OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiIntiq qilgan moʻjiza (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Intiq qilgan moʻjiza (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Vohid bilan Norbuvi bu bolasining tugʻilishidan tashvish tortmadi. Chaqaloqqa Oyroʻzi kampir doyalik qildi. Bola osongina tugʻildi.

Bolalar suyunchiga yugurib ketishdi... Chaqaloqqa ism tanlash unchalik qiyin kechmadi. Unga ashur oyida tugʻilganligini hisobga olib, Ashur deya ism qoʻyishdi.

Qulogʻiga mulla Misr azon oʻqidi. Goʻdakni Oyroʻzi kampir choʻmiltirdi, beshikka beladi.

Hamma irim-sirimlar qilindi.

Ashurning dunyoga kelishi xursandchilik bilan boshlandi.

U jimgina beshikda yotardi, xarxasha qilmasdi. Beshikni tartibga keltirar mahalida uni opalari tashqarida opichlab yurardilar.

Uni uydagilarning hammasi erkalardi. Ayniqsa, buvisi uni suyardi. Boshlarini silab, yonoqlarini chimchilab qoʻyardi.

Hammasi keyinroq ayon boʻldi. Ayonligi shuki, Ashur gapirmasdi. Faqat imo-ishora bilan muomila qilardi.

Roʻzgʻordan halovat ketdi. Vohid bilan Norbuvi uni ergashtirib goh doʻxtirga, goh azayimxonga olib boradi. Turli xil tavsiyalar va shunga yarasha emlash. Biroq foydasi boʻlmadi. Ashur baribir gapirmadi.

Taqdirga tan berishdi. Uydagilar va qarindoshlar ham Ashurning tili yoʻqligiga sekin-asta koʻnikishdi. Osmon yiroq, yer qattiq deganlari rost edi...

Ashur koʻchadagi bolalar bilan quvlashmachoq, bekinmachoq, oshiq kabi oʻyinlarni bemalol oʻynardi. U bolalar bilan imo-ishora orqali soʻzlashardi. Bolalar ham uning nima demoqchi ekanligini tashvish tortmasdan bilib olishardi. Biroq qoʻshni koʻchadagi, mahalladagi bolalar kelishgudek boʻlishsa, ular Ashurning gapiga tushunmasdi. Ana shunday paytda bu bolalar Ashur bilan qoʻshni bolalarning oʻrtasida tilmochlik qilardi.

U tomorqa ishlarini ham, qoʻy-mollarni ham yaxshi koʻrardi. Mehnatkash edi. Joni dili bilan ishlardi.

U bilan birga oʻsgan bolalar maktabga soʻng boshqa oʻqishlarga joʻnab keta boshladi. Endi ular Ashurdan uzoqlasha boshlagan edi. U sekin-asta yolgʻizlanib qolayotgan edi. Bir muddat kattalarning davrasiga qoʻshildi. Qirning ustiga chiqib olib oʻtgan-qaytganlar haqida gaplashib oʻtirishlar unga koʻp ham ma’qul kelmasdi. Orani uzdi.

Keyinchalik oʻzidan kichkinalar bilan ham anjuman qildi. Ular Ashurning ra’yiga qarab, unga izzat-ikrom koʻrsatishardi. Bolalar shoʻx boʻlsa-da, samimiy edi.

Ashurning ularga havasi kelardi. Ularni qoʻshni koʻchaning bolalaridan qoʻriqlab, avaylardi. Oʻzi esa tili yoʻqligidan qimtinib, davralarda pisib oʻtirardi. Gohida xoʻrligi kelardi. Ich-ichidan yigʻlab oʻkinardi.

«Yaratgan meni qaysi gunohim uchun tildan qisgan ekan? Ne yozigʻim bor edi? Yoki ajdodlarimizdan birortasining kasriga qoldimmikin?..» deya oʻziga oʻzi savol berardi.

Uning safdoshlari yana tarqalib ketdi. Ashur bilan davradosh boʻluvchi yangi odamlar paydo boʻldi. Ular ham kelib ketaverardi. Shunisi ham borki, Ashurni guzardagi hamma hattoki, endi tili chiqqan bola ham sensirab gapirardi. Biroq u bu ishlardan xafa boʻlmaydi.

Bir kuni Ashur Yaxshiboytepaning ustiga chiqdi. Bu yerda esa tengdoshlari Samad, Abduholiq, Tillaxoʻja va Rasullar gurunglashib oʻtirardi. Ular Ashurni koʻrib, uni davraga taklif qilishdi. Salom-alik, soʻngra obu havo, narxu navodan gap boshlashdi.

