qonunlarning turlicha tu­shunilishidadir. Aslida, har qanday qonun bir xil tushuniladigan darajada aniq qilib yozilmogʻi kerak. AQSH qonunlariga bu tarzda tartib berilishi, balki mamlakatdagi katta advokatlar armiyasini ishsiz qoldirmaslik uchun ataylab qilingan harakat natijasi boʻlishi mumkin.

Xisamovaning yozishiga qaraganda Yevropada tibbiy xizmat koʻrsatish tamoman boshqacha tashkil etilgan. Soliq va fuqarolarning majbu­riy toʻlovlari boʻyicha tibbiy xizmat xarajatlari uchun mablagʻ yigʻiladi. Tibbiy xizmatni esa davlatniki boʻlgan poliklinika va shifoxonalar koʻrsatadi. Yevropa mamlakatlarida ham ushbu soha boʻyicha muammolar kam emas: asosiy muammo toʻplangan pulning keragidan juda kamligi ekan.

Xisamova sogʻliqni saqlash sohasidagi muammoni pul bilan ta’minlashning ikki usuli asosida hal qilish mum­kin deb hisoblaydi. U quyidagicha taklif qiladi: davlat tibbiy mu­assasalari bilan birgalikda xususiy tibbiy muassasalarni tashkil etish; davlat tibbiy muassasalari byudjetdan keladigan tushumlar va majburiy toʻlovlar hisobidan oldindan belgilangan (roʻyxatdagi) ka­salliklar boʻyicha hammaga va alohida ijtimoiy guruh kishilariga (kam ta’minlanganlar va hakozo), xususiy tibbiy muassasalar esa ixtiyoriy tibbiy sugʻurta asosida boshqa kasalliklarga duchor boʻlganlarga xizmat koʻrsatsin.

Ushbu tashkil etishda bitta mantiqiy xato bor: kam ta’min­langanlardan biri roʻyxatda koʻrsatilmagan biror kasallikka duchor boʻlsa, uni kim davolaydi? Xususiy tibbiy muassasa uni davola­maydi, chunki u sogʻligini sugʻurta qilmagan. Davlat tibbiy muassa­sasi unga xizmat koʻrsatolmaydi, chunki muassasa ushbu kasallik boʻyicha mutaxassislashmagan.

Xisamova taklifida faqat biz koʻrsatgan bitta mantiqiy xato boʻlganda uni tuzatish uncha qiyin boʻlmagan boʻlur edi. Asosiy kamchi­lik kishining kasal boʻlganini anglagandan to tuzalishigacha boʻlgan jarayon tasavvur etilmaganligidadir.

* * *

1993 yilning kuz oylari edi. Bir hamkasbim ikkalamiz atle­tizm bilan shugʻullanadigan boʻldik. Ustozimiz kitob edi. «Us­toz»ning qaysidir aytganiga amal qilolmadim, shekilli, ikki oylar shugʻullangach, yurganda chap oyogʻimda qattiq ogʻriq paydo boʻladigan boʻldi. Ogʻriqning zoʻridan koʻz oldim qorongʻulashib ketardi. Oʻn qadam yurar-yurmas ogʻriqdan dodlab yubormaslik uchun toʻxtashga majbur boʻlar edim. Ozgina mubolagʻa bilan aytganda, uchramagan doʻxtirim, ol­magan davom qolmadi. Har bir davodan keyin ogʻriq kuchaysa kuchayar­diki, pasaymasdi. Oradan bir yil ham oʻtib ketdi. Mening dardimga malham topadigan doʻxtirdan esa darak yoʻq edi. Tangri qancha umr bergan boʻlsa, qolganini ogʻriq bilan oʻtkazishdan oʻzga ilojim qolmadi degan xulosaga keldim. Va boshqa davo istab yugurmaslikka ahd qildim.

Doʻstlarimdan biri chet ellik neyroxirurg kasallarni qarab, konsultatsiya berayotgani haqidagi xabarni topib keldi va meni borishga da’vat qildi. Mening esa borishga rayim yoʻq edi: oddiy ogʻriqning sababini topolmagan doʻxtirlardan tamoman koʻnglim qolgan edi. Doʻstimning qistovi bilan, oyoqdagi ogʻriq masalasida, oxirgi marta doʻxtirga murojaat qilishga rozilik bildirdim.

