OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shodmon Otabek. Chiroq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodmon Otabek
Asar nomiChiroq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shodmon Otabek
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chiroq (hikoya)
Shodmon Otabek

Har gal qishloqqa borganimda maktab yonidan oʻtaman. Qaytmas, betakror bolalik xotiralari beixtiyor koʻz oldimda jonlanadi.

Onamning aytishicha, shaharda yuraverib, «diydam qotib ketgan». Ammo qadrdon maktabimni koʻrganimda hayajonimni bosolmayman. Qadamlarim oʻzimga itoat etmay, beixtiyor boʻshashib, sekinlayman. Maktabga kirgim keladi. Ammo negadir kirmayman... kirolmayman...

Bu gal qishloqqa oqshom choʻkkanida kirib bordim. Maktabga yaqinlashganimda nosqovogʻini yoʻqotgan bangiday kalovlanib qoldim. Nihoyat, oʻsha tanish bino ham ortda qoldi. Shunda koʻnglimda gʻalati, kutilmagan bir istak uygʻondi. Sekin orqamga qaytdim. Maktab hovlisida tanish qorovul cholga duch keldim. Quyuq salomlashdik. Oʻgʻli bilan sinfdosh edik. Boyoqish qarib, sal bukchayib qolibdi. U gulni gʻunchaligida, mevani gʻoʻrligida uzadigan bolakaylarni zirillatib quvlaydigan kishiga endi sira oʻxshamasdi.

Qorovul bemavrid tashrifimdan sal ajablanganini darrov payqadim. Maktabga kirmoqchiligimni aytganimda yanada hayratlandi:
— Ichkarida hech zogʻ yoʻq, oʻgʻlim, — dedi u yuzimga qarab.
— Menga shunisi kerak, togʻa, — dedim unga xotirjam boqib. — Men shundoq bir... kiramanu chiqaman.
— Qaerga kirmoqchisiz oʻzi?
— Oʻninchi «B»ga, hoʻ-vv, oʻzimiz oʻqigan sinf bor edi-ku?

Qorovul indamay oldinga boshladi. Yoʻlak eshigini kalit bilan ochgach, oʻzi tashqarida qoldi.

Ichkariga qadam qoʻydimu tanish, qadrdon bir hisdan entikib ketdim. Dimogʻimga goʻyo maktab hidi urilganday boʻldi. Maktab hidi! Bunday hidni hech qachon, hech bir joyda tuymaganman. Bu hid pol va devorlar, partalardagi boʻyoqlar, ohaklar yoki tuvaklardagi rango-rang gullarnikimidi — bilmayman. Sarxush bir kayfiyatda oʻninchi «B» ni qidiraman. Eshiklardagi yozuvlar oʻzgarib ketibdi. Ammo men yanglishmay oʻzim oʻqigan sinfni topdim. Ana, oldindan uchinchi qator — deraza yonidagi parta! Bu mening joyim edi. Partaga gavdam zoʻrgʻa sigʻdi. Tirsaklarimni «yostiqcha» qilib, partaga bosh qoʻydim. Nazarimda, vaqt va makon tushunchasi butunlay oʻzgargan, men ham goʻyoki bolaga aylanib qolgandekman. Oradan oʻn besh yil emas, oʻn besh daqiqa ham oʻtmagan. Faqat men shirin bir tush koʻrganmanu hozir qoʻngʻiroq boʻlsa, qayta hushimga kelaman.

Atrofga qorongʻulik choʻka boshladi. Derazadan xonaga xiragina shu'la tushib turibdi. Chiroqni yoqsammikin, deb oʻyladim. Shunda «yarq» etib xayolimda oʻsha uzoq yillar muqaddam boʻlib oʻtgan chiroq voqeasi jonlandi.

