OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiIzlanayotgan baxt (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Izlanayotgan baxt (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Vohid chol usta Xoliyorni unchalik yoqtirmasdi. Shu sabab bir-birini koʻrishgudek boʻlishsa, atay yoʻllarini oʻzgartirishardi. Goʻyoki, birov-birovini koʻrmagandek. Aslida, orada talashadigan masala yoʻq hisobi. Yoshligidan birga unib-oʻsdi. Devor darmiyon qoʻshnilar boshida inoq edi. Soʻng Vohid chol hali chol boʻlmagan ayni navqiron yoshida uch-toʻrt soʻm pul topib usta Xoliyorni mensimagandek boʻladi.

Vohidning maishati yaxshigina edi. Qoʻshnisi - usta Xoliyor esa otakasbi – bolalarni sunnat qilish bilan shugʻullanardi. Ustaning yaxshi tomoni shu ediki, falon soʻm berasan, deb taksa narxini aytmasdi. Toʻy egasi necha pulni lozim deb unga bersa, shunisiga qanoat qilardi. Asta-sekin usta tevarak –atrofdagi qishloqlarga ham tanilib ulgurdi. Usta Xoliyor degan nom bilan, dasturxondan oʻziga munosib joy oladigan boʻldi.

Usta Xoliyorning keyinchalik xotin-qizlarga qiziqishi orta boshladi. Hattoki, bir-ikki juvonga gap otib, rosa kaltaklandi. Bari befoyda edi. Usta nomining ulugʻligidan foydalanib, boshi bogʻliq xotinlarni ham yoʻldan urishga unnay boshladi.

Ustaning mol-mulki koʻpaygani sari xotinlarining ham soni ortib boraverdi. Hovlini bolalari toʻldirib yurishardi.

Vohid usta bilan qoʻshni ekanligidan oʻngʻaysizlanadi. Xotinini undan, uning koʻzidan qizgʻanadi. Mol-dunyosi ustanikidan koʻp boʻlsa-da, lekin orada tafovut kemtik bor edi. Mana, oila qurganiga oʻn yilcha boʻlyaptiki, Vohidning boshi garang. Hamma xeshlari tugul, yetti yot begonalar ham gapiradi.

«Ayb kimda ekan-a? Vohiddami yoki Roʻzigulda? Nega bunday boʻlyapti-a?

Vohid tomondan hammasi joyida. Roʻzigul tomonidan ham min topolmaydi. Ammasi-yu xolalari bir etak qilib bola boqib oʻtirishibdi-ku!..

Nega?.. Balki, kimdir eskicha irim-sirimlar bilan... qulfi kalit qilib tashlagandir?

Baribir oxiriga yetish kerak...»

Vohid bir kuni onasining tavsiyasi bilan turli xil amallarni bajardi. Ertasiga opasining, indiniga singlisining, keyin esa amma-yu xolalarining gapi bilan har balo ishlarni qildi.

Xuddi shuningdek, xotini Roʻzigul ham aytilgan shartlarni gohida guvohlar ishtirokida, gohida yolgʻiz, ba’zida esa Vohid bilan birgalikda ado etishdi.

Xullas, ular bormagan folbinu qoʻshnoch, mulla-yu eshon va qilmagan amal qolmadi.

Bari behuda va befoyda boʻldi.

Ustaning qulogʻi kar, koʻzi basir emasdiki, hammasini bilib, koʻrib turardi. Roʻzigulga ichi achidi. Gulday juvon kundan kunga soʻlib borayotgan edi.

Ayni pishiqchilik mahali. Kun botish arafasi. Usta supaga joy soldiradi. Atrofiga suv sepadi. Yerning hovuri koʻtariladi. Kayfiyati yaxshi. Xursandchiligiga sherik izlab qoʻshnisi – Vohidni chaqiradi. Kampiriga ovqatni koʻproq qilishni tayinlaydi. Oʻrtanchi oʻgʻli – Shernafasning qoʻliga pul berib, Sherqul Poʻlatnikidan sharob opkelishga joʻnatadi.

