OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiUsta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Usta (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Uni qishlogʻida ismi bilan kam chaqirishadi. U oʻzidan tinchigan odam. Elga kam aralashadi. Umri bino boʻlib, hali birov bilan yozilib gurung ham qilmagan. Davralarda yelkasini qisib, hech kim mendan gina qilmasin deganday birov uning hamiyatiga teksayam jim oʻtiraveradi. Ustaning fe’lini tushunganlar u bilan oshnochilikni allaqachonlar yigʻishtirib qoʻyishgan.

Biladigan odamlarning aytishicha, ustaning avlodlari kabi ajdodlari ham mard boʻlishmagan ekan. Odamlar bu urugʻning vakillarini qoni buzuq, deb yaqinlariga yoʻlatishmaydi. Ne qilsa-da bu avlodning simobday suyulishi, suvdan oʻtgunicha eshakni togʻa deyishi, uncha-muncha odamning boshini silab, yelkasiga qoqib, tuzogʻiga ilintirish kabi oʻziga xos odatlari bor.

Hozir bu urugʻni eslaganda odamlarning koʻz oʻngida darhol usta gavdalanadi. U oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan, kallasi katta odam. El-ulus ustani xudo urgan odam deyishadi. Yaratganga qoʻshilib, bandalari ham uni qargʻaydi.

* * *

Koʻp olis zamonlar edi. Har tarafda parokandalik. Tahlikali bir holat hukmron va bundan hamma bezovta edi.

Savrning boshlari. Xuddi shu pallada qishloq chekkasidagi ustaxonaga kasbi chavondozu oʻroqchi borki, hammasi yumush bilan kelishadi. Bu yerda otlar taqalanadi. Ketmonu oʻroqlar tuzatiladi. Roʻzgʻorga kerakli anjomlarni yasaydi. Hushi kelganda chanqovuz yasab, nelarnidir xayol surganicha uni chaladi.

Ana shunday kunlarning birida shomga yaqin ustaxonaga soqol-moʻylabi qop-qora, alpkelbat kishi boshchiligida oltita barzangi yigitlar kirib keldi. Usta bu paytda anjomlarini yigʻishtirib, ketishga hozirlik koʻrayotgan edi. Kutilmagan mehmonlarni koʻrdi-yu, tili kalimaga kelmay, ortiga tislana boshladi.
-Qoʻrqma, usta, - deya alpkelbat bepisand soʻriga oʻtirarkan. – Biror yeguliging boʻlsa opkel, oʻlarday och qoldik.

Alpkelbat bu gaplarni aytar ekan, chalqancha yotib oldi-da, ustaga zimdan razm sola boshladi. Mezbon dasturxonni hozirlay-hozirlay koʻz osti bilan mehmonlariga oʻgʻrincha qarar qoʻyardi. Oxiri yurak yutib, qoʻrqa-pisa soʻradi:
-Sizlarni tanimadim, kimlardan boʻlasizlar?
-Sen bizlarni baribir tanimaysan, - deydi alpkelbat yana avvalgidek bepisandlik bilan. – Bu eldan bizni Abdishukur mergan biladi. U bilan koʻp non-tuz totganmiz. Mergan bir Musallam degan arab xotinni opqochb keluvdi. Arab xotini haliyam yuribdimi?
-Ha, yuribdi, bola-chaqali boʻp ketishgan.
-Aytmoqchi, sen bizdan kimligimizni soʻraganding chogʻi, meni Chinmirza chinoqman, – dedi alpkelbat kemtik qulogʻiga ishora qilib. – bular mening shotirlarim.
-Shogirdlarim deng, - deya yigitlardan biri gap qotadi.
-Toʻgʻri, ham shogird ham shotir bular. Uch kunlardan beri shu yaqin atroflardagi qishloqlarni talab yurgandik. Qoʻlga ilinadigan hech balo topolmadik.

