OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiTazarru (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm94KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tazarru (qissa)
Shodiyor Hazrat Ismat

...Kishi ariq boʻyida oʻtirib, suvning bir maromda oqishini kuzatarkan beixtiyor tin oladi. Suvning tafti bor. Va har neki ofat ham undan.Azob deganlari shundan boʻlsa kerak. Suv balosi ham borki, jimgina harakat qilayotgan ariq boshida irmoq boʻlgani-yu yana qaerlardadir daryo-yu ummonga qoʻshilarini oʻylasangiz, yanada olislaysiz, chuqurlashasiz...

Suv oʻziga muqim maskan topadi. Marra shu yerda...

Kamina irimchi emasman. Koʻrayotgan tushlarim xavotirga solmaydi. Biroq, negadir suv bilan chiqishgim keladi. Suv esa buni tushunadimi yoʻqmi, bilmadim. Tushimni suv tugul samoga ham aytmaganman.Ular faqatgina oʻngim bilan yashaydi. Tushdan nedir xulosalar yasab, saboq olaman.

Suv menga yoshligimni eslatadi. Negaki, uyimizning yonginasidan soy boʻlardi. Bu soy qishloqni teng ikkiga boʻlib oqardi. Uning fasllarga qarab turlanishiga koʻp guvox boʻlganman. Goh sokin, goho shovqin bilan oqadigan soy havasga loyiq edi. Yozda unda huzur qilib choʻmilardik.

...Bir kuni qoʻshni bolalar bilan choʻmilayotganimizda, soqollari koʻksiga tushgan Samad bobo ham yaktagu ishtoni bilan oʻzini soyda oqayotgan suvga tashladi. Suv qalqdi. Bizlar esa unga hayronu lol boʻlib qoldik. Bobo huzur qilib choʻmilardi. Qoʻllari bilan tez-tez harakatlar qilib, tajribali gʻavvosdek boshlarini suvga tiqib-tiqib olardi-da, yuzini koʻtarib, ogʻizlarini ochib suzardi. Soʻng biz ham sekin asta kalla tashlab, soyga shoʻngʻiy boshladik.

Choʻmilib boʻlganimizdan keyin soy buyidagi qumloqda hammompish va boshqa oʻyinlarni boshladik. Shu paytda Samad bobo ham yonimizga kelib, biz bilan xuddi boʻyinsadek oʻynay boshladi. Avvaliga ajablandik, keyin esa odatdagidek har kim oʻzicha turli xil suratlarni qumga sola boshladik. Bobo soqollarini silaganicha zavqu shavq bilan bilan chaqqon harakatlar qilardi. U bilan yoshimiz orasidagi farq deyarli unut boʻlgandi. Bobo tutning suratini chizardi. Daraxtning qabariq tanasini mahorat bilan ishlab, tomirlarini esa suvga tushirib qoʻygandi.

Samad bobo haqiqiy rassomlarga xos harakat bilan tutni hosilga endirmoqchi boʻlardi. Uning shohlariga mayda toshlarni meva kabi qadab chiqdi...

«Endi men sizlarni tut bilan mehmon qilaman,» deb turgan paytida boboning nevaralari kelib qoldi. Nevaralar boboning ishidan ham hayrat, ham uyatdan qizarib turardi. Ular bobosining usti boshi hoʻl boʻlishiga qaramasdan uni mahkam qoʻltiqlab olgandi. Samad bobo esa indamaygina, boshini qoʻyi egganicha nevaralariga qoʻshilib ketib borardi...

Biz bolalar boboning izidan kuzatardigu va u chizgan tutlarga qaraganimizcha jimgina qarab turardik... Yana qaytib, soyda choʻmilib, hammompish oʻynadik.

Ana shunday kunlarning birida Samad bobo yana soyga keldi. U bu gal choʻmilmadi. Bobo bizning suvdan chiqishimizni kutib turdi. Ust-boshimizni kiygach, bobo bizlarni ortidan ergashtirganicha, yoʻlga tushdi. U bizlarni qirning yonidagi ziyoratgohga boshlab borayotgandi. Ayni ziyoratgoh qishloqning qabristoni bilan qoʻshilib ketgandi. Biz qoʻrqa pisa qoʻyindilar orasidan oʻtib, maqbara oldiga keldik. Bolalar doʻppaygan qabrlardan qoʻrqib turardik. Bobo esa chaqqon bilan harakat qilardi. Uning yurish-turishi-yu koʻzlarida ishonch bor edi. Koʻzlari chaqnab turardi.

Maqbaraning usti koshinlar bilan qoplangan boʻlib, qubbasida misdan ishlangan hilol bilan beshpanja ramzlari turardi. Atrofidagi oʻchoqlar kullardan tozalanmagan va uning yonida qozonlar ham toʻntarilganicha turardi. Tevarakdagi daraxtlarning shoxlariga esa turli tusdagi lattalar oʻrab tashlangan edi.

Ziyoratchilarning soni kam. Samad bobo maqbara ichiga bizni boshlab kiradi. U yer unchalik katta boʻlmasa-da, oʻn-oʻn besh kishi bemalol sigʻardi. Bobo taxtapanjarali dahma ogʻzida choʻkkalab nelarnidir pichirlab oʻqidi. Soʻng qoʻlini duoga ochdi, biz ham beixtiyor unga esh boʻlib, yuzimizga fotiha tortdik...

Bu ziyoratgoh ilgaridan mashhur boʻlgan ekan. Boz ustiga arkoni davlat ham bu joyga kelib, tavob qilganligi el orasida gap boʻlardi. Shu sabab bu yer yoʻloʻtkinchilar uchun ham qadrli edi. Negaki, ziyoratgoh shundoqqina katta yoʻlning yoqasidan joy olgandi. Bu yerga dafn etilgan zot ham islom olamining mashhurlaridan biri boʻlgan ekan. Keyinchalik bu joylar ozodu obod maskanga aylandi. Elu ulus mudom ziyoratgohga kelib turardi. Sababki, koʻngillari taskinu tasalli topish, umidu ilinjlarining roʻyobi uchun. Ayni ishonchu umid boboning qalbida tursa-da, bizlar uchun ham dalda boʻldi. Bobo ziyoratgohning ta’rifi va tarixi haqida koʻp soʻzlab bergandi. Aytishlaricha, bu joy toza koʻngilli kishilarning ezgu niyatlari tinglanadigan va amalga oshadigan joy ekan. Bu yerda dafn etilgan zot qishloqning qut barakasiga kafil ekan. Shu sabab, bu elda oʻlat vabo boʻlmaydi, qishloqdan xayru baraka koʻtarilmas ekan. Maqbara, ichida bir odam oʻtgulik joy ham bor ediki, agarda kishining gunohi boʻlsa, ana shu yoʻlakdan oʻtar chogʻi qisilib qolar emish...

Biz bolalar katta boʻla boshlaganimiz sari, koʻp narsalar va shu bilan birga atrofimizdagi kishilar ham oʻzgarib borayotganinin kuzatib turardik. Hattoki, oʻzimiz ham oʻzgarib, turlanib borardik...

Bu orada Samad bobo ham qazo qildi. Uni ham mana shu ziyoratgoh yonidagi qabristonga qoʻyishdi.

Suv menga yoshligimni eslatadi. Va buning ortidan oʻz-oʻzidan Samad boboning choʻmilgani-yu, u bilan maqbaraga borganlarimiz koʻz oldimga kela boshlaydi.

Suvga qoʻshilib, umrim ham oqib ketayotganini sezib qolaman. Biroq, ne boʻlganda ham koʻnglim taskin topadi.Bu vaqt orasida koʻp davralarda boʻldim. Koʻpni koʻrdim. Ne-ne savdo-yu vokealar boshimdan oʻtdi. Yaxshi bilan yomonnni farklay boshladim. Birovga atay yomonlik tilamadim va qilmadim ham. Otamning pandu nasihatlariga rioya etdim. Yaratgan meni koʻp siyladi...

* * *

Muhtaram oʻquvchi! Soʻzim shu yerga yetganida beixtiyor oʻzim haqimda gapirish va kimligimni aytishim kerakligini anglab qoldim. Buni qarang, oʻz bolaligim, soyu ziyoratgoh haqida soʻzlabmanu oʻzimnitanishtirishni unutibman...

Ismim–Poʻlat. Sharifim esa – Buzrukov. Men qishlogʻimiz - Tutlisoydagi maktabni tamomlab, markazdagi ilm dargohlarining birida tahsil oldim. Taqdir taqozosi bilan shu yerlarda qolib ketdim. Dastlab, shapaloqday gazetaga ishga kirdim. Oila tutdim. Keyinroq esa qalinroq bir jurnalga taklif etishdi. Yoʻq deya olmadim. Va mana shu dargohda roʻzgʻorimni tebratib yuribman.

Aytishim kerakki, bu dargohda hamma sipo, oʻzini bilagʻonu donishmand tutadigan, birovga yon bermaydigan ajabtovur kimsalar ishlardi. Goʻyoki, ular uchun hayot mana shu joy edi. Hammasi oʻzini koʻz-koʻz qilish uchun bu yerda oʻralashib yurgandek tuyulardi. Boz ustiga kattaga hurmatu kichikka izzat degan tushunchalar esa koʻtarilib, tushuniksiz va gʻurbatli holat yuzaga kelib qolgandi.

«Turdi Tashakkur bilan Sadaf deganlari shodiyonaga atab qasida bitishibdi. Bu yerda bir gap bor. Turdi Tashakkuring qoʻyilmaganini qarang!?. Oʻzining oilasining oʻylamagani mayli-ku lekin Sadafning gulday roʻzgʻori buzilmasinda!..»

«Pomir Laqay deganlari qoʻshnochmi tabib boʻlibdi. Laparchi qizlarning ovozini shirali qilaman, deb pullarini olibdi. Bergan oʻtlarining ta’siri boʻlmagan chogʻi, qizlar bechoraning boshiga dutoru doiralari bilan uribdi. Qonga belangan tabib bazur qochib qutilibdi. Rahmat Jumaning ham ovozingizni tuzataman, deb pulini olibdi-yu lekin natijasi yoʻq emish. Rahmat Juma esa «bu enagʻar Pomir Laqay aldamchi ekan-ku!» deya tabibini izlab yurganmish.»

Har bir idorada boʻlgani kabi bu yerda ham mana shunday gapu soʻzlar ogʻizdan ogʻizga oʻtib, quloqqa chalinib turardi.

Dargohning rahbari – Xayriddin Nosir charm sumkachasini koʻtarib, koʻziga ohangjama oynakni kundirganicha, boshini koʻkka qadab shaxdam qadamlar bilan yuradi. U xardamxayol odam. Hushi kelsa siz bilan hol soʻrashadi, boʻlmasa berilgan salom aliksiz qolib ketaveradi.

Koʻpchilik uning kelayotganini koʻrsa, yoʻlini burib ketardi. Ba’zilar esa yelkalarini qisganicha, ikki qoʻlini juftlab xuddi bedana tutmoqchidek rahbarning yoniga oshiqardi. Shunda Xayridin Nosir noiloj qoʻllarini uzatadi.

Aytish joizki, rahbarning gapiga idoradagilar unchalik ham tushunmaydi. Negaki, u tez va ustiga ustak boshiga shahvat urgan serakdek kalta-kalta soʻzlardi. Rahbarning oʻzi ham buni tan olardi.

U ham barcha kabi maqtovni xush koʻrardi. Buni esa butun jamoa bilardi. Ayniqsa, oʻrinbosarlari – Halim va Yormatlar biri qoʻyib, biri olib Xayriddin Nosirni varrakdek koʻklarga chiqarib, maqtashardiki, soʻz oxirida rahbarning oʻzi «rahmat akalar, sizlar meni toʻgʻri tushunasizlar,» deb qoʻyadi. Soʻng chapdastlik bilan suhbat oʻzaninini boshqa tomonga burmoq uchun Halimga yuzlanib:
-Uylar tinchmi?- deb soʻraydi.
-Tinch, - deya Halim yerga tikiladi. – Oʻgʻillarnikida turibman, kelin issiq-sovugʻimdan xabardor. Yaxshiyamki, kelinni oʻzimizdan qilgan ekanman. Bechora ogʻrinmaydi.
-Yanga bilan yarashingda endi, aka? – deydi rahbar.
-Endi boʻlmaydi, gʻisht qolipdan koʻchgan, - deya Halim xoʻrsinadi.
-Qarigan chogʻingizda bu azob ham bor ekan-da? – soʻroqlaydi rahbar.
-Ey, uka, qoʻying bu gaplarni. Yuragim eziladi. Birovga qoʻshila olmayman. Ishxonaga kelsam, sal-pal ovunaman, - deydi Halim.

Rahbar biroz jim turdi. Bu bilan u «suhbat tamom, endi joʻnanglar,» demoqchi boʻldi. Yuzaga kelgan vaziyatdan oʻngʻaysiz boʻlib, Yormat oʻrnidan ohista turdi-da, eshik tomon yurdi. Eshikning qabzasidan tutib:
-Xayriddin aka, ishlar hammasi reja asosida tashkil etilgan. Agar biror topshiriq boʻlsa, aytarsiz shartta bajaramiz. Men oʻzimdaman, - dedi-yu xonadan chiqishga chogʻlandi.
-Boʻpti, boravering, - deya rahbar kulib kuzatdi.

Bu bilan u Yormatning gapidan ham, oʻzidan ham istehzo qilardi. Halim esa yosh boladek boshini qoʻyi ekkanicha jim oʻtirardi.
-Yormat aka qiziq odam-a? – deya rahbar oʻsmoqchilaydi.
-Yaxshi odam u, - deya Halim boshini koʻtaradi. – Sizni juda hurmat qiladi. Sodiq qullaringizdan. Ba’zi bir nuqsonlari ham borki, lekin kechirsa boʻladi. Kimda ayb yoʻq deysiz. Tinib-tinchimas odam. Koʻp narsalarni biladi. Lekin aytmaydi, qoʻrqoq.
-Qoʻrqoq odam sotqin boʻladi, - deydi rahbar dabdurustdan.
-Lekin Yormat sotqinlik qilmaydi. Sinab koʻrganman, - deydi Halim.
-Xodimlarning undan norozi ekanligini bilmaysiz, shekilli, - deya rahbar ajablanib qaraydi. – U nima topshiriq berayotganini oʻzi bilmas ekan. Yigʻinda men nimani aytgan boʻlsam, oʻshani oqizmay-tomizmay yozib olar ekanda, bir boshdan oʻqib berarmish. Hattoki, men sizlarni bayram bilan tabriklashim kerak ekan, deya boshini qogʻozdan koʻtarib, xodimlariga «Xayriddin aka aytdiki, men sizlarni ushbu bayram bilan tabriklayman,» debdi. Hamma oʻtirgan xodimlar buning ustidan miriqib kulibgan. Aka,bu sharmandalik-ku!.. Ayting unga uyat boʻladi. Sal boʻlsa-da ortu oldiga qarab ish tutsin. Bu holda sizu bizni ham izza qilishi hech gap emas.
-Parvo qilmang, - deydi Halim bepisandgina. – Buni Buzrukov atay toʻqiganini ham bilaman.
— Yoʻq,boshqalardan eshitdim. Ishonchli manba. Buzrukov uni mensimasligini bilaman. Umuman olganda, Yormat akaning xato qilayotganini achchiq boʻlsayam tan olishimiz kerak-ku axir. Bu kabi nuqsonlarimiz dargohdan tashqariga chiqsa yomon boʻlarini ham oʻylashimiz kerak, - deydi rahbar.
-Gapingiz toʻgʻri, Xayriddin aka, lekin Yormatdan boshqa odam bu yerni eplay olmaydi. U boyoqish siz bergan topshiriqni qanday bajarar ekanman, deb boshqotiradi. Ishni oʻylaydi. Qoʻl uchida apil-tapil ishlashga oʻrganmagan. Sizga hurmati baland,- deydi Halim.
-Yormat akaning Buzrukov bilan munosobati yaxshimi ishqilib, yoki? – soʻroqlaydi rahbar.
— Xabarim yoʻq. Buzrukov Yormatni mensimaydi. Ishgayam gohida, koʻngli tusasa keladi. U mahmadana, koʻp oliftalik qilmoqda. Hamma bir tomon, Buzrukov bir tomon. Kimiga ishonar ekan-a, bu Buzrukov deganlari? – deya Halim savolomuz rahbariga razm soladi.
-Buzrukov yomon bolaga oʻxshamaydi-ku! – deya rahbar ajablanib xodimiga nazar soladi.
-Odamning olasi ichida. Siz u oliftani bilmas ekansiz. Boʻlimdagilar uning dastidan dod deyishadi U bola uncha-muncha odamni mensimaydi. Ustidan kuladi, - deya Halim avj qiladi.
-U kimga oliftalik qildi? Kimning ustidan kulibdi? Gaplashsangiz soʻzida ma’ni bor-ku! Balki unday emasdir, balki siz chalgʻiyotgandirsiz? – deya rahbar hadiksiraydi.
-Qaniydi, shunday boʻlsa. Siz uni bilmaysiz. Ehtiyot boʻling, ertaga gap-soʻz koʻpaymasin, - deydi Halim soʻlgʻingina.
-Har narsani ishga aralashtirmaslik kerak. Lekin bu bolaning boʻlimida ungacha turli qalangʻi qasangʻilar tomir yoyganligini boshqa bilmasa ham siz juda yaxshi tushunasiz. Bola yangi. Muhitni tozalab, ishning olgʻa ketishi uchun Buzrukovga yordam berish zarur. Odamning oyogʻini chalishdan koʻra, boshini silagan yaxshi emasmi, xoji aka, - deya rahbar razm soladi.

