OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodiyor Hazrat Ismat
Asar nomiZavq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodiyor Hazrat Ismat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/07/10
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zavq (hikoya)
Shodiyor Hazrat Ismat

Uni ota-onasi juda koʻp kutishdi... Unga atab beshik, tuvaku sumakdan tortib boshqa anjomlargacha niyat bilan olishadi ham.

Ammo u kechikayotgan edi. Onasi hijolat boʻldi. Otasi ham oʻzini aybdordek his qildi. Bobolari ham u bilan tevarak-atrofdagilarning oldida gʻururlangisi, maqtangisi kelardi...

Biroq u hanuz kechikayotgan edi...

Ota-onasi eskicha-yu yangichasiga davolanishdi. Tabib-mulla- doʻxtirlarga bearmon qatnab yurishdi. Chiqmagan jondan umid...

Uning tezroq kelishini yaratgandan nola qilib soʻrashdi. Va’dalar berishdi. Ohlari uzzu kun koʻkka oʻrlayverdi.

Nihoyat u keladigan boʻldi. Endi uni kutib olishga tadorik koʻrila boshlandi.

Ota-onasining umidlari ushaladigan boʻldi. Alhol, shaytongina noumid. Umidning soʻnmagani qanchalar yaxshi... Axir barcha a’mollar ham niyatga qarab bajo etiladi-ku!

Yaratgan egam ota-onaga uni ato etdi.

Otalik baxti...

Onalik zavqi...

Bolalik zavqi...

Ayni zavqdan bahramand boʻlganlarning soni qanchalar ekan... Ularning xayollarida ne kechar edi. Koʻngillar gʻururga toʻldi.

Xesh-aqrabolar yigʻiladi. U esa yoʻrgakda bemalol yotardi. Uning oldiga hammaning ham kirishga ruxsat etilmasdi.

Dastlab uni choʻmiltirishdi. Soʻng artib-surtib yana yoʻrgaklashdi. Uning kelishi oilada bayram boʻldi. U oʻzidan oldin ham bir goʻdakning kelganligini va u ham koʻp turmasdan yana darrov qaytib ketganligini umuman bilmasdi. U shiftga tikilganicha beparvo va bexavotir yotardi. Akasining darrov ketib qolganligi ota-onasini va boshqa qarindoshlarni esankiratib qoʻygandi. Shu sabab boʻlsa kerak, hamma «Iloyim, umri bilan bergan boʻlsin,» deya yuzlariga duoi fotiha tortishardi.

Bobo uning qulogʻiga azon aytdi. Va soʻng unga – Poʻlat deb ism qoʻyishdi. Hayoti poʻlatdek mustahkam boʻlsin, deya niyat etishgandi - da.

Onasi oʻchoq boshda chiroq yoqdi. Uni buvisi beshikka beladi.

Endi unga hamma mehribon. Erkalab yonoqlarini qitiqlashadi. Boshini silaydilar. Beshik yonida oʻtirishib, bolakayning kelajagi haqida shirin orzularni xayol qilishadi. Uning obroʻli, baxtli, taxtli boʻlishini chin dildan niyat etishadi.

Bolakay beshikda jimgina yotardi. U vassajuftli shiftga qaraganda nenidir kashf etishga shaylanardi. U shiftdagi simni va bu simga ildirilgan moychiroqning yonib oʻchishini bilib ulgurgandi. Deraza va eshiklarni ham va ular orqali keladigan yorugʻlik hamda choʻkadigan qorongʻulikni ham anglay boshlagan edi. Endilikda u oʻzining beshigi oldiga kelib, oʻzi bilan muomila qiladigan odamlarning aksariyatini tanib ham boʻlgandi. Ammasi, xolasi, togʻasi, amakisi, bobosi, buvisi – bularni u sekinlik bilan bir-biridan ajratib olardi. Ular turli toifa edi.

Hattoki, u oʻzining beshikdan olib, tashqari hovlida sayr qiladigan vaqtlarigacha bilib oldi. Agar uydagilar uni olishda kechikadigan boʻlishsa, u darrov xarxasha qiladigan boʻldi. Endi uni atak-chechak yurgizadigan qilishdi.

