OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiYovon jonzotlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yovon jonzotlari (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Togʻoshar – bu nom yoki ism desak, egasiga juda mos. Togʻoshar choʻpon. Choʻponki, otasi ham unga tugʻilgan zahoti peshonasida choʻponlik yoxud choʻliqlik yozilganidek, aynan shu ismni qoʻygan.

U esini tanibdiki, dashtu yovonlarda suruvining ortidan yuradi. Togʻosharga bu yerlarning oʻt-oʻlanlariku mayli, hattoki togʻlarining toshlarigacha ma’lum, desak, lof aytmagan boʻlamiz. U suruvini mudom bir yaylovda boqadi. Yaylovning nomi ham qiziq – Afandining soyi. Afandi kim ekan, dersiz. U tamomi qishloqdoshlaridan ajralib, soyning tepasiga chiqib, uy qurgan. Turmushi ham, fe’li ham farq qiladi. Shundan boʻlsa kerak, el qoʻygan afandi laqabi ham erish tuyulmaydi.

Xullas, Togʻoshar suruvini boqadigan yaylovning toqqa tutashgan joyida unga tanish boʻlgan, tanish boʻlganda ham sakkiz yillik tanishi - kaltakesak yashaydi. Ular avval boshda ikkita boʻlib, soʻng urchib, koʻpayib ketishadi.

Ilk daf’a Togʻoshar kaltakesaklarni koʻrganida ijirgʻanib, yoʻlida ularni uchratganida tayogʻi bilan urib, oʻldirmoqchi ham boʻlgandi. Bu hisdan bexabar kaltakesak esa xuddi salomga chiqqanday, har kuni erta tongdan uning yoʻlida turadi. Shundan soʻng, bora-bora Togʻoshar kaltakesaklarning turqiga ham koʻnikib ketdi. Kaltakesaklar ham unga koʻnikishdi. Jonivorlar bu yil toʻqqizinchi marta oʻz yaylovlarida Togʻosharni suruvi bilan kutib olmoqda. Endi ular to sovuq tushguniga qadar bir-birlarini koʻrib, koʻz-quloq boʻlib turishadi...

Qoʻylar tong saharda oʻrnidan turib, togʻ tomon jilib ketishgan ekan, u suruvini togʻning ortidan qaytarib kelayotganida, soyning xilvatroq joyida bir kaltakesak dumini sudrab, orqa oyoqlarida turganicha, uch-toʻrtta sheriklarining tegrasida aylanib yurganini koʻrdi. Togʻoshar bu manzarani koʻrib, jonivorlarning bazmidan irganmay, miyigʻida kulib qoʻydi. Endi u ilgarilari keksa choʻponlardan eshitgan kaltakesaklar haqidagi bad gaplarga unchalik ishonqiramay, andak shubhalanib qoldi.

Quyosh togʻlarning ortidan koʻtarilib, Togʻoshar soyning boshiga kelganida, Qoʻchqor choʻponning bir qoʻyni emlayotganing ustidan chiqdi.
-Hormang, Qoʻchqorboy, - dedi Togʻoshar tomoq qirib.
— Salom, bor boʻling, keling togʻa, - deya Qoʻchqor choʻpon manzirat qildi.
-Qoʻyingizga nima qipti? – soʻroqlaydi Togʻoshar.
— Kechagina qoʻzilagandi, boyna bir kaltakesakni koʻrdim, yeliniga tarmashib turgan ekan. Shunga yarasini bogʻlab qoʻyay, degandim, - deya Qoʻchqor choʻpon dovdiraydi.
— Kaltakesak ham suruvga daxl qilarmikan-a? – deya Togʻoshar oʻsmoqchilaydi. – Ana mening qoʻylarimga teginmaydi-ku. Qoʻchqorboy siznikiga nima boʻlgan ekan-a?
-Togʻa aytsam, ishonmaysiz, boshqa jonivorlarga nisbatan bu yil kaltakesaklardan koʻp jabr koʻryapman.

Togʻosharning kulgisi qistadi. Biroq kulgidan tiyilib, asta gap qotadi.
-Qoʻchqorboy, inim hozir nisbatan degan kalimani ogʻzingizga oldingizmi?

