OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShomirza Turdimov
Asar nomiSirtlon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shomirza Turdimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sirtlon (hikoya)
Shomirza Turdimov

 U kun qizigan payt, tiqilinch avtobusda uyiga qaytdi.

 Bir tomoni roʻzachilik, issiqda yoʻl yurish ogʻir keldimi, yuzlari qizarib ketdi.

Eshik ochgan qizi uni koʻrib ajablandi:

– Ichdingizmi?

Savol unga erish tuyuldi. Kesatib javob berdi.

– Pivo!

– Voy, roʻzangiz-chi?

– Uxladi.

– Ichganga oʻxshayapsiz.

– O’zing oʻxshaysan.

U jahl bilan ichki uy tomon yurar ekan, hovli burchagida oʻziga hushyor tikilib turgan iti – Sirtlonga koʻzi tushdi. Sirtlon egasini koʻrib oʻrnidan turdi, soʻng kerishib uychasiga qaytib kirdi...

* * *

Qoʻlida qizil yelim chelak bilan ariq labida turibdi. Ariqning ikki qirgʻogʻi betonlangan. Suv tiniq, bir qarichcha pastda sokin koʻrinadi, oqayotgani sezilmaydi. Ariq kichkina koʻprikka taqalgan, goʻyo suv shu koʻprikdan chiqayotgandek. Koʻprikning balandroqda joylashgani shunday taassurot uygʻotadi. Koʻprikdan mashinalar bemalol oʻtsa boʻladi, lekin ikki chetida beldovlari yoʻq.

Ayolini koʻprikning suv chiqqan joyida koʻrdi. Ayol eriga xavotirli qaraydi.

Koʻprikdan yursa qulay edi, nimagadir ariqdan hatlamoqchi boʻldi. Ariqni chamaladi. Kenglik bir odim. O’tishga taraddud koʻrar ekan, koʻzi qarama-qarshi tomonda oʻtirgan ikki begona xotinga tushdi. «Bozorchilar», lip etib xayolidan oʻtdi. Hatlashga chogʻlandi, birdan oʻzini noxush sezdi. Oyogʻi, qoʻllari oʻziga boʻysunmay sarxush bir kayfiyat tuydi.

Ayoli sergak tortdi:

– Hoy, bu netadi?!

Ayol boshqa soʻz aytishga ulgurmadi.

Qadam olingan, oyoq yerdan uzilgan edi. Gavda egasiga boʻysunmasdi. Hushi hali oʻzida, bor kuchini yigʻib ariqqa yuztuban yiqilmaslikka intildi. Koʻtarilgan oyoq ariqning u qirgʻogʻiga yarim ulashib tushdi, qaddi egildi. Qizil yelim chelak tutgan qoʻl suvga botdi.

Uzilgan barg sokin, sollanib-sollanib yerga uchib tushgandek, ayolining koʻz oʻngida u ham ohista ariq ustiga engashib bukchaygan holatda toʻxtadi.

«Itning ovqati, suvga ketdi!» Qizil yelim chelakning suvga botayotganini imkonsiz kuzatar ekan, tortib olishga madori kelmay xayolidan shu fikrni oʻtkardi.

Qoʻllar unga boʻysunmasdi. Gavdasini toʻxtatib qolishga kuch topdi xolos.

Chelakli qoʻl bilagigacha suvga kirdi, suv yuziga yogʻ halqalanib yoyildi, toʻrt-besh makaron va ushoqlar qalqib chiqdi. «Suyaklar ogʻir, tubda qolar». Hech boʻlmaganda itiga suyak borsa ham mayli, shunisiga ham shukr qiladi.

Ayol nimagadir: «Turing!», degan soʻz aytdi. Kutilmagan holat ta’sir qildimi, joyidan jilmadi, yordam berishga shoshmadi.

U bu payt koʻprik ustida qotib turgan ayolini, narida tekin tomoshabin bozorchi xotinlarni butunlay unutgandi.

Itining ovqati oqib ketsa, nima qiladi, «Itim och, itim och», degan oʻy asiri edi, tamom..

Ichida qandaydir kuch uygʻondi. Sarxushlik tarqaldi. Tanasiga boʻysunmay osilib turgan qoʻllari, egilib, bukilayotgan oyoqlariga qayta jon kirdi. Shoshilinch qizil chelakni suvdan shaloplatib koʻtardi. Chelakni suvdan ayirish barobarida qaddini rostlab, narigi qirgʻoqqa oʻtdi. Chelakka qaradi. Itning nasibasi omon qolibdi. Chelakka kirgan suvni toʻkdi, suyagu sarqitlarni chamalab koʻrdi: «Laychaga yetadi». Taskin topdi.