Moʻ’jiza roʻy berdi. Doʻxtir mening arz-dodimni eshitgach, uchta mashq koʻrsatdi; mening har uchala mashqni bajarishni oʻrganib olga­nimga ishonch hosil qilgach, shularni takrorlab turasiz, deb xayr­lashdi. Yettinchi kun mashqlarni bajarayotib, oʻzi nima qilyapman, deb oʻylanib qoldim. Chunki oyogʻim ogʻrishi butkul esimdan chiqib ketgan edi-da.

Men bir tasodif tufayli nogironlikdan qutilib qoldim. Ar­zimagan kasalliklar tufayli nogiron boʻlib qolganlar kam emas. Agar har bir betob boʻlgan kishi sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega boʻlganida, nogironlar boʻlmas yoki ular juda kam boʻlgan boʻlardi.

* * *

Xoʻsh, har bir kasallikka chalingan kishi sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega boʻlishi uchun mamlakatda nimalar boʻlishi, qanday xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi ke­rak?

Birinchidan, inson xastaliklarining tasniflangan roʻyxati boʻlishi kerak. Ushbu roʻyxat bilan tanishib, koʻp uchraydigan xastaliklar qaysi, kam uchraydigan xastaliklar-chi; qaysi xastalik dastlab qachon kuzatilgan, yaqinda, birinchi marta, kuzatilgan xastaliklar qaysilar, qaysi xastaliklarning kelib chiqish sabablari ma’lum-u, qaysilariniki noma’lum, qaysi xastaliklarning davosi ma’lum-u, qaysilariniki hanuzgacha topilmagan kabi savollarga javob topishning imkoni boʻlsin. Hanuzgacha davosi topilmagan har bir kasallikning kelib chiqish sabablarini aniqlash va davosini topish boʻyicha qaysi mamlakatlarda, qaysi klinikada tadqiqot ishlari olib borilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham oʻta muhim.

Ikkinchidan, katta-kichik tashxis markazlari boʻlishi kerak. Uchinchidan, roʻyxatdagi, davosi bor xastalik bilan ogʻrigan bemorlarni davolavchi doʻxtirlar yetarli darajada boʻlishi kerak. Toʻrtinchidan, sogʻliqni saqlashning zamona­viy axborot sistemasi yaratilishi kerak. Toki, oʻzini noxush his et­gan kishi uchun qaysi tashxis markaziga borishi kerakligi birinchi uchragan tibbiyot muassasasidayoq aniq boʻlsin, tashxis markazi esa qaysi shifoxona uni batamom dardidan forigʻ qila olishini aniqlab bersin. Yillab, aqalli, dardi nimadan iboratligini aniqlolmay, sarson boʻlib yurgan kishilar kam emas. Beshinchidan, eng muhimi, mablagʻ bilan ta’minlashning effektiv sistemasi yarati­lishi kerak.

Davolanuvchi uchun doʻxtirning olimligi — professor yoki aka­demikligi mutlaqo ahamiyatga ega emas. Uni bir narsa qiziqtiradi: doʻxtir uni davolay oladimi?

Zarina Xisamova sogʻliqni saqlashning barcha muammolarini mablagʻ bilan ta’minlashni mukammallashtirish yoʻli bilan hal qilish mumkin deb hisoblagani sababli doʻxtirni tayyorlash haqida fikr yuritmagan. Aslida, na doʻxtirni tayyorlash texnologiyasini, na doʻxtir bilimiga, mushohadasiga qoʻyiladigan talablarni hal qilingan masalalar sirasiga kiritib boʻlmaydi. Bu masalalarga turlicha qarashlar mavjud boʻlganidan ham Farbda, ham Sharqda turli tabobat maktablari shakllandi, dunyoga keldi; dunyo tabobatining hozirgi darajasi ularning raqobati sharofatidir.

Bugun inson organizmini sistema deb qarashning oʻzi yetarli boʻlmay qoldi. Chunki ilgari ekologik buzilishlar inson salomatligiga hozirgidek xavf solmagan, inson sogʻligiga salbiy ta’sir koʻrsatadigan darajadagi kuchli elektromagnit maydonlari turmushda, sanoatda, mudofaada ishlatilmagan edi. Yerning qaysidir nuqtasidan uchirilgan raketaning kimningdir salomatligiga salbiy ta’sir qilib, boshqa birovga ahamiyat beradigan darajada ta’sir qilmasligini tushuntirish imkoniyatiga ega boʻlmogʻimiz zarur. Buning uchun inson organizmini katta sistema (koinot) ichidagi kichik sistema deb talqin etishga toʻgʻri keladi.

