OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Shoyim Boʻtayev. Haykal (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShoyim Boʻtayev
Asar nomiHaykal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shoyim Boʻtayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Haykal (hikoya)
Shoyim Boʻtayev

Hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan, aslida, koʻzni sal kattaroq ochib qarasa, har qanday odam koʻra oladigan oddiy, ayni paytda gʻaroyib voqea sodir boʻlgan shaharning bodu havosi, meva-chevasi va boshqa mayda-chuydasi haqida mehmon irimiga boʻlsada bir ogʻiz soʻz aytmagandi. U faqat shahar oʻrtasidan oʻtadigan, bir vaqtlar suvi zilolday boʻlgan daryoning endilikda chiqindilarga toʻlib-toshib, boʻtanaga aylanib, tuproq qal'adagi devday toʻlgʻanib oqib yotishini oʻz hikoyasiga qistirib oʻtgandi.

Shaharda aholi gʻij-bijmish.

Ba’zilar, ularning juda-juda inoq yashashlarini aytisharmish; ba’zilar esa aksincha gap tarqatisharkanki, osmondan tushib, yerdan chiqqandek koʻpayishib ketgan odamlarning bir-birlarini koʻrishga koʻzlari, otishga oʻqlari yoʻq, deyisharkan. Harholda, bu yurimsak gaplarning qay biri toʻgʻri-yu, qay biri boʻhtonligini ajrim qilish boʻtana suvni koʻrib turganday oson ish emas ekan.

Oʻsha shaharning yoshu qarisi — yetti yashardan yetmish yashargacha qurama olomon yaqinda ulkan bir anjumanga uyushqoqlik bilan qatnashibdilar.

Ha-a, bitiklarda aynan shunday deb, «uyushqoqlik bilan» deb yozilibdi.

Shundan soʻng aholining bir-birlari bilan it-mushuk emas, balki ogʻa-ini ekanliklari, qadrdonlikla-ri oydek ravshanlashibdi.

Anjuman!

Uyushqoqligu inoqlik!

Ana shunday ulugʻvor hodisalarning biri ikkinchisini toʻldirib ketaveradi.

Xullas, daryoning oʻng sohilida endigina bitta yarimta osmonoʻpar uylar, jamoat binolari qurilayotganda, ya’ni obod qilinayotganda, bir ajoyib kalladan bir ajoyib fikr chiqib qolibdi...

Ana shunday damlarda odamning ertakkayam ishongisi kelib ketadi!

Biroq oʻsha shahardan bir bozorchi Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borib qolib, buning ertak emas, aynan haqiqat ekanligini jiddiy tarzda turib aytdi.

Oʻz qulogʻim bilan eshitib, ishondim.

Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borganmisiz?!

Voy-boʻ! Yetti iqlim bozorchisi yigʻilib shu yerga keladi-ku!

Mol bozori, somon bozori, doʻppi bozori, qatiq bozori, qovun bozori... — hammasi alohida-alohida.

Teri bozoriyam bor.

Turdiqulning doʻkonida odamning terisidan boʻlak barcha jonzotning terisi topiladi.
— Odamning terisi boshqa joylarda, maxsus doʻkonlarda shilinib, quritiladi, — deya hazil-hazul qiladi Turdiqul.

Turdiqulning doʻkoni hamisha gavjum.

Birov biron narsa xarid qiladimi-qilmaydimi — farqsiz, kirib kelib, besh-olti kishi sigʻadigan xarrakka oʻtirib oladi. Negaki, terifurushning uzoq-uzoq yurtlardan yoʻqlab keladigan oshnolari bisyor. Ular shunchalik koʻp narsalarni bilishadiki, eshitib yoqangni tutamlaysan, tavba, tarvuzday bir kallaga shuncha gap sigʻadimi-ya, deya hayron qolasan.

