OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Qurbon
Asar nomiBoʻz bolasi oʻzbaki soʻzning
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Shukur Qurbon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 18-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻz bolasi oʻzbaki soʻzning
Shukur Qurbon

«Siz — Mahammat Yusupsiz-a...»

Aslida bu xotirani men emas, mening toʻgʻrimda Muhammad Yusuf yozganida toʻgʻriroq boʻlardi. Harholda undan besh-olti koʻylakni ortiqroq kiygandim. Shoirning oʻzi ham buni his qilib, menga andijoncha, ya’ni ismimni qoʻshmay, oʻz jigarlarimdek samimiyat bilan «aka», deb murojaat etardi. Shuning uchun boʻlsa kerak, uni oʻnlab shoir-ukalar qatorida inimdek oʻzimga yaqin olardim. Bir-birimizning unib-oʻsgan Baliqchi va Marhamatdagi hovlilarimizda boʻlganimiz, xeshlarimizni bilganimiz — bu aka-ukalikni yanada qalinlashtirgan edi. Bugina emas, taqdir taqozosi bilan Muhammadjonning ota tomonidan qadrdoni, ma’naviyat ishqibozi, zukko inson Begijon Rahmonovning tumanimizda hokimlik qilishi nafaqat mening, balki qishloqdoshlarim hayotida ham alohida yorqin iz qoldirdi. Begijon aka goh bayram bahona, goh boshqa sabablar bilan shoirni oilasi bilan birga, tez-tez chorlar, joylarda mushoiralar tashkil etar, aholini uning dilbar she’riyatidan bahramand qilar edi. Shu tariqa shoirning oʻn yillar mobaynida Baliqchiga, baliqchiliklar huzuriga tashrifi toʻxtamagan. Muhammadjon ularning toʻy-ma’rakalarida, turli davralarida ishtirok etgan, doʻstlar orttirgan. Va, ajab emaski, siz bilan biz bilgan asarlarining ba’zi gʻoyalari bizning qishloqda ham tugʻilgan.

Tumanimiz Chinobod qishlogʻi yaqinidagi «Uch sohil» dam olish maskanida shoir ikkimiz sayr qilib yurgan edik. Ittifoqo, oʻsha atrofda polizga suv qoʻyib yurgan bir nuroniy otaxon yoʻlimizni kesib chiqdi. Salomlashdik.
— Siz Mahammat Yusupsiz-a? — shoirga yuzlandi otaxon.
— Ha, Muhammadman, ota, — javob qildi shoir, hammamizga qadrdon va samimiy jilmayishi va biroz boʻgʻiq ovozi bilan.
— Tanidim, bolam, tanidim. Hu, oʻshagʻdan turib tanidim. Tilvizorda koʻrganman.

U Muhammadjonning qoʻllaridan tutib olgan, qoʻyib yuborgisi kelmay, mehnatda qotgan kaftlari bilan ularni silab siypardi.
— «Samarqandga borsam men agar»ni yozgan qoʻllaringiz shumi?
— Ha, shu, ota! Oʻqadimi sizga oʻsha ashulam?
— Oʻqadi, bolam. Ja yoqadi. Otalarning ichini yozgansiz, bolam. Shu ashulani yozgan qoʻlingizni koʻzimga suray... Ota, negadir koʻzlari yoshlanib, men tomonga ham qarab qoʻydi. Muhammadjon meni otaxonga tanishtirgan boʻldi:
— Ota, bu aka Shukur Qurbon boʻladilar, ustozim.
— Kim? Ustozingiz? Ha, yaxshi-yaxshi.

Men oʻngʻaysiz holatga tushdim.

Shoir Muhammad Yusufning xalqimiz orasida hurmati nechogʻlik balandligini ilk bor oʻshanda koʻrganman. Bu bejiz emas edi, albatta. Oʻsha chinobodlik otaxon tilga olgan «Samarqand» she’rida shoir kishilarimizning mustabid davrdagi iztirobini avj pardalarda jaranglatgandi:

Men dardimni kimga aytaman?

