OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShoyim Boʻtayev
Asar nomiQora Klit (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shoyim Boʻtayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora Klit (hikoya)
Shoyim Boʻtayev

Iskandar Makedoniya taxtiga oʻtirgan kuni qadrdon doʻsti, muzofotda Qora laqabi bilan tanilgan Klit uni qutlashga keldi. Iskandarni bagʻriga bosib:
— Buyuk ishlarni amalga oshirish uchun fursat kelganidan juda mamnunman! — deya baralla xitob qildi. Iskandar uning yelkasiga qoqib qoʻydi. Qora Klit uning koʻnglidagini topib aytgandi.

Soqol-moʻylabi endigina sabza ura boshlagan Iskandarni aslo yosh podshoh deb boʻlmasdi. Uning shaxsida aql-zakovat, shijoat, fahm-farosatu bahodirlik mujassamlashib, ajoyib uygʻunlik kasb etgan edi. Biroq dunyoning ayyor va dogʻuliligi, ne-ne zotlarni oʻpqonday komiga tortganicha yana hech narsa koʻrmaganday evrilishda davom etaverishi Iskandarga hali noma’lum edi. Shundanmikan, faylasuf ustozi: «Yer yuzini zabt etish hali dunyoni egallash emas», deganida Iskandar achchiqlanib, «Men dunyoni tasavvurimda jonlantirmoqdan koʻra ilkimda tutmoqlikni afzal koʻraman», degan edi.

Uning bu qat’iyati har bir voqea-hodisaga munosabatida ham yaqqol aks etardiki, ba’zan hech kimning xayoliga kelmagan favqulodda gaplarni ham oddiy soʻzlar kabi aytib yuboraverardi. Hatto bir kuni, otasi Filipp yoshi oʻtib qolganiga qaramay navnihol Kleopatraga uylanayotganida, uning may ichib yiqilib qolganini koʻrgan Iskandar istehzo bilan:
— Qaranglar-a, qit’adan qit’aga oʻtishni niyat qilgan odam toʻshakdan toʻshakka oʻtayotib choʻzilib qoldi, — deganini odamlar uzoq vaqt eslab yurishgandi.

Hamisha tuslanib turadigan dunyodan oyoq bosib oʻtmoq navbati endi Makedoniya podshohi Iskandarga kelgan edi. Qismatga bitilgan chokda yagona va kuchli bir istak koʻngilga shu qadar qutqu solarkanki, uni qondirmoqdan oʻzga iloj qolmaydi — yo hayot, yo oʻlim — boshqa yoʻl koʻrinmaydi. Iskandarning xayolini band etgan ulugʻvor rejalar, ulkan maqsadlar tunu kun unga halovat bermas edi.

Jangovar safarga chiqishdan oldin barcha boyliklarini xalqqa boʻlib berdi.

Oʻshanda Iskandar oʻz boyliklarini saxiylik bilan odamlarga ulashar ekan, yurt ulamolarining boylikka, ayshu ishratga, ayollarga ruju qoʻyishlarini oʻtaketgan pastkashlik, qabihlik deb hisoblaganidan, bu ochiqqoʻlligi bilan shunday yoʻl tutayotganlarga sha’ma qilayotgandek ham boʻlardi. «Yalqovlik qullarga xos, ulugʻ, shijoatga toʻliq mehnat esa shohlarga yarashadi», derdi u.

Mamlakatning shon-shavkati, xalqning baxtu saodati uchun nainki boyliklarini, balki jonini ham bir lahzada berib yuborishga tayyor podshohgina shunday deya olar edi. U bunday choqda ikkilanishni oʻzi uchun or deb bilardi.

Doʻstining barcha narsalarini ayamay boshqalarga tarqatayotganini koʻrgan Klit:
— Oʻzingga ham biror narsa qoldirdingmi? — deb soʻradi.
— Ha, — dedi Iskandar.
— Nimani? — qiziqdi Qora Klit.
— Umidlarimni, — dedi doʻsti.

