OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiQoʻmsash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻmsash (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Kech kuz edi. Adirdagi oʻtlar xuddi bahordagidek yam-yashil. Yantoq va karrakning dimiqqan hidini sezish qiyin emas. Ayniqsa, burganning buyi uni oʻziga jalb etdi. Burgan unga otasini eslatardi...

U soy yoqalab ortidan bolalarini ergashtirganicha togʻ tomon yura boshladi. Havo ham yaxshigina edi. Qoʻy-qoʻzi, ot, sigirlar adirda oʻtlab yurishardi. Jonivorlar undan hurkmasdi ham.

U bir paytlar mana shu yoʻllardan koʻp qatnagan. Eshak minib togʻdan, adirdan uyga tezak, oʻt-oʻlan, xasu xashak tashigan edi.

Yerni bosar ekan, chimning yumshoqligini, oʻtning mayinligi ham unga esh boʻlayotganini sezdi. Togʻning eng baland choʻqqisiga chiqqanida oʻzida charchoq sezdi. Bolalari esa qichqirib oʻynashardi. Nafasini rostlab olish uchun yerga oʻtirib oldi. Tanida rohat sezdi. Dimogʻiga allanechuk tanish hid urilgandek boʻldi. Koʻngli oʻrtandi. Atrofida uloqchalar dikonglab oʻynab turibdi. Nariroqda sigirlar kavsh qaytarib, uni kuzatardi. Bu yerdan tevarak-atrof – butun qishloqni juda yaxshi boʻlmasa-da, harholda ravonroq koʻrish mumkin edi. U xursand, kayfiyatining yaxshiligidan maysaning ustiga chalqancha yotib oldi. Osmonni kuzatdi. U koʻm-koʻk edi. Siyrak bulutlar u yer – bu yerda kichkina xoldek turardi. U samoni yayrab kuzatayotgandi. Bolalari ham goʻyoki uni tushunganday, unga yaqin yoʻlamasdi.

Mullatoʻrgʻay uchmay qoldi. Togʻdagi barcha qushlarning oʻynoqi sayrashlari ham toʻxtadi. Ularda qandaydir jonsaraklik boshlandi. Ajabtovur ovozlar chiqarib, bir-birlarini xavfdan ogoh qila boshladi. Qushlar oʻz uyalariga yashirinib olishdi.

U osmonda toʻrt-beshta qushning qanotlarini keng yoyib, sekin aylanayotganini koʻrdi. Darhol, fikr qildi: «Burgut» Haqiqatdan ham yirtqich qushlar bemalol qanotini yoyib, suzib yurishardi. Goh - goho qanotlarini silkib-silkib qoʻyishardi.

Burgut unga otasini eslatdi. U bir paytlar mana shu togʻlarning ustida oʻt oʻrib, burgan, yulgʻun yulib pichan gʻamlardi. Qorni och boʻlsa, belbogʻidagi nonni suvga botirib yerdi. Oʻsha kezlarda otasi unga burgut haqida gapirib bergandi.

«Ishoq, oʻgʻlim, burgutning koʻzi uyasidan boshini chiqarib oʻtirgan yumronqoziqni oʻn-oʻn besh chaqirim naridan koʻradi. Boʻri ham undan hayiqadi. Kuchi koʻp, Abjir. Oyogʻi bilan tepib otning belini ham bemalol chiqarib yoki sindirib qoʻyishi mumkin. Tumshugʻida ham, panjalarida ham kuch koʻp. Yana bir odati bor, Ishoq, sen buni hecham unutma. Doim esingda tut. Burgut oʻz bolalari ichida nimjonrogʻi boʻlsa, uni oʻzi osmonga olib chiqib yerga tashlab yuborar ekan...»

Shunda Ishoq otasiga savol beradi.

«Axir u oʻzining bolasi-ku!? Ichi achimaydimi? Balki, keyinchalik oʻzi tutib olar?..»

«Yoʻq.»