Halim jimgina boshini qoʻyi solib oʻtirardi.Rahbarning pisandalarini boshida pishitib olardi. «Menga birovni sotayaptimi erta bir kuni meni ham arzon garovga sotishi tayin ekan,» degan xayol rahbarda kechayotganinini u allaqachon tushunib ulgurgan edi.

Rahbar esa uning xayollarini uqib turgandek, magʻrur qiyofada xodimini zimdan kuzatardi. Itining fe’li egasiga ma’lum, deganidek rahbar Halim, Yormatu Buzrukovlarning kimligini yaxshi bilardi. Shu bois ularning barchasiga oʻziga yarasha muomila qilardi. Iloji boricha toshu tarozini toʻgʻri ushlashga intiladi. Ba’zida esa unga Halim ham daxl qilardiki, buni u bilib bilmaslikka olgan kishi boʻlardi.

Halim Buzrukov haqida gap ochishning bu gal mavridi emasligini sezsa-da, biroq:
-Xayriddinjon aka. Buzrukovga yordam beramiz. Yosh kadr. Xatolarini kechiramiz.Sekin-asta tarbiyalab olamiz. Rahbarligingiz ostida ishlarimiz oldinga ketsin. Boshimizga doim omon boʻling. Xudoning oʻzi sizni yomon koʻzlardan asrasin, - deya yuziga fotiha tortdi.

Shundan soʻng Halim oʻrnidan turdi-da, rahbar bilan xayrlashib, xonadan chiqdi.

Xayriddin Nosir uning sidqidil emasligini, aytgan gaplari shunchaki koʻngil hushi uchun soʻzlanganligini sezsa-da, na iloj indamay qoʻya qoladi...

Xotini Halimni uydan quvib solgan. Negaki, u erini mundayroq tamaddixonada satang shoira – Dilrabo Bardosh bilan shakargoʻftorlik qilib oʻtirganida qoʻlga tushirib, rosa toʻpolon qiladi. Shoirani mushuk timdalangandek yuzini tilib tashlaydi. Erining «oramizda hech gap yoʻq, azizam,faqat doʻstlik bor, xolos. Shoira qizimizni toʻgʻri tushunishingizni soʻrayman,» deganlariga ishonmaydi.

Haqiqatdan ham, Halim talantli shoira - Dildora Bardoshning boshini silagani rost. Janjal sabab, idorada maxsus yigʻin boʻldi. Xotini xonani boshiga koʻtarib baqirdi, janjal qildi.»Er bermok, jon bermok,» deya qoʻlidagi katta sumkasini erining jazmaniga qaratib otdi. Soʻng eriga yuzlanib, «xayf sizga bu yurish, bola-chaqangizni boqib uyda oʻtirsamu siz bu yokda yallo qilib qalangʻi qasangʻi xotinlar bilan iliqishib yursangiz. Uyat. Sharmanda boʻldim.Bu kuningizdan oʻlganingiz yaxshi edi. Bundan koʻra tobutingiz ustida yigʻlaganim ming marta avlo edi. Sadqai odam keting!» deya rosa koyidi. Bechora xotin erining dastidan ancha koʻzyoshini toʻkdi…

Shu sabab boʻldi-yu xotini Halimni uyiga kiritmaydi. Ishdan oldirmoqchi boʻladi. Biroq oraga ulamo – Xayriddin Nosir tushadi:
-Opa, ey, ey, yanga, kennoyi Halim akani kechiring. Boshi aylangandir, bu ishga qaytib qoʻl urmaydi.
-Hali, yana qoʻl urmoqchi boʻlib yuribdimi, bu goʻrsoʻxta! – deya boshqatdan jazavaga tushdi.

Opa, yanga, kennoyi erini baribir kechirmaydi. Qaytaga, «...shu odam bilan qanday ishlab yuribsilar, buyam odammi oʻzi? Xayf bunga odamiylik!» deydi-yu ulamoni pasha haydagandek uyidan chiqarib yuboradi.

Er-xotin shu buyi birga yashamaydi. Boyoqish Halim bularni uylab oxiriga yetolmaydi. Boshi qotadi. Kutilmaganda Yormat uning xonasiga bosh suqdi.
-Keling, Yormatboy, - deydi u.
-Salomalaykum, Halim aka, - deya yugurganicha kelib, uning qoʻlini tutadi. – uydagilar tinchmi, nevaralar, oʻgʻlingiz, kelinu kuyovlar yaxshi yuribdimi? Kennoyi…

Yormat soʻzining oxirida duduqlanib, yuzlari qizarib ketadi. Biroq Halim sir boy bermasdan:
-Ha, tuzuk. Hammasi joyida, - deydi istar-istamas.
-Negadir kayfiyatingiz tushkun, yuzingiz soʻlgʻin koʻrinadi. Sizdek kishini xafa kilishga kim jur’at etdi? – deya Yormat xoʻrozlanadi.
-Bilmadim, oʻzim xam tushunmay koldim. Nima qilarimni bilmay halakman, uka, halovatim yoʻqolgan, - deya u noliy boshladi.
-Hamma narsaniyam yurakka yakin olavermangda aka, Ehtiyot chorasini koʻring. Siz bizga xali juda koʻp kerak boʻlasiz, asrang oʻzingizni, - deya Yormat hamdardlik qiladi.
-Yormat Turbatdan opkelgan qimizingizni qoldimi? – deya soʻroqlaydi u.
-Bor, aka, xozir opkelaymi yoki tushlikda bizga ichamizmi? – deydi sherigi shoshib.
-Kechga tashkil qilaylik, uka, yuragim toʻlib ketyapti.
-Xoʻp boʻladi, siz nima desangiz shu. Kimlar boʻlsin, aytsangiz, ularniyam xabardor qilib qoʻyardim.Bahri dilingiz ochilib bir yayrang, - deya Yormat yaltoqilanadi.

Halim kunbuyi holsiz, tushkun bir alfozda yurdi. U oʻzini ovutish uchun nimalar qilmadi. Bir xodimini chaqirib olib rosa maqtadi. Yana boshqa birini chorlab, koyidi. Qimmatli maslahatlarini berdi. Hattoki, suluvroq xodimasi – satang shoira Dilrabo Bardoshni xam huzuriga buyurtirib, ishdan gaplashgandek boʻldi-yu, aslida koʻp narsalarni soʻradi:
-Ijod yaxshimi?
-Aslida, orada muxabbat boʻlganmi yoki sotib olinganmi?
-Siz bahongizni bilmaysiz, afsuski, biz xam qadringizga yetolmayapmiz!
-Ijodni gullatavering. Sizga sharoit yaratib beramiz. Kuch borida ishlang!
-Sizdagi matonatu latofatni koʻrsam huzurlanaman. Shuning uchun singiljon, iltimos, meni oʻzingizdan bebahra qilmang! Kechga vaqtingizni ajratsangiz. Harna, diydorlashib oʻtirar edik…

Xodima – singiljon koʻzlarini suzganicha tannozlanib oʻtirar, gohida boshini silkiganicha sochlarini toʻgʻrilab qoʻyardi. Xodima ikki marta er qilgan, gavdali, xushroʻygina, biroq manjalaqitabiat boz ustiga beva edi. U xonada ishva bilan oʻtirardi. Ular ancha vaqtgacha suhbat qurishdi. Ketar chogʻini sezdi shekilli, xodima nozu qarashma qildi-da uzrini aytib, xirom bilan xonadan chiqib ketdi. Xona egasi uni ortidan koʻzi bilan kuzatib qoldi.

U boshini silkib, tanglayini taqillatdi. Ayni gurungdan uning koʻngli joyiga tushmadi. Yuragi battar siqildi. Shu paytda kechki boʻlajak ziyofat koʻz oʻngiga keldi. Tamshanib turib, yuragi toʻliqayotganini sezdi. Xayollarini nedir siru sinoat qamrab oldiki, koʻzlari qoʻvnab, miyigʻida kuldi. Sabri chidamay daftarchasidan satang shoira – Dilrabo Bardoshning telefon raqamini izlab topdi. Sim qoqdi. Shoiraning oʻzi goʻshakni kutardi.
-Allo, labbay, - dedi shoira shangʻi ovoz bilan.
-Qizim, yaxshimiz? – deya soʻroqlaydi Halim.
-Ey, ustozi avval Halim aka qaylarda yuribsiz. Salomalaykum. Suvga tushgan toshdek yoʻq boʻlib ketdingiz-ku! – deya nozlanadi shoira.
— Bagʻringiz xam suvga tushgan toshdek qattiq ekan, - taltayadi u.
-Koʻnglim yumshoqligini bilasiz-ku. Tunu kun sizni oʻylab yuraman. Nima qilay? – deydi shoira.
-Men xam ichikdim.Kechga kelishganimizdek idoraga kelsangiz.Sharafingizga ziyofat uyushtirsam. Yangi namunalardan oʻkib berardingiz.
-Mayli, boraman.Toʻxtang,u yerda kimlar boʻladi?Yana tagʻin oʻtgan safargidek… - deya satang oʻsmoqchilaydi.
-Hammasi oʻzimizniki. Xavotir olmang, barcha xavfsizlik choralari koʻrilgan. Kelishingizni intizorlik bilan kutaman, - deya goʻshakni joyiga qoʻydi.

U sim qoqganidan oʻzida yoʻq xursand edi. Va uning kelishiga mutloq ishonardi ham. Halim qizi tengi bu satang shoirani yaxshi koʻrib qolganiga hozirgacha ishonmasdi. Ishq yoshu joy tanlamas deganlari rost ekan.

Idorada kechki payt. Hamma ishdan uyga shoshgan. Yormat yurtidan opkelgan qimizni Halimning stoli ustiga keltirib qoʻydi. Ikkalasi bir piyoladan totib koʻrishdi.»Boshqa nimalar bor?» deb soʻroqlaydi Halim. Yormat esa yelkasini qisganicha «xech narsa,» deydi.

Shundan keyin Xalim choʻntagidan bir dasta pul chiqaradi - da;
-Yormatboy, nozik mehmonlar keladi. Mana shu pullarni olingda, turli ichimlik va gazaklarning zoʻridan keltiring. Uyaltirib qoʻymang, tagʻin uka, - deb tayinladi.
-Boʻpti, aytganingizday qip kelaman. Xayriddin Nosirovich ham keladimi? Yana boshqa kimlar kutilmoqda. Agar sir boʻlmasa, albatta,-deya oʻsmoqchilaydi.
— Kelganda bilib olasiz. Hammasi nozik odamlar. Ularning koʻnglini olish kerak. Biz sizga ishonsak, bu yogʻi sal qopti-ku rasvo qilishingizga, uka, - deya bunisi gina qiladi.
-Xalim aka, bir qoshiq qonim, sodiq qulingizman. Hozir hammasini hozirlayman, - dedi-yu xonadan otilib chiqib ketdi.

Ancha vakt oʻtganidan soʻng Yormat qoʻllaridagi yukni bazoʻr koʻtarganicha, inqillab-sinqillab xonaga kirib keldi. Qogʻozu yelim xaltalardagi nozu ne’matlarni stolga qoʻydi. Halim bundan hayron boʻlib qoldi. Yormat esa «endi kechirgan boʻlsangiz kerak,» degandek qarab qoʻydi.

Yormat ne’matlari yuvib artib, dasturxonga tera boshladi. Keyin oʻrtaga qimiz, vino, konyak va aroq qoʻyildi. Xodimlarning barchasiga uyiga ketgan. Faqatgina xos odamlar bu yerga taklif etilgan. Ularning orasida men ham borman. Yormat qoʻllarini bir-biriga ishqalab, dsturxondan bir dona uzumni ogʻziga solib, tamshanib turgan chogʻida xonaga anovi satang shoira – Dilrabo Bardosh kirib keldi. U shu zaylda borib, Halimning bagʻriga oʻzini tashladi. Uning rapidadek yuzlaridan choʻlpillatib oʻpti. Halim ham javob boʻsalarni qaytardi. Hammamiz stol atrofiga oʻtirdik. Hol-ahvol soʻrashildi. Yormat bu paytda gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan shoira bilan Halimga bir piyoladan qimiz uzatdi.

Halim ajablandi. Shoira «nima bu?» deb hayron soʻradi. Yormat bechora «Turbatning qimizi, uydagilar berib yuborishgan ekan,» deya iymanibgina gap boshlaganida, shoira asabiy xolda,»men qimiz ichmayman, boshqasidan qoʻying,» dedi. Shundan soʻng soqiy qadahlarga konyakdan suzdi-da, tavoz’e bilan shoiraga uzatdi.

Davrada ikki-uch sidra qadahlar urishtirildi. Endi gurung qiziy boshlagan bir mahali xonaga Xayriddin Nosir buynini yelkasiga tashlaganicha shaxdam kirib keladi. Hamma bilan qoʻl berib koʻrishdi. Navbat Dilrabo Bardoshga yetganida «ey, shoirai zamon ham shu yerda ekanlar-ku! qanday yaxshi, ajoyib davra boʻlibdi,» deya satangning qoʻliga qalin labini bosdi.

