OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShoyim Boʻtayev
Asar nomiQora tuman (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shoyim Boʻtayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora tuman (hikoya)
Shoyim Boʻtayev

Subhi kozibda qoʻnalgʻa-multajolarini tark etib bemavrid maskan-tumanli togʻ sari yoʻl olishgan besh nafar otliq — guruhning boshida qovogidan qor yogʻib Xolboʻta borardi. Yalang tovoni bilan axlat bosib olgandek benihoya tirriqlangan, ichiga chiroq yoqsa yorimasdi. Buning boisi, yaqinginada lak-lak sherdil yigitlari bilan suronu vahima solib, yurt soʻrab yurganligi-yu, bugun xoʻjasinikidan quvilgan sanqi itdek yarim tunda ot ixtiyorini oʻziga qoʻygancha betayin-bemavrid yoʻlga tushganligi ham emas. Yoʻq, u mundayin darbadarlikdan ham achchiqroq xoru zorlikning ta’mini tatigan, shundayam oldinda mayoqday miltillab turguvchi shu’laga — umidga ishongan edi.

Hozir koʻzlari qizarib-shishgan, betinim oʻylayotganidan peshonasi gʻijimlanib-tirishib ketgan, koʻrayotgan narsasi — Qora, qop-qora tuman omad undan yuz oʻgirganidan nishon berardi.

Qora tuman...

Saidmurod, qoʻrboshining bevaqt yoʻlga chiqqaniga ichi kuyib, alamdan tutab kelayotgan ponsod, royishsiz soʻz boshlaganda Xolboʻta ana shunday kayfiyatda edi:
— Bek, boʻriga oʻxshab tentib yurganimizdan koʻra oʻsha lakotning jonini jahannamga yoʻllamoq darkor edi...

Xolboʻtaning koʻz oʻngidagi tuman yanada quyuqlashdi. Qayrilib qaramadi. U koʻnglida yaratganga munojot-muroqaba qilib taniga kuchu quvvat, koʻziga ravshan nur berib, diliga toʻgri yoʻlga solguvchi va eltuvchi tuygʻu solmaganiga oʻksinib borardi. Olis-olis manzillarda ilgangan umid shu’lasi aslida sarob u oʻzicha intilgan, jangu jadal qilgan ozodlik qanchadan-qancha begunoh qonlarni qurbonlikka oldi, maqsadu muddaosini adashtirib-ayqashtirib barini zulmoniy, zulmat tumanlik izdihomi ichra nest-nobut qildi.

Xolboʻtaning qayrilyb qaramaganligiyu oʻz oʻy-xayollariga gʻarq boʻlib ketayotganligi ponsodga nopisandlikdek tuyuldi, ichidan qirindi oʻtib oʻylardi: «Tugab boryapti-yu, dimogʻu firogʻiga oʻlaymi? Kuni bitgan — Oʻzi ham sezib turibdi chogʻi, faqatgina uning qoni evaziga qizillarning ehtiromiga sazovor boʻlish mumkin. Busiz, u meni ham, boshqalarni ham oʻzi ketayotgan jahannamga eltadi. Anavu valakisalang toʻrt yigit buni tushunmaydi-yu, qoʻrboshining soyasiga hamon ilgarigidek namoz oʻqishadi».

... Ular bir-ikki soat oldin bu kech tunashni moʻljallab borishgan Xayit badalning uyida Zakir lakot ham toʻrt-besh kishi bilan oʻtirgan edi. Xolboʻta yigitlari bilan kirib borganda u nimalarnidir valdirar, boshqalar et yeyishayotgan edi. Gapi ogʻzida qoldi, rangi pagʻa boʻlib ketdi. Xolboʻtayam ostonadan oʻtgani yoʻq, Zokir lakotiing jovdirayotgan qoʻy koʻzlariga qattiq tikildi, bir soʻz ham aytmadi, lakot bu qarashga chidolmay bosh egdi.
— Eha kuna hamtovoqlarimiz-ku! — Saidmurod shunday deyishi bilanoq Xolboʻta keskin oʻgirildi. Ponsodning allaqachon Zokir lakotga moʻljallangan toʻpponchasining uchini yuqori koʻtarib yubordi, oʻq shipga tegdi, taxmon ustidan shuvillab tuproq toʻkildi, koʻrpachalar ustida izzatu ikromda oʻtirgan soqol-muylovli mehmonning ichi tuproqqa toʻlsayam qimir etmadi.

