OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiUzoqning muhabbati (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uzoqning muhabbati (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Koʻp uzoq va xoʻb zamonlar edi. Qudrat karvon tuyalarining qoʻngʻiroqlarini jiringlatib, Jom choʻllaridan oʻtib, uyi – Kosonga keldi. Qoʻyosh hali botmagan. Bola-chaqalari uning oldiga chiqib kutib oldi. Karvon hamma bilan iliq soʻrashdi. Bolalarini bagʻriga bosdi. Soʻng tuyalarni choʻktirib, ustidan xurjunlarni oldi.

Yozning issiq kuni. Qudrat karvon ham, tuyalar ham horigan. Karvonning katta oʻgʻli – Uzoq tuyalarga hashak berdi. Suv tutdi. Oila doimgidek supa ustida Qudrat karvonning atrofiga yigʻildi. Dasturxon yozildi. Kampiri quduqning sovuq suvidan chalob qilib, choliga tutqazdi. Karvon chalobni simirdi. Uning hovuri bosilganday boʻldi.

Soʻng Qudrat karvon xurjunini oldiga olib, xotiniga, oʻgʻil-qizlariga Kattaqoʻrgʻon, Samarqanddan keltirilgan sovgʻalarini in’om qildi.

Hamma xursand. Barchasi oila boshligʻidan minnatdor. Ota bolalarini erkaladi. Olis safarda oylab yurganidan karvon bolalarini, ular esa otasini sogʻingan edi.

Oradan koʻp oʻtmay Karvonning qarindosh-urugʻlari ham birin-ketin kelib, hovlini odam bosdi.

Katta qozonga ovqat osildi. Soʻng allamahalgacha safar sarguzashtlari, qishloq yangilaridan hangomalashib oʻtirishardi. Karvonning qarindosh-urugʻlari ahil edi. Hammaning havasi kelardi...

Xullas, Qudrat karvon kampirining xarxashasidan bezor boʻlib, Uzoqning boshini juftlashga rozi boʻldi.

Karvon oylab uyda boʻlmasdi. Tuyalarini minib, rais joʻralarining donlarini Kattaqoʻrgʻonga tashirdi. U juda sertanish va bagʻrikeng odam edi.

Uzoq esa Karvonning katta oʻgʻli. Hali uylanishga erta. Endigina oʻn beshga kirdi. Ovozi doʻrillagan boʻlsa-da, roʻzgʻorni eplashi qiyin.
-Balki, Uzoqboyni keyinroq uylantiramiz. Yanayam bir oʻylab koʻrarsan, kampir, - deydi Qudrat karvon.
-Yoʻq, otasi boshni qotirib oʻtirmaymiz. Siz dashtma–dasht, choʻlma-choʻl yurganingizda, men kecha-yu kunduz tinmay oʻylaganman, - deya Qumri kampir qat’iy javob beradi.
-Ey, shundaymi? Olaxurjun boʻyniga ogʻirlik qilmasmikan deyman-da, kampir. Buning ustiga beshik, tuvagu sumakning ham tashvishi boshlanib ketsa, keyin nima qilasan. Bular shoshib qoladi. Hali yosh, gʻur. Senga esa yana bosh ogʻriq. Qolgan yumushlar ham yetib ortardi, - deydi Qudrat karvon.
-Siz xavotir qilmang otasi. Roʻzgʻorga harna yordami tegardi-da, - deydi kampir.
-Oʻzing-chi? Oʻgʻling nima deydi bunga, uning xabari bormi oʻzi bu ishlaringdan, - deydi Karvon.
-Oʻgʻlimiz roziday, otasi, - deydi kampiri.
-Nima? Qanaqa rozilik? Kimga rozilik? Bu jinqarcha xotinsirab qoptidimi hali? Xotin olish oʻyinchoq emas, - deydi Qudrat karvon.
-Bilaman, bilaman. Kelinning qoʻlidan men ham choy ichgim keldi. Yana tagʻin mol-hollarga ham yollashardi. Qoʻlimdan ishni olar dedim-da. Menikiyam bir koʻngil, otasi, - deydi kampiri sal iyib.
-Ha, gap buyoqda deng kampir, - deya karvon soʻljayadi. – Balkim, oʻzingga bir yordamchi opkeb berarman. Oyoq-qoʻli chaqqon, beminnat xizmatingni qilib yuradi. Har zamonda oʻzim ham ish buyurib turaman.
-Unaqa topib beradigan yordamchingiz boshingizdan qolsin. Agar opkelsangiz, shu zahoti uni burda-burda qilaman, - deydi kampir arazlab.
-Uvoliga qolasan kampir. Vajohating yomon-ku. Uyam birovning bolasi axir! Rahming kelsin, - deya Karvon jiddiy gapga oʻtadi. – Uzoqqa jabr qilmayapsanmi ishqilib? Keyin unga qizimni beraman deb koʻzi uchib turganlar bormi oʻzi?
-Endi u yogʻini oʻzingiz hal qilasiz. Koʻcha toʻla qiz. Ota-onasiga qarab sekin tushuntirasiz. Ikkimiz ham qariyapmiz. Tuzukroq joydan izlash kerak. Qarindosh-urugʻlardan boʻlsa, yanayam yaxshiroq boʻlardi. Harna oʻzimizniki, - deydi kampiri.
-Boʻpti, kampir. Oʻylab koʻraman, - deydi Karvon.

