OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShoyim Boʻtayev
Asar nomiHisomiddin al-Yogʻiy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Shoyim Boʻtayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/02/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hisomiddin al-Yogʻiy (hikoya)
Shoyim Boʻtayev

Qish chillasi oyoqlandi.

Sovuq zabtiga oldi.

Masjid ayvonida tirik jon koʻrinmasdi, uzoq-yovuqdan oqib kelishgan namozxonlar oʻzlarini ichkariga olishgan.

Besh-olti yuz namozxonni bemalol sigʻdira oladigan bu binoni har biriga duradgorlar tomonidan oylab ishlov berilgan oʻn ikki yogʻoch ustun oʻz kiftida tutib turardi. Bu ustunlarda oʻn ikki mamlakatning san’atini, urf-udumini koʻrish, didini payqash mumkin edi. Oʻn ikki mamlakatdan kelishgan ustalar oʻzlarining bor hunarlarini yogʻochlarga muhrlagandilar. Endi ular oddiy yogʻoch emas, balki, masjidning koʻrkiga koʻrk, salobatiga salobat bagʻishlab turgan yuksak san’at namunalari edi.

Juma namozi boʻlgani uchun masjidda odam tirband; ular bir-birlariga ozor va xalaqit bermaslikka urinib, namozning boshlanishini betoqat kutar edilar.

Mehrob oldida darveshlar darveshi, shayxlar shayxi Hisomiddin al-Yogʻiy sukut saqlab turardi.

Egnida janda qabo, boshida rangi oʻngib ketgan kalonsuvo.

Bunday kiyim-bosh masjidning hashami, ayrim namozxonlarning zarbof toʻnlariga muqoyasan qaralganda judayam bechorahollik alomati boʻlib tuyulardi.

Bundan tashqari, shuncha odamning ana shu bechoraholday koʻringan keksa shayxning ogʻziga tikilgancha, ilhaq turishida ham qandaydir ilohiylik mujassam edi.

Yetmishlardan oshgan oppoq soqolli shayxning nur yogʻilib turgan yuzida, oʻtkir qarashlarida, ozgʻin yelkalarini adl tutishida masjidni fayziyob etadigan, namozxonlar safini jipslashtirib-bogʻlab turadigan allanarsalar mavjud edi.

Namoz boshlanishiga sanoqli daqiqalar qoldi.

Namozxonlar bezovtalana-tashvishlana boshladilar.

Ularning nigohlarida, endi nima boʻlarkin, deganga oʻxshash soʻroq soyalari izgʻirdi.

Endi nima boʻlarkin?

Bu savol bejiz emasdi.

Gap shundaki, hamon ulugʻ sulton Alouddin Tarmashirindan darak yoʻq edi.

Xitoy, Hindiston, Iroq podsholiklari va Oʻzbek mulki orasidan musti mustahkam oʻrin olgan Movarounnahr sultoni Alouddin Tarmashirin qoʻshinining hisobsizligayu yovqurligi, sarhadlarining poyonsizligiyu ilkidagi zaminning jannatmakonligi, ahli raiyatning farovonligiyu ular orasida adolatni qaror topdirganligi tufayli yengilmas va qudratli deb nom olgan edi. Shu bois, nainki chegaralari tutash mamlakatlarga, balki, uzoq-uzoqlarga — ummon osha, togʻlar osha dongʻi ketgan edi.

Necha yildirki, sulton juma namozini shu masjidda oʻqiydi.

Sultonning xos mahrami biroz avvalroq namoz oʻqiladigan gilamchani mehrob yonidagi maqsuraga toʻshab ketar; shundan soʻng mahramlari, akobirlari, shotirlari qurshovida sulton yetib kelar, gilamcha ustiga choʻkkalar, u bilan birga kelganlar yon-atrofidan, ortidan joy olishardi.

Bugun esa...

Hali gilamcha koʻtargan mahram ham koʻrinmadi.

Nima boʻldiykin?

Bu hol Hisomiddin al-Yogʻiyga qanday ta’sir qilarkin?

Keksa shayxning nigohida qilt etgan oʻzgarish sezilmasdi.