Ahvol mamlakatimizda oʻsha yillarda haqiqatan ham tang boʻlib, ayollar oʻziga oʻt qoʻyayotgan, erkaklar «Paxta ishi», «Oʻzbeklar ishi» qatagʻonlarini boshdan kechirayotgan pallalar edi. Shoir keyinchalik bu mavzuni davom ettirib, «Gdlyan Ivanov», «Fayzulla Bobo», «Bobur», «Sharof Rashidov» kabi asarlarini yaratib, oʻziga xos jasorat koʻrsatdi. Xususan, zamonaviy qoʻshiqchilikka «hayotbaxsh tahrir kiritib», uni quruq va hissiz asarlardan qaysidir ma’noda «tozaladi», «pokladi». Mustaqillik yillarida shoirning bu borada qilgan ishlari, ayniqsa, diqqatga sazovor: «Oʻzingdan qoʻymasin, xalqim», «Hech kimga bermaymiz seni», «Xalq boʻl, elim» singari qoʻshiqlari mamlakatimiz ma’naviy hayotida oʻziga xos voqea boʻldi.

Shoirning sevgi-muhabbat mavzuidagi she’rlarini butun Oʻzbekiston yoshlari yod oldi. Ularni qoʻshiq qilib, qanchadan-qancha hofizlar elga tanildi, Mustaqil Respublikamiz yuksak mukofot va unvonlari sohibi boʻlishdi.

Xosiyatli Tush

Talabalik davrida va undan keyin ham ijara uylarda yashab yurgan shoirga, nihoyat, Darxon mahallasidagi koʻp qavatli imoratlarning biridan uy beradigan boʻlishdi. Lekin hadeganda uy bitavermadi. Bitganidan keyin ham, hatto kaliti qoʻlga tegib ham, unga koʻchib oʻtish paysalga solinaverdi — uni uy boshqarmasi quruvchilardan qabul qilmay turib oldi. Qish kunlaridan birida doʻstlari davrasida she’rxonlik qilib qolib ketgan shoirning oyogʻi, negadir, oʻsha yoqqa tortdi. Ungacha ham Muhammadjon uyga kirgan, yaxshi niyat bilan eshikka yangi qulf oʻrnattirgan, koʻrpacha, yostiq keltirib qoʻygandi. Uy qorovuli koʻnglini topib, xonadonga kirib borgan. Benihoya toliqqanidanmi, xonalarning issiqligi xush yoqqanmi, haligi koʻrpachaga choʻzilib, uxlab qolgan. Va tongga yaqin tush koʻrgan. Tushida yam-yashil adir emish. Muhammadjon adirda oʻsha koʻrpachada uxlab yotganmish. Tepasida oppoq kiyingan bir nuroniy qariya boshini silab oʻltirganmish. Oʻnida chaqmoqday bir ot turganmish.
— Tur, bolam, manavi oq otga min, — deyarmish u. Bundan buyogʻi Muhammadjon koʻp oʻylab oʻltirmay, cholga minnatdorchilik bildirib, otga minganmish. Ot ajib bir salobat bilan yurib ketganmish.

Oʻsha kuni tong oldi shoirning «Samarqand» she’ri dunyoga kelgan.

Ismi Sharif

Oʻtgan asrning saksoninchi yillari boshida men «Sharq yulduzi» jurnali tahririyatining she’riyat boʻlimida xizmat qilardim. Tohir Malik adabiy kotib edilar. Koʻpchilik shoirlar qatori, Muhammadjonning she’rlaridan bir dasta tayyorlab, akaning hukmiga havola etdim. Tohir aka ularni oʻqib, iliq fikr bildirdilar. Keyin qoʻshimcha qildilar:
— Lekin imzosini oʻzgartiramiz.
— Imzosini? Nega? — hayron boʻldim.
— «Muhammad Yusupov» emas, «Muhammad Yusuf» imzosi ostida e’lon qilamiz bu she’rlarni.
— Qanday boʻlarkin?
— Yaxshi boʻladi: «Muhammad» ham, «Yusuf» ham Paygʻambarlarimizning ismlari. Ularga «ov» qoʻshimchasini qoʻshib, oʻzimizdan begonalashtirmaylik.

