OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomi«Jahonbop asar yoza olaman, lekin»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 48-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Jahonbop asar yoza olaman, lekin»
Shukur Xolmirzayev

Mazkur suhbatni qogʻozga tushirish uchun yozuv stoliga oʻtirar ekanman, xonaning naqadar yorugʻligi diqqatimni tortdi. Oʻgirilib tepaga — elektr lampaga qaradim: oʻtkir nurdan koʻzim qamashdi. Soʻngra qogʻozga yuzlandim. Negadir koʻz oldim qorongʻilashdi. Baribir nur manbaiga mehrim ortdi.

Qiziq, inson oʻzi yaratgan narsaga oʻxshaydi. Ba’zi elektr chiroqlar kichkina xonani bazoʻr yoritadi, peshonangni devorga urib olmaganingga shukr qilasan. Xuddi shu hajmdagi boshqa bir elektr chiroq esa hayhotday xonaning istagan burchagida ignaga ip oʻtkazishga imkon yaratib beradi. Sababi oddiy: voltining oz yoki koʻpligida, ya’ni quvvatida! Odamlar ham shunday-da! Birov oʻz savodini arang chiqaradi, yana birov ma’naviy olami bilan butun bir avlod uchun yoʻlchi yulduz boʻla oladi. Albatta, Xudo bergan qobiliyat bilan. Ammo bu qobiliyatni tarbiyalab, kamol toptirib borish koʻproq sohibga bogʻliq ekanligini inobatga olsak, unga ham oson emas. Zero, bir narsaga erishish uchun boshqa bir narsadan voz kechish kerak-ku, axir.

Shukur aka ham badiiy ijod uchun hayotning farogʻatli jilvalariga qoʻl siltagan fidoyilardan. Hatto sal boʻlmasa sogʻligidan ayrilib qolayozgan ekan. «Bir oʻlimdan qoldim» deydi oʻzi. Qayta-qayta jarrohi boʻlibdi. Koʻp qon yoʻqotibdi. Kasalxona atrofidagi dorixonalarda hamma dori boru bitta doimiy zarurat — insof yoʻqligidan noroziligini yashirmadi. «Ayrim dorilarni qizim 14-15 ming soʻmdan olibdi, bir koʻcha narida shu dori 7 ming soʻm ekan, zarildan oladi deb ikki barobar qimmat qilib qoʻyish yaxshimi?», — deydi kuyunib.

Alqissa, hol-ahvol, u-bu gaplar bilan Shukur akaning ancha vaqtini olishga toʻgʻri keldi. Qulay fursat kelgach, gazetamizga musohaba yozish niyatim borligini aytdim. Yaxshiyamki, yoʻq demadi.
— Shukur aka, Sizning adabiy muhit va undagi turli jarayonlar xususida oʻrtaga tashlagan fikr-mulohazalaringiz hamisha adabiy jamoatchilikni qiziqtirib kelgan. Bu borada bugungi qarashlaringiz, kuzatuvlaringiz qanday?
— Bir narsaga amin boʻldimki, ijodkorlarni ma’naviy-moddiy qoʻllab-quvatlash yanada jonlantirilishi lozim. Bugungi kunda adabiyotga sodiq qolayotgan yozuvchilar kam qolayotganining asl sabablaridan biri shunda. Mustaqillikni, uning gʻoyasini, insonlar taqdirini toʻlaqonli aks ettirish lozim. Buni jurnalistlar bajarishga harakat qilyapti. Lekin ular yuzaki yondoshadi. Jurnalist harqancha maqtagan odamni yozuvchiga berishsa, shu qadar qahramon hayotiga kirib ketadiki, uning koʻp qirralarini ochib tashlaydi. Natijada oʻsha maqtovning oʻttiz foizi ham qolmaydi.