Mana shu javob boʻlardi. Otasi bu gapni aytayotganida qat’iy turardiki, goʻyoki uning oʻzi ham hozir burgutdek tuyulardi. Yoʻq, otasi gurung soʻngida boʻshashardi. Oʻgʻliga burgut haqidagi rivoyatni yumshatibroq aytardi.

« – Ishoq, ularning hayoti biznikidan keskin farq qiladi. Qushlarning kushandasi koʻp, shu sababli ular bir-birlariga shafqat qilishmaydi. Ular hayotida bir marta qiynalishni afzal bilishadi. Umrining oxirigacha qiynalib yurishni hohlamaydilar. Esingdami, Xurram choʻponning qopqonida oʻz oyogʻini qoldirib ketgan boʻri boʻlardi. Ana shu boʻri hozir ham togʻlarda yuradi. Xurram choʻloqning aytishicha, ana shu boʻri oʻzining oyogʻini oʻzi gʻajib tashlab, qopqondan chiqib ketgan ekan. Bilasanmi, ular magʻrur boʻladi, erkni yaxshi koʻradi. Mudom qiynalib yurishdan qochadi. Bir martagina haqiqatning achchiq sharobidan totib koʻrishadi, tamom. Soʻng qiynalib yurishmaydi. Yana aytadigan boʻlsam, Ishoq, ular dangalroq bolam. Boʻrilarning hayoti menga yoqadi. Ta’miz qilib ulardan koʻp narsalarni oʻrganish mumkin. Ular hayotlari uchun kerakli narsalarni oʻzlari topadi. Boshqalardan muruvvat kutmaydi. Toʻdasidan xoin yoki sotqin chiqqudek boʻlsa, uning jazosini berib, toʻdasidan chiqarib yuboradi...»

Ishoq otasidan eshitgan bu soʻzlarni yana boshqatdan xotirasida tikladi. Otasining olamdan oʻtganiga ham mana qirq yilga yaqinlashibdi. Uning nazdida ota-bola xuddi mana shu togʻning ustida tunov kuni burgutu boʻri haqida obdon suhbat qurgandek edi. Ishoq oʻylab koʻrsa, otasi unga nedir ramziy va tagdor ma’noli gaplarni aytganu lekin oʻzining ham yanada fikrlab, xulosalar chiqarishiga imkon bergan ekan.

U oʻrnidan turib, burganlarni yulib keldi-da tagiga tushadi. Bolalari ham unga yollashdi. Ishoq burganning hidiga toʻyib-toʻyib olish uchun bolalari yulib kelgan alaf quchoqlab yuziga burkadi. Ishoq tanida va ruhida nedir orziqish toʻydi. Qizigʻi shundaki, burgan ham unga otasini eslatardi.

Bir zamonlar ota-bola ot aravada togʻ bagʻriga keldi. Oʻshanda ham kech kuz edi. Karrak, koʻzgʻaloq, tuyaqorin va boshqa xashaklarni jarlardan olib, aravaga yuklashdi. Otasi soydan burgan oʻrib, aravaning ustiga tashlardi va Ishoqni ham uning ustiga oʻtirgizardi. Oʻgʻli aravada, oʻzi esa ulovda uyga qaytardi. Burganning hidi qoʻllarida qolardi. Kiyimlariga unnab ketardi.

Ular burganni tandir va oʻchoqqa tutantiriq qilib ishlatardi. Opalari va singillari esa hatto hovlini tozalashda supurgi qilib ham foydalanishardi.

Ishoq joʻralari bilan adirda qoʻy boqib yurgan mahallarida burganni yoqib atrofida isinib oʻtirishardi. Choʻgʻiga esa piyoz, kartoshka koʻmib yeyishar ediki, ularning ta’mi hali ham ogʻzidan ketmagan.

Burgan yonayotganida ham oʻzidan nafis va xushboʻy taratib, chirsillab alangalar edi.

