OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiInoyat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Inoyat (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Sochlari toʻzgʻin juvon goʻdagini koʻksiga mahkam quchganicha uzun roʻmolini shamol tortqilayotganidan bexabar yana ortidan bir oʻgʻlini ergashtirib, ilonizi soʻqmoqdan soy tomon enib kelayotgan edi. Ayolning boshi egik, boʻgʻziga yigʻi tiqilgan. Eri bir paytlar otdan yiqilib oʻlgan. Shoʻrlik beva qoldi. Endi esa u ikki bolasini olib otasinikiga kelyapti. Moʻl yoʻl yurganidanmi yoki boshiga tushgan koʻrgulikni oʻylay-oʻylay miyasida paydo boʻlgan ogʻriq ta’siridanmi ne qilarini bilmay, bor alamini ortidan ergashib kelayotgan oʻgʻli – Inoyatdan olmoqchi boʻladi: «Tezroq yursang oʻlasanmi, yer yutkur!» Bola onasining qahridan dovdirab, bazoʻr chopqillaganicha tenglashib yuradi-yu yana susayadi. Ayolning qoʻlidagi goʻdak ham gʻingshib qoʻyadi. Ovutishiga qaramay yigʻlaydi. Ona emizish uchun soʻqmoq chetiga oʻtirdi. Goʻdakka koʻksini tutadi. Ona ogʻir tin oldi.

Inoyat ham atrofga mahzun nazar bilan qarab turganicha goʻyo barcha charchoqlarini bir nafasda chiqargandek qattiq uf tortdi. Uning silkinb tushgan yelkasiga onasi turtkiladi.

« Nega uf tortasan, mushtday boshinga –ya?! Kim qoʻyibdi, senga?... Yoʻq, bolam gapimga xafa boʻlmagin. Yosh bolaning uf tortishi yaxshilik alomati emas. Bu narsa behosiyat hisoblanadi. Hali sen bunday narsalarni sogʻinmagin. Otang rahmatli qazo qilganida men chuqur uf tortgan edim. Shunda mening yuragim kuygan edi. Hozir shu ahvolda otamnikiga borsak, u yerda buvang bilan momong ham shunday uf tortishadi. Oʻgʻlim hali sening boshingga bu qari dunyoning koʻp savdolari tushadiki, ularni koʻrib boshing aylanib qoladi...»

Oʻgʻil onasining nasihatini indamasdan boshini quyi egib eshitardi. Uxlab yotgan goʻdakni koʻksiga bosib, ona yana yoʻlida davom etdi.

Ular jinkoʻchalar oralab, qishloqqa kirib borishayotganida qoʻni-qoʻshnilar devorlardan boshlarini chiqarib ularni kutib turgandek qarab turishardi. Inoyat buvasining hovlisida yashashga tezda koʻnikib ketdi. Hovlidagi daraxtlar, qushlar, imoratlar va boshqa narsalar uni avvalgidek hayron qoldirmasdi.

Buvasi uni eshagiga mingashtirib, adirdagi choʻpon-choʻliqlarning oldiga opkelardi. U yerda buvasi Xurram oqsoq, Togʻoshar va Oʻrol karvon kabi oshnolari bilan biroz dunyodan, ozroq odamlardan, yana ekin-tikindan gurung qilishardi. Inoyat esa adirning terskay betlarida qoʻylarini oʻtlatib yurardi.

Inoyatning tili chiqmagan edi. Tangri unga zabon ato etmagandi. Eshitgan soʻzlarini tushuna olardi-yu biroq oʻziga soʻzlash navbati kelganida gapira olmasdi. Shuning uchun koʻcha-kuydagi bolalar ham u bilan oradagi munosabatlarini uzib keta boshlagan edi. Buvasiga, qoʻylariga bogʻlanib qolganining sababi ham shu edi.

Sovuq arib, kunlar isiy boshlaganida buvasining eski tanishlaridan biri loʻli – Moʻtilal bobo xesh-aqrabolarini ergashtirib kelib, ular qoʻy boqadigan adiriga chodirlarini tikdi. U buvasi bilan Moʻtilal bobonikiga borganida nevaralari dasturxonga turfa xil noz-ne’matlarni qalashtirib qoʻyganida u tamshanib, soʻng esa asta-sekinlik bilan olma, mayiz va oʻriklardan bir-bir totib koʻrardi. U loʻlilarning mehmondorchiligini yoqtirardi. Inoyatni loʻli boboning dasturxonidagi anvoyi ne’matlar emas, balki chodir atrofida oldi oyoqlariga bosh qoʻyib, jimgina yotuvchi bahaybat itlari, oyoqlaridan chodirning qoziqlariga bogʻlangan xoʻrozu tovuqlar va qop-qora loʻli bolalarning yarim-yalongʻoch holda shataloq otib yugurishlari jalb etgandi.