U faqat namozni boshlash tadorigini koʻrar, teran koʻzlarida bugungi va’zini koʻngillarga chuqur joylay bilishini anglatuvchi ifodalar bor edi.

Ogʻir eshik gʻiyqillab ochildi.

Ichkariga sovuq havo yopirildi.

Eshikka orqa oʻgirib oʻtirishgani uchun namozxonlar «guvv» etib yelkalari osha ortlariga oʻgirilib qarashdi.

Namozxonlar bilan yuzma-yuz turgan shayx koʻzining kirinigina tashlab qoʻydi. Nainki eshikning ochilishi, balki qoʻporilib tushishi ham uni zarracha bezovta etolmasligi ayon boʻldi.

Eshikka yaqin oʻtirgan, koʻrinishidan-da, kiyinishidan-da bu yerlikka oʻxshamagan oʻttiz-oʻttiz besh yoshlardagi oʻrta boʻy, katta-katta koʻzlaridan mugʻombirlikka qorishiq aql porlab turgan kishi qalingina poʻstin kiyganiga qaramay, oʻzini sovuqdan chetga olayotgandek beixtiyor siljib koʻydi.

Bu odam yurtma-yurt, sarhadma-sarhad kezib yurgan marokashlik sayyoh edi.

Uning yoʻlga chikkaniga oʻn yillardan oshib ketdi.

E-he, bu vaqt ichida nimalarni koʻrmadi-yu!

Olimu devona, boyu faqir, donoyu nodon, kamtaru muttaham, pastkashu olijanob, xasisu saxiy zotlarning betinim oqimidan misli ummondek toʻlqinlanib yotgan shaharlardan tortib tahqirlangan odamlari johillikka, yolgʻon da’volarga, munkirlikka yuz tutganliklaridan yerparchin qilingan ellargacha u koʻrdi.

Odamzod misli hasharot, deya oʻyladi.

Ammo, uni yuksaltiruvchi birgina narsa bor, deyishadi.

Nima oʻsha narsa?

Sayyoh betinim qidiradi, kidiraveradi...

Oyogʻi yetgan notanish joylar uni hayratga soladi.

Bu hayrat yana qadam bosishga undaydi.

Axiyri, hayrati yetaklab kelgan joy shu boʻldi.

Avval Shayx Hasan va Hisomiddin al-Yogʻiy bilan tanishdi.

Sayyoh ularga otasining ham faqih boʻlganligini, oʻzining koʻplab musulmon allomalarining va’zlarini tinglaganligini, hadislarni yod olganligini aytib, ba’zi masalalar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirgach, lahza ichida dunyoni bir necha marta kezib chiqa olgulik karomatga ega ikkala shayx marokashlik sayyoh ham olamni faqat oyoq bilan aylanib yurmaganini zohiran boʻlmasa-da, ichdan tan olishdi.

Ular sayyohni sultonga yuzma-yuz kilishdi.

U haqda gapirib berishdi.

Sulton unga iltifot koʻrsatib, kulimsiradi:
— Xushmisan, yaxshimisan, qutlugʻ oʻlsun, — dedi sof turkiy tilda. Sayyohni sulton iltifotidan ham koʻra u soʻzlamish tilning jozibasi, ulugʻvorligiyu tantiligi lol etdi.

Sulton aytgan soʻzlarni yodlab oldi.

Taqlid qilayotganini oʻylab ham oʻtirmay, kim bilan koʻrishsa-da, shu soʻzlarni aytdi:
— Xushmisan, yaxshimisan, qutlugʻ oʻlsin!

Bu tilga mehr uygʻondi sayyoxda.

Koʻproq turib, koʻproq soʻz oʻrganish harakatida boʻldi. Sayyoh hamisha shu masjidga kelib namoz oʻqir, ayniqsa, Hisomiddin al-Yogʻiyning namozdan keyingi va’zlarini berilib tinglardi.

Bugun sayyoh masjidga kirib kelganida odam liq toʻla edi.

Shu bois, uning joyi poygahda boʻlib qoldi.

Hisomiddin al-Yogʻiy masjidda hech kimga siz u yoqqa oʻting, siz bu yoqqa oʻting, deb aytmasdi.

Ostonada chopar paydo boʻldi.