Bir yili doʻsti – Mardon burgan yoqib baliq pishirmoqchi boʻladi. Baliqni soydan tutishadi. Soʻng gulxanga tashlaydi. Baliq jizgʻanak boʻlib qotib qoladi. Olov esa kuchayadi. Bolalar shoshib qolishadi. Qoʻllaridagi xivichni tashlab, ustilaridagi kiyimlarini yechib, olovni oʻchirishga tushadilar. Biroq befoyda edi. Yongʻin badtar kuchayib ketadiyu shamol olovni adir boʻylab yoyardi. Osmonni qora tutun qopladi. Bolalar nima qilarini bilmasdan, qoʻllarida kiyimlarini ushlaganicha, javdirab turardilar. Bu paytda esa qishloq tomondan odamlar yopirilib kela boshladi. Ular olovni toʻrt tarafdan qurshab, qoʻllaridagi tol va terak xivichlar bilan savalab qaytarishdi. Meshkoblarda suv olib kelib, sepishdi. Adirning yarmidan koʻpi yonib ketdi. Shunda hamma yigʻilib olib, aybdorning kim ekanligini, unga tanbeh berish lozimligini aytishadi. Biroq aybdor – Mardon yoʻqolib qoldi. U odamlar ayni olovni oʻchirish bilan andarmon boʻlgan paytda uyiga qochib ketadi. Keyin esa hamma odamlar yigʻilib olib Ishoqqa nasihat qilishadi. Doʻq uradi.

«Endi sen bilan Mardon ikkalang mollarimizga yem-xashakni gʻamlab berasizlar»

Ishoq jim turadi. Uni qop-qora boʻlib tutayotgan adir oʻylantirayotgan edi. Hamma uy-uyiga tarqaydi.

Ishoq uyga kelganida otasi uni koyimadi. « Yer ham nafas olishi kerak, oʻgʻitlantirilmasa u ham charchab qoladi», deya qoʻshnilargayam dalda berdi. Oʻsha yili Ishoq gʻamlab qoʻygan burganlarini jodida kesib mollariga berdi.

Adir kelgusi yil erta bahorda yana yam-yashil boʻldi. Eng birinchi boʻlib boychechak chiqdi. Soʻng qoʻzigul, sariqgullar chiqdiki, hech kim bu yerlar oʻtgan yili yongan joylar deb oʻylamasdi. Soy-u adirda hayot jonlangandi.

Ishoq togʻning tepasida turib otasini eslab qoldi...

Otasi hikoya qilib bergan burgutni yana koʻrish uchun osmonga tikildi. Burgut esa qanotlarini yoyganicha koʻkda parvoz qilardi.

Choʻloq boʻrini esladi. Boʻrilar bu yerlarga qishda kelishadi. Hozir ham uning avlodlari shu togʻlarda yursa kerak, hoynahoy.

Ana pastdagi adirda burgan shunchalik boʻy taratayaptiki, oʻzining aravada uni tagiga toʻshab ketganini eslamasdan iloji yoʻq edi.

Ishoq eslash mumkin boʻlgan koʻp narsalarni xotirladi. Koʻz oldiga keltirdi.

Biroq mana shu tobda u otasini esladiki, koʻzidan yosh keldi...

Ishoq otasining hovlida, uyda, toʻy-yu ma’rakalarda yurishini esladi...

Umrning oʻtib ketishini qarangki, mana oʻzi ham otasi yurgan yoʻllaridan yurdi. Koʻp bilan osh-qatiq boʻldi. Fikr qildi. Zikr qildi. Gohida xursand, gohida xafa...

Ishoq oʻrnidan turdi. Ust-boshini qoqdi. Burganlarni yigʻib, bir quchoq qilib koʻtarib oldi. Bolalarini yoniga chorladi. Osmondagi burgutga qaradi. Uzoq tikildi. Soʻng bolalarini ortidan ergashtirib uyiga yoʻl oldi.

Ishoq yoʻl-yoʻlakay bolalariga burgut, boʻri va burgan haqida hikoya qilib berdi...