OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifShukur Xolmirzayev
Asar nomi«Oʻzbekning soddasi» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Shukur Xolmirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Oʻzbekning soddasi» (hikoya)
Shukur Xolmirzayev

O’shanda sakkiz yoshlarda edim. Ikkinchi sinfda oʻqiyotgan boʻlsam ham zehnim oʻtkir ekanmi, savodim chiqib qolgan, ya’ni otam aytib tursa, men fakturasini yozib borardim. Otam rayon matlubot jamiyatida magazinchimi, bir nima boʻlib ishlar edi. U kishi shunday katta ishda tursalar ham, jussalari mendaqaning oʻntasiga teng kelsa ham, savoddari haligidaqa edi. Lekin otamni mahalla ahli hurmat qilar, u kishi bilan «Polvon bobo» deb soʻrashishar, bir qariyaning: «Bechora koʻp sodda, mard odam. O’zbekning soddasi shuyov», deganini ham eshitganman.

Biz yoz oqshomlari allapallagacha gurunglashib oʻtirardik. Otamning oshnalari kelganda, muk tushib, doston oʻqishar, navbat bilan doʻmbira chertishar, momom ham qozon boshidan jilmasdi. Esimda: biznikilar ayniqsa, «Alpomish» dostonini sevishar edi. Yusuf degan bir tanishimiz boʻlardi, uyga keldimi, loʻlabolishni oʻmroviga tortib, shu dostonni oʻqishga boshlar edi. Men jiddiy quloq solib oʻtirar, keyin uxlab qolganimni bilmas edim, ertalab supa pastidagi yogʻoch karavotda koʻrardim oʻzimni.

O’sha kecha uyimizda mehmon ham yoʻq edi. Otam ham qayoqqadir ketib, kelavermadi...

Men zerikib, karavotimga chiqib yotdim. Bir mahal uyqu aralash payqab qoldim: supada gʻoʻdir-gʻoʻdir gap boʻlyapti. Ayniqsa, enamning ovozi baland-baland chiqardi. Otam bosiq, lekin u ham ba’zan «E! E!» deb qoʻyardi, men shunda beixtiyor hushyor boʻlib ketdim. Otamning odatlari qiziq-da: meni hech vaqt «Toʻraboy, ke!» deb chaqirmaydi, shunchaki, «Toʻraboy!» deb qoʻya qoladi, demak, bu — beri ke, deganlari ham boʻladi. «Ulim!» deb qoʻyardilar, vassalom, men yugurib borishim kerak. Otam singillarimni ham «ulim» deb chaqirardi... U kishining «E!» deganini koʻp eshitganman. Dashtda bir sigirimizni choʻpon oʻziniki qilib, «boʻri yedi»ga chiqargan ekan. Shunda enam choʻpondan sigirimizni undirish haqida koʻp gapirgan. Otam: «E!E!» deb turib, qoʻl siltagan edi. Shundan keyin enam otamga gap kor qilmasligini bilib, choʻponni qargʻay-qargʻay tinchigan edi.
— E! — dedi otam birdan baqirib. — Shu pul bilan biri ikki boʻlarmidi, kampir?
— Siz shunday deysiz-da, hoy! — dedi enam. — Dashtdagi mol ham sanoqli qolgan, biz uni qaytib toʻlaymiz! O’ylaysizmi?
— Mol sizlarga, — deb toʻngʻilladi otam. — Men endi manglayda borini koʻraman, kampir! E, gapirma! — otam qizishib ketdi: — Nima qilay? Selpo raisi oʻgʻirlik qildi, savodim yoʻq, meni goʻl bilib, shuncha pulga tushirdi, yordam qilinglar, deb arzga boraymi? — E, men bu ishti qilolmayman! Insofi boʻlsa, oʻylab koʻradi, kampir! Olti bolam bor, koʻrib turibdi oʻzi. Nokaslik qilmas.
— O, shoʻr boshim, shoʻrgina boshim! — dedi enam kuyinib va idishlar taraqlab ketdi: — Siz arz qilmasangiz, men qilaman! Ertalab milisaga boraman, tekshirib koʻringlar, bu odam selpodan hech mahal muncha pul olgani yoʻq, fakturayam tuzgani yoʻq. Tuzgan boʻlsa, kopiyasi oʻzida boʻlardi-da!.. Bu odamni oʻsal qilib, oʻzlari padloʻk dakumit tuzgan, shuncha pulni buning boʻyniga urgan! Tekshirib koʻringlar. Buning pakturalarini oʻgʻlim yozib berardi, uniyam keltirib soʻroq qilinglar, deyman!

Otam jimidi. Men bu gaplarning ma’nosiga tushunmas edim. Biroq kimdir otamni aldagani, uning boshida xavf borligini sezdim. Biz bolalar tayyorga ayyor boʻlib oʻsar edik: oilada paydo boʻladigan qiyinchilik, kamchilikni ota-onamiz tuzatar, toʻldirar edi. Bizga oʻyin boʻlsa, yonboshlab yotib doston eshitish boʻlsa yoki pistaga pul boʻlsa boʻldi edi.