Uning bu javobi Qora Klitni shu qadar toʻlqinlantirib yubordiki, u ham shu lahzadayoq bor-budini boshqalarga tarqatib berdi.

Shundan soʻng Iskandarning oldiga qaytib:
— Sening umidlaringga men ham sherikman, — dedi.

Iskandarga Qora Klitning bu soʻzi yoqdi.

Bu voqea yashin tezligida butun mamlakat boʻylab tarqaldi. Ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yurgan qisqagina suhbat ulus qalbini faxr-iftixorga toʻldirib yubordi. Ular, endigina toju taxtni egallagan navqiron hukmdorlari omon boʻlsa, hech qachon xorlik-zorlik koʻrmasliklarini dil-dildan his etardilar.

Istmdagi qurultoyda yunonlar Iskandarni oʻzlariga dohiy saylab, uning boshchiligida navbatdagi qarshi yurishga ahdlashganlarida, barcha davlat arboblari, buyuk faylasuflar uni qutlagani kelishdi. Faqat, sinoplik faylasuf Diogengina bu yerda qorasini koʻrsatmadi. Iskandar uni koʻp kutdi, axiyri, uning huzuriga oʻzi yoʻl oldi. Kraniyadagi chorbogʻda badanini oftobda toblab yotgan Diogendan Iskandar: «Mendan nima iltimosing bor?» deb soʻraganida, u: «Sal chekkaroq oʻt, quyoshni toʻsayapsan», dedi. Qaytayotganda faylasufni mazax qilib kelayotgan hamrohlariga, «Afsuski Iskandarman, agar Iskandar boʻlmaganimda Diogen boʻlishni xohlardim», dedi.

Iskandarning yurishi boshlandi.
— Makedoniyaning ozod fuqarolari! — xitob qildi Iskandar yurish oldidan qoʻshin yonidan oʻtar ekan. — Dushman lashkarlarining bizga nisbatan bir necha marotaba koʻpligi sizlarni choʻchitmayaptimi? Yodingizda tuting: ular yoʻlbars qarshisidagi qoʻy-echkilar kabidirlar. Axir, oʻz podshohining chizgan chizigʻidan chiqolmaydigan son-sanoqsiz yollangan qullarni Makedoniyaning ozod fuqarolariga kim tenglashtira oladi? Ular hozir ham oʻz boshlarining omon qolishini oʻylaganicha qaltirab, jon hovuchlab turishibdi.

Makedoniya qoʻshini Iskandarning har bir soʻzini hayqiriqlar bilan qarshi oldi.
— Ozodlik uchun! — qichqirdi Iskandar.
— Ozodlik uchun! — ummonday guvladi qoʻshin.

Doro va uning lashkarboshilari Granik daryosining kechuv joyiga katta qoʻshin tashlab, jangga shay holda turishar ekan, gʻalaba qozonishlariga qattiq ishonishar edi. Negaki, qirgʻoqdagi qoyalarni ular egallashgan, daryo ham, har ikkala qirgʻoq ham kaftdagidek aniq koʻzga tashlanib turar, qoyatoshlarga parchinlanganday navkarlar kamoni jangga shaylangan edi. Kamon yoyini tortib yuborishsa, undan uchgan oʻq narigi tomondan oʻtishga jahd qilgan har qanday jonzodni jahannamga joʻnatishi muqarrarligi koʻrinib turgani uchun, fors navkarlari tevarak-atrofga nopisand nazar tashlagancha jang boshlanishini betoqat kutishardi.

Ammo ular Iskandarning birinchi boʻlib jang boshlashiga koʻp ham ishonishmasdi. Makedon sarkardalari desiy oyida hech qachon urush boshlamasliklarini, bu odatga qattiq amal qilishlarini ular yaxshi bilishardi.

Iskandarning shiddatini bu qadim odat ham toʻsa olmadi.