U astoydil mehmon kutardi.

Mana kutilgan mehmon – Vohid ham hovliga kirib keldi. Ustaning oʻzi unga peshvoz chiqadi. Oʻgʻli oftobadan mehmonning qoʻliga suv qoʻyadi. Mezbon esa unga yoʻl boshlab supaga chiqib oʻtirishadi. Yuzlariga fotiha tortib, bir-birlaridan erinibgina hol-ahvol soʻrashgandek boʻlishadi. Dasturxondagi nonlar ushatilib, boshqa ne’matlar ham totib koʻriladi. Oʻgʻli choy keltirib qoʻydi. Soʻng Sherqul Poʻlatnikidan keltirilgan aroq ham ochilib, piyolalarga qoʻyiladi. Ikki qoʻshni sekin-asta sarhush boʻlaveradi. Tillaridagi tushov ham tusha boshlaydi. Oʻchoqboshida ovqatga unnayotgan xotinning qulogʻi ding boʻlgan. Suhbat endi avjiga chiqayotgan edi. Usta gapni olisdan boshlaydi:
-Hamsoya, siz eskichaga ishonasizmi yoki yoʻq. Bu deyman, irim-sirim faqatgina ayollarning ishi boʻlsa kerak. Qachon qaramang, bir narsani boshlab yurishadi.
-Bilmadim, - deydi Vohid. - Menga qolsa ishonmasdim. Lekin yoningdagilar shunday holi-joningga qoʻyishmaydiki, oxiri ularning gapidan bezor boʻlganingdan ham ishonishga majbur boʻlar ekansan...
— Ey-e, hamsoya er kishining kallasi xotinining qoʻltigʻida boʻlmaydi-ku?!. Uning ham oʻziga yarasha aqlu hushi, fahmu farosati boʻlar axir. Yoki boshqachamikan – a? – deya usta sekingina oʻsmoqchilaydi.
-Usta har kim ham holiga qarab, ish tutadi. Siz ishongan narsaga men ishonmayman. Men ishongan narsaga esa siz gʻayirlik qilasiz. Odam bir narsaga umid qilsagina ishonadi. Unga talpinadi. Xuddi qimorbozday bor-yoʻgʻini tikadi, -deydi Vohid salmoqlab.
-Hamma narsaga ham umid qilib boʻlmaydi. Ishonch ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, hamsoya, - deydi usta. – Koʻp narsalarni koʻrdingiz. Pulning koʻpligi ham foyda berarkan. Belning quvvati ham shundanligi bekorga emaskanda. Qardosh ayollar bilgan qilgan anjumanning tinch-royish tugashida ham pulingiz asqotdi. Albatta, avvalo sizning puxtaligingiz va uddaburonligingiz ham ish berdi. Lekin oʻsha qaroqosh, shahlo koʻzli ayol joʻmard ekan. Sizga ortiq tirgʻalmadi. Otasiga rahmat. Agar u qishloqqa sizni soʻroqlab kelganida nima boʻlardi? Ana shunda siz nima degan odam boʻlardingiz?
-Ha, usta, balki mana shu koʻrguliklar oʻsha juvonning achchiq qismatiga kaffarotmikan, deb oʻylayman, - dedi Vohid. - Ayb menda. Lekin oʻsha paytda hamma ishni qilgan boʻlsam-da tan olmadim. Barchasidan tondim. Juvon bechora nima deyarini bilmay hayron edi. Yoʻqsa, menday notavon, bedavoni yoʻrigʻiga solib yoʻrgʻalatsa ham boʻlardi. Men ularning uvoliga qoldim, usta. Ular indamay turgan boʻlsayam men oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Bu yoqda men hammani laqillatib yuribman.
-Qachonlardir shaharga tushganimda, katta boʻp qolgan deb eshituvdim, - deya gapni kesadi usta. – Oʻtgan-qaytganingizda kirib turasizmi, u yogʻini qoʻying «ota» deb erkalanadimi oʻzi?..
-Bilmayman, usta, - deydi Vohid holsizgina. – Yuragim chidamaydi. Rostini aytsam, uzoqdan bolani koʻtarib kelayotganini bir marta koʻrganman, xolos. Undan keyin biror martayam uchrashmaganmiz.

