OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShodmonqul Salom
Asar nomiBolalikning soʻnggi kuni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shodmonqul Salom
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bolalikning soʻnggi kuni (hikoya)
Shodmonqul Salom

— U yerga faqat ayollar boradi, senga nima bor, yer yutkur, — dedi onam uyning pastak eshigidan ayvonga chiqarkan, oʻdagʻaylab. Men esa hali kiyib ulgurmagan bir poy etikchamni qoʻlimga olib, momomning ortiga qochib oʻtdim. Bu gal ham momom jonimga oro kirdi:
— Bu bir nonireza-da, bolam, qoʻy, oʻzi borib, oʻzi keladi. It qoʻrigan joyga oʻch degani shu-da.

Onam toʻngʻillagancha qulogʻiga en solingan oq eshakni tandirning supasiga olib kelib toʻgʻriladi, momom eshakka qiynalmay mindi, meni esa onam qoʻltigʻimdan olib, momomning ortiga oʻtqazarkan, yolgʻondakam gʻudranib qoʻydi: «Eshakka minishni bilmaydi-ku bu tilamishingiz».

Onamga qarab tirjaydim.

Eshak ilkis silkindi, men momomning kurtasidan mahkam ushlab oldim. Biz Oysuluvlarnikiga Bibiseshanbaga joʻnadik.

Ularning uyiga tutzor yoqalab boriladi, bir tomon tutzor, bir tomon paxtazor. Oʻrtadagi yolgʻizoyoq yoʻldan yuvosh eshak bir zaylda odimlaydi. Yerga egilgan tut novdalari yurishga xalal beradi. Momom menga borganimizdan soʻng esligina boʻlib yurishimni ta’kidlab ketayotir, momomning har gapiga «hmm-hmm» deb qoʻyamanu, xayolim esa borgach boʻladigan oʻyin — «urush-urush»da. Biz doim birga boʻlsak, «urush-urush» oʻynaymiz. Oʻyinni ikkiga boʻlinib olib oʻynaymiz, bir tomon «sovetlar», bir tomon «afgʻonlar» boʻladi. Kim «sovet» boʻlsa xursand boʻladi, chunki Oysuluvning akasi ham «sovet»-da. U hozir armiyada, oti Isroil aka. Oysuluv doim akasi haqida hikoya qilganda Sheralining ham, mening ham unga havasimiz kelib ketadi.

Isroil aka dekabrning oxirlarida armiyadan kelar ekan, shunda Ergash aka katta hoʻkiz soʻyib toʻy qilarmish. Isroil akaning uyoqda «tanka»si, Alek degan oʻris oshnasi bor emish...

* * *

Kuzning iliq kuni. Koʻkda mezon uchadi. Keng paxtazor adogʻidagi devori loysuvoq uy Ergash akaniki. Uyning yonidan koʻkka tutun oʻrlayapti — oʻchoq boʻlsa kerak.

Momom eshakning boshini tutariqqa burdi, jonivor asta oralay boshladi. Menimcha, u ham momomning tilini tushungandek tuyuladi, agar men haydaganimda ariqdan sakrab yuborgan boʻlardi.
— Oʻchoqdan naryoqqa oʻyna, momong kelyapti, tomogʻingdi bosadi hozir, — deya Zulfiya xola oʻchoq boshidan biz tomonga yura boshladi. Momom bu gal ham eshakdan tandir supasiga tushdi, men esa yerga sakradim. Momom avval Zulfiya xola bilan, soʻng bolalar bilan bir-bir koʻrishdi, meni esa Zulfiya xola qoʻlimdan tutib koʻrisharkan: «Qani Tursunpolvon, katta yigit boʻlyapsizmi?», dedi. «Hmm» dedim va darhol bolalarga qoʻshilib ketdim. Momom esa Zulfiya xola bilan uy tomonga yurdi.