Xolboʻta toʻpponchani Saidmurodning belidagi gʻilofga qayta joyladi.
— Esiz... — Gʻoʻldiradi Saidmurod.

Xolboʻta uning oʻqqa achinayotganligini angladi, tishining orasidan «chirt» etkazib tupuraatgandek:
— Sadqai sar, — dedi.

U ponsodning toʻpponchani gʻilofdan sas-sabarsiz su-gʻurib olganligini sezdi-yu, uning koʻzlarida shu choq shax-tidan qaytgani bois qoʻrboshiga nisbatan norozilik koʻl-kalari paydo boʻlganini anglolmay qoldi.

Xolboʻta Zokir lakotga bir muddat soʻzsiz tikilib turdi. Lakot shoxkosasidan chiqayozgan koʻzlarini betinim uyon-buyoniga olib qochar, soʻzlolmasdi. Ogʻzida nos bor edi.

Gilamning bir chetini koʻtarib tupurishga hayiqayotgandi, tashqariga chiqay desa...

Ogʻzida toʻlib borayotgan tupugini asta-sekin yutib, rangi oqargandan-oqarib, peshonasi terchilab oʻtiraverdi...
— Iching oʻtib ketdimi?— kesatdi uning nos chekib olganligidan bexabar Saidmurod.

O’tirganlar kulishni ham, kulmaslikni ham bilmay Xolboʻtaga qarashdi-yu, darrov boshlarini egishdi — qoʻrboshi xomush edi.
— Endi kim tomonidasan? — Saidmurodning alami bosilmasdi. — Biz keldik, bizga oʻtib qoʻya qolmaysanmi? Kizillar kelsa, ularga oʻtasan, darvozangning tepasiga bayroqlarini tikib qoʻyasan...

... Hayit badal oʻz qoʻnoqlarining bunday bemavrid kelib kolishlarini sira kutmagandi, nafsilarini aytganda ular allaqachonlardan buyon suvga tushganday gumsiyo boʻlib ketishgandi-da! U ichiga oʻt tushganday hovlida tipirchilab-potirlab yurar, oʻzini panaroqqa olishga urinar, aksiga olgandek hadeb koʻzga tashlanib qolaverardi. Oxiri qaznoqqa kirib yashirinib oʻtirishga majbur boʻldi. Sichqonlar oʻynab yurgan taqir yerga oʻtirarkan, qizillarga moyil koʻringan odamlarni ayni bugun chaqirganiga, oʻzini ham shularga xayrihoh koʻrsatib qoʻyishga uringaniga afsuslanar, oʻzini-oʻzi changitib soʻkardi.

Xolboʻta yigitlari bilan qishloqqa tushdimi, Hayit badalnikiga kelardi. Uy egasi bilan koʻp ham osh-qatiq boʻlib oʻtirmasa-da, negadir shu yerni xushlardi, oʻz uyidek emin-erkin, yayrab dam olardi... Hayit badal bundan faxrlanardi — kimsan Xolboʻtaning naq oʻzi... Qudratli toʻdaning sharti ketib parti qolishini, oʻshanda oʻziga qiyin boʻlishini oʻylab oʻtirarmidi shunday damlarda.

Hayit badal boshini changallab oʻtirarkan, birdan koʻzlari charaqlab, fikri yorishdi. Eha, munday oʻylab qarasa, u chaqirgan odamlarning bari lakot, soqolli-soqolsiz, oriq-semiz, katta-kichik lakotlar — birortasining ham tayini yoʻq, kimning qoʻli uzun kelsa, oʻshaning tarafida...

