OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiSavrgacha yetmagan sabr (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Savrgacha yetmagan sabr (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Uning maktabidan kayfiyati koʻtarilib keldi. Dimogʻi chogʻ. Kim qancha onalarning orasida qizining nomini tutib maqtashlaridan huzur qilib oʻtirdi.

«Dilrabo yaxshi qiz. Hamma darslardan oʻzlashtirishi tuzuk.Talantini yanada rivojlantirish kerak. She’r yozadi. Bunday iste’dodlarni asrab-avaylash zarur.»

Sinf rahbarining bu gaplari qulogʻidan ketmasdi.Sanam qizidan faxrlandi. Lekin qiziga bu haqda hech narsa demadi. Demasa-da, Dilraboning hamma gapdan xabari bor edi. U ham sir boy bermasdan indamay yuraverardi. Onasi unga dalda berdi:
-Balli qizim,koʻp yasha. Otang bechoraning ham ruhlari shod boʻladi. Hali katta boʻlsang, bu kunlarni koʻrmagandek boʻlib ketamiz. Mana amakilaring, togʻalaring bor, yordam berishadi. Faqatgina sen oʻqigin, odamni sharmanda qilmagin...

Dilrabo onasining gaplaridan ta’sirlandi. Aytganidek oʻqidi. Joʻshib she’rlar yozdi. Yozgan she’rlarini maktabning katta-kichik anjumanlarida oʻqib berardi. Qoʻshiq aytardi. Raqsga tushardi. Xullas, bu qiz ogʻizga tushdi.

Kimdir havas qilsa, yana kimdir unga hasad bilan qarar edi. Maktabni ham bitirdi.

Amakisi uni azim shaharga opkeldi. Kelishidan maqsad shuki, Dilrabo oʻqishga kirishi kerak. Ular bahaybat binolar orasida joylashgan bir dargohga kelib, tegishli hujjatlarni topshirishdi. Boʻlajak imtihonga tayyorgarlik koʻrilyapti. Tunu kun oʻqish bilan mashgʻul boʻldi.

Bor-yoʻgʻi uchta fandan imtihon boʻldi. Qiz bir amallab oʻtdi. Ayniqsa, soʻnggi imtihonda jamalak taqilgan sochlarini silkillatib aytgan she’riga domla mahliyo boʻldi.

Hamma javobni eshitadigan kuni kelib, bahaybat binolar orasidagi dargoh foyesiga ilingan imtihon natijalarini koʻrishdi. Birov xursand ediki, sevinchi ichiga sigʻmasdi. Yana birovi esa xafa, dunyo koʻziga qorongʻu, gʻamgin.

Har ikki toifa ham oʻzini qoʻyarga joy topa olmasdi.

Dilrabo ham talabalar safida ekan. Amakisi bilan u xursand boʻlib, dekanatga kelishdi. Soʻng u yerdan umumyotoqxonaga qarab yoʻl oldi.

U yerda oʻrta yashar bir ayol bilan uchrashdi. Amakisi Dilraboning yolgʻiz qiz ekanligini, otasi olamdan oʻtganligi-yu, qishloqda onasi bilan ukasi borligini aytdi.
-Yaxshiroq qizlar bilan hamxona boʻlsa, opa, - dedi amakisi. – Keyin oʻzingiz ham koʻz-quloq boʻlib tursangiz. Hali onasi ham keladi. Tanishib olasizlar. Qarindoshday boʻlib ketamiz.
-Xavotir olmang, uka, - dedi yotoqxona mudiri. – Bu yerda yomon odamlar yoʻq. Hammasi yaxshi.

Binoga kirib-chiqish qat’iy nazorat qilinadi. Begonalar qoʻyilmaydi. Ayniqsa, mana bunday qorakoʻz qizlar haqida yanayam qaygʻuramiz. Harholda, musofir yurt. Biron kori-hol roʻy bermasin deymiz. Hozir bu qizimizni ham joylashtiramiz.
-Ha, opa, sizga rahmat. Koʻpning gʻamini yerkansiz. Tushunadigan inson ekansiz. Hali biz tomonlarga ham borasiz. Mehmon qilamiz. Yaxshiligingizni unutmaymiz, - dedi amakisi.
-Ey, uka bu yaxshilik emas, mening vazifam shu. Burchim bu, ukajon, - dedi mudira.
-Mana Nafisa, Shoira degan buxorolik qizlarning oldida joy bor ekan. Ana shu yerda tura qolsin. Yaxshi, sarishtagina, odobli qizlar.
-Mayli, siz nima desangiz shu, - dedi amakisi. – Ikkinchi qavatda turishadi. Mana bir kalit. Hozir men borib joylashtirib kelay. Keyin siz ham bir tanishib ketasiz. Hozir shu yerda oʻtira turing. Qani, turing qizim. Ketdik, sizga xonangizni koʻrsatib kelay-chi.

