OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiHamro bobo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hamro bobo (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Xabar keldi. Emishki, Hamro boboning kampiri qazo qilibdi. Ertaga peshin mahali chiqarishar ekan.

Poʻlat azonlab yoʻlga otlandi.Hamro bobo uning otasi bilan oshno edi.Qiyomatli doʻst boʻlishgan. Poʻlatning otasi qazo qilganidan keyin ham bu oilalar oʻrtasida bordi-keldi uzilmadi. Toʻy-ma’rakalarda ikki tomon bir-birlarini izlashadi.

Samarqandning Turkman qishlogʻida Hamro boboning obroʻ-e’tibori zoʻr. Toʻgʻri, bu obroʻning bari birdaniga paydo boʻlib qolgani yoʻq.Ota-onadan erta yetim qolish, ketmon chopish va boshqa hayot tashvishlari kabi bir qadar yumushlar uning boshida bor edi. Hamro bobo mehnatdan qochmadi va astoydil ishladi. Muomilasi yaxshi edi. Suhbati zoʻr ediki, bir gaplashgan odam yana qaytib gurung qilsam, deb armon qilardi.

Hamro bobo joʻraboz odam. Tevarak-atrofda tanishlari koʻp. U hammasining koʻnglini topardi. Dasturxoni ochiq edi. Xizmati beminnat. Boboning kampiri ham shunday himmatli ediki, undan uyalardi.

Ana shu kampir qazo qildi.

Poʻlat janozaga peshindan ancha ilgari yetib keldi. Azaxonaga yaqinlashgani sari yuragi hapqirib ketaverdi. Tumonat odam. Eshik oldida momoning oʻgʻillari turibdi.

Poʻlat kelib astagina hamdardlik bildirmoqchi edi. Hammasi yigʻini boshladi. Poʻlat ham ularga qoʻshilib yigʻladi. Uni oʻzlarining xos odamlari hisoblab ichkariga opkirishdi.

U yerda momo yuzlari ochiq, jagʻlari tangʻilgan, koʻksiga bir-ikki dona gul qoʻyilgan, koʻzlari yumuq yotardi...

Poʻlat momo bilan jimgina xayrlashdi. Koʻziga yosh keldi. Tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi. Soʻng astagina tashqariga chiqdi.

Kun sovuq, shamol uvillardi. Poʻlat tashqarida qoʻl qovushtirib oʻtirdi. U odamlarning orasidan Hamro boboni qidira boshladi. Bobo esa koʻrinmasdi. Ancha vaqtlar oʻtganidan keyin bobo izdihomning ichidan yurib kelardi. Boshida telpak, egnida chopon, yurishlari esa parishon edi. U ohistagina kampiri yotgan uyga kirdi. Picha fursat oʻtib, uydan qaytib chiqdi. Boboning koʻzlari nam edi.

Bobo osmonga tikilib turdi. Yana qaytib kampiri yotgan uyga qaradi. U orzu-yu armonlari va shu bilan birgalikda kampiri bilan ham xayrlashayotgan edi. Hammaning koʻzi boboda edi. Shunday boʻlsa-da, u oʻzini yana qaytib, odamlar orasiga urdi.

Janoza oʻqilib, tobut koʻtarildi. Tobut odamlarning yelkasi uzra qalqib qabriston tomon yoʻl oldi.

Kampirni lahadga qoʻyishdi. Soʻng mozorga tuproq tortish boshlandi. Ana-mana deguncha doʻppaygan qabr paydo boʻldi. Hamma joy-joyiga oʻtirdi. Mulla tilovat qildi.

Shu paytda Poʻlat Hamro boboga koʻz tashladi. Bobo bolalarining oʻrtasida kampirining qabriga tikilganicha xayolga choʻmib oʻtirardi. Izgʻirin shamol esa uning soqollarini silkitardi... Boboning koʻzlaridan yosh sizib kelardi... Bobo avval boshini sermadi, soʻng taqdiriga tan bergandek, kallasini irgʻab, qoʻllarini duoga ochdi. Fotiha qildi.

Oʻsha tumonot odam yana azaxonaga qaytdi. Duoi fotiha oʻqildi. Keyin hamma iziga qaytib ketdi. Faqatgina yaqin qarindoshlar qoldi.

Kechga tomon barchasi yigʻilishib, dasturxon atrofida oʻtirdi. Ovqat yeyilib, choy ichildi.

Soʻng ertangi boʻlajak ma’rakaga ketadigan sarf-harajatlar hisoblandi.

Birov u dedi, bunisi bu dedi, boshqasi esa mutlaqo begona narsani gapirdi. Shunda bobo «Dindan chiqsang ham, eldan chiqma,» deb ularning masalaga aniqlik kiritgandek boʻladi.