Chinmirza chinoq sopol tovoqdagi ivitilgan nonlarni yutoqib yer ekan, hadik aralash mezbonga yuzlanib,
-Sen ham Oqboshni bilsang kerak-a? – deb soʻradi.
-Yoʻq, men Oqboshni tanimayman, - deya usta yolgʻonladi.

Mezbonning bu gapidan ularning jahli chiqdi. Shunday keyin chinoq ustani ayblay boshladi:
-Biz mardmiz, sen unday nayrang qilma, gapning dangali sen-ku sen, qishlogʻingning beshikdagisidan tortib to eshikdagisigacha hammasi Oqboshni biladi! Nimaga yolgʻon gapirasan, rostini aytaver, biz seni yeb qoʻymaymiz.

Davradagilar ustaga nafrat bilan qarab turishardi. U esa mehmonining dashnomlarini yerga qaraganicha jim eshitib turardi. Usta yolgʻon aytganiga pushaymon boʻlsa-da, miq etmasdi. Alpkelbat chinoq ustaning turishishini koʻrib badtar avj oldi:
-Oqboshni taniysan, lekin bizni koʻrganingni unga aytmaysan. Agar aytsang biz seni tinch qoʻymaymiz. Mana senga bir xalta tillo, bu bizdan senga hadya, - deya chinoq yotgan joyida xaltani ustaning ustiga irgʻitib yubordi.

Mezbon xurramligini kipriklari bilan qaytarib, xursandligi oshkor etmay sabr qilib oʻtirardi.

Shundan soʻng u xaltasidan bir boʻlak goʻshtni olib, taom tayyorlashga unnadi. Mehmonlar ham unga yollashdi. Taomni dasturxonga keltirib oʻtirishganida, chinoq ham koʻzasidan sharob olib, kosalarga suzdi.

Avji ziyofat, endi gaplar qovushib, gurung qiziy boshlaganida ustaning yuragi hijil boʻlib tashqariga chiqdi.

Bedapoyadagi chigirtkalarning chirillashi va hovuzdagi baqalarning vaqqillashi osuda oqshomning tinchini buzib turardi. Osmonda yulduzlar yaraqlab turardi. Oy yoʻq edi.

Shu mahalda hovuz tomondan kimningdir ovozi chiqqanday boʻldi. U sas eshitilgan tarafga qarab yurdi. Yoʻl-yoʻlakay uni kimdir chaqirayotganini ham eshitdi. Hovuzga yaqin kelganida bir sharpa unga roʻbaroʻ kela boshladi. Ular qoʻl berib soʻrashishdi. Usta uni tanidi. Otasi kabi qoʻyning ortidan tayoq sudrab yuradigan Abdusalom choʻponning oʻziga oʻxshagan yolgʻiz oʻgʻli.
-Bemahalda nima qilib yuribsan, Voqif?
-Otamning oldiga – dashtga non-pon oborib, uyga qaytayotgan edim, oldingizda oʻtirganlarni koʻrib, tinch ketgim kelmadi. Endi usta qoʻshotaringiz berib tursangiz, bu it emganlarni bir yoqlik qilsam, harna oʻzimizga tinchroq boʻlardi, - dedi Voqif.

Usta biroz sukut saqladi-da, soʻng boshini adl koʻtarib:
— Mayli, opkeb beraman, lekin oʻzingga ehtiyot boʻlda, - deya iziga burilib qaytdi.

U mehmonlarining oldiga ketar ekan, Voqifdan qutilganiga shukr qilardi. Voqif esa bundan bexabar, ustaning miltiq opchiqishini kutib oʻtirardi.

Oradan bir muddat oʻtib, ustaxonadan qoʻshotarning oʻrniga qoʻshodam chiqib kelib, toʻgʻri Voqif tomonga qarab yoʻl oldi. U bularni koʻrib qochmoqchi ham boʻldi, lekin oriyati zoʻr kelib, ularning kelishini joyida turganicha kutaverdi.