Tepadan qishloq bor boʻyicha koʻrinib turardi. Bir zum sukut saqlashdi.
-Rasul, toʻyni tiramohda qiladigan boʻldingmi? – sekin soʻraydi Tillaxoʻja.
-Ha, uydagilar belgilashgan. Roʻzadan oldin qilish kerak emish, - deydi Rasul uyalinqirab.
-Aslida sen Dilraboga emas, Barnoga uylanishing kerak edi. Bu qiz sening tenging emas, Rasulboy, - deydi Samad.
-Yoʻq, u Muborakni yoki Tuhfani olishi kerak edi, - deydi Abduholiq.
-Ey, qoʻyinglar-e, bu gaplarni. Bular ish boʻldi. Kelinglar, boshqa gaplardan gurung qilaylik, - deydi Rasul.
-Ashur sening toʻyingni qachon qilamiz. Koʻz ostingga olganing bormi oʻzi? – deydi Samad.
-Menga qiyin, bilasizlar tilim yoʻq. Agar zabonim boʻlganida bormi, koʻp ishlarni qilardim. Menga hech kim tegmaydi, - deydi Ashur.
-Gapni aylantirma, Ashur, - deydi Samad. – Avval Muborakni keyin esa Barnoni yaxshi koʻruvding. Hozir esa...
-Mm... mmm... – deya Ashur Samadning gapini boʻladi. – Men Muborakni yaxshi koʻrmaganman. Faqat Barnoga biroz muhabbatim bor edi. Hozir ham unga mehrim bor.
-Barnoning bundan xabari bormi? – deydi Abduholiq.
-Bor, - deydi Ashur. – Unga bu sirni singlim aytgan.
-Javobi nima boʻldi? – oʻsmoqchilaydi Samad. – Bildingmi?
-Yoʻq, - deydi Ashur. – Javobini aytmaganu lekin xabari bor. Mening oldimdan yerga qarab, uyalib, qizarib oʻtib ketadi. Men ham uni koʻrsam qizaraman. Tanim behuzur boʻladi.
-Oʻh-oʻh, zoʻr-ku! – deydi Samad. – Toʻy qilsang, tagʻin men aytilmay qopketmayin.
-Yoʻq, hammangni, butun qishloqni toʻyga aytaman. Elga dasturxon yozaman, - deydi Ashur.

Yigitlar xuddi shu zaylda bir-biriga gap otishib ancha vaqtgacha suhbatlashib oʻtirdi.

Poda qaytar mahali ular ham oʻrinlaridan qoʻzgʻalib, uy-uyiga tarqalishdi.

Oradan koʻp vaqtlar oʻtdi. Barnoni ham begona eldan bir yigitga unashtirishdi. Fotiha toʻyi belgilandi. Oʻsha toʻy kuni Samad qudugʻiga chelak tashlasa, pastdan ajabtovur ovoz chiqdi. Arqonni tortib olib, pastga qaradi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, quduq tubida Ashur yotardi. U tepaga, tashqariga chiqishni xohlamasdi. Quduq boshida odam yigʻildi. Ular bir amallab Ashurni quduqdan tortib olishdi. Uning ust-boshlari shalobbo boʻlib, yuz, oyoq-qoʻllari loyga belangandi. U oftobda toblanib yotardi. Birovga parvo ham qilmasdi. Bu paytda esa yigʻilgan odamlar Ashurning quduqqa nega oʻzini tashlaganligini muhokoma qilib oʻtirardi.

Voqea joyiga uning singlisi ham yetib keldi. U oʻzini akasining ustiga tashladi. Boshda hoʻngrab, soʻng oʻksib-oʻksib yigʻladi.

Sir fosh boʻldi. Uni odamlar yupatishdi. «Barno boʻlmasa, boshqasini olasan. Senga tegaman deganlar son mingta. Hali tanlab-tanlab undan ham zoʻrini topasan. Oʻksima. Oldinda yaxshi kunlaring koʻp. Bularni koʻrmaganday boʻp ketasan. Xotin yoʻlda, bola belda deganlar.»

Ashurning bir qizni deb oʻzini quduqqa tashlashi butun qishloqqa, elga ovoza boʻldi. U ancha vaqtgacha koʻchaga chiqmasdan – xonanishin boʻlib yurdi. Qilgan ishidan uyaldi. Buning ustiga uni uyaltirishdi ham.

Kuz bilan qish endi joy almashayotgan paytda jarchi butun qishloq boʻylab, hammani toʻyga aytdi. Bu toʻy Barnoniki edi.

Ashur ham el qatori toʻyga boradi. Unga koʻp narsa alam qilardi...

Nazarida hamma uni kuzatayotgandek tuyulardi.

U sekin chetga oʻtdi. Tutning soyasida oʻtirmoqchi boʻlib borsa, u yerda it bogʻliq ekan. It uni koʻrdi-yu zanjirni uzgudek boʻlib, Ashurga tashlandi. Ashur esa itning vovullashiga parvo ham qilmasdi. U indamasdan tutning soyasiga kelib oʻtirdi. It esa badtar hurib unga tashlanardi.

Ashur itning oldiga suyak tashlaydi.

It esa suyakka qaramaydi ham.

It soyada turib, bir muddat taraddudlandi. Nedir ishga shaylandi. It Ashurga tashlanardi. U itni koʻpam mahtal qilib turmadi. Yelkasini bir oʻgirdi-yu oʻzini itga tutdi.

It uni gʻajidi.

Yana odamlar itni haydab, Ashurni soʻlaygan holida chekkaga opchiqishdi. U qip-qizil qonga belangan edi.

Toʻy bir tarafda qolib, tumonot odam tomoshoga yigʻildi.

Ashurning oʻzi ham xijolat boʻldi...