Hozirgi zamonning tabobat maktabi, birinchidan, inson organizmi xastalikliklarining kelib chiqishi sabablarini tushuntirib, davolash yoʻllarini topishga imkon beradigan, biror modeliga ega boʻlishi kerak. Ikkinchidan, katta sistemaning muayyan nuqtadagi ta’sir kuchini, kichik sistemaning holatini aniqlashga imkon beradigan vositalarga ega boʻlmogʻi kerak. Uchinchidan, bular barchasi izchil, tushunarli bayon qilishga imkon beradigan darajada tartiblangan boʻlishi kerak.

Doʻxtir qay darajadagi tabobat masalalarini yechishga tayyorlanayotgani aniq boʻlsagina, u egallashi zarur boʻlgan bilim darajasini, bilishi zarur boʻlgan mushohada usullarini, va nihoyat, koʻtarilishi kerak boʻlgan ijro madaniyatini belgilash mumkin boʻladi. Faqat undan keyingina doʻxtirni tayyorlash programmasi haqida gap boʻlishi mumkin.

Tan, Aq va Ruh Salomatligi Yoʻlida...

«Jahon adabiyoti» jurnalining 2005 yil yanvar sonida mashhur turk yozuvchisi Aziz Nesinning uchta hikoyasi berildi. Ulardan biri «Dardi bedavo» deb ataladi. Ushbu hikoyaning qisqacha mazmuni quyidagicha: hikoya «qahramoni»ning kindigidan pastida qattiq ogʻriq paydo boʻladi. Mahalliy doʻxtirlar ogʻriq nimadan paydo boʻlganini aniqlay olmaydilar. Mamlakatning eng mashhur, taniqli doʻxtirlariga murojaat qilinadi. Doʻxtirlarning biri ogʻriqqa me’daning (oshqozon) jarohatlangani sabab, deb tushunti­radi. Me’dasining katta qismini olib tashlaydi. Ogʻriq esa toʻxtamaydi. Ikkinchi doʻxtir hamma «gunoh» buyrakda deb, buyragi­ning birini olib tashlaydi. Shunday qilib, uchinchi, toʻrtinchi va hakozo marta operatsiya qilinib, nimalardir kesib olib tashlanave­radi. Mamlakatning murojaat qilinmagan eng soʻngi mashhur doʻxtiri operatsiya qilgan hamma doʻxtirlarni noprofessionallikda ayblab, hamma sabab oyoqlaridagi qadahlarda deb topadi va ularni ke­sib olib tashlaydi. Dard esa yengillashmaydi, balki ogʻirlashadi. Bu vaqtga kelib, mamlakatda, u murojaat qilsa boʻladigan, taniqli doʻxtir qolmagan, umr boʻyi yiqqan katta boyligi esa qariyb sovri­lib boʻlingan edi. Uni iltimosiga koʻra Frantsiyaga olib borishadi. U yerda tanishlari yoʻqligi sabab koʻchadagi reklamalarga qarab bir doʻxtirga murojaat qilishadi. Doʻxtir bemorni sinchiklab tekshirib koʻrib, bemor sogʻlom, barcha operatsiyalar notoʻgʻri qilingan, degan xulosaga keladi va kamarni boʻshroq bogʻlashni tavsiya qiladi, xolos. Doʻxtir tavsiyasiga amal qilgan be­mor tezlikda tuzalib ketadi. Lekin uzoq yashamaydi. Oddiy kamarni deb bor bud-shudidan ayrilgani, yo avomligi tufayli jonini hadsiz qiynoqlarga qoʻygani alamimi, uni adoyi tamom qilgan edi.

Frantsiyalik doʻxtir haq edi: barcha operatsiyalar zaruriyat yuza­sidan emas, pul olish uchun qilingan, u-bu organi ham behuda opera­tsiya qilinmaganining isboti sifatida kesilgan edi.

Qisqasi, bemorni sogʻaytirishni emas, pul topishni maqsad qilib qoʻygan doʻxtirlar, mamlakatning oddiy tijorat darajasiga tushib qolgan sogʻliqni saqlash sistemasi oʻldirgan edi.

Bu bir hikoya, unda hayotdagi ba’zi illatlar boʻrttirilgani rost.