Ular birin-ketin boʻlib tepaga chiqib ketishdi. Mudira qoʻlidagi yuklarni chekkaga qoʻydi-da, qoʻlidagi kalit bilan xonani ochdi.
-Qani, marhamat, kiring qizim, - dedi u. – Mana shu xona sizniki boʻldi. Hali oʻqish boshlanishidan oldinroq opalaringiz ham kelishadi. Ortiqcha narsalaringizni shu yerga qoʻyib keting. Siz shu oʻtiring. Endi men bu yerga amakingizni ham joʻnataman. Bir koʻrsinlar-chi?

Shunday dedi-yu, mudira xonadan chiqib ketdi. Birozdan soʻng amakisi keldi. Xonaning u yoq-bu yogʻiga qaragan boʻldi. Ma’qul topdi. Biroz oʻtirib ikkalasi ham pastga tushdi. Mudiraning oldida odam gavjum edi. Bir amallab xayrlashdi.

Dilrabo begona shaharda, begona odamlarning davrasida qoldi. Unga hamma narsalar gʻalati va ajabtovur tuyulardi. Odamlar ham xuddi shunday – gʻaroyib boʻlib tuyular edi. Goʻyoki vaqt ham tez oʻtayotgandek edi.

Nasihatlarga amal qilib oʻqidi. Tinmay kitob yodladi. Nazariyalarni va boshqa turli xil dalilu sanalarni, voqea, joylarni yod oldi. A’lochi edi.

Oʻz ishida ham, jamoat ishlarida ham shaxsiy namuna koʻrsatib yurardi. Unga turli xil maqtovlar aytildi. Sovgʻalar berilardi.

Katta-kichik anjumanlarda unga soʻz beriladigan boʻldi. U ham minbardan turib davraning mavqeiga qarab soʻzlardi. Hamda soʻngi soʻz oʻrnida bir she’r aytardiki, majlis ahli oʻrnidan turib qarsak chalardi. Uni olqishlardi. Dilrabo davralarning hadisi ola boshlayotgandi.

U ilm dargohida soʻngi kurslarda oʻqib yurgan kezlari edi. Bir kuni fakultet yoshkamollarining rahbari uni huzuriga chorladi.
-Dilrabo singlim, - deya gap boshladi yoshkamol rahbar. – Mana bu kishining ismi – Toshqin Tashakur boʻladi. «Yosh kamol « gazetasidan -suratkash. Rahbariyat topshirigʻiga binoan siz haqingizda material qilishi kerak ekan. She’rlaringiz bilan rasmingiz bersangiz.
-Yoʻq, rasm shart emas, - dedi Toshqin Tashakkur. – Oʻzim gaplashib, soʻng mavzuga mos qilib rasmga olamiz.
-Balki shart emasdir. Mendan boshqalar ham bor-ku! – deydi Dilrabo.
-Aslo, mumkin emas, - dedi Toshqin Tashakkur hayajonlanib. – Sizday talantli, yuksak didli, otashqalb, oʻtnafas qahramonlarni elu yurtga tanitish bizdek zahmatkashlarning zimmasida ekanligini unutmang, singlim.
-Ha, toʻgʻri aytasiz, aka, - deya joʻr boʻladi yoshkamol rahbar. – Sizning qilayotgan ishingizni koʻpchilik sezmaydi.

Dilraboning she’rlaridan besh-oltitasi saralab olindi. Soʻng oʻzini ham qoʻlida atirgul ushlagan alfozda, majnuntol tagida oʻychan holda turli xil koʻrinishlarda suratga olishdi. Tez orada «Yosh kamol» gazetasida «Koʻnglim ardogʻi» degan turkum she’rlari va rasmi yonida esa qisqagina tarjimai holi bosilib chiqdi. Uning izzati ortdi. Dilrabo odamgarchilik yuzasidan Toshqin Tashakkurga rahmat aytdi.

Toshqin Tashakkur Dilraboning she’rlari va rasmini boshqa gazeta-yu jurnallarda ham nashr ettirdi. Oralarida doʻstlik rishtalari paydo boʻldi. Biri aka, biri singil boʻldi. Nima boʻlganda ham Dilrabo suratkashdan mamnun edi. U omadidan sarxush edi.

Amakisi va onasiga ham Toshqin Tashakkurni tanishtirdi. Ikkalasi ham suratkash ijodkorning duoi jonini qilib maqtashdi.