Ayolining qoʻlidan tutgani laycha xayolini boʻldi:

– Dadasi, ana ular itga ovqat olganlarni qamayapti. Tashlang buni.

Ayolining ovozida koʻhna xavotir bor edi.

Uzoqdan shoshilinch kelayotgan ikki kishini koʻrib ayolining rost gapirganiga ishondi. Kishilar toʻgʻri eru xotinni moʻljallab yurishdi.

«Chelagimni olib qoʻyadi». Koʻnglida shubha uygʻondi. «Bu aytdimi?» Ayoliga sinchil tikildi, «itimni azal-abad yomon koʻrgan, shu aytgan». Ayolining yuzu koʻzidan shubhasiga tasdiq axtardi. Koʻnglini yupatguvchi hech narsa topmadi.

Ayol erining qoʻlidan chelakni olib bekitmoqchi boʻldi.

Er chelakni kishilarga beradi, degan xayolda, ayoli qoʻlini itardi. Shubhasiga istagan tasdigʻini olganday boʻldi. «Ayb undan oʻtdi, men haqman, haqman, haqman...» deb takrorlaganicha chopqillab, oʻzi bilmagan holda bozorchi xotinlar tomon oʻtdi. Bir qarashda ular kimligini bilib boʻlmasdi. Xomush tortib oʻyladi: «Bozorchining bari bir goʻr. Savdochi chorbozorchilarning na irqi, na millati, na jinsi boʻladi. Foyda tushsa boʻldi». Xotinlar oldida itlarning ovqati uyib qoʻyilganini koʻrib, najot topganday boʻldi. «Bular itga ovqat sotadi-ku», qabilidagi oʻy, chelakni shularga bersam, aybsiz qolaman, degan fikrni tugʻdirdi. Chelakni shoshilinch bozorchi xotinning oldiga qoʻyib, yoʻlning u tomonida qoldirgan ayoliga «uddaladimmi» deganday qaradi. Imkonsizlik odamni topqir etadi. U bozorchi ayolni bir soʻz demay oʻziga el qilib, hamkoriga aylantirganiga oʻzi qoyil qoldi. Ayoliga ham buni koʻrsatmoqchi edi. Ayolining ariqqa yuz burib turganidan, uning san’atini sezmaganligini angladi. Ayolining yoniga qaytdi.

Tekshiruvchilar toʻgʻri ularning yoniga kelishdi. Bularda kiyimdan boʻlak narsa topmay iziga qaytib ketishdi.

Negadir tekshiruvchilar bozorchi xotinlar tomon bormadi, goʻyo ular bu hududda yoʻqday bee’tibor oʻtib ketishdi. Hayron qolgan joyiki, tekshiruvchi degani kimdir itga deb bir narsa olib kelganini koʻrib qolsa, ur kaltak, sur kaltak qiladi-yu, butun boshli bozor ochib oʻtirgan xotinlarni koʻrmaydi. Zamonaning zoʻrini koʻring. Bular ochiqcha it yemi sotadi, unisi bexabar.

Ayoliga shu gapni aytmoqchi edi, yoniga burilib topmadi. Ayoli qachon ketgan, xayol olib qochganda sezmay qolibdi.

Nimagadir xavotir olmadi. O’y-xayolini yana iti egalladi.

Tekshiruvchilar koʻzdan yitdi. U bozorchi xotinlar yoniga borib chelagini olmoqchi boʻldi. Chelagini boʻm-boʻsh koʻrib kayfi uchdi. Bozorchi xotinlarning xayrixohligi uni tunash ekan-ku, degan hukmga keldi.

U endi gapga ogʻiz juftlayotgan edi, xotinlardan biri chelakka har xil etu suyaklardan solib qoʻliga tutdi. Uning gapi ogʻzida qoldi.

O’z-oʻzidan koʻnglida: «It etu suyak bilan tirik, odamning etiga, itidan yaqin yoʻq», degan fikr uygʻondi.

* * *

U itim yolgʻiz ochlikdan sillasi qurib oʻtirgandir, deb bordi-yu, lol qoldi. Dunyoda shuncha och it borligini koʻrib vahimaga tushdi. U yer yuzida odam koʻp, deb oʻylardi, koʻrdiki, och it koʻp ekan. Har bir itlar borki, tomday-tomday. Zanjirlarini sharaqlatib, koʻringanga oʻzini tashlaydi.

