OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiOʻtinch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻtinch (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Uning tugʻilishi oila uchun va boshqa qarindoshlar orasida ham unchalik diqqattortar voqea boʻlmadi. U ayni kunlar zabtiga olib keladigan palla – javzoning oxirlarida dunyoga keldi. Unga Mohitob kampir doyalik qildi. Tugʻilish oson kechdi. Oʻziyam ogʻir va vazmin edi. Kindigini kesayotganida qattiqroq yigʻladi. Opasi va akalari qarindoshlardan suyunchi olgani yugurib ketishdi.

Otasi ishdan kelib, hammaga suyunchi berdi. Mohitob kampirga ham qoʻl haqi deb pul berdi. Ammasi esa nedir bir tugunchani doya kampirga tutqizdi.

Ota oʻgʻliga ism qidirdi. Oʻtgan-ketgan, uzoq-yaqin, teng-toʻshini koʻz oldiga keltirdi... Soʻng – Ernazar degan ism unga ma’qul boʻldi. Uning tugʻilishiga, oʻsishiga, kamoliga nazar tushsin, degan nedir ilinj ham bor ediki, buni ota ism qoʻyish orqaligina tasdiqlamoqchi boʻlardi.

Xullas, chaqaloqqa - Ernazar degan nom berishdi. Uni choʻmiltirib, soʻng qulogʻiga ismi bilan azonni qoʻshib aytib, beshikka belashdi...

U beshikda bemalol, injiqlik qilmasdan, bamaylixotir yotardi. Sekin-asta uni koʻrgani qoʻshni bolalar ham chiqishadigan boʻlishdi. Ular chaqaloqning yonoqlarini ushlab, hattoki turtib ham koʻrishardi. Qoʻl-oyoqlari bogʻliq chaqaloq esa ogʻzini ochganicha faqat kulib qoʻyardi. Uni onasi emizgandan keyin, alla aytib uxlatishardi. Onasi aytadigan allalarni opasi bilan akalari ham bilardi. Chaqaloqni uxlatish kerak boʻlsa, ular ham bemalol alla aytib, beshik tebratishi mumkin edi. U opasining dugonalari kelganda aytiladigan alla bilan onasining allasini farqlay olardi. Uni hamma kelib tomosha qilardi. Badanlarini qitiqlab kuldirishardi. Unga yashirincha meva-cheva, shirinliklardan berishardi. Hattoki, tomogʻida qolganida ham akalari uni eshakka mindirib, Sanam ilgirga opkelib, tomogʻini tozalatib ketardi.

Uning tili ham, oyogʻi ham kech chiqdi. Beshikdan hovliga chiqqanida birinchi boʻlib u Oqtoy laqabli it bilan tanishdi. Uning dumini va quloqlarini tortdi. Ustiga chiqib mindi hamki, Oqtoy jim oʻtirdi. It hovlida zanjirlanmasdan bemalol yurardi. U bu xonadonga taalluqli boʻlgan hammani tanirdi. Oqtoydan tashqari bu hovlida ot, eshak, mushuk, sigir-buzoq va oʻntacha qoʻy ham yurardi.

Endilikda u ham hovlidagi jonivorlarni koʻrinishidan va koʻzlaridan farqlay boshladi. Akalari roʻzgʻordagi yumushlarni boʻlishib olganligini ham sezdi. Masalan, katta akasi – Naim ot bilan eshakka qarardi. Keyingi akasi – Samad sigir-buzoqqa, Noʻ‘mon esa qoʻylarga qarardi. It bilan mushukka esa opasi va onasi qarardi. Otasi esa faqatgina Oqtoyni xushlardi. Onasi doim Oqtoy uchun bir qozonda ovqat qaynatar edi.

