OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiGʻirrom (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻirrom (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Uning tugʻilishi ham aslida gʻalatiroq edi. Jovli deya ism qoʻyishdi. Hamma irim-sirimlar qilindi.

Jovli yigʻloqi chiqdi. Uning beshigini doim tebratib turish kerak. Boʻlmasa, yana yigʻlaydi. Opasi va akalari uning xarxashalaridan bezor boʻldi. Otasi tajanglashdi.Onasining yuragi zada boʻlib qoldi.

Qorni toʻysa ham ovozi oʻchmasdi uning. Doʻxtirga koʻrsatishsa, hamma joyi soppa-sogʻ. Yanayam ishonmay tabibu qoʻshnochga eltishdiki, ular ham ismi-rasmini qiladiki bari bir foydasi boʻlmaydi.

Jovli yigʻloqiligicha qolaverdi.

Shu zaylda u ulgʻaya boshladi. Birovning qoʻlidagi neki unga ma’qul koʻrinsa Jovli oʻsha narsaga egalik qilgisi kelardi. Matohni olsagina koʻngli tinchlanardi.

Uning fe’li oiladagilardan hech birinikiga oʻxshamasdi. Bundan hatto otasi ham hadiksirardi.

Jovli akalarining qilmishlarini otasi ishdan kelishi bilanoq aytib berardi. Shunda otasi onasiga qarab, «Xotin, mana shu bolang hali koʻp balolarni boshlab kelmasa goʻrga edi. Mushtdan boshidan chaqimchilik qilishini qaragin,» derdi.

Onasi esa « Hali bachcha-da, katta boʻlsa bosilib ketadi. Yosh bola qiziqadi-da,» – deydi.

Soʻng eru xotin oʻgʻliga nasihat qila boshladi: « Bolam, sen akalaringni chaqmagin,birovni boshqalarga yomonlab koʻrsatma. Oʻzingga ogʻir boʻladi. Bu ishning oxiri bexayr, bolam.»

Mana shu nasihatlar ham Jovliga kor qilmadi. Albatta, yosh bola sekin-asta oʻzini oʻnglab ketar. Lekin boshdanoq pand yeya boshladi. Masalan, koʻchadagi bolalar Jovli bilan oʻynamay qoʻydi. U davralarga kelishi bilan bolalar qoʻllaridagi oʻyinchoqlarini yashirib qoʻyishardi. Hattoki, qizchalar ham u bilan oʻynashni istamasdi. Qachonki, u ketsagina oʻyinchoqlarni qaytadan olib oʻyinni boshlardilar. Ular Jovlini orqavoratdan «Chaqimchi, gʻirrom,» – deya masxara qilishardi.

Jovli qoʻshni koʻchadagi bolalar bilan doʻstlashmoqchi boʻldi. Ular bilan oshiq oʻynadi. Durang boʻldi. Ertasiga yana oʻyin. Jovli bolalarning koʻp tangalarini yutib oldi. Soʻng u magʻlub bolalarni ortidan ergashtirib, ularga Ziyod attornikidan saqich, hushtak olib berdi. Hamma bolalar uni maqtab-maqtab uyiga tarqaldi.

Ertasi kuni oshiq oʻynab oʻtirgan bolalarning yoniga toʻrt-beshta oʻsmirlar keldi. Ular oʻyinni sinchkovlik bilan kuzatib turadi. Jovli esa nash’a qilib oʻynardi. Xursand negaki yutmoqda. Oʻyin oxirlab qolgan, Jovli tangalarni choʻntagiga solayotgan vaqtda, tomoshabin oʻsmirlardan biri uning soqqasini ushlab oldi. Va aytdiki: «Jovli sen gʻirromchisan. Oʻyin halol boʻlmadi. Soqqangga ishlov bergansan. Ichida qoʻrgʻoshin yoki temir bor.»

Jovli esa: «Garov oʻynaymiz. Men gʻirrom qilmadim. Halol yutdim. Agarda gʻirromlik qilgan boʻlsam, yutgan pullarimning hammasini egalariga qaytarib beraman.» – dedi. Ular garov boylashdi.

Soqqa oʻrtada sindirilib, maydalandi, ezildi. Uning ichidan kutilgan matoh – qoʻrgʻoshin chiqdi. Shundan keyin bolalar Jovlini oyogʻidan tutga osib, choʻntagidagi barcha tangalarini qoqib olishdi. Ogʻziga saqich solishib, hushtak chaldirishadi. Uni shu tarzda sazoyi qilib, bu koʻchaga kelmaslikka ont ichirishdi.

Jovlining bu ishidan akalari xabar topib otasiga aytmoqchi boʻldilar. Biroq u akalariga yalinib-yolvorib, shirinkomalar berib bu gapni otasigayam, onasigayam aytmaslikka koʻndirdi.