Kampiri oʻchoq boshiga ketdi. Fonusning yorugʻida idish-tovoqlarni yuvdi.

Qudrat karvon supada yolgʻiz oʻtiribdi. Yostiqqa yonboshladi. Piyoladagi choyni bir himo bilan sipqordi. Chalqancha yotdi. Qoʻllarini boshi uzra aylantirib, boʻyniga qoʻydi. Va shu yotganicha osmonga tikildi.

Osmon. Oy koʻrinmasdi. Yulduzlar porlagan. Somon yoʻli gʻuborli boʻlib turibdi. Mana choʻmich, yetti ogʻayni... Qoʻl uzatsa yetgudek. Ular ne-ne siru sinoatdan voqif. Va qancha-qancha taqdirlarga guvoh. Bezabon va beziyon.

Karvon shu kuyi ota-onasini esladi. Ular ham bir paytlari oʻzlarining va bolalarining kamolini oʻylagan. Ezgu niyatlar qilgan.

Mana bugun ularning zurriyodi – Qudrat karvon ham bedor xayol surmoqda.

Vaqti kelib uning bolalari ham mana shunday vaziyatni boshidan oʻtkazadi. Ular ham oʻz avlodi uchun qaygʻuradi.

Ana shu tarzda vasiylik davom etaverarkan.

Oʻz umrining yarmidan ziyodini yoʻlda oʻtkazgan Qudrat karvon hayotda doʻstu dushmanning farqiga boradigan boʻldi. Koʻp chigʻiriqlardan oʻtdi. Boshidan ne-ne savdolar oʻtdiki, bariga chidadi. Sabr qildi.

Endi u Uzoqning tashvishi bilan yashaydi. Chol qarigan boʻlsa-da, oʻgʻli hali yosh. Bu yoqda kampiri qistalang qiladi...

Dunyoning ishlari shu ekan-da, deya karvon ertalabki nonushtadan soʻng hammasiga javob berib yubordi-da, oʻgʻlini yonida olib qoldi.