Yana xonaki gurung boshlanadi. Gap borib tagʻin momoga taqaladi. Har xil taxminu tusmollar aytildi.

«Hecham biror joyim ogʻridi, demasdi?»

«Tuppa-tuzuk yurgandi, nima boʻldi-yu?..»

«Kasali baribir aniqlanmadi-da?»

«Nevaralarining toʻyini koʻrsa yaxshi boʻlardi?..»

«Bolalaridan tinchigan edi. Buyam katta davlat...»

«Peshonasiga yozilgani shu ekan-da?»

Hammasining gapini shu yerga kelganida Hamro bobo boʻladi:
-Nima boʻlgandayam u mendan keyin ketishi kerak edi. U meni dovdiratib qoʻydi. Bechoraning yuki menikiga qaraganda yengilroq edi. Kampirim orqamda qolsa yaxshi boʻlardi.

Oʻtirganlarning barchasi jim qoladi.

Keyin hamma sekin-asta bobodan ruxsat soʻrab uy-uyiga joʻnadi. Uyda esa faqatgina bobo bilan Poʻlat qoldi. U boboga tasalli bermoqchi boʻlib:
-Buva, endi ogʻir boʻlsayam chidaysiz-da. Odam koʻnikadi. Men ham otamdan ajaralganimda juda yomon ahvolga tushgandim. Vaqt hammasini da’vosi ekan, - deydi.
-Poʻlat sen shunday deysanu, lekin menga vaqt qolgani yoʻq-ku. Otang mening qadrdonim edi. Yosh ketdi bechora... Lekin momong bunday qiladi deya hech qachon oʻylamagandim, - dedi bobo xoʻrsinib.
-Odamning boshi toshdan qattiq, deyishadi-ku! Baribir ham chidash zarur, buva? – dedi Poʻlat.
-Momong bilan bolalarni uy-joyli qildik. Nevaralar bor. Hammasi oʻzidan tinchigan. Hammasining oʻziga yarasha tashvishi bor. Men shu kunga yetgunimcha ozgina balolarni koʻrmadimmi? Endi oyoq uzatib, mazza qilib yashayman, degan paytingda kutilmagan zarblarga duch kelarkansan, - dedi Hamro bobo.
-Sizning roʻzgʻoringizga hamma havas qiladi-ku, buva. Yoki odam qariganida koʻngil yana boshqa narsalarni ham tusab qoladimi? – deya soʻradi Poʻlat.
-Bilasanmi, qariganingda senga vaqt yetishmas ekan. Xatolarni toʻgʻrilayman deysan. Yana nedir savob ishlarni qilmoqchi boʻlasan. Tinim bilmay yugurasan, lekin foydasi yoʻq. Vaqt esa oʻtgan boʻladi.

Bu roʻzgʻorni songa kiritgan momong boʻladi. U bechorani men oʻzigayam, birovgayam maqtamaganman.

Momong meni tushunardi. U bilan yashagan kunlarimga ham mingdan ming roziman. Yaratgan egamga shukr aytaman. Sen aytganday tevarakdagilar roʻzgʻorimga havas qiladi. Xudoga shukr. Lekin buning oʻzi boʻlgani yoʻq, uka, - dedi Hamro bobo.
-Armon yoʻq ekan-ku, buva. Qaniydi, haamayam sizday yashasa. Nimasi yomon? – dedi Poʻlat.
-Armonsiz odam bu dunyoda yashamagan boʻlsa kerak. Yana tagʻin bilmadim. Lekin mening armonim yoʻq. Buni hech kimga aytolmayman, - dedi bobo.
-Tushunish qiyin buva? – dedi Poʻlat.
-Bilmadim, - dedi Hamro bobo xotirjam, – odam yoshi oʻtgani sayin goʻyoki miyasi, aqli toʻlishgandek boʻlib boraverar ekan. Eng yomoni atrofingdagi tengqurlaring, maslakdoshlaring birin-ketin seni tark etganidek, sen ham oʻzingni keraksiz odam deb hisoblay boshlar ekansan. Eng dahshatlisi shu ekan.
-Buni qanday tushunish kerak?
-Juda oddiy, - dedi Hamro bobo, – mana mendan misol. Endi men hech kimga kerak emasman. Umrimni yashab boʻldim. Yana qancha yashayman bu menga qorongʻu. Birovga ogʻirligim tushmasligini xohlayman. Toʻgʻri, oʻgʻillarim, qizlarim, nevaralarim bor. Koʻchaga tashlab qoʻyishmaydi. Lekin ularning oʻz yoʻli va yoʻrigʻi bor. Ulardan ham roziman. Rostini aytsam, men oʻzim zerikdim. Paymonam toʻlishini kutib turibman.

Poʻlat hech narsa demadi. Suhbat esa mana shu yerda tugadi.