1993 yilning oxirlari edi. Yaqin doʻstimning oʻpkasini opera­tsiya qilishdi. Ma’lum boʻldiki, oldin oʻpkani davolab, keyin opera­tsiya qilish kerak ekan. Bunday shoshilish qimmatga tushdi... Buni anglab yetgan oila a’zolari, doʻstlari uchun operatsiya oldidan zarur muolajaning qilinmaganligi armon boʻlib qoldi. Doʻxtir oldin oʻpkani davolash za­rurligini bilardi, lekin u tezroq «kesib» olishi kerak edi-da! Bunday voqealar kecha emas, shu kunlarda ham roʻy berayotganini tez-tez eshitib qolayapmiz.

Shoshib, holatini aniqlamay koʻzini operatsiya qilish oqibatida bemorning ikkala koʻzi ham koʻrmay qolgani haqida «Hurriyat» gazetasida ham yozishdi.

Yaqinda qornida ogʻriq paydo boʻlgan bir tanishimni «Tez yor­dam» mashinasi shifoxonaga olib boradi. Shifoxonada chiroq boʻlmaganligi sababli, bemor sham yorugʻida operatsiya qilinadi. De­mak, «ob’ektiv» sabablarga koʻra bemorning holatini aniqlash im­koni boʻlmagan. Ushbu shoshilinch operatsiya bemorning manfaati nuqtai nazardan qilinganiga ishonmoq qiyin. Axir, hamma joyda ham chiroq oʻchmagandir. Qiziq holat: operatsiya qilingan desa, «ka­sallik tarixi»da qayd etilmagan; operatsiya qilinmagan desa, bemor qornida pichoq va igna izlari koʻrinib turgan ip...

Nafsilamrni aytganda, qoʻliga tushgan bemorga har kuni 20-30 ming soʻmlik doriga retsept berib, qaysi dorixonaga murojaat qilishni maslahat berayotgan doʻxtirning xolisligiga ishonish qiyin.

Bemor dardiga esa uni tuzatishni maqsad qilib qoʻygan doʻxtir davo topishi mumkin. Butun fikri, izlanishlari, hatto Allohga iltijosi ham in­sonni anglash, uning dardiga shifo topishga qaratilgan doʻxtir shifo­kordir.

Bizda shifokorlar bormi, degan savol tugʻilishi mumkin. Soʻzsiz bor, hatto koʻplab topiladi. Lekin yetarli emas-da! Xuddi shu­ningdek, mamlakatimizda olimlar ham, ustozlar ham koʻp. Ularni ham mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yetarli darajada deb boʻlmaydi.

Yaqinda, matbuotda Rossiya tennis federatsiyasining prezidenti bilan boʻlgan suhbatni oʻqib qoldim. U katta sportchi qilib tayyorlashga qanday yoshlarni tanlaysiz degan savolga, boy yoki mashhur boʻlish ilinjida sportga kirib kelayotgan yoshlar sportda katta natijalar koʻrsatolmaydi, men sportda yuksak mahoratni, katta natijalarni maqsad qilib qoʻygan yoshlarni shogirdlikka tanlayman, deb javob beradi. Inson ruhiyatini yaxshi tushunadiganlar uchun bu ikki toifa yoshlarni bir-biridan ajratish qiyin ish emas. Shifokor tayyorlash uchun ham mashhur yoki boy-badavlat boʻlishni xohlagan yoshlarni tanlash maqsadga muvofiq emas.

Bundan oʻn besh yillar oldin, hozir ism-sharifi yodimdan koʻtarilgan, angliyalik bir ayol bilan boʻlgan suhbatni oʻqigandim. Esimda qolgani, suhbatdoshi uni, ayni paytda, dunyodagi eng badavlat ayol, nufuzli oila-sulolaning vakili deb tanishtirgan edi. Suhbatning shuncha yillar oʻtib ham esimdan chiqmaganiga faqat ayolning oʻta boyligi, nufuzli oilaning vakili ekanligi sabab boʻlgan emas, albatta. Oʻsha ayol otasini xotirlab: «Sizlarga siz mansub boʻlgan oilaning nufuzi hech qanday imtiyoz bermaydi, balki nimagaki qoʻl ursangiz, boshqalardan mukammalroq bajarish mas’uliyatini yuklaydi» degan oʻgitini bot-bot eslashini aytgan edi. Suhbatning ayni shu qismi bir umr esimda qoladigan saboq bergan, qadriyatlar haqidagi tushunchalarimni ostin-ustin qilib yuborgan edi.