Moʻtilal boboning xotini, qizlari, kelinlari va nevaralari har tong yelkalariga toʻrvalarini osganicha tayoq tutib qishloqning jin koʻchalariga kirib ketishardi. Musulmon bandasi borki, eshigidan sadaqa soʻrab kelgan loʻlini quruq chiqarib yubormasdi. Ba’zi odamlar esa ularni uyiga chorlab, oldilariga dasturxon yozib, non-na’mak ulashardi. Kechga tomon esa ular uylariga kelishardi-da toʻrvalaridan narsalarni olib barchaning koʻz oʻngida xizmat va himmatlariga yarasha ulashardi. Moʻtilal boboning « qoʻshinlari»ni qishloq bolalari masxaralab, ortidan toshlar otishardi. Hatto ularga atab nazmda bitilgan ayni ashulani ham aytishardi.

Moʻltoni momom qalaysiz,

Chakki bersam yalaysiz,

Ketingizga bir tepsak,

Kuchuk boʻlib talaysiz.

Shunda Moʻtilal boboning kampiri qirning ustida xuddi qaroqchilarga oʻxshab saf tortib turgan bolakaylarga qarab derdiki: « Ey, bachalar qahrim yomon, qargʻasam enalaringning emchagi tushib qoladi.»

Ular bolalarning barcha qiliqlari ustidan kulganday yoʻlida ketaverishardi. Goʻyo ularning masxaraomuz qiliqlari loʻlilarning oyogʻi ostiga toʻshalgan poyondoz.

Inoyat qishloq bolalarining joʻraboshisi – Donishni tutib olib urdi. U kaltakni yeb boʻlgach, sal nariga oʻtib, sheriklarining orasida qaddini gʻoz tutganicha Inoyatga nutq irod qila boshladi:

«Sen soqovda gap koʻp, moʻltonilarning qoʻriqchisi. Moʻtilal senga qizini beradi. Buvang bilan Moʻtilal kelishib olgan. Hozir Shodiya chodirida sochlarini tarab, qachon Inoyat kelarkan, deb koʻzi toʻrt boʻlib seni kutib oʻtiribdi, bor, tezroq yugur, meni urgan qoʻllaring bilan uning sochlarini silab qoʻygin...

Hali koʻrasan, oʻsha jonon seni nikohiga oladi. Sen esa soʻfitoʻrgʻayday oyogʻingni osmonga tirab, Shodiya topib kelgan narsalarni saralab yeysan...»

Donish gapirayotgan gapini oxirigacha yetkiza olmadi. Uni Inoyat gʻazab bilan quvalay ketdi.

Bolaning yuzidan gʻazab arib, birdaniga xurramlik yogʻiladi. Xayolida esa Moʻtilal boboning suluv qizi – Shodiya qad rostlaydi. Uning qop-qora, chiroyli chehrasi, soʻngra tim qora sochlarini koʻz oʻnggiga keltiradi-yu uyalinqirab oʻzining qadoq qoʻllariga nazar soladi. Buvasi aytgan ediki, loʻlilarning odaticha, kelin kuyovni xuddi chaqaloq kabi oq namatga yoʻrgaklab «Men ushbuning uvol-savobini boʻynimga olaman, buning uchun Xudoning va bandasining oldida qarzdorman,» der ekan. Yana bundan tashqari u bir marta togʻasinikiga borganida yangasi uzala tushib yotgan eriga qarab, «loʻlining erkagidan yotaverasizmi, turing, uyoq bu yoqqa qarang,» deya dashnom berganini yodga oldi.

Ayni xotirotni eslaganidan oʻzi ham uyaldi. Koʻngli oʻksiydi. Donishi tushmagur, miyasini algʻov-dalgʻov qilib yubordi. U xayolan loʻli qiz bilan ne-ne koʻchalarni kezib chiqmadi. Ajib manzara.

Inoyat sarxush alfozda har qanday istiholani yigʻishtirib qoʻyib, ishkomning tagiga toʻshalgan sholchaga yotib oldi. U Moʻtilal boboning odamlarini kelishini kutardi. Xudo deganicha bor ekan, ular gʻala-gʻovur bilan hovliga bostirib kirishdi. Inoyat oʻrnidan sapchib turdi-da onasi bilan buvisini yetaklab, ularga peshvoz chiqdi. Buvisi Moʻtilal boboning kampiri bilan opichlashayotganida u boshiga roʻmol tangʻib olgan Shodiyani koʻrdi-yu, shavqqa toʻlgan yuragini tutib tura olmay beixtiyor koʻzini yumib oldi. Qiz ham koʻzini undan uzib, yerga nigoh qadadi...