U boshiga moʻgʻulcha qalpoq bostirgan, egnidagi moʻgʻulcha poʻstinning junlari joni bor jonivornikiday hurpayib turardi.

Chopar yelka osha oʻziga tikilgan yuzlab nigohlardan bir zum talmovsiranib qoldi.

U oʻzga sayyoradan kelib qolgandek edi.

Naq sultonning oʻzidan chopar boʻlib kelganligi yodiga tushgach, dadillashdi.

Mehrobgacha olib borgulik yoʻl qidirdi.

Yoʻl topmadi.

Namozxonlar-da oʻrinlaridan turib, unga yoʻl berishmadi.

Shayx hamon miq etmay turardi.

Axiyri chopar sukunatni buzishga jur’at etdi:
— Sizga xabar keltirdim!

Shayxning oʻktam tovushi masjid gumbazlarida aks-sado berdi:
— Ne xabar ekan?
— Sizning oʻzingizga aytish buyurilgan.

Namozxonlar talmovsiranishdi.

Shayxning qonsiz lablarida istehzoli tabassum oʻynadi. U ozgʻin qoʻllarini oldinga choʻzib, qulogʻini ochdi, namozxonlarni bagʻriga bosmoqchi boʻlgandek bir harakat-la:
— Bularning bari-da mening oʻzim! — dedi. Oʻtirganlar yengil xoʻrsinishdi.

Sayyoh zavqlanganidan bosh chayqab qoʻydi. Chopar nima qilarini bilmadi. Shayx buyruq ohangida:
— Aytavering! — degach, chopar gʻoz turib, qogʻozdan oʻqib berayotgandek e’lon qildi:
— Sohibqironi a’zam, ulugʻ hoqonimiz sulton Alouddin Tarmashirin hazrati oliylari bugungi namozi jumaga muhim davlat ishlari bilan ushlanib qolganliklari tufayli bir oz kechikib kelishlarini e’lon qiladilar!

Olomon qalqdi!

Bu hech koʻrilmagan hodisa edi!

Ayrim namozxonlar betoqat boʻlishib, ichlarida, e, namozni boshlayveraylik-da, sultoni-moʻltoniga nima ishimiz bor, deya yengiltaklik bilan oʻylashar, musulmonlikning bu farzini tezroq yumaloq yostiq qilib, koʻchaga chiqishga intilishardi.

Namozni boshlash vaqti yetgandi.

«Imomlikka oʻtgan Hisomiddin al-Yogʻiy noqulay ahvolga qoldi, — Oʻylardi sayyoh. — Hozir sultonni kutsa, namoz vaqti boʻldi, namozxonlar undan oʻpkalashadi, kutmasa, sulton gʻazabi...»

Chopar ostonada shayxdan javob kutayotgandek qimir etmay turardi. Shayx boshini koʻtardi.
— Sohibqironi a’zam, ulugʻ hokonimiz sulton Alouddin Tarmashirin hazrati oliylariga chopar janoblari yetkazsinlarki, — deya hirqiroq tovushda, tantanali ravishda e’lon qildi shayx Hisomiddin al-Yogʻiy, — vaqt shunday hakamdirki, uning qarshisida shohu gado barobardir. Biz uchun eng ulugʻi Allohimiz buyurganidir!

Chopar oʻzini chetga oldi.

Uning yonida gilamcha koʻtargan xos mahram paydo boʻldi.

Uyam chopar kabi mehrobgacha olib borgulik yoʻl qidirdi.

Gilamchani hamishagi joyiga — mehrob oldiga toʻshamoqchi edi.

Yoʻl topmadi.

Gilamchani koʻrsalar-da, namozxonlar-da oʻrinlaridan turib, unga yoʻl berishmadi.

Shundan soʻng mahram gilamchani qaytarib olib ketishni ham, ketmaslikni ham bilolmay picha sarosar turib qoldi. Oʻylay-oʻylay bir qarorga keldi shekilli, gilamchani birgina boʻsh joyga — shundoqqina ostona ostiga, sayyoh yoniga ohista toʻshab, ortga chekindi. Eshik yopildi.

Shayx imomlikka oʻtdi.

Namoz boshlandi.

