OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiNazr (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nazr (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

U qattiq «uf» tortganicha yostiqqa yonboshladi. Ne qilarini va qanday yoʻl tutishini bilmay qoldi. Avvaliga oʻzi ham gumonsiradi. Shubhalandi. Biroq joʻyali dastak topa olmadi.Tusmol shu ediki, Nazrning xotini – Xosiyat kimligi noma’lum boʻlgan erkakka koʻz suzibdi. Hattoki, u bilan don olishib yurganmish. Buni falonchi koʻribdi. Xullas, mana shunday gaplar qishloqqa oraladi. Boshida bu gap-soʻzlar Nazrning qarindoshlarining quloqlariga chalindi. Ularning hammasi Xosiyatdan hayiqib qoldi. Undan jirkina boshlashdi. Ular asta-sekinlik bilan Nazrning uyidan qadamini uzishdi.

Nazrning gʻiybatga, gap-soʻzga oʻchroq ukasi – Orolboy kishibilmas josuslik harakatiga tushadi. U qishloqning ob-havosini yaxshi biladigan – Eshqobilni topdi. Ikkalasi uzun-qisqa boʻlib, qirning ustiga chiqishdi. Choponlarini yerga tushab, yonboshlab olganlaricha koʻchadan oʻtgan-ketganlarning yurish-turishini sharhlashardi. Gurung endi avj pallasiga yetganida Orolboy gapni maymunlarga burib yubordi:
-Odamni maymundan tarqagan deydi, shu gap rostmikan-a, Eshqobil?
-Qoʻysang-chi Orolboy. Mulla Turdi har kuni machitda odam maymundan emas, Odam Ato bilan Momo Havodan tarqagan deb va’z qiladi-ku!

Lekin shunday boʻlsa, nega hozirgi maymunlar odamga aylanib qolmaydi, - deya Eshqobil ajablanadi.
-Maymunni sergak hayvon deyishadi? – savolnoma qaraydi Orolboy.
-Bilmasam, maymun boqib koʻrmaganman, - deydi Eshqobil.
-Ilgarilari podsholarning saroyida maymun saqlagan ekan, - deydi Orolboy sirligina qilib.
— Nima uchun, maymun olampanohning gazagiga dorimikan? – deydi Eshqobil gapga tushunmayroq.

Orolboy sherigiga irshayib qaraydi-da, ul nodonga maymunning siru sinoati haqida uzundan-uzoq ma’ruzasini boshlaydi:
-Maymun hushyor va ziyrak mahluq. Erkagining uch-toʻrtta kanizaklari boʻladi. Juftlarini begonalardan qoʻriqlaydi. Bolalariga mehribon.

Xonlarning saroyida saqlanishi masalasiga kelsak, maymun asosan u yerdagi taomlarga nazoratchi vazifasida boʻlgan. Maymun ovqatda zahar bor-yoʻqligini bilgan. Agar olampanohning taomiga zahar solingan boʻlsa, maymun uyoqdan bu yoqqa sakrab chinqirar ekan. Shundan soʻng pishirilgan taom tekshiriladi. Va tabiiyki, undan zahar chiqadi. Keyin esa shohanshohning oshpazi-yu boshqa nadimlari dorga osiladi.

U yerda maymun saqlanishining yana bir nozik tomoni ham bor. Bilasiz, podshoning haramida xotinlaridan tashqari, koʻngil yetgunicha kanizaklar ham boʻladi. Odamning olasi ichida. Bu yerda oyimchalardan tashqari, xos xizmatkorlar, choʻri navkarlar ham ul-bul ishlarni bajarib yurishadi.