Endi u yosh shoira sifatida Toshqin Tashakkur bilan bogʻcha, maktab va bundayroq bilim yurtlarida she’rxonlik kechalari oʻtkazib yurardi. Kecha ishtirokchilariga Dilrabor she’rlaridan oʻqib berar, savollariga javob aytardi. Oxirida bir guruh boʻlib, oʻrtada Dilrabo esdalik uchun suratga ham tushishardi. Keyin hammasi bir olam taassurot bilan uy-uylariga ketishardi. Kunlar shu zaylda oʻtayotgan edi.

Onasi sovchilarga rozilik berdi. Harna, koʻz oʻngida katta boʻldi. Buning ustiga begona ham emas. Opasining oʻgʻli. Oʻqigan. Arxitektor. Non ushatib, belgili qilib ketishdi. Boʻlajak kelin ham, kuyov ham bir-birini yaxshi taniydi. Yoshligidan birga katta boʻlishgan.

Xabarni eshitgan Dilrabo oʻzini qoʻyarga joy topa olmay qoldi. Kuyov oʻzini, ijodini, san’atini, she’riyatini tushunmaydi, deya kuyindi. Onasidan xafa boʻldi. Oʻzi koʻzlagan manzilgan anovi kuyov bilan borishni istamayotgandi. Ta’til berishdi. Yozgi ta’til. Xuddi mana shu damda katta toʻylari boʻldi. Dilraboning diydiyolariga quloq ham solishmadi. Ota-bobolarimizdan qolgan udum shu. Qiz bola palahmon toshi. Tushgan joyida qimir etmasdan tek turish kerak. Hech qachon ona ham bolasiga yomonlikni ravo koʻradimi?

Mana shunday tahdidu tasalli bilan uni ovutishdi. Asqar ham qora qozonini alohida qilib oldi. Ertalab ishga boradi, kechga uyga keladi. Dilrabo uni kuzatib qoʻyadi, kutib oladi. Ovqatini pishirib, ustini yuvadi. Durustgina yangi oila qurildi.

Dilrabo oʻqishga joʻnadi. Dugonalarini toʻyga aytolmaganidan uzr soʻradi. Odatdagidek, oʻqishga qatnab, she’r yozib yurgan kunlarining birida suratkash muxbir Toshqin Tashakkurga duch keldi.
-Sizga ish topdim, singlim, - dedi u shoshib. – Yarim stavka. Yarim kun oʻqib, undan keyin ishlaysiz. Harna, uydagilarga yordam, keyin ijod ahlining suhbatidan bahramand boʻlasiz. Koʻnglingizdagidek ish. Direktori bilan shaxsan gaplashganman. Bu yogʻini soʻrasangiz u kishi ham sizni bilarkan. Anchadan beri kutib oʻtiribdi.
-Men-ku mayli deyman, lekin uydagilar nima derkin, - deya tusmolladi Dilrabo. – Ular rozi boʻlarmikan?
-E, shuni ham oʻylab oʻtirasizmi. Koʻp odam u yerga ishga kirsam qaniydi, deb orzu qiladi. Siz noz qilyapsiz. Amakingiz bilan onangizga oʻzim tushuntirib qoʻyaman, - dedi yolgʻondakam doʻq qilib Toshqin Tashakkur. – Ular har kuni ovozingizni eshitib oʻtiradi, singlim. Karnay sizning she’rlaringiz bilan shirin boʻladi. Qolganiga biz qarzdormiz.
-Toshqin aka, men shu yozda turmushga chiqdim. Erim qishloqda quruvchi boʻlib ishlaydi. Bir ogʻiz undan ruxsat soʻrashim zarur, - dedi qiz iymanib.
-Bundan ham xavotir olmang. Quruvchi kuyov bolani ham shu yerdan biror ish topib joylashtiramiz. Ogʻaynilarimiz bor, Xudoga shukr.

Ertasiga ular direktorning qabuliga kelishdi. Tumonot odam, hamma direktorni tabriklashga oshiqqan. Toshqin Tashakkur soʻrab bilsaki, direktor ishxonasi hisobidan haj safariga borib kelibdi. Odamlar arib, qabulxona holi boʻlgach, Toshqin Tashakkur sekingina eshikni ochib:
-Mumkinmi, taqsir, - dedi.
-Keling uka, keling, - dedi ichkaridan ovoz eshitildi. – Soʻrab oʻtirasizmi?