Oradan ancha vaqt oʻtgach, eshik ochilib, sulton ostona hatladi.

Unga hech kim e’tibor bermadi.

Hamma oʻz toat-ibodati bilan mashgʻul, oʻqtin-oʻqtin, shayxning yelkalariga nazar tashlab qoʻyishardi.

Janda qabonigina bazoʻr koʻtarib turganday koʻringan shayxning ozgʻin yelkalarida kishini beixtiyor oʻziga jazm etuvchi, koʻzini olib qochuvchi allanarsalar bor edi. Unga iqtido qiluvchilar har doimgi namozdan keyin bir-birlariga koʻpincha:
— Imomimizning yelkalarida hamisha farishtalar oʻtiradi-ya, kishini oʻziga qaratib olaveradi, — deyar edilar.

Sulton Alouddin Tarmashirin vaziyatni payqab, beixtiyor eshikni ohista yopdi.

Oʻzining gilamchasi ustiga choʻkkaladi.

Gilamchaning u yoq-bu yogʻini toʻgʻriladi.

Masjidning umumiy ruhi uni oʻziga singdirdi.

Buyukligi abas topdi.

Xoqonligi unut boʻldi.

Shayxning oʻktam ovozi hammani yakdillikka chaqirardi:
— Allohu akbar!

Shu edi ulugʻ saodat:
— Allohu akbar!

Munavvarlik-da shu edi:
— Allohu akbar!

Yuksaklik-da shu edi:
— Allohu akbar!

Borliq-da shu edi:
— Allohu akbar!

Shu edi, shu edi, shu edi — yalakat bir vujud-da shu edi, yagona bir ovoz-da shu edi:
— Allohu akbar!

Sultonning koʻzlaridan beixtiyor yosh tirqiradi.

Sultonga ergashib kelishib, masjidga kira olishmagan, toʻgʻrirogʻi, kirib oʻtirishga joy topisholmagan a’yonlar tashqarida qolishdi.

Shu choqda ular hokonning yodidan beixtiyor koʻtarilib ketishgandi.

Ularning gʻamini hamisha yeb, ustini butlab, qornini toʻqpab kelgan sulton endi oʻzining gʻamini yemoqda edi.

Oʻz ruhining gʻamini yemoqda edi!

A’yonlarga malol keldi bu: chunki, ular ruh-la dushman edilar, sulton oʻz ruhining gʻamini yesa, bizning badanimizni gʻamini yemay qoʻyadi, deb oʻylar edilar: oʻz badanlarini dunyoning hukmdori deb bilar edilar.

Ularning badanlarida hamma a’zolar mujassam edi — yurak bor edi, miya bor edi, qorin-da juda-juda bor edi; faqat, ruh yoʻk edi, ruh yoʻq edi - egasi tashlab ketgan tashlandiq hovliday huvillab yotishardi.

Namoz davom etardi.

Ahyon-ahyonda shayxning shirali ovozi masjid gumbazlari aro taralar, bu ovoz har yetgan yeridan nur sachratayotgandek boʻlardi.

Tashqarida qolishgan sulton a’yonlaridan sovuq oʻta boshladi.

Ular kaftlariga «kuh-kuh»lashib, namozning tezroq tamom boʻlishini kutishardi.

Eshikni qiya ochib qarashgayam yuraklari dov bermasdi, chunki eshikning takkinasida naq sultonning oʻzi oʻtirardi.

A’yonlar bir-birlariga bunday kuchli sovuq ancha yillardan buyon boʻlmaganini gapirishardi, holbuki, yaqindagina bundan-da beshbattar sovuqlar boʻlib oʻtgan, issiqqina oʻrduda may ichib, et yeb, suyak chaynab, sohibqironi a’zamni sharaflab, koʻklarga koʻtarish bilan ovora boʻlib qolishgan a’yonlar u sovuqlarni payqashmagandi.

Namoz tugadi.

A’yonlar qalt-qalt titrashlarini zoʻr-bazoʻr bosib, sultonning chiqishi tadorigini koʻrib turishganda, shayx Hisomiddin al-Yogʻiy va’z boshlab yubordi.

A’yonlar yana qaltiray boshlashdi.

