OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShoyim Boʻtayev
Asar nomiMaktab qorovuli (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shoyim Boʻtayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maktab qorovuli (hikoya)
Shoyim Boʻtayev

Eshniyoz chol erta uygʻonadi. Namozini oʻqib, mol-hollarga qaraydi-da, choyini ichib maktab tomon joʻnaydi. Unga yoʻlda saharxez kishilar duch keladi. Cholning qayoqqa otlanganini koʻrib-bilib turgan boʻlishsa-da, salom berib, koʻngil uchun soʻrashadi:
— Ishgami, Eshniyoz ota?
— Ishga.
— E, yashang.
— Ermak-da.
— Nimasini aytasiz.

Eshniyoz chol maktab qorovuli. Ba’zilar, sizga shu dahmazaning nima keragi bor, oyoqni uzatib yotmaysizmi, deyishadi. U beozorgina iljayib, oʻrganib qolganman-da, maktab bolalarini koʻrmasam turolmayman, deb ochigʻini aytib qoʻya qoladi. U oʻz mulk-molikonasini tekshirayotgan zamindordek dastlab maktab hovlisini boshdan-oyoq aylanib chiqadi. Tong qorongʻusida qogʻoz parchalari, xas-choʻplarni bitta qoldirmay yigʻishtirib olishiga boshqalar ham hayron qolib, cholning koʻzi qanday koʻrarkan-a, deya ajablanishadi. Soʻngra maydonchadagi gullarga suv qoʻyadi. Ishi tez tugaydi.

Yoʻl boʻyidagi qadimiy chinor ulkanligidan maktab hovlisining deyarli yarmiga olachalpoq soya tashlab turadi. Uning ostida yersupa bor, Eshniyoz cholning supasi, deyishadi. U ishini tugatib, qorovulxonadan sholcha olib chiqib supaga yozadi. Chordona qurib oʻtiradi. Birin-ketin muallimlar ham kela boshlaydi. Ular cholga quyuq salom berib oʻtishadi. Ba’zilari soʻrab qoladi:
— Hammadan avval kelib olgan ekansiz-da?

Eshniyoz chol xijolatomuz jilmayadi:
— Endi-i... maktab eshiklarini ochib turaylik dedik-da.
— Omon boʻling, otaxon.
— Ilmingizga xudo baraka bersin.

Eshniyoz chol yana kimlarningdir kelishini intiq kutayotgani uning yuz-koʻzlaridagi ifodalardan yaqqol bilinib turadi. Kutayotgani — bolalar. Mana, nihoyat, bolalarning ham qorasi koʻrinadi. Ularning ba’zilari moʻmin-qobil boʻlsa-da, koʻpchiligi shumtaka — bir-birlarini turtishib, quvlashib-qochishib kela boshlaydi. Eshniyoz cholning ortiga kelib yashirinadiganlari ham topiladi, undaylar zoʻravonni cholga koʻrsatishib:
— Bobo, qarang, — deya oʻzlarini uning panohiga oladilar.

Bunday lahzalarda cholning boshi osmonga yetadi. Uning xursandchiligini nasihatga oʻta boshlaganidan ham bilsa boʻladi. Hushtak chalmanglar, hushtakni oʻgʻrilar chalib, bir-birlarini chaqiradi, deydi u. Bir-birlaringni turtmanglar, urgandan turtgan yomon, deydi. Bolalar salom berib oʻta boshlashganida, u beixtiyor oʻrnidan turib ketadi, koʻzlari charaqlaydi, qoʻlini koʻksiga qoʻyadi:
— Vaalaykum assalom. Barakalla, barakalla.

