OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiKoʻzdagi aks (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻzdagi aks (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Har bir oilada oʻzlari amal qiladigan tartib,yoʻl-yoʻriqlar bor. Bu odatni kim oʻrnatgan ekan? Lekin koʻpda bu narsalar ular uchun xuddi ota-bobolari vasiyat qilganday gap. Masalan, qishloqdagi Uzoq choʻponning uyida oʻroqni ogʻilxonadan, mayda –chuyda asboblarni tomdan olish yoki supurgisini izlash uchun tandirxonaga borish kerak. Uning roʻzgʻori mana shunday badastirlikka oʻrgangan. Uzoqning otasi ham uyida shunday tartib oʻrnatgan edi.

Uzoq choʻpon tabiatan kamsuqimroq va vazmin odam. Birovning gapi, soʻzi bilan ishi yoʻq. Sirini kishiga aytmas, oʻzi ham kishining siriga qiziqmasdi. Esini tanibdiki, suruvning ortidan otini minib, izgʻirinu saratonni pisand etmasdan yuradi.

Yoshi ellikdan oshsa hamki, hali koʻrpa-toʻshak qilib yotgan emas.Choʻlning u bilmagan yeri yoʻq. Qaerda oʻt, gulxayri, yantoq, ajriq, tuyaqorin moʻl boʻlishini yaxshi biladi. Biroq oʻsimlikning sirini bilish, bu dunyoni bilish emas-ku! U choʻpon koʻngli bilan dunyoni ham oʻziga yarasha oʻylaydi...

Tanasining boʻshashganini ham anglab qoladi. Bosh farzandlari qiz edi. Uyli-joyli qildi. Qudalari bilan ham oʻziga yarasha bordi-keldi qiladi. Nevaralari bor. Ular keladi, bobo deydi, erkalik qilib, soqolidan tortqilaydi. Oʻzi ham ular bilan oʻynab ketadi. Ayni manzaralar tamom boʻlgach, bolalikdan bobolikka qaytadi. Soʻngsiz xayollarga gʻarq boʻlib, oʻtmishini bir karra eslab koʻradi. Otasini, bobosini, onasini, bolalarini va nevaralarini koʻz oʻngiga keltirib koʻrdi. Oʻzi esa oʻrtada hammasiga guvoh... Erta bir kun oʻzining ham qazosi yetsa, oʻgʻlining ham oʻzi kabi shunday ahvolda xayol surayotganini oʻylab qoldi. Oʻyladi-yu, sergaklandi. Ojizligidan kuyindi. Vahimadan qutilish, aniqrogʻi koʻngildagi gaplarini kampiriga aytgisi keldi. Oʻrnidan turib, uning oldiga keldi. Kampiri bemalol va beparvo koʻrpa qavib oʻtirardi. Shu zahoti nevaralari uyga bostirib kirdi.

Otiga minib choʻlga ketdi. Yoʻl oʻtkinchilarga salomini berib, aligini olib, Qiziltoshga yetdi. Oʻgʻli – Obroʻy choponini soyabon qilganicha uzala tushib yotibdi. Otasining yaqinlashgani zamon oʻrnidan turib, otdan tushirdi. Soʻng egardan xurjunni olib, otasining ortidan ergashdi. Ota parishonxotir. Avzoyi boshqacha. U otasiga botinib qaray olmasdi. Ammo bu safar qaradi. Tikilibroq, xuddi hozir va birinchi marta koʻrib turgandek qaradi. Uzoqlarga tikilgan koʻzlarining yonidagi ajinlarni, ularga tutashgan manglayiga nazar soldi. Ajin. Xuddi qari tolning poʻstlogʻidek boʻrtib-boʻrtib chiqqan. Soch-soqoliga ham oq oralagan. Yelkasi esa bukilmagan – adl.

Shu mahal it boshini egib, salom bergandek xoʻjasining oldiga kelib yotdi. Oʻgʻil xurjundan non olib, itga tashladi. Bola yana otasiga qaradi. Otasining koʻzlari botayotgan ufqqa qadalgan. Uzoq bu manzalarni yosh boladek juda miriqib, butun borligʻi bilan tomosha qilayotgan edi. U kunduz bilan xayrlashayotgandi. Uzoqning bolasi bilan suhbat qurishga mayli yoʻq edi. Xayolida kechayotga fikrlarini unga aytib, dardlashgisi keldi. Lekin koʻngli bunga izn bermadi. Negadir hadiksiradi. «Yosh bola. Koʻngliga har xil gaplar kelishi mumkin. Keyinroq, vaqtning oʻtishi bilan asta-sekin oʻzi ham tushunar, hozir uning xayoli qaerlarda...»