Men bu fikrga qoʻshildim.
— Shoir kelsa, roziligini oling. Boʻlmasa, menga uchrashsin, oʻzim tushuntirib qoʻyaman.

Shunday qilib, bu she’rlar «Muhammad Yusuf» imzosi ostida yoritildi va Oʻzuvchilar uyushmasi Poeziya sektsiyasi yillik muhokamasida ular yilning eng yaxshi she’rlari sifatida e’tirof etildi.

«Yoʻlimizdan It Chiqib Qoldi»

Iste’dod oʻz sohibidan ortiq darajada mashaqqat chekishni, kuch-quvvat sarflashni talab qiladi. Koʻpincha bu salomatlikni yoʻqotishga olib keladi. Aksar shoirlar buni odatdagi hol, deb biladi. Oʻzgan asarlariga mahliyo boʻlib, yoʻqolgan salomatligi haqida qaygʻurmaydilar ham. Muxlislar-chi, buni bilishmasa ham kerak. Ular oʻqiyotgan asarlarining saviyasi baland yoki pastligiga e’tibor berishadi, xolos. Binobarin, Muhammad Yusuf uzoq yillar davomida oshqozon-ichak xastaligi bilan ogʻrigan. Shoirning koʻpchilikni hayratga solayotgan oʻlim haqidagi satrlari ana shu xastalik azoblarining ifodasi boʻlsa ajabmas. Tabiiyki, shoir buni koʻpchilikdan sir tutgan. Unda gʻurur, oriyat juda baland edi.

Meni koʻngliga yaqin olgan shekilli, oshqozonimdan shikoyat qilganim sabab boʻlib, unda ham shunday xastalik borligi, ayni kunlarda juda qattiq xuruj qilayotganligi toʻgʻrisida gapirib qoldi. Shu kunlarda bir tabibnikiga qatnab, u bergan giyohlarni qaynatib-ichib, davolanib yurgandim. Natija yomon boʻlmayotganligi uchun, Muhammadjonga ham oʻsha tabibga uchrashishni maslahat berdim. Agar istasa, birga olib borishim mumkinligini aytdim. Shoir rozi boʻldi. Dam olish kunlaridan birida Qibray tumanidagi tabib huzuriga yoʻl oldik. Tabibning mahallasiga panjara bilan oʻralgan ikki kishi zoʻrgʻa sigʻadigan tor yoʻlakdan oʻtib borilar edi. Yoʻlakning oʻrtasiga hali yetmagan edik, qarshimizdan bizga qarab kelayotgan kattakon itga koʻzim tushdi. Oldinda borayotganim uchun yuragimni vahima bosdi: «Tishlab olsa-ya!..» Shunda shoir old tarafga oʻtdi. Bu menga qattiq ta’sir qildi, yana oldinga oʻtib, yoʻl boshladim. Yuzaki qaraganda, oddiy hol. Lekin... doʻst yoʻlidan it chiqqanda qalqon boʻlish... U shunday inson edi.

«Bilmaydilarki...»

