OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiQuralay (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quralay (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Kampir boshdanoq mulla Qudratning qizini kelin qilishga qarshi edi. Mulla Azim esa ahdida turdi. Ikki mulla bir paytlar quda boʻlishga, orani yanada mustahkamroq qilishga sabab boʻladigan rishtani topmagandi. Mulla Qudrat qizini mulla Azimning yolgʻiz oʻgʻliga beradigan boʻldi. Ogʻzaki bitim tuzildi.

Mulla Azim bu voqeani kampiri – Quralayga aytdi. Kampiri eriga ajablanib qaradi-yu, «Hali erta-ku, oʻgʻlingiz rozi boʻlarmikan? » – dedi.
— Mullaning qizi yomon emas, oʻgʻling undan ortigʻini topolmaydi. Mullaning xotini ham binoiydek, keyin roʻzgʻori ham oʻzimizga mosroq, faqirgina, otasining gapini oʻgʻli ikki qilmaydi, - dedi mulla Azim.

Bu gaplar qat’iy va nedir baxtdan umidvorlik bilan aytgandi. Xotini gʻingshimadi. Lekin erining bu ishidan norozi edi. Payti kelib bu masalada yana gaplashib, oʻzimga ma’qul xonadondan qiz topishga koʻndirarman, deb oʻyladi.

Erining fe’li ma’lum. Hozir unga qarshi gap aytsa, tutoqib ketadi. Davrada doʻsti bilan kelishgan. Lafz. Uni buzish uchun jur’at kerak. Buzgandan keyin koʻchada koʻtarib yuradigan boshni topish kerak.

Mulla Azimning xotiniga kelin yoqmayotgandi. Lekin jim oʻtirdi. U mulla Qudratning xotinini ham unchalik hushlamasdi. Shu barobarida uning tarbiyasini olgan qizni ham gʻoyibdan yomon koʻrdi.

Mulla Azimning beshta bolasi bor. Toʻrtta qiz, bir oʻgʻil. Ikkita hovlisi bor edi. Birida qishda, birida esa erta bahordan to kech kuzgacha yashardi. U tomorqada yaxshi ishlardi.

Dehqonchilikni puxta bilardi. Mol, qoʻy-yu echkilarni ham asrardi. Chorvadan ham xabardor edi. Mulla Azim roʻzgʻorbop erkak edi. Devor koʻtarishni, vassajuft taxtlashni, savat toʻqishni, taroq yasashni, tom yopish kabi ishlarni ham bilardi. Mulla Azimni dahadagi hamma xonadon taniydi. U daha odamlarining toʻy-yu ma’rakalarida xizmat qiladi. Uning xizmati tilovat qilishdan iborat boʻladi.

Mulla Azim yoshlarga nikoh ham oʻqiydi. Gohida «Mulla buva, dam urib qoʻying,» deb keluvchilarni oʻqib ham turadi. U tumor va zunnor kabi narsalarni yasamasdi.

U kamtar, tuproq odam. Birovga qattiq gapirib, dilini ogʻritmaydi. Xotin, bola-chaqasini tergab turardiki, bu esa ularga malol kelmasdi. Mulla Azim bola-chaqasini tomorqada ishlashga, chorva boqishga oʻrgatardi.

Dahada toʻy-yu ma’rakaga faqatgina Mulla Azimni chaqirishadi. Mulla Qudrat ham oʻzining dahasida, mulla Misr esa oʻzining dahasidagi elning xizmatida boʻladi. Mullalar bir-birining qozoniga moʻralamaydi. Tomosha tadbir yakunlandan soʻng tuguncha bilan uyga qaytishadi. Tuguncha xonadon egasining mullaga atagani boʻladi.