Ijodkorga moddiy manfaat boʻlmasa bekor. Men sizga bir misol aytaman. Bir kuni nashriyotdan Erkin Malikov telefon qildi. Yangi avlod tarbiyasi uchun milliy oʻyinlar ham katta ahamiyatga ega. Sizning bir qator hikoyalaringizda milliy oʻyinlarimiz mohiyati ochib berilgan. Shularni jamlab bersangiz, biz shuni kitob qilib chiqaramiz, dedi. Bu gap menga ma’qul boʻldi. Men bir toʻplam qilib, olib bordim. Erkin qoʻlyozmamni koʻrib chiqib, mashinkalatib kelsangiz, dedi. Menda bunday imkoniyat yoʻq, agar oʻzlaringda mashinistkalar boʻlsa, koʻchirib berishsin, pulini beraman, dedim. «Xoʻp» deb qoʻlyozmamni koʻtarib chiqib ketdi-da birozdan soʻng qaytib kelib, toʻqqiz ming soʻm boʻlarkan, dedi. Endi toʻgʻrisini aytinglar, kitob boʻlib chiqsa, qancha gonorar berasizlar, dedim. Shartta kalkulyatorga solishdi-da, sakkiz ming soʻm beramiz, dedi...
— Mana, siz mohir hikoyanavissiz, nega hikoya yozmay qoʻydingiz?
— Bir-ikki yil ilgari bir oylar uydan chiqmay bitta hikoya yozdim, gazetada bosildi, qalam haqiga, ishonasizmi-yoʻqmi, bir kilogina goʻsht olib, uyga qaytdim. Mana shu darajada boʻlib qolgan, bir hikoyaning qadr-qimmati bir maqolaga tenglashib qolgan. Vaholanki, maqolani bir oʻtirishda yozish mumkin. Hikoya qancha mashaqqat bilan yoziladi!? Bu — bitta sababi.

