OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiIrismat qopqoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Irismat qopqoq (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Har doimgidek ertalab ishga keldim. Hamxonalar salomlashib, obu-havo, narxu navodan biroz gaplashdik. Soʻng hamma oʻz ishi bilan ovora boʻlib ketdi.

Tushlikka yaqin Olimjon degan hamkasbimiz xonaga kirib keldi. Rahbarimiz undan nega ishga kechikib kelayotganini soʻrashga chogʻlanib turganida, Olimjonning oʻzi gap boshladi:
-Opa, uydagilar toʻyni beligilashibdi. Xudo xohlasa, falon kunga toʻy boʻladi. Kecha yurtdan qarindoshlar kelishgan ekan, oʻtirishdik, bugun ertalabdan ularni uyoq-buyoqqa eltdik. Shunga sal kechikdim...
-Kelinposhsho kim boʻldi? – deya savolga tutamiz.
-Ey, oʻsha oʻzingiz biladigan... – deya Olimjon javob bera turib, uyalganidan yerga qarab qoʻydi.
-Kim ekan oʻsha oʻzimiz biladigan? – deya hammamiz bir-birimizga sirli qaraydik.
-Oʻsha shoira-da. Televizorda ishlaydigan, - deya Olimjon boshini yerdan koʻtarmay javob beradi.
-Ha, boʻldi. Tushundim. Shahlo degan shoira qiz. Yaqinda televizordan she’r oʻqib chiquvdi. Yaxshi, odobli qizga oʻxshaydi. Qoshu koʻzi ham chiroyligina ismi jismiga monand haqiqiy Shahlo qiz ekan, - deya hamkasbimiz Farxiddin ta’riflab, kuyovbolaga zimdan qarab qoʻydi.

Hammamiz birgalashib uni tabrikladik.
-Qoʻsha qaringlar, oʻzinglardan koʻpayinglar... – deya yoshi keksaroq Saodat opamiz duo oʻqidilar.

Olimjon entikib, ham uyalib yurardi. Unga har kim har turli maslahatlarni berardi. Olimjon esa beminnat nasihatni jimgina eshitib oʻtirardi. Olimjon Shahlo bilan unashtirilganidan xursand edi.

Ayni shodu xurramlik faqatgina ularning oʻzlarigagina xos edi.

Chetdagi odam bu holatlarni unchalik ham his qilolmaydi. Oshiqlar dunyosiga kirish hammaga nasib qilavermaydi.

Kech kuz edi. Mezon shamollari esardi. Meva-cheva gʻarq pishgan. Dalada ish qizgʻin. Hosilni yigʻadigan payt.

Xuddi mana shu damlarda Olimjon bilan Shahloning toʻyini belgilashdi. Falon kun, falon soat, deya chor tarafga jarchilarni joʻnatishdi. Olimjon ishxonadagi barcha hamkasblarga toʻyxat berdi. Soʻng alohida taklif qildiki, «albatta boringlar, kutaman.

Boʻlmasa, xafa boʻlaman.»

Olimjon vodiylik yigit edi. Shu sabab hamma ham toʻyga borolmasdi. Negaki, toʻy uning yurtida boʻlardi-da. Hamkasblar yigʻilib, sovga oldik.

Endi toʻyga kimlar borish kerakligini belgilash kerak edi. Hamma tantanaga borolmayotganidan afsuslandi. Olimjonning toʻyiga ishxonamiz nomidan borish men va Faxriddinning chekiga tushdi.

Ikkalamiz Olimjonga atalgan sovgʻani qoʻltiqlab yoʻlga tushdik. Avtobusda olti soatda uning uyiga yetib keldik. Ertaga toʻy. Hammaning oʻz yumushi bor. Boʻlajak toʻyga tayyorgarlik koʻrilyapti. Bizlar ham bir chetda turmasdan sal-pal yollashgandek boʻldik.

Olimjonning Sodiq degan amakisi bor ekan. Tanishdik, suhbati soz, yoqimtoy kishi. U kechga tomon «Mehmonlar, yuringlar, sizlarni bir aylantirib kelay. Biz tomonlarga har doim ham kelib turibsizlarmi,» deya bizlarnining bilagimizdan tutib, tashqariga opchiqdi.

Sodiqning mashinasida togʻ tomon ketyapmiz. Obod joylar ekan. Koʻchalar ozoda. Sekin balandlikka koʻtarilyapmiz. Havo soviy boshladi. Sodiq esa yoʻlda uchragan joy va odamlariga ta’rif berib ketaverardi.