Jovli maktabda ham shu taxlitda oʻqidi. Soʻng joʻrasi Abdujalilga qasd qilib muallimlikka oʻqimoqchi boʻldi. Kirolmadi. Keyinchalik Ibroyim degan ota qadrdoni uni Qarshida hisobchilikka oʻqitdi. Ishga ham joyladi. Ibroyim uni shogirdlikka oldi. Uyidan joy berdi. Xonadon egasining qizlariga tegajogʻlik qilganidan keyin gap-soʻzni oʻrmalatmasdan Jovlini hovlidan chiqarib yubordi.

U biroz muddat Qarshida sanqib yurdi. Noiloj qishlogʻiga keldi. Opasi erga tegib ketgan. Akalari uylanib, bola-chaqa orttirgan. Chol-kampir esa qarib qolgan.

Uni uylantirish taraddusiga tushishadi. Avval oʻzidan soʻrashadi. Xolasining qizini olmoqchi ekanligini aytadi. Otasi qattiq turdi. Olmaysan, otasining tayini yoʻq, dedi. Soʻng onasi kishibilmas Haqberdi maxsumnikiga bordi. Oʻrtanchi qizining qoʻlini oʻgʻliga soʻrab koʻrdi. Oʻgʻlini esa bor baraka, deya maqtaydi. Xullas, ikki tomon bir-biriga ma’qul tushib, oʻrtada qudachilik boʻldi.

Jovli Haqberdi maxsumning qizini eshitgan edi-yu, lekin koʻrmagandi. Opasi unga boʻlajak kelinning rasmini koʻrsatdi. Suratdagi qiz yigitga ma’qul boʻladi.

Belgili qilingach, Jovli ham soqol-moʻylabini olib, atirlarni surtib tadbir-anjumanlarga boradigan boʻlib qoldi.

Oxiri Jovli kelinga elchi joʻnatdi.

Uchrashuv belgilandi. Kechki payt u Ziyod attorning doʻkonidan atir, upa, roʻmolcha xarid qilib, soy yoqalab belgilangan vaqtda aytilgan manzilga yetib keldi. Bedapoyada yotib, uyni kuzatdi. U ancha vaqt kutdi. Qayligʻi baribir kelmadi. Izza boʻldi. Shunda Jovli qoʻlidagi sovgʻalarni shaftolining shoxlariga osib, iziga qaytdi. Qayligʻidan ranjidi. Uyiga keldi-yu oʻringa oʻzini tashladi-da, dong qotib uxladi. Ertalab turib kechagi kunini yana qaytadan tahlil qilib chiqdi. »Bu yogʻi oz qoldi-ku, baribir qoʻlimga tushasan, maxsumning qizi,» deb oʻyladi.

Tomorqasida oʻt oʻrib oʻtirganida qoʻshnisi - Gulshan xolaning Norchuchuk degan qizi Jovlini imlab chorladi. U esa istar-istamas boʻlib Norchuchukning oldiga keldi.
-Jovli aka, sizni Hurmatoy yangam chaqiryapti,- dedi Norchuchuk iymanibgina.
-Hurmatoy yangang, kim u ? – deydi Jovli atay qoʻrslik bilan.
-E-y, Jovli aka, qiziq ekansiz-ku! Axir u kishi sizga... – dedi Norchuchuk.
— Ha, boʻldi, tushundim, qaerda ekan u, - deydi yigit.
— Ana, buloqning boshida sizni kutayapti, - deya javob beradi qiz.

Jovli devordan sakrab oʻtadi-da buloqnning boshiga kelaverdi. Boʻlajak kelin – Hurmatoy ham indamay, yerga qarab uni kutib turadi.

Ikkalasi salomlashdi. Ancha vaqtgacha dardu hol qilib, keyin ikki yosh bir-birlari bilan kulib xayrlashishdi.

Shundan keyin ular mana shu buloqning boshida uchrashadigan boʻlishdi. Oradan bir hayit oʻtib ularning katta toʻyi boʻldi. Hamma ularga baxt tiladi. Havas qilishdi.

Jovli baxtiyor edi. Yangi roʻzgʻor tutganidan, oʻzicha mustaqilturmush yuritayotgani unga gʻalati tuyulardi. Sal oʻtib, xotini ikkalasi tomorqada ul-bul ekib, tirikchilik qiladigan boʻldi. Yangi roʻzgʻor uchun Haqberdi Maxsum buzoqli sigir sovgʻa qildi.

Jovlining bolalari yil sayin koʻpaya bordi. Xotini hadeb otasinikidan uyiga narsa tashiyverdi. Shundan keyin maxsum kuyovini Eshturdi Shoʻroga aytib, xoʻjalikka hisobchi qilib ishga joyladi.