Hisomiddin al-Yogʻiyning va’zi qisqa boʻldi.
— Oʻzlarining vaqtinchalik kuch va mansablarini suiiste’mol etib, shulardan foydalanib, xalqqa jabr-zulm oʻtkazuvchilar, albatta, kiyomatda emas, bu hayotning oʻzida ham javob beradilar, — deya soʻz boshladi Hisomiddin al-Yogʻiy sokin tovushda. — Ular oʻzlarini xalqda yaxshilik va mehr-muruvvatda boʻlganday koʻrsatarlar yoinki xaqiqatdan ham oʻzlarining qanday ahvolda, ravish-raftorda ekanliklarini bilmaslaridan xalqqa yaxshilik qilib, mehr-muruvvat koʻrsatyapman, deb astoydil ishonarlarki, bu ularning soʻqirliklari belgisidir, shu tufayli orttirgan gunohlari yana chandon ortadi. Tilidan bolu qoʻlidan qon oqqan zolimlar bu dunyoning eng jirkanch maxluqlaridir, — shayxning keskir soʻzlari, oʻktam tovushi hammaning boshini ham qilgan, hamma ham oʻzining qanaqa odam ekanligini oʻylab oʻtirar, aynaqsa, sulton Alouddin Tarmashirin koʻzlaridan oqayotgan yoshlarni yashirishga ham urinmasdi.

Shayxning soʻzlari beozor edi.

Boisi, u hech kimga barmoq nuqib, ey sen, deb aytib-koʻrsatmayotgandi.

Shayxning soʻzlari keskir edi.

Boisi, uning soʻzlarida hammaga ham tegishli nimalardir bor edi.

Masjidga yigʻilganlarning asosiy qismini mamlakatni koʻlda ushlab turishgan boyonlar, mulkdorlar, sulton oʻrdusiga yaqin kishilar tashkil etishgan edi.

Shayx barchaga bir-bir koʻzgu tutmoqda edi.

Haqiqiy qiyofani alayno-oshkor koʻrsata oladigan koʻzgu tutmoqda edi u.

Vijdonga koʻzgu tutmoqda edi.

Koʻzguda kir-chirlar, xas-xashaklar, chang-toʻzonlar aks etmoqda edi, xolos; shu bois, barchaning boshi ham edi, koʻzi yumuq edi.

Boshlari ham esa-da, koʻzlari yumuq esa-da koʻzguni koʻrib turishardi.

Va’z tugadi.

Kimlarningdir koʻz oʻngidagi koʻzgu shu zahotieq yoʻqoldi, kimlarningdir koʻz oʻngida abadul-abad qoldi.

Namozxonlar oʻrinlaridan turishib, darhol oʻrtadan yoʻl ochishdi, sulton Alouddin Tarmashiringa ta’zimda boʻlishdi.

Sulton asta-sekin yurib, imomning oldiga keldi.

Jilmaydi.

Qoʻl uzatdi.

Imom sultonga koʻz qirini tashlab qoʻydi-da, iltifot koʻrsatayotgandek qavima qaboning titilib ketgan yenglari orasidan ozgan qoʻlini choʻzdi.

Namozi juma intihosiga yetdi.

Sulton Alouddin Tarmashirinni namozxonlar ta’zim-la kuzatishdi.

Sulton xiyol ta’zimda boʻlib turgan sayyoh yonidan oʻtayotib, unga jilmaydi. Sayyoh yana-da egildi.

Sulton ortidan namozxonlar ham birin-ketin tashqariga chiqishdi. Zum oʻtmay ulkan bino boʻshadi. Mehrob oldida tik turgan shayx bilan poygaxdagi sayyohdan va muazzindan boʻlak hech kim qolmadi.

Sayyohning bu yurtga kelganiga ellik kundan oshgan, safari qarimoqda edi. Kelganidan buyon shu masjidda namoz oʻqib, shayx bilan bot-bot suhbatlar qurib turardi. Hisomiddin al-Yogʻiyning salohiyatiyu quvvai hofizasi uni lol qoldirardi. Bu cholning bilmagan narsasi yoʻq edi: koinotning barcha sir-sinoatidan tortib odam bolasining fe’l-atvorigacha unga ayon edi, shu bois, ulugʻ faqih nomini olgandi. Sayyohning bugun oʻzini juda munosib tutgan shayxga nisbatan mehri yana-da tovlanib ketgandi.