Ancha fursat oʻtib eshikka chiqishga chogʻlangan Hayit badal yana qaytib taqir yerga oʻtirdi: peshonasi shoʻr ekan, bunday bahonalar bilan bosmachilarni aldab boʻlarmidi? Ramak onlarida turishsada, ular kimning qandayligini anglab yetishgan. Koʻr xassasini bir marta yoʻqotadi. Hayit badaligi boshi guvilladi, kattarib ketayotgandek tuyuldi. Bosmachilar hovlisini tark etishganda ham shu angiz tong otguncha oʻtirdi...

... Turkiston tizma togʻlarining qorli choʻqqilari koʻzga chalinib qoldi. Tuman tarqab, odam bir-birini besh-oʻn qadam narida taniydigan hadga yetdi.

Xolboʻta esa hamon oʻsha holatda, atrof-tumonotda ne xodisa, ne oʻzgarish — unga zarracha aloqasizdek, boshini quyi egib borardi...

Olis-olislarda chorlayotgandek tuyulgan umid shu’lasi aslida ortda qolgan ekan. U ham chillak oʻynab, qoʻy boqardi. Kichkina tepalikka yuzlab qora-qura bolalar chikishardi. Subhi kozibdan beri ketyapti, ketyapti subhi sodiq hadga yetdi — ketyapti, ketyapti tong otadi — ketaveradi, ketaveradi — zaminning chek-chegarasi yoʻqdek. . Aslida bu yerlar Turkiston tizma toglarining etaklari, xolos... U Iskandar Zulqarnayn toʻgʻrisida yoshligida eshitgan rivoyatni esladi.

Iskandar oʻlayotib, onasiga, sogʻinsangiz qabrim tepasiga borib, uch marta Iskandar deb chaqirsangiz, chiqaman, degan ekan.

Uni dafn etishibdi. Uch kun oʻtgach, sogʻinib oʻgʻlining qabri tepasiga boribdi, chaqiribdi:
— Iskandar!

Sas yoʻq.

Yana chaqiribdi:
— Iskanda-ar?

Sado yoʻq! Kuyib-kuyib chorlabdi ona:
— Iskandar!!!

Hech kim chiqmabdi.

Sogʻinchdan yuragi soʻzon ona, yoʻllari qora boʻlgan ona sochlari qirovga aylangan ona toʻrtinchi marta, umid bilan, oʻgʻlining laqabini ham qoʻshib chaqiribdi:
— Iskandar Zulqarnayn!

Iskandar Zulqarnayn qabrdan chiqib kelibdi. Ona uni suyubdi, bolam debdi, otingni aytib bir marta chaqirdim chiqmading, debdi ikki marta otingni aytib zorlandim, chiqmading, debdi uch marta otingni aytib oh chekdim, chiqmading, debdi. Umid uzib, oxirgi marta, laqabingni ham qoʻshib chaqirganimdagina huzurimda paydo boʻlding, uch marta chaqirganimda eshitmay qoldingmi, debdi.

Eshitdim ona, debdi Iskandar Zulqarnayn, yer ostida men kabi Iskandarlarning minglabi yotgan ekan, avvalgi: uch marta chaqirganingda qay birimiz ekan, deb hayron boʻluvdik, laqabimni qoʻshib chaqirganingda sening kelganingni bilib, chiqdim, debdi...

... Qora, qop-qora tuman... Qop-qora, qora tuman...
— Bek, — dedi Saidmurod ponsod yigitlardan ancha ilgarilab ketib, ikkalasi yolgʻiz qolishganda, — hali tarqamagan alamangizlikni chuqurlashtirishga koʻnglida behad istak tuyub. — Sizga aytish nooʻrin bir gap koʻksimni oʻrtayotir...