Bir mahal bizning mashinamizni qaymoqrang «Jiguli» quvib oʻtdi. Sodiq atrofga besaranjom qaradi.
-Mehmonlar, mana shu mashinadagilarga e’tibor berib qaranglar, - deya oʻzining «Volga»siga gaz berdi.

Yaqinroq keldik. Buning ustiga kun yorugʻ. Yoshi oltmishlardan oshgan, sochi ustarada olingan jikkak bir kishi, ort oʻrindiqda esa qoshu koʻzlari suzilgan, lablari qirmiz, sochlari sariq, juvonlar oʻzaro nimalarnidir suhbatlaganicha mastona kulib ketishardi.

Biz esa Sodiqqa qaradik. U esa «hozir bir boshdan aytib beraman» deganday sirli qaradi-da, togʻning tor yoʻlida mashinasini abjirlik bilan boshqarib borardi. Bu orada qaymoqrang «Jiguli» koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Biroz muddat oʻtib, mashinamiz salqin, daraxtzor bir joyga kelib toʻxtadi. Mashinadan tushdik. Togʻ havosi darrov sezildi. Chorpoyada koʻrpacha-yu yostiq solingan. Sodiqning imosi bilan dasturxon ham yozilib, usti birpasda turli xil ne’matlarga toʻldirildi.
-Sodiqjon, zoʻr joylar ekan, - dedim.
-Aka bu yerni oʻzim qurdirganman. Nozik mehmonlarimni shu yerga opkelaman, - deydi Sodiq soʻng, - Bahromjon, ovqatni tezlashtirib yuboringlar, - deya yigitlarga ish buyuradi.
-Hamma ham bu yerda dam ololmaydi, - deya gapga Bahrom qoʻshildi. – Mana hozirgina Irismat xojini kiritmadim. Sadqai xojilik ketsin u. Ikkita manjalaqini ergashtirib yuribdi. Uyalmaydiyam, qizigʻar.
-Boʻldi, boʻldi. Uni hech qachon Irismat xoji demagin. Umuman u haromining otini ham tutmagin. Undan koʻra, mehmonlarning choy-poyiga qara, - dedi Sodiq.

Chorpoyaga chiqib choʻzildik. Tanimiz andak rohat tuygach, Sodiq hikoyasini boshladi: «Boya «Jiguli» esinglarda qoldi-a, mehmonlar. Undan keyin Bahromjon aytgan odamni bir yodga oling. Uni bu yerga kirgizmaydi. Sababi esa koʻp olislarga boradi. Bir boshidan aytay. Uni Irismat degan nomi butun vodiyda mashhur edi. Yoshligidan savdo bilan shugʻullandi. Tanish-bilishlari koʻp edi. Uning oldini birov kesib oʻtolmasdi. Dasti uzun edi. Uncha-muncha odam bilan gaplashmasdi. Shaharning oʻrtasidan tilla doʻkon ochdi. Ishlari zoʻr edi. Tez orada «Irismat tillafurush» deya ogʻizga tushdi. Doʻkonidan xaridor arimay qoladi. Bu odam ishning koʻzini bilardi. Bilasizlar, esingizda boʻlsa kerak, bir paytlar xajga borish urfga aylanuvdi. Irismat ham shu amalni roʻyobga chiqarish uchun xujjat topshiradi. Ne ajabki, ziyoratga borish uchun yoʻllanma – ruxsatnomani qoʻliga oladi. Olis yurtga ketish oldidan u tanish-bilishlarini chorlab, uyida ziyofat beradi. Xuddi shu damda Irismatning oʻgʻli qoʻshnisining tovugʻini oʻgʻirlaydi. Qoʻshnisi esa oʻgʻlini, oʻgʻirlangan tovuq – oʻlja bilan

birga Irismatning uyiga opkeladi. Bu paytda esa ziyofat ayni avj pallasida boʻladi. Jabrlanuvchi Irismatni chaqirib, boʻlgan voqeani aytib beradi. Oʻgʻli ham tovuq oʻgʻirlaganini tan oladi. Irismatning boshi qotadi. Qoʻshnisini uyga taklif qiladi. Tovuqning egasi uyga kirmaydi. Taklifni rad etadi. Oʻgʻrini koyiydi. Soʻkadi. Oʻngʻaysiz vaziyat. Irismat qoʻshnisiga bir dasta pul beradi. U esa pulni olmaydi. Irismat yalinadi, yolvoradi. Baribir qoʻshnisi pulni olmaydi. Uyga ham kirmaydi. Uydagilar esa bu paytda Irismatning oy borib, omon qaytishi uchun qadah urishtirishadi.