Yana bir sababi, hayotiy munosabatlarning inson qismatidagi aksini tuygʻu orqali ifodalay olish mahoratining yetishmasligida. Hali aynib ketishlar, modern-podern deganlari ham shundan kelib chiqqan.
— Modernizmga umumiy nuqtai nazaringiz qanaqa?
— «Modern» degani asli «yangilik» degani. Shu oʻrinda bir gap. Bir paytlar Abdulla Qodiriyning Sotti Husayn bilan savol-javobi gazetada bosilgan. Shunda Sotti Husayn Qodiriyga asaringiz, xususan, «Oʻtkan kunlar» ancha joʻn deydi va isbotlab beradi. Qodiriy buni boʻyniga oladi va men bu asarni doston, ertak eshitib yurgan xalq uchun yozganman, ammo Ovroʻpa modern uslubida yozish ham qoʻlimdan keladi, deydi.
— Keyingi paytda hikoyachilik sezilarli darajada oqsayapti. Masalan, gazetamizning nasr boʻlimiga yaxshi hikoya juda kam keladi. Yozuvchilardan soʻrasak, yozolmayapman — hali u, hali bu sabab, deyishadi... Vaholanki, zamon qahramoni, degan masalalar bor. Siz shu jarayonga qanday qaraysiz?
— Oʻzim ham oʻshalarning bittasi sifatida aytishim mumkin. Bilaman, men yoza olaman. Men yozganimni «koʻtarolmaydi» adabiyotchilar.
— Qaysi ma’noda?
— Xuddi oʻsha qahramon obrazi masalasida. Misol uchun, sayrga chiqqan ayol: chiroyli kiyinib, xursand boʻlib, bolalari bilan tomosha qilib yurdi, qaytishda esa avtobusga puli qolmadi... Ana shu yerda ochiladi qahramon qiyofasi! Prezidentimiz aytayapti: rostini aytinglar, rostini yozinglar, deb. Hech kim yozmayapti rostini. Ilgariyam oʻzi hikoyanavislar juda kam edi, barmoq bilan sanarli darajada. «Hikoyani shunday bir joyda toʻxtatki, qahramonning oʻlimi ma’lum boʻlsin yoki yashab ketishi muqarrar boʻlsin» — deydi Jek London. Oʻsha nuqtani topa bilishimiz kerak.
— Sizningcha, qahramonni qaysi sohadan koʻproq izlash kerak?
— Zamon qahramoni — yaxshi masala. Zamon qahramoni haqida yozadigan yozuvchining oʻzi toʻgʻri, toʻliq boʻlishi kerak. Xemingueyning bir gapi bor: yaxshi odamdan yaxshi yozuvchi chiqadi, deydi u. Demak, yomon odamdan hech qachon yaxshi yozuvchi chiqmaydi. Shundayki, xayoli boʻlingan yozuvchida ijobiy qahramon boʻlmaydi. Kim oʻzgani oʻzichalik tasavvur etadi?! U oʻzini, oʻzligini asarida aks ettiradi. Oʻzi, oʻzligi chatoq boʻlgandan keyin ijobiy qahramon qaerdan paydo boʻlsin. Shukur akam maqtanayapti, demang. Men oʻzimni urib, tadqiq etib, «Dinozavr»dagi qahramonimni yaratganman.
— Qaysi yozuvchilarni shunday talablar bilan yoza olishi mumkin deb hisoblaysiz?
— Oʻtkir yaxshi yozishi mumkin, Murod yaxshi yozadi — Murod Muhammad Doʻst. Negadir yozmayapti. Erkin, juda bagʻri keng yozuvchi u. Keyin... Eslating boshqalarini...
— Nazar Eshonqul...
— Ha, Nazar Eshonqul yozishi mumkin. Lekin u modern-poderndan kechishi kerak. Bir gal aytdim unga: siz Yaponiyada tugʻilganmisiz, yo Yevropada? Qachon oʻzbekka qaytasiz... Ammo eng yaxshi yozuvchi shu — Nazar Eshonqul. Qoʻlidan har balo keladi. Istagan mavzuda yoza oladi. Asosim bor shunday deyishga. Chunki bir soʻzli, adabiyotga fidoyi bir inson u. Yana kim bor edi, eslating.
— Omon Muxtor.
— Omon Muxtorning ijodiy yoʻli menga koʻp tushunarli emas. U qayoqqa ketayotganini bilmayman. Yoki, masalan, Zohir A’lam. Yaxshi hikoyanavis. Keyingi vaqtda uyam yozmay qoʻydi. Balki yozayotgandir.
— Eshqobil Shukurning vaqtli matbuotda e’lon qilingan hikoyalari qiziqish bilan oʻqilyapti.
— Ha-a, Eshqobil Shukurning ayrim hikoyalari chiqyapti. Men Eshqobil bilan uchrashdim. Hikoyalaringni jamlab kel, bir oʻqib chiqay, deb soʻradim. Yoʻq, Shukur aka, men she’rga sigʻmagan paytda yozyapman, dedi. «Sizga olib kelmayman» deganday boʻldi. U juda vazmin, yaxshi yozadi. Zohir ham shunaqa: doʻstlariga vafodor, halol, millatsevar.