Xolboʻta jilovni sal tortib qoʻydi. Hirqvroq tovush-da:
— Aytish nooʻrin boʻlsa aytma, Saidmurod! — deb qoʻya-qyuldi.
— Yoʻq, bek, — Saidmurod shosha-pisha gapni ulagan boʻlsa-da, ovozidagi qat’iyatni yoʻqotmadi. — Aytmasam, mandan domantir boʻlarsiz, deb qoʻrqaman.
— Gapir...
— Hovlingizga Zokir lakot tushib yurganmish... Koʻksini oʻq teshib oʻtgandek Xolboʻta ot ustida qalqib ketdi... Osmon chir aylandi koʻz oʻngida, togʻlar koʻksiii tilib yuborgan xanjarga aylandi... Koʻzlari, hoziroq, hoziroq... ortga qaytish, ortga qaytish... nainki qaytish, dovulday uyiga kirib borib ayolining sochidan otning dumiga bogʻlab chiqish ishtiyoqida yondi. Hayriyat, koʻzlarini batamom gʻazab alangasi egallab olmay, ponsodga qaradiyu, bariga tushundi... Saidmurodning nigohida tantanavor, oʻz soʻzining nishonga borib tekkanidan masrurlik ifodasi oshkor jilvalanib oʻynardi... Ana shu ifoda Xolboʻtani oʻzini bosib olishga undadi. O’sha-oʻsha xirqiroq tovushida:
— Sanu manda endi xotin, bola-chaqa nima qilsin, ponsod, — dedi, — hatto boʻrilar ham qaylardadir sanqib, yemishlik topgach, iniga qaytadi. Biz oʻz yerimizga sigʻindiligimizni aytmay, qaylardagi yurimsak mish-mishlarni koʻtarib yuribsan...

Xolboʻtaning bu mantigi Saidmurodning alamini chandon orttirsa orttirdiki, aslo kamaytirmadi. «Ado boʻlgan odam! — Tishlarini gʻijirlatib koʻnglidan oʻtkazdi. — Endi bu hech narsaga yaramaydi. Uning oʻligigina meni kechirishlari uchun kerak, xolos!»

Yoʻlda davom etishdi.

Xolboʻtaning yuragi hamon toriqqandan-toriqib borardi. Yoʻqsillar nazdida u adashgan, oʻzi kambagʻaldan chiqqanu yelkasiga tegadigan munavvar quyosh shu’lalarini koʻrolmagan - basir, soʻqir kim uchun, nima uchun kurashayotganligini oʻzi ham bilmaydi, nimayam boʻlardi, bir kunmas bir kun itdek, itdan ham battar oʻlib ketadi. Boylar nazdida, qazisan, qartasan — asli naslingga tortasan ularning ishonchlarini oqlolmadi. Uni kim qanday, qilib yoʻldan urdi? Ozgina ximo bilan yuragida otilishga chogʻlangan poʻrtananing koʻmilib yotgan koʻzini topdi? Sen musulmon bandasidan, oʻz yeringni, oʻz elingni kofirlar qoʻliga oʻtkazib tinch oʻtirasan degan kim? Bilmaydi, eslolmaydi — guyo vahima oʻz-oʻzidan yuragini ilkis zabt etdi qoʻydi. Kufr irqu millatda, rangu tusda deb qachon miyasiga quyishdi? Axir, bu illat oʻz millatidan boʻlgan lakotlarning koʻnglida ham irkit boylab yotibdi-ku? Balki, kufrga qarshi kurashmoqqa bel bogʻlagan qoʻrboshining oʻzida ham bu mash’um illat mavjuddir?!

Qora, qop-qora tuman... Qop-qora, qora tuman...

Oq nayzasi lojuvard osmonga sanchilib turgan qoyaning ostiga yetib kelishdi. Otlarni koʻm-koʻk barra oʻtlar oʻsib yotgan raqbada yaydoq qoldirishdi.

Ancha olisda, qoya etaklarida yoyilib, oʻtlab yurgan qoʻylar jimitdekkina kurinar, choʻpon qiyqiriqlarining aks-sadosi damo-dam zoʻr-bazoʻr quloqqa chalinardi.

