OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiOʻrnak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻrnak (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Berdi boboning qovogʻi hali oʻrnidan turmapsdan turib, koʻrpada oʻranib yotganidayoq solindi. Negadir oʻz-oʻzidan xafa boʻla boshladi. Oʻrnidan birdaniga turmadi. Koʻrpasida uyoqdan-buyoqqa agʻdarilib yotardi.

Biroz oʻtgan-ketganlarni eslagandek boʻlib, xayolan yoshlik yillarini ham yodga oldi. Entikdi. Oʻtayotgan kunidan koʻngli toʻlmayroq turdi. Oʻrnidan qimirlab, yostiqqa tirsaklab yonboshladi.

Bir mahal dahlizdan satilning taraq-turugʻi eshitildi. Kampiri sigir soqqan. Kelin uxlayapti. Nevaralari ham uygʻondi. Eshikdan kampiri bilan nevaralar ham kelishdi. Kampirning avzoyi buzilgan.
— Pashshaxonasida butini koʻtarib uxlayapti u kishim. Yigitesa tashqarida tomoq qirib yuribdi, - dedi kampiri zarda bilan.
— Ey, kampir betoqat boʻlma, yoshligiga boradi-da. Oʻzingizni ham bir eslab koʻring, - deya bobo kesatdi.
— Men yoshligimdan bundaylarning toʻrtta-beshtasining ishini qilardim. Charchash nimaligini bilmasdim. Bularga hayronsan. Ozroqqina ish qilsayam koʻtaram boʻlib qoladi, - dedi kampir.
— Koʻp javrama, kishining bolasi. Eshitsa yomon boʻladi. Asta -sekin oʻrganib ketadi, - deydi bobo.

Chol bu gapni kampiriga buyruq ohangida qat’iy gapirdi. Kampir ham aytilganlarni darhol anglab, jim qoldi. Bir muddat sukutdan soʻng chol oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi.

Berdi bobo tahorat olib, yana uyiga – dasturxon boshiga kelib oʻtirdi. Nevarasini erkaladi. Hammasi dasturxon boshida jamuljam oʻtirib choy ichishdi. Qisqagina suhbat ham qurishdi. Turar mahali Berdi bobo dasturxonga fotiha oʻqidi.

Choynak-piyola soʻng dasturxon xontaxtadan sekin-asta yigʻishtirildi. Kampiri tashqariga chiqdi. Kelin nevaralarni olib xonadan chiqar mahali oʻgʻli ham oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Berdi bobo shu paytda oʻgʻliga koʻz bilan «oʻtir» ishorasini qildi. Oʻgʻli joyiga choʻkdi. Ota-bola uyda yolgʻiz qolishdi. Bobo boshidagi telpagini yerga qoʻyib, sekingina oʻgʻliga yuzlandi. Obdon razm soldi.
— Sodiqboy, oʻgʻlim, - dedi bobo salmoqlab. – Mana yoshing ham oʻttizdan oshdi. Endi shu bugundan boshlab, qora qozoningni alohida qilasan. Oʻzingga somonxona, molxonani ham alohida qilib qurib olasan. Mol bilan otlaringni ham menikidan ajratib olgin. Xullas, aravangni oʻzing tortgin.
— Ota, ey,ey, qishning chillasida... men qanday qilib imorat quraman. Yoz kelsin, keyin oʻzim... aytmasangiz ham alohida qilaman, - deydi Sodiqboy.
— Yoʻq, bolam qishning qahratonida qilmagan ishingni yozning chillasida ham eslamaysan. Gap tamom. Shu bugundan boshlab tadorigingni koʻraver, - deydi bobo. – Mayli bolalaringning oldiga boraver.

Sodiqboy xotinining oldiga boshini egib keldi. U otasi bilan boʻlib oʻtgan gurungni zavjasiga aytib berdi. Ikkisi ham bir-biriga hamdard boʻlib, biroz diydiyo qilishdi.
— Mayli, xafa boʻlmang, Sodiqjon, somonxona bilan molxona boʻlsa qurib olamiz. Kuchimiz yetmasa ana akalarim bor, qarab turishmaydi, - dedi xotini.
— Oʻzimiz quramiz, akalaringdan yordam soʻrama. Otamni nima jin chaldi ekan-a? Shunga tushuna olmayapman. Qishning chillasida loy qorishning oʻzi boʻladimi? – deydi Sodiqboy.

