OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiEhtirom (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ehtirom (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Safarga chiqishga unchalik ham koʻzim uchib turgani yoʻq edi. Aslida ancha vaqtdan beri olis safarga chiqmagan edim. Manzil va u yerda oʻtadigan kunlarning muddati ham koʻp edi. Dastlab Buxoroda boʻldik. U yerni obdon tomosha qildik. Umrim bino boʻlib bu yerlarni koʻrmagan edim. Rosa miriqib, Sur'atjon degan ukamizning holi joniga qoʻymay savol beraman. Kitoblarda oʻqib yurgan shaharni oʻz koʻzingiz bilan koʻrsangiz, rostdan ham moʻ'jiza boʻlarkan. Uyatni yigʻishtirib qoʻyib, yosh boladay Sur'atjon ukamizdan koʻringan joy va imoratlar haqida sharh soʻraymiz. Yigit bechora ancha bilimdon ekan, hamma savollarimizga javobi tayyor, dunyo koʻrgan yigit ekan. Ikkilanmasdan, tap tortmasdan boz sal uyalinqirab gapirarkan. Sur'atjon buxorolik Gʻulom Shomurod degan shoir akamizning kichik oʻgʻli. Ancha ta’mizli bola ekanligi bilinib turardi. Oʻzbekcha-yu tojikchani birdek ravon gapirardi.Qadim shaharni va aziz joylarni ziyorat qilib, mehmonxonaga keldik.

Sur'atjon bizni kutib oʻtirgan ekan, darhol muddaoga koʻchdi. Bizni Gʻulom aka uyda kutib oʻtirgan ekan, bormasak boʻlmas emish. Tarang qilmasdan biz ham uning mashinasiga oʻtirib, Jondorga keldik. Gʻulom aka bizni koʻrib xursand boʻldi. Ancha vaqt suhbatlashdik. Mezbonning koʻngli koʻtarildi. Bizga keyingi vaqtlarda yozgan she’rlarini oʻqib berdi. Gʻulom aka suhbati soz va davraning hadisini darrov biladigan sezgir odam. Sharif Nurxonu va boshqa latifalardan aytib, hammamizni kuldirib oʻtirdi. Tilimizdan tushovlar tushib ancha vaqtgacha u yerda qolib ketdik. U yerdan allamahalda oʻrnimizdan turib, musofirxonamizga kelib yotdik.

Ertasi kuni bu yerdan Navoiy shahriga joʻnab ketdik. Bu yerda bizni Raim Qodir degan qalamkash akamiz kutib oldi. Mehmonxonaga joylashamiz desak, unamadi. Uyiga koʻch-koʻronimiz bilan keldik. Bir xonani bizga ajratib berdi. Kitoblari juda koʻp ekan. Koʻrib odamning havasi keladi. Ma’ruf Jalildan ham koʻp asarlarni sovgʻa tarzda olgan ekan. Tarix va adabiyotning eng noyob va topilmas asarlari javonda taxlanib turibdi. Ularning hammasini birma bir silab koʻrdik. Keyin Raim Qodirning ishxonasiga bordik. U yerda biroz suhbatlashdik. Tushga yaqin mashinada Raim Qodirning ota yurti – Nurotaga yoʻl oldik.

Gapning rosti, Raim Qodir bilan avvaldan tanish emasdik. Toʻgʻri, u kishining dostonlar va tarixiy manbalar haqidagi maqolalarini markaziy matbuotda oʻqigan edim. Biroq oʻtirib hangomalashmaganmiz.

U kishi yoʻlda keta ketgunimizcha anchagina manbalarni gapirib berdi. Har qaysi sohadan soʻz yuritsangiz, xuddi shu mavzu boʻyicha sizga keragidan ortiq qilib ma’lumot beradi. Suhbati soz odam ekan. Tarixdan bir narsalarni aytadiki, eshitib ogʻzingiz ochiladi. Dashtdagi giyohlardan gapiradi. Ularning nima dardga da’vo ekanligi mayli, lekin oʻsha giyohni qaysi faslda, qay paytda, qay holatda va qanday qilib uzib olishini hamda qay tarzda undan dori tayyorlashini ham bafurja tushuntiradiki, buni eshitib turib, ogʻzingiz ochilmasdan iloji yoʻq.