Qoʻchqorboy esa uyalib, kelinlardek boshini koʻksiga tashlaydi. Yana indamay oʻz ishi – emlashda davom etadi.

Togʻoshar chidab turolmaydi, tili qichiydi. «Mishiqi, otangni koʻrdim, ahmadi forigʻ, onangni koʻrdim tovoni yoriq.» U oʻylaganlarini tashiga chiqarmaydi. Oʻzini bosib gap tashlaydi:
-Qoʻchqorboy, uka, ming qilsayam choʻpon odammiz, shevamiz ham oʻzimizga yarasha. Tan oling, mana otingz ham Qoʻchqor. Osmondan oyoq uzatib tushmagansiz. Bizam sizchalik boʻlmasayam, sal behroq qilib, gapga ishton-koʻylak kiygizamiz. Nisbatan degan gapga balo bormi? Sizga kerak boʻlsa mana oʻzim aytib beray. Yaxshilab quloq soling.
-Misolga Xakim choʻponni olaylik. Xakim qasamxoʻr. Oʻgʻillaridan oladigan boʻlsak, Quvonboy bilan Manzar ham otasiga oʻxshagan – qasamxoʻr. Lekin oʻrtanchisi – Nuriddin peshroq. Xudodan qoʻrqadi, odamni aldamaydi. Mana bizning biladiganlarimiz shular, biror narsani da’vo qilmaymiz.
-Togʻa choʻponlik yoqmayapti. Kecha boshpurtimni oʻzgartiraman, deb Suyun Pirimqulning qabulida boʻldim. U oʻziga yordamchilikka chaqirdi. Elga yordamingiz tegar, dedi. Endi shunga borsammi, deb turibman, - deya Togʻosharga yuzlandi.

Togʻoshar ayni gaplarning yolgʻonligini, bu shunchaki koʻngil kuyi ekanligini biladi. Suyun Pirimqulning oyogʻi uzangida, uning yonida qanchalab laychalar tilini osiltirib yuribdi. Mabodo, erta-indin Suyun Pirimqul mansabidan tushguday boʻlsa, yonida turgan laychalarning birortasini ham koʻrmay qoladi. Shunda u boshini adlroq tutib qarasa, u laychalarning boshqa birovning yuvindi idishidan oʻziga qarab turganini koʻradi.

Suyun Pirimqul esini yegani yoʻq. Laycha bilan itning farqiga boradi.
-Boring, Qoʻchqorboy boring. Suyun Pirimqul toʻgʻri gapni aytgan. Raiyatga yordam qiling, shular qatorida bizlarniyam eslab turing, - deya Togʻoshar gapiraveradi.
-Togʻa sizlarni unutib boʻlarkanmi, sizlarni ot, issiq kiyim va oziq-ovqat bilan ta’minlashni birinchi oʻringa qoʻyaman.

Qoʻchqor choʻpon gapga qiziqib, qoʻyni chala-chulpa emladi-da, joylashibroq oʻtirdi. Togʻoshar hafsalasiz unga qaradi.
-Togʻa qonunni bilasizmi? – deya soʻroqlaydi u.
-Endi biz avom odam. Gazet-pazetgayam koʻz oʻtmay qolgan. Erta-indin siz oʻqisangiz bizgayam yetkizarsiz. Harna, bilib qoʻyganimiz yaxshi.
-Mana qarang: shuncha gazetani ortib yuribman, - deya u xurjuniga ishora qiladi.
-Baraka toping, siz oʻqing. Xukumatning odami boʻlarkansiz. Xurjunlab emas, qoplab, qanorlab oʻqing, - deya Togʻoshar suruvi tomon yoʻl oladi.
-Qayoqqa ketyapsiz, togʻa? – dedi Qoʻchqor choʻpon xurjunidagi varaqlarni yerga agʻdarar ekan.
-Susambilga Qoʻchqorboy, qoʻylarni bir yayratib kelay, borsangiz sizni ham opketay, keyin vaqt boʻladimi, yoʻqmi?
-Yoʻq borolmayman, men yana oʻrtoq Suyun Pirimqulning oldiga bormasam boʻlmaydi.