Men otamga faktura yozib berganlarimni eslab, ichimda xursand boʻlib, koʻrpaga oʻraldim. Salqin tushib qolgan edimi, toʻshakdan turishni xayolimga ham keltirmadim. Faqat boshimni koʻtarib, nima yeyishayotgan ekan deb qarardim. Qovurdoq oʻrtada boʻlsa, men ham dildirab, iljayib borar edim.

Otamning oxirgi soʻzi shu boʻldi:
— E, kampir, boshimni qotirma. Men aytdim aytgichimni unga. Nomard ekansan, uka. Mayli, shu oʻtirik puldi deb ket, lekin biring ikki boʻlmasin. Bir kuni seni bolalaring ham ota deb qolsin, dedim. Boʻldi shu gap, kampir. Yurakti boʻshatdim. Agar hayvon emas, odam naslidan boʻlsa, keladi u — ukkigʻar!

O’rtoqlarim bilan soʻkishib yurganlarimni esladim, otam: «O’zbekning gapi bir boʻladi», degich edi. Men yana, hammavaqt bir soʻzli boʻlishni oʻyladim. Soʻng nima uchundir shu tobda otamning tutgan yoʻlini toʻgʻri deb bildim va keyin uxlab qoldim.

Yopiray! Juda notinch boʻldi-da, bu kecha!

Yana uygʻonib ketdim: supada gʻoʻdir-gʻoʻdir gap-soʻzlar qulogʻimga yetmasidan qozonda jiz-biz boʻlayotgan goʻshtning hidi dimogʻimga yetdi. Hayron boʻlib, boshimni koʻtardim. Dashtdan otamning oshnalari kepti deb oʻylagan edim. Yoʻq, lampa yoritib turgan dasturxonning bir tomonida matlubot jamiyatining raisi choʻkka tushib oʻtirar, u otam bilan kulishar edi. Enam oʻchoq boshida.

Men bu odamni yaxshi tanir edim, qachon otamga ergashib uning omboriga borsam, shu kishini ham koʻrardim, u burchak-burchakda uyulib yotgan yongʻoq, olmaqoqi va olchaqoqilardan hovuchlab olib hidlar, soʻng sochib tashlab, kaftlarini bir-biriga urib qoqar, keta turib, menga qoshini uchirib qoʻyar edi. Lekin uyimizga hech kelmagan edi.

Qovurdoqning hididan uning hali yetilib pishmaganini sezdim. Uyda mehmon borida dasturxondan chetda tur, hadeb oʻrtaga qoʻl uzataverma, bir ishora qil, oʻzim beraman, xohlagan narsangni, der edi enam. Men oʻzimning uygʻoq ekanimni enamga qanday bildirsam deb oʻylab turgan edim, ular yana kulib yuborishdi. Shunda otamning oqshomgi kayfiyatini eslabg ishi oʻngidan kelgani — tutgan yoʻli toʻgʻri chiqqaniga ishondim va xursand boʻlib ketdim. Enamga tikilaman, harakatlaridan u kishining ham kayfi chogʻ ekani bilinib turibdi.

Lekin bari bir turishga jur’at etolmadim.
— Ha, Polvon aka, menga yomon ta’sir qildi gapingiz, — dedi rais. — Men shuncha yoshga kirib, bunday gapni eshitmagan edim. Yashirmayman, mard odamsiz, tushunasiz... Bunday ishlar avval ham boʻlgan. Lekin birovi ham oʻzimga havola qilib ketmagan edi. Odamga ta’sir qilar ekan, men ham odam bolasiman... Ana, faktura, dela! Yangamga bering, yoqib yuborsinlar. O’tgan ishga salovat, Polvon aka.

Men karavotdan sekin tushib, oʻchoq boshiga chopdim.
— Suv ichaman, suv — dedim enamga.
— Goʻsht-chi, yemaysanmi, bolam? — dedi enam.

Men tirjayib, choʻnqaydim. Shunda rais meni chaqirib, qoshini chimirdi. Men oʻrnimdan turib salom berdim.
— Berman ke, ulim, berman ke! — dedi otam.

Bunday vaqtda borishim kerak. Enam ham yelkamga qokdi. Otam yoniga oʻtqazib:
— Sher ulim! — dedi. — Uxlamadingmi?.. Endi goʻshtdan yeysizu kirib uxlaysiz. Xavotir olma, bolam! Mard odamning sadagʻasi ketsang arziydi. Mana, amaking ham mard chiqib qoldilar...

Ular kulishdi. Shunday qilib, bu notinch kecha oʻtdi.

Hozir men oʻsha kecha, oʻsha suhbatlardan yigirma besh yil beridaman. Ularni tushdagidek eslayman.

Men — endi oʻzgarib ketgan, savodim ham rostakamiga chiqib, «Alpomish»ni ham oʻzim oʻqiydigan, hamda otamning mardlik va arz qilish toʻgʻrisidagi aqidalariga allaqachon qoʻshilmay qolgan esam-da, bu keksayib qolgan otam — «oʻzbekning soddasi»ga havasim kelib ketdi.

1972