Buvisi ularni supaning ustiga taklif qildi. Ular ancha vaqtgacha diydorlashdi. Shunda u uydagilardan beqitiqcha anor, mayiz va yongʻoq opchiqib qizning xaltasiga solib qoʻydi.

Shu-shu boʻldi-yu u buvasi bilan Moʻtilal boboning chodirida oʻtiradigan boʻldi. Gohida u buvasining ruxsatisiz ham eshagini minardi-da, qoʻylarini oldiga solib, chodir tomon kelaverardi. Endi uni avvalgi manzaralar emas, balki chodir ichidagi malika – Shodiya oʻylantirardi. Uning diydoriga toʻymoqni istardi. Inoyat butun dunyoni unutib, qiz koʻrish niyatida muntaziru muztar boʻlib yurardi.

Bir kuni u suruvini suvga haydab kelayotganida, buloqqa tomon enayotgan qizni koʻrdi. Qizning qoʻlida chelak ham bor edi, u qizni Shodiya deya tusmol qildi. Koʻngli sezganicha bor ekan, tusmoli toʻgʻri chiqdi. Inoyat qizdan avval buloqqa tushib, hovuchlari bilan suv ichdi. Qiz kulimsiraganicha buloqning chetida turgan yigitning yoniga kelib, harsangga oʻtirdi. U qizning qoʻlidagi chelakni indamasdan oldi. Qiz ham istigʻno qilmasdan izn beradi. U chelakni sal silaroq qilib toʻldiradi-da, buloqning chetiga qoʻydi. Soʻng oʻziga kulimsirab qarab turgan malikaning yoniga oʻtirdi.

«Tilim yoʻq,» deya qoʻllarini shalviratganicha azaliy diydiyosini aytdi. U imo ishora bilan nima demoqchiligini tushuntirishga urinib, koʻzlarini javdiratganicha koʻyinib gapirardi. U asl dardini doston qilmasdan turib qizning yuziga qarab oldi. Qizning qiyofasidan unga achinganligini sezish unchalik mushkul emasdi.

Inoyat nigohini osmonga qadadi. Chuqur xoʻrsinib oldi.

«Agar tilim boʻlganida oʻqirdim, yozardim, birovni soʻkmasdim. Peshonam shoʻr ekan. Xudo meni tildan qisdi. Atrofimdagilarning oldida xoʻrlanganday sezaman oʻzimni. Koʻpchilik meni odam oʻrnida koʻrmaydi. Uyimizda ham tinchlik yoʻq. Onam yana erga tegmoqchi. Oʻgay ota baribir meni uyidan haydab chiqarib yuboradi. Mabodo, uydagilar onamni qistovga olishmasa, onam bechora erga tegmasdan, birovlarning ishini qilib boʻlsa-da, ukam ikkovimizni boqardi. Katta boʻlsam, men ham ularga yordamlashardim. Menga qiyin, esimni taniganimdan beri tilmning yoʻqligini oʻylayman. Onamga ham qiyin, u meni va ukamni oʻylaydi. Buvamga osonmas, bizlarni gʻamimizdan sochlariga oq tushdi. »

Inoyat imo ishoralar bilan shu gaplarni qizga aytdi.

Qiz bechora ham gapning nimaligini tushundi. Osmon yiroq, yer qattiq. U ham Xudo emaski, uchragan jabrdiydaning taqdirini oʻnglab qoʻyaqolsa. Nolani eshitib boʻlgach, Shodiya bolaga savol tashlaydi:

«Otang yoʻqmi?»

«Otam koʻpkaridan otdan yiqilib oʻlgan.»

«Bobong yomon odamga oʻxshamaydi-ku!»

«Sen oilamizning oʻziga yarasha sirlari borligidan bexabarsan. Ular barcha ishlarini koʻzlari bilan qoʻllariga topshirib qoʻygan. Mana shular hamma masalani hal qilishadi. Buvamning esa koʻzlari oʻtmaslashib qolgan, qoʻllaridan mador ketgan.»

Shu mahal Shodiya xuddiki oʻziga maloikalardan xabar yetganidek aztahidil deydiki:

« Ey, Inoyat, sen hadeb kuyinaverma, Xudo seni bu dunyoda til bermasdan sinab koʻrayotgandir. Narigi dunyoda kim bilsin, balki oxiratingning ta’mini uchun mana shu ishlar sodir qilingandir.»