U hovlining oʻrtasida oʻsgan qayragʻoch tagidagi supada yotib yon-atrofni kashf qila boshlayotgandi. U hovlidagi chumchuq, musicha, mayna qushlarni ham yuz-koʻzlaridan taniydigan boʻldi. Hatto ularning paloponlarini ham bir qarashda taniydigan darajaga erishdi. U hovlidagi hayotni kuzata turib, ajablanardi. Qarasaki, sigir qoʻylarni suzib, oxuridagi yemishini yeb qoʻyardi. Ot esa eshakning oldidagi yemga koʻz olaytiradi. Eng yomoni, mushuk tarnovning tagidagi uyadan tushib ketgan chumchuqning paloponini tap tortmasdan yeb qoʻydi. Shunda u mushukni yomon koʻrib qoldi. Uni quvib soldi va uyga kirgizdirmadi. Nar va moda chumchuqning bolasini izlab chirqillashini unsiz kuzatib turardi. U hayotda eng birinchi boʻlib, mushukni yomon koʻrdi. Mushukning qilgan ishlari uning xayollarini buzib, aqlini shoshirib qoʻygandi. Ayni voqeadan u taajjubga tushdi. Otasining ishdan kelishi va unga boʻlgan hodisani bir boshdan aytib berishni oʻylab, darvoza poyladi.

Otasi ishdan keldi. Naim otni tablaga bogʻladi. Boʻyniga esa yemxaltasini osdi. Samad esa yelkasida sochiq bilan otasining qoʻliga oftobdastada suv qoʻydi. Otasi toʻgʻri kelib supaga oʻtirdi. Opasi dasturxon opkelib yozdi. Ernazar ham kelib otasining yonidan joy oldi. Otasi uni erkalay boshladi. Onasi ovqat keltirdi.
-Ota, pishak chumchuqning bolasini yeb qoʻydi, - dedi bola hayratlanib.

Otasi ogʻir xoʻrsindi. Uni tushunganday boʻldi.
-Men endi pishakni uyga kiritmayman, uni haydab yubordim, - dedi bola.
-Oʻgʻlim, sening nazaring yaxshi, koʻpam oʻzingni urintirma, pishak – bu hali holva bolam, oldinda hali bundan ham yomonroqlari turibdi. Diydangni qattiqroq tut, bunaqa ta’sirchanliging senga koʻp tashvish keltiradi. Dunyoning ishlari shunday yaralgan. – deydi otasi ogʻir xoʻrsinib.
-Ota, chumchuq unga yomonlik qilmadi-ku! Nega uning bolachasini yeb qoʻyish kerak? – yana soʻroqlaydi bola.
— Menam senday paytimda xuddi shunday kuyinganman. Hayotda har narsani toshu taroziga solaverib charchab ketasan. Bir xil murtadlarni koʻrasanki, ularni toshu taroziga solishga ham irganasan. Sening kichkina aqlingga bunaqa gaplar koʻplik qilar, hayotning oʻzi senga aql oʻrgatib boraveradi, koʻpam koʻyinma, - dedi otasi.

Ernazar eshitayotgan gaplarining ma’nosi ne ekanligini bilmoqqa chiranardi. U otasining aytganlarini qaytadan eslab, koʻngli xotirjam boʻldi. U yomon koʻrgan mushuk negadir yoʻqolib qoldi. Opasi va akalari uni izlab ham topisha olmadilar. Soʻng akasi – Samad Haydar boboning mushugining bolasidan birini opkeldi. U kichkina edi. Hamma unga qiziqsinib qarardi. Aka-uka mushukchaga sut berardi. Ikkovlashib sutga un qorib – atala ham berishdi. Samad mushukchaga ot qoʻyganini va buni hali hech kimga aytmaganini, agar rozi boʻlsa, unga aytishini bildirdi. Ernazar soʻz berdi. Samad mushukni egasining ismi bilan - Haydar deb nomlabdi.
-Axir odamning ismini hayvonga qoʻyib boʻlmaydi-ku! Haydar bobo otamning joʻrasi, eshitsa xafa boʻladi, - dedi Ernazar.

Samad unga choʻntagidan bir necha chaqilgan yongʻoq bilan mayiz chiqarib berdi.
-Mushukning otini hech kimga aytma. Faqatgina ikkovimiz bilaylik, - deya ukasiga tayinladi.

Ernazar koʻndi. Samad qitmir edi. U maktabdan kelib mushugini topa olmaydi. «Balki, onasi kelib, uyiga opketib qolgandir,» deb oʻyladi-yu Ernazar bilan Haydar bobonikiga keladi...

Ular darvozadan kirib kelib, uy egasining toklarni qirqayotganini koʻrishdi. Haydar bobo ularning kelganidan bexabar bemalol oʻz ishi bilan andarmon edi. Ular asta keldi-da, boboga salom berishdi. Bobo alik oldi.
-Bizlarning Haydar pishagimiz siznikiga kelmadimi? – deya uy egasidan soʻraydi Ernazar.
-Nima, nima deding? – deya jahl bilan soʻraydi mezbon.
-Haydar pishagimizni yoʻqoldi, balki onasi bu yerga opkelgandir? – deya qayta soʻraydi Ernazar.