Togʻoshar qoʻylarini sugʻorib qaytayotganida soyning oʻrtasida, kaltakesak ortidan beshtasini ergashtirgancha uning yoʻlini kesib oʻtdi. Ular bemalol oʻtganlaridan soʻng, hammasi burilib Togʻosharga qarashdi. U ham bir muddat yaylovdoshlariga qarab turdi. Soʻng katta kaltakesak hamzabonlariga bir narsa tushuntirganday boʻlib, ularni jipsladi-da, bir pas turib, keyin hammasi qirga qarab oʻrmalab ketishdi.

Togʻoshar bugun ertalab necha yillardan beri eshitib kelayotgan chirildoq tovushini bu yil hisobidan birinchi marta eshitdi. Ovoz biroz hazinroq boʻlsa-da, biroq jarangdor edi. U soyga tushib kelayotganida kaltakesak zahkash harsangning tagida butun olamni unutib, chirillayotgan edi. Togʻoshar unga yaqinlashganida ham kaltakesak jilmadi. Hatto yarim qadam qolganida ham qimirlamadi. Faqatgina chirillashini bas qildi.

Choshgohga kelib, Togʻoshar yana Qoʻchqor choʻponga duch keldi. Sherigi uni yigʻlagudek boʻlib, soy tomon yetakladi. Ikkita sovliq soyda turgan ekan. Ularning yonida esa bir kaltakesakning chalqancha yotganini koʻrdi-da, uni tayogʻi bilan turtib koʻrdi. Ammo kaltakesak toshday qotib qolgan edi.
-Togʻa siz ishonmagan edingiz, mana shu kaltakesakniyam qoʻyning yelinidan ajratib oldim, - deya Qoʻchqor choʻpon oʻlib yotgan kaltakesakka ishora qildi. – Bularning dastidan oʻntacha qoʻy bolasini emizmay qoʻydi.
-Qoʻchqorboy men oʻzimning qoʻylarimga tegmagani uchun shunga qiyoslab bu gaplarni aytgan edim. Lekin rosti gap, hali meni qoʻylarim kaltakesak jonivordan hurkkaniyam yoʻq. Nima boʻlgandayam bekor oʻldiribsiz, bola-chaqasi bordir, uyasida koʻz tikib oʻtirgan chiqar. Uyam tirik jon edi.

Qoʻchqor choʻpon yana nimalarnidir gapira boshlaganida u kaltakesakka qarab indamay joʻnab ketdi.

Togʻoshar bu safar yoʻlida jonivorlarni uchratmadi. Kechki salqin Togʻoshar yana tanish chirildoq ovozni eshitdi. Qirning ustiga chiqib kelayotganida soyda bir toʻda kaltakesaklar ort oyoqlarida tik turganicha doira shaklida aylanishardi. Ularning boshlarida allaqanday ola-kula, qizgʻish rangdagi tojsimon narsa ajib tusda tovlanib turardi. Ular dumlarini ham rosmana bellariga chirmab olgandi. Xuddi shu zaylda oʻlgan kaltakesakning atrofida aylanib yurishardi...

Togʻoshar bu manzarani koʻrib, allanechuk boʻlib, ich-ichidan qaygʻurib, oʻtirganida toʻsatdan yoniga Qoʻchqor choʻpon keldi. Sherigi toʻsatdan emas, balki atay, atayin kelgan edi. Togʻoshar unga qayrilib ham qaramadi. Qoʻchqor choʻpon noiloj choʻkka tushib, kaltakesaklarning marosimiga qaradi.

Talay vaqt oʻtganidan soʻng, Togʻoshar oʻrnidan turib pastga, soyhonlikka qarab ketdi. Orqasidan sherigi ham yetib kelib, yelkasiga suykaldi. Ammo bu safar ham u burilib qaramadi. Soyga tushib, qirga yetay deb qolganida bir kaltakesak jonivor ortidan beshtasini ergashtirib, uning yoʻlini kesib oʻtdi. Togʻoshar bir muddat toʻxtab turdi-da, soʻng ularning ortidan ergashib, suruvi tomon ketdi...