Oʻgʻil ham otasining xayollarini buzgisi kelmadi. Otasining nimalar haqida oʻylayotganini oʻzicha chamalaydi: suruvni qishdan betalofat opchiqish, toklarni koʻmish, mollarga yem tayyorlash va oʻgʻli Obroʻyni uylantirish...

Tun. Choʻlning jimjit tuni. Mayin shamol choʻponning soqollarini silab, qulogʻiga nelarnidir shivirlagandek boʻladi.

U shamolning ne deyayotganini tushunmasa-da, oʻz-oʻzidan xursand. Uzoq bunday tunni ancha vaqtlardan beri kutib kelayotgandi. Mana oʻsha kunga yetdi ham. Lekin bu tunning boshqa tunlardan farqi yoʻq edi. Osmon qora. Endigina chiqa boshlagan oy elas-elas nur taratmoqda. Ot. It. Suruvdagi qoʻylarning kavsh qaytarishi-yu erinib marashlari hamma-hammasi bir xil edi. Koʻngli hali oldinda yaxshi kunlar unga muntaziru mushtoq boʻlib turganini sezayotgandi. U koʻzini tun qa’riga qadab tikildi. Unda sanoqsiz yulduzlar va osmonni teng ikkiga boʻlib turgan somon yoʻli tepadan turganicha choʻponni kuzatayotgandek tuyuldi. Bular menga oʻxshagan qanchadan-qancha odamlarni kuzatmagan, deb oʻyladi. Choʻpon yulduzlar turkumidan faqat ayiq, yetti ogʻayni, choʻmich va tong yulduzini bilar edi. Ularni hozir ham izlab topdi.

Uzoq chuqur xoʻrsindi. U irimchi emasu lekin hozirgina koʻz oʻngida bir yulduzning suzib, bora-bora yoʻqolganini koʻrdi-yu kayfiyati buzildi. Mana shu yulduzdek kimningdir umri ham soʻndi, deb oʻyladi. Sal fursatni oʻtkazib, yana koʻzlarini osmonga qadadi. Endi u bir-biri bilan yonma-yon turgan yulduzlarni izlay boshladi. Ana topdi ham. Topganini darhol oʻzini qilib oldi: kampiri va oʻzi. Nurlari ham yomon emas. Yana boshqasini topdi: uni ham xayoli toblagan kishisiga berib boʻldi. Endi u choʻmichning oldida yolgʻiz turgan yulduzni koʻrdi. Buni esa oʻgʻliga atamoqchi boʻldi. Jufti yoʻq. Adashibdi, pastroqda boshqa biri yolgʻiz ekan. Xuddi uyalib turgandek, uni kelin hisobladi. Kelin aslida ham qaynotadan iymanibroq turadi. Ikkovi ham yolgʻiz, hali oʻgʻlini uylantirgunicha bular ham yonma-yon boʻlib qolar...

Shunda otning bezovta kishnashi xayolini boʻlib yubordi. Qaradiki, hech jondor yoʻq, faqat uning yemi berilmagan. Yemxaltani olib, otning boshiga ilib qoʻydi. Oʻrniga yana qayta yota turib, xayolini boshqatdan tiklamoqchi boʻldi. «Qiziq, nega otlarning yoki boshqa jonivorlarning osmonda oʻz yulduzlari yoʻq. « Shunda Uzoqning xayoli va topgan fikri oʻziga ma’qul tushdi. Jonivorlarga ichi achidi. Ularga rahmi keldi.

«Dunyoda odamzotning rahmi kelmaydigan narsa bormikin? Agar bor boʻlsa u nima? Nahotki, hayvon zoti umrida roʻshnolik koʻrmay oʻtsa? Agarda ular oʻzaro gaplashganida nimalarni aytar ekan? Odamzot bilan gaplashmasa ham koʻzlari borku? Masalan, men itim bilan otitmning koʻzlariga qarab turib, ularning koʻnglidagini ilgʻagandek boʻlaman...»