Xolboʻta mogʻorlaganday qora xarsang tosh ustida qovoq uyub oʻtirardi. «Yigitlarga qanday javob berib yuborsam ekan, — Oʻylardi u. — Mayli, boshlari oqqan tomonga ketishsin. Toʻrttalasi — Samad ham, Komil ham, Mannop ham, Hamid ham togʻni ursa talqon kiladigan baquvvat yigitlar. Uqqa uchgan, kochib ketgan, xoinlik qilgan, hatto bir biriniyam otib qoʻygan toʻdaning qolgan-qutgani. Sadoqatlarini soʻnggi lahzalargacha namoyish etmoqchi boʻlayotganliklari yuz-koʻzlaridan ayon. Ayniqsa, Hamid... Xatti-harakatlarida jazmu jazava mujassam. Labi ustini endigina irilar qoplagan bu yigit yuragida qanday darslar oqib yotibdikin?.. »

Xolboʻta bu yigitlarni har birining hayoti uchun qaygʻurar, ayni damda, oʻzim ana shu choʻponchalik boʻlib, aytganlarini yugurib-elib bajo qilardim, odamlarning yuzini koʻrmay ana shu togʻu toshlarda yuraverardim, yuraverardim, deb oʻylardi... Sal oʻtmay bu xuddi bolalikdagi kabi xomxayol ekanligini fikr qilib ingrab yuborayozdi...
— Bek, xayolga toldingiz? — Saidmutrod ariqning narigi tomonida, otlar oʻtlab yurgan raqbada tik turgacha Xolboʻtaga oʻqdek nigoh qadab soʻz qotdi.
— Toʻgʻri aytding Saidmurod, xayolga toldim, — boshini koʻtarmay, xomush javob qaytardi Xolboʻta. — Hammamiz oʻz yoʻlimizga ketib, tarqasak, yaxshi boʻlardi, deb oʻylayapman... Yoʻqsa, izimizdan baribir ta’qib qilishaveradi...

Saidmurod bildirmay qoʻlini toʻpponchaga uzatdi. — Buni barvaqtroq oʻylash kerak edi, bek, — dedi gʻazabdan koʻkarib. — Bizni tarqatib yuborib, oʻzing qizillarga borib sotilmoqchimisan, — birdan sensirashga oʻtdi. — Yoʻq, anoyini topibsan. Hali Zokir lakotni otib tashlashga qoʻymaganingning boisiniyam endi tushundim. Ular seni saqlab qolishadi, keyin bizni bitta-bitta tutib berasan. Niyatinga yetolmaysan, bek!

Xolboʻta boshini koʻtarganda Saidmurod oʻq uzdi. Qoʻrboshining rangi paga boʻlib ketdi. Narigi tomondagi raqbada choʻzilib yotishgan Komil bilan Hamid sapchib turib ketishdi va darrov nima gap-soʻzni fahmlab, Saidmurodga tashlanishdi. Saidmurod ikkinchi oʻqni otishga ulgurolmadi, qoʻlini orqaga qayirib, toʻpponchani tortib olishdi. Shundayam ponsod past tushmas, yigitlarni boloxonador qilib soʻkardi.

Xolboʻta qonga boʻyalgan chap kiftini ushlagancha oʻsha-oʻsha holatda oʻtirgan koʻyi:
— Qoʻyvoringlar, — deb farmon berdi. — Toʻpponchasini qaytib beringlar.
— Begim... — qichqirdi Hamid.
— Xolboʻta bitta gapiradi, — dedi qoʻrboshi oqsoch choʻqqilarga termulib, soʻngra toʻrtovlonga qarata soʻzlay boshladi.
— Sizlar azamatsizlar, — dedi. — Hamma topshirigʻimni bekamu koʻst bajargansizlar. Endi faqat bir oʻtinchim. bor. Bu hammasidan muhim. O’lganimdan soʻng tanimni xor etmasinlar, har kimlarning qoʻliga tushmasin. Anavular, — u Saidmurodni bosh irgab koʻrsatdi, — foydalanib qolishmasin. O’lgan odam topshiriq berolmapdi, shu bois tiriklar kuchli, shu bois oʻtinib turibman sizlarga...

Xolboʻta qiblaga yuzlandi.

Munojot-muroqaba...

