OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiOqbosh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqbosh (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Ancha olis zamonlar edi. Bosqinlaru tala-tala avj olgan. Har tomon notinch. Olamda nima voqea sodir boʻlayotganidan bexabar el har turli mish-mishlarga intiq turardi. Tahlikali hayot edi.

Jom, Ayritom va oʻn bir daha qishloqlarida yaxshi oti bor boʻz yigitlar va baquvvat odamlarni baobroʻ xonadonga chorlab, Shoʻroga qarshi kurashishga da’vat qilishardi. Ulardan ham birovi koʻnadi va boshqasi esa rozi boʻlmasdi.

Muhtaram oʻquvchi, hikoyamizning shu yerida bir oz chekinish qilsak. Chekinish shuki, kamina qoʻhna dunyo, tarixiy shaxslar, joylar haqida materiallar toʻplay boshladim. Kunlarning birida Oqbosh bosmachi haqida ham koʻp iliq gaplarni eshitdim.

Xullas, Oqboshning taqdiri va tarixi meni oʻziga tortgandi...

* * *

Shifoxonadaman. Oyogʻimni operatsiya qilishgan. Yozda bemorxonaning palatasida yotishning oʻzi boʻlmas ekan. Issiq azob beradi. Xonadagilar bilan uyoqdan-buyoqdan gurung qilamiz.

Qarindosh-urugʻ, hamsaboqlar koʻrgali kelishadi. Doʻxtiru hamshiralar emlashib ketishadi. Vaqt yetib, menga shifoxonadan javob berishadi. Koʻch-koʻronimni koʻtarib, musofir shaharda togʻamnikiga keldim. U yerda ertangi safarim – uyga, qishloqqa qaytishga tayyorgarlik koʻryapman. Safar jabdugʻi tayyor. Tepamdagi quyosh botib, tong otishi bilan men ham yoʻlga otlanaman.

Kechki payt togʻam ishdan keldi. Osh pishirdik. Qozon boshidan togʻa-jiyan savol-javob qildik.
-Oyogʻing ogʻrimayaptimi?
-Yoʻq.
-Ehtiyot boʻl, ogʻir koʻtarma. Qishloqqa qachon ketyapsan?
-Ertaga ertalab. Agar uydagilarga gap boʻlsa...
-Yoʻq, hammaga salom deysan.
-Shu togʻa bir gap bor edi...
-Nima ekan u gap?
— Oqbosh bosmachi degan odam boʻlgan ekan. Shu odam meni qiziqtirib qoldi. Ayritomdan ekan. Oʻrganib, biror narsa qilsam devdim. Shunga sizning maslahatingiz kerak edi.
— Katta masala-ku? Yoshlik qilasan hali. Mayli. Ayritomda Ismoil Toshqulov degan odam bor. Bir paytlar dongʻi ketgan rais boʻlgan. Buvang bilan oshno. Ana shu odamning oldiga borasan. Koʻp narsadan xabardor. Otam u kishini maqtardi. Mendan salom aytasan-da, gurung qilib, soʻrab olasan...

Togʻa-jiyan ancha mahalgacha suhbatlashdik.

Olam jahon nasihatlar bilan uyga keldim. Hafta-oʻn kun jarohatlar bilan ovora boʻldim. Xudoga shukr, yara tezroq bitdi. Bemalol yuradigan boʻldim.

Yana Oqbosh bosmachining tarixini izlay boshladim. Bu borada sinfdoshim Eldorga gap ochdim. U «xohlasang birga u yerga boramiz. Ayritomda qarindoshlarim bor,» - dedi. Soʻng u bilan mashinada yoʻlga tushdik. Ayritomga kiraverishda odam gavjum joyda toʻxtadik. Mashinadan tushib, ular bilan koʻrishdik. Maqsad muddaomizni bayon etdik.

Ulardan biri ichkariga kirib ketdi-da, «sizlarni kolxoz idorasining oldida kajavali mototsiklda – Bozorboy aka degan odam kutib turibdi. Tez boringlar, ana shu kishi sizlar izlayotgan odamni yaxshi biladi,» deya yoʻl koʻrsatdi.