Erkak-urgʻochining bir-biriga ishi, nigohi tushadi. Koʻzlar suziladi. Munosobatlar shakllanadi. Voqealar rivoj topadi. Oxir-oqibat ularning yurish turishidan atrof-tevarak xabardor boʻladi. Uni kimdir podshoning qulogʻiga shipshitadi. Shunda olampanoh aybdorlarning erkagini sherning, urgʻochisini esa maymunning oldiga tashlattiradi... Xullas, ikkalasi ham oʻz ajali bilan oʻlmaydi.
-E, unaqalarni toshboʻron qilardi yoki boʻlmasa qopga solib minoradan ham tashlagan-ku! – deydi Eshqobil.
-Unday ham qilgan. Lekin maymun usulida manjalaqi gʻunajin azobini koʻrgan, - deydi Orolboy.
-Hozir zamon boshqa, Orolboy. Undaylarni toshboʻron ham qilolmaysiz. Maymunga ham, sherga ham yem qilib boʻlmaydi. Ular ancha makkor, quv. Qoʻlga tushirish oson emas. Mana koʻz oʻngimizda undaylar kayfini surib yuribdi. Hech kim pishagini pisht demaydi. Biroq oxiri yomon boʻladi, - deydi Eshqobil.
-Eshqobil, bu deyman, unaqalardan biri bizlarga yaqinroq deyishadi. Siz ham eshitgan chiqarsiz, - deya Orolboy yalingansimon qaraydi.
-Bilmadim, undaylardan xabarim yoʻq, - deydi Eshqobil.
-Hozirgina undaylar kayfini surib yuribdi dedingiz-ku. Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Eshqobil siz ham begona emassiz. Dard madda olmasdan turib davolagan ma’qul. Agar juda boʻlmasa, kesib tashlagan ma’qul, - deydi Orolboy.
-Tushunmadim, lekin oxirgisi ma’qul boʻldi, - deydi Eshqobil hushyorlikni qoʻldan bermay.
-Sizga nima ma’qul tushdi. Axir hammasidan xabardorsiz-ku! – deydi Orolboy sirligina.
-Kesib tashlagani ma’qul. U yomon dard, yana qaytalashi mumkin. Undan keyin qilgan tavallolar bir pul, - deydi Eshqobil.
-Oʻrtada bolalar bor-ku! Uvol boʻladi. Keyin katta mashmasha. Or-nomus deganday, - deya Orolboy ovozini pasaytiradi.
-Ey, Orolboy itdan boʻlgan qurbonlikka yaramas, deydi. Bunaqalarning mingtasi boʻlsayam barining bahridan oʻtish kerak. Ana shunda or-nomus tiklanadi. Men ukamga achinaman. Gulday umri oʻtib boryapti. U bechora ham sezinsa kerak, - deydi Eshqobil.
-Unisini bilmadimu lekin tevarakda uzun quloq gaplar urchib yuribdi. Odamlar bizni xuddi qoʻli bilan koʻrsatayotgandek boʻladi. Boshimiz egik, Eshqobil, - deydi Orolboy.
-Begona erkakning yoqasini hidlagan ayol yana qaytib bu ishni takrorlamaydi, deb hech kim kafil boʻla olmaydi. Unga birovning bas kelishi ham qiyin. Oʻzini bilgan odam undaylardan nari yuradi. Tezagi tillodan boʻlsayam ukaga aytish kerak. Javobini bersin. Yoʻqsa, urugʻning sha’niga isnod. Haliyam kech emas, -deydi Eshqobil.
-Erkakning jur’ati yetarmikan? Balki u meni ichiqora, birovni koʻrolmaydigan, roʻzgʻorbuzuvchi deb haydab solar? – deydi Orolboy.
-Uka. Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi. Hammaning ogʻzida shu gap. Mana men kafil. Vaqt borida etakni yopish kerak. Gavharni toshga urmaylik, - deya yolvoradi Eshqobil.

Poda qaytar mahali ikkalasi ham uylariga qarab yoʻl olishdi. Orolboyning asablari qaqshardi. Eshqobilning oldida uyatdan yerga kirgudek boʻldi. Lab-lunji, qoʻllari qaltiradi. Hovliga kirdi-yu qoʻy-mollarining oxuriga xashakdan shoshib tashladi-da, hovliqib akasinikiga keldi.

U Nazrga eshitgan bor gap-soʻzlarni aytdi. Malomat qilmadi. Aka-uka yerga qarashdi. Ular jimgina, soʻz aytmasdan xayrlashdi. Uka oʻz uyiga qarab ketdi. Nazr esa qishloq oralab toʻgʻri Eldor ovchinikiga keldi. Undan qoʻshotar miltigʻini oldi.

Kechasi, bemahalda tunni qoʻshotarning ovozi buzdi...

Ertalab jarchi janozaga odamlarni chorladi.

Nazr Hosiyatni yerga qoʻydi. Ma’rakalarini oʻtkazdi. Soʻng mahkamaga ketdi...