* * *

Bugun biz olti kishi boʻldik. Oysuluv bolalarni boʻlish uchun qoʻlini orqasiga qilib tosh yashira boshladi, topgan «sovet», topmagan esa «afgʻon». Tosh yashirish guruhlardagi bolalarning soni tenglashguncha davom etdi. Men, Oysuluv, Ikrom «afgʻon» boʻlib qoldik, «sovetlar» esa Sherali, Gʻayrat va Gavhar boʻldi. Ular ogʻil tarafga ketdi, biz esa uy tarafga burildik. Qoʻlimizda yogʻoch toʻpponcha, eng zoʻri meniki, otam yasab bergan.
— Ago-on... ago-on... — ogʻil tarafdan Sheralining ovozi eshitildi. Men tandirning panasiga oʻtib oldim. Shu payt ogʻil tomondan hushyor boʻlib kelayotgan Sherali koʻrindi.
— Ta-taat, Sherali, ta-taat oʻlding... — deb baqirib yubordim. Sherali «voy» dedi-yu, goʻng uyumi tomon — pakkaga yura boshladi. Qoidaga koʻra oʻlganlar pakkaga chiqib turadi.
— Ta-taat, Ikrom, ta-taat, oʻlding Ikrom... — Gavharning ovozi eshitildi. Ikki kishiga ikki kishi qoldi — oʻyin qizib ketdi.

* * *

Kun tushga yaqinlashib qolgandi. Uyning yonboshidan Zulfiya xolaning «Oysuluv» degan ovozi eshitildi, keyin esa oʻzi koʻrindi.
— Oysuluv, buyoqqa kel qizim, manovi ovqatni Saltanat xolangga berib kel, — dedi Zulfiya xola.

Oysuluv menga: «Yur, Tursun, berib kelaylik», dedi. Men bosh irgʻagancha unga ergashdim. Saltanat xola yaqinda farzandli boʻlgan, hali «chillali», shuning uchun koʻpchilikka aralasholmaydi. Oysuluv ikkalamiz roʻmolga tugilgan non va uznakdagi ovqatni olib yoʻlga tushdik.

* * *

Oysuluvlarnikiga qaytganimizda uyning oldida hech kim koʻrinmasdi. «Hamma ovqatlanishga kirib ketibdi», deb oʻyladim. Oysuluvlarning oʻzlari yashaydigan uyda ayollar oʻtirishgan ekan, biz toʻgʻri shu uyga kirdik. Ular ovqatlanib boʻlishgan ekan. Olti-etti ayol aylana boʻlib oʻtiribdi, oʻrtada katta un suprasi yozigʻliq. Toʻrdan esa momom joy olgan.
— Keldilaringma? — dedi Zulfiya xola, — oʻtiringlar shu yerga, ovqat olib kelaman, — Zulfiya xola shunday deb oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Ulbachchaga nima bor bu yerda, naryoqda ber ovqatini, — dedi momomning yonida oʻtirgan ayol. Bu Sheralining onasi Xadicha xola edi. Bu gapga Zulfiya xola e’tiroz bildirdi:
— Ulbachchaligi borma hali buning, oʻtirabersin shu yerda.

Ayollar bu gapga kulishdi. «Oʻtir, Tursunjon, oʻtir», dedi momom.

Burchakka oʻtirdik. Oygul ikkita kosada ovqat olib kirdi. Oygul Oysuluvning opasi, u dalaga ketmoqchi shekilli, egnida oʻgʻil bolalar kiyadigan yoʻl-yoʻl yengli kuylak.

Ovqat yerkanmiz, ayollarning harakatiga qiziqib qarab oʻtirardik. Toʻrda momom, qoʻliga paxta tutamlarini olib supraning oʻrtarogʻida turgan kattaligi piyoladay keladigan oqtoshning ustiga qoʻyayapti. Bu tosh momomning chiltontoshi. Toshning ikki tomoni biroz qoraygan. Momom paxtani eshib qoʻyarkan, menga avval ham aytib bergan «Yetim qiz» matalini aytayapti. Momom gapdan toʻxtaganda ayollar gap qoʻshib qoʻyadi:
— Hmm, tovba...
— Xudoyimning gʻaznasi keng-da...