Haligi shahardan kelgan bozorchiyam Turdiqulning doʻkonida choy ichib oʻtirib, ne xayolda, birdaniga bir kallalik odamning fikri bilan daryoning oʻng sohiliga, butun shaharga koʻrinadigan tepalikka juda haybatli haykal oʻrnatilganini aytib qoldi.
— Necha yilda qurishdi? — deb soʻradi Turdiqulning somonfurush oshnasi.
— Ikki yilmi-uch yilmi, ishqilib shunaqa-da! — dedi mehmon.
— Boʻyi ham ancha bordir-a? — soʻradi yana kimdir.
— Ikki-uch yilda qurilganidan keyin ancha boʻladi-da! — deya mehmonning oʻrniga javob qaytardi Turdiqul, shuniyam bilmaysanmi, degandek qilib.
— Muncha baland, katta haykal nimaga kerak

ekan-a? — dedi xayolga choʻmib qolgan charxchi.
— Muhofaza, xaspoʻshlash uchun, — dedim men. Lekin, javobimga hech kim tushunmadi chamasi, yoinki tushunishsa ham oʻzlarini ovsarlikka olib turishdimi — miq etishmadi. Xijolat tortib, oʻsha savolga ikkinchi javobni ham qoyillatdim:
— Ba’zi qushlar osmonda qanot qoqib charchashganda ana shunaqa baland haykallarning boshiga qoʻnib dam olishadi!..
— Safsata! — dedi Turdiqul shartta, yuzingda koʻzing bormi, demay.
— Safsata! — qoʻshilishdi xarrakda oʻtirganlar ham.

Shundan soʻng suhbatga huda-behuda qoʻshilib ketavermay, jim-dim, oʻtirishga majbur boʻldim.

Turdiqulni tanishining soʻziga qaraganda, haykalning ostidagi ancha-muncha yer koʻkalamzorlashtirilibdi. U, aniqroq qilib, besh-oltita oyoqyalangga hovli-joy boʻladigan yer edi, dedi. Men ichimda uning soʻnggi gapiga e’tiroz bildirdim, tashimga chiqaray desam, Turdiqul doʻkonidan chiqarib yuborishdan ham toymaydi. Axir haykal oʻz nomi bilan haykal-da! Besh-oltita yalangoyoq bundan keyin ham uy-joysiz kunini oʻtkazar, shuncha vaqtlardan beri boshida boshpanasi bormidi — biror yeri kamayib qolgani yoʻq!

Chalgʻimaylik.

...Koʻkalamzorlashtirilibdi, favvoralar qurilibdi, turfa gullar ekishibdi. Axiyri, uning ochilish kuni yetib kelibdi. Bu naq bayramga aylanib ketayozibdi. Koʻksi ordenu medallarga toʻla taniqli-taniqli odamlar soʻzga chiqishibdi.
— Bu tunj haykal asrlar osha ham turaveradi! — debdi taniqli odamlardan biri.
— Lekin oradan ikki-uch kun oʻtgach haykalning ustiga mato tashlab yopib qoʻyishdi, — dedi mehmon.
— Ie, nega? — choynakning qopqogʻini ushlagancha qotib qoldi Turdiqul.
— Ye, nega? — boshqalarning ham hayratlarining cheki yoʻq edi.

Mehmon piyoladagi choydan bir hoʻplab aytaymi-aytmaymi, degandek koʻzlarini qisibroq bir zum oʻylanqirab turdi.
— E, aytavering! — qistalang qildi Turdiqul.
— E, aytavering! — chuvillashdi xarrakdagilar ham. Mehmon, nimaiki boʻlsa — boʻldi, degandek shart qoʻl siltab, soʻzida davom etdi:
— Haykalning chap qoʻli koʻksiga qovushtirilgan, u oʻng qoʻlini choʻzib kunbotar tarafga ishora qilib turardi.
— Nima boʻpti? — soʻradi Turdiqul. Boshqalar ham shovqin solishdi:
— Nima boʻpti?
— Haykal oʻng qoʻli bilan ishora qilib turgan tarafda oʻttiz yildan buyon ayollar qamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonani ilgari hech kim bilmaskan, haykal bahonasida kattayu kichikka ayon boʻlib qoldi. Bitta-yarimtasi, bay-bay, bu mahobatli, zoʻr haykal ekan-da, xoʻsh, qayoqqa ishora qilyapti, deb soʻragudek boʻlsa, boshqasi, ayollar qamoqxonasiga-da, deya kesatardi.
— E-ha!.. — xitob qildi Turdiqul.
— E-ha! — xitob qilishdi boshqalar.