U, desiyni artemisiy deb atay qoldi va jangchilarni oʻzi bilan birga olgʻa boshladi. U, hech ikkilanmay, ming chogʻli suvoriyni daryodan kechib oʻtishga undab, oʻzi birinchi boʻlib suvga ot soldi. Qoyadagi navkarlarga jon bitdi, ular yov suvoriylari ustiga oʻq yomgʻirini yogʻdira boshlashdi. Iskandar va uning suvoriylari shunday tahlikali vaziyatda ham eson-omon sohilga chiqib olishdi.

Sohilda ularni kechuvdagidan ham battarroq xavf-xatar kutib turardi. Makedon qoʻshini ustiga fors suvoriylari shiddat bilan yopirildi.

Dubulgʻasidagi ikki dona katta-katta va oppoq patlar Iskandarni boshqalardan ajratib turardi. Qalqoni ham boshqalarnikiga oʻxshamasdi. Mana shu belgilar sabab, forslar Iskandarni tanib qolishdi va u tomon suqilib kela boshlashdi.

Qilichlarning qasur-qusuri, kamon oʻqlarining vizillab uchishi, nayzalarning sinishi, joni uzilayotib egardan uchib tushgan askarlar, suvoriysiz qochib borayotgan otlar — jami-jami toʻplanib, dahshatli manzara kasb etgan edi.

Iskandarning qoʻlidan otining jilovi chiqib ketayozdi. Unga otilgan nayza egnidagi zirhni teshib oʻtib, qalqitib yuborgandi. Baxtiga, nayza boʻrtma burchakka tegib, badaniga jarohat yetkazmadi.

Iskandarga shu lahzaning oʻzida ikki fors lashkarboshisi Resak va Spitridat tashlanishdi — ular zirhga qadalgan nayzani koʻrib, bundan buyogʻi oson koʻchishiga, Iskandarni qiyinchiliksiz tinchitib, jangga nuqta qoʻyib qoʻya qolishga ishonishgan edi.

Iskandar Spitridatga chap berib, nayzasi bilan Resakka hamla qildi. Nayza Resakning zirhiga tegib sindi. Iskandar darhol qilichini yalangʻochladi. Shu payt Spitridat olishayotganlarning biqin tarafiga kelib otini toʻxtatdi. U egardan koʻtarilib Iskandarga shamshir urdi. Shamshir dubulgʻa uchini va patlardan birini kesib oʻtdi.

Spitridat Iskandar boshi uzra yana shamshir koʻtardi.

Shu lahzada yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, Spitridatning qarshisida Qora Klit paydo boʻldi. Qora Klit nayzasini shiddat va kuch bilan Spitridatning koʻkragiga botirdi. Pahlavonning shamshir koʻtargan qoʻli havoda muallaq qoldi.

Iskandarning muqarrar ravishda yopilayotgan tarix kitobini Qora Klit qaytadan boshlab berdi. Yolgʻiz qolgan Resakni Iskandarning qilichi yiqitdi.

Iskandarning suvoriylari olatasir jangni davom ettirishayotgan bir paytda uning piyodalari ham kechuvdan oʻtib kelishga muvaffaq boʻlishdi.

Shiddatli janglar forslarni esankiratib qoʻydi. Ular qochishga tushdi.

Ana shu daqiqalardan Iskandarning yulduzli onlari boshlandi. Zabt etilgan oʻlkalarda Iskandar haqida turli-tuman afsonalar, rivoyatlar toʻqishdi. Qirib tashlangan xalqlarning qolgan-qutganlari ham bundan chetda qolmadi — uni salkam xudo darajasiga chiqarib qoʻyishlariga oz qoldi.

Doroni tamomila magʻlub etgach, Iskandar oʻttiz ming nafar navqiron forslardan saralangan qoʻshin tuzdi. Oʻnboshilar, yuzboshilar, tumanboshilar, lashkarboshilar ham ularning oʻzlaridan tayinlandi.