Qudrat karvon gapni uzoqdan boshladi:
-Uzoq bolam, mening yurishimni bilasan. Enang qiynalyapman, deydi. Boshingni ikkita qilsak. Harna, roʻzgʻorgayam nafi tegarmidi?
-Yoʻq ota, men hali yoshman. Keyin...- deya oʻgʻli tutilib qoladi.
-Bilaman bolam, hech kim hali menga xotin olib berasan, deb jar solmaydi. Uyat sanaladi bu ish. Ismi-rasmi shunaqa. Ota-ona aytadi. Bolasi uyaladi. Keyin qolgani oʻz-oʻzidan iziga tushib ketadi. Ovora boʻlib oʻtirmagin, bolam, - deydi Karvon.
-Bilmasam, ota, qanday boʻlarkan? – deya oʻgʻil uyalinqiraydi.
-Ana endi oʻzinga kelyapsan bolam. Seni uylantiramiz, qolgani bir gap boʻlar. Koʻzingning ostiga olganing bormi? Yoki enangni oʻzi hal qilsinmi? – deya Karvon qistaydi.
-Yoʻq, oʻzlaringiz hal qilaveringizlar, - deydi bolasi.
-Ha, ish degan mana shunday boʻladi. Qari otangning gapiga kirsang, anovi, Jumagul ammangning qizini olasan. Begona emas. Oʻzimizniki. Shunga nima deysan? – soʻroqqa tutadi Karvon.
-Siz nimani xohlasangiz shu boʻladi, ota, - deydi oʻgʻil.
-Boʻldi, oʻgʻlim masala hal. Endi oʻrningdan turib ishlaringni bajar. Erta-indin enang oʻzi sovchilikka borib keladi. Qishga qolmasdan senga xotin olib beramiz. Mazza qilasan. Yana tagʻin u yoq-bu yoqqa maqtanib yurmagin, - deya Karvon kuladi.

Qudrat karvon ayni ishidan oʻzi judayam huzur qildi. Kampirini yoniga chorlab, vaziyatni tushuntirdi. Shunchalik mahtal ekan chogʻi, Qumri kampir peshindan soʻng dasturxonni qoʻltiqlab, ammanikiga sovchilikka joʻnadi.

Ikki kampir kechga qishloqdagi borki gapu gashtakni bir-biriga aytdi. Qumri kampir iymanardi. Oxiri, ketar chogʻi sovchi yorildi:
-Ammasi men aslida siznikiga qulchilikka keluvdim.
-A, Nima qanday qulchilik? Kimga? – deya amma angrayadi.
-Boʻstonni Uzoqvoyimga soʻrab keluvdim. Ikkovi baxtli boʻlsa, - deya gap boshlovdi hamki, amma gapni shartta boʻldi:
-Yoʻq, munaqasi ketmaydi, Uzogʻingizning yoshi kichkina, u hali burnini tozalab olsin, undan keyin men qarindosh bilan quda boʻlmayman. Qizimning ham did nozik, aylanay. Siz sovchilikka emas, mening ustimdan kulgani kelganga oʻxshaysiz-a, kelinjon. Xafa boʻlsangiz ham qizimni Uzoqqa bermayman.

Qumri kampir gapirmasdi. Shartta oʻrnidan turdi-da, dasturxonidagi nonlarni xontaxtaga qoʻyib, xayr-ma’zurni ham nasya qilganicha uyiga qarab yoʻl oldi.

Supa ustida hamma jamuljam. Kampir ham kelib oʻtirdi. Hamma uning ogʻziga poylaydi. Biroq kampirning avzoyi buzuq. Qizlari dasturxon yozib, ovqat suzdi. Hamma jim. Sukunatni Qumri kampirning oʻzi buzdi:
-Otasi, ammamizning oldida obroʻyimiz yoʻq ekan. Bekorga boribman u yerga. Ustimizdan kuldi. Juda izza boʻldim. Borganlarimga pushaymon boʻldim.
-Tushuntiribroq gapirsang-chi, kampir. Nima boʻldi oʻzi? – deydi Karvon.
-Nima boʻlardi, Uzoqqa beradigan qizim yoʻq, dedi ammasi. Qizining didi nozik ekan. Odam bilan gaplashgisi ham kelmaydi. Masxara qiladimi-e? – deydi kampiri.
-Mayli, Jumagulning qizi boʻlmasa, boshqasining qizi bordir. Bularga qirgʻin kelmagan-ku! – dedi Karvon bepisandgina.
-Siz shunday deysizu lekin eshitgan quloqqa yaxshi emas. Obroʻyimiz nima boʻladi? – deydi kampir.
-Qoʻy, kampir, uyam bir narsalarni oʻylagan chiqar, - deydi Karvon.