Biz Nurotaga qanday yetib kelganimizni ham gap bilan boʻlib, sezmay qolibmiz. Chashmani va bu yerdagi boshqa joylarni ziyorat qildik. Bu joylarning barchasiga Raim Qodirning oʻzi ta’rif beradi. Hodisalarning hammasi ilohiy va sirli ediki, eshitib kishi hayron qolasan. Chashmaning suvidan bir koʻzaga ataylab solib,shaharga qaytyapmiz. Uyga keldik, yanga dasturxon tuzatib qoʻygan ekanlar, mehmon boʻldik. Rasamadi gaplardan soʻng Raim Qodir ajoyib, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bir hikoyani soʻzlab berdi:

«Ukalar, men andak ilgari viloyat qalamkashlariga yetakchilik qilganman. Vazifam juda nozik edi. Oldimga keladiganlarning har biri bilan alohida, oʻziga xos tarzda muomila qilishim kerak. Negaki, ularning har birida oʻziga xos xarakter bor va sal boʻlsa-da gʻuddayganroq. Hammasi men toʻgʻriman, qolganlar laylak haydab yuribdi, degan oʻy-xayollar bilan yuradi. Bir soʻz bilan aytganda oʻzining kindigini oʻzi kesgan toifadan. Koʻnglidan chiqsangiz olam sizniki, agar teskari boʻlsa xudo koʻrsatmasin qirgʻinbarot boʻladi. Har qanday ezgulikni kuylamoqqa tayyor turgan kimsa bir pasda yovuzlashib ketadi.

Lekin men bularning ichida ukalar, gapning rosti, tozasini kam koʻrdim...

Men faqat oʻzim bilan oʻzim ovora boʻlib yurgan odam, birdaniga bunaqangi ishdan boshim gangib qoldi. Endi koʻpchilikning boshini qovushtirib yurishim kerak edi. Vazifamni sekin-asta oʻz bilganimcha va boshqalardan ya’ni koʻpni koʻrganlardan maslahat olgan holda bajarib kelardim. Hammaga birdek edim. Birovni birovga qayramadim, Men birovdan gap soʻramadim. Oʻzimni ularning oʻrniga qoʻyib koʻra bilardim. Birovining haqiga koʻz olaytirmadim. Qoʻlimdan kelganicha yordam berdim. Hamma oʻz ishini bilib qiladi. Turli xil tantanalarga, marosimlarga, tadbirlarga va boshqa mavridlarga atab qasidalar bitilardiki, buning oxiri yoʻq edi. Turli tuman uchrashuvlarda shoirlarimiz minbarlarga chiqib qarsillatib she’rlar oʻqirdi. Zal toʻla odam ularga atab qarsak chalardiki, bundan ijodkorning ilhomi yanada joʻshardi. Ular ruhlanib yanada yangi-yangi asarlar yozishga kirishardi. Zamon bilan hamnafas boʻlib, undan ortda qolmaslikka tirishayotgan ijodkorlarimizning safi kundan kunga ortib borardi.

Baraka topishsin, hammasi yaxshi odamlar. Taqdiriga tan berganlari ham koʻp edi. Bir paytlari deng, yurt ogʻalari aziz va muqaddas ziyorat joylarni tavob qilish haqida bong ura boshladilar. Biz ham idoramiz nomidan va buning ustiga yashab turgan viloyatimizning nomini sharaflash maqsadida, Alisher Navoiy bobomizning qabrini hamda uning yashab oʻtgan joylarini ziyorat qilish uchun Hirot sari otlanishni rejalashtirdik. Tegishli xujjatlarni rasmiylashtirib, safarga otlandik. Oʻntacha kishi mikroavtobusda Hirot sari otlandik.

Amudaryodan kechib oʻtib, koʻzlangan manzilga yetib keldik. Yoʻllar abgor ekan, ancha azob tortdik. Bizni borgan joyimizda yerli aholi yaxshi kutib oldi. Hammasi xursand. Bizlar musofirxonada tunamoqchi boʻldik. Ular esa bunga unashmadi. Aliakbar degan kishi adabiyotga ishtiyoqmand ekan, bizni qoʻyarda-qoʻymay uyiga opketdi. Va katta bir uyini boʻshatib berdi. Buning ustiga bizga xizmat qilish uchun atayin tayinladi. Aliakbarning shinavanda odam ekanligi yuz-koʻzidan bilinib turardi. Vaqt allamahalgacha gurunglashib oʻtirdik. Bizlar oʻzbek tilida suhbatlashardik Toʻgʻri, lahjamizda biroz tavofut bor edi. Ularning gap-soʻzi va yurish-turishida hamda fikrlash tarzida ham biznikiga qaraganda tavofut bor edi.