Haydar boboning jahli chiqib, bolakayning boʻynidan ushlab, uylarigacha opkeladi. Bobo uni onasiga topshirib, olamjahon gaplar bilan rosa uyaltiradi. Shundan keyin u onasidan bir oʻqlov ham yeydi.

Otasi unga indamadi. Gapirmadi ham. Lekin Samadni koyidi. Ernazar Haydar boboning oldida uyalib, hatto uni koʻrsa, yashirinib oladigan boʻldi.

Samad esa hovlidagi barcha jonivorlarga avvalgi egalarining va qoʻshnilarning ismini nom sifatida qoʻyib tashladi. Bu laqablarni Samad faqatgina Ernazarning oldida tilga olardi. Shunda Ernazar akasiga qattiq tanbeh berdi. Va aytdiki:
-Samad sen notoʻgʻri qilyapsan. Otam eshitsa xafa boʻladi. Boshqalar ham eshitsa shu. Oʻzing oʻylab koʻr, begonalar ham oʻz hayvonlarini sening, mening, otamning yoki boshqa birimizning nomi bilan atasa senga yoqadimi? Aka, birovning ustidan kulma! Sen shunday qilaversang, hammasini nomma-nom qilib otamga aytaman. Sen oilamizning sha’nini oʻylashing kerak, Samad!..

Ernazar otasi bilan onasining nimanidir hal qilayotgandek, jiddiy ohangda soʻzlashayotganlarining ustidan chiqdi. Gap opasiga kelayotgan sovchilar haqida edi.

Opasini kech kuzda uzatishadi. Soʻng Naim qolib, Samad uylanadigan boʻladi. Otasi Samad uylanmoqchi boʻlgan qizning otasini unchalik hushlamasa-da, oʻgʻlining koʻngli uchun sovchi joʻnatadi. Qizning otasi – Shavqiddin qori tixirlik qiladi. Samadning oʻzi ham Xonbibining onasi – boʻlajak qaynonasi bilan uchrashadi. Dardini aytadi. Koʻnglini yoradi... Oxiri non ushataladi. Fotiha toʻyi qilinadi.

Endi esa Samadning yurish-turishi oʻzgaradi. Ernazarga nasihat qiladigan, oʻzini bosiq, vazmin koʻrsatadigan boʻldi.

U Samadning oʻzidan begonalashayotganini his qila boshladi. Opasi ham turmushga chiqqanidan keyin avvalgidek emasligini oʻylay boshladi. Ernazar ayni xayollarga berila turib, yuragi ezilgandek boʻldi. Ertaga Naim, Noʻ‘mon va oʻzi uylansa, otasi bilan onasi ne qilar ekan? Munosobatlar ne kechar ekan? Axir otasi bilan onasining bagʻrida hammasi birga yashasa ne boʻlardi?..

Hayotning bu taxlit qurilishi Ernazarga ajabtovur tuyular edi. U nedir nomutanosiblik borligini qiyinchilik bilan zoʻr-bazoʻr ilgʻab olardi. Ernazar hayotning turli xil soʻqmoqlari, taqdirlari borligini bildi. Endi koʻpgina narsalarga ajablanmay qoʻydi...

Ota-onasiga begona boʻlmaslik lozimligini oʻyladi. Agar uylansa ham ularning oldidan ketmaslikka ahd qildi...

Biroq Ernazar olis yurtga ketdi. Orada koʻp voqealar ham boʻldi. Eng yomoni otasi ham bu orada olamdan oʻtdi. Onasi esa Samadning qaramogʻida qoldi. Onasi nevaralari bilan ovunib yurardi. Ernazar oʻqishda boʻlib, vaqt-bevaqt onasidan xabar ololmasdi. U onasiga mehribon edi. Ernazar otasiga koʻrsataolmagan xizmatlarini onasiga qilmoqchi boʻlardi. Yuragida katta kuch bor edi.