Mulla Azim xotini – Quralayni bir paytlar otasining amri bilan olgandi. Endi oʻzi ham xuddi otasi kabi oʻgʻlini mulla Qudratning qiziga uylantirmoqchi. Ularning baxtli yashashlariga ishonchi komil. Juda boʻlmaganda, oʻzi kafil boʻladi. Ularning iqbolini ta’min etarga oʻzida nedir kuchni sezayotgandi. Lekin xotinda nimagadir ishtiyoq yoʻq edi. Quralay bunga xayrixohlik koʻrsatmayotgandi. U erining koʻnglidan oʻtgan va kechayotgan tuygʻularni his qilmasdi. Mulla Azim xotining beparvoligiga e’tibor bermadi. Qaytanga oʻgʻlini yoniga chaqirdi-da aytdiki, « Oʻgʻlim, mana opalaring joyi chiqdi, uzatdik. Endi navbat seniki, soʻng singillaringniki. Men enangni chimildiqda koʻrganman. Koʻrib turibsanki, yomon yashamayapmiz. Endi bolam, koʻzim ochiqligida sening ham bolalaringni koʻrsam, devdim. Shunga mulla

Qudratning Zubayda degan qizini bilasan... Otasi bilan gaplashib qoʻyganman, bolam. Hamma rozi-rizo. Faqatgina oʻzing qolding. Yoʻq demasang, toʻyni boshlasak.»

Mulla Azimning oʻgʻli – Toʻraboy jim oʻtirardi. Xoʻrsinib dediki, «Ota siz nima desangiz shu boʻladi. Bir narsaniki niyat qilibsiz ota, shu amalga oshsin. Men ham, kelin ham siz bilan enamga xizmat qilaylik.»

Mulla Azim oʻgʻlining gapidan boshi osmonga yetgudek boʻlib suyundi. Ertasiga mulla Qudratnikiga sovchi joʻnatdi. Indiniga borib non sindirishdi. Soʻng fotiha toʻyini qilishdi. Oradagi hayitni oʻtkazib, Zubaydani ham Mulla Azimning uyiga kelin qilib tushirishdi.

Afsuski, oʻgʻlining toʻyini koʻrish mulla Azimga nasib qilmagan ekan. Mulla Misr toʻyda oʻrtogʻining ruhiga atab tilovat oʻqidi.

Toʻydan soʻng Toʻraboy maxsum hammaga rahmat aytdi. Kunlari odatdagiday oʻtaverdi. Zubayda ham kuyovning qarindoshlarini hurmatini joyiga qoʻyish bilan ovora.

Quralay kampir baribir kelinini yoqtirmadi. Zubayda qaynonasiga yuz-qoʻlini yuvish uchun oftobada iliq suv tayyorlaydi, joyini yigʻishtiradi, oshu ovqatini oldiga qoʻyadi. Quralay kampir hammasiga beparvo. Kelinining qilgan barcha tavallolari kampir uchun bir pul edi. Quralay kampir uning har bir ishidan min topardi. Kelin esa dardi ichida miq etmasdan yuraverardi.

Quralay kampir boʻyi kichkina, koʻzlari koʻk, miqti gavdali edi. Uning harakatlari chaqqon boʻlib, uddaburonligi yuzidan ham bilinib turardi. Yoshi yetmishga yaqinlashayotgan boʻlsa-da, xamir qorib, tandirda oʻzi non yopardi. Ovqat qiladi. Togʻorada oʻzining ust-boshlarini oʻzi yuvadi. Choliga oʻxshab chorva bilan tomorqa ilmidan ancha xabardor.

Quralay kampir bu yil tepadagi – qishki hovliga koʻchib oʻtmadi. Qizi bilan qoldi. Oʻgʻli kelini bilan qanchalik yolvorishmasin, baribir Quralay kampir unamadi. Qishni pastki hovlida oʻtkazdi. Toʻraboy maxsum ham Zubayda ham uning holidan har kuni xabar olib turishardi. Erta bahorda uning oldiga yana oʻgʻli-kelini bilan koʻch-koʻronlarini koʻtarib kelishdi. Tomorqada ishlar boshlandi.