Shunday paytlarda Eshniyoz chol oʻzini yetti qavat osmon ustidagidek his etadi. Qiy-chuv tinib, dars boshlangach, Eshniyoz chol yonboshlaydi. Tilining ostiga bir chimdim nos tashlab olib, qandaydir xayollarga beriladi. Oʻtgan-ketganga, qani-i nosdan bitta otsinla-ar, deya manzirat qiladi. Nos olib yurmaydigan noskashlar iljayib kelaverishadi. Nos bahonasida oʻtgan-ketgandan gaplashib oladilar.
— Bu yil pichan qalay boʻldi?
— Chalgʻi kutib belga urib yotipti.
— Durust-durust. Podani sugʻorgani haliyam Hasan hovuzga olib borishyaptimi?
— Ha, haliyam oʻsha yoqqa olib borishyapti.
— Bir zamonlar biz ham podani Hasan hovuzda sugʻorardik.

Poda boqqan yillarini eslab, Eshniyoz chol xayolga choʻmadi, koʻz oʻngidan dashtu dalalarning manzaralari oʻtadi, dimogʻiga turfa giyohlarning hidi ufurgandek boʻladi, ogʻir xoʻrsinadi. Suhbatdoshining turib joʻnaganini payqamay ham qoladi.

Eshniyoz chol ba’zan zerikadi. Qayoqlargadir ketgisi keladi. Qayoqqayam borardi? Qolaversa, ishi shu — maktabga qorovullik, oʻtirishi kerak. Farrosh ayollar u yoq-buyoqqa supurgi urishadi. Soʻngra qoʻlbola yogʻoch oʻrindiqda qator tizilishib oʻtirgancha gʻiybatni boshlashadi. Eshniyoz cholning qulogʻi ding boʻladi, ba’zida qulogʻiga chalingan gaplarning berdisini eshitishga ichida qiziqishi kuchayib borayotganini payqaydi-yu, astagʻfirillo, astagʻfirillo, deganicha istigʻfor aylaydi.

Keyin negadir:
— Hay, qurib ketsin-a! — deb qoʻyadi.

Yogʻin-sochinli kunlarda supa boʻshaydi. Chinor ham allanechuk mungʻayib qolgandek koʻrinadi. U tanaffus boʻlishini sabrsizlik bilan kutadi. Qoʻngʻiroq chalindimi, bas, bolalar cholning oldiga yopirilib keladi. Bir-birlariga gal bermay chuvillashadi:
— Bobojon, bitta ertak aytib bering.
— Bittagina...
— E, qoʻyinglar-e, — chol qoʻl siltab, qiyofasiga jiddiy tus bermoqchi boʻladiyu eplolmaydi, iljayib yuboradi. Yuziga qon tepadi. Bolalar tiqilinch qilavergach:
— Qoʻymadilaring-da, — deya jismu joniga taralgan allaqanday huzurdanmi, boshqa narsadanmi, koʻzlarini bir oz qisganicha oʻylanib qoladi.

Bolalar yalinaverishadi:
— Jo-on bobojon!
— Aytgingiz kelib turibdi-ku.

Qora-qura munchoq koʻz bolakaylarning moʻltayib turishlari uning koʻnglini yumshatadi. Dadillanib, ikki tizzasining ustiga ikkala kaftini tirab... tantanali sukutdan soʻng boshlaydi:
— Shu-u Germoniyada ketyapmi-iz, qoʻlda beshotar! Bir poshist oʻtdi oldimizdan — hahh dedim! Peshonasidan oʻq tegdi poshistning — yiqildi, choʻzildi, jon berdi! Ortidan yana biri kelyapkan ekan. Uyam uh dediyu ketdi...
— Keyin-chi, keyin?
— Shoshmanglar. Gapning berdisini eshitinglar-da!..

Bolalar jim boʻladi. Qiy¬shang¬lab-qiypanglayotganlarini turtishib, doʻq urishib tinglashga majbur qiladilar. Sukunat. Eshniyoz cholning koʻzlari yana oʻsha-oʻsha gʻalati ifodalarga toʻladi. Ertagi ham oʻsha-oʻsha. Uning urushda koʻrgan-bilgani shu. Qahramonligiyu xotirasi ham shugina, xolos. Urush haqida boshqa gap aytolmaydi.