Inoyat esa qoʻysang-chi, degandek yuzlarini burishtirganicha, ruhsizgina qoʻllarini siltadi.

«Ovutma meni. Hamma xuddi oson yoʻlini topadi-yu, bepoyon gulzorga oralatib yuboradi. Ana, qara, dunyo goʻzal, yuragingni keng qil, tilingning qisqaligi chikora degan sha’malar bilan aqlimni lol qoldirmoqchi boʻlishadi. Biroq oʻzlarini shu gulzorning tikonlari sanchib tursa-da undan bexabardek yurishadi.»

Inoyat dardini toʻkib solmasdan turib, qizbetoqat boʻlaveradi. Joʻnashi kerak. Chodirdagilar qizning xayollab qolganidan xavotir olishlari mumkin. Oshiq esa ma’shuqning chelakka uzatilgan qoʻllarini ohista suradi-da, suv toʻla paqirni qaddini gʻoz tutganicha koʻtarib, yoʻl boshlaydi. Ancha yurilgach, nafas rostlash uchun suvli chelak yerga qoʻyiladi. Ma’shuqaning qoʻli yana uzatiladi. Oshiq boz malikaning ilgidan tutadi. Shu payt orada andak jimlik paydo boʻladi. Kutilmaganda qiz kamzulining kissasidan bir dona suratni oladi-da unga uzatib, aytadiki: «Inoyat, mana buni ol, senga esdalik uchun berdim. Avaylab asrab yurgin.»

Bolaning boʻgʻziga sevinch tiqiladi. Kulgidan, xursandligidan lab-lunjini yigʻishtirolmay qoladi. Rasmda Shodiyaning nimtabassumli yuzi balqib turardi. U suratni qoʻllarida tutganicha dunyo topgan devonadek angrayib qolgandi. Inoyat oʻzini qizdan surat emas goʻyo hech qachon uzib boʻlmaydigan qarz olgandek his qilardi. U chindan ham rasmingni men baxti qoraga tortiq qilyapsanmi, degandek qizga tikildi. Ma’shuqa ham xuddiki, oʻzim sening xasming boʻlolmasam-da, buni senga in’om qildim, degandek koʻzlari chaqnab: «Bahuzur olaver, Inoyat. Senga esdalik uchun berdim-ku axir» – deya soʻz qotdi.

«Agar undan boʻlsa, men ham senga suratimni beraman.»

« Mayli, ertaga xuddi shu payt buloq boshiga kelaman. Shu paytda opkelsang, berasan.»

Kun ogʻganida suruvini uyiga haydab keldi-da qoʻraga qamab, yuz-qoʻllarini yuvib, ovqatlanish uchun dasturxon boshiga oʻtirdi. Tamaddi qilib olgach, sandiqni ochib, kattakon xaltadan suratlarni oldi. Hammasini yerga toʻkdi. Rasmlar bir-birining ustida qalashib yotardi. Suratlarning eng ustida otasi, onasi va oʻzining goʻdaklik paytida tushgan rasmlari turib qolgan edi. Uni avaylab oldida koʻzlariga yaqinroq tutdi. Qarab tuymaydi. Rasmni yuziga bosganicha yigʻlab yubordi. Eshik ochilib, xonaga onasi kirib keldi. U esa yigʻlaganicha suratni yuziga bosib turaverdi. Onasi ham unga qoʻshilib koʻzyoshlarini toʻkdi. Ona-bola suratlarni tomosha qila boshladi.

Inoyat oʻzining yakka holda tushgan rasmini topa olmadi. Axiyri, gʻarq pishgan olma daraxtining tagida koʻzlarini olislarga tikkanicha tushgan rasmini tanlab olib qoʻnjiga tiqdi. Onasi bolasining bu ishidan hayron boʻldi. Inoyat darhol bu ishiga javob hozirladi: « Men bu bilan Moʻtilal boboning kampiriga fol ochtiraman. U menga sening tilingni chiqaraman, dedi. Undan keyin sizga kelin opkelaman. U sizlarga xizmat qiladi, non yopadi, osh pishiradi. Uy quramiz, sizga uyning toʻridan joy solib beramiz, maza qilib dam olasiz. »

Ona oʻgʻlining muddaosini tushunadiki, uni bagʻriga bosib yigʻlaydi. Onaning koʻzyoshlari bolasining yuzlarini yuvib oʻtardi.