Qoʻshnisi «shu amalni qilguncha, oʻgʻlingizni tarbiyalasangiz boʻlmaydimi? Odamlarning tovugʻini oʻgʻirlaguncha, uydagi mehmonlaringizga choy-poy tashishni oʻrgating. Hayf, sizga ziyorat, hayf, sizga odamgarchilik,» deya iziga qaytadi.

Irismat uyaladi.

Ertalab esa u hech narsa koʻrmaganday xayr-xushlashib, haj safariga joʻnab ketadi. Namoz oʻqish uyoqda tursin, oddiy kalimani bilmaydigan, Irismat hajga boradi. Eshak ot boʻlmaydi, deganlari rost ekan.

U ziyoratda haj amallarini qanday bajarganiga haligacha birov tushunmaydi. Hatto ishonishmaydi ham.

Irismat yurtimiz ziyoratchilari bilan belgilangan jadval asosida amirlikning tilla doʻkonlariga kiradi. U yerdan oftobami yoki koʻzaningmi tilla qopqogʻini bu yaramas oʻmaradi. Bu qarang u samolyotda oʻz uyigacha bemalol keladi.

Irismat qilgan ishini hech kim bilmaydi, deya oʻzicha xursand.

Biroq amirlikdagi oʻsha tilla magazinida hisob-kitob boʻlganmi yoki anovi oftobami-koʻzachami, oʻshani birov olganida qopqogʻi yoʻq chiqadi. Tekshir-tekshir boshlanadi. Oʻgʻri bitta, uyam boʻlsa

Irismat. Lekin gumon mingta. Birinchi boʻlib kameralarni, videokuzatuvdan olingan kadrlarni birma-bir tekshirishadi. Ne ajabki, videokassetadan tilla qopqoqni oʻgʻirlayotgan Irismatning boshi, qoʻli, yelkasi aralash kadr chiqib qoladi. Tasmada yil, oy, kun, soat, daqiqagacha muhr etilgan ekan. Oʻgʻri topildi. Manzili yoʻq. Tilla doʻkonining egasi daliliy ashyolarni qoʻltiqlab amirlik mahkamasiga keladi. Koʻrishadi. Hujjatlarni arxivdan olib solishtiradilar. Hammasi aniq-ravshan boʻldi. Amirlik mahkamasi hash-pash deguncha oʻgʻri bizning yurtimizdan ekanligini aniqlab beradi.

Amirlikning mahkamasidan videokasseta va yonida oʻgʻri bilan qopqoqni qaytarishni soʻrab yozilgan xat yurtimizga keladi.

Oʻzimizdagi tegishli mahkama bu nomani va videotasmani oʻrganishadi. Izlaydi. Qidirganlari Irismat boʻlib chiqadi. Viloyatda ancha shov-shuv boʻladi.

Boshda Irismat qilgan ishini tan olmaydi. Soʻng kadrni koʻrsatishganlarida esa noiloj aybiga iqror boʻladi.

Irismatning qilgan toat ibodati esa bir pul edi. U qopqoqni uyidan chiqarib beradi. Arablar Irismatni koʻp soʻrashdi. Talab qilishdi. Lekin natija boʻlmadi. Biroq u baribir jazosini topdi.

Hozirgi kunda Irismatni hech kim hoji demaydi. Qaytaga «Irismat qopqoq» deb chaqirishadi.

U sharmanda boʻldi. U oʻzi bilan birga mahallasi va yurtining ham sha’nini bulgʻadi.

Odamlar Irismatni mahalladan haydab yuborishdi. Uni toʻy-yu ma’rakalarga mutlaqo aytmay qoʻyishdi. Shundan soʻng u aynidi. Aroq ichadigan, manjalaqilar bilan shakarguftorlik qiladigan boʻldi. Har neki yomon yoʻl boʻlsa u kiraverdi.

Odamlarni koʻrsa qochadigan boʻldi.

Menimcha, u dunyoga kelganiga pushaymon boʻldi. Irismat qopqoq deganlarining qisqacha ta’rifi va tarixi shu edi.»

Sodiq gaplarni aytgandan soʻng men ham sherigim ham hayron qoldik.

Ertasiga Olimjon bilan Shahloning toʻyini oʻtkazdik. Tabrikladik. Keyin izimizga qaytdik. Yoʻlda esa hamon Irismat qopqoqning qismati haqida oʻylab kelardim...