Ana shu birgina «E-ha!» da olamjahon ma’no yashiringanligi sizga ayondir.
— Kunlar oʻtaverardi, — davom etdi mehmon. — Haykaltaroshlar haykalni chodirga oʻrib olib nimaiki qilishsa qilib yotishibdi. Ba’zi odamlar, endi qamoqxonani yopisharmish, ayollarni uy-uylariga qoʻyib yuborisharmish, boringlar, roʻzgʻorlaringga qarab, bolalaringni emizi-i-ib, jimgina oʻtiringlar, sizlargayam, bizgayam uyat boʻlib ketdi, deyisharmishu haykalni soʻngra ochisharmish, deyishsa; ba’zilar, aksincha, fikr yuritib, haykalni tag-tugi bilan qoʻporib, munda-ay munosibroq joyga olib ketisharmish, deyishgacha borishdi.

Biroq qamoqxonani tarqatishni ham, munda-ay mu-nosibroq joy topishning ham iloji boʻlmagan she-killi, oradan ancha vaqt oʻtgach, haykalning oʻng qoʻlini koʻksiga qovushtirishib, chap qoʻlini kunchiqar tarafga uzatib qoʻyishdi.
— Ha-a, tuzuk, — yengil nafas oldi Turdiqul.
— Haqiqat bor ekan-ku! — totli xoʻrsinishdi boshqalar.

Ularning bu kayfiyati uzoqqa bormadi.
— Ikki-uch kundan soʻng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qoʻyishdi, — dedi mehmon.
— Ie, nega? — Turdiqulning ogʻzi ochilib qoldi.
— Ie, nega? — boshqalarniki ham shunday boʻldi.
— Hayqalning chap qoʻli ishora qilib turgan joyda oʻttiz yildan buyon erkaklar kamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonadan ham shahar ahli bexabar ekan, eshitib, barchaning taniga titroq kirdi. Emishki, bu yerda ashaddiy kallakesarlar yotisharmish, bitta-yarimtasi qochib chiqqudek boʻlsa, hammaning shoʻriga shoʻrva toʻkilarmish; emishki, ular oʻsha yerdan turib ham hukumatga soʻzini oʻtkaza olisharmish, kattalarning sir-asrorlarini bilisharmish... Vahima!

Turdiqul taassuf-la bosh chayqadi. Taassuf-la bosh chayqashdi qolganlar ham.
— Kuz oʻtdi, qish oʻtdi, ayni avji bahorda haykalning ustidagi matoni tantanasiz, musiqasiz, baayni tobutpoʻshni olganday olishdi, — dedi mehmon ham ma’yus tortib qolgan holda. — Endi uning oʻng qoʻli toʻgʻriga, baayni oydin yoʻllarni koʻrsatayotgandek uzatib qoʻyilgan, chap qoʻli esa koʻksiga qovushtirilgandi.

Yerga kirib ketay deb oʻtirgan Turdiqul qaddini tikladi.