Shoyim yaxshi yozyapti. Rajabboy yozmayapti. Eng yomoni, Nortoʻxta Qilich yozmay qoʻydi.
— Shodiqul Hamroning «Qora kun» asari ancha shov-shuv boʻluvdi. Uning ijodini kuzatganmisiz?
— Shodiqul ham mana shu keyingi avlodning ishonarli vakillaridan. Juda yaxshi eslatdingiz-da Shodiqulni. U yurakdan qaynab-joʻshib yozadi, yaxshi yozuvchi.
— Yosh yozuvchi Ulugʻbek Hamdamning «Muvozanat» romani ancha tilga tushib qoldi.
— Bir joyda oʻqidim bir parchasini. U hali jilva qilayotgan suvga oʻxshaydi. Lekin samimiy yozibdi.
— Qoʻchqor Norqobil ham qissalar yozyapti izma-iz.
— Adabiyotda ham mol egasiga oʻxshaydi. Qoʻchqor tabiatan tezkor, ba’zan pala-partish. Shu jihatlar asarlarigayam koʻchgan. Oʻrta balandlikda yozadi. Men uning qissalarining ayrimlariga soʻz ham yozganman. Bir narsasi yoqmadi menga: bir qissa yozgandi, ixcham, ma’noligina. Shuni roman deb e’lon qilibdi keyin. U rostmana qissa edi. Romanning yuki yoʻq edi unda... Aytmoqchi, Andijon tomonda Jaloliddin degan yozuvchi yigit bor.
— Nabi Jaloliddinmi?
— Ha, oʻsha yigitning hikoyalari ancha ma’qul menga. Yana, Sotiboldi Rajabov degan yozuvchi bor. Yaxshi yozardi. Toshkentdan ketdiyu ijodi koʻrinmay qoldi.
— Mustaqillik tufayli sportimiz, san’atimiz jahon maydoniga chiqdi. Adabiyotimiz qachon dunyo bilan yuzlashadi?
— Dunyo adabiyotining mashhur asarlari bilan boʻylashadigan asarlarni koʻzda tutyapsiz, shekilli. Safarjon, masalan, dunyoga dongʻi ketgan, Nobel mukofotini olgan yozuvchilarning ham asarlarini bunday salmoqlab koʻrsangiz oʻn-oʻn beshta yaxshi hikoya chiqadi, xolos. Xemingueydan ham shuncha hikoya chiqadi. Shu ma’noda ishonch bilan ayta olamanki, jahonbop asar yoza olaman lekin... Dunyoga tatiydigan hikoyalar oʻzimizdan, deylik, Oʻtkir Hoshimovdan ham, Uchqun Nazarovdan ham, Murod Muhammad Doʻst va Erkin A’zamovlardan ham chiqadi. Hikoyachiligimizga ta’mal toshini qoʻygan Abdulla Qahhorning, lof boʻlsa ham, ellik foiz hikoyasi dunyoga mashhur hikoyalar bilan boʻylashadi.
— Demak, bizda faqat asliyatdan — oʻzbekchadan bevosita jahon tillariga tarjima sust, hatto yoʻq darajada. Toʻgʻrimi, asosiy sabab shu-da?
— Albatta. Bular chetga tarjima orqali chiqadi. Ilgari rus tili orqali chiqardi va tashvishlari koʻp boʻlardi. Deyarli har bir asarning tarjima jarayoniga xushomadgoʻylik aralashgan boʻlardi. Mana oʻzimdan qiyos: bitta asarimni Moskvada tarjima qilishmoqchi boʻlishdi. Soʻzma-soʻz tarjimasini yubordim. «Molodaya gvardiya» nashriyotidan Shivelev degan noshir Temur Poʻlatov bilan keldi.
— Bu voqea qachon boʻlgan?
— Shoʻro davrida. Keyin u asarim yozilgan joylarni koʻraman, dedi. Surxondaryoga bormoqchi boʻldik. Soʻng Temur uni qoʻrqitibdi, u yer togʻlardan iborat, ayiqlar, yirtqich hayvonlar koʻp, deb. Bormayman, dedi. Nima deyman. Boʻlmasa Xorazmga boraman, dedi. Xorazm butunlay boshqa iqlim, u yerda togʻ yoʻq, dedim. Mayli, olib bor meni, dedi. Zohir A’lam degan yozuvchi ukamiz bor, shu bilan Xorazmga bordik. U yerda Omon Matjonning otasining xudoyisi boʻlayotgan ekan, shunga kirib oʻtdik. Havo sovuq edi, eshik oldida yoshullilar chiroyli-chiroyli chopon kiyib turishgan ekan. Shivelev shundan olib ber, dedi. Surishtirsam, ikki ming soʻm turarkan, oʻsha paytda toʻrt mingga mashina berardi,menda buncha pul yoʻq, dedim. Xafa boʻldi, gaplashmay qoʻydi. Ertasiga mehmonxonada Temur menga bir roʻyxat tutqazdi. Qarasam yongʻoq, mayiz, pista va hokazo noz-ne’mat, hammasi oʻn kilodan yozilgan. Men hayron qoldim. Bu nimasi, dedim. Hamma shunaqa qiladi, dedi Temur. Birov turkman gilam, birov poʻstin — kim asarini tarjima qildirsa chekiga tusharkan. Men qilmayman buni, bor, ketaver, dedim. Shundan keyin asarlarim tarjimasiga qiziqmadim.