Sarhadsiz hududni egallagan bu itlarni boqishning oʻzi boʻladimi?.. U chetdan ser solib, laychasini axtardi. Laycha koʻrinmadi. Kuzatganlari xayolini oldi. Bir chetda ikki katta it kuchukchani oʻrtaga olib ketkazgani qoʻymaydi. Kuchukcha, qochsam, deb yoʻl axtaradi. O’zini chetga olsa, katta itlar oyoqlari bilan bosib, kuchukchani yerga qogʻozdek yopishtirib qoʻyishadi. It oyogʻini oladi, kuchukcha dam kirgan koptokdek qad rostlab ketmoqchi boʻladi, boshqa it boshidan bosib, yerga qapishtiradi. Kattalarga ermak, kuchukchaga qismat. Uning koʻzi katta bir qanjiqqa tushdi. Qanjiq bezovta, jonsarak halloslab chopqillaydi, orqasidan bolasi tugʻilib yerga tushmoqchi, tipirchilaydi. Izidan semiz, irkit bir choʻchqa iskalanib ergashadi. Kuchukcha tugʻilib, toʻgʻri choʻchqaning ogʻziga tushdi. Choʻchqa kuchukchani tishlaganicha, oʻzini chetga urib, koʻzdan yitdi.

U, laychamni topmasam kerak, deb xomush tortdi. Qaytmoqchi boʻldi. Oxirgi bor itlar hududiga tikildi. Shunda uzoqda mungʻayib oʻtirgan Olapari koʻringandek boʻldi.

Olapar unga qaramas, kutmagan boʻlsa kerak, boshini quyi solganicha tek turardi.

U Olaparning oldiga oʻtmoqchi boʻldi. Bir-birini, duch kelganini yeb yotgan quturgan itlar toʻla bu hududga qanday oʻtishni bilmadi.

Boshqalar qanday oʻtdi ekan, nahotki shuncha itning egalaridan birortasi kelmasa, deb atrofga tikildi.

O’zi bilan och itlar hududini ajratib turgan sarobdek harir pardaga yaqin borib, nimanidir aniqlarman, deb oʻyladi. Adashmagan ekan. Pardaga yaqin yondosh yoʻlakka bir mashina kelib toʻxtadi. Mashinadan chiqqan erkak va ayolning ikki qoʻnji oziqqa toʻla edi. Ular avvallari ham koʻp bor kelib-ketishgan shekilli, pardaga yetib, hech ikkilanmay qoʻl ushlashib och itlar hududiga «qiyqirib» sakrashdi... Parda ortiga singishdi...

U ismsiz vahima ichida qoldi. Titray boshladi. Butun badani qizib, yuzlari lov-lov yondi. Haroratidan qizil yelim chelak avval burushdi, soʻng bujib, erib yerga oqib tushdi...

* * *

Telefon jiringladi. U avval raqamga qaradi. Bir past tikilib, yashil tugmachani bosdi.

– Qanday bordingiz?

– Qil koʻprikdan oʻtganday...

– Ketib qoldingiz, birdan, tinchlikmi?

– Qoʻrqdim.

– Qoʻrqoq...

– Aybim boʻynimda...

– Qutuldim deysiz-da.

– Itimga tutilmadim...

– Qanaqa it yana?

– Boʻshab-boʻshalmagan it.

Ayolining gapi tashqaridan kelib, suhbat uzildi.

– Kim bilan gaplashyapti, ana iti yana boʻshalib ketdi, boylasa-chi.

* * *

U hovliga chiqdi. Iti uyasini oldida bogʻlanganday turardi.

– Joyida-ku?

Ayol darvozaning kiraverishini supurar ekan, javob qildi:

– Hozir meni koʻrib uyasiga qaytdi-da.

U itining yoniga bordi. It egasining oyoqlariga erkalanib boshini qoʻydi. Itning boʻyinbogʻi zanjirdan chiqqan ekan. U zanjirni boʻyinboqqa ilmoqchi boʻlib toʻxtadi. Qarshisida allaqachon oʻlib ketgan Olapar yotganini koʻrdi. U hayrat bilan ayoli tomon oʻgirildi. Ayb ustida qoʻlga tushgan boladay dovdiradi. Ayoli qoʻqimlarni olar ekan, qayrilmay gapirdi:

– Bogʻlasa bogʻlasin-da, oʻtiradimi?..

U bu gapdan hushyor tortdi. It tomon burildi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, Olapar yoʻq, malla Sirtlon koʻzlari yiltiragancha uning oyoqlariga tumshuq tirab tikiladi.

U Sirtlonning boʻyniga zanjirni ildi.

Sirtlon zanjirni shildiratib nari ketdi.

* * *

Oshxonadan qizining ovozi eshitildi:

– Dada, ogʻiz ochish vaqti keldi...

«Sharq yulduzi» jurnalining 2010-yil, 5-sonidan olindi.