Mamlakatni qudratli qiladigan insoniy sifatlar oilalarda, ta’lim muassasalarida qanchalik qadrlansa, maydalik, xudbinlik shunchalik biz forigʻ boʻlishimiz zarur boʻlgan illatlar ekanligi, kattalar ibrati asosida, tushuntirib borilmogʻi kerakligini yaqqolroq his etgandim, oʻshanda.

Bolada u yoki bu narsaga qiziqish ham, mehnatsevarlik ham, e’tiqodning shakllanishi ham oilasining, ta’lim muassasalarining, u oʻsgan muhitning ta’sirida roʻy beradi. Bundan xulosa shuki, faqat oʻzimiz munosib boʻlgan hayotga, xizmatga loyiq koʻrilamiz: oʻzimiz loyiq boʻlgan sogʻliqni saqlash sistemasi bizniki boʻladi. Nimaga loyiq boʻlishimiz esa oʻzimizga – oiladagi, ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiyamizga bogʻliq.

Biz tan sogʻligi haqida yozdik. Inson salomatligi faqat tan salomatligini anglatmaydi.

Koʻrinishdan soppa-sogʻ bolalarda informatsiyani qabul qilolmaslik xastaligi keyingi paytda koʻp uchrayotgani bor gap. Bunga nima sabab boʻlayotgani haqida oʻylaganmisiz? Menimcha, sababini aniqlash uchun chuqur mushohadaga hojat yoʻq. Atrofimizda roʻy berayotgan keskin oʻzgarishlarga nazar solaylik. Ilgari bitta apteka bor hududda oʻnlab aptekalar paydo boʻldi. Radio va televedenie yuzlab dorilar ayni siz uchun zarurligini damba-dam eslatib turadi. Koʻchalarda, metroda dorilar reklamasidan koʻzingiz qamashadi. Ilgari doʻxtir belgilagan dorilar koʻrsatilgan miqdorda iste’mol qilinardi. Endi-chi? Doʻxtirga borishga hojat yoʻq: qaeringiz ogʻriyotganini, qaysi dorini yutsang yaxshi boʻlishini aytib turishadi. Faqat kim uchun yaxshi boʻlishini aniqroq qilib aytmaydilar. Biz esa soddalik qilib, bizga yaxshi boʻlarkan deb tushunamiz. Shunday umumiy safarbarlik natijasida dorilarni kamida oʻn baravar koʻproq iste’mol qiladigan boʻldik. Rossiya matbuoti mamlakatida sotuvda boʻlgan dori-darmonning katta qismi qalbakiligini yozishmoqda. Biz esa bu borada hali aniqroq ma’lumot aytishga tayyor emasmiz. Shunday boʻlgach, bolalarimiz xotirasining informatsiyani yozolmay qolishiga zararli (balki, keraksizdir) dorini iste’mol qilish sabab boʻlganini rad etolmaymiz.

Anchadan buyon toʻy-bazmlardan charchab, ruhiyatim tushib qaytaman. Koʻpincha bazmning oxirigacha oʻtirishga taqotim yetmaydi. Bunday holat hushyorroq yuradigan barcha tanishlarimda roʻy berayotgan ekan. Nega shunday? Odatda, toʻy-hashamlarga tanish-bilishlarni koʻrish, suhbatlashish, koʻngil chigallarini yozish, kuy-qoʻshiq eshitish, yayrash, ilhomlanish uchun borilmaydimi? Tanishlarni koʻramiz-u suhbatlasholmaymiz. Suhbatlashishga quloqni qomatga keltirib gumburlaydigan musiqa halaqit beradi. Odatda musiqa gumburlamaydi. Fizikada musiqa shovqindan farq qilinadi; har birining oʻz ta’rifi-tavsifi bor. Toʻylarda biz eshitadiganimiz, haytovur, shovqin boʻlsa kerak. Shoshilib kelib, shoshilib ketadigan «yulduz»lar nima deyishayotganini eshitolmaymiz. Boshlovchiyu qiziqchilarning «topqirlik»lari ham gʻashimizga tegadi. Bir soʻz bilan aytganda, har bir xizmatga keluvchi oʻz «dardi» bilan keladi, bizning, – mehmonlarning dardi-ruhiyatini oʻylaydigan kimsa yoʻq.