Soʻng mogorlanganday qora xarsang tosh ustiga qanday oʻtirgan boʻlsa shu angiz oʻtirdi — Ponsod, — dedi oʻz joyidan qimirlamay turgan Saidmurodga. — Bugun koʻz oldimni negadir qora tuman bosib kelaverdi. Koʻngil sezar ekan-da. Mana endi, ancha tiniqlashgandekman... Hamma biladi — hatto ana shu togʻu toshlar, bulutlar ham biladi, san manim eng yakin kishim eding. Eng yaqin kishi... Kora tuman boisini endi angladim...

Ayt, oʻz ishonganing xiyonat qilsa tiriklikning, kurashmoqning zarra qimmati bormi? Agar shunday xol roʻy bergudek boʻlsa, shuning oʻzi oʻlim emasmi? Sen menga oʻq uzmayoq oʻldirding, bugun. Erkak odam bir marta dunyoga keladi. Bir marta oʻladi. Men oʻldim. Meni xiyonat oʻldirdi. Saidmurod ponsodga teginmanglar, — dedi yigitlarga. Kayga ketsa ketsin. Sizlar bilan birga boʻlmasin. Sizlar mening oʻtinchimni ado etinglar. Endi boshlagan ishingni oxiriga yetkaz, Saidmurod. Ot, yaxshiroq nishonga ol. Ketma-ket oʻq uz. Toʻpponcha otishni oʻzim oʻrgatganman-ku senga. Qoʻling titramasin. Aytdim-ku, senga qoʻl tegizishmaydi, deb... Boshing oqqan tomonga ketaverasan, dedimku...

Saidmurodning a’zoi badani, oyoqlari qalt-qalt titrar, peshonasidan sharros ter quyilar, haligi gazabu jazmu jazavasidan asar ham qolmagandi. U qoʻrboshining oldida oʻzini ojiz-notavon his etmoqdaydi — bu tuygʻu ilkis qaerdan yopirilib keldi, oʻziyam hayronu lol. Soniyalar burun Xolboʻtaning zanjalishday tuyulgan qiyofasi butun qudrati-yu, eakovati bilan koʻz oʻngida yana ustivorlashgan edi. Toʻpponchasini maysalar ichra uloqtirgisi, qoya kabi xarsangda qimirlamay oʻtirgan Xolboʻta qarshisiga tiz choʻkkisi keldi — xayhot, vaqt oʻtgan, shunday qilgudek boʻlsa, Xolboʻta uning oʻzidan voz kechishi, otib tashlashi, loshini quzgʻunlarga yem qilishi turgan gap edi. Qalbini qora xayol chulgʻagan lahzalarni qanchalik soʻkmasin-qargʻamasin, befoyda edi.

Ponsod yana bir necha daqiqa shu holda tursa irodasi tugab sharmandai sharmisor boʻlishiga koʻzi yetdi, sukutdagi qoʻrboshining gavdasini gʻira-shira koʻrib, nishonga oldi...

Xolboʻta hamon qimir etmasdi. Ketma-ket uzilgan ikki-uch oʻq koʻksini teshib oʻtdi. Qoʻrboshi gandiraklab ketdi... Koʻzi osmonga tushdi. Uvada bulutchalar, quyoshning koʻk toqidagi bir tutam nuri aralash-quralash gir-gir aylandi, aylandi, aylandi... Choʻqqilar yer bilan bitta boʻldi, kunfayakun boʻldi, yer kanoralari-yu, sarhadlari ayqash-uyqash qorishib, ostin-ustunlashib chashmi nogironiga jamlanib keldi tugadi. Xarsang yoniga guppa quladi.

Saidmurod burila solib qocha boshladi. Ortiga sarosar qaray-qaray rangi boʻzdek oqarib, oyoqlari bir-biriga chalishib, yiqilib, yana turib, yana yiqilib-turib qochardi u nafasini bir oz rostlagach, oti raqbada qolib ketganligini esladi, ortga qaytmoqchi boʻldi-yu, qoʻl siltab yana ketaverdi... U uzoqqa ketmadi. Koʻzdan pana joyga yashirinib yigitlarning bundan keyin nima qilishlarini kuzatib turdi qani, qaerga koʻmisharkin?