Shu payt oʻchoq boshida nimadir tarqlab ketdi. Ikki ulfat shoshib qolishadi. Qarashsaki, ustaning xotini qoʻlidagi otashkurak bilan mushukni haydayotgandek «pisht-pisht» deb yurgan edi.

Vohid unchalik e’tibor bermadi. Ammo usta Xoliyorning yuragi shuv etdi. Oʻchoq boshida mushukka pishirib qoʻygan joyi yoʻq edi. Dogʻuli xotin atay taraqlatgan. Negaki, boshqa gaplar ham oraga tushmasin, deya ustaning ayoli oʻz vaqtida gurungning oʻrtasidan choʻrt kesadi.

Hammasi ayon boʻldi. Biroq birgina Vohid dunyobexabar uyiga keladi.

Ajoyib kunlarning birida Roʻzigul ust-boshlarini yigʻishtirib, toʻrt-beshta boʻhcha qilib taxlab, erining uyga kelishini kutadi. Mana kutgani ham keldi. Er-xotin anchagacha suhbatlashadi. Boshida sokin, oxirida esa shovqin-suron boshlanadi. Roʻzigul ham chidab turmaydi. Shartta-shartta Vohidning yuziga oʻtgan va boʻlayotgan gap-soʻzlarni aytadi. Aytishga aytadi-yu, soʻng shartta burilib, yukini koʻtarib otasinikiga ketadi.
-Oʻh, enagʻar, bunga ustaning xotini hammasini aytgan, - deb oʻylaydi Vohid. – Boʻlmasa bunchalar otashin boʻlmasdi, bu xotin. Ikkalasi dardlashgan. Bir-biriga suyangan kishi boʻlishgan. Oxirida supadagi gurung ham oshkor etilgan. Qochib qutilib boʻlmasa, bu taqdirdan. Axir bori ham shu edi-ku?!. Yashirib nima qila olardim. Tokaygacha pinhon tutardim.

Roʻzigul ketdi, uning ketishi bilan hamma sir oshkor boʻldi. Vohidning halovoti ham ketdi. U barcha qilmishlarini tan oldi. Boshini egdi. Oʻzini aybdor deb atadi. Roʻzigulga bosh urdi. Biroq xotin qaytmadi.

Roʻzigul biroz otasinikida turdi-yu, soʻng Roziq kichkinaning sovchilariga rozi boʻldi. Va undan bir etak bola-chaqa orttirdiki, bu esa butunlay boshqa tarix edi.

Vohid ham qishloqdagi gap-soʻzlar yotmasdan turib boshi ochiq juvonlarga ogʻiz soldi. Boʻlmadi. Hammasi birdek rad javobini aytdi. Unga alam qilardi. Xunob boʻldi. U oʻzi qilgan gunohlarga istigʻfor ayta boshladi.

Tavba qildi.

Oʻzining toʻgʻri yoʻlga tushmoqchi ekanligini va shu yoʻldan adashmasdan yurmoqchiligini isbotlashga urinardi.

Vohid atrofdagi odamlarning unga ishonishini juda-juda xohlardi. U oʻziga nisbatan aytilgan va nazarda tutilayotgan barcha gumon, hadik va boshqa bad xayollarning abas ekanligi tezroq ruyobga chiqishini istardi.

Oxiri joʻrasi - Mirzo Eshmat Qargʻaoyoqlidan kosovday qop-qora xotinni unga opkelib berdi. Bevaning bollari koʻp edi. Oʻzi esa chaqqongina va muloyim tabiatli ayol edi.