Rahbar davraning toʻriga oʻtirdi. Soqiy unga ham bosib-bosib qadah qoʻydi. Rahbar salgina boʻlsa-da qizib oldi. Nafsi orom oldi chogʻi, Dilrabo Bardoshga qarab, «ijod qalay, she’r yozyapsizmi?» deya soʻroqlaydi. Shoira ham istar-istamas javob beradi. Bu asnoda Halim shoirasini rahbaridan rashk qilab oʻtirardi. Gurung oʻzanini atay boshqa tomonlarga burishga urinadi:
-Havo ham isib ketdi, dehqon bilan chorvador endi nima qiladi?
-Bu yil qimmatchilik boʻlarmikan yoki farogʻatchilik…
-Hamma tomon qalqib turibdi. Oxiri baxayr boʻlsin…

Biroq davradagilardan hech biri uning soʻzlariga ragʻbat bildirmasdi. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora edi. Aljirayotgan davra birovni eshitishga qodir emasdi ham. Rahbar Dilrabo Bardoshning koʻnglini sel qilib eritayotgandi. Oxiri, ikkalasi biri olib, biri qoʻyib she’r oʻqidi. Qarsaklar qurshovida mushoira ancha davom etdi. Halimning koʻngli boʻshab, xoʻngradi. Yormat ham unga qoʻshilib uvvos tortdi. Alyor aytayotganlar esa ularni yupatishga tushdi. Dilrabo Bardosh Halimning boshini silab «yigʻlamang, akajon, sadqai koʻzyoshingiz ketsin. Dunyo sizning dardingizga arzimaydi. Sizni hech kim tushunmasayam, mana men anglayman. Bu dunyoda sizni his qiluvchi yagona inson boʻlsa, uyam kaminai kamtarin qulingizdurman!» dedi. Bundan keyin Halim battar uvvos tortdi.

Shu alfozda nima boʻlganini hech kim bilmaydi.Halim oʻygʻonib qarasa, ishxonada yotibdi. Dilrabo Bardosh esa divanda oʻtirganicha televizor tomosha qilardi. U uyalibroq oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Kerishdi. Shoira unga bir qaradi-yu, kulib qoʻya qoldi.

Nima boʻlgandayam, Xayriddin Nosir mastlikda bergan va’dasining ustidan chiqdi. Halim safar jabdugʻini hozirlashga tushdi. Endi u olis va issiq oʻlkada haj amalini bajarib qaytishi shart. Keyin vaziyat oʻzgarib, uning ishidayam va keyin esa uyidayam tinchlik boʻlar, degan niyat bor edi bunda. Yormat unga bozordan yuzdan ziyod pichoq keltirdi. «U tomonlarda bu narsa qimmat matoh sanalarkan, harna, harajatlarni qoplaydi. Bu bizdan sizga sovgʻa.» Halim indamaygina pichoqlarni jomadonga soladi.

Ikki kundan keyin Halim uchoqda safarga joʻnab ketdi.Musofirxonaga joylashdi.Xona shinamgina.Yotib uxladi. Kerakli tavsiyalarni olgach, yana oʻrniga kelib choʻzildi. Yoʻlda charchaganligi sezildi, kechga tomon musofirxonaning hovlisiga chiqdi. Shaharni tomosho qilgisi keldi. Atrofdan kelayotgan barcha gap soʻzlar unga tanish. «Kep qoling, obqoling, hamma arzon mollar shu yerda, pulingiz oʻzingiz bilan ketadi.» Bozor aylanib chiqdi. Hammasi tanish. Oldida turli attorlik mollari.

U ham zippilab xonasiga chiqdi-da, Yormat berib yuborgan pichoqlarni pastga optushdi. Xaridor yoʻq hisobi. Kechga dovur oʻtirdi hamki, hech kim pichoqni soʻramadi. Kun ogʻar payti bozorchaga boshiga rido oʻragan, surriburun, yuzi silliq, muylabli buychan kishi oraladi. Halim yugurib kelib, pichoqlarini uning surriburni osha koʻziga tutdi-yu, «ukajon, shuni sotib oling, asl mol. Pulingiz xam oʻzingiz bilan ketadi,» dedi. Ajabki, ajnabiy ham unga oʻzbek tilida soʻzladi. Halim unga lol boʻldi. Ikkovi soʻrashdi. Ma’lum boʻlishicha, ajnabiyning bobolari bir zamonlar bu yerlarga Buxorodan koʻchib kelishgan ekan. Alalxusus, ajnabiy savdolashib oʻtirmasdan pichoqlarning hammasini egasi aytgan pulga oldi. U xayrlasha turib, uyning adresini berib, «mehmonim boʻling,» dedi.

Halim amal taqal qilib haj tadbirlarida qatnashdi. Bajarayotgan ishidan oʻzi xam uyalib ketdi. Hali u oʻzining koʻp narsalarga tayyor emasligini ich-ichidan sezdi.

Ketar chogʻida mahalliy yurt ogʻalarining odatiga koʻra, mehmonlarga atalgan sovgʻalar ulashilar ekan. Bunda shart shu ediki, mehmonlar rasamadi bilan borib, belgilangan joydan tasbex, joynamoz va kitobni olishlari kerak edi. Halim ikki daf’a bir sidradan sovgʻalarni oldi. Oxirida tayinki, bir kishiga aynan mana shu tuhfa yetmay qolsa boʻladimi?!. Mezbonlarning boshi qotgan. Ruyxatni qaraydi. Hammasi joyida. Ammo bir sovgʻa izsiz yoʻqolgan. Ular uyalganlaridan ham yana shu taxlitda soʻnggi kishiga sovgʻa berishadi.

Safari qariy boshlaganida Halim ajnabiyning uyiga bordi. U yerda mexmon boʻldi. Mezbonni maqtadi. Yashashidan, uydagi sharoitidan noligan boʻldi. Uy egasi unga bir talay sovna salomlar bilan mexmonini musofirxonagacha kuzatib keldi. Hamma ketishga hozirlik koʻrmoqda. U ham xonasiga kirdi-da, anjomlarini yigʻishtira boshladi. Ajnabiy esa unga yordam berardi. Ne tongki, buxorolik ajnabiy sherigining sovgʻalarining orasida ikkita bir xili borligini koʻrib qolib, ajablandi. Noqulay vaziyatga tushdi. Ishonishni ham ishonmaslikni ham bilmasdi. Mehmonga sirli qaradi. U esa parvoyi falak buyumlarni joylash bilan band edi. Mezbon qoʻllarini yuvib, sochiqqa artdi-da, mehmonning xonasidan boshini sermaganicha chiqib ketdi.

Halim toʻlib toshib uyiga qaytdi. Yormatga sovgʻaning bir juftini berdi. Goʻyoki bu bilan qarzini uzgan kishi boʻldi. Voqeadan bexabar Yormat unga tashakkur aytadi. Halim butun ishxonaga sovgʻa ulashardi. Shundan menga xam bir ulush tegdi…

* * *

Kamina rahbarimiz – Yormatning eshigini qattiq yopib, xayr-ma’zurniyam nasya qilib tashqariga chiqdim. Uning xonasida boʻlib oʻtgan gaplardan dilim xufton boʻldi...

Sekin –asta xonamga kirdim. Ish stolimga oʻtirib, «nega endi Xayriddin Nosir deganlariga mening arizam zarur boʻlib qoldi, ekan. Yoki ishimni toʻgʻri bajara olmayapmanmi? Yoxud boshqa siri bormikan?» deb oʻylab qoldim.

Biroz vaqt oʻtib, xodimlarimiz kela boshladi. Salom-alik, hol-ahvol soʻrashish boshlandi. Soʻng hamma oʻz ishi bilan ovora boʻlib ketadi.

Tushga yaqin telefon jiringladi. Goʻshakni sekingina koʻtardim.
— Salamalaykum, aka yaxshimisiz? Ijodlar zoʻrmi? Charchamayapsizmi? Ustoz bizning xonaga bir kelib ketasizmi? – goʻshakning narigi tomonidan rahbarimiz – Xayriddin Nosirning magʻruru masrur ovozi keldi. Ovozki, kinoyali lutflarga qorilgan iltifotli manzirat edi.

Men ham «hozir yetib boraman» deya goʻshakni tashladimu uning huzuriga yoʻl oldim.

Rahbarning qabulida odam siyrak ekan. Bir oz fursatdan soʻng oʻtirgan xonamizda bulbul sayrogʻi jarangladi-yu kotiba qiz oʻrnidan shiddat bilan turdi-da, rahbarning xonasiga kirib ketdi. Qaytab chiqqach, «siz kirar ekansiz» deb menga yuzlandi. Eshikni taqillatib ichkariga kirdim.
-Mumkinmi, aka, - dedim.
-Ey, ey, ustoz keling, marhamat, marhabo. Xush kelibsiz. Qadamlariga hasanot, - deya u men tomon quchoq ochib kela boshladi. Ikkalamiz achomlashdik. U menga oʻtirish uchun joy koʻrsatdi. Roʻbaroʻ oʻtirdik.
-Yaxshimisiz, - deyman.
-Yaxshi. Oʻzlaridan soʻrasak? Kamnamo, - deydi.
-Yomonmas, topshiriqlarni bajarib yuribmiz, - deyman.

U paxta gulli choynakdan bir piyola choy qoʻyib menga uzatdi.Oʻziga ham bir piyola choy qoʻyib, sekingina xoʻrillatdi.
-Viloyatlardagi qalamkashlarning ijodiy faoliyatining yoritilishi qanday boryapti, - soʻroqlaydi.
-Yaxshi ketyapti, yaqinda Samarqanddan Gʻulom Ali keldi. Yangi dostoni bilan romani kitob boʻlib chiqibdi. Shuni opkeldi. Keyin Buxorodan Gʻulom Shomurodning asarlari peshma-pesh berilyapti. Vohadan va vodiydan ham yoritilish yomon emas, - deyman.
-Oʻzingiz nima qilyapsiz? Yangisidan bor deb eshityapmiz, kitob chiqarishga tayyorgarlik koʻryapsizmi? – deya soʻroqlaydi.
-Yoʻq, aka, bizda ijodiy qisirlik. Onda-sonda bir narsalarni qoralab qoʻymasak, buyogʻi mardikorchilik, - deyman.
-Ishlash kerak, ijod qilish kerak, ana shu narsalar qolar ekan. Qolgani befoyda, - deydi u.
-Albatta, - deyman yuziga qarab. – Siz ancha sermahsul shoir chiqdingiz. Har kuni she’r yozasiz. Maqola, mansura, tarjima qilasiz. Tinim yoʻq sizda. Xudo kuch-quvvat bersin. Koʻz tegmasin.

Shunda u menga bosibroq tikiladi. Gapning magʻzini chaqmoqchi boʻladi. Lutfning xushomad yoki kinoya ekanligini bilmoqqa urinadi.U oshkora maqtovni unchalik xush koʻrmaydi. Menga ham shubha aralash qaraydi. Soʻzimning rostu yolgʻon ekanligini bilishga kirishadi. Sekingina soʻroq qila boshlaydi:
-Siz ham maqtovga saxiysizda, uka.
-Yoʻq, aka, bor gap ham shu, - deyman.
-Nimasi bor gap shu? – deydi u.
-Butun ijod ahli sizga havas bilan qarayotganidan bexabar ekansiz-ku! – deyman atay.
-Qoʻysangizchi? – deya u kelinchakdek uyaladi.
-Siz ancha ilgʻor boʻldingiz. Atrofingiz toʻla shogird. Hozir bunaqasi kam. Sizdagi odamgarchilikning maqtalishini aytmaysizmi? Balki, bu oʻzingizga bilinmas. Lekin havas qilishga arziysiz. Sizga hasad qiladiganlar ham kam emas, buni esingizdan chiqarmang. Tilni yaxshi bilasiz. Bu sizning eng katta yutugʻingiz. Atrofingizdagilar ham ziyrak va sezgir, - deyman.
-Odam degani hammaga yaxshilik qiladigan va kamtar boʻlishi zarur hamda shart deb hisoblayman, - deydi.

Rahbarimiz nedir demoqqa shaylandi. Men tilimni tiyib jim turaman. U yuzini osmonga qadab, bir muddat xayol surib turdi. Keyin katta kallasini yerga tashlagancha unsiz oʻtirdi. Nimanidir mulohaza qilardi. Piyolasidagi choyni bir himo bilan koʻtarib ichib yubordi. Soʻng yuzlarini kaftlarining orasiga solib ishqaladi-da, amru ma’rufga oʻtdi:
-Uka siz hali yoshsiz. Sharoitingizni yaxshi bilaman. Qishloqdagi ogʻaynilarni ham unutmang, holidan xabar olib turing. Bu dunyoda hammamiz omonat ekanmiz. Yigitning uyi tinch boʻlsa, qolgani oʻz-oʻzidan boʻp ketaveradi. Oila – bu katta qoʻrgʻon ekan. Ishxonadagi gap-soʻzlarga unchalik e’tibor berib oʻtirmang uka, bularning bari oʻtkinchi. Sizu bizdan avval ham boʻlgan, hozir ham bor, keyin ham boʻlaveradi. Uni hech kim toʻxtatib turolmaydi. Shunday ekan siz sira ham ijoddan toʻxtamang. Mening sizga yagona maslahatim shu. Ha, aytmoqchi maishatingiz qanday? Pul, moyana yetarlimi? Yordam kerak emasmi? Agar zarur boʻlsa ayting. Muhayyo qilamiz.

Olampanoh koʻzlarini ma’yus moʻltiratib kaminaga olam-jahon pandu nasihatlar qildi. Yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi. Men ham oyoq-qoʻli bogʻlangan odamday jimgina turib uni tingladim. Uning asosiy gap – maqsadga oʻtishini intiq boʻlib kutardim. Rahbar – olampanoh buni payqamasdi. Yoki ilgʻasa ham indamay kezi kelishini kutib oʻtirardi.

Sabrim chidamay, buyogʻi boshimni silab aytgan soʻzlaridan soʻng qaytarimni oʻylab, sekin soʻradim:
-Aka, uzr,chaqirtirgan edingiz. Endi shunga ul-bul topshiriqlar boʻlsa aytsangiz. Koʻp vaqtingizni oldim. Qabulingizdagi odamlar ham kutib qolishdi. Hammasi meni yozgʻirib oʻtirgan chiqar.
-Qoʻysangizchi uka, - dedi u bepisand qoʻl siltab. – Kutsa kutar. Siz bilan diydorga nima yetsin. Yaxshigina suhbatlashib oʻtiribmiz
-Mendan boshqa ishlaringiz ham bordir. Halaqit bermay degandim. Harna, katta idora, oʻziga yarasha tutumi bor, - deyman.
-Yoʻq, uka xavotir olmang. Hammasi joyida boʻladi, - deydi.
-Ha, mayli, - deyman sabrsizlik bilan.
-Viloyatdagi ijodkorlar bilan aloqalar yaxshi dedingiz. Shu rost gapmi uka, - deya u qiziqsinadi.
-Ha, rost, tinchlikmi? Nima gap boʻlgan ekan? – deyman.
-Yoʻq, oʻzim bir tekshirib koʻray devdim. Harna ular ham qalam tebratib yurishibdi. Namunalaridan oʻquvchilarni bahramand qilsak yomon boʻlmasdi. Buyam bir koʻngil-da... - deydi.
-Hammasi joyida. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Ular bizdan ayniqsa, sizdan minnatdor. Har kelganida bu yerdagilarni, sizni alqaydi, - dedim.
-Ey, zoʻr ekan-ku! – deydi u. – Uka ularga topshiriq bersa boʻladimi yoki yoʻq?
-Boʻladi. Nega boʻlmas ekan. Nimani bajarish kerak oʻzi? – deyman shoshibroq.
-Shoshmang uka, ular ishonchlimi oʻzi? – deydi u hadiksirab.
-Ha, bahuzur, - deyman bamaylixotir.
-Uka topshiriq maxfiy edi. Ya’ni xosroq. Siz ham begona emas, lekin gap-soʻz chiqmasin deyman. Shunga ogʻzi pishiq odamga topshiriq bersak. Ming qilsayam begona – begona –da, - deydi u.
-Mayli, qoʻldan kelsa hal qilamiz. Asli nima gap oʻzi? – deyman.
-Uka, harj koʻpayib ketdi. Roʻzgʻor katta, ukalarni oʻqitish, uyli-joyli qilish... Bu yoqda uyni yangilayman deb, ishtonsiz boʻlishimga sal qoldi, - deya gap boshladi. – Shunga menda zoʻr kitob bor. Tiraji oʻn mingdan ziyod. Oʻz mehnatim, yuragim quri bilan tartib berganman. Oʻshani viloyatlardagi oʻrtoqlar orqali u yer–bu yerga oʻtkizsak. Sizniyam quruq qoʻymasdim. Mamadali Ergash deganlari «qip beraman» devdi, enagʻarni bolasi ishini bitirdi-yu, yoʻq boʻldi.