Bolalar katta boʻlib ota-onaning qoʻlidan ishni oldi. Endi er-xotin kun boʻyi uyda oʻtirib olib, bekorchilikdan atrof-tevarakdagi odamlarning turmushi haqida gaplashib oʻtirishardi.

Falonchi bunday...

Pismadonchi unday...

Oʻrol malim xotinidan qoʻrqadi...

Xoliqdum buva kampiri – Toshbuvi momo bilan gaplashmaydi...

Davlat momo choli - Ismoil Donni quvib yuboribdi...

Kutilmaganda voqea sodir boʻldi. Jin chaldimi yoki Shayton yoʻldan urdimi yoxud boshqa sababmi, xullas, Jovli bilan Hurmatoyning orasidan gap qochdi. Xotin erini noshudlikda ayblaydi.

«Siz lapashangsiz, er boʻlib roʻzgʻorni eplolmayapsiz. Otamnikidan narsa tashib, qoʻllarim tolib ketdi. Bolalar katta boʻlib qoldi. Oʻzingiz ham bunday harakat qilsangiz boʻlmaydimi? Tokaygacha otam sizni suyab-koʻtarib yuradi. Atrofdagi hamsoyalardan sal boʻlsayam uyaling. Hamsoya-tevarak ham ustingizdan kulyapti. Sizday landavurga tekkanimga oʻzim ham hayron boʻlyapman.»

Jovli xotinining barcha gaplarini jim oʻtirib eshita olmadi. Chiday olmasdan, uni qulochkashlab urdi. Xotini koptokday uchib xonaning bir burchagiga borib tushdi.
-Oʻv, enagʻarning bolasi, - dedi Jovli. – Ichingda shuncha darding bor ekan. Nega shuni oʻz vaqtida atmovding. Sendan yaxshilik chiqmas ekan. Shuncha yil yashab...

Boshqa gap aytmaydi-yu, Jovli Hurmatoyni yana bir-ikki turtkiladi. Hovuri bosilguncha xotiniga baqirdi. Soʻng supaga borib yotdi. Qayragʻochlarning shohlarida oʻynayotgan chumchuqlarni tomosha qildi. Bu orada esa xotini otasiga qizlari orqali xabar joʻnatdi. Jovli katta qiziga aytib, chalob bilan non opkeltirdi. Qorni tuyib, uxlaydi. Bir mahal itning vovullaganidan uygʻonib ketdi. Qarasaki, qaynotasi – Haqberdi maxsum eshagini niqtab uy tomon kelyapti. Irgʻib oʻrnidan turdi. Peshvoz chiqib, ikki bukilib:
-Assalomu alaykum, ota, xush koʻrdik, - dedi.
— Xush koʻrmasangiz ham keldik, - dedi Haqberdi maxsum.

Jovli epchillik bilan eshakning noʻxtasini arqon aralash tutdi va qaynotasining qoʻlidagi xalachoʻpini olib, oyogʻini uzangidan astagina uzdi. Soʻng eshakdan tushirib oldi. Jovli eshakni simyogʻochga qantarib qoʻydi. Yoʻl boshladi.
-Qani, ota, marhamat yuring. Charchamasdan keldingizmi? Enam yaxshimi, ukalarim, singillarim, jiyanlarim hammasi yaxshi yuribdimi? Nimaga ularni olib kelmadingiz. Issiqlar bilan charchamadingizmi? – deya Jovli uni savolu soʻrovga koʻmib tashladi.
-Qani, bolam, choʻmich bilan buvangning qoʻliga suv qoʻy-chi. Margʻuba qizim sochiq opchiq. Yuring ota, itdan boxabar boʻling. Bu yomon chiqdi. Oʻzinikiniyam, oʻzganikiniyam bilmaydi, - deya Jovli javray boshladi. – Tashqarida, supada oʻtira qolamiz. Yaxshi joy, shabada esib turibdi.

Haqberdi maxsum qoʻlini artib sekingina supaga oʻtirdi. Kuyovi yana gap boshlamoqchi edi. Qoʻli bilan «toʻxtang» deya ishora qildi.
-Kuyov, - dedi Haqberdi maxsum. – Erkak kishi ayolga qoʻl koʻtarmaydi. Bilasiz, ayollar moʻrt boʻladi. Men sizga qizimni urib, mayib qilish uchun berganim yoʻq. Ana Eshturdi Shoʻroga aytib sizni qamattiraman. Yaxshilikni bilmas ekansiz. Bola-chaqa. Koʻrsatilgan xizmatlar...