Kishiga tan va aql salomatligi yetarli emas, uning ruhi ham sogʻlom boʻlishi kerak.

Mamlakatning har bir fuqarosi tani, aqli va ruhi salomat boʻlishga haqli. Shubhasiz, har bir kishi shunga harakat qilmogʻi kerak. Lekin u oʻz sogʻligi bilan bogʻliq barcha masalalar bilan oʻzi shugʻullanish imkoniyatiga ega emas. Masalan, xohlaganida ham sogʻligining toʻla muhofazasini oʻzi ta’minlay olmaydi. Davlat shakllangach, umummilliy doimiy vazifalar uning organlari orasida taqsimlanadigan boʻldi. Hozir har bir davlatda «Sogʻliqni saqlash vazirligi» yoki shunga ma’nodosh nom bilan ataladigan organ shakllangan. Lekin ularga yuklangan doimiy vazifalar bir-birlaridan keskin farq qilishi mumkin, ba’zan doimiy vazifalari aniqlashtirilmagan holatlar ham uchraydi.

Davlat sogʻliqni saqlash sistemasining doimiy vazifalarini Zarina Xisamova qanday tushunishiga yana bir marta e’tibor qarataylik: «Rossiya sogʻliqni saqlash sistemasining funktsiyasi kasal boʻlgan har bir fuqaroni sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashdan iborat».

Yuqorida, ayni shu fikrni rad etish uchun toʻla asos yaratdik. Bizning fikrimizcha MAMLAKAT SOGʻLIQNI SAQLASH SISTEMASINING FAOLIYATI HAR BIR FUQARONING TANINI, AQLINI VA RUHINI SOGʻLOM QILISHGA QARATILGAN BOʻLISHI KERAK.

Biz nazarda tutgan sogʻliqni saqlash sistemasi fuqaroning kasal boʻlishini kutmaydi, uning kasal boʻlmasligi chora-tadbirlarini koʻradi. Bunda ilmiy tadqiqot ishlari ilmiy unvon va darajalar olish uchun qilinmaydi, balki tugʻilgan muammoning tabiatini aniqlash yoki uni hal etish uchun bajariladi, inson salomatligiga daxli bor biror masala ham nazardan chetda qoldirilmaydi. Biz ta’kidlagan doimiy vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan sogʻliqni saqlash sistemasi biznesning tarkibiy qismiga hech qachon aylanib qolmaydi.

Kaliforniyada qariyb 130 yillik tarixga, an’ana ega boʻlgan «YaNGI START» («NEW START») deb nomlangan markaz bor. Uning faoliyatiga «inson organizmi, oʻz tabiiy holatida, salomatligi uchun zarur boʻlgan barcha kerakli moddalarni ishlab chiqarishga qodir» degan ishonch asos qilib olingan. Unda davrimizning eng ogʻir xastaliklariga chalingan kishilar hayot tarzini oʻzgartirish — tabiiy hayot tarziga oʻtish yoʻli bilan davolanadi va ana shunday yoʻl bilan bemor darddan butunlay forigʻ qilinadi.

Ushbu ma’lumot fuqaroga «sifatli tibiiy xizmat koʻrsatish»ni maqsad qilib qoʻygan sogʻliqni saqlash sistemasini umuman qiziqtirmasligi mumkin. Fuqarolarning salomatligini ta’minlashni maqsad qilib qoʻygan sogʻliqni saqlash sistemasi uchun esa bunday ma’lumot oʻta qimmatlidir.

Insoniyat odatlangan strukturaga ega sogʻliqni saqlash sistemasi fuqarolarning tani, aqli va ruhi salomatligini ta’minlay olmasligi aniq.

Biz yangi mazmundagi sogʻliqni saqlash sistemasi oʻzining doimiy vazifalarini uddalash uchun qanday strukturaga ega boʻlishi kerak, degan masalani hozir muhokama qilmoqchi emasmiz. Agar zarur boʻlsa, muhokama qilish qochmas. Oldin bir savolga javob berishimiz kerak: BUTUN FAOLIYATI HAR BIR FUQARONING TANINI, AQLINI VA RUHINI SOGʻLOM QILISHNI TA’MINLASHGA QARATILGAN SOGʻLIQNI SAQLASH SISTEMASIGA EGA BOʻLISHNI HAMMAMIZ HAM XOHLAYMIZMI?

Shodiyor Davron