Muhammad Yusufning yulduzli yillari edi. Esimda bor, Xalqlar doʻstligi saroyida shoirning ijodiy kechasi boʻlishi kerak edi. Uni Oʻzbekiston radiosiga yozish uchun bordik. Kechadan avval shoirni muxlislari davrasida uchratdim. Xalaqit bermay deb chetga chiqdim. Bir payt u yonimga keldi. Xursandlikdan sarmast. Shoir uchun aslida muhlis e’tiboridan koʻra yuksakroq boylik yoʻq, deb oʻyladim. Suhbat asnosida bir sirni ichiga sigʻdira olmadi. Muxlislari uni oʻrab olib, kastyumini yechishgan va oʻzlari mehr bilan tikib kelgan tumorlarini shoirning qoʻltiqlariga osishgan ekan — koʻz tegmasin, deb. Tumorga ishonish toʻgʻri emas. Lekin muxlislar muhabbatining ramzi sifatida shoir ularni yechib tashlagisi kelmadi. Muhammadjonning muxlislar qalbini shu qadar zabt etganiga qoyil qoldim. Toʻgʻrirogʻi, oʻsha kunlarda uning oʻzi ham bunga qoyil edi.
— Hayronman, aka, nega bunday qilishdi bular?
— Koʻz tegmasin, deyishgan-da! Yaxshi, Muhammadjon! Koʻz tegmasin, ishqilib, — dedim. — Bu kunga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Hali birorta shoirga muxlislarning oʻz muhabbatlarini bu tarzda izhor qilishganini, ochigʻi, men koʻrmagan edim.

Oradan bir necha kun oʻtib, shoirni nihoyatda tushkun holatda Gʻafur Gʻulom nomli nashriyotdan chiqaverishda uchratdim. Sababini soʻrab-surishtirdim. Ma’lum boʻlishicha, ba’zi bir qalamkash tengdoshlari Muhammad Yusuf she’rlarini «roʻzgʻorbop», «asarlarida yangilik yetishmaydi» — deb kamsitmoqchi boʻlganliklari qulogʻiga chalingan ekan. Demak, unga hasad qilishgan, deb oʻyladim. Taskin-yupanch kerak. Unga Xalqlar doʻstligidagi muxlislarning tumorlaridan soʻz ochdim. Qoʻshiqlarining xalqonaligi borasida gapirdim. Shuningdek, unga «tashlanayotganlar»ning oʻzlari siznikidaqa yozolmaganlari uchun, oʻzlaricha «she’riyatda bir yangilik axtarib qarib ketishi» xususida soʻzladim. Sergey Yesenin asarlaridan misollar keltirdim, uning bir doʻstiga oʻz davrida xuddi shunday xujumlar boʻlgan paytida yorilganini aytib berdim.
— Biz har xil «futurizm-puturizm»larni koʻrganmiz, — degan edi Yesenin. — Ular yozayotgan shakllarda ham juda yozganmiz. Endi oʻz yoʻlimizni topib oldik. Ular bilmaydilarki, biz toʻgʻri yoʻldamiz, biz hali hammasidan oʻtamiz!!! Toʻgʻrimi?

Muhammadjon mening soʻzlarimni tinglar ekan, asta-sekin kayfiyati koʻtarilib jilmaya boshladi. Keyin men Yesenin soʻzlarini keltirgan kitob nomini aytdi:
— «V mire Yesenina».
— Ha, barakalla! Siz ham ana shu soʻzlarni goh-goh takrorlab yuring. Aslida yozgan siz-ku siz ham har xil shakl va ohanglarda bir paytlar.
— Yozganman. Hammasinikidan zoʻr yozganman.
— Ha, barakalla! Endi boshqacha yozayapsiz!

Shunday qilib, bizlar xushchaqchaq kayfiyatda xayrlashdik. Keyin ham koʻp bor uchrashganimizda undan xol-ahvol soʻrarkanman, Muhammad jilmayib, oʻsha davomini ikkimiz biladigan «sehrli» soʻzni takrorlaydigan boʻldi:
— Bilmaydilarki...

«Meni Olib Ketishadi, Ana Undan Keyin...»