Xullas, yildan qolgan tuyadek Sodiqboy qoʻliga belkurak olib, qorni kuradi, yerni tozaladi. Xotini esa oʻchoqda oʻtin qalab suv isitdi. Eri esa ketmonni olib, yerni yumshatdi. Molxona bilan somonxonaning tarxini qilishdi. Soʻng tosh qaladi. Oralariga somonli loydan qoʻshib, poydevorni bazoʻr uch kun deganda qurib bitkazishdi.

Er-xotin azob yedi. Ish ogʻir edi. Ogʻirligi ham mayli, sovuq suyaklaridan oʻtib ketdi. Ish unmasdi ham.

Berdi bobo bilan kampiri yoshlarning holini bilib tursa-da, zimdan kuzatardi. Atay ularning yumushlaridan xabar olmasdi. Bu esa Sodiqboy bilan xotinining gʻashiga tegardi. Lekin kampir ularning ish bilan andarmon ekanligini bila turib, oshu ovqatni oʻzi qilardi. Keyinchalik esa boboning oʻzi ham u-bu maslahatlarni bera boshladi.

Baribir jigar ekanda... Joni achidi.

Kelini akalarinikiga ketdi. Boʻlgan va boʻlayotgan voqeani boshdan-oxirigacha aytib beradi. Yordam soʻradi. Koʻzyoshlarini ayamasdan toʻkdi. Mushtiparning diydiyosidan akalarining rahmi keldi. Biri gʻisht, biri taxta, biri esa tunuka yana boshqasi nimalarnidir va’da berdi. Singilni ovutishdi.

Kechga yaqin kelin uyga keldi. Xursand. Sevinchidan oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi. Xandakda loy qoriyotgan erining oldiga kelib, ertadan boshlab ishlar yurishib ketishini aytdi. Akalari bergan va’dalarni soʻzladi. Sodiqboy xotining gapidan bir qarich oʻsdi. Kun qanday kech boʻlganini bilmay qoldi.

Ertasiga Sodiqboyning qaynogʻalari gʻisht, tunuka, taxta-yu yogʻochlarni uyiga keltirib tashladi. Ular ham singlisi bilan kuyovining holiga achinganday boʻlishdi. Boz yordam kerak boʻlsa, bajarajaklarini aytishdi. Er-xotin ularga tashakkurlar aytib, koʻzlarini jovdiratib oʻtiraverdi. Sodiqboy ularning oldida muztar boʻldi. Qaynogʻalarini uyga taklif qildi. Ular esa unashmadi. Ish koʻp, boshqa safar, deb hovliga chiqishdi. Ular xayrlashishdi.

Ertasiga ertalabdan xotini oʻchoqqa oʻtin qalab, qozon toʻla muzni erita boshladi. Sodiqboy esa xandaqdagi qotib qolgan kesaklarni ketmon bilan maydalab, loy qilishga unnay boshladi. Ular suvni isitib, loyni qorib, gʻisht tera boshladilar. Hafta ichida imoratning devorlari tiklandi. Soʻng bolorlarni yotqizib, taxtalarni toʻshab, tunukani qoqishdi.

Sodiqboyning imorat koʻtarishi oson kechmadi.

U xursand, shodligiga sherik izlaydi. Somonni somonxonaga, mollarini esa molxonasiga qantardi. Oxuriga yemish soldi. Tomning shiftlariga, devorlariga razm solib qaradi. Bu ishlarning hammasini oʻzi qilganiga ishongisi kelmasdi.

Xuddi shu mahali bobo ogʻilxonaga kirib keldi. U ham tevarak-atrofga alangladi.
— Hormang, Sodiqboy oʻgʻlim, - dedi otasi. – Imorat qulluq boʻlsin.
— Qulluq ota, qulluq, - deya u boshini ham qildi.
— Buyursin, bolam, - dedi otasi.
— Rahmat ota, rahmat, - dedi oʻgʻil.
— Sen mendan xafa boʻlmagin. Agar men shu ishga seni majbur qilmaganimda yanayam yuraverarding. Bolam sen koʻpchilikka oʻrnak boʻlding, - dedi otasi.
— Bildim ota, tushundim. Sizga rahmat. Koʻp narsani oʻrganganday boʻldim, - dedi oʻgʻli.
— Hali hech narsani bilmaysan bolam, koʻpi oldinda, - dedi ota.

Ota bola sekin tashqariga chiqib, uy tomonga yura boshladi. Oyoqlari ostida qor gʻichirlardi...