Javzoning soʻngi kunlari edi. Ernazar qoʻliga yarogʻini olib, muallimlik yoʻlini tutmoqchi boʻlib yurgan kezlar. Kutilmaganda akasi – Naim keldi va uni qishloqqa olib ketdi. Ular kelib bir paytlar otasi yashagan – Samadning uyiga qoʻndi. Aka-ukalar hol-ahvol soʻrashib, koʻrpa-toʻshak qilib yotgan onasining yoniga oʻtishdi. Qarasaki, opasi onasining qoʻllarini uqalab turibdi.

Ernazar oʻzini onasining ustiga sekingina tashladi. Naim jim oʻtirdi. Ona koʻzlarini ochdi. Kuldi. Bolalari bilan soʻrashdi.

Ernazar yigʻladi. Ona uni yupatdi. Onasiga qoʻshilib opasi, ikki akasi ham Ernazarni ovutardi. Biroq uning yuragi bezovta edi...

Ona hech narsani bildirmasdi. Uning yuzidan ma’ni uqish ayni damda qiyin edi...

U suhbat oralatib hamma bilan rozi-rizolikni soʻrab oldi. Oʻtgan-ketganlardan, onasi-yu otasidan, rahmatli eridan gapirdi...

Hammasi joyida edi.

Ona atrofdagilarini yupatgan, atrofdagilar esa onani ovutgan kishi boʻlishdi...

Saharlab qishloq boʻylab jarchining ovozi yoyiladi. Hamma Samadnikiga azaga. Onani peshinda chiqarishdi. Ernazar dod solib yigʻladi. Barcha marosimlar tugadi...

Ernazarning koʻksida armon bor edi. U hayot oʻziga nisbatan beayov, gʻirromlik qilayotganini tushuna olmasdi. Nega unga navbat kelganida omad yuz ugiradi? Baxt kam boʻladi? Tole’ xira tortadi?

Ernazar qishlogʻiga keladi. Akasi Samad uydan ikkita xonani unga ajratib beradi. Qishloq maktabiga ishga kirdi. Yarim kun dars beradi. Soʻng bekorchilik. Akasining mollariga qarashadi.

Kunlari shu taxlit oʻtayotgan bir pallada unga opasi «aql» boʻladi. Va aytadiki:
-Uka, qachongacha shu zaylda yuraverasan. Sen qatorilarning bolalari... Sen boʻlsang... Hoshim karning Gulsara qizi? Haydar boboning Gulnora qizi? Sayfi choʻponning Qirmiz qizi? Yana qaysi birini...tanlagin. Biz qulchilikka boraylik?

Bari boʻlmadi. Akasi – Noʻ‘mon qoʻshni mahalladagi Yoqub ovchining qizi – Oypopukning daragini topib keldi. Taqdiri qoʻshilgan ekan, tez orada ularning toʻylari boʻldi. Uning koʻngli baribir ilimadi. Oypopuk ham Ernazarning savollariga javob, armonlariga malham boʻla olmadi. Oypopukning gaplari yengilroq edi. Vaqt oʻtib, kelinning gapning qizigʻiga qarab, oz-moz yolgʻon aytishi ham aniq boʻldi. Ular oltita bola koʻrishdi: uch oʻgʻil, uch qiz. Oypopuk hali – hamon yolgʻonlari bilan erini qoniga tashna qilardi. Qarasaki, er ham yolgʻon aytishga odatlanib olibdi...

Ernazar oʻnglanmagan taqdiridan norizo boʻldi. Akasi – Noʻ‘mondan norozi boʻldiki, chunki u qandaydir Oypopukni topgan edi. Topib, uni Ernazarga ortmoqlagan edi ham.
-Aslida ayb mening oʻzimda, - deya keyinchalik oʻylardi Ernazar. – Negaki, men oʻz taqdirimni Noʻ‘monga topshirdim. Axir, odam bozorga borib mol olmoqchi boʻlsa hamki, avval uning qaddi bastiga qaraydi, ogʻzini ochib tishlarini koʻradi. Narxu navosini surishtiradi. Men esa yetti yot begona, mutlaqo bilmagan odam bilan hayotimni bogʻladim... orada oltita bola... Undan narida yolgʻonchi xotin...

Hammasi ham mening taqdirim. Men bu dunyoga mana shunday yashash uchun va mana shunday taqdirga ega boʻlish uchun kelmagan boʻlsam kerak-ku, axir!..

Nahotki, dunyo deganlari shu boʻlsa?..