Adirga quyoshning nurlari bilan birga Inoyatning suruvi ham kirib keldi. U buloqning suviga nonini botirib yedi. Vaqt uning nazdida shunchalik imillab oʻtardiki, ichi toriqqanidan nima qilarini bilmay, oʻzini ovutish uchun tayogʻi bilan buloqdan oqib chiqayotgan suvlarni har tarafga taray boshladi. Hayriyatki, uzoqdan Shodiyaning qorasi koʻrindi. Qush emaski, malikasi buloq tomon qanot chiqarib uchib kelsa. Keladigan manzil aniq, andak sabr qilsa, olam guliston.

Shodiya bu safar qoʻlida chelak bilan emas, balki sarpo bilan kelibdi. Sarpoki, bir doʻppi, bir toʻn, bir belbogʻ. Hammasi yakkash. Qiz negadir ma’yusroq va mahzunroq koʻrinadi. Inoyat hayronlik bilan «tinchlikmi?» deya soʻroqladi.

Qiz esa shunda gap boshlaydi: « Sen Xudoga yutqizganing yoʻq, Inoyat. Ana xudoga yutqizganlarning ahvoli, koʻryapsanmi, u har doim boʻzlab yuradi. Soʻfitoʻrgʻay bir paytlari soʻfi boʻlgan ekan. Kunmas-kun uning sirlari fosh boʻlib, dashtu biyobonga badargʻa qilinibdi. Oʻshandan beri u choʻlda boʻzlab yurar ekan. Sening chekingga tushgan tilsizlik hali hech narsa emas. Axir bu dunyoda tili bor odamlarning koʻpi sariq chaqaga arzimaydigan narsalar haqida vaysab yuradi-ku! Hattoqi, tili boʻlsa-da oʻzi bir chaqaga qimmat. Inoyat sen faqat sabr qil. Oʻshanda bir iloji topiladi. Yaratgan joningga toʻzim bersin.»

Shodiya soʻzini tugatib, jim qoldi. Inoyat qoʻynidan gʻarq pishgan olmaning ostida nigohini olis-olislarga tikkanicha tushgan oʻsha suratini iymanibgina Shodiyaga uzatadi. Uning qaltirab uzatilayotgan qoʻllaridagi rasmni qiz shartta yulqib oladida, sharaqlab kuladi. Biroq suratni koʻrib, undagi mungdan qiz ham jim qoladi. Xayollarga choʻmganicha uzoq vaqt boshini quyi solib turadi. Bu paytda borliq ham sukut saqlayotganligi rost edi. Shodiya oʻrnidan turdi. Xayrlashish fursati kelgandi. Ikkisining orasi ikki qadam. Ikki qadamdan soʻng...

Yoʻq, u qolganini oʻylashga ulgura olmadi. Tortinchoq qiz yeldek kelib, oshiqning yuzidan boʻsa oldi-yu yana yeldek qaytdi. Ayni hodisa sabab, ikkisining ham yuzlari loladek qizargan edi.

«Xayr, Inoyat.»

«Xayr, Shodiya.»

Uyga qosh qorayganda kirib kelgan Inoyatning yoniga ukasi kelib, Moʻtilal bobo uydagilarimiz bilan xayrlashib ketdi. Sizni koʻp kutdi. Kelmaganingizdan keyin yana qaytishdi dedi.

U uyga ham kirmasdan ogʻilxonada Shodiya bergan sarpolarni kiyib, Moʻtilal boboning chodiri tomon yoʻl oldi. Yetib kelib koʻrdiki, chodir oʻrnida faqatgina eski-tuski narsalar qolgan.

U koʻzlarini xuddi suratga tushgani kabi olis manzillarga tikdi. Qoʻynidan Shodiyaning rasmini olib, sekingina yuziga bosdi. Undan bir toʻn, bir doʻppi, bir belbogʻ va bir surat yodgor boʻlib qoldi. Va yuzida esa oʻtli boʻsa qoldi. Hammasi yakkash. Mana adirda ham yakka oʻzi qoldi.

Zamin peshonasidagi ajindek taram-taram boʻlib yotgan mana shu ilonizi soʻqmoqlardan onasi bilan buvasinikiga kelgan edi.

Ufqqa boqqanicha unsiz pichirlaydi: « Ey, Xudo, mening yozugʻim ne ediki, tilsiz yaratding. Zabon ato etsang haqqing ketarmidi? Mening koʻzyoshlarimdan senga ne naf?

Ey, falak, sen mendek odamlarning qanchalaridan nolasini eshitgansan. Hech qaysisiga javob bermaysan. Jimsan.

Ey, falak, nahotki senda ham menga oʻxshab tili yoʻq?!.»