Eshniyoz chol bir piyola qaynoq choy ilinjida qorovulxonaga kirdi. Pechkadagi olovning taftidan ikki beti qip-qizarib ketganicha qorovulxonadagi taxta karavatning oʻrtasida Hamida degan farrosh ayol jun titib oʻtirardi. Bir tomonida urchuq, ikkinchi tomonida poʻstak parchalariday sochilgan tituvsiz jun. U oʻgirilib Eshniyoz cholni koʻrdiyu yosh bolani tergayotganday:
— Eshikni yoping, eshikni, — dedi.

Eshniyoz chol eshikni yopib ostonada nima qilarini bilmagandek xijolatomuz turib qoldi.
— Qayoqlarda yurasiz-a? — tergashda davom etdi farrosh.
— Orqa hovlidaydim.
— Direktir soʻradi sizni.
— Haligina koʻruvdi-yu.
— Bilmasam, darrov uchrashsinlar, dedi.

Eshniyoz chol kift qisdi. Yil oʻn ikki oy uning direktor bilan shoshilinch uchrashadigan ish-yumushi boʻlmasdi, shunga ajablandi.

Direktor oʻz xonasida nimalarnidir yozib oʻtirardi. Chol tomoq qirdi.
— Keling, — direktor kresloga yastanib gʻalati iljaydi.
— Shu... Hamida aytdiki... — chol endi soʻz boshlamoqchiydi, direktor shu lahzada tuyqusdan hol soʻrashga oʻtib qoldi:
— Ahvol qalay?
— Tuzuk...
— Mixdek boʻlish kerak! — direktor koʻzlarini chaqnatib bosh barmogʻini koʻrsatdi. — Bugun armiya tashkil topgan kun-a? Uchrashuv qilamiz, xabaringiz bormi?

Eshniyoz cholning bundan xabari yoʻq edi. Nima deyarini bilolmay ikkilanib qoldi.
— Shunaqa, — direktor oʻzining soʻzini oʻzi tasdiqlab davom etdi. — Bolalarga ota-bobolarimizning jasoratlari haqida soʻzlab bersangiz. Axir, urushda boʻlgansiz. Nemis-fashist bos¬qinchilaridan bir nechtasini yer tishlatgansiz. Tanklaru pushkalardan ham bir-ikkitasini yakson qilgan boʻlsangiz kerak. Oʻquvchilar davrasida ana shularni aytib berish kerak-da, endi. Esdan chiqqan joylariga qoʻshib-chatilsa ham mayli, yolgʻon aytding, deb birov yoqangizdan tutmaydi, kelishdikmi? — direktor ishshaydi.

Eshniyoz chol qizarib ketdi va oʻylanib qoldi: nimayam derdi? Direktor soʻrayapti-ya, koʻpchilikka yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan katta odam, yoʻq deb boʻladimi unga? Yer ostidan qanchalik tikilmasin, u direktorning hazillashayotganini ham, jiddiy aytayotganini ham farqlolmadi. Qulogʻiga yana oʻsha soʻz oʻqdek urildi:
— Kelishdikmi?

Eshniyoz chol seskanib bosh irgʻadi. Shundan soʻng chiqib oʻz ishiga mashgʻul boʻldi. Uchrashuv oʻtkaziladigan sinfning pechkasiga koʻmir qaladi. Oʻt yoqdi. Kattakon qahramonni koʻrar ekanmiz, deya bolalar oldingi partalarda oʻtirishga talashib-tortishishdi.

Direktor qalamining orti bilan stolga ura-ura toʻs-toʻpolonni tinchitdi. Keyin u armiya toʻgʻrisida, urush haqida gapirdi, hozirgi kun bilan bogʻladi.
— Mana-a, bugun shu munosabat bilan oʻtkaziladigan uchrashuvimizga, — deya asosiy maqsadga koʻchdi u, — maktabimizning zahmatkash qorovuli Eshniyoz Toshniyozovni taklif etganmiz. Mar¬hamat, soʻz sizga, oʻrtoq Toshniyozov!