Ular Iskandarga Doroga qanday munosabatda boʻlgan boʻlishsa, undan-da ortiqroq mulozamatda boʻlishdi. Doro serhashamlikni jonu dildan yaxshi koʻrar, qolaversa, ajdodlaridan ham shu odatlar meros boʻlib, qondan qonga oʻtib kelgani bois boshqacha boʻlishi mumkinligini tasavvur ham etolmasdi. Uning huzuriga kirmoqchi boʻlgan eng magʻrur fuqarosi ham saroy ostonasiga qadam qoʻyishi bilanoq yetti bukilib yoinki emaklab taxt poyigacha yetib kelar, shohning avval oyogʻini, keyin qoʻlini ixlos bilan oʻpar, shundan soʻnggina bosh koʻtarmagan holda uch qadam ortga chekinib arzu dodini yetkazar edi. Bu arzu hol ham ochiq-oydin aytilmas, ming turli pardalar bilan oʻralgan, ming xil boʻyoqlarda boʻyalgan, imkoni va iloji boricha, fahm-farosati va aqli yetganicha taxt ustidagining koʻnglini xushnud qilishga, uning kayfiyatini buzmaslikka qaratilgan boʻlar edi. Shu sababli, rost bilan yolgʻonning, soflik bilan razolatning, adolat bilan adolatsizlikning farqiga borib boʻlmasdi.

Iskandarning qiziquvchanligimi yoinki har bir inson zotiga xos maylmi, ishqilib, nimadir ustun kelib, asta-sekin magʻlub xalq urf-odatlariga koʻnika boshladi. Bora-bora, Iskandar boʻlmaganimda Diogen boʻlishni xohlardim, degan buyuk shoh ham yangicha munosabatlardagi nimalardir oʻziga xush yoqayotganini bilib-bilmay qoldi va bunday narsalarga e’tibor bermay qoʻydi. Nima boʻpti? Har bir xalqning oʻziga xos urf-odatlari, an’analari boʻladi, ularni qadrlash kerak, yoʻqsa, xalqlar oʻzligini, oʻz qiyofasini yoʻqotib qoʻyishi mumkin.

Nimaiki boʻlmasin, oʻshanda xalqlarning tabiatidan kelib chiqib, bir shaxs qiyofasida ikki qarama-qarshi fe’lu atvordagi hukmdorlarning belgilari mujassamlashdi va ular bir-birlari bilan kurasha boshladi.

Yangi yollanganlarning shoh qarorgohiga yetti bukilgancha tez-tez kirib-chiqishayotgani yunonlarning tobora gʻazabini keltirar, ular buni sezib-bilib turishsa-da, oʻzlarini payqamaslikka olishardi.

Iskandar endi makedoniyaliklarga ham saroyga gʻoʻdayib kirib ketavermay, shoh izzatini joyiga qoʻyishni oʻrganish kerakligiga sha’ma qila boshladi.

Qora Klit bir gal xuddi shu xususda Iskandar bilan bahslashib qoldi va ilgarigidagi kabi oʻz fikrlarini boʻyab-bejab oʻtirmay, shartta-shartta aytib tashladi.
— Parfiyada egningga forscha liboslarni ilganingda jasoratlaring hurmatiga hech kim hech narsa demagandi, — dedi Qora Klit oʻziga xos qizgʻinlik va qat’iylik bilan. — Lekin, yunonlar gʻururini yerga urib, ulardan olchoq qullarning munosabatini oʻzingga talab etma. Erkin fuqaro hech qachon boʻyin egmaydi. Gʻururini toptamaydi. Shuni esla va bilib qoʻy, bunday qilish olijanoblik emas, gʻirt yaramaslikdir.
— Balki, sen qoʻrqoqlikni olijanoblik demoqchidirsan? — dedi Iskandar Qora Klitni pastga urmoqchi boʻlib.