U otini yaxshi koʻrardi. Shu tobda rahmatli ammasidan eshitgan bir choʻpchakni esladi. Emishki, ot ayri tuyoq boʻlmasa-da, goʻshti halol ekan. Yana bir gap yurardiki, qaysiki jonivor kavsh qaytarmas ekan, uning goʻshti makruh hisoblanadi. Lekin ot jonivorning toʻyogʻi ayri boʻlmasa-da, yilda bir marta kavsh qaytarar emish. Ammasining aytganlari xuddi mana shu otning kavsh qaytarish voqeasi bilan bogʻliq edi. Ot ogʻzidan oʻt sochib kavsh qaytarar emish. Buni koʻrgan kishining yuragi yorilmasa ham beriroq boʻlib, yoqasiga tuflab qoʻyar ekan. Uni koʻrganda qoʻrqmasa boy, qoʻrqsa qazosi yetar ekan. Yana shunisi ham borki, otning kavsh qaytarib turganini koʻrgan odam uni hech kimga aytmasligi kerak ekan.

Lekin choʻpon umri bino boʻlib, ot minib yurib, bunday voqeaga guvoh boʻlgan emas. Uzoq otning goʻshtidan bir marta yegan. Qattiq boʻlarkan.

Ajab, koʻngildagi gaplarga ham farishtalar omin der ekan. Uzoqning ot goʻshtini eslagani xayrli boʻlmadi.

Oʻgʻli yelkasida sochiq, oftobani tutganicha Toshmirza qassobning

qoʻliga suv qoʻyyapti.
-Ha, tinchlikmi, bolam, - dedi shoshilibroq.
-Otga bir balo boʻlibdi, ingrab yotaverganidan keyin enam halollab olgin devdi, shunga... – deydi oʻgʻli chaynalibroq.

Uzoq qassob bilan salom-alikdan soʻng, otning soʻyilishiga vaj boʻladigan narsani soʻradi. Toshmirza qassob ham ichagidan yomon narsa chiqmadi, bir boʻlsa, otingizga koʻz tekkan yoki tovuqning zakaridan yegan chiqar, dedi.

Uzoq qassobni kuzatib, toʻgʻri otxonaga kirdi. Kirishi bilanoq dimogʻiga goʻngning hidi urildi. Katta oxur. Burchakdagi devorda uning egar-jabduqlari. Suvliqlari bilan noʻxtasi har doimgidek qoziqda osigʻlik turibdi. Yemxalta esa oxurning yonida yotibdi. Choʻpon qadrdon otini eslab, ogʻir xoʻrsindi. Koʻngli bezovta boʻldi.

Kampiri oʻchoqning boshida kuymalanib yuribdi. Oʻgʻli esa qozon tagiga shox-shabba tashlab olovga zoʻr bermoqda. Qozonda esa kecha kishnab yurgan jonivorning goʻshti qalqib turibdi. Demak, kechki ovqat ham tayyor boʻlyapti. Ishtahasi badtar boʻgʻildi. Chakmonini yelkasiga ildi-da, supa tomon yurdi. Supaning chekkarogʻiga chakmonini toʻshab, ustiga oʻtirdi. Chanqaganini sezib, choy buyurdi. Yonboshlab choydan hoʻplar ekan, xuddi qoʻrqqandek qozon boshiga qaradi. Kampiri goʻshtga pichoq qadab koʻryapti, oʻgʻli esa goʻlaxlik qilardi. Choʻpon yozilibroq oʻtirish payida qoʻllarini yoyib kerishmoqchi boʻldi. Biroq oʻrnidan ilkis turdi. Ushlab koʻrdi: nam – ot terisi – tuzlangan. Kampiri poʻstak qiladi. Nariroqda esa otning kallasi, yonida it mukka tushib yotardi. Choʻpon otning boshiga yaqinroq keldi. Quloqlari ding. Goʻyo hozir kishnab yuboradigandek. Goʻyo oti oʻlmagan, u hozir egasini mindiradi-yu, choʻlga boshlab ketadigandek. Uning koʻzlari esa baliqnikiday qimirlamay turadi. Otning koʻzlarini yopmoqchi boʻlib, qoʻl choʻzdi. Urindi. Yoʻq, koʻzlari yumilmadi. Unda osmon manzarasi: tun, oy va yulduzlar bor edi.

Iti suykaldi. Silamoqchi boʻlib ugirildi, nariroqda esa oʻgʻli tizzalarini quchib oʻtirardi.