Bugungi kunda tarjima boʻlib chetga chiqayotgan asarlarimiz yoʻq emas. Xususan, turkchaga tarjima boʻlayapti. Bu tilda bir necha romanlar, hikoyalar toʻplamlari chiqdi. Ammo turkchadan nariga oʻtolmay turibdi. Bu ishlar qay tarzda amalga oshirilayapti, men bexabarman. Menimcha, bu ishga oʻzbek-turk doʻstlik jamiyati, Turkiya elchixonasidan hayrixoh odamlarning hissasi katta, deb oʻylayman. Ammo yana bir narsani bilaman. Ana shu dargohlarga yaqin boʻlgan yozuvchilarimiz bormi, shoirlarimiz bormi, «nimani tarjima qilaylik» deb soʻralsa, marhamat deb oʻzlarining oʻrtamiyona asarlarini ham ularning qoʻllariga tutqazishadi. Ey, birodar, oʻzbek adabiyotida mana bunday qissalar, hikoyalar bor, shularni tarjima qilinglar, bular oʻzbek adabiyotining qiyofasini koʻrsatadi, deydigan vallomat yoʻq.

Qiziq-da, bir zamonlar Gorkiyni akademiyaga a’zolikka olishmagandi. Chexov, Korolenko va boshqa yozuvchilar zaldan chiqib ketishgan ekan. Akademiyaga baykot e’lon qilishgan ekan. Ana shunday qadrlashgan adiblar bir-birini.
— Shukur aka, nima uchun kitoblar chiqarmay qoʻydingiz? Oʻn yillar boʻldi-yov, chamamda.
— Oʻn yetti yil boʻldi.
— Oʻn yetti yil?! Lekin baribir mashhur yozuvchi Shukur Xolmirzaev boʻlib yuribsiz. Qanday erishgansiz bunga?
— Shukrki, adabiyotga xiyonat qilmagan ekanman. Hamma gap shunda. Shu oʻrinda men sizni xursand qiladigan bir yangilikni aytishim mumkin. «Sharq» nashriyotida uch jildlik toʻplamim chiqyapti. Kelgusi hafta birinchi jild hikoyalar toʻplamimning «korrektura»si chiqadi. Xudo yarlaqagur Bobur qilyapti bu ishlarni. Ming rahmat shularga. «Dinozavr»niyam hech qaerga bermang, oʻzimiz bosamiz, deyapti. Rosa xursand boʻldim. Shunday qilib, kun «Sharq»dan chiqdi.
— Hozir qanday asar ustida ishlayapsiz?
— Faqat «Dinozavr» ustida. Oʻrtaga suqulib qolgan bir-ikkita asarlar ham bor. «Ot yili» degan bir hikoya yozyapman.
— «Guliston» jurnalida oʻqidik.
— Ha, «Guliston»da chiqyapti. Orada koʻch-koʻron bilan boʻlib, oxirgi yigirma besh varagʻi yoʻqolibdi.
— Jurnalda «davomi bor» deb e’lon qilingan-ku. Endi nima boʻladi?
— Bilmadim. Davomini qaytadan yozsammi... Yozsam qanday chiqarkan, tushunmay qoldim. Shu bir gʻov boʻlib turibdi-da. Ha, yana kichik-kichik toʻrt-beshta hikoya yozmoqchiman, mavzulari tayyor — oʻylab qoʻyibman. Hozircha shu.

Darvoqe, suhbatimiz soʻngida Shukur aka gazetamizga bitta yangi hikoya va’da qildi.

Suhbatdosh Safar Olloyor