Siz Gʻulom Ali ana Gʻulom Shomurodlarga aytsangiz yoʻq demas. Keyin vodiy, vohadagi akalarni ham ishga solsangiz, ular sizga yoʻq demaydi.
-Boʻpti, bu ishni sizga tashkil qilib beramiz. Xavotir olmang, ogʻzi pishiq, koʻru kar odamlarimiz bor. Ogʻiringizni yengil qiladi, - deyman.
-Ukajon, gap shu yerda qolsin. Dushmanlarning qulogʻiga yetsa, har xil mahobatli gaplar urchiydi. Bu ishga faqtgina oʻzingiz bosh-qosh boʻlasiz. Iltimos, meni toʻgʻri tushuning. Azbaroyi haddim siqqanidan sizga yorildim, ukajon. Ehtiyot boʻling,- dedi u.
-Bahuzur aka, men tiliga pishiq odamman. Hamma ishning boshida oʻzim turaman. Tashvishlanmang, - deya uni yupataman. – Oʻsha durdonani qaerdan olaman. Ishni boshlaylik. Qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi boʻladi.
-Durdonani sizga Yormat aka beradi, - deydi u. – Hammasi uning xonasida taxlanib turibdi. Borib mening nomimdan olaverasiz.
-Uzr, men u kishining xonasidan oʻsha durdonani ololmayman, - dedim tap tortmasdan.
-Ey,ey, nega ukajon, nimaga ololmaysiz, - deya u ham ajablandi.
-Xuddi bilmagan odamday gapirasiz-a? Axir bugun azonlab u kishi amringizga binoan mendan ishdan boʻshash haqida ariza soʻradi-ku! – deyman.
-Boʻlishi mumkin emas, sizni xafa qilishibdi. Hoziroq u kishining tanobini tortib qoʻyamiz, - deya yonidagi turgan qutidek telefonning tugmasini bosdi. Narigi tomondan:
-Assalomu alaykum Xayriddin aka, yaxshi keldingizmi? Uy-ish, ijod tuzukmi? Itingizni tishi endi yaxshi boʻlib qoldimi? – degan Yormatning doimiy yalinchoq va xushomadgoʻy ovozi kelib, butun xonani tutdi.
-Tuzuk, - deb uning gapini boʻldi olampanoh. – Siz nega ijod ahliga durust yordam koʻrsatmayapsiz. Bu yerda oqsoqlik bor. Nega oʻrtoq Buzrukovdan ariza soʻradingiz. Sizga kim vakolat berdi, qani gapiring-chi?
-Kechirasiz, Xayriddin aka, aybimizni tan olamiz. Haddimdan oshibman. Tegishli choralarni koʻramiz Buzrukov masalasida nima desam ekan, ha u kuni Pokiza opanikida oʻtirganimizda bergan topshirigʻingizga muvofiq...

Rahbar shu yerda telefon goʻshagini qoʻliga oladi. Endi Yormatning ovozi xonani tutmay qoʻydi. Rahbar goʻshakni qoʻlida tutganicha yolgʻon poʻpisa qiladi:
-Yormat aka, sizga koʻchadagi gapni ishxonaga koʻtarib kelmang, deb necha marta aytaman. Yosh kadrlarni asrash kerak. Mayda-chuyda soʻzlardan yuqoriroqda yurishni oʻrganing. Hoziroq xonangizdan anovi kitoblarimni Buzrukovning xonasiga opchiqarib bering. Tushundingizmi?
-Yoshi katta boʻlsayam koʻp narsalarga aqli yetmaydi bu odamning. Siz xafa boʻlmang. U kishining gaplarini koʻnglingizga ogʻir olmang. Ijodni gullatib, koʻngilni toʻq qilib, oʻynab-kulib ishlab yuravering. Boyagi masalani keyinroq bafurja gaplashib olamiz.Bu gumrohning topshirigʻi uchun sizdan uzr soʻrayman. Meni ham ma’zur tutasiz. Ishda hammasi boʻlishi mumkin , - deya menga yuzlandi.

Biz shu tarzda xayrlashdik.

Xonamga kelsam, bir uyum kitob taxlanib turardi...

* * *

Xayriddin Nosirning yangicha-yu eskichadan ham savodi borligi rost. Zamon oʻzgarib, yurt ogʻalarining yodiga elu ulusning qadim tarixi, an’analari, arboblari va boshqa nodir xazinalari goʻyoki qorni toʻyib, hazmi uchun choy ichib oʻtirgan kishiga nash’asi xumor qilgandek hech kutilmaganda tushdi. Barcha dovdirab, jonsarak alfozda oʻzini avlo koʻrsatib, har yerga peshkash qilardi. Harna oʻzini sodiqu vafodor koʻrsatish, nedir ilinju manfaat, juda boʻlmaganida oʻzini bechora va aftodohol koʻrsatib qoʻyish.

Atrof tevarakni faqatgina ajdodlarimiz koʻrsatgan qahramonliklar, ularning jasoratlari, yozuvlari-yu asarlari, ixtiro-yu kashfiyotlari haqidagi gap-soʻzlar kimoʻzarga boshlandi. Ularni bizga olaboʻji, yot unsur deb oʻrgatganlarni soʻkishga soʻz topolmay boshi qotishgan.

Yoppasiga moziyni oʻrganishga, uni tadbiq etishga kirishildi. Xayriddin Nosir ham bu vaziyatda mohir sarbon kabi karvonini yoʻlga boshlab borardi. Joni halak. Xato qilmaslikka chiranadi. Gir atrofdan maslahat soʻraydi. Nasihat oladi. Idorani boshqarib turishning oʻzi boʻlmasdi.

Xayriddin Nosir aslida men yashagan qishloq – Tutlisoydan uch qir naridagi – Uzoqbuloqdan. U bozorimizu mozorimiz birligini inobatga olib, menga qayishadi. Aslida, uning talabi bilan bu yerda ishlab yuribman. Rahbarni qora tortsam-da, biroq undan oʻzimni opqochib turaman. Boshqalar oʻxshab uning roʻzgʻori-yu ishlariga aralashmasdim. Va bular meni qiziqtirmasdi ham.

Xayriddin Nosir meni vaqti-vaqti bilan xonasiga chorlab, yulu yurt haqida gaplashib oʻtirishni yaxshi koʻradi. Nasihatu maslahat berardiki, bu ham azbaroyi ichi achiganidan. Keyin tergab ham turardiki, buni ham aytmasam boʻlmaydi. Oʻylardimki, u meni koʻrsa, qishlogʻi, yoshligi va elatdoshlarini eslasa kerak...

Soyning suvlari va ziyoratgohlarni qoʻmsab yurgan kunlarimda xizmat safariga otlandim. Men safarga otlangan yurtga borish uchun avvaliga oʻzim yashagan qishloqning ustidan oʻtish shart edi. Negaki, yagona yoʻl boʻlib, u ham boʻlsa, mening qishlogʻim – Tutlisoy orqali oʻtardi. Ketar oldi rahbarimiz – Xayriddin Nosirga uchrashdim. Kayfiyati chogʻ ekan, ancha suhbatlashdik. «Kitoblaringizni ham biratoʻla opketib, pullab kelaman, yana boshqa topshiriqlar yoʻqmi?» deb soʻrayman. Rahbar ancha dam oʻylanib turdi. Soʻng stolning tortmasini kovlay boshladi va oxiri undan yelimlangan konvertni oldi-da, «Uzoqbuloqning maktabida Oysuluv degan muallima bor, mana buni unga berib qoʻyasiz. Faqatgina ehtiyot boʻling,» deya uzatdi.

Xayr-xushlashib, uning xonasidan tashqariga chiqdim.

Oʻylab qarasam, anchadan beri qishloqqa bormagan ekanman.

Fursat yetib, tegishli narsalarni xaltaga joylab, tongda yoʻlda otlandim. Xudo xohlasa, toʻrt soatda uyga yetib olaman. Shu bahonada qarindoshlarni koʻraman. Soʻng dovon oshib, xizmat safarimni ham ado etaman, deb oʻyladim.

Endi shaharda chiqayotganimda mashinamga keksa – taxminan yoshi yetmishlardan oshgan shlyapali kishi qoʻl koʻtardi. Toʻxtadim. U kishi halloslab yetib kelganicha, enkayib soʻradi:
-Uka, qaergacha borasiz?
-Amaki yoʻl boʻlsin sizga?
-Buxoro tomonlarga bormoqchi edim.
-Yoʻlim Qarshi tarafga edi-da!
-Unday boʻlsa meni Samarqandgacha opketing. Iltimos sazamni oʻldirmang? – deya oʻtinadi.
-Boʻpti, oʻtiring, yoʻlda gap berib ketasiz...

Chol aftodahol edi. Koʻzlari kirtaygan. Surraygan burnini kosovday qoʻllari bilan ishqab qoʻyadi. Yoʻl-yoʻlakay ob-havo, narxu navodan gaplashdik. Soʻng safarga chiqqanimni va shu bahona uyga borayotganimni, tugʻilgan yurtim bilan bogʻliq istiholalarimni ham aytdim. Toʻy-ma’rakalarda qatnasha olmayman, dedim. Ertaga bolalarim nima qiladi? Oʻzim-chi? Oʻzim? Mana shunday narsalarni ham oʻylamasa boʻlmas ekan, dedim.
-Uka, - deya gap boshladi sherigim. – Bunday savdoning eng yomoni mening boshimdan oʻtdi. Keling, uzoq yoʻl, sizga bir boshidan gapirib beray. Asli – Oqtovdanman. Otamning otini – Rajab degan. Onamning oti esa - Kunsuluv edi.Onam ilgʻorlardan edi. Qishlogʻimizda eng birinchi boʻlib, paranjisini oʻtga otgan, yoshkamol boʻlib, faol ayol u qizlarga rahnomalik qilgan edi.

Otam men hali tugʻilmasimdanoq urushga ketadi. Urushdan salkam yetti yil deganda qaytdi. Xudoga shukrki, tani-joni sogʻ edi.

Mana shu orada men tugʻilaman. Onamni u dalada oʻroq oʻrib, mashoq terib yurgan damda toʻlgʻoq tutganida, Mahkamtosh kampir doyalik qilgan ekan.

Menga – Omon degan ismni qishloq oqsoqoli qoʻyadi. Maqsad shu ediki, mening ismim timsolida yurt obod, urushning tezroq bartaraf boʻlishini va boshqa xayrli niyatlar bor boʻlib – oxiri baxayrlik toʻygʻuni koʻrmoq istashadi...

Otam urushdan qaytgan kezlari men undan begonasiraganda paytimda, onam:
-Bolam, begonasirama, otang boʻladi. Urushdan qaytdi. Senga koʻp oʻyinchoqlar opkeldi. Hali seni maktabga olib boradi. Katta odam boʻlib ketasan. Otga mindiradi. Bozordan senga har xil shirinliklarni opkeladi. Oʻzing ham otam qaerda? Qachon keladi? deya meni qiynarding-ku! Mana endi hammasi joyiga tushdi. Shukrki, otang bagʻrimizga eson-omon qaytdi. Chop, otangning oldiga bor. Begonasirama...

Otam kulib-kulib meni quchadi. U boshimni silab, oʻzining boshidan oʻtganlarini birma-bir koʻz oldidan xayolan oʻtkazdi. Taqdiridan rozi boʻladi. Daydi oʻqqa uchmasdan uyiga sogʻu salomat keldi. Otamning koʻzida yosh qalqib va yuzi aro boshimga tomchiladi. Men esa unga ajablanib qarayman. Onam ham bu holni koʻrib turib, «urush ham uning diydasini qotirmabdi,» deya oʻylaydi.

Yoshligim oxir kechgan.

Daftar, qalamni latta xaltachaga solib, qishloqning bir chekkasidagi maktabga qatnardik. Maktab ham omonatgina qurilgan edi. Yozda issiq, qishda sovuq boʻladigan bu dargohda u oʻn yil oʻqidim. Menga qoʻshilib ikki ukam ham bu yerda tahsil olardi.

Men shoʻx edim. Qizlarning jamalagini bir-birovlarinikiga bogʻlab qoʻyardim. Oʻrnidan ilkis turgan qizlar dodlashardi. Soʻngra ular meni yozgʻirishardi. Men bolalarni bir-biriga tezlab, gij-gijlab, urishtirardim. Janjal boʻlganida, oʻzim silliqgina juftakni rostlardim.

Oxiri hammasi fosh boʻldi. Ular meni tutib olib rosa doʻpposlashadi. Men esa yana hech narsa koʻrmagandek yuraverardim.

Vaqti yetib, maktabni ham tugatdim. Otam meni Samarqanddagi muallimlar tayyorlaydigan dargohdan biriga opkeladi. Hujjatlarni topshirdik. Soʻng shahar chetida - uzoq qarindoshlarimiz yashaydigan Arabxona qishlogʻidagi Mamasodiq boboning uyiga kelib qoʻnamiz. Men bu yerda turib oʻqishga tayyorlangan kishi boʻldim.

Mamasodiq boboning roʻzgʻorida ham ul-bul yumushlarga qarashib turdim. Men oʻqishga kira olmadim. Otam ham, uy egasi – Mamasodiq boboning ham dilxira boʻldi. Ertasiga ertalab, tong yorishsa, ota-bola qishloqqa qaytishimiz kerak. Biroq, borgim yoʻq. Oriyat yoʻl qoʻymaydi. Oxiri qolgan-qutgan kuchimni yigʻdimu otamga yuzlanib va dardimni aytdim:
-Ota, men endi qishloqqa bormayman. Borishdan uyalaman. Shu yerda yoki boshqa joydan ish topib, ishlab, soʻng, kelasi yili oʻqishga kirib, uyga boraman. Enamga ham tushuntirib ayting. Mendan xafa boʻlmasin. Men baribir oʻqiyman. Hali koʻp ishlarni qilamanki, koʻrib hayron boʻlasizlar. Ota, ertaga oʻzingiz qishloqqa ketavering, ozroq pul-muldan menga tashlab ketsangiz boʻldi.

Ertalab otam qishloqqa qaytib ketadi. Men biroz – hovurim bosilguncha Mamasodiq bobonikida yurdim. Keyinchalik taqdiri tavakkal deb Toshkentga ish qidirib keldim.

Bu yerga kelib, bir noʻgʻoy kampirning uyiga joylashdim. Noʻgʻoy kampirnikida mendan boshqa Xayriddin degan bir yigit ham bor edi. Sherigim bilan tanishdim. Uch-toʻrt kun oʻtib, u meni oʻzi ishlayotgan zavodga boshlab keldi. Meni zavodga ishga qabul qilishdi. Ijarachi noʻgʻoy kampir bizlarni nazorat qilardi. Maishatlarimiz yaxshi edi bu orada otam ham kelib, ahvolni bilib ketdi. Shu bilan birga oʻqishimni ham surishtirdi. Men hali shashtimdan tushmagan edim, «ota, baribir oʻqishga kiraman,» dedim.

Oladigan maoshlarimiz ham tuzukkina edi. Bu mavsumda men muallimlar tayyorlaydigan kursning sirtqi boʻlimiga xujjatlarini topshirdim. Tunu kun boshimni koʻtarmasdan kitob oʻqidim.Bu gal omadim chopdi. Imtihonlardan oʻtdim. Meni oʻqishga qabul qilishdi.

Otam xursand boʻlganidan noʻgʻoy kampirnikiga qoʻy soʻyib keldi. Doʻstu birodarlarimga ziyofat berdi. Otam bolasining baxtidan xursand edi.

Men oʻqishda yangi odamlar bilan tanishdim. Turli toifa inson... Hammasi xursandchiligiga sherik izlaydi. Barchasi ham olis manzillarni moʻljalga olishgan.

Ana shunday kunlarning birida noʻgʻoy kampir meni yoniga chorlab, iymanibgina turgan bir qiz bilan tanishtirdi:
-Bu qizning ismi – Farida boʻladi. Akamning qizi. Boʻlajak doʻxtir. Hozircha ota-onasi olis va uzoq komandirovkaga ketyapti. Shuning uchun bu qiz–Farida biznikida turadi. Bir-birovlaringga yordam etasizlar.

Shundan soʻng noʻgʻoy kampir Faridaga meni ham kasbi-korimni, oʻqish-turishini aytib tanishtirdi.

Ne qilayki, men Faridaga shaydo boʻldim. Ishdan erta qaytaman. Noʻgʻoy kampirning yumushlariga yollashaman. Shu orada Faridaga ham yordamimni ayamayman... Unga har turli latifalaru rivoyat-hikoyatlarni aytaman. She’ru dostonlarni ham soʻzlardimki, oxiri koʻrinmasdi.

Men qizni avradim.Va koʻnglini ham oldim. Buni esa noʻgʻoy kampir ham payqadi.
-Hov, bola, - dedi noʻgʻoy kampir menga. - Bu ishni chidaganga chiqargan, yarim yoʻlda qochadigan boʻlsang, holingga maymunlar yigʻlaydi. Qadamingni bilib bos, koʻzingga qara, boshingga yomon savdolar tushmasin.
-Men mardman, xola, - dedim, - koʻnglim amri nimani buyursa shuni qilaman. Birovga ziyonim tegmaydi. Faridaning muhabbati men uchun sharaf. Men bundan baxtiyorman.
-Ey, bola, sen bunaqangi havoyi gaplaringni qoʻy. Senga ishonish qiyin, negaki, koʻzlaring oʻynaydi. Sen bola quvga oʻxshaysan. Hali boshingda koʻp tashvishlar bor koʻrinadi. Odam qadrini bilmaydiganga oʻxshaysan. Hozir ham kech emas. Hayotingni toʻgʻri yoʻlga boshlab yuborishing mumkin. Aks holda, senga qiyin boʻladi, - dedi noʻgʻoy kampir.
-Siz notoʻgʻri fikrlayapsiz, - deyman, - mening taqdirim hali hech kimga ma’lum emas. Siz esa bemalol fol ochyapsiz.
-Eh-he-e, bolam, - dedi noʻgʻoy kampir. – Men fol ochmayapman. Bor-yoʻgʻi taxmin qilyapman, xolos. Buvim sinchi boʻlgan. Nima boʻlgandayam sen mendan xafa boʻlmagin.

Suhbatimiz shu bilan tugaydi.

Farida bilan toʻyimiz dabdaba-yu as’asalardan holi tarzda oʻtdi. Ota-onalarimiz boʻlayotgan toʻyimizdan norozi edi.Toʻyda kuyov tomon qarindoshlardan vakil yagona – Xayriddin edi.Tantana tugagandan soʻng kelin-kuyov noʻgʻoy kampirning doʻltaxonasiga joylashdik. Biroz vaqt oʻtib, Faridaning otasi shaharning oʻrtasidan ikki xonali uyni bizga sovgʻa qildi. Endi men butunlay boshqa olamga kirgandim.

Qaynotam oʻqishni tugatayotganimni bilib, mashina sovgʻa qildi. Va shu bilan birga meni oʻzim bitirayotgan dargohga oʻqituvchi qilib ishga joylashtirdi.

Tan olaman, yurish-turishim osongina oʻzgardi. Endi men ham har qanday davralarga moslasha oladigan odamga sekinlik bilan aylanayotgan edim. Men erishayotgan yutuqlarim uchun qaynotamdan minnatdor edim. Negaki, uyda ham, koʻchada va oʻquv dargohida ham obroʻim baland boʻldi. Faqat otamgina oʻgʻlining obroʻsiga bepisand edi. Onam sandiqdagi seplarini yoyib yigʻlardi...

Musofir yurtda birgina Xayriddin mudom mendan xabar olardi. Uning ustidan istehzo bilan kulmoqchi ham boʻlardimki, lekin afsuski, bunday qila olmasdi. Negaki, u meni oʻtmish bilan bogʻlaydigan yagona koʻprik edi.

Taqdir ekan, qarang, men ishxonamizdagi boshi ochiq bir ayolni yoqtirib qoldim. Avvaliga koʻnglini oldim. Keyin qoʻl solib koʻrdim. Hammasi joyida. Ayolning ham menga mayli bor ekan. Mashinamda shahar aylantirdim. U bilan oshiq-ma’shuqligim davom etardi. Turli xil ziyofatlar, antiqa sovgʻa-salomlar uyushtirildi. Oxiri voqealar rivoji shu boʻldiki, mening sarguzashtlarimni kimdir Faridaga yetkizadi. Orada katta janjal qoʻpdi...

Boshi ochiq ayol doʻxtirdan noma keltiradiki, unda berilgan noma egasi ikkiqat, unga parvarish va mehr zarur. Mushtiparni avaylamoq shart, deb yozilgan ekan.

Ayol bu xatni qoʻlida tutib, avvaliga ishxonadagi rahbarlariga aytadi, soʻng uyga kelib, bor gapni Faridaga aytadi-yu ketadi. Qolgan tomoshoga oʻzi aralashmaydi.

Xotinim mashinaning kalitini opqoʻyib, meni koʻchaga chiqarib yuboradi. Keyin ishdan boʻshattiradi.

Men yana oʻsha eski – noʻgʻoy kampirning uyiga qaytib keldim. Kampir kiritmadi. Rosa yalinib yolvorganimdan keyin izn berdi. Bu yerda ijarada yashab yurdim. Xayriddinni soʻrishtirdim.Bu orada u ham oila boʻlibdi. Oʻqishni tugatib, qaerdadir ishlayapti ekan. Oʻzim ham bosib soʻramadim.

Kunlardan birida xotinim bolalarim bilan kelib, meni uyiga opketadi. Kechga tomon qaynotam ham yetib keladi. Men esa oʻzimni qaynotamning oyoqlariga ostiga tashlayman.
-Men aybdor emasman, - deyman. – Bu tushunmovchilik. Men yolgʻiz Faridani sevganman. U ayol – jodugar. Oilamga rahna solmoqchi boʻlgan. U manjalaqi meni sharmanda qilmoqchi. Negaki, menda boylik, obroʻ, e’tibor, izzat-hurmat va qolaversa, sizdek suyangan togʻ bor. Shunga hasadi keladi.

Qaynotam mening gaplarimni boʻlmasdan eshitib oʻtirdi. Boshini chayqadi. Uning bolasiga achingani-yu afsuslanayotganini sezib turardim. Unga rahmim keldi.
-Sen bolada koʻp gap borga oʻxshaydi, - dedi qaynotam. – Avvalasiga ajal xudodan. Lekin sen oʻz ajaling bilan oʻlmaydigan koʻrinasan. Ikki yolgʻon, bir qasam deyishadi. Qasamdan qoʻrqqin bola. Sen yaxshilikni bilmaydigan, oqu qorani farqlamaydigan, nonu namakni unutgan odam ekansan. Mayli, qizimning taqdiri sen bilan qoʻshilgan ekan, peshonamdan koʻraman. Lekin sen ablah va iflos ekansan.

U shu gaplarni aytdi-da, oʻrnidan turdi.

Falokat ustma-ust kelarkan. Ishlarim orqaga ketdi. Yaratganga ham qilgan ishlarim yoqmadi chogʻi va bu yogʻi qaynatamning qahri qattiq kelib, ishdan ketdim. Soʻppayib, uyda oʻtiradigan boʻldim. Ilgarigi davru davronim oʻtdimi deyman, birov hattoki, nima qilyapsan deya eshigimni qoqmaydi. Oʻzimni qoʻyarga joy topolmayman. Dunyolarga sigʻmay ketaman.

Uyda yuramanu dekin bu yerdagilar meni hisobdan chiqarishgan. Men bilan birovning ishi yoʻq. Boru yoʻqligim bilan birov qiziqmaydi. Oʻzimga oʻzim andarmon boʻlib yuraman. Bunga ham sababchi oʻzim, deb oʻylayman. Idish tovoqlarimni ham alohida qilib berishgan. Alohida xonada yotib turaman. Ular bir kosa ovqatimni oʻlganining kunidan qoʻyib ketishadi. Choyni oʻzim damlab ichaman. Dasturxonlarni oʻzim solaman, oʻzim yigʻaman. Kirlarni ham oʻzim yuvaman. Bir azobda kun kechira boshladim. Biroq, uydan bir gap tashqariga chiqmaslik uchun qozonning qopqogʻini mahkam tutib turardik...

Men endi sekinlik bilan xuddi hayotni oʻrganishni boshlagan boladek, sekin uydan chiqib, tashqaridagi dunyo – boshqa olamga ham qiziqa boshladim. Va bu olamga astagina kira boshladim ham. Tashqari deganim – bu koʻcha – choyxonada oʻtiradiganlarning yoniga borib kelib, shu yerga sekin boʻlsa-da tanda qoʻya boshladim. Bu yerdagilarning ham oʻz dunyosi bor edi. Ajabki, bu yerda ham olam muhokoma qilinardi. Taxminu tusmollardan tashqari, xukmi xulosalar ham yasalardiki, eshitib hayron qolardingiz. Ular ham hayotni oʻzlaricha kuzatardi. Meniyam bu davra quchoq ochib kutib olmadi. Negaki, ular mendan choʻchishgandi. Hadiksirab soʻz boshlardi. Davrada oʻtirsam, ular birdaniga jim boʻlib qolib, gapning oʻzani boshqa tomonlarga burilib ketayotganligini sezib turardim. Shashti birdaniga tushgan davra, birdaniga joʻn suhbatga oʻtardi.Ular meni xushlamayotganini sezib qolaman. Oʻylashimcha, ular meni mening kimligimni orqavarotdan eshitgan va taqdirimdan xabardor edi. Davradan menga odatiy savollarni tashlab koʻrardi:
-Domla, hozirgi yoshlar ham avvalgilarga oʻxshamaydi!..
-Bu gap eramizdan oldin ham boʻlgan ekan, Manbalarda buyam qayd etilgan, - deyman pinigimni buzmay.
-Ilgarilari muallim koyisa, ota-onalar ham ma’qullardi, hozir esa iddao qiladi, - deydi yana biri. – Bolasiga qoʻshilib kelib, sizni izza qiladi.
-Besh qoʻl barobar emas. Hammasi ham siz aytgandek, betgachopar emas. Orasida yaxshilariyam koʻp, - deyman.
-Nima boʻlgandayam, sizdek domlalarga qiyin boʻldi. Avvallari pichoq moy ustida edi. Endi zamon ham odamlar ham oʻzgardi. Bir gap kamlik, ikkitasi esa koʻplik qiladi, - deya yana boshqasi pisanda qiladi.
-Ellik yilda el, yuz yilda qora qozon oʻzgarar ekan.Bunga hayron boʻlmaslik kerak. Zamon shiddat bilan olgʻa ketayotgan bir paytda eski tutumlar bilan yashash har qanday ilgʻor fikrli kishini toliqtirib qoʻyadi.Buninguchun sira qaygʻurib oʻtirish kerak emas, - deyman.

Shundan keyin davra bir pas jim turadi. Orada suhbat barchaning boshida aylanib, tahlil qilinayotganini anglayman. Biroq, oldinda yana savollar boshlanishi tayinligini ham unutib boʻlmasdi. Mana aytganim boʻldi. Yana biri boshini koʻtarib savol tashlaydi:
-Zamonga qarab ish koʻrish kerak, deysizda- a domla?
-Zamon ham makon ham joyida turibdi. Faqatgina gʻoyalar oʻzgargan. Ularni roʻyobga chiqarish uchun fursat kerak. Biz mana shu yerda sabrsizlik qilamiz. Aslida, mavridi bilan hammasi oʻz-oʻzidan joyiga tushib ketadi. Bu yumushlarning bizga bogʻliq joyi faqatgina mana shu yerda. U yuqridan boshqarilishini bilib olsak, koʻnglimiz joyisha tushardi, - deyman.
-Yashang, domla, toʻgʻri aytasiz, zamon emas, oʻzimiz oʻzgarib boryapmiz, - deya biri gap boshlagan damda, yana boshqasi:
-Toʻgʻri-ku-ya lekin deganlari ham turnalarday uchib ketdi,- deya shartta soʻzni boʻladi.- Ana Shukurning otasi uni bola-chaqasi bilan koʻchaga chiqarib yuboribdi. Narigi koʻchadagi Norqul qassob onasini qariyalar uyiga oborib tashlabdi. Ilgarilari bunday ishlardan hayiqishardi. Uyatu andisha bor edi.

Davraga razm solsam, ular meni qizitishi bilan birga oʻzlari ham otashga aylanib borardi. Ammo hammasi ham mening ogʻzimga qaragan. Birgina men ularning e’tiborini tortib oʻtirardim. Bu holat menga davraga kurash uchun tushgan polvonni eslatardi. Polvon raqibining qay holatda, qay paytda qaysi usuldan foydalanishini oʻylaganidek, mudom sergak turadi. Mening ahvolim ham shunday edi. Davradagilar yoshi-yu kasbiga qarab turli tuman savollar tashlaydi. Uning zaminidagi mazmun mohiyat oʻzimga ham ayon boʻlardi.
-Sarmoya hayotni belgimasligi kerak, - deydi yuzi ham, kiyinishi ham sipo bir kishi. Bu odam bir paytlar doʻkondor boʻlganligini keyinchalik bilib olaman.
-Hayotni birinchi navbatda muhabbat va keyingi galda esa pul belgilashi bor gap, - deyman unga qarab turib.
-Inson pulu mablagʻlardan yuqori turishi kerak. U oldingizga oʻtdimi, tamom, xudo urdi, deyavering. Koʻz oldingiz qorongʻulashib, ne qilaringizni bilmaysiz. Boylikni hamma ham koʻtara olmaydi, - deyman.
-Dunyoda hamma boyu badavlat boʻlsa, unda kambagʻallar kimga kerak boʻladi. Axir u ham olamda rizqini terib yurishi uchun yaratilgan-ku! Uyam men nochoru nodon boʻlib yashayman, deya dunyoga kelmagan-ku! Besh qoʻl barobar emas, qoʻyinglar, shu gaplarni kun boʻyi faqat shularni soʻzlashamiz. Birovga foydamiz tegmaydi-yu, lekin yoʻl-yoʻriq koʻrsatamiz. Boshimizga kelsa, koʻraveramiz-da, - deya keksarogʻi gap tashlaydi.

Davra menga va men ham oʻz-oʻzidan davrada oʻtirgan bu odamlarga qoʻshilib borardik.

Ermak uchun bu yerda turli oʻyinlar tashkil etilardi. Shaxmatu shashkadan tortib qimorgacha bu goʻshada tong otgunicha oʻynalar ekan. Bu orada esa burchakdagi oʻchoqda qozonga ham yegulik tashlab qoʻyishardi. Dasturxon ham atrofdagilarning himmatiga qarab tuslanib turar ekan.

Suhbatimiz birdaniga soʻndi. Negaki, kech kirib, hamma uyiga shoshila boshladi…

Sekin asta men men ham uydan otilib chiqardimu mana shu joyga shoshilar edim. Bu yer meni oʻziga ohangrabodek jalb eta boshlagan edi. Inson barcha sharoitga kshnika borishi va shu tariqa oʻzida yashovchanlik qobiliyatini namoyish etayotganini oʻzi ham ilgʻamasa kerak, deb oʻylab qoldim. Bunga men oʻzim misolimda amin boʻla boshlagan edim. Ammo nima boʻlganda ham, bu choyxonadagilar mana shu olamda oʻzlarining borligini koʻrsatib qoʻyishlari va turli qarashlarini hamda shu bilan birga gʻaroyib fikrlarni oʻrtaga tashlab kishini shoshirib qoʻyardi.

Biroq, mening ham bu davraga singib ketolmayotganim goh-gohida ayon boʻlib qolardi. Qozondagi oʻpkadek suvda qalqib turardim.Ovunchoq topganimdan, koʻnglim chigilini shular bilan biroz boʻlsa-da, yozilayotganidan ojiz qalbim bilan sezib turardim. Ammo yuragim baribir toʻlagicha ochilmasdi. Bu menga ham qorongʻu edi.

Choyxona yilning barcha fasllarida ham olomonga toʻla boʻlardi. Keluvchilar koʻrgan kechirganlarini shu yerga kelib, oʻrtaga tashlardi-da, biri olib, biri qoʻyib muhokoma qilishardi.Bu yerda men avvaliga aroq ichishni, ichganda xam oʻzimni bilmaydigan darajada yetdim. Va shu orqali tanimda bir huzur ham tuyadigan boʻldim. Boshimda tunu kun tinchlik bermaydigan, meni bandi qilgan har neki oʻy-yu xayollar birdaniga birdaniga gʻoyib boʻlib qolardi. Shunda men oʻzimni juda erkin sezardim. Dunyo koʻzimga yana ilgarigidek totli koʻrina boshlardi. Menga chalgʻiganim va biroz boʻlsa-da tashvishlarni unutganim hisob edi. Mastligimda butun olam oyogʻim tagida yotgandek boʻlardi. Bu ham mayli, men bu yerda bora-bora qimor ham uynay boshladim.

Kech kuz edi. Shamol aralash yomgʻir ertalabga qadar betinim yogʻdi. Azonlab oʻrnimdan tursam, xotinim oʻygʻonishimni kutib oʻtirgan ekan. Yuz-qoʻlimni yuvib kelib, dasturxon yoniga oʻtirdim.
-Tomdan chakka oʻtyapti, togʻora-paqirlar toʻlib boʻldi. Tepaga chiqib tuzatib tushing, - degan amr boʻldi.

Ogʻziga talqon solgan odamday jim oʻtirardim. Soʻng, narvonni topdimu devorga taqab, tomga oʻrmalay boshladim. Kechagi ichgan aroqlarim boshimni aylantirar edi. Nimagadir shu ishni qilgim kelmasdi, oyogʻim tortmayotgandi. Tomga chiqish men uchun juda azob edi. Yoshligimda yerga yursa osmonga sapchiydigan, shiddatkor bola edim. Tovonimdan ham, koʻzlarimdan ham oʻt chaqnab turardi.

Bir amallab tomga chiqdim. Havo aynigan, shamol turib, yana yomgʻir yogʻadigan ahvol yuzaga kelmoqda edi. Bulutlar yanada kuyuqlashgan. Moʻljal qilib, teshilgan tunuka tomon boraman. Shu zaylda ketayotganimda, bir payt ne falokat yuz berib, oyogʻim sirpanib ketdi. Oʻzimni bajara olmay qoldim. Tasavvvur qiling, mana shu gavdam bilan tomdan yerga quladim. Xudo deganim bor ekan, faqatgina bir qoʻlim bilan bir oyogʻim sindi. Qariganda bitishi qiyin kecharkan. Ancha azob tortdim. Hattoki, xojatga ham birovning yordamisiz borolmas edim. Boshida xotinim bilan bolalarim oʻlganining kunidan qarab turishdi. Men ularning joniga tegayotganimni sezardim. Bir kuni hech kim oldimga kirmadi. Jim yotaverdim. Ikkinchi va uchinchi kunni ham shu holda oʻtkazdim. Uchinchi kun juda tashvish tortdim. U yoqdan bu yoqqa agʻdarilib olishim mushkul edi. Yordamga muhtoj edim. Toʻrtinchi kuni ertalab, qaynsinglim keldi. Men yotgan xonaning eshigini ochdi-yu burnini jiyirdi.
-Faridalar Qrimga ketishdi. Akvariumdagi baliqlarga yemak berish uchun keluvdim. Uyam tugab qolibdi, oxirgisini berdim. Magazindan ularga ovqat opkelaman. Siz uydagilaringdan birovini chaqiring. Qarab tursin yoki boʻlmasa sizni oʻsha yerga opketib qarashsin, - dedi.
-Yaxshimisiz, Naima, axir ular yozda ketardi-ku! – deyman xoʻrligim kelib.
-Ixtiyor oʻzida, qachon xohlasa, oʻsha paytda ketaveradi. Ayni oʻynab kuladigan vakti kelgan, - deydi bepisandgina.
-Toʻgʻri aytasiz, ixtiyor oʻzida, meniki esa birovning qoʻlida,-deyman kesatgandek boʻlib.

Biroq Naima parvo ham qilmaydi. Aslida, bu gaplar unga zarracha boʻlsa-da, ta’sir kilmayotganligi anglab turardim. Ayni kalomlar Naimaning tabiati-yu ruhiyatiga xam mutloqo zid edi.
-Domla pochcha, siz bularni boshida oʻylashingiz kerak edi. Opamni oyoqosti qilgan paytingizda bu koʻrgulik borligini umuman oʻylamagansiz, mana oldinda sizni kutib turgan taqdir bu ekan, - deydi shartta.

Soʻz shu yerda tugaydi. Uning ham va boz ustiga mening xam gaplashishga hushimiz qolmagan edi. Naima eshikni yopdi-yu tashqariga chiqib ketdi. Xonada yana oʻzim eski dardlarim bilan qoldim. Osmon yiroq, yer qattiq, deganlarini shu yerda bildim. Sim karovatda oyoq-qoʻli bogʻlangan holda yotganimcha dunyoga, taqdirimga lan’at aytardim. Birov kelib mendan xabar olmasdi. Eng ogʻir koʻrgulik mana shu edi menga. Tanimda simillab turgan ogʻriq menga ta’sir oʻtkaza olmasdi. Men bunaka azobga koʻnikib boщladim. Va bundan toʻligʻicha kutilmoq istardim. Gapning rosti, jonimga qasd qilmoqchi ham boʻldim. Biroq, noiloj edim.Qoʻlimdan hech narsa kelmasdi.

Mening koʻzim endi ochildi. Odam har narsasiz yashashi mumkin ekanu lekin orsiz yashay olmaskan. Yaxshiyamki, olamda nomusu or yaralgan ekan. Koʻp narsalarni qoʻldan chiqarib boshlagan ekanman, deya uylay boshladim. Shu damda otam bechoraning menga qilgan olamjahon nasihatlarini beixtiyor eslayman.

»Bolam, enang bilan meniyam, manovi qarindosh –urugʻ, ogʻaynilarniyam oʻylama, mayli. Lekin elni, tuproqni oʻylagin. Yaxshidan yaxshisi koʻp. Koʻcha toʻla ayol. Iliq gapirganning ortidan iliqib ketaversang oxiri nima boʻladi? Urugʻni bulgʻading, bola. Lekin bir narsani bilib qoʻygin bolakay, hali koʻp narsani koʻrasan. Uvol yomon narsa. Mayli boraver, oldingdan oq kun tugʻsin!»

Bugungi kunda kelin oʻsha otaning oʻgʻlini tashlab, sayru sayohatga ketgan. Er esa uyda oyoq-qoʻlsiz yotardi. Gunoxkoru jabrdiydani istab, uni yozgʻirishga fursat yoʻq. Hamma bir-biridan oʻtgan. Hamma haq.

Koʻhna tarixni eslagim kelmaydi. Bundan xotiram ogʻriydi. Umrning esa koʻpi oʻtib xam boʻldi. Noumid boʻlaman. Xoʻrligim keldi. Baliqchalik mehrga, izzatu e’tiborga ham noloyiq ekanligimdan nafratlandim. Izzatim bitganini sezdim. Koʻrpaga boshimni burkadimu yigʻladim. Koʻp va oʻksib yigʻladim. Anchadan beri yigʻlamagan edim. Hayhotdek hovlida, qorongʻu torkunjakli xonada, sim karavontning ustida oyogʻu qoʻli singan odamning yigʻlagani juda jonli chiqargan. Ovozimni chiqarib, baralla baqirib, hoʻngrab yigʻlayman. Xumorimdan chiqqunicha yigʻladim. Tanimdan ogʻriqlar ketdi. Xayolimdagi mushkulotlar ham tugab bitdi.Bunaqa huzurni va bunaqa halovatni yaqin orada toʻymagan edim. Tanim yayradi. Gunohlarimni bir bir eslaganimda yigʻi yanada kuchayadi. Ogʻriq esa oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketdi. Biroq oʻrnimdan siljiy olmasdim.

Bir mahal, darvoza taqillab, ovoz keldi:
-Domla, uydamisiz?
-Omon aka, ovoz bering!
-Odamni sogʻintirib yubordingiz-ku!

Bu ovozlar choyxonadagi odamlarniki edi. Men ham jonholatda uydan turib ovoz chiqardim. Ular tortinib, hijolat boʻlganicha uyga kirib kela boshlashdi. «Bahuzur kelaveringlar, men kutib ololmayman,» dedim. Ular men yotgan xonaga bostirib kelishdi-yu hangu mang boʻlib qolishdi. Boya yigʻlaganlarimdan koʻzlarim ham sal-pal shishgan ekan, chogʻi, ular ham qarab –qarab qoʻyishdi. Vaziyatni tushuntirdim. Oradan hijolatpazlik koʻtarildi. Ulardan biri yostigʻimni toʻgʻriladi. Yana biri oshxonaga kirib ovqatga unnadi. Biri choy keltirib, menga ham choy uzatadi. Ichdim. Dasturxonga hash pash degunicha ovqat keltirishdi. Suyuqroq joyidan menga ham suzib berishdi. Uni ham ichdim. Ozroq gurunglashgan boʻldik. Bir mahal ulardan yoshi kattarogʻi gap boshladi:
-Domla xafa boʻlmaysiz. Sizga navbatma navbat yigitlar qarab turishadi. Issiq-sovugʻingizdan xabar olamiz.Oʻzingizni urintirmang.Hozircha Jabbor sen qolasan, domlani koʻpam bezovta qilmaylik, qani ketdik, - deya doʻkondor Salim gapini tugatib yoʻlga tushdi.
-Oʻtiringlar, gurunglashamiz, tong uzoq boʻlsa? – dedim.
-Yoʻq, – deyishdi ular keskin.

Jabbor ikkimiz hangomalashib oʻtirdik. Soʻng unga ham javob berdim. Biroq u joyidan jilmadi. Unamadi. Yoʻq, Salim aka bilsayam, eshitsayam xafa boʻladi, dedi. Bu gapdan ikkimiz ham kulishdik. Gapidan Jabborning oʻzi ham iljayib qoʻyadi.

Jabbor bilan suhbatlasha turib, oʻsha oqshom ming bir istihola bilan uyga telefon qildim. Ukamni chaqirdim.

Tong otariga ukam ham yetib keldi. Uyga kirishda uni Jabbor tabassum va tavoze’ bilan kutib oldi. Ukam meni koʻrib avzoyi oʻzgardi. «Hammasi bir boshidan aytib beraman,» deya imo qildim. Dasturxon tuzalgan. Nozu-ne’matlar muhayyo. Choy keltirildi. Bir piyoladan choy ichdik. Soʻng Jabbor ukamga yuzlanib:
-Aka, domla sal-pal suringanlar, unchalik xavotir olmanglar. Hammasi joyiga tushib ketadi, – deydi.
-Nima boʻldi, aka, tinchlikmi, parashyuti ochilmay qolgan uchuvchiday yotibsiz, - deya soʻroqlaydi.
-Tomga chiquvdim, tunuka eskirganmi yoki boshqami, xullas, oyogʻim toyib yiqildim. Bu yogʻi taqdir ekan, deb osmonga koʻz tikib yotibman, - dedim.
-Tomga sizdan boshqa chiqadiganlar yoʻqmidi? – soʻraydi ukam.
-Falokatda, haliyam xudo bir asrabdi, domlani, - deya Jabbor ukamga yuzlanadi.
-Toʻgʻri, belim sinib, koʻtaram boʻlib qolsam nima boʻlardi, - deyman.
-Domla, yangam bilan bola-chaqalar uchun sizni yaratgan qaytarib berdi. Endi uning huzurini koʻring. Mana ukangiz keldi, sizlar bemalol gaplashib olinglar, keyinroq kelaman, xizmatlar boʻlsa ayting?– deya Jabbor izn soʻragadek boʻladi.
-Mayli, boraqoling, uka. Xizmatingizga rozi boʻling, rahmat, - deyman.
-Mayli, borib kelsin. Oq yoʻl. Lekin yana qaytib keling,- deydi ukam unga astoydil.
-Ana, bu boshqa gap, men albatta kelaman, aka, - deydi Jabbor kulib turib.

Ukam Jabborni kuzatgani eshikka chiqadi. Bir muddatdan keyin ukam qaytib keladi.Uning tusi oʻzgargan.Unga bor gapni aytdim. U meni uyga opketishga tushdi. Men koʻnmadim. Ukam tashqari chiqib ketib, bir paytda yeguliklarni koʻtarib kirib keldi. Biroz vaqt oʻtib, uyga oq xalatini kiygan doʻxtir ham bosh suqdi.

Doʻxtir meni obdan tekshirdi. Soʻng, keksaligingizga qaramay, bitishi yaxshi, dedi. Faqatgina qimirlamay yoting, tuzalib ketasiz. Toychoqday chopib yurishingiz yaqin qopdi. Undan keyin tomga qarab sakramang, deya tayinladi.

Kechga tomon choyxonadigilardan yana toʻrttasi keldi. Ularga yana oʻsha doʻkondor boshchi edi. Ukam bilan tanishdilar. Gurung boshlandi. Qozon osilib, oʻrtaga dasturxon yozildi. Qozon osildi. Oraga aroq tushdi. Menga ham uzatishdi. Biroq, rad etib, aroqni ichmadim. Ular ham meni qistab oʻtirishmadi. Suhbat qiziy boshladi. Ora-sira mening dardimga ham sherik boʻlib, hali koʻrmagandek boʻlib ketasiz, deb qoʻyishadi.

Tun kirib, vaqt allamahal boʻlganida ulardan biri choʻntagidan kartani chiqarib oʻrtaga tashladi. Avvaliga bir qoʻl ikki qoʻl shunchaki oʻynashdi. Keyin oʻrtaga pul tikildi. Menga tagpuli berib turishga bir ovozdan kelishib olishdi. Ukam ham ularga qiziqib, usta qimorbozlardek,kartalarni chapdastlik bilan olib, qoʻlida ushlab turardi. Ularning hammasi burgutdek bir-biriga sinchkovlik bilan qarab turishardi. Kimning qoʻlida nima borligini bilgisi kelardi. Biroq, birortasi ham sir boy bermasdi. Doʻkondor davradagilarni yuta boshladi.

Tongotarga yaqin oʻygʻonsam, davra hali ham qimor oʻynar edi. Endi pul tugab, oʻrtaga narsalar oʻrtaga qoʻyila boshlagandi.Kim soatini,biri pichogʻini va yana boshqasi telpagini qoʻyayotgandi. Ularni olamni unutib, butun vujudi bilan qimorga berilib ketgandi. Hammasi yutuqqa umidvor. Biroq doʻkondor hammasini shir yalongʻoch qilgunicha yutib boʻlgandi. Tong oqargan mahali u davradagilarga qarab, «buguncha oʻyin tugadi, endi ishga boramiz. Kechga agar Omon aka rozi boʻlsalar shu yerga kelib, yana davom ettiramiz. Buning uchun bir ziyofat mendan,» dedi.

Barchasi jimgina quloq solib oʻtirardi. Birov oraga gap qoʻshmadi. Hammasi karaxt edi. Men ularni oʻtirishga unnadim. Ukam joyidan irgʻib turib, choy damladi. Mehmonlar dasturxondan biroz totingandek boʻldilar-da, yuzlariga fotiha tortib yana oʻrnilaridan turib ketishdi.

Men ikki oy toʻshakda yotdim. Ukam jonimga aro kirdi. Bu vaqt orasida xotinimu bola-chaqalarim ham sayohatdan kelishdi. Ishonasizmi, xonamga bosh suqib, ahvoling qalay, deyishga tili bormadi. Umr poyoniga yetay deb turgan paytda ilojsiz qolish, qoʻlingdan hech narsa kelmay, birovga mut’e boʻlib yashashning azobini mendan soʻrasa, hammasini bir boshdan aytib beradigan darajaga yetdim. Ular menga endi mutloqo qaramay qoʻygandi. Goʻyoki, men ular uchun yoʻq odamdek edim. Hattoki, oʻz pushtikamarimdan boʻlgan bolalarim ham holing ne, deb soʻramasa dunyoning tugab bitgani shu ekan, deyishim kamlik qilarkan. Biroq, aybni ulardan izlashdan oldin, oʻzimga ham razm solaman. Oʻzim ham soʻfi emasligimni, aybim borligini beixtiyor tan olaman. Biroq, qilgan gunohlarimni kechirsa ham boʻlardi-ku! deb oʻylab qolaman.

Ammo oʻzingni oʻzing kechirganing bilan boshqalar seni kechirmasa, dardingin yana kimlarga aytasan. Aslida, seni dardingning kimga keragi bor.

Men yarimjon boʻlib qoldim. Baribir ham uydan tashqariga chiqolmasdim. Holim yoʻq edi.Choyxonadagilar mendan xabar olib turishadi. Goh-gohida ukam kelib, xoli-jonimga qoʻymay uyga opteman deydi. Men bormayman, deb xarxasha qilaman. Shukrki, qolgan jonim omonot ekan, deya oʻzimni avaylayman.

Bir kuni Salim doʻkondor qoʻni-qoʻnji toʻlib keldi. Yonida sheriklari bor. Mendan xabar olgani kelishgan ekan. Koʻrib, gapning rosti xursand boʻldim. Yuragim toʻliqdi. Masalliqlarni sheriklari qozonga bosishdi. Doʻkondor suhbati soz odam ekan, koʻrgan bilganlaridan gapirib, davrani kuldirib, ogʻziga qaratib oʻtirardi. Ovqat tayyor boʻlgach, dasturxonga suzildi. Yigitlar ham atrofdan kelishdi. Yana aroq suzila boshladi. Menga ham tutishdi. Bir qultum ichaman, deb bir ikki qadahni boʻshatdim.

Ancha vaqtgacha gurunglashib oʻtirdik. Keyin odatdagidek, qimor boshlandi. Har doimgidek, menga tagpuli berishadi. Jimgina ularni kuzatib turaman. Nima boʻldi-yu, oʻzim ham qimorga berilib, shynay boshladim. Boshida bir ikki qoʻl yutdim. Keyin esa omadim keta boshladi. Oʻyindan bemavrid chiqib boʻlmasdi. Buniyam chidaganga chiqargan. Oʻyinda oxirigacha qoldim. Anchagina narsa yutqazdim. Bu safar Jabborga omad kelgandi. Buni uning yurish-turishi tugul gapu soʻzlaridan ham bilib olsa boʻlardi. Doʻkondor esa koʻpni koʻrgan odam emasmi, jimgina kuzatib turardi. Tong otar otmas ular uyiga tarqab ketishdi. Bu safar men ularni uydan turib kuzatdim. Oʻzlari ham tiashqariga chiqishimni istashmadi. Oʻrnimga yotdimu tong qotib uxladim.

Birov meni turgandek boʻladi. Gʻira shira uyqu aralash burilib qarayman, tepamda xotinim bilan qizim turardi. Xotinimning qoʻlida oʻqlov bor edi. Endi bilsam, u meni oʻqlovi bilan turgan ekan.
-Sheriklaringiz qani?-deya soʻroqlaydi u.
-Ketishgan, -deyman.
— Ularni hoziroq chaqiring, -deydi qat’iy.
-Nimaga ? Tinchlikmi ? Ularda nima gapingiz bor edi? – deyman.
-Masala jiddiy. Kelinning sepiga atab olingan tillolar yoʻq. Onam bergan tillo baldoq ham qoʻqolgan! – deydi xotin.
-Qaerda turgan edi oʻzi oʻsha matohlar. Sheriklarimning bunga nima aloqasi bor?–deya ajablanaman.
-Matoh, demang! Mehnatingiz singmaganda-a, qimorga boy bergansiz, - deya xotinim uyni boshiga koʻtarib uvvos soladi. -Tezroq chaqiring, boʻlmasa, milisaga beraman, keyin kech boʻladi. Undan koʻra jimgina, yaxshilikcha joyiga qoʻysin.Boʻlmasa,tugʻilganiga pushaymon boʻladi.

Shu zahoti chayon chaqqandek oʻrnimdan yarimjon boʻlishimga qaramasdan irgʻib turib ketaman. Boshim qotgan. Va ustiga nima qilishimni ham bilmasdim.Xonaning oʻrtasida soʻrrayib qotib qoldim. Karaxt boʻlib qolgan edim. Atrofimda xotinim gapirib turardi. Quloqlarim uni eshitmasdi. Bir amallab, yuz-qoʻllarimni yuvib kelib, joyimga oʻtirdim. U haliyam shashtidan tushmagan. Oʻgʻrini topish payiga tushgan. Meni qistaydi. Holi-jonimga qoʻymadi.

Oxiri, Salim doʻkondorga voqeani aytib, ularni chaqirdim. Hammasi zudlik bilan yetib kelishdi. Orada tushuniksiz vaziyat. Xotinim beliga qoʻlini tirab, qoʻlidagi oʻqlovini oʻynatganicha, dagʻdagʻa qiladi:
-Topasizlar, boʻlmasa, milisa iti bilan keladi-da, masalaga oydinlik kiritadi. Shunda uyalib qolmanglar. Oʻzingizcha kasal odamga qaragan kishi boʻlib, uyni tunab ketish yaxshi emas.
-Kennoyi,kechirasiz, arslon bilan kelsa ham mayli, burgut kelib koʻzimizni oʻyib olsin. Biz hamma ishni qilarmiz. Lekin oʻgʻrilik qilmaganmiz. Negaki, bu yerdan tuz totdik. Namakning qadri bor. Bizni yegan nonimiz koʻr qiladi, agarda shu ishni qilgan boʻlsak, - deydi Salim doʻkondor.

Boshqalar jim turadi. Ularning nomidan Salim doʻkondor soʻzlardi. Biroq uning oʻzini ham soʻzini ham pisand qilmagan xotinim:
-Oʻgʻri hech qachon mana shuni men qilganman, demaydi. Kechgacha muhlat, qanday olgan boʻlsanglar, yana shunday joyiga keltirib qoʻyinglar. Boʻlmasa, boshqa chorasini koʻraman, - deydi-yu, ularga javob berishga oshiqadi.
-Kechirasiz, qancha kutsangiz ham biz yoʻqolgan narsangizni joyiga keltirib qoʻyaolmaymiz. Mahalla-kuydan soʻrang, bizni kimligimizni. Azbaroyi eringizga rahmimiz kelgandan bu yerga kelib ketib yurdik. Bunday boʻlarini bilsak, oyogʻimizni umuman bosmasdik. Tavba, bunaqasini koʻrmagandim, - deydi doʻkondor salmoq bilan.

Soʻng ular menga qarashdi. Boshim boʻynimga osilib qolganini koʻrib, ular ham avj qildi:
-Eringiz yosh boladek uyda yotadi-yu siz esa sayru sayohatda yurasiz. Qaysi ayol bu ishni qiladi, - deya avj qila boshlagan Salim doʻkondorning gapini boʻlib:
-Bu boshqa masala,- deydi xotinim.
-Tilloning yoʻqolgani ham boshqa masala, buning bizga aloqasi yoʻq, - deydi Jabbor.

Muzokora yakunlanmasdan, sheriklarim uydan jahl bilan chiqib ketadi. Keyin xotinim chor atrofga jar solib, tomoshani boshlaydi. Hovlini mirshab bosdi. Ular oʻzlari bilan kuchugini olib kelmagan edi. Negaki, iskovuch it olmoqchi boʻlganlar islar allaqchon ketib boʻlgandi.

Ular avvaliga boʻlgan voqeani xotinimdan eshitishdi. Orada menga ham qarab qoʻyishadi. Uyatdan tirishib oʻldim. Keyin menga yuzlanib, soʻroq qila boshladi:
-Voqea qanday boʻldi. Taxminan soat nechilarda oʻyin tugadi. Kimlar bor edi?

Men bilganlarim va koʻrganlarimni bir boshdan aytib beraman.Ular eshitganlarining hammasini qogʻozga tushirishardi. Shunda ulardan biri, aftidan rahbari boʻlsa, kerak, guvohlarni surishtiradi. Guvohlar, yoʻq , deydi xotinim. Unday boʻlsa, otaxonning sheriklarini chaqirish kerak. Qaroqchi chollar, - deb qoʻyadi.
-Ana oʻzlari chaqirsinlar, hech narsani bilmagandek oʻtiribdi-yu, - deydi xotinim ham kesatib.
-Amaki, sheriklaringizni bu yerga chaqiring! – amr qiladi mirshab.
-Ular hozir ketishdi. Yangangiz muhlat bergan, tilloni joyiga keltirish uchun. Shunga hoziroq ketuvdi, - deyman pinagimni buzmay.
-Hazilning oʻrni emas, amaki, tezroq chaqiring, voqea joyida hammasini hal qilganimiz yaxshiroq, - deydi yana biri muomila bilan.
-Odamni uyaltirdi, bu xotin. Ularni endi nima deb chaqiraman. Qaytib kelishi gumon ularning, - deyman.
-Unday boʻlsa, gumoningiz kimdan? – deya birdaniga soʻroqlaydi boshqasi.
-Xudo biladi, kim olgan u tilloni? – deyman. – Gumon iymondan ayiradi.
-Unday boʻlsa, bir boshidan surishtiramiz, - deya rahbari jahd bilan kursiga choʻkadi. - Axmedov gumonlanuvchilarni voqega joiyga chaqir, kelmasa, uyidan sudrab opkel, tushungdingmi?!
-Boʻpti, bajaramiz! – dedi-yu mirshab mulozim ishga tushdi. Salim doʻkondorga qoʻngiroq qildi.

Doʻkondor bechora nomusdan ikki bukilib, uyga sheriklarini ergashtirganicha kirib keldi. Men uning yuziga qaray olmadim. Ular nafratini yashirib utirmasdi. Bu esa yuz-koʻzlaridan shundoqqina bilinib turardi.
-Bu yerda sodir etilgan oʻgʻrilikdan xabardorsizlar, gumonlanuvchilar, ayting-chi, tillo buyumlarni kim olgan? Yana shuni ham qoʻshib qoʻyishim kerakki, yolgʻon guvohlik berish va tergovni chalgʻitishga urinish qoʻshimcha moda bilan jazonining ogʻirlashuviga olib keladi. Biroq, masalaning yana bir tomoni xam borki, chin dildan, pushaymon boʻlib, ichimlik yoki chekuv ta’siri olib qaytarib berishning chorasini topolmayotgan boʻlsangiz, darrov shu ishni amalga oshiring. Bu esa jazoni yengillashtiradi. Hattoki, uni jazodan ozod etishimiz ham mumkin. Kennoyimning tavsiyasiga binoan, shu vaqtgacha oʻylab ham koʻrgan boʻlsangiz kerak, - deydi mirshablarning rahbari xona buylab qadam tashlab ularga nutq irod etarkan.
-Oʻrtoq, boshliq, hamma gapingiz toʻgʻri, qarshiligimiz yoʻq. Mana shu yerda oʻtirganlar bu uyda faqatgina mehmon boʻlganmiz. Omon akaning holidan xabar olish uchun kelganmiz. Bundan tashqari, birortamiz ilgari sudlanmaganmiz. Boz ustiga ota-bobolarimizdan birortasi oʻgʻri oʻtmagan. Hozir bu gapni birov eshitsa, koʻcha-kuyda yurgiligimiz qolmaydi, - dedi Salim doʻkondor.
-Qoʻying, bu gaplarni, hozir hammangiz chaqirsa tergovga yetib kelaman, tashqariga chiqib ketmayman, deya tilxat yozib berasizlar, - deya amr qildi mirshab.
-Boʻpti, Omon aka, aslida nima yoʻqolgan, bahosi qancha? – soʻraydi Salim doʻkondor betoqat boʻlib.
-Ana, bular endi oʻziga kelyapti, - gapga qoʻshildi Farida.
-Boshlanishi shunday boʻladi, - deya mirshab tirjayadi.
-Akangiz uning bahosini bilmaydi. Ikkita zirak va ikkita uzuk yana bir tillo baldoq bor edi. Narxi taxminan uch ming boʻlmasayam, ikki yoki ikki yarim ming dollar turardi, - deya xotin erining oʻrnidan soʻz boshlaydi.
-Mayli, gap-soʻz koʻpaymasin, bugun boʻlmasa ertaga albatta, kechiktirmasdan pulni yetkizamiz. Tilxatni qoʻyib turinglar, hammasini aytganlaringdek qilamiz, - dedi Salim doʻkondor.

Farida bilan mirshablar goh menga, goh gumondorlarga qarab qoʻyishadi. Aftidan, ish bunchalik tez hal boʻladi, deya oʻylashmagan chogʻi. Keyin menga yuzlanishib:
-Domla, tillolarni kim olganligi ma’lum, endi siz koʻp hijolat boʻlmang. Halol pulga kelgan mol yana qaytib egasini topadigan boʻldi, - deydi joʻrovozda.

Men indamay turaman. Hamma tarqaldi. Xonada yana yolgʻiz oʻzim qoldim. Kech boʻldi. Ovqat keltirishdi. Ishtaham yoʻq edi. Yemadim. Yotdim. Yana oʻyga toldim. Odamizotning ishlariga lol qoldim. Oʻgʻri kim, toʻgʻri kim bilmay qoldim. Oʻyimning oxiriga yetolmay ovora buldim.

Sim karovatda uyoqdan buyoqqa agʻdarilib yotaman. Uning gʻijirlashi yoqmaydi, jonim ogʻriydi. Asablarim qaqshagan. Shu yotganimcha qachon uxlaganimni bilmayman. Bir mahal deraza taqillaydi. Shoshib tashqariga chiqdim. Qarasam, ukam turibdi. Ichkariga boshladim. Hol-ahvol soʻrashdik. Undan nega bemahalda yurgani-yu bu yerga kelishining sababini soʻrayman. Uning ham javobi tayyor ekan. Birdaniga aytdi – qoʻydi;
-Aka, yetar endi. Qoʻying bu yerlarni. Ketdik. Bolalarim katta boʻldi. Uy koʻp. Bir uyni beraman, bolalarimdan biri sizga qarab yuradi. Katta shaharda bir oʻzingiz ovora bulib yurmang. Men sizga ukaman, xato kimdan oʻtmaydi, deysiz. Toʻr oyoqda turib ot ham qoqiladi. Peshanangizda shu narsalar bor ekan, mana koʻrdingiz. Bu yogʻiga xudo sharmanda qilmasin. Ota-onangiz yashagan elda tuyu tomoshalarga qatnashib, elning oldi odamlari orasida yurasiz. Siz bu yerga sigʻmaysiz.Rostini aytadigan boʻlsam, sigʻdirishmaydi. Begonaligiga boradi. Bilaman, u yer tugul olamga ham sigʻmay ketyapsiz. Lekin oʻlchamini oldim, aka ketmasangiz boʻlmaydi. Hammasi oʻylab – koʻrib keyin keldim. Qani, narsalarni yigʻishtiraylik. Vaqt borida yoʻlga tushamiz.
-Yoʻq, uka, biroz shoshma. Hali bir-ikkita qiladigan ishlar bor, - deyman.
-Ey, - deya beparvo qoʻl siltaydi u. Qari odamda yana qanday ish boʻlishi mumkin. Yoki meros masalasidami… Yoki yana boshqa bolalaringizni koʻrib xayrlashishni istayapsizmi? Aka, boʻldi orqaga qaramang.