Sherigim bilan kajavali mototsiklni qidirib kelaverdik. Biroz yurganimizdan soʻng xoʻjalik idorasining oldida barvasta odam aytilgan ulovning yonida turganicha qoʻlini bizga sermadi. Toʻxtadik. Koʻrishdik. U kishi «mening ortimdan yuraveringlar,» deya mototsikliga mindi. Tepalikka chiqdik. U kishi bizlarga uyini, ogʻilxona, tomorqasi-yu boshqa amlokini koʻrsatardi. Soʻng pastga tushdik. Bozorboy akaning bolalari qoʻlimizga suv qoʻyib, sochiq tutishdi.

Mehmonxonaga yoʻl boshladi. Oʻtirdik. Dasturxon yozildi. Bir pastda dasturxon yegulikka, uy esa odamga toʻldi. Gapning rosti, uy egasi – mezbon – Bozorboy aka xavotirda edi. Men bilan Eldorni mezbonlar savolga koʻmib tashladi.

«Kimsizlar?» «Jomning qaeridan, kimlardan boʻlasizlar?» «Jomning bozorida molning narxi qanday? Tovuqniki-chi? Ot-chi! Ot?»

«Ayritomning kuchuklari yomon. Bu yerda ham bezori bolalar koʻpayib ketgan. Tunov kuni moloʻgʻrilarini yigitlar tutib olib rosa urishibdi.»

Uydagilar bizdan gumonsirar edi. Negaki, ikkovimiz ham yosh. Tagimizda esa mashina. Salkam bir asrdan ziyod tarixni titkilash uchun bir eldan boshqa elga borganmiz. Buning ustiga bizni qiziqtirgan odam dongdor mexanizator yoki zarbdor mehnatkash emas, balki Oqbosh bosmachi edi.

Turgan gapki, Oqbosh bosmachining tarixini bilmoqchi boʻlgan bu ikki jinqarcha mezbonlarni hadiksiratib qoʻygandi. Shu mahalda davraga oʻrta boʻyli, koʻzlari tik qaraydigan, qoruvli bir moʻysafed kirib keladi. U kishini davra ahli darrov toʻrga oʻtkazdi. Hamma yuziga fotiha tortdi. Bir-birimiz bilan qaytadan soʻrashdik. Moʻysafed bizlarni savolga tutdi:
-Qaerdansizlar, bolalarim?
-Jomdanmiz.
-Kimlardansizlar?

Birinchi boʻlib Eldor, keyin men ota-bobolarimizni aytamiz. Qariya jim eshitib oʻtirdi. U uy egasiga qarab, «Bozorboy, tashvish qilib oʻtirma. Bular mening mehmonim ekan. Men bularning bobolarining koʻp tuzini yeganman. Qani, dasturxonga omin. Hamma bizning uyga. Ketdik, qani turinglar,» deya ortidan bir uy odamni ergashtirib joʻnadi.

Hammamiz hayron. Qariya uyiga kelganida yana bolalariga amr qildi:
-Temur bolam, Jomdagi joʻramning nevaralari kelibdi. Oyogʻining tagiga jonliq soʻy. Uyni tayyorlanglar.

Qoʻchqor soʻyildi. Gurung orasida hammasi ayon boʻldi. Bizlarni kutib olgan Bozorboy aka Oqbosh bosmachining nevarasi ekan. Qariya esa bir paytlar Ayritom ya’ni Fayzulla Xoʻjaev xoʻjaligida raislik qilgan Ismoil Toshqulov boʻlib chiqdi. Buning ustiga u kishi Oqboshning singlisini olgan ham ekan. Qariyaga togʻamdan salom aytdim. Ziyofat maromiga yetsa ham gurung tugay demasdi. Gurungning oʻzanini Oqbosh bosmachiga buramiz. Ismoil Toshqulov koʻzlarini olislarga qadaganicha, chuqur xoʻrsinib, hikoyasini boshlaydi.

«Oqboshning otasi-bobosi elning oʻqimishli, kayvoni, old odamlaridan edi. Birov ularning oldini kesib oʻtolmasdi. Kambagʻalparvar, yetim-esirning boshini silaydigan, raiyatparvar roʻzgʻor edi.