Hamid xurjundan dastasi kalta bel chiqardi. Toʻrttala yigit buloq boʻyida qabr qazishdi, oradan bir soatlar oʻtar-oʻtmas ular bu ishni qoyilmaqom qilib bajarib boʻlishdi. Xolboʻtaning usti-boshini yechib olib murdani yuvishdi, sallasini kafan qilishdi. Barcha rasm-rusumlarini joyiga qoʻyib dafn etishgach, nari ketishdi...

Saidmurodning koʻngli tinchib, qishloqqa yoʻl oldi...

Ertasi kuni tong saharda u qoʻli bogʻloqlik holda oldinda kelar, uning ortidan otishga shay toʻpponchasini mahkam ushlab olgan kepkali kishi, orqaroqda ikki otliq, eng orqada yelqada ketmon bilan doʻppi kiygan ikki yosh yigit kelishardi. Ular bir-birlariga soʻz qotishmas, kepkali kishi damodam atrof-javoniga olazarak nazar tashlab qoʻyar. Saidmurodning soʻziga — Xolboʻtaning tuproq ostida yotganligiga ishonmayotganligi yuz-koʻzlaridan ayon edi.

Yura-yura buloq boʻyidagi qabrga yetib kelishdi, qabrning tuprogi ancha qotib qolgan, marhumning haqiqatdan ham kecha dafn etilganligidan nishon berardi.
— Shumi? — soʻradi kepkali kishi Saidmuroddan.
— Shu, — ponsod bosh tebratdi.
— Kabrni ochinglar, — buyurdi kepkali kishi. Yigitlar bunga qoʻllari bormay, istamayroq turishardi.
— Sizlarga nima boʻldi, charchadilaringizmi? — soʻradi kepkali kishi.
— Shuni ochib oʻtirmaylik, — soʻzlashga jur’at etdi yigitlardan biri. — Hosiyati yoʻq. Birimizmas-birimizga kasri uradi, biror falokatni boshlaydi...
— Mana bu aldayotgan boʻlsa-chi?— Ikkilandi kepkali kishi Saidmurodga ishora qilib.

Yigitlar yelka qisishdi.
— Ochamiz! — Qat’iy xulosaga keldi kepkali kishi. — Bugun biz uning ponsodining gapiga ishonib oʻldiga chiqarsak, kuch yigʻib yana bosh koʻtarib qolsa-chi? Mayli, bir koʻraylik, keyin yana koʻmib qoʻyaveramiz.

Qabr tuprogʻiga birinchi boʻlib oʻzi ketmon urdi. Otliqlar va yigitlarning, hatto Saidmurodning ham rangi boʻzday oqarib ketdi. Ish ancha qizigach, ular koʻnikishdi, bir-birlarining qoʻlidan ketmonni olib, chekkaga botmon-botmon tuproq uloqtiraverishdi.

Saidmurodgina miq etmay ularning ishini kuzatib, kecha Xolboʻta oʻtirgan mogʻorlanganday qora xarsang tosh yonida tik turardi.

Ular ancha vaqt qabrdan tuproq chiqarib tashlash bilan mashgʻul boʻlishdi. Saidmurodning nazarida esa bu ishning hech chek-chegarasi koʻrinmayotgandek, yigitlar imillagandan imillayotgandek boʻlib tuyulardi.

Oxiri murdani tortib chiqarib chuqur labiga chalqancha yotqizishdi.

Saidmurodning koʻzlari shoxkosasidan chiqib ketayozdi marhumning usti-boshi egnida edi, ha-a, Xolboʻtaning oʻq ilma-teshik qilib tashlagan choponi... uchi qayrilma etigi... Unga tuzukroq nazar solib, tizzalaridan butunlay mador ketdi, yuragi ortga tortdi, negadir qusgusi keldi— Xolboʻtaga mutlaqo oʻxshamaydigan soqolli otbosh kishining peshonasini naq oʻrtasidagi oʻq oʻrni — Oʻrachadan sizib chiqqan qon koʻzlarini, yuzidagi chuqur ajinlarni toʻldirib, qotgandi.