Xarrakdagilar ham yelkalarini koʻtarishdi.
— Xayriyat-e! — chuqur nafas oldi Turdiqul.
— Xayriyat-e! — chuqur nafas olishdi boshqalar.
— Ammo roppa-rosa bir haftadan soʻng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qoʻyishdi.
— Ie, nega?— Turdiqul gʻazablanganidan oʻrnidan turib ketayozdi,: koʻzlaridan nafrat sachradi, beixtiyor musht tugib, xayolan nimalarnidir chilparchin qilgisi, kimlarningdir qulogʻi ostida shavla qaynatgisi keldi.
— Ie, nega? — boshqalarning ham koʻzlarinsh paxtasi chiqib ketayozdi.
— Daryoning chap sohilida oʻn qavatli mehmonxona bor edi, — mehmon sovib qolgan choydan hoʻplab, quruqshagan tomogʻini hoʻllab oldi. — Oʻsha mehmonxonada oʻsha kunlari fohishabozlik, oʻgʻrilik avjiga chiqib, kimlar bedavo dardlarga yoʻliqqan, kimlar shir yalangʻoch qolgan, hammayoqni shov-shuv, mish-mish tutgandi. Mehmonxona xodimlarining koʻpchiligini haykal chap va oʻng qoʻllari bilan koʻrsatgan joylarga joʻnatishgandi. Mahobatli, zoʻr, oʻziyam sof tunj haykalning oldinga choʻzilgan tunj koʻli oʻsha mehmonxonani koʻrsa-tib turardi!..

Turdiqul adoyi tamom boʻldi. Rangi boʻzarib:
— Uh-h! — dedi-yu, dam boshiga, dam tizzasiga mushtlayverdi.

Boshqalar ham adoyi tamom boʻlishdi. Ranglari boʻzarib:
— Uh-h! — deyishdi-yu, dam boshlariga, dam tizzalariga mushtlayverishdi.
— Shundan soʻng haykalning qoʻlini qayoqqa qaratib qoʻyilishini aholining oʻzi hal qiladigan boʻldi, — dedi mehmon.— Odamlar gurros-gurros boʻlib kelaverishdi. Keyin takliflar, muhokama-munozaralar boshlanib ketdi. Birov unday dedi, birov bunday dedi. Birov orqa tomonni koʻrsatadi—uyoqdan ham bir chatogʻi chiqib turibdi; birov allanechanchi gradusdagi burchakni taklif qiladi — koʻp oʻtmay rad etiladi.
— Bir qoʻlini koʻksiga qovushtirib, ikkinchisini osmonga uzatib qoʻyish kerak! — deya baqirdi olomon orasidan kimdir.
— Ma’qul, ma’qul! — degan xitoblar yangradi.
— Osmon toza, qaranglar, hozir bulut ham yoʻq!
— U yoqqa mehmonxona ham qurib boʻlmaydi!
— Qamoqxona ham qoʻrib boʻlmaydi!
— Yashasin osmon!
— Osmonga tasannolar!

Xuddi shu mahal yana bir baqiroq allaqaysi goʻrdan chiqib kelib:
— Xaloyiq, tavba denglar, osmonda xudo bor-ku!— deb baqirdi.

Olomon bir chayqalib tushgach, jimlik choʻkdi. Axir dahriyning haykali xudoni koʻrsatib tursa... Yoʻq!
— Ishonmanglar, xudo yoʻq u yerda! — sukunatni buzishga jur'at etdi kimdir.

Olomon guvladi.
— Xudo boʻlmasa haykalning qoʻli nimani koʻrsatadi, axir? — baqirdi yana haligi baqiroq.

Olomon orasidan:
— Ha-a, nimani koʻrsatadi? Nimani?! — degan tovushlar chiqa boshladi.
— Ikkala qoʻliniyam yelkasidan uzib tashlash kerak!— dedi yana kimdir va shu zahotiyoq qarshilikka uchradi:
— Haykalda gunoh yoʻq!..

Mehmon uzoq tin oldi. Turdiqul ham, xarrakdagilar ham boshlarini solinqiratib oʻtirishardi.

Charxchi bir-ikki gapni aylantirib, mavzuni oʻzgartirmoqchi boʻlgandi, baribir, suhbat qovushmadi.

Haykal voqeasini aytib bergan kishi Turdiqulning doʻkoniga tez-tez kelib turardi, negadir keyin-keyin umuman koʻrinmay ketdi. Turdiqul ham ancha oʻzini oldirib qoʻydi. Rangu roʻyi siniqdi. Bu xafalikdanmi, boshqa narsadanmi — bilolmadim. U negadir doʻkonining koʻrki boʻlgan xarrakni tashqariga uloqtirib, bu ham yetmaganday, bolta bilan maydalab tashladi.

1990