Ular Ayritom elining boy odamlaridan biri hisoblanardi. Oqbosh Buxorodagi Mir-arab madrasasida qanchadir vaqt ta’lim ham oladi.

Unda dini iymon bor edi.

Nimadir boʻladi-yu el toʻzib qoladi...

Shoʻro hukumati tuziladi. Qizil askarlar miltiqlarini osib olib odamlarni qoʻrqitardi. Koʻziga chiroyli koʻringan anjomlarni soʻroqsiz istifoda qila boshlaydi.

Elning martabali odamlarini chorlab, anjumanlar oʻtkazib, shoʻroga da’vat qilardi. Nenidir va’da qilardi. Sarpo-suruq in’om qilardi. El ikkiga boʻlinadi. Biri shoʻroga xizmat qiladigan, boshqasi esa kimning etagidan tutishini bilmaydigan toifa edi. Mana shu toifa shoʻroga qarshi edi. Boshda ular shoʻroning qilayotgan ishlaridan ich-ichidan nafratlanardi. Oxiri hammasi qoʻliga qurol oladi. Ular Oqboshning atrofida jipslashadi. U boshda qoʻshni qishloq va hatto keyinchalik Turkiston, Buxoro, Nurota, Shahrisabz, Denov va Fargʻonadek joylar bilan aloqa qila boshladi.

U tilga tushdi. Tevarak-atrofda Oqbosh mashhur boʻldi. Unga yon atroflardagi gʻururli yigitlar kelib qoʻshila boshladi. Bu irmoqlar oxiri xuddiki daryodek boʻldi. Shoʻroning zobitlari ham ulardan choʻchiy boshladi. Oqboshni oʻzlariga ogʻdirish uchun koʻp urinishdi. Barisi befoyda ketdi. Oqbosh ularning na mansabiga, na oltinu olmoslariga koʻndi...

Uning askarlari Nurota, Choʻnqaymish, Shahrisabz togʻlarida qoʻnim topdi.

Shoʻroning askarlari kechasi besar yurgan odamlarni soʻroqsiz kolxozning otxonasiga qamab qoʻyardi. Ularga azob berardi. Ust-boshini yechib olib, uyiga haydab yuborardi. Odamlarning uyiga ham daxl qila boshladi.

Oqbosh ularga qarshi kurashadi. Shoʻroning koʻp askarlarini ayovsiz qirib tashladi. Buni kutmagan shoʻro garang boʻlib qoladi. Kengashib Oqbosh va uning navkarlarining boshini garovga qoʻyishdi.

Odamlarning qoʻy-mol, ot-eshagini oʻzlari oʻgʻirlab, Oqboshning odamlari oʻgʻirlagan, deya gap tarqatadi. Uning navkarlarini ich-ichidan boʻlmoqqa shaylanishdi. Shoʻroning urinishlari bekorga ketmadi. Kechikibroq boʻlsa-da, oʻzining natijasini bera boshladi.

Choʻnqaymish togʻlarida yurgan, Oqboshning ishonchli vakili Miraliga qishloq shoʻrosining kotibligini taklif qilgan ekan. U darrov beshta qipchoqni oʻldirib, navkarlar orasiga nizo solib, oʻzi kotiblik martabasiga erishdi.

Shunday qilib Oqboshga sotqinlik qiladiganlarning soni koʻpayib boraverdi. Odamzot xom sut emgan banda deb bekorga aytmas ekanda. Shunday kunlarning birida Oqbosh Nurota tevaragidagi Xatirchidan bir Barchin degan arab xotinga uylanadi. Arab xotin undan Rajab degan bola tugʻadi. Shoʻrolar Oqboshning arab xotinini ham ishga solishadi. Ular Barchinga bir xurjun taqinchoqni shoʻrolar nomidan in’om qilishadi. Evaziga esa bu xotin erini tutib berishi kerak edi. Arab xotin rozi boʻlmaydi.

Ular yana bir xurjun taqinchoq eltganlaridan soʻng Barchin rozi boʻladi.

Oqbosh uyiga koʻngli gʻash boʻlib keladi. Barchin esa unga girgitton boʻlib xizmat qiladi. Oʻgʻli – Rajab otasiga onasining taqinchoqlarini koʻrsatadi. Oqbosh xotinini oʻlasi qilib uradi.