Oʻshanda oltinchimi, yettinchimi sinfda oʻqirdim. Maktabda oʻqish ikki smenada olib borilar, biz tushdan keyin qatnardik. Kunlar bir tutam boʻlgan qish-qirovda oxirgi darslar lampa chiroq yorugʻida oʻqitilardi. Koʻpincha chiroq mening yonimdagi deraza tokchasiga qoʻyilardi. Men geografiya darsini yaxshi koʻrardim. Robinzon Kruzo, Geklberri Fin sarguzashtlari tushlarimga kirib chiqar, xayolan ularning sayohatlarida hamroh boʻlardim. Muallim ham nazarimda qiziquvchanligimga xayrixohday edi. Dars tugagach, kimda qanday savol bor, deyilishi bilan hamma menga oʻgirilar, muallim ham jilmayib kutib turar edi. Chunki odatda savolni men berar, ba’zan darsga aloqasi boʻlmagan, ammo oʻzimni qiziqtirgan narsalarni ham erinmay soʻrab-surishtirar edim. Mabodo qoʻngʻiroqdan keyin savol bersam, koʻpchilik menga oʻqrayib qarar, «bas qil» deya biqinimga turtkilashar edi. Biroq muallim oʻtgan darsni soʻroqlashga hozirlik koʻrayotganda savol bersam, bu sinfdoshlarimga moydek yoqib tushardi. Chunki muallim savol-javobga chalgʻib, vaqt oʻtganini payqamay qolar, ba’zan yangi darsni oʻtishga zoʻrgʻa ulgurar edi.

Oʻsha kuni muallimning koʻngli nimadandir gʻashroq edi, darsni ham u qadar ishtiyoq bilan oʻtmadi. Savol bormi, deb soʻramagach, noiloj indamadim. Qoʻngʻiroq boʻlgach, hamma gʻimirlab qoldi. Sumkalar ochilib yopildi.

Stolda turgan globusni oʻqituvchilar xonasiga odatda men olib borib qoʻyardim. Sip-silliq, yashil-qoʻngʻir globus menga allaqanday sirli tuyular, tarvuzday keladigan yumaloq bu shaklda qanday moʻ'jizalar, hikmatlar yashiringanini oʻzimcha tasavvur qilishga urinar edim.

Xullas, qoʻngʻiroqdan keyin globusni qoʻlga oldim. Chiroqni moʻmin-qobil partadoshim Asqar koʻtardi. Sinf eshigi tor edi. Muallim eshikdan chiqishi bilan «ur-sur» boshlandi. Men Asqarga yoʻl berdim. Boshqalar ham bir daqiqa hovuridan tushishdi. Asqar endi ostonaga yetganda orqadan yana «sur-sur» boshlandi-yu, men oʻzimni tutolmay globus bilan borib chiroqqa urildim. Lampashisha chil-chil sindi. Hamma tumtaraqay qochib qoldi. Faqat Asqar ikkimiz yoʻlakda serrayib turardik. Shoʻrlik Asqarning tutqanogʻi bor edi, rangi oqarib, qaltiray boshladi. Muallim ham hali uzoqlashmagan ekan, darrov yetib keldi.
— Nima boʻldi? Kim sindirdi?
— Globus tegib ketuvdi... Keyin... — dedim yerga qarab.
— Sen ketaver, — dedi muallim Asqarga qarab. Oʻzi globusni qoʻlimdan olarkan, buyurdi. — Chiroqni koʻtarib, orqamdan yur.

Singan chiroqni koʻtarib, muallimga ergashdim. Men ayb ish sodir boʻlganini, buning uchun kimdir javob berishi, jazolanishi lozimligini bilardim. Garchi mojaroga daxldor boʻlsam-da, oʻzimni gunohkor hisoblamasdim. Toʻgʻri-da! Axir, chiroqni hech kim joʻrttaga sindirmadi-ku! Unda kim bunga javob beradi?

Muallim meni toʻppa-toʻgʻri oʻqituvchilar xonasiga boshlab kirdi. Burchakdagi katta choʻyan pechkada saksovul yonar, xonada kerosin va papiros hidi anqirdi. Chiroqni pechka yonidagi yogʻoch kursiga qoʻydim. Oxirgi dars endigina tugagan, oʻqituvchilar hali tarqalib ulgurishmagan edi.

Xonaga direktor kirib keldi. Yuragim shuv etib, seskanib ketdim. Meni boshlab kirgan muallim ham negadir oʻngʻaysizlanib, bir zum taraddudda qoldi. «Falonchini direktor chaqirtirib soʻroq qilibdi», degan gaplar odatda maktabga tezda yoyilib ketar, salgina oriyati bor oʻquvchiga bu katta isnod edi.

Direktor — Oʻrta yoshlardagi, oʻrta boʻyli, xushbichim, qoramagʻiz odam. Uning kulganini sira eslolmayman. U odamga shunchaki, joʻn qaraganda ham goʻyoki achchiq kinoya, zaharxanda qilib turganga oʻxshardi. Uning birovga samimiy qaraganini hech eslolmayman. U doimo bir ohangda, salmoq bilan, allalab gapirar, allalab jonni olar, maktabda hamma undan qoʻrqardi. Faqat direktor boʻlgani uchun emas, albatta.

