OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShokir Abdulaziz
Asar nomiHojatbaror (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Shokir Abdulaziz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hojatbaror (hajviya)
Shokir Abdulaziz

— Qizi bor uyning darvozasini shoh ham, gado ham taqillatarkan, oʻrgilay ovsin, yaxshi niyat bilan qulchilikka keldik.
— Xush kelibsizlar, qadamlaringizga hasanot, qani, ichkariga marhamat...

Semiz badanlarini yanada boʻrttirib turgan tor atlas koʻylakli ayollar choʻgʻday gilamlar toʻshalib, yangi koʻrpachalar solingan, ularning kelishi oldindan ma’lumday, dasturxon turli noz-ne’matlar bilan tuzab qoʻyilgan salqin xonaga qadam qoʻyishdi-yu, bir-birlariga sirli qosh qoqishdi. Uy egasi opa-singildek bir-biriga juda oʻxshash bu sovchilarni qoʻli koʻksida tavoze bilan xushnud qarshiladi. Quda boʻlmishning iliq munosabatini koʻrgan sovchilar biri qoʻyib biri olib jiyanlarini maqtay ketishdi.
— Zamonning kajraftorligini qarang, ovsin, nufuzli odamlar qizimni beraman, deb bizga sovchi qoʻydirishyapti. Biz ham anoyilardan emasmiz, ularni qoʻyib siznikiga keldik. Jiyanimiz qizingizni televizorda koʻrgan ekan, aylanay, olsam shu qizni olaman, olmasam ham olaman deb koʻkragini zaxga berib yotipti. Shaharda man-man deganlarning bittasi, oʻrgilay, oʻzining xususiy firmasi bor.
— Topish-tutishini aytmay qoʻya qolay, - gapni ilib ketdi ikkinchi sovchi. — Pul uning orqasidan quvib yuradi. Shahardagi hamma odamlarning ishi unga tushsa ham oʻzi nihoyatda kamtar yigit.
— Ismi jismiga monand-da, firmasining nomi ham «Xojatbaror».
— Kechirasizlar, kelganlaring uchun rahmat. Qiz bor uyga sovchi keladi. Biroq qizimizning koʻngil qoʻygan yigiti bor ekan, shunga...
— E, parvo qilmang, ovsin, qizlar oʻzi shunaqa boʻladi. Mana, mening oʻzim ham bittasini kuydirib, jizgʻanagini chiqarib, boshqasiga tegib ketdim. Binoyidek yashayapman, yeganim oldimda, yemaganim orqamda.
— Siz shunday deysiz-u, hozirgi yoshlar sevib, sevilib turmush qurishyapti. Ularning ham koʻngliga qarash kerak-da. Koʻngil qoʻygani maktab oʻqituvchisi ekan, muhabbatlari juda samimiy. Qolaversa, dadasi ham eng yaxshi shogirdim, deb juda hurmat qiladilar.
— Be, oʻqituvchingiz nimasi, boʻyniga galstuk taqib, shlyapa kiyib yurgani bilan topgani u oydan bu oyga yetmaydi. Jiyanim, uning bir oyda ishlab topganini tushga qadar topadi.
— Ha endi, gap topish-tutishda emas-da, oʻrgilaylar. Kechirasizlar, kuyov bola oʻzi nima ish bilan shugʻullanadi, savdogarmi?!
— E, savdogar ham gapmi, aytdim-ku, unga ishi tushmagan odamning oʻzi yoʻq. Qorni ogʻriganki odam oʻshanga yuguradi.
— Shifokorlarmi?
— Shifokor boʻlmasayam, uning oldidan hamma oʻzini yengil tortib chiqib ketadi, oʻrgilay.
— Oldiga kirish uchun hatto navbatga turishadi, — gapni ilib ketdi ikkinchi sovchi. — Bir oʻzining toʻrtta mashinasi bor.
— Tushunmadim, ustaxonasi bor demoqchimisiz?
— E, ustaxonani boshiga uradimi, jiyanim qoʻlini sovuq suvga urmay, oʻtirgan yerida pul topadi. Chiqimi yoʻq, turgan-bitgani kirim. Doʻppisi tushib ketsa, yuz ming soʻm berib oldiradigan kazo-kazolar ham jiyanimning oldiga boʻynini qisib kelishadi.
— Voy tavba, nima ish qiladi oʻzi?

— Pullik hojatxonaning xoʻjayini.