Ayollarning qoʻlida chigiti olinmagan paxta, ular paxta chigitlab oʻtirishibdi. Bu orada chala-chulpa ovqatlanib, ayvonga chiqdik. Ergash aka oftobada qoʻlini yuvayotgan ekan. U menga qarab: «Ha, Tursuntoy, qachon ot boʻlasan?» dedi. Men esa «Men toy emasman», dedim.

Bolalar oʻyinni boshlab yuborishgan ekan, bizni koʻrib «Qaytadan boshlaymiz», deyishdi chuvillashib. Biz yana «afgʻon» boʻlib qoldik. Odatdagidek, uy tomonga yoʻl oldik. Oysuluv tandirning panasiga berkindi, men esa ayvonga kirib bordim-da, oʻrtadagi uyning eshigini ochdim. Bu Oysuluvlarning mehmonxonasi ekan.

Xonaning toʻrida yuzida katta oynasi bor ikki eshikli shkaf, uning yonida esa ikki qator qilib taxlangan koʻrpalar boʻlib, koʻrpa bilan shkaf oʻrtasidagi burchakda ozgina joy ochiq ekan. Men shu burchakka bordim-da, sekin orqam bilan kirib oʻtirib oldim. Burchak qorongʻi ekan. «Meni topolmay izlab kelsa, bu yerda koʻrmaydi», deb oʻyladim. Toʻpponcham qoʻlimda.

Shu payt tashqaridan yaqinlashib kelayotgan motosiklning ovozi eshitildi, ovoz uyga yaqinlashib oʻchdi va notanish erkakning «Ergash aka», degan tovushi eshitildi. Ayvondan esa Ergash akaning «Kelabering, mehmon, kelabering», degan javobi eshitildi. Bir pasdan soʻng esa men oʻtirgan xonaning eshigi ochilib, Ergash akaning izidan baland boʻyli, ozgʻin kishi uyga kirdi. Mehmonning qoʻlida toʻrt burchak shakldagi qora charm hamyon bor edi. Ularning izidan kirgan Oygul men oʻtirgan burchakdan oʻtib koʻrpalardan ikkitasini toʻshab chiqib ketdi. Ergash aka mehmon oʻtirgach, yuziga fotiha tortdi va hol-ahvol soʻray boshladi. Mehmon menga orqa oʻgirib oʻtirar, hamyoni esa mendan yarim metr narida, koʻrpaning ustida turardi.

* * *

Shu payt ayollar oʻtirgan uydan ularning kulgisi, keyin esa Zulfiya xolaning «Koʻryapman, koʻryapman», degan ovozi eshitildi.

Bundan tushundimki, Bibiseshanba oxirlabdi. Ya’ni Bibiseshanbaning oxirida uy egasi oʻrtadagi suprani boshiga qoʻyib olib uyni aylanib chiqadi, shunda uydagi boshqa ayollar undan «Nimani koʻryapsiz?», deb soʻrashadi. U esa koʻnglidagi barcha yaxshi niyatlarini aytib uyni aylanadi.
— Nimani koʻryapsiz, Zulfiyaboybicha? — momomning ovozini tanidim. Bunga javoban Zulfiya xolaning ayvondan «Toʻy qilyapmiz-e, momosi, Oygulimdi uzatyapman», degan tovushi eshitildi. Zulfiya xolaning ovozi pasaydi, u ayvondan chiqib ketdi chamasi.