Poʻlat beshikni tark etdi. Endi u hovlining odami. Ish boʻlsa-yu boʻlmasa-da hamma qatori koʻchada kuymalanib yuradi. Oʻzicha qaysidir ishni doʻndirgandek boʻladi. Suv, tuproq bilan oʻynab ust-boshini kir qiladi. Oʻchoqdagi choʻgʻni olmoqchi boʻlib, kulni titkilaydi. Olaparning boshini silaydi, soʻng ustiga chiqib minib oʻtiradi. It ham uni tushunadi. Ustidagi bolaga bir qaraydi-yu homuza tortib yana tilini osiltirganicha atrofni kuzata boshlaydi.

Poʻlatning barcha harakatlari oila a’zolarining nazorati ostida boʻlardi. Hovlidagi hamma yumushlarni bobosi derazadan kuzatib turardi. Poʻlatning endi imo-ishoradan soʻzga oʻtish lahzalari kela boshladi. Uning ovozida eng birinchi boʻlib – «ona» soʻzi yangradi. Soʻngra uning eng lugʻatida yana bir – «ota» kalomi paydo boʻldi.

Keyinroq, u bobo va buvi degan soʻzlarni ham aytib murojaat qila boshladi.

Poʻlatning tarbiyasi asosan bobosi bilan buvisining izmida edi. Ular bolakayning ota-onasini ham Poʻlatga qoʻshib tarbiyalashayotgan edi. Oilani bobo boshqarar edi. Uning soqol-moʻylablari oppoq edi. Boshida doim salla boʻlardi. Poʻlat bir kuni boboning soch yuvayotganini koʻrdi. Sochlari ham soqoldek oppoq edi. Shunda u bobosidan oqlik sabablarini soʻray boshlaydi.

Bobo esa boshidan oʻtganlarini gapira ketadi...

Tarix... taqdir... qarilik... umrning oʻtishi...

Boboning oʻtmishi alohida bir mavzu edi...

U nevarasi – Poʻlatni qanchalar kutganligini ham aytdi. Uni soʻrab parvardigorga nimalar deb iltijo qilganligini ham gapirib berdi. Endi bearmon oyoq uzatib yotishi mumkin ekanligini, Poʻlatning oila sha’nini himoya qilishga tayyorgarlik koʻrishi lozimligini aytdi.

Poʻlat beshikdan tushgandan soʻng har kuni nimanidir kashf etib borardi. Soʻrayverib hammani bezor qilardi.

Momolar aytar edikim, bola hali tugʻilmasdanoq, u oʻzining ota-onasini taniydi. Bu gaplarga chippa-chin ishonasan. Negaki, bu gapning haq-rost ekanligini bolangning koʻzlaridan sezasan.

Koʻzlar... koʻzlar...

Koʻzdan his qilish mumkin.

Koʻzdan sezish mumkin.

Dunyoda boladek begʻubor hilqat yoʻq. Uning koʻzlaridagi zavqni his eta olish hammaga ham nasib etsin ekan.

Bolaning koʻzi aldamaydi.

Bolani aldash mumkin, lekin bola hech kimni aldamaydi.

Hovliga kirib kelayotgan otaning oldiga peshvoz chiqayotgan bolakayni kuzatganmisiz?

Bolakaydagi hayajon, undagi samimiylik, koʻzlaridagi begʻuborlik...

Uning qoʻllarini oldiga yozib, otasi tomon talpinishini yodga olsangiz, koʻngil ravshanlashdi. Yana olamdan umidvor boʻlasiz.

Eh, deysan. Sen oʻzing ham bir paytlar otangga shunday talpingansan.

Mana bugunga kelib farzanding ham senga talpinyapti...

Charxpalak... falakning gardishi...

Bolangni koʻksingga bosasan-da, uni erkalaysan. Quvonchingdan entikasan, yuraging hapqiradi. Oʻgʻling boʻyningdan quchoqlaydi. Sen uni asta opichlaysan. Bolalik zavqi otalik mehringni iyitib yuboradi.

Shunda taningdagi har neki bor horgʻinlikni unutasan. Yelkangdagi tashvishlar esdan chiqadi.

Bolakayning qoʻllarini dast koʻtarasan-da yelkangga mindirasan.

Yelkangda farishtalar oʻtiradi.

Bu ishdan ular ham xursand.

Negaki, sen yelkangda uchinchi farishtani koʻtarib boryapsan.