Yelkasiga chakmonini iladi-da, otiga minib navkarlari bilan Shahrisabzga keladi.

Bu yerda ham xiyonat hidi seziladi. Omon degan navkari shoʻro tomonga hech gap-soʻzsiz oʻtib ketadi. Omon onasi bilan qishloqma-qishloq yurib xotin-xalaj orasida ozod zamon haqida soʻzlab, paranjilarni olovda yoqishadi.

Shoʻro Omonga emas, balki onasiga mansab beradi...

Oqbosh Shahrisabzda ham koʻp turmaydi. Bu yoqda shoʻro hukumati ham kuchaya boshlagan. Ularning quro-yarogʻi ham zoʻr edi. Toʻp-zambarak bilan togʻu toshlarni talqon qilardi. Qolgan joyda esa fitna bilan yerli sotqinu xoinlarning koʻmagida ildamlay boshladi. Shoʻroning qoʻli baland kela boshlagandi.

Oqboshning dasti kaltalik qilayotganini oʻzi ham atrofdagilar ham sekin ilgʻay boshlashdi. Shahrisabz, Jom togʻlarida shoʻro askarlari bilan soʻngi bor kurashdi. Ularga qiron keltirdi.

Tiramohning oxirlarida Oqbosh navkarlarini, sardorlarini yigʻadi. Katta va quyuq ziyofat beradi. Davradagilarning hammasiga tashakkur aytadi. »Xizmatingizga rozi boʻlinglar. Mendan yaxshi-yomon gap oʻtgan boʻlsa avf etgaysizlar. Hammangizdan roziman. Shu yerda tarqalamiz,» deya Oqbosh yigitlari bilan koʻngli oʻksib, hatto yigʻlab, uzoq xayrlashadi.

Shundan keyin Oqbosh yonida eng sodiq beshta yigiti bilan Turkistonga ketadi. Shoʻro bilan talashmaydi. U yerda tinch-totuv yashaydi. Chimkentlik bir oʻzbek ayolga uylanadi. Undan bola-chaqa orttiradi.

Turkistonga anovi Barchin degan arab xotin chaquv yuboradi. Keyin Oqbosh bir kechada koʻch-koʻronini olib Afgʻonistonga oʻtib ketadi. Atrofdagi yigitlarini ham olib ketadi. Keyinchalik Oqbosh Turkiyaga, undan soʻng Olmoniyaga kelib yashaydi.

U kishi shu ketganidan keyin Ayritomga qaytib kelmaydi. Ancha yillardan soʻng Bozorboyni ham olmonlar yurtiga chaqirishadi. Bu bola u yerga borib bobosining qazo qilganini biladi. U yerdagi oʻgay birodarlari bilan tanishadi, diydorlashadi.

Oqboshning Istat degan oʻgʻli xajga borib kelgan ekan, u kishi Bozorboy ketar chogʻida unga bir xaltani tutqazibdi. Bozorboy olmayman bu nima oʻzi, deb soʻrabdi. Istat esa, uka, bu otamning qabridan olingan tuproq shuni olib borib Ayritomdagi bobolarimizning yoniga koʻming, debdi.

Bozorboy tuproqni opkelib, jonliq suyib, qabristonda ismi rasmini qildik.

Oqboshning qabrini tavof qiluvchilar koʻpayib ketdi. Xachirchidagi Barchin degan xotini ham shu yerda yashadi. U oʻlganida Oqboshning qabri yoniga koʻmdik. Zangʻar, shunday nasihat qilgan ekan.

Keyingi davrlarda Oqboshni maqtovchilar koʻpayib ketdi. Uni bosmachi deb atash ham urfdan qoldi.

Yaqinda maktab, kecha esa mana shu koʻchani ham Oqboshning nomi bilan atashibdi... Ajib zamonlar ekanda...»

Shu bilan Ismoil Toshqulovning Oqbosh haqidagi hikoyasi tugaydi.

Bizlar Ayritomlik mezbonlar bilan xayrlashib, tun qorongʻusida uyga qaytamiz.

Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukr...