OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiTugʻilgan kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tugʻilgan kun (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Bir yurtdan boshqa shaharga yaqinda koʻchib kelgan vaqtlarim edi. Koʻch-koʻronlarni sekingina sarishta qilyapmiz. Dam olish kunlarini moʻljallab ishni jadallashtirdik, bozorga chiqib ul-bul xarid ham qildik. Samarqanddan kelgan xoʻroz oyogʻidagi arqonchasini sudrab hovlida yurardi. Xoʻrozni turkman momomiz yangi uyga qon chiqarish uchun berib yuborgan edi. Un ham qoʻshib berishgan ekan.Koʻngiletar doʻstlar, ogʻa-inilar va qoʻshnilarni dam olish kuni, peshin vaqtiga uyga taklif qildik. Xoʻroz soʻyildi. Qoni boʻsagʻa-yu deraza-eshiklarga surtildi. Soʻng bozordan olingan masalliqlar rasamadi bilan qozonga solindi. Oʻchoqboshida, uyda gurung boshlandi. Xotin-xalaj esa boshqa xonada suhbat qurib oʻtirishardi. Avval boshda «uy qulluq boʻlsin,» «juda yaxshi joydan olibsiz,» «buyursin,» kabi gaplarni quyuq qilishadi. Soʻng bir muddat oʻtib hammasi oʻzidan, kasbidan, ob-havo, narxu navodan soʻzlay boshladi.

Osh suzildi. Kela olmagan, kasal boʻlgan hamsoyalarga alohida laganda osh chiqarildi. Davradagi kishilar orasida oʻris qoʻshni ham bor edi. Uning yurish turishi, gapirishi, oshni qoʻl bilan yeyishigacha oʻzbekcha edi. Uning faqatgina koʻzini rangi va ismigina oʻrischa ekan. Oti – Gennadiy edi.

Gennadiyga davra ahli diqqat bilan goʻyoki bir ajoyibotga qaraganday nazar qilardi. Uning oʻziyam suhbati soz yigit ekan. Qaysi sohadan gap ochilsa bas, oʻshandan soʻzlay ketadi. Vaqt yetib, dasturxonga fotiha oʻqildi. Gennadiy ham yuziga fotiha tortdi. Hamma uy-uyiga tarqalishdi.

Gennadiy ozroq muddat oʻtib umuman koʻrinmay qoldi. Eshigiga muhr bosishdi. Bu orada u haqida koʻp gap-soʻzlar urchidiki, hammasi har xil ma’noli edi. Uni qamashgani rost boʻlib chiqdi. U toʻrt yil oʻtirdi.

Kech kuz edi. Darvoza taqilladi. Darchani ochsam, Gennadiy kulimsirab turardi. Ikkalamiz uzun-qisqa boʻlib uyga kirdik. Qarasam, uning sochlari anchagina oqaribdi, ranglari siniqibdi. Koʻzlari ma’yus va qarashlari ham gʻamgin edi. Dasturxon yozilib, bolalar non va choy opkelishdi. Ikkimiz xontaxtaning ikki chetida oʻtirib suhbatga tushdik. Asosan u gapirardi. Men esa jimgina tinglab oʻtirardim. Gennadiy hikoyani oʻzining goʻdaklik pallasidan boshladi. Unga mana shu damda oʻzini tushunadigan, qilgan xatolarini kechiradigan inson kerak edi.

«Men otam va onamning mehrini oiladagilarimiz orasidan koʻproq sezardim va bundan toʻyib oʻsganman. Ular meni juda yaxshi koʻrishardi. Nimani xohlasam shuni qilardim. Koʻnglim tusagan narsani ular olib berishardi. Oilada hech kim mening ra’yimga qarshi bormasdi. Xavotirlanmang, men injiq va tantiq bola emasdim. Oʻzimning holimni bilardim. Haddimdan oshmasdim. Sportni yaxshi koʻrardim. Otam menga bu borada ragʻbat koʻrsatardi. Umrimni sportga bagʻishlashga ahd qildim. Ustozlarim va otam ham mening bu qarorimni ma’qul topishdi. Men mashgʻulotlarda tinmay qatnashardim. Maktab musobaqalarida faqat birinchilikni olardim. Bundan oʻzim va atrofimdagilar ham faxrlanishardi. Otam va ustozim mening gʻalabamdan gʻururlanishardi.Obroʻyim maktabda, koʻcha-kuyda va mahallada oshib borardi. Onam menga koʻz tegmasligi uchun turli irim-sirimlarni qilardi. Doʻstlarim koʻp boʻldi. Hammaning men bilan doʻstlashgisi kelardi. Mening yutuqlarim borgan sari ortib ketayotgandi. Maktabdan soʻng meni institutga imtiyozli tarzda qabul qilishdi. Talabalar orasida ham izzatim yomon emasdi. Domlalar ham menga ragʻbat koʻrsatishardi.

Men talaba doʻstlarim bilan shodu xurram yurardim. Hayotimdan oʻzim ham, ota-onam ham rozi edik. Men bir qiz bilan tanishdim. Afsuski, oʻsha kun men uchun eng qaygʻuli va ofatli taqdirning boshlanishi ekanligidan mutlaqo bexabar edim. Ayni xulosalarga keyinchalik keldim, albatta. Dastlab, men ham u qizga mushtoq edim. U bilan suhbatlashgim, unga bogʻliq voqea, tarix va boshqa tafsilotlardan tezroq boxabar boʻlgim kelardi. Qiz meni uyiga taklif qildi. Tabiiyki, men ul-bul xarid qilib qoʻlimda bir dasta gul bilan uning uyiga keldim. Qiz xursand boʻldi. Meni mehmonxonasiga taklif qildi. Stulga oʻtirdim. Soʻng u ota-onasini boshlab kirdi. Meni ularga tanishtirdi. Qizning ota-onasi mening kimligim bilan qiziqdi. Savollariga javob berdim. Birgalikda tamaddi qildik. Fursat yetib, xayrlashib uyga qaytdim. Kelib turib onamga qaerga borganim va kim bilan uchrashganimni oqizmay-tomizmay aytib berdim. Onam ham poylab oʻtirgan chogʻi, darrov soʻroqqa tuta ketdi.
-Kim?
-Qaerda oʻqiydi, qaerda yashaydi?
-Ota-onasi kim, qaerda ishlaydi?
-Ishqilib yaxshi chiqsin-da, surishtirdingmi?
-Umr savdosi bilan hazillashib boʻlmaydi...

Qiz nmasi bilandir meni oʻziga rom eta boshlagan edi. Uni koʻrmasam turolmaydigan boʻldim. Sizda bu odat yoʻq. Ota-onam qiz bilan tanishishni istab, uni uyga chaqirishimni tayinladi. Uni taklif qildim, uyga keldi. Dasturxon atrofida suhbat boshlandi.

Har kim oʻziga taalluqli mavzudan gap boshlaydi. Savol-javob ham shunga yarasha. Xullas, hamma bir-biriga ma’qul tushdi. Rozi-rizolik bilan toʻy ham boʻldi. Hayotimiz odatdagidek bir maromda ketardi. Xotinim ham bemorlarni davolardi. Men esa sport bilan mashgʻul edim. Yil oʻtib oʻgʻilchalik boʻldik. Unga otam rahmatlikning ismini qoʻydik. Otamning ismi Nikita edi. Oʻgʻlim mening borligʻimga aylandi. U menga ovunchoq edi. Ishdan kelsam, charchogʻim oʻz-oʻzidan tarqab ketardi. Nikita men uchun oʻtmish va kelajak oʻrtasidagi vositaga aylangandi. U avlodimiz tomiri edi. U menga otamni eslatardi. Nikitani avlodimizda paydo boʻlgan boʻshliqni toʻldirish uchun kelgan hilqat desam boʻlardi. U yura boshladi. Hovlida bemalol chopqillaydigan boʻlganidan soʻng unga yana bir uka ham qoʻshildi. Ukasiga Igor deb ism berdik. Men bu orada safarlarga borib, sport musobaqalarida qatnashib yurardim. Igorning tugʻilishi men uchun unchalik ham quvonchli boʻlmaydi. Toʻgʻri, uniyam erkalardim, opichlab koʻtarib yurardim.