Mening bu yerda mungʻayib turishim muallimlarni ajablantirayotgani sezilib turar, bundan battar xijolat boʻlar edim. Chunki men intizomli, yaxshi oʻqiydigan oʻquvchiman. Ammo direktor meni koʻrib, ajablanmadi. Chamasi, direktorning har bir narsada oʻz oʻlchovi bor edi, payti kelganda buni alohida pisanda qilgisi kelardi.
— Hmm?! — dedi direktor meni koʻrgach, salmoq bilan tomoq qirib.

«Boshlandi!» — dahshat bilan oʻyladim. Tirnogʻimning uchigacha muzlab ketdi. Chunki shu birgina «hmm?!»da ham soʻroq, ham tahdid, ham mazax bor edi va bu soʻzni hech kim u kishiday ohangda aytolmasdi.

— Shu... deng, domla, lampashisha sinib qopti, — deya izoh bera boshladi geografiya muallimi. Direktor shu bir ogʻiz gapdan oʻzicha hamma narsani tushundi.

— Shunaqa deng. Qiziq, lampashisha oʻz-oʻzidan sinib qolaversa... juda qiziq.
— Oʻz-oʻzidan sinmagan, domla, — deya muallim mumkin qadar direktorning jahlini chiqarmaslikka uringanday muloyimlashdi. — Bular dars tugagach, eshikdan chiqishayotib ... bola-da endi ...
— Bolami shular? Shular-a? Turgan-bitgani balo-ku! Bola emish. Biz bulardaqa vaqtimizda katta bir oilani tebratardik. Boshlangʻich ta’limdan keyin oʻqish uchun shaharga qatnaganmiz, toʻrvaxaltani yelkaga osi-ib, qirq chaqirimlab piyoda yurib. Yemishimizning tayini yoʻq, ustimiz yupun.

Direktor aytganday, «balo»manmi yoki bolamanmi, har qalay, butunlay farosatsiz emasdim. Bu gaplar menga atalgan aybnomaning debochasi edi. Ammo ming bosh qotirsam ham bu zahar-zugʻumlarning singan chiroqqa, menga qanchalik aloqasi borligiga aqlim yetmasdi.
— Xoʻsh, chiroqni nega sindirding? — deya direktor koʻzimga tikilib, iskanjaga oldi.
— Men sindirganim yoʻq, — degancha najot qidirib, atrofga ilinj bilan jovdiradim. Meni hech kim himoya qilmadi. Qaytanga, oʻqituvchilar tekin tomoshadan mamnunday, mojaroga qiziqsinib qarashar, goho kinoya bilan luqma tashlab qoʻyishardi.
— Boʻlmasa, kim sindirdi? Ayt? Indamaysan, demak, sen sindirgansan. Bilasanmi, senlarning bir yillik oʻqishing davlatga qanchaga tushadi?

Direktorning faqat ogʻzi, jagʻi, lunji qimirlar, ammo ovozini eshitmasdim. Ba’zan u charchabmi yoki rahmi kelibmi, meni sal oʻz holimga qoʻyib, boshqalar bilan andarmon boʻlardi. Ammo men yaxshi oʻrgatilgan askarday, burchakda qimirlamay turishga majbur edim. Faqat yigʻlab yubormaslik uchun xudodan sabru toqat tilab, iltijo qilardim.

Bir mahal xonaga maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydigan togʻam kirib keldi. Azbaroyi suyunib ketganimdan tilim aylanmay qoldi. Togʻam! Mana, u hozir direktor bilan bir ogʻiz gaplashadi-yu, meni bu yerdan olib chiqib ketadi. Axir, u togʻam-ku!

Togʻam meni koʻrib, oldimga keldi. Labimni qattiq tishlab olgandim. Tomogʻimdagi toshday qattiq narsa achishtira boshladi. Geografiya muallimi togʻamga shivirlab, voqeani bayon qildi. Shunda togʻam «e-ha» dedi-yu, menga bir qarab, nari ketdi.

Ajabo, hamma menga qarshi til biriktirib olganga oʻxshardi. Aybim nima — bilmayman. Baribir, chiroqni men sindirmadim-ku... Men hushimni bir joyga toʻplab, sogʻlom, xolis fikr yuritishga urindim.