* * *

Mehmon bilan Ergash aka esa hamon yuzma-yuz oʻtirardi. Ergash akaning biroz xavotirli koʻzlari mehmonning ogʻzida. Mehmon goʻyo aybdor odamday yerga qarab gap boshladi:
— Ergash aka, men oblvoyenkomatdanman. Termizga kecha keldim... — Mehmon bir toʻxtab oldi-da gapida yana davom etdi. — Kobulda edim shu hafta... Endi aka, Xudoning aytgani boʻlar ekan-da... Shunday boʻlib qoldi...
— Qanday boʻlib qoldi? — Ergash aka qariyb baqirib yubordi. — Isroil tinchmi ishqilib, nima boʻldi?
— Isroil... Isroil, — mehmon duduqlanib, koʻrpachaning ustida turgan hamyonni tezda ochdi-da, undan bir parcha qogʻoz oldi. Ergash aka qogʻozni mehmonning qoʻlidan yulib oldi va pichirlab oʻqiy boshladi. Men esa oʻtirgan joyimda nima gapligiga tushunmay oʻtirardim.
— Nimaga bunday boʻladi... nima-aga... — Ergash aka lablari titrab birdan yigʻlab yubordi va mehmonning yoqasidan ola ketdi. Kutilmagan bu harakatdan mehmon yonboshiga yiqilib tushayozdi. U Ergash akaning qoʻllaridan qutulishga harakat qilib, «Ergash aka, Ergash aka», derdi faqat. Oʻtirgan joyimda choʻchib tushdim. Ergash aka mehmonning yoqasidan qoʻlini olib, oʻzini gilamga tashladi. Uning yelkalari titrar, ovozi xirillardi: «Nima-aga?..»
— Isroil... Isroil mard yigit edi... Vatan uchun mardlarcha halok boʻldi... — Mehmon boshi egilgan kuyi gapirardi. Ovozining titrashidan u ham yigʻlayotganga oʻxshardi. Ergash aka gilamdan boshini koʻtardi, uning bitta-yarimta oq oralagan moʻylovlari ham koʻzyoshidan hoʻl boʻlgandi.
— E-e, shu... onasini... — uning yigʻi aralash ovozi biroz bosilganday tuyuldi menga. Xonaga bir zum ogʻir jimlik choʻkdi. Shu mahal uyning orqa tomonidagi derazadan boshiga supra qoʻygan Zulfiya xola koʻrindi. U toʻxtab-toʻxtab, baland ovozda oʻziga-oʻzi gapirardi. Uning koʻzlari juda uzoqlarga qadalgandi.
— Isroilimdi koʻryapman, koʻrayapman, yuzlari oyday boʻp kelayapti. Isroilimga kelin tushirayapman, kelinimning... — Zulfiya xolaning ovozi pasaydi, uyni aylanib ketdi.

Mening esa uydan yugurib chiqqim keldi shu topda.
— Enasi eshitmasin, enasi, — Ergash aka koʻzlarini artarkan qiynalib oʻrnidan turdi. Mehmon ham oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Gilamning ustida esa haligi qogʻoz gʻijim boʻlib yotardi.
— Ergash aka... endi peshonasida bor ekan-da. Ertaga soat 12 da Termizga... — gapning davomini eshitmay tashqariga otildim, eshikka yetganda qoʻlida dasturxon va tarvuz koʻtargan Oygulga urilib ketdim.

Ayollar ham tashqariga chiqayotgan ekan, momom esa Zulfiya xola jilovidan tutib turgan eshagimizga minayotibdi. Yugurib ayvondan chiqarkanman, ogʻil tomondan kelayotgan Sheralining «Ta-taat, Tursun, oʻlding, urra afgʻonlar yengildi», degan hayqirigʻi eshitildi. Men esa momom tomonga parishon borarkanman, birdan baqirib yigʻlab yubordim. Ayvondan esa Ergash akaning baland, lekin titroq ovozi eshitildi.
— Toʻxtat urush-urushingni, ikkinchi oʻynaganingni koʻrmayin.

Zulfiya xola esa meni eshakka mindirarkan, hadeb ovutardi:

— Yigʻlama Tursunjon, yigʻlama, oʻyinda yigʻlagan kal boʻladi...