Oraga ogʻir jimlik tushdi. Hamma mulzam boʻldi. Uzoq qoʻlidagi nonni dasturxonga qoʻydi. Ovqatini ham sal yeganday boʻldi-yu yana qoshiqni qaytib kosaga tashladi. Xoʻrligi keldi. Tomogʻi boʻgʻildi. Oʻzini qaerga qoʻyarini bilmasdi...

Hafta oʻtib yana Qudrat karvon Kosondan tuyalarini minib Kattaqoʻrgʻon tomon yoʻl oldi. Karvon yoʻl-yoʻlakay Ayritom va Jomdagi joʻralarini koʻrish uchun ham burildi. U yerlarda eski oshnolari bilan gurung qildi. Yana manzil sari yoʻl oldi.

Manzilga yetish oldidan Saroyqoʻrgʻonda uni Mardi Sulton degan rais ogʻaynisi toʻxtatdi. Uyiga taklif qildi. Qarasaki, oʻgʻli – Uzoq ham shu yerda. Ota-bola koʻrishdi. Mezbon kuladi. Karvon esa hayron. Uzoq uyaladi.
-Hozirgi yoshlar maqsadiga yetmasa qoʻymas ekan. Baxtini bersin. Kelin muborak boʻlsin, karvon. Ikkalasi qoʻsha qarisin, - deydi Mardi Sulton.
-Qulluq, qulluq rais buva, - deya Karvon alanglab oʻgʻlini qidiradi.
-Hozir chaqiramiz, - deya Mardi Sulton tashqariga ovoz beradi: - Uzoqvoy, hov Uzoqvoy bu yoqqa bir keling.

Uyga iymanib, uyalibgina Uzoq kirib keladi.
-Nima gap oʻgʻlim. Sizni bu tomonlarga qaysi shamollar uchirdi. Kelin degan gaplar paydo boʻpti. Oʻzingiz tushuntiribroq aytib bersangiz, - deya Karvon kesatadi.
-Ota bu ishni sizning obroʻyingiz uchun qildim. Enamga ham shuni aytdim. Ruxsat soʻradim. Qisqasi, ammamning qizi opqochdim. Qiziga qoʻshib besh yuzta terisini ham opkeldim. Harna, kelinga sep boʻladi. Boʻstonni emas, Gulistonni otga mindirib opkeldim. Oʻzi ham rozi boʻldi. Rais buvanikiga tushdik. Sizni kep qolar deb kutib turuvdim. Bor gap shu, ota, - deydi oʻgʻli.
-U yoqda toʻpalon boʻp yotgandir-da bolam, birovning bolasini ota-onasidan besoʻroq sayr qildirish yaxshi boʻlmas, - deydi Karvon.
-Ota, Guliston menga tegishga rozi edi. Uydagilari ham buni biladi. Qolaversa, bu ishlarni or ustiga qildim, ota, -deydi oʻgʻil.