Saidmurodning ichagi ogziga keltanday oʻxchiy boshladi, quv-quv yoʻtaldi.
— Shumi? — soʻradi kepkali kishi ham qandaydir istehzo bilan, holbuki, u Xolboʻtani yaxshi tanirdi.
— Shu-u... shu-u... — Saidmurod adoi tamom boʻlib, beixtiyor muzxona oʻrtasida turganday qalt-qalt titray boshladi. U shoʻrlik, sadoqatli yigitlar tun chogi qabrni ochishib, Xolboʻtaning loshini olib ketishtanini, uning oʻrniga boshqa bir kishining jonini dorilbaqoga joʻnatib, koʻmishganini tasavvur ham qilolmasdi. Koʻzlariga ishonmasdan qarardi yoʻq, bu haqiqatdan ham Xolboʻta emas, koʻpincha shu yaqin-atrofda qoʻy boqib yuruvchi choʻpoi Sunnat aka edi. Ha-a, oʻshaning oʻzginasi edi!

Shu payt kutilmagan holat yuz berdi. Ulikning yaqinrogida turgan, hali qabrga ketmon urishga botinmagan yigit ilkis losh yoniga choʻkka tushdi. Shosha-pisha uning qoʻllarini koʻtarib, koʻzlariga yaqinroq keltirdi, oʻz choponining bari bilan marhumning yuzida qotib qolgan qonni arta boshladi. Xatti-harakatlari telbayona edi. Konni butkul artib boʻlmay «togʻajon», dedi-yu, oʻzini oʻlikning ustiga tashladi... Oʻkrab-oʻkrab yigʻlay boshladi.

Boshini gurs-gurs yerga urdi, yonida turganlar zoʻr-bazoʻr koʻtarib olishmaganda, kim bilsin, oqibati nima boʻlardi... Yigit oʻzini ushlab turganlarning qoʻlidan yulqinib chiqdi, yovvoyi shiddat, vajohat bilan Saidmurod ponsodga otildi. Eng avval uning soqolidan bir tutam yulib oldi, soʻnt koʻziga chang soldi. Besh odam quturgandan-quturib borayotgan yigitni bu safar osonlikcha boʻysindirisholmadi.
— Togʻamni topib ber, gazanda! — derdi u. — Topib ber! Senga nima yomonlik qilgandi? Topib ber deyma-an, onangni...

Yigitning kuyunishlari hammaning yuragini dalva-dalva qilib yubordi. Boshliq koʻz yoshlarini kepkasiga artardi... Otliqlardan biri egasiz qolgan suruvni qidirib ketdi...
— Xolmurod, murdani egarga koʻndalang yotqizib, oʻzing orqaga oʻtirib ol, — buyurdi kepkali kishi shu yerda qolgap otliqqa. — Uni qishloqqa eltib odamday koʻmaylik... Kelganlar yana ortga qaytishdi.

Eng oldinda qoʻli orqasiga bogʻlangan, boshi koʻksiga tushib ketgan Saidmurod ponsod borar, undan keyin qoʻlida toʻpponcha bilan kepkali kishi va egarga murdani koʻndalang yotqizib olgan otliq yuzma-yuz ketishardi. Jiyan esa eng orqada, yonidagi oʻrtogʻini koʻrib-koʻrmay, yurayotgan yoʻlini koʻrib-kurmay hamon xiqillab zoʻr-bazoʻr qadam tashlar, oʻzini toshlarga urib-urib, bu qoʻtir dunyoda yashagisi kelmasdi...

Togʻlardan enib tushgan tuman atrof-tumonoti qoplagan, kepkali kishi bechora yigitni koʻzdan qochirib qoʻymay degan xavotirda ortiga qarab-qarab qoʻyar, bir soʻz... birgina yupanch soʻz topishga ojiz edi...

Lojuvard, musaffo osmonga tigʻdek sanchilib turgan choʻqqining eng uchida subhi kozib chogʻi paydo boʻlgan qabrdan hech kimsa xabar topmay, u boʻz tepachaga aylandi, abadul-abad togʻlarga singishib ketdi va uning soʻylanmagan minglab-milyonlab afsonalarining biriga aylandi...