Bolalar birvarakayiga ie, deb yuborishdi. Eshniyoz chol oʻrnidan turdi. Najot kutayotgandek tevarak-atrofga moʻltirab, nigoh tashladi. Yoʻtaldi. Qoʻllarini qaerga qoʻyishni bilmay dam koʻksiga chalishtirdi, dam salanglatib osiltirdi. Biroz titroq tovushda hikoyasini boshladi:
— Shu, Germoniyada ketyapmiz, qoʻlda beshotar!..

«Gurr» kulgi koʻtarildi. Cholning oyogʻidan mador qochib, koʻz oʻngi qorongʻilashdi. Bolalarning kulgisi uni hayron qoldirgan edi. Har gal tanaffusda, bittagina aytib bering, deb yalinib-yolvoradigan bolalarning hozirgi holati unga tushunarsiz edi. Chol direktorga qaradi. U qoʻlidagi boyagi qalam bilan stolni taqillatdi. Bolalar jim boʻlishdi.
— Davom eting, — direktor negadir cholga ham oʻqrayib qaradi.
— Bir poshist oʻtdi oldimizdan, — «davom etdi» Eshniyoz chol, — hahh, dedim. Peshonasidan oʻq tegdi poshistning — yiqildi, choʻzildi, jon berdi! Ortidan yana biri kelyapkan ekan, uyam uh dedi-yu ketdi... — soʻnggi jumlani chaynab, qiynala-qiynala ayt¬di.

Sinfni boshga koʻtargudek qahqaha yangradi. Eshniyoz chol yanayam hayron boʻldi. Joyiga oʻtirmoqchi boʻlgandi, direktorning afti bujmayib:
— Tamommi? — deb soʻradi.
— Tamom boʻldi, tamom boʻldi, — cholning oʻrniga bolalar chugʻurlashib javob berdi.

Direktor peshonasini qashigancha oʻrnidan turdi.
— Oʻrtoq Toshniyozov falon-piston frontlarda shunday-shunday qahramonliklar koʻrsatgan, — deya oʻzining urush haqida eshitgan-bilganlarini aytib bergach, direktor uchrashuv tugaganini ma’lum qildi.

Bolalar oʻzlarini eshikka urdilar. Eshniyoz chol ularning chiqib boʻlishlarini kutdi. Direktor yoʻl boshlasin, har qalay rahbar odam.
— Beshinchi «A»ga yoʻlab boʻlmaydi — muzxona! — Gʻoʻldiradi direktor papkasini qoʻltigʻiga qistirarkan, unga tegishli qilib.

Eshniyoz chol tushundi. Yengil tortdi. Tashqariga yoʻnaldi. Koʻmirxonadan koʻmir toʻla chelak va kurakchani oldi. Muallimlar xonasining roʻparasida Saidning yerga ursa koʻkka sapchiydigan nevarasi oʻqiydigan sinf; uning dastidan arzu dod qilmagan muallim yoʻq. Shu bolani koʻrsa Eshniyoz cholning yuragi gʻalati boʻlib ketadi. Oʻgʻlimga, deb, uning onasiga non ham sindirib qoʻyganini eslaydi, Saidning oʻgʻli qandaydir jigariday tuyuladi.

Eshniyoz cholning mijjalari namlandi. Borib beshinchi «A»ning eshigini ochdi. Bolalar duv oʻgirilishdi. Chol oʻngʻaysizlandi. Muallimga qaradi. U bosh irgʻab mashgʻulotini davom ettiraverdi. Chol deraza yoniga bordi. Choʻnqayib choʻyan pechkaning kulini tozalay boshladi. Qulogʻiga muallimning soʻzlari kirib turdi. Bu soʻzlardan u hech vaqoni anglamayotgan boʻlsa-da, zap ilmi bor-da, baraka topkurning, deb oʻyladi. Ishini tugatgach, Eshniyoz chol chelakni koʻtarib chiqib ketdi. Kurakchani pechka ustida unutib qoldirdi. Bu tashqariga chiqqanida xayoliga keldi. Qaytib kirmadi. Chelakni yerga qoʻyib belbogʻi qatidan nosqovogʻini oldi va kaftiga bir chimdim nos toʻkdi.