Ertasiga ertalab uy egasi bizlarni ergashtirib, shahar aylantirdi, soʻng biz izlab kelgan joy - Navoiyning qabriga boshlab keldi. Bu qabriston eski mozoriston boʻlganligi bilinib turardi. Hammamiz qabr atrofini aylandik. Sheriklarimizdan biri tiz choʻkkanicha duoi fotiha oʻqidi. Qabrni ziyorat qildik. Bu qabristonning ancha vaqtdan beri qarovsiz boʻlib yotganligi bilinib turardi. Ulugʻimizning qabri qarovsiz, hattoki, toshlari oʻpirilib yotganini koʻrib odamning ichi achiydi. Sheriklaridan biri yengini shimarib toshlarni joyiga taxladi. Yoʻq, baribir boʻlmadi. Keyin birimiz oyoqlarimizni tirib suv opkelib, loy qoridik va gʻishtlarni topib, qabrning uchgan joylariga chillik qilib, gʻishtu loy aralashtirib, uni tikladik. Hammamiz sidqidildan ishlayotgan edik. Yonimizdagi Aliakbar ham bizning bu ishimizdan oʻzini hijolat sezdi.

Biz uning uyiga qaytib keldik. Uy egasi bir muddat koʻrinmay ketdi-da, bir payt shoxlari buralib ketgan, ketmonquyruq qoʻchqorni yetaklab keldi. Shu paytda bir qassob ham keldi-da, jonliqni boʻgʻizladi.

Goʻsht qozonga osilib, tagiga olov qalandi. Bir pasda shoʻrvaning masalliqlari qozonga solindi. Tayyor ovqatni ichdik. Soʻng hammamiz duoi fotiha qildik. Keyin bilsak, bu jonliqni uy egasi uluhimizning ruhi poklariga atagan ekan. Hammamiz birdek xursand boʻldik. Aliakbar hammamizga atab sarpo kiygizdi. Boz shaharni aylantirdi.

Ketar vaqtimiz aniq boʻldi. Yerli aholi bilan xayrlashdik. Uyning egasi bizlarni yana mehmon boʻlishimizni tiladi. Biz esa unamadik. Oxiri noiloj u kishi bizlarni Amudaryogacha kuzatib keldi. Uzoq vaqt xayrlashdik. Bir-birlarimiz bilan adres almashdik. Bordi-keldi qilishni kelishib oldik.

Soʻngra ortimizga qaray-qaray yoʻlga otlandik. Uyga ham yetib keldik. Taassurotlar bir jahon, eslab turib gohida xursand va gohida xafa boʻlaman. Bir necha kun Hirot kayfiyati bilan yurdim. Oxirida oʻzim ham bir ixtiro emasu harholda quloq eshitmagan ish qilishni oʻylardim. Negadir moʻ'jiza istab qolgandim. Ana shunday kunlarning birida idoramiz nomidan bir-ikki joyga borib, Alisher Navoiyning yubileyiga biror yordam qila olasizmi, deya uyalinqirab soʻradim. Rosti gap qilayotgan ishimdan oʻzim uyaldim. Iltimos qilganlarim esa bu haqda oʻylab koʻrmasdan rad javobini berardi. Uyda mana shu xayollar bilan vaqti bemahalgacha ijod bilan shugʻullandim. Men ham Hirotdagi Aliakbar kabi elga osh berishni niyat qilgan edim.

Oʻgʻlimni Nurotaga joʻnatib, semizgina bir qoʻy opkeltirdim. Oʻzim esa bozorga tushdimu oshga kerakli masalliqlarni xarid qildim. Idoraga keldim, hammamizga ish topildi. Bir pasda qozon osildi. Peshinga borib osh tayyor boʻldi. Yoʻldan oʻtgan-ketganlarga ham osh ulashdik. Bir mulla chorlab, uluhimizning ruhlariga atab tilovat qildik. Ortib qolgan oshni bolalar uyiga eltdik. Hammamiz uyga xursand boʻlib qaytardik.

Xuddi mana shu kecha tunda ijod qilib oʻtirgan paytimda devordan bir sharpa chiqib keldi. Uning yuzi nurli edi. Soqollari esa oppoq boʻlib, koʻzlari menga muloyimgina kulib turardi. U kishi menga tashakkurlar aytardi. Men oʻzimni oʻngarolmay qoldim. Xuddi mana shu lahzada ana shu sharpa yana devorga singib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Men esa manu shu lahzada ulugʻimizning ruhlarini koʻrgandek boʻldim...»

Raim Qodir bu gaplarni menga aytib berayotganida uning koʻzlari namlanib ketgandi. Men esa jimgina quloq solib oʻtirardim.