Ukamning shashti juda baland edi.Sharti esa ogʻir edi. U oʻzi qilayotgan ishga astoydil berilgan boʻlib, buyumlarimni jamodonga solardi. U yelday kelib, qushday olib ketmoqchi boʻlardi. Biroq men unga sodir boʻlgan voqeani bir boshidan oqizmay-tomizmay aytib berdim. Ukam koʻzlarini kata-katta ochdi. Unga monand ogʻzi xam ochilib angrayganicha soʻzlarimga quloq solardi. Suhbat soʻngida boshini changallaganicha kursiga oʻtirib oldi. Ancha vaqt jim oʻtirdi. Men ham bu paytda soʻzimni tugatgan edim.
-Aka, qoʻying, u odamlar pulni keltirib tashlaydi-yu sizning nomusingiz toptaldi. Siz beburd boʻlasiz. Ular keyin sizni odam oʻrnida koʻrmaydi. Obroʻyingiz toʻkilgan bir paytda yana bu ishlarni qilsak, ota-bobolarimning ruhi chirqiraydi. Hammasini men boʻynimga olaman. Yangamga shu kerak. Kuch-koʻronni koʻtarib siz uyga, men esa turmaga ketaman. Oʻlmasam, yana qaytib boraman. Bu isnodga chidab boʻlmaydi. Orqamizdan hech kim yomon gapira olmasin, aka, - deydi ukam qat’iy.

Bu orada tong otadi. Aka - uka choy ichib turgan chogʻimiz, Jabbor eshik taqillatib, ichkariga kirib keladi. Gap soʻz aytmasdan qoʻlidagi tugunchani dasturxon ustiga tashlaydi.
-Domla, Salim akam berib yubordilar. Tillolarning puli. Yetmasa, aytasiz, yana qoʻshamiz, – deydi-yu ketishga chogʻlanadi.

Ukam uni ketishga qoʻymaydi.
-Oʻtiring, Jabborjon, kayfiyatingiz tushkun. Pulni siz toʻlamaysiz, mana men toʻlayman. Mehmon odamni urintirish yaxshimas. Kerak edi, harajat tortib qoluvdim. Garov berib pul oluvdim. Vaqtida keltirib joyiga qoʻyish esimdan chiqibdi. Begona emas, akamniki-ku, deya haddim sigʻib oluvdim. Yangam bu yoqda toʻpolon koʻtaribdi. Orada biroz tushunmovchilik boʻlibdi. Toʻgʻri tushunasiz, deb oʻylayman, uka. Bir qoshiq qonimni mana hozir akamdan soʻrab oʻtiribman. Hozir yangamga ham bor gapni yotigʻi bilan tushuntiraman, - deydi ukam.

Shu payt xonamga xotinim ham kirib keladi. Biroz oʻtib, uning ortidan mirshablar ham yotgan joyimga bostirib kelishdi. Jabbor endi gap boshlamoqchi boʻlib turgan joyida, ukam ildamlik bilan soʻzga tushadi;
-Marhamat, kelinglar, dasturxonga qaranglar. Yanga uzr, garovga tillolarni qoʻyib picha pul oluvdim. Vaqtida opkela olmadim. Qarzim koʻpayib ketdi. Xavotirga tushmang, hammasini qaytaraman. Faqatgina uyga borib kelishim kerak. Uzr, men gumroh shuncha odamni ovorai sarson qildim.
-Ana oʻgʻri oʻz oyogʻi bilan kelibdi. Sizlarga ham oson boʻldi, - deb xotinim mirshablarga yuzlandi.

Ular xam vaqtni boy bermasdan, ukamni kishanband qilishib, mahkamaga olib ketishdi. Jabbor ikkimiz uyda bir-birimizga ne qilarimizni bilmay qarab oʻtirgan chogʻimiz Salim doʻkondor kirib keldi. Men ulardan uzr astoydil soʻradim.
-Domla, tillo ukangiz olmagan. Oʻgʻri bita gumon mingta. Koʻngil sezadi, bola bechoraga jabr qilibmiz, Jabbor? – deydi Salim doʻkondor.
-Mayli, taqdirida shuyam bor ekan,- deyman.
-Domla imoratni qurayotgan paytida poydevorini mustahkam boʻlishiga e’tibor qaratishgan. Biz buni unutib qoʻyganmiz. Lekin har kim oʻlsa, goʻri boshqa. Birovning gunohini boʻynimga olmay. Ukaga katta jabr qildik. Jabbor, mahkamasiga bor, pulni ber, aybimizni tan oldik, degin. Mehmonga kelgan bolani qamatib yuborsak, keyin eshitgan quloq nima deydi. Sharmanda boʻlishdan koʻra, yurmagan yaxshi, - deydi doʻkondor.

Shu maxal, darvoza qattiq taqillab qoldi. Mehmonlarni qoʻyib, oʻzim eshikka otildim. Chiqsam, darvozamiz yonida tez yordam mashinasi turibdi. Yonida tanish chehrali kishi oq xalatda menga quchoq ochdi.
-Omon aka, bormisiz? – deydi.

Uning quchogʻidan chiqar ekanman, «raxmat, uka, qarilik gashtini suryapman. Mana uydaman. Shogirdlar yoʻqlab turadi,» deyman.
-Ustoz uzr. Oʻgʻlingiz - Moʻmin Rajabovni bizning shifoxonaga opkeluvdi. Sal-pal mazasi qochgan ekan. Biroz davoladik. Hurmatingiz bor, atay keldim, oldingizga. Xosroq gap ham bor ediki, shuniyam aytmasam boʻlmaydi. «Bola bezorilarga qoʻshilsa mayliydi-ku-ya, lekin anavi oʻtlardan ham tatib koʻradigan boʻlgan ekan. Shifoxonamizga ogʻir ahvolda keltirishgan edi, bir amallab tuzatdik. Surishtirib bilsak, bola sizdek aziz ustozdek farzandi ekan. Birovga aytmadik. Anonim deydi-ku! Anna shu tarzda, sir tutib davoladik. Keyin domlajon, mana bu narsani ham opqoʻying.Yigitning kissasidan chiqibdi. Hamshiralar menga keltirib berishdi. Harna, omonat, « deya qoʻlimga bir tugunchani tutqazdi.
-Nima bu oʻzi? – deyman shoshib.
-Domla, bu tilla ziragu uzuk yonida baldoq ham bor. Bola oʻtga ishlataman deb, uydan besoʻroq olib chiqqan boʻlsa kerak. Bularning hammasida shu odat bor. Xumor tutgan paytida koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Bolani endi koʻzdan qochirmang. Doim nazorat qilib turing, - deya uqtirardi doʻxtir.
-Rahmat, uka, dunyo turguncha turing! – deyman oʻpkam toʻlib.

Shu gapni unga aytamanu yerga oʻtirib qopman. Doʻxtir bechora meni ham, bolamni ham uyga kiritadi. Bir mahal oʻzimga kelsam, boshimda ukam va doʻkondor boshchiligidagi choyxonachi ulfatlarim turardi.

Ukam hafta – oʻn kun uyimda yurdi. Opketaman, deydi. Men esa tixirlik qilib unamayman. Oxiri u uyiga ketdi.

Har tomonlarni oʻylab, men xam uning ortidan manzilimga boryapman, uka, deya menga yuzlandi hamrohim.

* * *

Yoʻldoshim menga qarab turadi-yu yana koʻzlarini olislarga tikadi. Bu bolaga ayni gaplarni nima uchun aytdim, oʻzi, deb oʻylasa kerak, deyman. Uka, kechirasiz, anavi odamlar turgan joyga bir saklang. Ul-bul xarid qilay. Uyga quruq qoʻl bilan kirish oʻngʻaysiz, deydi. Mashinani sekinlatib, yoʻl chetida toʻxtayman. Sherigim shoshib tushib ketadi.

Uni kutib tura, mashinaning yukxonasidan boshpurtimni qidiraman. Narsalarni titkilar ekanman, raxbarimiz Xayriddin Nosir bergan konvertni beixtiyor yirtilganiga koʻzim tushadi. Nima sababdan yirtildi ekan, deya qoʻlimga oldim. Ochib oʻqigim keldi. Biroq, birovning nomasini oʻqish, odobdan emasligi esimga tushadi-yu yana shashtimdan qaytaman. Shayton vasvasa qiladi-da boz oʻqigim keladi, u yerdagi sirlardan voqif boʻlgim, rahbarimizning kechinmalarini bilgim keladi. Biroq omonotni egasiga yetkazishim kerakligini oʻylayman. Oʻzimni oʻzim bu ishdan qaytaraman.

Ne qilayki, nomani oʻqigim kelardi. Konvert yirtilgan edi. Oysuluv muallima bu xatni qoʻliga olganida oʻqimaydi-yu, bir joyga yashiradi. Keyin oʻzi yolgʻiz qolganida ochib koʻradi. Ichida qayd etilgan dil izhorlaridan koʻngli yayraydi. Bir necha kun mana shunday kayfiyatda yuradi. Keyin sirdan biror kim xabardor boʻlmadimikan, deb xayol suradi. Xatning yirtilgani ana shu paytda yodiga tushadi. Va tayinki, bu paytda, muallima meni nomani ochib oʻqigan, deydi.

Xatni yirtilgan konvertga qayta joylayman-da, yana yukxonaga tashlayman.

Bu bilan men xayolimdan kechayotgan ishtiyoqni ham tashlagan boʻldim. Shu paytda sherigim halloslaganicha mashina tomon kelardi. Uning qoʻni-qoʻnji toʻla edi. Unga yollashgan kishi boʻlib, eshikni ochdim. Narsalarni ortga tashladik. U oʻtirgach, mashinani oʻt oldirib, yoʻlimizda davom etdik. Safarimizning bu yogʻi oz qolgan edi.

Men yoʻlakay ziyoratgoxga kirmoqchi edim. Sherigimga ayni istiholamni aytsam, unga xam bu taklif ma’qul tushdi.

Boshida aytganimdek, bu ziyoratgoh qishlogʻimning yonida edi. Ikkimiz yoʻlda borarkanmiz, jimgina ketardik. Men yoʻldoshim - Omon akaning boshidan kechirganlari oʻzimcha mushohoda qilardim.

Manzilga yetib keldik. Ulovdan tushamiz. Kech kuzakning shamoli esardi. Atrof tiramohning koʻkiga belangan. Qabriston ichi sokin. Doʻmpaygan qabrlarni ham koʻk maysalar qoplagan. Jimjitlik. Shamol esardi. Hali hamon yomgʻir ham yogʻish ehtimoli bor. Dimoqqa namiqqan xashaklarning hidi uradi. Oʻzim yurgan soʻqmoqlar, koʻchalaru yoʻllarga intiq boʻlib qarayman. Tanish odamlarni uchratgim keladi. Yosh boladek sakrab-sakrab oʻynagim keladi.

Va olisdan ota-onamning qabriga qarab qoʻyaman. U yerda yana boshqa jigarlarimning hoki ham bor edi. Ularni birma bir koʻz oldimdan oʻtkaza boshlayman. Xayolim olis zamonlarga ketadi…

Hamrohim bilan sekin–asta maqbara tomon yura boshlaymiz. Atrofdagilar bizning yurish-turishimizdan mehmon ekanligimizni bilib, sekingina yoʻl berishadi. Salomlashib, ziyorat joyiga boramiz. Men sherigimni oʻzimdan oldin ichkariga boshlayman. U kiradi, ortidan men ham. Duo qilib, yuzimga fotiha tortdim. Soʻng oʻrnimdan sekingina jildim-da, ortga qaytdim. Tashqariga chiqdimu chekkaroqda sherigimni kutib oʻtirardim. Atrofimga meni tanigan yurtdoshlarim kelib, soʻrashdi. Men xam ularning kayfiyatiga mos soʻzlarni topib, gurunglashib oʻtirdik.

Qarasam, rahbarimiz – Xayriddin Nosir ham olomon orasida koʻringandek boʻldi. Balki, birovga oʻxshatayotgandirman, deya qayta tikilaman. Xuddi oʻzi, adashmapman–Xayriddin Nosir edi u. Yelkasiga birdaniga bosh qoʻndirilgandek, boʻyni bilinmasdi. Katta kallasini silkiganicha kim bilandir gaplashib turibdi. Yonida yana bir qancha odamlar unga muntazir. Oʻzimni sekingina panaga olmoqchi boʻlaman. Ammo qiziqsinib va boz ustiga kalovlanganimcha atrofimdagilardan soʻrayman,»anovi odam Xayriddin akami?» Ular ham oʻgirilganicha,» ha, Xayriddin, Uzoqbuloqdagi Nosir buvaning oʻgʻli,» deyishadi. Endi rostdan ham oʻzimni chetga olishim kerak, deb hozirlik koʻrib turgan joyimda, qanday paydo boʻldi, bilmadim, rahbarimiz – Xayriddin Nosir sekingina bilagimdan tutib turardi. Shoshib salom berdim. Alik oldi. Va bilagimdan tutganicha ohista chetga tortdi. «Sizning oyogʻingiz yetgan joylarga bizlar xam boraylik, dedik uka, bahonada ziyoratga ham kirdik. Sherigingiz qani? Poʻlat, xat qaerda? Hali bermagan chiqarsiz? Uni oʻzimga qaytarib berasiz. Oʻylab koʻrdim, nevarali odamga uyat boʻlarkan! Buning ustiga eski yaralarni tirnagan bilan, oʻzimizga ziyon qilarkanmiz! Birov eshitmasin, bilmasin ham uka. Xatni bering va buning ustiga ustak birovga aytmaslik boʻyicha va’dangizni ham bering, men tinch yuray, sharmanda boʻlmayin. «

Va’da berdim. Xat mashinaning yukxonasida, bu yerdan chiqsak beraman, dedim. Ikkimiz birgalashib, sherigimni kuta boshladik. Betoqat boʻlardim. Olamjahon vaqtdan keyin sherigim, boʻgʻriqqnicha maqbara ichidan chiqib keldi. U kela turib, uzr soʻrar soʻramas, «ey, uka, Xayriddinjon bormisiz, qaerlarda yuribsiz? Sizni koʻrar kun xam bor ekan-ku!» deya rahbarimizning quchogʻiga otildi. Rahbar ham yoʻqotgan odami topgan kishidek achomlashdi. Men ularga hayron boʻlib qarab turadim. Ular bir zamonlar ijarada birga turishgan ekan…

Mashinaga oʻtirarkanmiz, rahbarimiz mendan konvertga solingan xatni oldi-da, pastlikka tushib, uni soyga oqizdi. «Endi Poʻlatjon, ishlar bitdi. Omon akani olib, biznikiga oʻting, uyda oʻtirib, suhbatni davom ettiramiz,» dedi.

Biz oldinma keyin yoʻlda ketar edik…