Uni xayol elitdi. Koʻz oʻgnida rango-rang xalqachalar jimirlasha boshladi. Peshonasidan negadir sovuq ter chiqib ketdi. Ayni shu lahzada qandaydir ish bilan yoʻlakka chiqqan direktor u tomon kela boshladi. Chol kalovlanib qoldi.
— Oʻzi ikki fashist oʻlganidan keyin nima boʻluvdi, — dedi direktor kinoyali tarzda Eshniyoz cholning oqarib ketgan yuziga qarab qoʻyib. — Shu boʻlgan gapmi oʻzi? Urushga borganlarning oʻzlariyam toʻqishsa kerag-ov! Nahotki, ikkisiniyam oʻzingiz otgan boʻlsangiz? Tushingizda edimi, oʻngingizdami? — direktor shunday deb iziga qaytarkan, barcha savollarning javobini oʻzi topganday, — gapniyam eplolmaysiz-a, — deganicha xulosa qildi.

Eshniyoz chol shomda uyiga keldi. Kampiri tancha chetida belini toʻnga oʻrab, inqillab yotardi. Cholning unga ichi achidi, biroq tilida:
— Yotaverar ekan-da, — deya toʻngʻilladi.

Kampirning koʻzlari yaltiradi. Oʻrnidan qimirlashga urinib:
— Joʻrttaga yotipmanmi, chol, omonatini tezroq ola qolsa edi, — deya xira koʻzlarida yosh koʻrindi.

Cholning yuragi toriqdi. Hovliga chiqdi. Toʻlin oy muzdek nur separdi. U somonxonaga kirib, togʻoraga somon oldi, ogʻilga olib kelib, sigirning oxuriga soldi, oxuridagi nishxoʻrdni eshakka tashladi. Qaytib yurib uyga kirganda, kampir, uyquga ketgandi. U ahyon-ahyonda ixrab, gʻoʻldirab, inqillab qoʻyardi. Eshniyoz chol tanchaning koʻrpasini koʻtarib kosov bilan choʻgʻni qoʻzgʻadi. Tanchaning boshqa burchagiga oʻzi yonboshladi. Uyqusi kelmadi. Kampiriga aytgan gapi uchun afsus chekdi.

Uchrashuvni, direktorni koʻngli gʻashlanib esladi.

Eshniyoz chol subhi-sodiqda uygʻondi. Qor qalin yogʻibdi. Quruq tappi keltirib, oʻchoqqa qaladi. Oʻt yoqdi. Mollarga qarab kelguncha qumgʻondagi suv qaynab, tappidan qoʻr tushgandi. Qoʻrni tanchaga soldi. Dasturxon yozdi. Choy damladi. Shopiyolada kampiriga iliq suv keltirdi, oldiga dastshoʻy qoʻydi.
— Oʻzim chiqardim, — dedi kampiri iymanib.
— Sogʻayib ol, keyin chiqasan, — dedi chol kechagi achchiq gapi uchun uzr soʻrayotganday.

Ular jimgina nonushta qila boshladi.
— Ishga bormadingiz? — kampirning mehri iyib Eshniyoz cholga savolomuz qaradi.
— Endi bormayman.

Kampirning chehrasi ochildi.
— Yaxshi qilasiz...

Biroq oradan yarim soat oʻtar-oʻtmas Eshniyoz chol maxsisini kiya boshladi.
— Qayoqqa? — deb soʻradi kampir.
— Bir koʻchaga chiqay-chi, — dedi chol.

U maxsi ustidan toʻzibgina qolgan kalishini ildi-da, tashqariga chiqib ketdi.