OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiSukunat sohili (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sukunat sohili (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

U kamgap va kamsuqum odam edi. Birov bilan unchalik ham chiqishib ketishi qiyin ediki, buning uchun u ezilardi.

Yoshligi ham mana koʻz ochib yumgunicha oʻtib ketdi. Endi faqatgina xotira qoldi. Xotiraki, juda sodda va oddiy edi.

Ertalab turardi. Choyini ichar- ichmas turib mol-hollariga yem berardi. Tagini kurardi. Soʻng maktabiga borardi. Toʻrt-besh xil fandan ta’lim olardi. Yana sumkasini qoʻltiqlab uyga kelardi. Choy-poy ichib, sal dam olgach, eshakni egarlardi. Xurjunning koʻzlariga non-suv, oʻroqni joylab, egarga tashlardi. Soʻng eshakni minib dashtga joʻnardi.

Qiziltoshda eshakni toʻxtatib qantaradi. Egar abzalini olib qoʻyadi. Qoʻliga oʻroqni olib bir-ikki soat oʻt oʻrardi. Oʻtni ikki bogʻlam qilib eshakka ortib uyga kelardi.

Keyin har faslga qarab har xil, kurash, chillak, tupalak, oshiq oʻynalardi.

U eshakni minsa-da, undan qoʻrqardi. Negaki, bir marta eshak minayotganida, jonivor uning oyogʻidan tishlab oldi. Shu-shu boʻldi-yu, u eshakni minayotgan paytida ogʻziga yemxaltasini solardi.

Uni ne-ne umidlar bilan voyaga yetkizgan odamlar yana-da baxti bekamlik istashardi. Lekin hammasi ham ular xohlaganidek boʻlmadi. Oriyat uchun talashdi. Gavharni toshga urmaylik, deyishdi.

Saboqdosh qizlardan biri uni yaxshi koʻrib qoldi. Qiz avval boshda yigitni unchalik mensimasdi. Azbaroyi rahmi kelganidan, gohida uni erkalar, gohida kalaka qilar, xullas tushuniksiz bir muhabbat edi. Qizi tushmagur shaddod edi.

Bir kuni u ijarador kampirning zugʻumidan zada boʻlib, xiyobondagi xarrakda oʻtirgan chogʻi oʻsha qiz yoniga keldi.

Gaplashdilar. Qiz unga qiziqsindi. Uning aytarga tili bormadi. Oxiri shaddod qiz masalani bilib oldi. Ikkalasi u turadigan ijara uyga keldi. Hamma narsalarni yigʻishtirib mashinada qizning uyiga kelishdi.

Hovlining burchagidagi doʻltaxonaga uni koʻch-koʻroni bilan joylashtirishdi. U sodir boʻlayotgan voqealardan shoshib qoldi. Qiz uni onasi bilan tanishtirdi.

U sabogʻini oʻqib oʻtirgan chogʻida doʻltaxonasining derazasi taqilladi. Tuynukni ochsa, koʻrdiki, qiz uni tashqariga imlab chaqirib turardi. Chiqdi. Qiz uni ergashtirib ayvonga opkeldi. Xontaxta atrofiga koʻrpacha solingan, unga oʻtirishni taklif qildi. Yigit iymanibgina oʻtirdi. Bir payt uydan baquvvat, yagʻrindor, qoruvli kishi chiqib keldi. U oʻrnidan turib koʻrishdi. Qiz esa dasturxonga non-choy keltirdi. Soʻng onasi katta laganda osh keltirdi. Bu orada qiz otasiga yigitni tanishtirdi...

Ular tinch-totuv yashay boshlashdi. Oʻqishni tamomlashiga bir yil qolganida ularning toʻyi boʻldi. Toʻy. Tomosha. Tantana.

Orada ikkita farzandli ham boʻlishdi.

Kelin kuyovni pul topishga va boshqa turli shinamliklarga undaydi. Javradi. Qaynonasi ham unga aql boʻldi. Qaynota esa kuyovni unchalik yoqtirmas va shu vajdan uni mensimasdi ham. Va buning ustiga u bu uyda ichkuyov hisobida edi.

Bu roʻzgʻordagi diydiyo kuyovning joniga tegdi. Xotini yana eski ashulasini ayta boshlagan paytda kuyov jahl bilan tarsaki tortdi.Orada janjal boshlandi. Kuyovning eshitmagan qargʻishi va soʻkishi qolmaydi...

Oqibatda uni qamatishdi...

Unga ertaga javob beradigan kun. Ozodlikka chiqadi. Boshida esa ming xil tashvish.

Qayoqqa boradi?..

Bolalarining oldigami?

Ota-onasining oldigami?

Yoki doʻstlarining qoshigami?

Umuman unga hozir kimning koʻzi uchib turibdi? Hozir unga «mahrami asror» boʻladigan yoki boʻla oladigan odam bormikan oʻzi?

U ozodlikka chiqdi. Biroq uni hech kim intizor boʻlib kutib turgani yoʻq edi. Kech tushishi bilan bir paytlar qishloqdoshlari yashaydigan umumyotoqxonaga kelib qoʻndi. Xayriyatki, tanishlari bor ekan. Bir xonada oʻtirib, osh qilishib, tongotar gurunglashishdi.

Hafta, oʻn kun shu taxlit kun kechirdi. Orada oʻgʻli bilan qizini ham koʻrib keldi. Maktabga boryapti ekan. Avvaliga begonasirab turdi. Qoʻllariga shirinlik tutqazdi. Yuzlarini, sochlarini siladi. Bagʻriga bosdi. Boʻgʻziga yigʻi tiqildi. Koʻnglida nedir taft – iliqlikni toʻydi. Endi u haftaning soʻngi kunlari bolalarini koʻrish uchun maktabga kelardi. Bolalar ham unga oʻrganib qolishdi. Keyinroq ma’lum boʻlishicha, xotini ham boshqa erga tegib ketibdi...

Hamqishloqlarining sa’yi harakatlari bilan u zavodga ishga kirdi. Kunlari shu zaylda oʻta boshladi. Ishxonasidagi bir qariqizga uylandi... Qariqiz faqirgina, odmi ekan. Vaqt oʻtib qizli boʻlishdi.

U bir safar qizi va xotini bilan bolalarini koʻrgani maktabga kelishdi...

Xotini, oʻzi bolalarini quchoqlab, bagʻriga bosishdi. Bolalari esa kichkina singlisini koʻrib qiziqsindi. Uning burnidan tortiqilashdi. Qoʻlchalarini silashdi. Chaqaloqni erkalashardi.

Xotini ham ular bilan esh boʻlib ketdi.

Oʻzi esa ularni jimgina kuzatib turardi. Oradan qancha voqealar oʻtdi. Ne-ne siru sinoatlar qoldi. Yana hali oldinda ne taqdir kutayotgan ekan..

Sukunat sohili jimgina mudrardi...