Sayyoh hozirgina namozxonlar oʻtirishgan namat ustidan shayxning oldiga yurib bordi.
— Havo sovub ketdi, — dedi sayyoh guvillab sovuq yopirilib turgan ochiq eshikka qarab olib.
— Ha, sovuq, — dedi shayx beparvo.
— Toʻningizni qarang, ancha urinib qolibdi-ku, taqsir, — dedi sayyoh koʻzi bilan shayxning egnidagi ayrim joylariga yamoq tushgan qavima qaboga ishora qilib.

Shayx jilmaydi. Jilmaya turib:
— Oʻgʻlim, bu ham meniki emas, qizimnikidur, — dedi. Sayyoh egnidagi poʻstinni yechishga urinayotib:
— Marhamat qilib, mana shu poʻstinimni olib kiysangiz, — deya taklif qildi.
— Yoʻq-yoʻq, urinma, oʻgʻlim, — shayx sayyohning qoʻlidan ushlab poʻstinni yechdirmadi.
— Sizga sovgʻa deb...
— Rahmat, oʻgʻlim, rahmat, — dedi shayx minnatdor boʻlganday. — Men ellik yil muqaddam hech kimdan tuhfa olmayman deb Allohga qasam ichganman, mabodo, sovgʻa olguday boʻlsam, albatta, sendan olgan boʻlardim.

Sayyoh ta’zim qildi.

Shayx qoʻlini uning kiftiga qoʻyib:
— Qaddingni koʻtar, oʻgʻlim, — dedi. Sayyoh qad rostladi.

Uning rangi oqarib ketgandi.

Qoʻlini koʻksiga qoʻygancha tisarila-tisarila chiqib ketdi.

... Ertasi kuni sulton Alouddin Tarmashirin yana yoʻlga otlanayotgan sayyoh sharafiga katta ziyofat berdi.

Ziyofat oʻrduda boʻldi.

Sultonning oʻrdusi chodirdan tiklangan boʻlsa-da, ichkarisi har qanday hashamatli saroydan qolishmasdi.

Toʻrdagi taxtda sulton yonboshlab oʻtirardi. Oyoq ostlariga, taxtning yon-atrofiga qoplonu yoʻlbarsning terilari toʻshab tashlangandi. Taxtni qurshab olishgan xizmatkorlar sultonning har bir soʻziga ilhaq turishar, hozir u, osmondagi oyni olib kelinglar, desa, shunga-da yugurib ketguday edilar.

Mamlakatning barcha akobirlari, nomi chiqqan ustunlari, olimu fuzalolari, shoiru maddohlari... qoʻyingki, saltanatni emib yotishgan jamiki koʻkaldoshlar bugun oʻrduga yigʻilishgandi. Saroy ahli, vaziru vuzaro, amirlar — har kim oʻz mansabiyu mavqeiga qarab joy egallagan edi.

Sayyohni sultonnang chap yoniga oʻtkazishgandi.

Yigʻilganlar oldlariga qoʻyilgan tovoqlar va koʻzalarni birin-ketin boʻshatishar, ularning oʻrniga yangilari kelardi.

Sulton ularning barchasiga koʻz ostidan erinchoqlik bilan nazar tashlar, bu qarashidan oʻtirganlarning birortasiyam uni qiziqtirmasligi koʻrinib turardi.

Sultonning negadir kayfiyati yoʻq edi.

Kechagi masjiddagi voqea uni ancha-muncha mataassir etgan boʻlsa-da, shohlik gʻururiga ham tegib ketgandi.

U bugun sayyoh bahonasida beriladigan ziyofatda shayx Hisomidtsin al-Yogʻiyga oʻzining kimligini koʻrsatib ham qoʻymoqchi boʻlgandi.

Toʻgʻri, Hisomiddin al-Yogʻiy hech vaqt oʻrduga qadam bosgan emas.

Sultonning birortayam sovgʻasiga qiya boqmagan.

Bordi-yu, Alouddin Tarmashirinning saxiyligi tutib, butun mamlakatni hadya etmoqchi boʻlsayam, shayx mensimasligini yaxshi biladi.