Yuragimda gʻashlik paydo boʻlgandi. Uydan soviy boshlayotgan edim. Safar yoki boshqa musobaqalardan soʻng uyga oshiqmasdim. Iloji boʻlsa, oʻsha joylarda qolib ketsam, derdim. Sportda haliyam muvaffaqiyatlarga erishardim. Hurmatim joyida edi. Oilada esa pala-partishlik boshlandi. Dastlab, bolalarimning soʻng mening ust-boshimizda, yurish-turishimizda ayol kishining qoʻli yoʻqligi bilindi. Bora-bora bu narsa yeb-ichish va yotib turishda ham sezildi. Men xotinimni tartibga chaqirdim. Tevarakdan uyalgin, odamlar kuladi, hammasini joy-joyida qilgin, derdim. Yoʻq, u parvo qilmasdi. Men qoʻni-qoʻshnilarning oldida yurish- turishimizdan uyalardim. Oʻzimning, bolalarimning ust-boshini yuvardim. Dazmollardim. Ovqat qildim. Qozon-tovoq ham oʻzimga qoldi. Roʻzgʻorimizdan xayru baraka koʻtarildi. Xotinim bu uyda mehmonday edi. U uyga faqatgina kechga yotish uchun keladigan boʻlib qoldi. U ichadigan va chekadigan odat chiqardi. Uni qanday jin chalganini bilolmasdim. Xotinim esa jin chalgan alvastiday boʻlib qoldi. Uning yurish-turishi menga umuman yoqmasdi. U oʻziga alohida bir xonani qulf-kalit qilib oldi. Men xotinimning ahvolidan qoʻni-qoʻshni va bolalarim oldida izza boʻlardim. Bolalarim ham onasidan bezor boʻlgandi. Safarga ketsam, ular meni intiq kutishardi.

Men uzoq yoʻlga chiqqan odam har zamonda bosib oʻtgan masofasiga qaragandek, oʻzimning hayotimga razm solardim. Nelarnidir oʻzimcha muqoyasa qilardim. Oʻzimga oʻzim savol berardim.
-Kimga yomonlik qilgan ekanman?
-Nega bunaqa boʻlyapti?
-Gunohim nima edi?
— Oxiri qanday tugarkan?
— Men ham... haqqim bor-ku!!!

Katta oʻgʻlim – Nikitaning tugʻilgan kuni. Safardan qaytayapman. Aeroportdan toʻgʻri bozorga keldim. Mayda-chuyda xarid qildim. Oʻgʻlimga atab dudama pichoq oldim. Mashinaga oʻtirib uyga keldim. Eshikni ikkalasi ochdi. Boʻynimga osilishdi. Chaqchaqlashib hammamiz ichkariga kirdik. Ikkala oʻgʻlim dasturxon tuzashga unnadi. Men esa ovqat qilishga kirishdim. Nikita dimlamani yaxshi koʻrardi. Qozonda ham xuddi shu narsa pishirilayotgan edi. Ota-bolalar dasturxon atrofida gurunglashib oʻtirganimizda, eshik ochilib, xotinim gandiraklaganicha biz oʻtirgan stol yoniga keldi. Stulga bir amallab oʻtirdi. Undan kelayotgan hidga xonada oʻtirib boʻlmasdi. Buning ustiga u yarim yalangʻoch. U bir mahal meni ham, bolalarni ham soʻka boshladi. Bizlar dargʻazab boʻldik. Eng yomoni... keyin...keyin boʻldi. Xotinim chiqqan eshikdan qoʻlida shisha tutgan shir yalangʻoch erkak ham biz oʻtirgan dasturxon tomon kela boshladi. Bu xonim uni koʻrdi-yu, oʻsha tomonga talpindi. Chidab turolmadim. Qoʻynimdan oʻgʻlim – Nikitaga atab olinga sovgʻa ya’ni dudama pichoqni ikkalasiga ayamay sanchaverdim. Hamma tomon qon boʻldi. Dudama pichoqning dastasi ham laxta-laxta qon edi. Uni dasturxon oʻrtasiga tashladim. Pichoqni oʻgʻlim sening tugʻilgan kuningga sovgʻa edi, dedim. Yigʻladim. Va shu holatda uydan chiqib ketdim. Aybimni tan oldim. Jazolashdi. Lekin baribir menga alam qilardi. Taqdiring bir rasvoning dastidan agʻdar-toʻntar boʻlishi juda-juda ogʻir ekan. Xudoga shukrki, bolalarim meni toʻgʻri tushunishdi. Holimdan xabar ham olib turishdi. Aytmoqchi, qoʻshni bugun kichkinam – Igorning tugʻilgan kuni. Kechga oʻting. Albatta, keling, kutaman. Men bozorga borib mayda-chuyda xarid qilay.»

Gennadiy aytgan voqea hodisalardagi holatu manzalar uning yuzidagi ajinlar orasidan sizib chiqayotgandek edi.

U bir inson taqdirini mana shunday sodda va joʻngina aytib bergandi. Aslida bori ham shu edi.