Tumanimizning Chinobod qishlogʻida bayram munosabati bilan mushoira tashkil etilib, unga baliqchilik qalamkash-shoirlar taklif qilingan edi. Oʻsha paytda onam ziyoratiga borib, oʻsha yerda yurganimdan xabar topganlar mushoirada mening ham qatnashishimni soʻrashdi. Rozi boʻldim. Kechga tomon bildikki, mushoirada hammamiz uchun sevimli shoir Muhammad Yusuf ham qatnashar ekan.

Salomlashishga ham ulgurmasimizdan unga soʻz berib yuborishdi. Ikki yuz chogʻlik kishi yigʻilgan choyxona guldiros qarsaklardan jaranglab ketdi. Men shoirini, she’riyatni olqishlagan baliqchiliklardan mamnun edim. Shu qarsaklar orasida Muhammad engashib, qulogʻimga shivirladi:
— Aka, xayrlasholmay qolmaylik.

Men unga savol nazari bilan qaradim. U yana engashib, gapiga izoh berdi:
— Tashqarida uch-toʻrtta moshin bilan marhamatlik doʻstlarim meni kutishayapti. Meni tezda olib ketishadi. Ana undan keyin, navbatni sizlarga berishadi. Ungacha, xafa boʻlmanglar, sizlarga navbat ham, qarsak ham tegmaydi. Hammasini qoldirib ketaman tezda.

Ham tumanimiz mehmoni, ham sevimli shoirimizning biroz gʻurur, biroz erkalik bilan aytilgan bu gaplari endi bilsam, oʻzining olamdan erta ketishiyu, bizning undan koʻra koʻproq yashashimizga ham ishora ekan.

Shoir 5-6 ta she’rni qarsillatib oʻqib, hech kim bilan xayrlashmay-netmay, yuksak olqishlar ostida davradan chiqib ketdi. Endi Muhammadsiz qolgan davrada she’r oʻqishni tasavvur qiling. Muhammad Yusufning muxlislariga she’r oʻqishni tasavvur qiling.

Muhammad Yusufga

Qara, koʻzlarimda koʻrinmaydi nam,
Garchand koʻngil toʻla oh ila faryod.
Shoirlarning erta ketishiga ham
Nahot, koʻniktirdi bizlarni hayot.
Shu soʻzlarni mendan kutganmiding, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Bir shoir olamga kelishi uchun,
Kim bilar necha bor toʻlgʻonar zamin?
Shoirlar bemahal oʻtsa olamdan,
Ayt, kimlar toʻldirar uning bir kamin?
Sening oʻrningni-chi, kim bosadi, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Vodiy shevasiga payvasta garchand,
Andijon lafzining oʻz ohangi bor.
Boburiy kalomning oddiyligidan
Teranlik barq urar asrlar bedor.
Sen ham shu hikmat, deb yonganmiding, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Taqvodor hamkenting Dukchi Eshonning
Ruhi qoʻllagandir seni ehtimol.
Nazmiy bir ishora ila el-yurtni
Oydin orzularga boshlading alhol.
Boshlab qoʻyib, oʻzing qayga ketding, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Boʻz bolasi boʻlib oʻzbaki soʻzning,
Biqiq davralardan ketdingmi badar?
Kitob oʻqimasdan qoʻygan ulusning
Qalbini qoʻshiq-la etmoq munavvar —
Maqsading edimi she’r yozishdan, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Lekin xonandalar... ba’zilari past,
She’ring undirguncha yaltoqlandi-ku!
Tanilib dedilar «Buyurtmamiz-la
She’r yozib boʻldi bu «Muhammad Yusuf»
Bilganmiding buni, kulganmiding, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?
Ular ham oʻtishar, gʻiybat gap-soʻz ham,
Lekin qoʻshiqlaring yangraydi abad.
Mustaqillik davri taronalari
Sening kuylaringsiz kemtikdir, albat.
Boqiy bu toleni oʻylabmiding, ayt,
Ey yuksak gʻazalga yarashiqli bayt?