Ehtimol, lampashisha rostdan ham topilmaydigan, taqchil matohdir. Direktor ham har kuni bittadan lampashisha sinaversa, oxiri oʻquvchilar qorongʻuda bilim ololmay qolishidan xavotirlanayotgandir. Unday boʻlsa, lampashishani oʻrniga tiklab qoʻyish kerak. Shu tobda yangisini topish qiyin, ammo pulini... Shoshma, choʻntagimda onam ukamga pechene sotib olish uchun bergan ozroq pul bor edi shekilli. Rost, mana, turibdi.

Men choʻntagimdagi bor tangalarni changallagancha, sanamay chiroq yoniga toʻkib, birdan tashqariga otildim. Koʻchaga chiqqach, oʻzimni tutolmay, yigʻlab yubordim. Yelkamdan togʻ agʻdarilganiga, ozod boʻlganimga suyundim chogʻi. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Orqamdan halloslab geografiya muallimi yetib kelib, direktor yoʻqlayotganini aytdi. Oʻlim hukmi bekor qilinib, yana qayta hukm oʻqilganda mahbus qanday ahvolga tushsa, men ham goʻyo shunday holga tushdim. Garchi taajjublanadigan holatda boʻlmasam-da, direktorning maqsadini tushunolmay garang edim. Axir, chiroqning pulini toʻladim-ku, yana nima kerak unga, deya oʻzimcha ich-etimni yerdim. Shu tobda birov jahannamga yur desa ham qaytmasdim. Ammo direktorga qayta roʻbaroʻ boʻlish baridan ogʻir, baridan dahshatli edi. Na chora, bormay ilojim qancha?

— E-ha, kelsinlar boyvachcha, — dedi direktor ostonadan oʻtmasimdanoq. — Xayr-ma’zurniyam nasiya qilib-a?! Pullari koʻpayib qoldimi? — Direktor birdan gap ohangini oʻzgartirib, kesib-kesib gapira boshladi. — Maktab sening pulingga zor qolgani yoʻq, bildingmi? Sen oldin burningni artib ol, tuzukmi?!

Aksiga olib, xuddi shu daqiqada burnimni tortayotgandim. Darrov oʻzimni bosdim. Ammo ichdan kelayotgan ogʻir xoʻrsiniqni bosish qiyin edi. Shuning uchun ham beixtiyor «hiq-hiq» deb turdim.
— Yana hiqillab, bizni qoʻrqitmoqchi boʻladi-ya. E, sendaqa mugʻombirlarning koʻpini koʻrganmiz. Omon boʻlsak, yana koʻramiz.

Men shuncha koʻrgilik kamlik qilganday, «boyvachchalik qilib» battar qovun tushirganimni, koʻpchilik oldida qattiq oʻsal boʻlganimni achchiq alam bilan koʻnglimdan oʻtkazdim.

Direktorning har bir gapi qulogʻimdan kirib, yuragimga qoʻrgʻoshindek oʻrnashib qoldi. Faqat bir narsani hamon tushunolmayman: nega oʻshanda direktor menga shu qadar shafqatsizlik qildi? Bu shunchaki hazilmidi yoki qattiqqoʻl tarbiya usulimidi — bilmayman. Nazarimda, koʻnglimda oʻchmas dogʻ kabi noxush iz qoldirgan oʻsha voqea oddiy, jaydari mantiq doirasiga sigʻmasdi.

...Yoʻlakdan kimdir yurib kelib, eshik oldida toʻxtadi. Boshimni koʻtarganimda sinf qop-qorongʻi edi. Sekin eshik ochilib, qorovul cholning boʻgʻiq ovozi eshitildi:
— Mizgʻib qolmadingizmi, oʻgʻlim, olisdan charchab kelgansiz?
— Xayol sal elitibdi, otaxon, — dedim oʻrnimdan turarkanman.
— Maktab ham tabarruk joy, — dedi qorovul. — Hammayam sizga oʻxshab koʻzi ochilgan joyni eslayvermaydi.

Qorovul bilan xayrlashib, tuproqli koʻchadan uyga joʻnadim.

Maktab... koʻz ochilgan joy... Topib aytdi chol.

Ehtimol, oʻshanda chiroqning singani ham yaxshi boʻlgandir...