Shayxning undan ustunligi shunda edi.

Shayxning sayyoh bilan aloqasi durustligidan sulton uning shu bahonada saroyga tashrif buyurishiga umid bogʻlagandi.

Biroq undan darak boʻlmadi.

Sulton chopar yubordi.

Chopar qaytib kelib, Aloudtsin Tarmashiringa shayxning javobini yetkazganda, sulton gʻazabdan koʻkarib ketdi.

Tevarak-atrofga ilkis qirgʻiy qarash qilib oldi.

Xayriyat, chopar yetkazgan gapni uning oʻzidan boshqa hech kim, hattoki, yonida oʻtirgan sayyoh ham eshitmagandi.

Hisomiddin al-Yogʻiy choparga ziyofatga kelolmasligining sababini sultonga yetkazishni buyurib, mana bunday degan edi:
— Podshohning ziyofati xos kishilar uchun harom. Uning qilayotgan xayru ehsonlari olomon uchundir, chunki, olomon shunday narsalarga oʻch, shu tufayli uning barcha gunohlarini kechirib yuboraveradi. Lekin Alloh kechirmaydi, xos kishilar hammavaqt itlar oldiga tashlanadigan suyakka ijirgʻanib qaraydilar. Shu sababli, oʻzlari faqir boʻlsalar-da, hech qachon hech kimga bosh egmaydilar. Sultonga yetkazingki, shu bois men oʻrduga borolmayman, harom kiymayman, harom yemayman deb, ellik yil burun Allohga qasam ichgandirman.

Alouddin Tarmashirin nima qilarini bilmay qoldi.

Nima qilsin?

Janda qabosiyu eski kalonsuvodan boʻlak boyligi boʻlmagan keksa shayxga qanday jazo loyiq koʻriladi?

Agar hozir u bir imo qilsa poyida boʻriday irillab turishgan yugurdaklari lahza ichida uning boshini koʻtarib kelishlari mumkin-ku!

Yoʻq!

Sulton Alouddin Tarmashirin bunday qilmaydi.

Yetti iqlimga adolatpeshatigi, fuqaroparvarligi bilan dongʻi ketgan sulton bunday qila olmaydi.

Alouddin Tarmashirin davraga xuddi begonalarga karaganday ogʻir-ogʻir qaradi.

Uning miyasiga fikrlar quyuni chaqmoqday urila boshladi.

«Mana bu ziyofatxoʻrlik qilib oʻtirishgan, oʻz manfaatlari yoʻlida hech qanday qabihlikdan qaytmaydigan, kichkinagina tuhfa uchun itdek tavon yalashga ham tayyor olchoqlardan jismi uvoqqina chol naqadar yuksak, ulugʻ, kudratli-ya, deya oʻylardi sulton Alouddin Tarmashirin. — Mening oʻzim-chi? Adolatli shoh emishman! Axir, ahli raiyatga solingan soligʻlaru fuqaroning peshona teri evaziga mana bu tekinxoʻrlarni boqib yotganim yolgʻonmi? Yoʻq, yoʻq: shayx toʻgʻri soʻzlaydi, bundan-da achchiqroq soʻzlar aytsa-da, bari rost: biroq sultonlik martabamning bir tomoni nega, nima uchun toʻngʻizboqarlikka aylanib ketayotganini oʻzim ham anglolmay dogʻdaman...»

Sultonning miyasida koʻngilni xira qiladigan bir-biridan qora fikrlar gʻujgʻon oʻynay boshladi. Qovoq-tumshugʻi osilib dovu dunyosi qorongʻilashdi.

Uning kayfiyati davradagilarga ham yuqdi, sekin-asta kavshanishib, ayrimlari ovqatdan qoʻl uzdi.

Sayyoh ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan kuzatib oʻtirardi.

Sulton ixtiyorsiz ravishda oldidagi tovoqda turgan sergoʻsht kattakon ilikni oldi-da, keskin bir harakat-la pastga tomon uloqtirdi:
— Qani ushlanglar!