Yaqin qarindoshlarini chorlab, osh berishdi. Qargʻaoyoqlidan ham mehmonlar kelishdi. Nikohni mulla Misr oʻqidi. Ikkalasi er-xotin boʻldi. Ular ancha vaqtlargacha bir-birlariga koʻnika olishmadi. Buning ustiga hovlidagi, uydagi koʻp narsalar Vohidga Roʻzigulni eslatardi.

Vaqt oʻtishi bilan qargʻaoyoqlik kelin nazoratga olindi. Oʻzgarish yoʻq. Kutilgan natija roʻy bermayapti. Ikkalasi ham oʻzlarini aybdor sezib, davralarga qoʻshila olmasdi.

Mulla Misrning oʻqigan nikohining muddati ham oltinchi yilga qarab boryaptiki, Vohidning onasi diltang boʻla boshladi. Chora axtarishdi. Ilinj topilmadi. Ona, Vohidning dunyoga kelajak bolalarini intizor boʻlib, zoriqib kutayotgandi.

Odamzot har narsaga chidar va koʻnar ekan. Koʻnikishga majbur ham boʻlarkan. Onasi bir kuni bolalari Vohid bilan Esonni chaqirib, shart qoʻydi: « Eson bolam, mana akangni koʻrib turibsan... Farzand dogʻi yomon. Dunyodan akang ham men ham bearmon ketsin desang katta qizing bilan oʻrtanchi oʻgʻlingni bunga farzandlikka berasan, bolam. Boshqa gap yoʻq.»
-Boʻpti, ena, - deydi Eson. – Bugun desalar bugun, ertaga desalar ertaga bolalarimni beraman, opketsin, mayli.
-Rahmat, bolam, - deydi onasi. – Xudo seni kam qilmasin. Baraka topgin. Doʻstu dushmanning oldida yuzimiz ancha yorugʻ boʻldi.
-Akam xursand boʻlsalar mayli. Men ham, keliningiz ham rozimiz, - deydi Eson. – Oilamiz bir-ku axir! Katta roʻzgʻorning ichida aralashib yuraveradi-da.
-Rahmat, uka, - deydi Vohid toʻliqib. – Sen meni koʻpgina balolardan xalos qilding. Yukimni yengil qilding, uka. Sendan minnatdorman. Bu yaxshiliging mendan qaytmasa ham xudodan qaytsin.
-Ey,aka, qiziq odam ekansiz-ku! – deydi Eson. – Axir bu mening ukalik burchim-ku! Aslida men xomkalla, enam aytmasdan turib, oʻzim qilishim kerak edi. Lekin odamning ichini bilib boʻlmas ekan-da, aka. Ochigʻi, bu gaplarni sizning oldingizda aytishdan ozgina iymandim ham, aka.
-Ey, boʻldi qilgin, - dedi onasi. – Endi ham kech boʻlmadi. Hammasi joyida. Olam guliston. Koʻp jagʻ urmagin.Qani bolalaringni chaqir-chi! Ular bilan ham gaplashib olaylik.

Eson oʻz bolalarini chaqirib keldi. Ularning ust-boshlarini taxlab, amakisinikiga joʻnatishdi.

Boshda biroz begonasirashgandek boʻlishdi. Yoʻq, keyinchalik hammasi joy-joyiga tushib ketdi.

Vohid vaqti kelib qizni turmushga uzatdi. Unga oʻzi ota sifatida oq fotiha berdi. Kelin tomondan boʻladigan toʻy harajatlarini ham oʻzi koʻtardi. Oʻgʻilga xuddi shu taxlit otalik qilib oʻylantirdi. Elga osh tortdi.

Hovlini toʻldirib yuradigan nevaralarni erkalaydi. Ular ham bobo, deya erkalanadi. Kampiri ikkovi ularga har xil shirinliklarni ulashadi.

Vohid cholning koʻzlari doimo yoʻlga qaragan edi. U darvozadan oʻsha koʻzlari shahlo juvonning yonida farzandi bilan kirib kelishini kutardi.

Uning ilinji faqatgina shu edi.

Bu narsani u hech kimga, hattoki, yonidagi kampiriga ham ayta olmasdi.

Osmon yiroq, yer qattiq.