Jovli gapni shu yerda choʻrt boʻladi:
-Ey, ota sizga nima boʻldi. Qizingizning fe’li aynigan, qorinogʻriq tegib, uyda bukchayib yotibdi. Uy ivirsiq, unga bosh suqib boʻlmaydi. Sizniyam tashqarida olib oʻtirishimning sababiyam shu axir. Uyga oʻzimning ham kirgim kelmaydi. Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi, deganlari rost ekan. Keling, ota sizniyam oʻzimiz tutib oʻtirgan roʻzgʻorimiz bilan tanishtiray. Qolganini keyin oʻzingiz bilib olaverasiz.

Jovli shunday deya Haqberdi maxsumni uyga boshlaydi. Birinchi boʻlib xolodilnikni ochadi. Ochadi-yu Jovli burnini sochiq bilan toʻsadi. Xolodilnikdan turli-tuman hidlar taralib, uyda odam oʻtirib boʻlmas vaziyat vujudga kelgandi.
-Mana ahvol, bu jonivor shu yerga kelganidan beri yuvilmagan. Sassigʻiga odam turib boʻlmaydi. Qizingizning esa bunga qaragisi kelmaydi, - deydi kuyovi maxsumga yuzlanib.

Ular yana gaz plitaning oldiga keldi. Jovli yana gap boshladi:
-Qishloqda hamma oʻchoqda oʻtin yoqsa, mana bizda gaz. Lekin ahvolni qarang. Moy oqib, qurum bosib yotibdi. Yaqin yillar ichida bu bechoraga suv tegmagan. Qizingiz bunga qaramaydi.

Ular endi boshqa bir xonaga kirishdi. Jovli epchillik bilan taxmondagi koʻrpa-yu koʻrpachalarni yerga agʻdardi. Yana qaynatasiga qarab uqtira boshlaydi:
-Mana qarang, bularning yagʻiri chiqib ketgan. Uyga mehmon kelsa uyatdan qizarib oʻlaman. Ularning tagiga tushashga biror tuzukroq koʻrpacha topolmaysiz. Enadan koʻrgan toʻn bichar, deydi. Buyam qiz oʻstiryapti. Lekin qizingiz bularga mutlaqo e’tibor bermaydi.

Ular uchinchi xonaga kirishadi. U yerda qozon-tovoq hammasi yuvilmasdan sochilib yotardi. Laganlarda qolgan ovqatlarni chivin bosib yotardi. Kosa-tovoq, choynak-piyola va boshqa idishlar shunchalik kir boʻlib ketgan ediki, uni ta’riflashga ham xojat yoʻq. Supra ham bir chetda ochilib yotardi. Yonidagi oʻqlovni olib Jovli yana javraydi:
-Ota, mana ahvolni oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Bu uyda birortayam toza matohni topaolmaysiz. Agar topsangiz mana meni itning oldiga bogʻlang. Qizlarim, bolalarim katta boʻlyapti. Ertaga ular qanday odam boʻlarkan, deyman. Uydagi ahvol esa bu. Toʻxtang, mana bu oftobani qarang...

Jovli shunday deydi-da, irgangandek oftobaning baldogʻidan oʻqlovni oʻtkazadi:
-Mana shu oftobada ham odam qoʻl-betini yuvishi mumkinmi? Mehmonning qoʻliga shu oftobada suv qoʻyishning iloji bormi? Yoʻq. Odam uyalasan. Qizingiz esa bunday narsalarga xali-beri qaraydigan emas.

Jovli shu gaplarni aytdi-da oftobaning baldogʻidan oʻqlovni sekingina chiqarib oladi.
-Boshqa xonalarga kirib oʻtirmaylik, ota. U yer bulardan ham rasvo. Koʻrmang ham, kuymang ham. Sizga rahmat ota. Menga shunday qizingizni berganingiz uchun. Sizdan bir umrga minnatdorman. Qizingizga salgina nasihat qilib qoʻysangiz bas... Yana yurar yoʻlimizni topib ketamiz, - dedi Jovli.

Haqberdi maxsum shashtidan allaqanchonlar tushgan. Boshini qoʻyi egib, eshagi tomon yurdi. Kuyovi «oʻtiring, ota, choy ichamiz», desa ham e’tibor bermasdan yoʻlida davom etadi. Kuyovi xalachoʻpni olib, eshakning uzangisini bosib turdi. Maxsum oyogʻini uzangiga soladi-da, irgʻib eshakka mindi.

Jovli yuzini gʻamgin qilib qaynotasiga tikildi. Qaragan odam uning yuzidan nedir ma’no oʻqishi lozim edi. Biroq Haqberdi maxsum unga e’tibor qilmaydi.
-Odam koʻrganim yolgʻon ekan, - deya sekingina eshagiga xalachoʻp bosdi.

Jovli boshini ham qilib uyga keladi. Supachada esa xotini otasining ortidan xayolga tolganicha qarab oʻtirgan edi.

Maxsum esa sallasini toʻgʻrilaganicha eshak ustida ketib borardi...