Qora Klit oʻrnidan sapchib turdi-da:
— Ey, xudolar bandasi, — deb xitob qildi. — Spitridat shamshiri boʻyningni uzishga tayyor turganida seni shu qoʻrqoqligim saqlab qoldi. Sen boʻlsang, bugun ularning ta’zimigayu qoʻl-oyogʻingni oʻpishiga mahliyo boʻlib oʻtiribsan. Ular olchoqlarcha yaltoqlanish evaziga shon-shuhrat orttirmoqchi boʻlib, kechagina Doroning tovonini yalab turishgandi, bugun sening qarshingda ta’zim qilishga ilhaq turishibdi. Ammo men oʻz podshohlarining oldiga kirish uchun forslardan ruxsat olishga va ular kabi yetti bukilishga majbur boʻlayotgan makedoniyaliklarni koʻrmay oʻlib ketganlarni baxtiyor makedonlar hisoblayman. Sen yigʻin va bazmlaringda fikrini ochiq aytishga oʻrgangan ozod odamlarni emas, oʻzining belbogʻi va oq xitoniga sajda qiladigan qullarni taklif qilaver.

Qora Klitning bu soʻzlari Iskandarning gʻazabini qoʻzgʻadi. U xanjarini izlay boshladi. Tanqoʻriqchi Aristofan Iskandarning xanjarini yashirib qoʻygan edi.

Iskandar oʻzini tinchlantirishga urinayotganlarning itarib surib, oʻrnidan sapchib turdi-da, xos qoʻriqchilarni chaqirib, karnaychiga qarorgohni oyoqqa turgʻizishni buyurdi.

Iskandarning bu qadar gʻazabga mingani Qora Klitni zarracha choʻchitmadi. U hamon erkinlik va ozodlik qadri uchun u bilan birga yurganini, forsliklarning qullarcha yaltoqlanishlariga koʻnikish ajdodlarining sha’n-shavkatiga haqorat ekanini, bordi-yu yer xabar yetkazsa, avlodlarining bu qadar past ketishlaridan ular goʻrda tik turishlarini gapirar edi.

Qora Klitni tashqariga itarib chiqarishdi.

Ammo u boshqa eshikdan kirib:
— Ellinlarning shunday bir yomon odati bor... — deya Evripiddan misol keltirib, soʻzlay boshlashi bilan Iskandar yonida turgan tanqoʻriqchining nayzasini shitob-la olib unga qarata uloqtirdi.

Nayza eshik pardasini bir chekkaga surib, endigina ichkariga kirgan Qora Klitning qoq koʻkragini teshib oʻtdi.

Qora Klit gursillab quladi.

Qarorgohni sovuq sukunat qopladi.

Hamma qotib qolgan, fikrlashga-da, soʻzlashga-da birov botina olmas edi.

Iskandar sapchib oʻrnidan turdi.

U yovvoyi oʻkirik bilan Qora Klit tomon otildi.

Qora Klitning koʻkragidagi nayzani zarb bilan sugʻurib olib oʻzining tomogʻiga tiqmoqchi boʻldi. Sergak turgan tanqoʻriqchilar kuch bilan uning qoʻlidan nayzani tortib olishdi. Sudragancha xobxonasiga olib kirib ketishdi.

Oʻlim chogʻida ham jangga tashlanayotganidagi kabi magʻrur qiyofasi abadiyatga muhrlangan Qora Klitning ruhi qarorgoh uzra charx urib yurarkan, ichkari xobxonadan Iskandarning ojizona ingrayotgani eshitilib turar edi.

U Qora Klitning bashorat kabi aytgan soʻzlarini eslardi.

Bizni faqat shoh oldida oʻz gʻururini yerga urib izzat-ikrom koʻrsatish, qullarcha yaltoqlanishdek odatlargina sharmandalik sari yetaklaydi, der edi u.

Ayni damda bundan ortiq sharmandalik yoʻq edi: oʻzini muqarrar oʻlimdan asrab qolgan doʻstining koʻksiga Iskandar nayza sanchgan edi.