Toʻraboy maxsum ham otasining qoʻlini olib, el-ulusning toʻy-yu ma’rakalarida mullalik qilardi. Qolgan paytlari tomorqasida ishlardi. Maxsumning qoʻli gul edi. Mehnatkash edi. Tevarak- atrofda uningchalik yerning va molning tilini biladigan yoʻq edi.

Yozning chillasida Zubaydaning koʻzi yoridi. Qiz tugʻildi. Unga Quralay kampirning oʻzi doyalik qildi. Maxsum ham boʻlayotgan voqeadan xabardor edi. U sabzi ekish uchun joʻyak olib, quloqdan suv tarayotgandi. Chaqaloq osongina tugʻildi. Singlisi maxsumdan suyunchi oldi. Soʻng mulla Qudratnikiga xabar yuborishdi. Chaqaloqqa Quralay kampirning oʻzi – Roziya deb ism qoʻydi. Hamma xursand boʻldi. Qulogʻiga azon aytib, beshikka belashdi. Quralay kampirning gʻayrati mana shu paytda ham joʻsh urgan edi. U barcha holat va yoʻriqlarda ham vaziyatni boshqarib turardi. Mana shu daqiqalarda kampir negadir shijoatli boʻlib, oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Hammani uydan chiqardi. Xonada chaqaloq bilan onasi qolgach, hazorisfandni hokandozda tutatib, beshikning ustida aylantirdi soʻng hokandozni boʻsagʻaga qoʻydi.

Quralay kampir ostonada turganicha nafasini rostlab oldi va olislarga qaradi-da, xoʻrsinib qoʻydi. Kampirning xayolidan bosib oʻtgan hayoti birma-bir oʻta boshladi...

Goʻdakligi.
Yoshligi.
Boʻy qizligi.
Dugonalari bilan qurgan sirli suhbatlari.
Chimildiqdagi turishlari.
Mulla Azim bilan oʻtgan va kechirgan umri.
Bolalari, nevaralari.
Kuyovlari.
Kelini – Zubayda.

Bularning barchasi oʻzining ixtiyoridan tashqarida ekanligini anglaydi. Hayotning beshafqatligi, dunyoning oxiri ne boʻlarini bilmaslik, odamzot umri qanchalik tez oʻtayotganligini Quralay kampir daf’atan anglab qoldi. U oʻylab koʻrsa, oʻgʻlini hammadan, ayniqsa kelini – Zubaydadan ham qizgʻanar ekan. Shu vajdan boʻlsa kerak, keliniga ham ragʻbat bildirmasligini tan oldi. Eri mulla Azim Zubaydani kelin qilaman, deb yurgan mahalda oʻzining tursayib yurganligini esladi. Va shu barobarida kelini – Zubaydaning atrofida parvonadek jonhalak yurganlarini, oʻzining esa beparvo qaraganlarini oʻyladi. Odamzot umrining oxirini baxayr boʻlishini istashi bejiz emas ekan. Ajabkim, bir kunda, bir xayol surgan bilan yaxshi boʻp qolish mushkul-ku! Lekin qon tomirda gupirib turibdi-ku! U bilan hisoblashish shart. Istigʻfor aytish bilan odam yelkasidagi yukdan xalos boʻlarmikan? Tazarruning qudratini oʻlchash mumkinmi? Aslida, inson gunohining kechirilishi va avf etilmasligini bilsa, olamning borligidan ma’ni ne ekan?!

Toʻraboy maxsum onasidan bu yil qishda tepadagi hovliga chiqish-chiqmasligini soʻradi. Quralay kampir «yoʻq chiqmayman,» degan javobni berdi. Soʻng maxsum xotini-yu qizi bilan kampirning yonida – pastki hovlida qolishdi.

Quralay kampir endi kelinini ayardi. Oʻzi sigir sogʻadi. Tandirda non yopadi. Oʻchoqda ovqat tayyorlaydi. Sandalga oʻt soladi.

Quralay kampir oʻgʻlining, kelinining va butun dahaning oldida oʻzgarib borayotgandi...