Ikkalasi xonanining oʻrtasida quchoqlashishdi. Dilrabo ham xonaga kirdi. Mehmon – hoji – direktor janoblarining oʻzi toʻrdagi kursiga yastanib yotdi-da, ularga joy koʻrsatdi.
-Ziyoratlar qabul boʻlsin, Anor aka, - dedi Toshqin Tashakkur. – Ancha ochilibsiz.
-Rahmat uka, - dedi direktor. – Havosi issiq ekan. Ancha azob yedim.
-Anor aka, bir gurungda yosh, iste’dodli, yerga ursa osmonga osmonga sapchiydigan yosh kadrlar kerak deb edingiz, - dedi Toshqin Tashakkur. – Shunga muvofiq mana Dilrabo Sodiq degan shoira singlimizni...
-Ha, tushundim, - dedi – hoji – direktor. – Esimda, qizimizni yaxshi bilaman, matbuotda she’rlarini oʻqiganman. Boʻpti, arizasini yozsin, ishga olamiz.

Rasmiy jarayonlar hammasi tugadi. Kechki nonushtani Toshqin Tashakkur uyushtirdi. Dasturxon atrofida Anor bilan Dilrabo nimalarnidir gaplashib oʻtirgan chogʻi Toshqin ularni suratga olib qoʻydi. Bu tarix uchun, hali sizdek buyuklar bizga koʻp kerak boʻladi, dedi u. Hoji – direktor bir-ikki qadah ichganidan soʻng yangi xodimasiga nasihat qila boshladi:
-Mana men bu dargohda qirq yildan ortiq ishladim. To direktor boʻlgunimcha koʻp joylarni koʻrdim. Janrlarni puxta oʻrganish kerak. Intizom birinchi navbatda boʻlishi kerak. Soʻng atrofdagi hamkasblarga xushmuomila boʻlish, ish qurollarini toza va doimo ishga shay ahvolda tutish zarur...

Ayol – olamning gultoji. Hammamiz uni asrashimiz kerak. Kimki zaifalarni hurmat qilmas ekan, uning bu hayotda yashashga haqqi yoʻq. Bizga ustozlarimiz shuni oʻrgatishgan.

Siz esa singlim, ijodni gullatavering. Umidimiz sizdek yosh talantlardan. Hali siz erishadigan muvaffaqiyat va yutuqlar hech kimning tushiga ham kirmagan. Sizdek yosh iste’dodlar bilan birga ishlayotganimdan, hamnafas ekanligimdan oʻzimni baxtiyor sezaman.

Rahmat, sizga oʻrtoq Toshqin Tashakkur. Siz meni yana bir olijanob va dilbar inson bilan tanishtirdingiz. Bizlar endi bir umrlik doʻstmiz...

Hoji – direktor davrada yayrab oʻtirdi. U Toshqin bilan yana anchagina shishalarni boʻshatishdi. Orada Dilrabo she’rlarini aytib turdi.

Ular allamahalgacha oʻtirishdi. Dilraboning qistovi bilan direktor va suratkash muxbir bir amallab oʻrnidan turishdi. Direktorning mashinasida birinchi boʻlib Dilraboni umumyotoqxonaga kuzatishdi. Soʻng suratkashni, keyin esa direktorni uyiga eltdi.

Ertasi kunning oʻzidayoq radiostantsiyadan Dilrabo she’rlarini oʻqib chiqdi. Hamma uni qutladi. Hattoki, direktor uni yoniga chorlab maqtadi. Va aytdiki, qizim endi turli xil mavzularda she’r yozing. Ayniqsa, tanqidni kuchaytiring. Bu narsa hozirgi kunda bizga judayam zarur.

Direktor bir kuni hammani yigʻib tanqid qildi:
-Hamma ishlamay qoʻygan. Kim nima qilganini darrov unut boʻladi. Boʻlim mudirlari xodimlarining nima ish bilan shugʻullanayotganini bilmaydi. Efirga har narsa berilyapti. Mujrim Obid bilan Xoʻja Ahror Valining gʻazallari beriladi. Lekin Poʻlat Moʻminning gʻazali berilmaydi. Negaki, tanish-bilishchilik, mahalliychilik. Oʻljas Sulaymon bilan Yoʻldosh Sulaymonning dostonlari har doim ketadi. Biroq fondimizda saqlanayotgan Navoiy, Bobur, Ogahiyning dostonlari berilmaydi.

Qanchalab ijodkorlarning oʻlik yoki tirik ekanligini hech kim bilmaydi. Koʻzlaringni ochinglar. Mana yaqinda Muxtor degan muxbirimiz bir xoʻjalikda uch yuzta texnik borligini yozibdi. Sharbat deydi, tezakdan boʻlgan sharbat qanaqa boʻlardi. Odamning ishtahasi boʻgʻiladi. Ishimizni qaytadan koʻrib chiqishimiz kerak...