Yuzma-yuz kelishganida ular gaplashishmadi hisobi, qoʻshodamlardan biri qoʻlidagi qoʻshotaridan toʻrtta oʻqni bexato uzib, niyatlariga yetishgach yana indamay izlariga burilib ketishdi.

Atrofda toʻpolon boshlandi. Itlarning vovullashi olamni buzdi. Ustaxonada ham besaranjomlik, kim nima qilarini bilmay qoldi.
-Endi hammadan ham menga qiyin boʻladi, - dedi usta xasta ovoz bilan. – U bola otasining menga oʻxshagan yolgʻizi edi, agar bilishsa meni bu yerlarda tinch qoʻyishmaydi. Mening terimni tiriklayin shilishadi...

Usta, sen qoʻrqma, hozir ketishimizda otasini ham bir yoqlik qilib ketamiz, sen bizga uning yaylovini koʻrsatsang bas, qolgani biz tan. Oʻzimiz bilganday qilamiz, shunda sengayam bizgayam oson boʻladi, - dedi alpkelbat tagdorroq qilib.

Ustaning koʻnglidagi gapi tiliga koʻchdi, yalinib, bolaning otasi qoʻy boqadigan yaylovini aytib, uniyam rihlatga yuborishlarini soʻradi. Mehmonlar ustani yupatishdi.

Qorongʻu kechada ustani uyiga qoʻyib, oʻzlarining bad niyatlarini amalga oshirish payida yaylov tarafga yoʻl olishdi.

Peshinga yaqin usta oʻz uyi tomon kelayotgan bir otliqni koʻrdi. Suvoriy «Abdusalom choʻponnikiga ta’ziyaga» deb aytib ketdi. U jarchidan bir narsalarni aniqlashtirish uchun soʻrashmoqchi boʻldi, lekin badanini titroq qoplab, gap aytarga tili aylanmay qoldi.

Ustaning boshi gangib azaxonaga kelganida Abdisalom choʻpon bilan kampirini odamlar suyab, koʻzyoshi qilib, ayuhannos solishayotgan edi. Bu yerda hech kim ustaga yomon qaramadi. U ham buva bandalikda, bandalik, deya yolgʻondakam koʻzyoshi qildi.

Voqifni dafn etib kelganlaridan soʻng kimdir ustaning bilagidan tutib azaxonadan tashqariga olib chiqdi. Avval boshda usta qoʻrqdi, soʻng oʻzini tutib oldi-da, baribir yana qoʻrquv aralash sherigining avzoyiga qaradi: muloyim. Soʻng uning yuziga salobat bilan tikildi-da, yana yerga qarab oldi.
-Usta chidaymizda endi, boshimizda bor ekan, katta-yu kichik deb turmasdan opketar ekan, - deya sherigi bosiqlik bilan gap boshladi. -Bechora otangizni kimdir dashtda, suruvining oldida oʻldirib ketibdi, hozir xabar keldi, xudo rahmat qilsin, bechora yaxshi odam edi.

Usta uyiga qanday yetib kelganini tuzuk eslay olmaydi. Koʻzi hech narsani ilgʻamay, uyiga otilib kirdi-da otasining jasadini qidira ketdi. Jasad esa alohida qurilgan, oʻn bir bolorli, yakka uyda ekan. U oʻzini murdaning ustiga tashladi-da, betini otasining oqarib ketgan yuziga bosganicha uzoq turdi.

Qattiq yigʻladi. Koʻzyoshlaridan otasining yuzlari hoʻl boʻlib ketdi. Otasini quchib, koʻtargisi keldi. Lekin xeshlari uni tinchlantirishdi.

Otasining murdasiga uzoq vaqt suqlanib turib, usta seskanib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, otasining jasadi, oʻsha alpkelbat chinoq in'om etgan, kecha oʻz qoʻllari bilan koʻmgan bir xalta tilloning ustida yotar edi.

Ustaning xayollari potrab ketdi. Bunga sabab esa oʻsha bir xalta tillo boʻldi.