Pastdagilar esankirab-dovdirab qolishdi. Sulton uloqtirgan suyakning yerga tushishi uning kayfiyatini battar yomonlashuviga bahona boʻlishi mumkinligini hamma yaxshi anglab turgan edi.

Toʻrt-beshta amaldorlar gavdalariga nomunosib holda chaqqonlik bilan harakat qildilar. Ular havolab kelayotgan suyakka qoʻllarini choʻzgancha, oʻzlarini otdilar. Suyak bitta edi, shu bois ularning biriga nasib etdi, lekin barchalari suyakka ega boʻlgandek quvondilar, ulargina emas, davradagilarning barchasi qiyqirib yubordilar.

Suyakni tutib olgan amaldorni olqishlay ketdilar:
— Yashang, Burgʻubek!
— Halolingiz boʻlsin!
— Sultonimiz himmatlariga balli!
— Umrlari uzoq boʻlsin!
— Dunyo turguncha tursinlar!

Shu tariqa davraga xushnudlik qaytgandek boʻldi.

Shovqin-suron, vagʻur-vugʻur yana avj oldi, dasturxondan qoʻl uzganlar yana qoʻl choʻzdilar.

Alouddin Tarmashirin chap qoʻlini xiyol koʻtarib davrani tinchitdi. Soʻngra ellik kundan ortiq mamlakatlarida turgan marokashlik sayyoh Shamsiddin Abu Abdulloh at-Tanjiy sha’niga iliq soʻzlar aytib, unga ikkita ot va ikkita tuya tuhfa qilganini bildirdi.

Sayyoh oʻrnidan turib ta’zim qildi. Davradagilar sultonni olqishladilar.

Soʻngra sulton oʻrnidan turib, suvsar moʻynali oq poʻstinni oʻz qoʻli bilan sayyohga kiygazdi.

Har tomondan har xil ovozlar qushlarday uchib keldilar:
— Qulluq boʻlsin!
— Buyursin!
— Sultonimizga ofarin!
— Qulluq sultonimizga, qulluq!

Sulton qoʻli bilan ishora qilib, gala-gala ovozlarni ortlariga qaytarib yubordi, ular uchishga payt poylab, inlariga qaytib qoʻnishdi.

Sulton Alouddin Tarmashirin sayyohga oq yoʻl tilarkan, lablari chetida nimtabassum bilan shunday soʻzlarni aytdi:
— Sizning oyogʻingiz xali dunyoning koʻp davlatlariga yetadi. Ular, albatta, biz haqimizda soʻrashadi. Siz ularga bizning mamlakatimiz haqida soʻzlayotganda u yerda oʻz sultonining taklifini ham rad qila oladigan qudratli odamlar bor ekan, deb ayting. Ular u odamlarning qudrati nimada ekan, deb soʻrashsa, halolliklari va tantiliklarida ekan, deb ayting. Shularni aytsangiz, bizning buyukligimiz va kuchimiz haqida xalqlarning oʻzlari xulosa chiqarib olishaveradi.

Sulton Alouddin Tarmashirin taxtga choʻkib, koʻz ostidan oʻrduga sochilgan odamlarni kuzatgancha yumshoq bolishga yonboshladi.

Sayyoh ta’zim qila-qila oʻz joyini ishgʻol qildi.

Oʻrduda qiyqiriq, olqishlar avjiga chiqdi.

Nima uchun qiyqirib, nimani olqishlayotganliklarini fikr-yodlari ziyofatda boʻlgan bu shoʻrliklarning oʻzlari ham bilmasdilar. Sultonga yaxshi koʻrinish, uning kayfiyatini buzmaslik — ularning muddaolari shu, boshqasi bilan ishlari yoʻq edi.

Ziyofat tonggacha davom etdi.

Sayyoh ziyofatdan turiboq yoʻlga tushdi.

Uning xayolini sertoʻlqin ummonlar, noma’lum shaharlaru mamlakatlar bezovta qilgani qilgan edi.

Haqiqatdan ham, bu tinib-tinchimas odamning oyogʻi dunyoning eng chekka sarhadlarigacha yetib bordi.

Qaerda boʻlmasin, oʻsha koʻrganlarini bot-bot eslab, roviylardek rivoyat qilib yurdi marokashlik sayyoh Ibn Battuta.