Dilrabo shu taxlit bu dargohda toʻrt yil ishladi. Erini ham qishloqdan opkeldi. Toshqin Tashakkur direktor – Anorga aytib, uni quruvchilik brigadasiga prorab qilib ishga joylashtirdi.

Anor yosh ijodkorlarga gʻamxoʻrlik qilib, Dilraboga shahar chetidagi hovlisini berdi. Anor yosh shoiraning oilaviy sharoitini oʻylab, mansablarini ham sekin-sekin koʻtardi. Qavatiga oldi. Shoira ham unga suyandi. Orada samimiy doʻstlik paydo boʻldi. Undan soʻng uzunquloq gaplar ham yuzaga kelib, kuyov bola – Asqar shoira xotinini ikki qizi bilan tashlab ketdi. Keyinroq esa Anorni ham xotini uydan quvib yubordi. Radiostantsiyada katta toʻpolon boʻldi. Anorni xotini yer bilan bitta qilib soʻkdi:
-Oʻling, odam boʻlmasdan. Qizingiz tengilar bilan ham donlashasizmi? Sadqai hoji degan nom keting-e. Oʻsha satang she’rchi, manjalaqini topsam butini yirtib tashlayman. Yana unga boshpana berganingizga oʻlaymi? Hozir uni oʻsha joydan ham chiqarib yuboraman. Mening, akalarimning, otamning xizmatlari hali sizni koʻr qiladi. Bu kuningizdan oʻlganingiz yaxshi edi.

Anorning xotini diydiyo qildi. Ishxonani boshiga koʻtardi. Hamma tomoshabin boʻlib turdi. Toshqin Tashakkur Dilraboni uning koʻzidan yashirdi. Hatto, Anorning hovlisidan ham narsalarini olib, yaqin oʻrtogʻining dalahovlisiga eltdi.

Anor koʻchada qoldi. Avvalgi davra, maishat ortda qoldi. Koʻchada oʻtayotganida tanishlar ham yuzini ters burib ketadi. Dilrabo ham Anor ham oʻsha dargohdan ketishdi. Anor nafaqaga chiqdi. Unga alam qilardi. Birov qayoqqa boryapsan, nima qilyapsan ham deb soʻramadi. Qirq yildan ziyod shu yerda ishlaganini hech kim eslamadi. Bolalari ham e’tibor bermadi. Onasi-ku umuman koʻrishni istamasdi.

Shuncha yiqqan obroʻ-e’tibor qayoqda qoldi?

Hojilik martabasi-chi?

Erishgan muvaffaqiyatlarichi?

Yashab oʻtilgan umr-chi?

Hamma qilgan toat – ibodatlari bir pul boʻldi. Yosh ijodkorlarga gʻamxoʻrlik qilish unga arzonga tushmadi. Oʻylay-oʻylay kundan kunga qorayib boraverdi. Oxiri yiqildi. Bemorxonaga eltishdi. Yurak xuruji. Tana dam olish kerak, deyishdi. Organizm nihoyatda charchagan ekan.

Yana palatasiga Toshqin Tashakkur kirib keldi. Yaxshi-yaxshi gaplardan aytib Anorning koʻnglini koʻtardi:
— Haqiqat baribir qaror topadi. Gʻalamislar hali jazosini olib, qonga belanadi.

Anorning xotin va bolalari uni koʻrgali ham kelishmadi. Odam yuborsa ham baribir foydasi boʻlmadi.

Anorga shifoxonadan javob berishdi. Boradigan joyi noma’lum. Sekingina «Yosh kamol» gazetasiga kelib, pastdan Toshqin Tashakkurni chorladi. Ikkalasi oddiy oshxonada oʻtirib, tamaddi qilishdi. Anor yigʻladi. Dardini aytdi. Suratkash muxbir birdaniga chorasini topdi. Ishxonasi bilan xayrlashdi-da, Anorni mashinasiga oʻtirgizib, yoʻlga tushdi.

Yoʻl-yoʻlakay ob-havo, narxu navodan gaplashib ketishdi. Mashina kattakon darvoza oldida toʻxtadi. Ichkaridan Dilrabo chiqdi. Uyga taklif qildi. Dasturxon yozildi. Ovqat yeyilib, choy ichildi. Xullas, bir talay gap-soʻz, taxminu tusmollardan soʻng Anor shu yerda qoldi...

Dilrabo she’rlarini yozib, yaqin maktabda dars berardi.

Anor esa hovlidagi molu qoʻylarga, tomorqaga qarab yurardi...