Qudrat karvon Mardi Sultonga ham qarab qoʻyadi. Rais joʻrasi kuladi. Va aytadiki:
-Karvon aslida biz sizning yoʻlingizga qarab oʻtiruvdik. Uzoqvoy bilan kechadan beri koʻp gaplashdik. Tanlagan yoʻli yomon emas. Siz rozi boʻlsangiz mulla opkelsagu ismi rasmini qilsak. Yana oʻn-yigirma odamni chaqiramiz.
-Boʻldi, men bozordan bir qoʻyni opkelay. Siz mullaga odam yuboring, - deya Karvon oʻrnidan turmoqqa shaylanadi.
-Yoʻq , karvon siz oʻtiring. Qoʻy qahat emas, ana qoʻrada turibdi. Bittasini soʻyamiz. Hozir mulla Burhonga odam joʻnatamiz, - deydi Mardi Sulton.
-Rais bu hammasi yaxshi-ku, lekin mulla Burhon qistaloqdan boshqasi yoʻqmi? Anovi bor edi-ku... mulla Razzoq, mulla Saydulla deganlari. Shularni chaqiraylik, - deydi Karvon.
-Mulla Burhon oʻrischa qoʻshib oʻqiydi, deysizda, Karvon. Mayli, boshqasini chaqirtiramiz, ixtiyoringiz, - deydi rais joʻrasi.

Mardi Sulton hamma ishlarni oʻzi bosh boʻlib tashkillashtirdi. Mulla Saydulla yoshlarning nikohini oʻqidi. Soʻng qoʻy suyilib, ellik-oltmish kishiga osh berildi. Va bu haqda Kosonga ham maxsus chopar orqali xabar ham berildi.

Uzoq kelin bilan Mardi Sultonnikida yashab yurdi. Karvon safari qarib, Kosonga ketish oldidan barcha doʻstu birodarlarini uyida boʻlajak tuyga taklif qildi-da, oʻgʻli bilan kelinini ham oʻzi bilan birga olib uyiga joʻnadi.

Koson kelib, hovlini epaqaga keltirishdi. Hamma voqea bayon qilindi. Qarindoshlari, el-yurtni chorlab ularga ziyofat berdi. Toʻyga faqatgina Jumagul ammaning oʻzi, eri va bolalari kelmadi...

Tamosho tugab, hamma narsa iz-iziga tushay deb turgan chogʻida Karvonning darvozasi taqillaydi. Eshikni Karvonning oʻzi ochadi. Qarsaki, Jumagul amma yerga qarab turibdi.
-Keling amma, ichkariga marhamat, - deydi Karvon.
-Shu..desangiz, ukajon... pochchangiz meni bir omonatga yuborgandi... shunga keluvdim, - deya amma kalovlanadi.
-Ichkariga kiring amma, koʻchada turmang. Qanday omonat... Nima ekan u? – deydi Karvon.

Jumagul amma yana battar dovdiraydi. Uyatdanmi yoki hadikdanmi, ishqilib yuzlari qip-qizil boʻp ketgandi. U Karvonning uyga kiring deyishiga koʻnmaydi. Tashqarida turadi. Oʻziyam, Karvon ham buning ustiga uydagilar ham noqulay ahvolda qolishdi. Oxiri Karvonning toqati tugab, oʻzi gap boshlaydi:
-Amma, endi bularni tinch qoʻying. Qizingiz siz uchun omonat boʻlsa, oʻgʻil men uchun aziz. Bularni tinch qoʻying. Ikkoviyam sizning bolangiz. Hali asta-sekin munosobatlarimiz ham joyiga tushib ketadi. Koʻpam qaygʻuravermang. Aslini olganda, sizu biz ham omonatmiz-ku!
-Aylanay uka, men boshqa narsa uchun keluvdim. Pochchangiz har kuni quloq miyamni yeydi. Anovi teri bor-ku. Besh yuzta teri. Ana shuni qaytarib bersangiz, ukajon, - deydi amma.
-Ey, poʻstak demaysizmi, amma. Men nima deb oʻylabman. Hozir opketasiz, Arava ham beraman, - deydi Karvon.
-Mayli, ukajon, pochchangiz ham xursand boʻlardi, Baraka toping, rahmat, - deya amma sarosimalanadi.

Qudrat karvon besh yuzta terini aravaga joylab qudasinikiga eltib beradi.

Shundan keyin qaytib ular bir-birovlarini yoʻqlamaydilar. Uzoq ham ota kasbini qiladi. U Gulistondan keyin ham oʻn birta xotin oladiki, bu butunlay boshqa tarix.